background
logotype

Sarvar To‘rayev. Turnalardan pastda, oy bilan teng (hikoya)

Sen-bog‘lar qo‘ynida qiynalgan shamol,
Senga yo‘l bermaydi shoxlar chalkashib...
Usmon Azim

Qorovultepalardan birin-ketin tutun ko‘kka o‘rlay boshladi.
So‘nggi kunlarda qo‘nim nimaligini bilmay, borgan sari yurtning janubiy sharqiy tomoni sari betinim chekinishda davom etayotgan kaltatoylar yana shaylab qo‘yilgan ko‘ch-ko‘ronini ot-ulovlarga ortib qo‘zg‘aldi.
Qarorgohdan bir zumda qora uylar yig‘ishtirib bo‘lingan esada, bu yerdagi eng katta o‘tov ismiyoq qizillarning qo‘rquviga sabab bo‘ladigan mohir qo‘rboshining qo‘nimgohi bo‘lib, uni hali buzishga kirishilmagan edi.
Sardor o‘z o‘tovida dushman bilan bo‘ladigan navbatdagi jangga shaylanarkan, doimgidek namat ostidagi bo‘yrani ko‘tarib, yerdan changallagancha bir siqim tuproq oldi-da, qo‘llarini unga obdon ishqadi.
U har gal dushman bilan beayov olishuvga kirishar ekan, shu odatini kanda qilmaydi.
-Bizning zuvalamiz shu tuproqdan qorilganmi, demakki shunga qaytamiz. Bunda hikmat ko‘p, birodar. Olgan bir siqim tuprog‘imda qancha ajdodlarimning tabarruk hoki yotibdi. Ular ham hoklari pok qolishini istaydi. Bobolarimning ko‘magi bilan shu darajaga yetdim, shu tuproqning egasi bo‘lgan xalq meni bosh qilib ko‘tardimi...qonim shu zaminga singunga qadar yovga qarshi jang qilaman - derdi u.
Yaqindan bilganlar, qo‘l ostidagilar unda faqat murosasozlik yo‘q, bu esa uning katta qusuri, yo‘qsa yurtdagi barcha alohida harakatlanayotgan katta- kichik qo‘rboshilarni bir maqsad yo‘lida birlashtirgulik va so‘ngsiz g‘alabalarga erishgulik qobiliyati bor deyishardi.
Yigitlardan biri qo‘rboshining o‘toviga otilib bosh suqdi-da, tusmollandi.
-Nima gap?
-Yigitlardan biri qo‘shindan ajralib qochib chiqib, dushman tomonga ketayapti.
-Nima...- Qo‘rboshi bu gapga ishonmay, tashqariga yo‘naldi. Chunki bu atroflarda uning sor yigitlarining botirligi, qo‘rboshisiga xiyonat qilmasligi va o‘zgaga sotilmasligi haqida afsonamonand gap-so‘zlar yurardi.
-Kim bo‘ldi, u it emgan?!
-Ko‘ch qo‘riqchilaridan ajralib qochdi.
-Otib tashlab, bahridan o‘ting bunday ko‘rnamakni...
To‘rt-besh chog‘li miltiq mili qochib borayotgan otliqni nishonga olib birgalikda o‘t ochdi hamki, qochqin oti bilan soylikdagi jilg‘aga nishab bo‘lib, panalab enib keta boshladi.
-Qamchinbek!–qichqirdi qo‘rboshi va zum o‘tmay uning qarshisiga eng abjir va doimo ishongan yigitlaridan biri paydo bo‘ldi.
- Qanday bo‘lmasin, anavi haromini huzurimga keltiring.
Qamchinbek va uning izidan yana ikki otliq dovul singari dovrug‘ solib, qochqinning iziga tushdi.
Sardor mardligi va sadoqatliligi bilan tanilgan o‘z qo‘shini orasidan bundaychikin sotqin chiqqaniga qattiq kuyinsa-da, ikkinchi bir tomondan o‘zining eng sodiq yigitlaridan birini dushman qo‘liga o‘tgan sarhadlarda tashlab ketayotganidan yonardi.
