background
logotype

Sarvar To‘rayev. Qishning so‘nggi oqshomi (hikoya)

Fevral yolg‘ondakam qovog‘in uydi.
Qolgisi kelyapti, lekin iloj yo‘q.
Shodmonqul Salom

Azizim, oydin tunda tog‘ qoyasida qolib ketgan kishining tanidan qorning izg‘irinli sovuqlari o‘tiblar ketganida ko‘kdagi oyning yog‘dusiga isinganini ko‘rmagandirsiz-u, biroq hech tasavvur qilib ko‘rganmisiz...
 Kechasi sutdek yorug‘ edi o‘shanda. Vohaning u yoki bu jilg‘alaridan oqib borayotgan suv yo‘llari xuddi sut oqib borayotgandek taassurot qoldirardi kishida.
Bir zamonlar bu kengliklarda ot solgan biror fotihning qo‘shinidan ko‘tarilgan chang misoli qalin tuman ko‘tarilib borib, adirlar qurshovida bir muddat yastanib olgandi. Shu fursatlarda yo‘ldan adashishgan edi. Keyin tuman ko‘tarildi. Bir-biriga ulangan qirlar oralab, tizza bo‘yi qor kechib so‘qmoq yo‘lni chamalaganicha ketib borayotgan ot yo‘lidan adashgan edi. Ot ustidagi juvonning sovuqdan jonivorga qamchi urishga ham holi yo‘q edi. Otning ustiga tashlangan xurjunga ikki oyog‘ini tiqib olganicha, behol ketib borardi.
Qulog‘iga g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlar kela boshladi. U buni o‘layotgan bo‘lsam kerak, yoki jin-ajinadir -deb o‘yladi. Biroq ichki bir un uni ovoz solib, odamlarni yordamga chaqirishga undardi.
Ovoz soldi. Ne ajabki, javob keldi. Agar aks-sado bo‘lmasa...
Ayolning ko‘nglida umid chiroqlari lip etib yondi. Demak, u hali yashaydi.
Ayol keksalardan eshitgan, -jin chaqirsa, javob bersang og‘zing qiyshayib qoladi-degan gaplarga ham parvo qilmay ovoz soldi. Ne baxtki, zum o‘tmay uning qarshisidagi qirdan soylikka enib uch kishi paydo bo‘ldi.
Ularning holati, garchi tun bo‘lsada, oydinda g‘oyat achinarli ekanligi anglashilardi. Soqollarining o‘siqligi, uvadasi chiqib ketgan kiyim boshlari, ochlikdan sillasi qurib, jonsiz murdani eslatuvchi qiyofalari boshqa fursat bo‘lganida kunduzi ham kishini dahshatga solar, biroq bugun ayolga ular najot farishtalari misol yaxshi ko‘rinib ketgandi. Ular negadir otning tumshug‘i ostidagi uzangiga yopishishdi.
-Yo‘l bo‘lsin...-dedi biri.
- Urushga yana odam chaqiruv qog‘ozi kelibdi, olib qaytayotgandim... yo‘limdan adashdim...- sovuqdan shaqqillagancha javob berdi juvon.
-Raisning sendan bo‘lak tirik odami yo‘qmi? – degan g‘oyat tanish ovozdan juvon yalt etib so‘zlagan boshqa biroviga tikildi-da, bir muddat sukut qilib, dadillik bilan dedi:
-Erkaklar yo‘q, ularning o‘rnini ayollar bosishi kerakku.
- O‘chir ovozingni megajin!!!
Hammasi kutilmaganda ro‘y berdi. Kelganlar juvonni otning ustidan yerga uloqtirishdida, bir zumda ikkisi minib olib, uchinchisi esa uning ortidan yayov qanday paydo bo‘lishgan bo‘lsa, shunday g‘oyib bo‘lishdi.
