OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shomirza Turdimov: “O‘chmas sira donish chirog‘i”

http://ziyouz.uz/images/shomirza_turdimov.jpg

O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti sohibi, filologiya fanlari doktori, folklorshunos Shomirza Turdimov bilan jurnalist Qulman Ochilov suhbati

Siz, mashhur baxshi-shoir Ergash Jumanbulning nevarasi, jonli folklor muhitida voyaga yetgansiz. Bu folklorga munosabatingizda ko‘zga aniq ko‘rinib turadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, xalq og‘zaki ijodiga nainki aqlingiz, balki qalbingiz, hatto ruhiyatingiz bilan yondashasiz – uning bag‘rida yashaysiz. Uzoq yillardan beri xalqimizning og‘zaki ijodi, jumladan, eposiga oshno inson va olim sifatida ayting-chi, folklorga yaqinlik kishiga nimalar beradi?

— Odamzod nimaniki o‘ziga yaqin olsa, shunga taqdirdoshlik hissini tuyadi. Kishi tanishlari, do‘stu yaqini, qavmu qarindoshi, ahli oilasining quvonchu qayg‘usiga sherik yashaydi. Ba’zan begonalarning tashvishi uni qiziqtirmaydi. Go‘yo bunday voqea-hodisalarning unga daxli yo‘qdek, o‘zidan ortmaydi. Mavjud holatdan bir aybu nuqson qidirmoqchi emasman. Faqat, asl mohiyatda – Yaratganning o‘lchamlarida, bularning bari bir mahrajga kelishini anglab yetganlar kam uchrashini qayd etmoqchiman, xolos. Agar Ul Zot bizning “kompyuter”imizga ota-ona, oila, farzand, qavmu qarindosh, yoru do‘st... degan rishtalar bilan bog‘liq o‘ziga xos “dasturlar”ni joylamaganida nima bo‘lardi, bir o‘ylab qaraylik. Odamzodning o‘zidan ortib birovga qayishishi nechog‘li ulkan muammoga aylanardi. Bu gap-so‘zlardan muddao nima? Aytmoqchi bo‘lganim shulki, inson qachon “tabiiy bog‘liqlik rishtalari”dan yuksalib, barchaga barobar “bog‘liqlik rishtasini” yarata olsa, u chinakkam komil insonga aylanadi. Ana shunda uning ko‘ngli boshqa mavjudotlar to‘dalashib, yagona maqsad sari intilganida erishishi mumkin bo‘lgan Ulkan bilimga chambarchas bog‘lanadi.

“Ulkan bilim” nima?

Ulkan bilim – Butun olam, borliqning azal-abad taqdiri dasturlashgan, uni doimiy yurutguvchining ilmlar majmuasi... Barcha tirik mavjudotga ushbu bilimning birlamchi bosqichi berilgan. Bu bosqich negizida tabiiy instinkt turadi. Faqat oliy mavjudot – insongina navbatdagi bosqichlar tizimiga o‘ta oladi. Olimlar jonivorlar, hasharotlar, qushlar, baliqlarning mavsumiy va nomavsumiy ko‘chishlari asnosida yo‘lidan adashmay ko‘zlagan manzilini to‘g‘ri topib borishini, to‘da bo‘lib harakat qilish chog‘ida shakllanadigan “Ulkan bilim” bilan bog‘lashadi. Yolg‘iz esa ko‘pincha adashishga mahum ekan. Folklor va xalq san’atining barcha turlari asosini, negizining tutib turuvchi an’analar, badiiy qoliplar ham Ulkan bilim mevasidir.

Insondagi birlamchi dastur ham ushbu bilim bilan bog‘liq. Tanish-bilishi, do‘stu yaqin, qavmu qarindosh, ahli oilasining quvonch-u qayg‘usiga taqdirdoshlik hissini bizga Ulkan bilim sabog‘i anglatib turadi. Inson Ulkan bilimning galdagi bosqichlariga chiqishi uchun ko‘kdan ilohiy kalomlar yuborilgan. Ammo inson tabiatida azaldan adashishga moyillik bor. U anglatilganlarni o‘zicha bichib, talqin etadi, nafsining xohish- istagiga moslashtirishga urinadi. O‘z “haqiqat”ini joriy etishga intiladi. Shu sababli Qur’ongacha bir yuz yigirma to‘rt ming yalavochga navbatma-navbat kelgan ilohiy kalomlar tahrir qilindi. Faqat Qur’oni karim yaratganning o‘zgarmas so‘nggi So‘zi bo‘lib qoldi.

 Mif deb aytiluvchi dunyoqarash, tasavvur Ulkan bilimga tutash ana shu muqaddas bitiklarning ibtidodan intihosigacha insonga kelgan yo‘l-yo‘riq, saboq va bilimning oqavasidir. Qanday shaklda bo‘lishidan qat’i nazar, miflarning mag‘zida Ulkan bilimning mohiyati mujassam. Shu sababli biz miflarni Ilohiy kalomlarga bog‘lab anglaymiz. Miflar dinlar izdan chiqqan joyda boshlangan. Ular insonning tabiat oldidagi qo‘rquvi va ojizligining mahsuli emas.