Avval qochqin so‘ngra uch yigit ham uni ta’qib etib, qir enib ko‘zdan yo‘qoldi hamki qo‘rboshi o‘zi uchun tayyorlab qo‘yilgan tulporga minmay ketganlar tomonga ziyraklik, alam va hadik bilan boqib turardi.
 Bu paytda u beliga qistirilgan hanjarini tilla dastasini emas, o‘tkir tig‘ qismini mahkam siqqanligidan hozirgina chang qo‘llarini endi qip qizil qon bo‘yayotganligini o‘zi ham sezmas holatga kelgandi.
-Bularning barchasi ilmsizlikdan...xudobexabarlikdan – uning sinchkov nigohi, mavhum xayoloti shundoqqina yonidagi cho‘qqisoqol, lo‘livash qiyofali domlaning fikridan so‘ng o‘nglandi.
Qo‘rboshi shaxd bilan keskin burilarkan,nima sababdandir, (garchi dinga nisbattan e’tiqodi butun bo‘lsada, ko‘pchilik din peshvolarini yomon ko‘rardi.) domlaga hanjar sanchganda atrof bu holni kutmaganligidan qalqib tushgandi. Faqat qo‘rboshining o‘zigina pinagini ham buzmay, hanjardagi qonini mullaning olachipor, hoshiyali, beqasam yaktagiga artib, qiniga joyladi-da, otiga shaxd bilan minib jo‘nadi.
Bu paytda esa bir-birini izma-iz ta’qib etib borayotgan otliqlar, bepoyon kengliklarda ko‘z ilg‘amas uzoqlikka singib ketayotgan edilar.
Qochqin garchi ot yo‘rttirishga usta bo‘lmasada, mingan oti anchagina chopqir chiqqandi.
Qamchinbek ikki yigitini uning ortidan quvishga buyurib, o‘zi panalab, soylikka tomon yenib ketdi. Bundan maqsadi esa, xoinni yo‘lini to‘sib chiqish edi.
Ko‘p o‘tmay u adashgan bo‘lib chiqdi. Manzilga yetib kelib qochqin otliqni kutib turarkan, olis adirlikdan osha ketayotgan qochqin va ikki yigitini ko‘rdi. Ular endi qishloq tomonga enib borishardi.
Qamchinbek ham otini ildamlatib haydab jo‘nadi.
Ular yo‘l olayotgan baland qoyalik ostidagi o‘sha do‘ppidekkina tog‘ qishlog‘ida qizillar qo‘nimgohi borligini bilgani uchun ham jon jahdi bilan ot yo‘rttirdi.
Pastda qishloq uylari shundoqqina yastanib, kaftdek ko‘ringanida u otini jilovini tortib, jilg‘alab, endi panalab ena boshladi.
Aholi manzilgohida odatiy kundalik hayot qaynar, u diqqat bilan atrofni kuzatib borarkan, qishloqda negadir og‘ir sukunat hukm surar, qaerdandir otlarning taqa-tuq ovozi qoyalarga urilib aks sadosi kelsada, uch otliq ko‘rinmasdi.
Birdan ketma ket o‘q ovozi varanglab ketdiyu, - Qizillar! degan chinqiriqdan so‘ng tor ko‘chadan o‘zi tomonga otda o‘qdek otilib kelayotgan yigitlaridan biriga ko‘zi tushdi.
- Qizillar!- deya qochgancha oldinga ot solarkan, Qamchinbek ham unga ergashdi.
- Davlatbek qani?
Shu payt ular tomonga otilgan o‘qlar chang ko‘chani changitib o‘tdi.
– Uni otishdi.
- Tirikdir.
- Yo‘q!
Ular zum o‘tmay qishloqni ortga qoldirib, uzoqlashib ketishdi. Hech kim ta’qib qilmayotganligini bilishsada, iz qoldirmaslik ilinjida aylanma yo‘llar bilan qishloqning boshqa bir chetida paydo bo‘lib, qishloqni kuzatib panalab yotishdi.