Ayol bo‘zlaganicha qorda qoldirilgan etik izi bo‘ylab ularning ortidan chopib ketdi. Shu lahzalarda uni olib ketilgan oti emas, odamlarga yetish va ularning qo‘lida bo‘lsada xalok bo‘lsa ham mayli degandek tasavvur bilan oldinlardi. Ahyon-ahyonda ketib borayotgan talonchilar to‘dasining g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozi juvonga kuch berardi. Biroq endi u madad olib kelayotgan etik izlarini yo‘qotib qo‘ygan edi. Faqat qorli so‘qmoq yo‘lda, otning toyilib-toyilib borayotgan izlari bor edi. Demak, o‘g‘rilar uni adashtirmoqchi bo‘lishgan. Yoki ayolni ham tinchitish maqsadida ortidan tushgandir. Yoki ortidan kelayotganmikan- u shunday xayollanib to‘xtab, razm solib ortiga qaradi.
Daf’attan oyoqlari ortidagi qor surilib ketdi-yu, munkib tushdi va qor uyumi bilan birga pastga sho‘ng‘iy boshladi.
U bir uyonga, bir buyonga intilar, qo‘li bilan titkilab, pastga tushib ketmaslik uchun biror imkon qidirardi. Na biror daraxtning novdasi, shuvoq, na biror tutib qolgulik tosh topilmay qor uyumiga ko‘milar-ko‘milmas bo‘lib sirpanib keta boshladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, inson o‘z joniga qasd qilib ko‘p qavatli uydan yoki biror balandlikdan tashlab, oyog‘i yerdan uzilar ekan, uning xayoliga birinchi bor kelgan fikr
-O‘zi nega shunday qildim – degan o‘y bo‘larkan.
Ayol qir yoqasidagi so‘qmoq yo‘ldan soylikkacha enib tushib, biroz vaqt hushsiz yotdimi, yoki tezda qo‘l-oyog‘ini qimirlatib uni sog‘-omonligiga amin bo‘ldimi buni aniq eslolmasdi. Bilgani bor xayolotini, vujudini bir joyga to‘plaganicha oydinda qorayib turgan kamar tomonga emaklay boshladi.
Yirikkina, bahorda cho‘ponning otari yotadigan kamarning bir chetida cho‘ponlar turar joyi bo‘lib, barcha narsa yig‘ishtirib ketilgan, joyning shundoqqina qavatida loysuvoq bilan tayyorlangan o‘choq joylashgan edi.
Ayol surila-surila avvaliga qorayib turgan qamishlarni to‘shak deb titkilab ko‘rdi va so‘ngra qorayib turgan o‘choq tomonga yurib, uning ichiga kirdi-da, cho‘nqayib o‘tirib oldi.
Qandaydir qo‘rquvdanmi, shahddanmi, jasoratdanmi biroz unutilgan sovuq ayolni yana o‘z zabtiga ola boshladi. Kiyimiga yopishgan qorni qoqib tashladi. Oyog‘ini kulga chuqurroq botirdi. Tizzalarini quchganicha, boshini unga qo‘yib oldi-da, tanini isitish uchun -huhlay boshladi. Uning butun tanasi dirdirar, tishi-tishiga taqillagancha urilar edi.
 U o‘zini shu yerga o‘lishiga endigina ishona boshlagan edi. Dastavval xayoli o‘ziga bo‘ysunmay boshladi.
Qayerdandir go‘dak yig‘isi eshitila boshladi.
“-Mening go‘dagim yo‘qku! , ikki bolasi hozir hamsoyasining uyida issiqqina sandalga qo‘shni bolalar bilan “Qushimboshi” o‘ynashayotgandir. Qo‘shnining bolalari uning bolalariga sening otang “Dizertir”-deyishayotganmikan. Kichigi yana o‘zi tushunmasada, yomon gap ekanligini his qilib “ Mening dadam- Dizeti emas” deya o‘ksib-o‘ksib yig‘layotgandir.
