OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nazar Eshonqul: “Insonni anglash — asosiy mezon” (2010)

— Nazar aka, adabiyotimizning, badiiy so‘zning ahamiyati bugungi kunda, sizningcha, nima bilan belgilanadi?

— Ma’lumki, adabiyotning azaliy mavzusi inson. Ya’ni, zamon va uning muammolari bilan yuzma-yuz turgan, ularni o‘zgartirayotgan, yangi hayot asosini yaratayotgan shaxs, xalq. Shuning uchun insonni, xalqni zamon bilan tengma-teng munosabatga kirishgan, davr ruhi bilan yashayotgan holatda tasvirlash muhim. Binobarin, zamonaviy qahramon millatning, xalqning yaratuvchilik qudratini, qiyofasini, fazilatlarini, sha’nu sharafini o‘zida mujassam etgan qahramondir. Albatta, adabiyotni mavzu bilan birga, iste’dod, mahorat va badiiyat belgilaydi.

Shu ma’noda, bugungi kunda adabiyotning ta’siri va ahamiyati avvalo hayotimizdagi ulkan o‘zgarishlarni eng dolzarb mavzular asosida yuksak badiiy mahorat bilan aks ettirish va shu orqali xalqimiz ma’naviyatini boyitish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi bilan belgilanadi.

— Adabiyotshunoslar o‘rtasida modernizm oqimiga nisbatan ikki xil munosabatni ko‘ramiz: bir guruh mutaxassislar modernizmni adabiyot va boshqa verbal san’atlar uchun yangi oqim sifatida baholayotgan bo‘lsalar, ikkinchi tomondan esa “Modernizm — insoniyatning ma’naviy inqirozi mahsuli”, deb inkor etilayapti. Ularning aytishicha, modernchilar chekilgan sigaretaning kulini oq matoga bosib: “Mana shu ham modernizm”, deb da’vo qilishlari hech gap emas, emish...

— Men bu bahsda oqlovchilik ham, qoralovchilik ham qilishdan uzoqman. Ammo men “modernizmni insoniyatning ma’naviy inqirozi” sifatida baholayotganlarning e’tirozlarini o‘qiganimda bir voqea yodimga tushadi: 70-yillar boshi edi. Qishlog‘imizdagi maktab direktorining uyida televizor paydo bo‘lganda omi odamlar ”bu shaytonning ko‘zgusi, agar kimki uni tomosha qilsa, iblisning izmiga tushib qoladi”, deb qo‘rqitishgandi. Bugun esa o‘sha omilar ham televizorsiz hayotlarini tasavvur qilisholmaydi. Ilgari ham qaysidir suhbatda aytgandim: “Modernizm — olabo‘ji emas!” U san’atda inson ruhiyatini chuqurroq aks ettirish uchun yangi metafora, yangi shakl topishga urinayotgan oqim. Prust, Kafka, Joys, Bekket, Muzil, Apollioner va hokazolar chin modernistlar edi. Bu nomlarsiz XX asr adabiyotini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ular ma’naviy inqirozni emas, inson iztirobini, inson zotiga shafqatni, inson muhabbatiniyu matonatini yangi shakl va ifodalarda tasvirlashgan. Sigareta qoldig‘ini oq matoga bosgancha, mana shu ham “modernizm” deyishsa, men bundan sira ajablanmayman. Agar ana shu oq matoga bosilgan sigaret qoldig‘i inson ruhiyatini, uning hayotini ilkis, yangi obrazi, metaforasi sifatida mahoratli talqin qilsa, nega u modernizm bo‘lmas ekan? Bunday paytda men aybni modernizmdan emas, o‘zimning tanbal aqlimu noqis didimdan qidirgan bo‘lardim...

Boshqa tomondan qaraydigan bo‘lsak, modernistlik qilaman deb, lablariga papiros qo‘ndirib, bosishga mato izlab yurgan, o‘zini oshkora tarzda “modernistman” deb atayotganlarni ko‘rib, ensam qotadi. Bunaqa iddao qilayotganlar modernist emas, ular shunchaki adabiy oliftalar. Modernizm iddao emas, u iste’dodni ifoda etish usuli, adabiyotni, adabiy qarashni yangilash mahoratidir.

— Adabiyotga yangicha nafas va fikr bilan kirib kelayotgan yosh ijodkorlardan kimlarni e’tirof etgan bo‘lardingiz?

— O‘tgan yili Bahodir Abdurazzoqning “Yoshlik” jurnalida ikkita hikoyasini o‘qidim. Bir tun ertagi” va “Qiron” asari nimalarnidir va’da qiladi. Muhimi voqelik yaxlit, jumlalar pishiq, tasvirlar oydin. Poetik jihatdan kuchli zamin, dard, nigoh bilinadi. Bahodirning bu ikki hikoyasini yoshlar hikoyachiligi emas, umuman, hikoyachiligimiz yutug‘i sifatida bemalol e’tirof etish mumkin.

Yana Umid Yoqubning “To‘lqinlar unutgan tosh” deb nomlangan qissasini qo‘lyozma holatda o‘qidim. Bu asar ko‘p jihatdan yangi avlod asari deyishga imkon beradi. Ehtimol, bu asar XXI asr adabiyotining dastlabki namunasidir? Umidning asari menga nasrga, tilga, jumlaga, obraz yaratishga, voqelikka yangicha qarash bo‘lib tuyuldi.

Umuman, yoshlar nasrida yaxshi an’analar shakllanayapti. Ammo yoshlarning eng katta nuqsoni — ular dadil emas.