Ular qochqin yakka o‘zi yoki birov hamrohligida qizillarning asosiy qarorgohi tomon yana yo‘liga davom etishini bilishardi.
 Shom cho‘kdi.
Sutdek oydin tun edi.
Qamchinbek va uning yigitining sinchkov e’tibori yarim tunga yaqin bo‘lindi.
Qishloq tomondan otliq otida o‘rlab kelar edi. Qochqin sassiz yo‘l olarkan, ot esa suv qo‘ygandek jimjitlikda o‘zini pishqirashi bilan bildirib qo‘yardi.
 -Qamchinbek og‘a- yonida tizzabo‘yi o‘tda yonboshlagan yigiti unga gap soldi.- Bugun qishloqda Davlatbekni otganlar qizillar emasdi... keyin Davlatbekning bir akasi qizillar safiga kirib, o‘z ukasini o‘ldirishga qasam ichgan ham emish...
 - Ularni aldashgan, ular qattiq adashganlar!
 - Ba’zan biz kimga qarshi kurashayotganligimizni ham bilmay qolaman!?
 - Yurt ozodligi uchun kurashishga seni vijdon majburlagan. Men pristav yordamchisi, sen ovul noziri eding. Ikkimizni ham muhtojlik jangga boshlamagan. Vijdonga qul bo‘lmaslik bu yo‘lga boshlagan, inim.
 Onamizning oq suti, otamiz og‘zimizga tutgan halol luqmasi haqqi hur singlimizning sha’ni, bobolarimizning ori, farzandlarimizning erki uchun kurashmoq kerak.
O‘rtada biroz sukunat cho‘kib, hamrohi unga pichirladi.
- Manavi xoinni menga bering, o‘zim jazolay.
Qamchinbek indamadi.
 Otliq haqiqatdan ham qochqin bo‘lib chiqdi. Ikki qora sharpani sezgan ot hurkib ketib, o‘zini pastga urarkan, uzun arqonni ikki burchidan ushlagan ikki yigit otliqni o‘rtaga olib, ip bilan otdan surib tushurishdi-da, kichik jussasidan yerga bosib bog‘lashdi.
 Qamchinbek nari ketdi.
U o‘z safdoshlaridan qaysi biri xoin bo‘lib chiqqanligini ko‘rishga yuragi dov bermasdi. Chunki ular orasida bundaylar yo‘q deb o‘ylardi va adashgan bo‘lib chiqqandi.
-U senga!-dedi Qamchinbek yigitiga o‘zini qalin o‘tlar orasiga otarkan.
Xoinni tirigidan ko‘ra, boshini olib borish muhimroq edi. Boisi, qo‘shinining ichidan chiqqan nifoq egasini ko‘rish qo‘rboshining askarlari ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
 Qamchinbekni uyqu elita boshladi.
Qo‘zi ilindimi, yo‘qmi bilmadi, daf’attan ot dupuri eshitilib, shundoqqina yonginasidan otliq o‘qdek uchib o‘tib ketdi.
Qamchinbek miltiq shaylab hech narsaga tushunolmay, ikkisini qoldirib ketgan tomonga shosha-pisha yo‘nalarkan, ko‘kragiga pichoq sanchilgan yigitini jon berayotganligini ko‘rib, uni quchib oldi.
- Senga nima bo‘ldi...qani u?
Savollari javobsiz qolib, yulduzlarga to‘la, oydin osmonga tikilgancha yigit jon berayotgandi.
Bu qirlarda tongga yaqin yangi bir qabr do‘mpaydi. Va Qamchinbek otini tushovdan bo‘shatib yubordida yayov tarzda qotilni izlab yo‘lga tushdi.
Tizza bo‘yi ko‘tarilgan o‘tni payxonlab ketgan ot izidan borgan yigitning nigohi Suvliksoy degan keng yalanglikka yaqin qolganida qizil askarlar tikkan o‘tovlarga tushib, o‘zini panaga oldi va endi u tomonga sergaklik bilan emaklab yaqinlasha boshladi.