Bu oqshom ayol talonchilar to‘dasi orasida urushga borishdan bosh tortib bir kechada qishloqdan yo‘qolib qolgan erini tanidi. O‘zini tezda yig‘ib olib sezdirmadi. Bu ayol bir zumda erkakka aylandi. Allaqachonlar o‘zini ruhan shunga tayyorlagan va pishgan ham edi. Farzandlarini ham ota-ham ona o‘rnida turib boqib, tarbiyalashni...kolxoz ishida ba’zi erkaklar qilolmaydigan yumushlarni va tashabbuskorliklarni o‘z bo‘yniga olgan, shuning uchun ham u xududda raisdan keyingi ikkinchi odamga aylanib ulgurgan edi.
Ayol otdan o‘zini otib, eriga –meni qutqar –deya yalinmadi. Qo‘llaridan tutib-uyga qaytaylik, bolalar ham, xalq ham sizni kechiradi, el koriga yarab yashaylik - ham demadi.
Er esa uni tanimadi. Hartugul ayolga shunday tuyuldi...
Go‘dakning yig‘isi endi yaqinroqdan , aniq-tiniq eshitila boshladi.
Biydek dashtda, buning ustiga tizza bo‘yi qorli, qirovli kunda go‘dakka nima bor...
-O‘layapman shekilli - deb o‘ylardi ayol.
Bolalarini esladi. Ular issiqqina sandalga oyoqchalarini tiqqancha o‘tirishar, kattasi yostiqni olib qo‘yib, keksa odamlardek yonboshlarkan, kichigi uni qizg‘onib yig‘iga o‘tdi. Kattasi unga qaytarib berarkan, bola yig‘idan tindi.
-Yig‘lamang – pichirladi ayol - Bu oti qolgan dunyo...Bu nobakor dunyo... sizlarni ko‘zlaringizdan sizib chiqqan bir tomchi ko‘zyoshga arzirmidi...?
Ayol hayot va o‘lim o‘rtasida arosatda turardi.
“Go‘dakning yig‘isi... eh bu...shoqollarning ovozi-ku....”
Shoqollar...unga tomon yaqinlashib kelayapti...”
Demak, hammasi tomom.
Ichki bir qo‘rquv uni ovozi yaqinlashib kelayotganligini bildirayotgan chiyabo‘rilar tomonga qarashga undardi.
Juvonning o‘z tizzalaridan boshini ko‘tarishiga majoli yo‘q edi.
Boshini ba’zo‘r ko‘tardi va bir vaqtlar quyosh porlagan bemajol ko‘zlarini yuqoriga qadadi. Shunda ham ko‘kda quyosh porlab turardi.
“- Quyosh...kun kelibdi... endi tirik qoladi!”
-Hozirgina chiqqanmi , bu quyoshki, taftsiz.
U ikki qo‘lini zo‘rg‘a qimirlatib, kaftlarini quyosh deb o‘ylayotgani, aslida oyga tutib, isinishni istardi.
Uning ongi hali to‘la muzlamagan edi.
“Axir bu oy-ku”
“Oy qaysi tomondan bosh ko‘tardi. Demak quyosh ham shu tomondan chiqib keladi.
-Faqat qachon?
-Tong otganda ...
-Tong qachon otadi?
U bilmaydi.
Qo‘llarini ko‘kka tutib turaversinmi...
U oyoqqa qalqdi.
Gandiraklaganicha oy chiqib kelgan tomonga qarab keta boshladi. U faqat quyoshga tezroq yetib borishni va eng avval qo‘llarini isitishni o‘ylardi.
“Men quyosh chiqib kelar tomonga qarab boraversam, u ham men tomon kelayotgan bo‘lsa issiq nurlarini taratib kelayotgan bo‘lsa...bir-birimizga tezroq yetib borarmiz - deb o‘ylardi. Shoqollar haqida esa o‘ylamay qo‘ygandi.
Ayol yiqilib tushar, o‘rnidan turar va yana keta boshlardi. Shu alfozda qorda ilonizi qadam izlarini qoldirib qirga chiqib bordi va uning ortiga oshib ketdi.
Ortidan esa qora ko‘lankalar unga izma-iz yurib, ko‘zdan yo‘qolishdi.
 