— 2008 yilda “Yalpiz hidi” deb nomlangan kitobingiz chiqdi. Unda kitobxonni inson ruhiyatining so‘qmoqlariga olib kirib ketadigan qahramonlarni ko‘raman. Bu jihat sizning o‘ziga xos uslubingizni yaqqol aks ettiradi. Shu kitob va unga kiritilgan asarlar haqida ham to‘xtalib o‘tsak...

— “Yalpiz hidi” to‘plami o‘tgan asrning 80-yillar oxiri va 90-yillarida yozilgan qissa va hikoyalardan iborat. Asli men bu kitobni va boshqa asarlarni qo‘shib, “Men”, “Sen”, “U” degan uch kitob qilaman, deb yurgandim. Bu kitoblarda “men” tilidan hikoya qilingani “Men”, “sen” tilidan yozilgani “Sen”, “u”ning tilidan aytilganini “U” kitobiga jamlash niyatim bor edi. Ammo noshirlik ham o‘ziga xos mahorat, chog‘i, bu taklif nashriyotga ma’qul tushmadi. Lekin hali ham bu maqsaddan voz kechganim yo‘q.

Garchi “Yalpiz hidi”da hikoyalarning joylashuvi, dizayn jihatdan ko‘nglim to‘lmagan ayrim o‘rinlar bo‘lsa-da, bu kitob ijodim haqida tasavvur uyg‘otadi, deb o‘ylayman.

— Aynan shu nashrda bosilgan qissangizda bir fikrni tushungandek bo‘ldim, insonning barcha xatti-harakatlari, hatto tug‘ilishining o‘zi ham sirli hodisa.

— Bu asar insonning poklanishi haqida. Men uni shunday orzu va maqsad bilan yozganman. Biroq bu savolga javob bormi? ...O‘ylashimcha, agar jami odamzod shu savolga javob izlash jarayonida yaxlitlashsa, najot yo‘li topiladi. “Qora kitob”dagi fojia yakka shaxs fojiasi emas, u insoniyat fojiasi. Shu sababli asar so‘ngida qahramon: “...Iblis bilan bir to‘shakda uxlab yotgan ushbu dunyoni larzaga solib, mastu mustar hayqiraman. Mayli, mening hayqirig‘im dunyoning adashgan so‘nggi hayqirig‘i bo‘lib qolsin”, deydi.

— “Og‘riq lazzati” hikoyangizda G‘arb yozuvchilarining ta’siri seziladi.

— Bu hikoyani aniq qilib “falon asar, falon yozuvchi ta’sirida yozilgan” deb aytolmayman. Umuman olganda, men hamisha asarlarini o‘qishga ehtiyoj sezadigan, qayta-qayta o‘qiydigan adiblarning hammasi ham ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Bular — Onetti, Kafka, Kortasar, Kamyu, Akutagava, Edgar Po, Folkner, S. Bekket, F. Attor, “101 dzen hikmati”, Antonio Porkyaning “Tovushlar” to‘plami, men yaxshi ko‘rgan o‘nlab yapon adiblari hikoyalari... Ammo bu hikoyaning metaforasi xayolimga to‘satdan kelgan, keyin men uni tarashlab, hozirgi shaklga soldim (o‘nlab variantdan keyin “men” tilidan hikoya qilingan, shu shakl menga ma’qulday tuyuldi). Aslida uni boshqacharoq yozish mumkin edi. Chunonchi dastlabki variantda, o‘sha yuragini sug‘urib ko‘rsatgan qahramon (Gorkiyning Dankosi kabi) tilidan hikoya qilinadi. Ammo bu shakl meni qoniqtirmadi. Agar qahramon tilidan hikoya qilinsa, olomon kayfiyati to‘la aks etmasdi. Menga esa o‘z lazzati, zavqi uchun ijodkorni o‘limga ham mahkum qilish darajasidagi olomon manzarasi kerak edi. Ijodkor o‘zining beadad og‘riqlari, dardlari, iztiroblari evaziga o‘z san’atini namoyish qiladi, kitobxon esa san’atkordan ayovsiz ravishda yana ham ko‘proq og‘riq, dard aks etgan san’at usulini talab qiladi. Oxiri u o‘z yuragini sug‘urib, favqulodda san’atini namoyish qiladi. Ijodkor qancha ezilsa, qancha dard cheksa, olomon shuncha zavqlanib, uni olqishlaydi, uning san’ati mahsulini shuncha ulug‘lashadi. Ular uchun bu shunchaki bir tomosha! Mashhur satrni eslang: “Kuyi shunday bo‘lsa, g‘amning o‘ziga Qanday chiday oldi ekan odamzot?!” Aslida ham bizga zavq berayotgan san’at asari ijodkorning og‘riqlari evaziga yaralgan.

— Nazar aka, shu kungacha yozgan asarlaringiz ko‘nglingizga taskin beradimi?

— Yo‘q. Hafsala qilsa bo‘ladiganlari bor. Ammo men hali o‘zim o‘ylagan asarni endi yozaman deb o‘ylayman. Shu paytgacha yozganlarimdagi xato, nuqsonlarni endi yaqqolroq sezyapman. Men boshqacha yozishga urinyapman. Oddiy otaxonning peshonasidagi oddiy ajinda ham, cho‘ponning tutilaverib, yillar o‘z asoratini qoldirib silliqlagan tayog‘ining har bir yorig‘ida ham katta romanlarni to‘ldiradigan dard-iztirob, hayot, poetika borligini ko‘ryapman.

Shohsanam Xidirova suhbatlashdi

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 13-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.