Xoin manzilga yetgan edi, ammo maqsadiga yetdimi yoki yo‘q bu unga qorong‘u edi. Qamchinbek ham xayoliga charx urayotgan ko‘plab savollarga javob izlardi.
Bu qarorgohda o‘nga yaqin harbiy o‘tov tikilgan, ko‘rinishi bir xil, biroq kirib chiquvchilar ko‘p bo‘lgan sharq tomondagi o‘tov muhim manzil sanalardi. Qizillar qarorgohi qattiq qo‘riqlanmasdi. Boisi yurt ozodligi yo‘lida qo‘liga qilich olganlarga bosh bo‘lgan qo‘rboshilar biri mag‘lub bo‘lgan, biri dushman tomonga o‘tib ketgan, yana ayrimlari esa kun sayin yurtning janubiy sharqi tomonga chekinayotgan edi.
Qamchinbek o‘ljasi tomonga intilayotgan qoplon singari qir aylanib ohista yurib manzilning yonginasidan chiqdi.
Shu payt o‘tovdan barvasta gavdali, shopmo‘ylov harbiy kiyimli kishi va qochqin chiqdi, ikkita ot o‘tov qarshisida paydo bo‘ldi-da, ulardan biriga harbiy libosli kishi, ikkinchisiga yaktak, jelakli va katta sallali ammo jussasi kichik o‘sha qochqin mindi.
 Ikki otliq keng qir-adirlar tomon yo‘l oldi. Bu esa uning iziga tushgan Qamchinbek uchun ayni muddao edi. U qirni yana aylanib o‘tib, qarorgohdan ancha panada adirlik ustida ikovlonni otdan tushayotganligini ko‘rib, tez- tez ular tomonga yo‘naldi. O‘t oralab ularga yaqinlasharkan, yaqinroqda qozig‘i qoqilgan otlar boshini ko‘tarib, atrofga, so‘ng Qamchinbek panalab kelayotgan tomonga olazarak boqdi.
Ikkovlon esa qalin o‘tlar orasida yonboshlagancha gurungga kirishishgan edi.
-Qo‘rboshi boshliq kaltatoylar qachon yo‘lga tushdi.?
-Tunov kuni tushga yaqin Sho‘robsoy tomonga enayotgandi.
Qamchinbek o‘zini tutolmay pichog‘ini qinidan sug‘urib, mahkam siqqancha o‘sha tomonga o‘qdek otildi va zum o‘tmay ularning tepasiga paydo bo‘ldi.
O‘zi tomonga kelayotgan dushmanini payqagan qizillar komandiri to‘pponchasini o‘sha tomonga yo‘naltirishga ulgurgan bo‘lsada, u otgan o‘q havoga uchdi, Qamchinbek paydo bo‘lib, uning bo‘yniga pichoq sanchdi. Ikkinchisi, o‘zi izlab kelgan qotilga ham zarb bilan pichoq sanchmoqchi bo‘lib, ko‘targan qo‘li havogv muallaq qoldi. Qo‘lidan pichog‘i yerga tushdi.
-Sen...!!!
- Uning qarshisida sochlari yoyilgan, ko‘rinishi aftodahol xotini turardi.
--Ha, men...- xotini uning oyog‘iga o‘zini otdida, yig‘lab yubordi.- jonga tegdi. O‘z yurtida darbadar yashash. men..qizillar komandirini o‘ldirmoqchi edim... va urushni to‘xtatmoqchi edim.
-Bas qil! Yolg‘on so‘zlama megajin, unda nega yigitlarimni o‘ldirding, qattol!
-Yigitlaringiz o‘zlarini-o‘zlari o‘ldirishdi. Qishloq ichida ular meni tutishdi va kimligimni anglashgach, biri qo‘yvorishni aytsa, ikkinchisi bandi etishni o‘yladi, nizo chiqib, biri-ikkinchisini otib qo‘ydi.