* * *

Juvon hushiga kelganida o‘z uyida, issiq sandalda rohatlanib yotar, uning ikki bolasi ham oyoqlarini ko‘rpa ostiga olganlaricha, nimanidir ustidan talashishardi.
Onalarini ko‘z ochganini ko‘rib, uning boshiga bir zumda parvona bo‘lishdi.
“-Men narigi dunyodaman-shekilli, unda bolalarim bu yerda nima qilishyapti!?”
-Onajon, sizga nima bo‘ldi...-so‘raydi kichik o‘g‘li undan yig‘lamsirab.
-Nima bo‘pti, o‘g‘lim?
-Sizni kimdir...
Kattasi esa tashqariga otilib chiqib ketdi-da, -Zulfiya xola onam ko‘zlarini ochdilar!-deya qo‘shni ayolni chaqirgani eshitildi.
Qo‘shga ayol halloslab yetib keladi.
-Hayriyat-e, qaytib keldingiz...- pichirlaydi u, - Nima bo‘ldi o‘zi. Sizni kimlardir yarim tunda uyingizga keltirib tashlashganida, muzlab, behush bo‘lib qolgandingiz... ikki kundirki tuzukroq o‘zingizga kelmaysiz...
Qo‘shni ayol nimalardir haqida gapirdi-da , uyiga chiqib ketdi.
Ayol eslay boshladi.
“Meni qaysi yaxshi odamlar ajalning og‘zidan qaytarib olib keldiykin” –deya eslashga ham urindi. Eslolmadi.
Ajablanganicha, onasi kasal bo‘lishini hech ham tasavvur etolmagan, o‘ziga tikilib turgan munchoqko‘z bolalariga ko‘zi tushib, biroz esankirab qoldi.
O‘rnidan shaxt bilan turib ketdi.
-Nega, yupun kiyinib yuribsiz?- deya koyidi va uy to‘ridagi sandiqni ochdi va qalin, po‘stinli kiyimlaru-junli paypoqlarni olib bolalarini birin-ketin kiyintira boshladi.
-Sovuq!-dedi u pichirlaganicha.
- Oyi, ko‘chaga chiqib, mehmonga boramizmi?- so‘radi biri.
-Nega endi?-so‘radi bolasidan.
- Qalin kiyindik-ku.
-Hech qayyoqqa bormaymiz!
Bolalar va eshikdan endi kirib kelgan qo‘shni xotin hayron bo‘lganicha undan ko‘z uzmay tikilib turishar, juvonning o‘zi ham qavat-qavat kiyim kiyganicha, yana sandalning ichiga oyog‘ini tiqqancha o‘tirar edi.
Tashqarida esa quyosh, qish quyoshi bo‘lsada qizdirar edi.
Ayolning bu kabi ko‘pchilik uchun tushunib bo‘lmas, kiyinishlariga bora-bora ko‘zlar ham ko‘nikdi.

* * *

Oradan chamasi ikki yillar o‘tib, urushni ana tugar, mana tugar –deb turishgan paytlarida, issiq, quyoshli kunlarining birida, egnida pidjak, to‘n va qalin patli po‘stin kiyib olgan, boshida qalin ro‘mol tang‘igan, oyog‘ida paytava o‘rab, kirza etik kiygan, qo‘lidagi qamchisi bilan etigini urib o‘tirgan, endi rais bo‘lgan bu ayolning oldiga pochtachi qariya tushkun, qo‘l qovushtirganicha keldi-da, xat tutqazdi.
-Kimga, ota!-so‘radi u.
Pochtachi ota berishga jur’at etolmagan, urushdan kelgan xatlarni uning o‘zi yetkazardi. Bu gal esa ota churq etmay jimgina bosh egib turaverdi.
Xat uning o‘ziga bo‘lib, erining urushda dushman o‘qiga uchib xalok bo‘lganligi haqidagi qoraxat edi.

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.