 Tunda esa meni tutganliklaringda u meni yonimga cho‘kdi-da, - Nega bunday qildingiz-dedi. Men – bunday ahvolda yashash jondan o‘tganligini, yurtda er yigitlar bo‘la turib go‘daklar, onalar, keksalar ming azob uqubatda, vatandan tashqarida vatangadolikka ketishayotganligini, men esam bunga chidolmay qizillarning o‘sha bizning qo‘rboshiga teng kela oladigan mohir sarkardasini xalok qilishimni aytdim.
U esa – Vijdoningiz shunday deyayaptimi-dedi. Men ha dedim. U yana biroz sukut saqladi va yig‘lab yubordi-da, o‘ziga pichoq sanchdi.
Qamchinbek xotini tomonidan aytilgan bu gaplarga ishonish-ishonmaslikni ham bilmay qolgandi.
-... Sen sutdek oppoq bo‘lsang ham, qo‘ling qop-qora qonga botgan va oq sha’ning dog‘larga to‘lgan taqdiringda ham mening jufti halolimsan, yur ketdik.
-Yo‘q, men ketolmayman. Men pok vijdonni sizdan ham o‘rganganman. Toki men sizning sha’ningizga zarracha dog‘ tushurgudek bo‘lsam, o‘zimni xalok etaman va bunga qasam bo‘lsin. Tirik qolsam, sizga tomon toza vijdon tomon talpina olsam sizni albatta topaman.
Shundoq yaqin atrofdan ham o‘q ovozlari kela boshladi hamki, Qamchinbek o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
- Siz keting, yurtga hali keraksiz...
 Qamchinbek dushmanga o‘zini bir namoyon etdida, ularni o‘z izidan ergashtirib, ta’qib qildirib jo‘nadi. Va bu kengliklardagi yalangligu, qirliklarni yaxshi bilganligidan qutilib ketdi. Olisdan turib, xotinini qizillar to‘rt tomondan qo‘rshaganini, so‘ngra uni bandi qilmay olib ketishayotganligini ko‘rib, ko‘ngli taskin topib, qo‘rboshi qo‘shini tomonga yo‘l oldi.
 Qizillar qo‘shinining mohir sarkardasi o‘ldirilganidan so‘ng, Qo‘rboshi tomonga qo‘shin yuborishga haddilari sig‘may urush birmuncha vaqt to‘xtab qoldi. Chamasi o‘n kunlar o‘tib, daryo yoqasidan omonat qo‘nim topgan qo‘rboshining qo‘shinini qarorgohiga Qamchinbek aftodahol tarzda paydo bo‘ldi.
- Qizil komandirdan hammasi uchun o‘ch olganingga rahmat! – dedida, ammo qochqinning kimligini negadir so‘ramadi qo‘rboshi.
 O‘sha so‘nggi jang albatta yuz berdi.
Daryo yoqasida beayov jang bo‘lib, Qamchinbek boshliq kamsonli yigitlar qo‘rboshining ko‘ch-ko‘roni, kaltatoylarning qochqin xalqi va mard qo‘shini narigi sohilga o‘tib olguncha, dushmanga yo‘l berishmadi.
Narigi sohilda turib qo‘rboshi jangning yakunini kuzatarkan, hammadan ham Qamchinbekni o‘zi tomonga eson-omon o‘tib olishini mushtoq kutib turardi.
-Qamchinbek qani- deya qo‘rboshi uning yaqin navkarlaridan so‘radi.
-U - daryodan nari yurt boshqa vatan, vatandan tashqarida baxt yo‘q. O‘zidagi bir ko‘ngilni obod qilolmagan, o‘zga yurtga el ko‘nglini obod qilishga yo‘l bo‘lsin-derdi-deya javob qildi.
-U halok bo‘ldimi?
-Yo‘q, u ham hammadan so‘ng o‘zini suvga otgan edi...ammo berigi sohildan ham chiqmadi.
 Nihoyat qo‘rboshining tund yuzishga xushnudlik indi.
-Hali yurtda u singari ozod sor burgutlar bor ekan, vatan osmonida istiqlol quyoshini chiqishiga kishilarda umid baxsh etib parvoz etaveradilar va o‘sha baxtli kunlarni ko‘radilar ham- dedi pichirlab.

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.