Din va mif inson naslining ibtidosini ilk Odam va Ayolga bog‘laydi. Turli xalqlarda Odam va Ayolning turlicha nomlanishini kuzatish mumkin, lekin So‘z zamirida yagona tushunchalar mavjud.

Bu kungacha aniq fanlar ilmiy jihatdan isbotlagan va isbotlashga urinayotgan qonuniyatlar muqaddas bitik va miflarda aytilgan. Faqat ular fan tilida emas, bitik va mifning o‘ziga xos ifoda shakli – ramz va timsollarda bayon etilgan. Ramz va timsol bitik va mif tilidir.

Biz ilm kashf etdi, qonuniyatni yaratdi, deymiz, go‘yoki ilgari bu qonuniyat, hodisa, bo‘lmagandek. Aslida esa mavjudlikning ayni chegarasigacha aqlimiz yetib, ilg‘agan, anglagan bo‘lamiz, xolos. Insonning bilimi, anglagani mavjudlikning qancha qismiga yetganu qolgani qancha, tasavvur ham qila olmaymiz. Bu holatimiz, dag‘alroq tuyulsa-da, qiyoslasak chumolini tomosha qilib o‘tirgan odamning, “Chumoli nimalarni anglayapti”, deyishiga o‘xshaydi. Aslida chumoli ham uni tomosha qilib turgan mavjudotni qanday anglashi noma’lum... Shunday bo‘lsa-da, Inson - aqlli mavjudot. U tushunishga, anglashga va bilishga intiladi. Uning imkonida ana shu baxt bor. Uni bu yo‘lda qo‘llab, mayoq yoqib, manzil sari boshlovchi bor.

Folklorga yaqinlik, istasangiz istamasangiz, Sizni, avvalo, ana shu Ulkan bilim hududiga olib kiradi. Kishini Aflotunnning “G‘or” naqlida yozilgan, Qur’onning “Yosin” surasi, 8–11-oyatlarida ogoh etilgan “bo‘g‘ovlar”dan bo‘shalib, “soyalar saltanati”dan chiqishi, nurli manzillarga yetishi uchun imkoniyatlar ochadi.

Folklor har bir odamning qonida bor va har qanday til ibtidosida Ulkan bilimga tegishli tushunchalar mavjud. Shunday ekan, folklor bizga o‘zimizni, o‘zligimizni anglashga yordam berishi bilan ham qimmatlidir. Folklor - ma’naviy ona sutidir. Ustod Hodi Zarifning “Haqiqatim xalq ichida”, degan iqrori bejiz emas.

Sizning “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li” kabi dostonlar asosida xalq og‘zaki ijodining etnos tarixiga oid ma’no qatlamlariga bag‘ishlangan “Etnos va epos” kitobingizni o‘qigan kishi juda qiziqarli tahlil va xulosalardan bahramand bo‘ladi. Shu munosabat bilan ta’kidlash joizki, deyarli barcha xalqlarning eposida bir hol - Ot va Zot muammomsiga duch kelish mumkin. Epos qahramoni – serdavlat va sersavlat alp borki, tirnoqqa zor. Go‘ro‘g‘li kabi oti bor-u, zoti yo‘q. Ushbu musibat-muammoning zamiridagi falsafaning mohiyati nimada?

— Har bir xalqni uning eposi orqali taniymiz. O‘sha xalqning tarixi qanchalik qadimiyligi, ma’naviy quvvati, nimalarga qodirligini uning eposidan ham bilish mumkin. Bunda eposning ramzu timsollarga evrilgan tilini topish, anglash lozim. Tarixchi sub’ektiv fikrlashga mahkum. Chunki u - zamonasining farzandi. Zamon odami zamona zayliga tob’e. Xalq esa o‘z qismati, taqdiri, o‘tmishi-yu buguni, kelajagini muttasil ko‘ngilidan kechirib, aql tarozusida tortib ish ko‘radi. Bori ko‘nglining izhori, badiiy tafakkurining hosilasi bo‘lmish eposida aks etadi. Mukammal mumtoz eposga ega xalq albatta buyuk saltanatlar barpo etgan bo‘ladi. Bu - olmos qonuniyat. Qozonda bori cho‘michga chiqadi. Bu maydonda yo‘qni bor qilib bo‘lmaydi. Bu savdo bir kishilik “bozor” emas. Bir savdogarning izmiga yurmaydi. Shunday ekan, xalq yuksalish shavqini, tanazzul alamini totib, kechmishini aql va ko‘ngil chig‘irig‘idan o‘tkazib, xulosalar chiqaradigan taqdir sohibi bo‘lsagina asl epos namunalarini yarata oladi. Bu masalaning bir tomoni, ikkinchi jihati esa, ildizi ilohiy manbaga borib taqaladigan dunyoqarashning amalda mavjudligi. Ilohiy ta’limotga tayanmagan epos hamisha kemtikligicha qoladi. Buyuk saltanatlar barpo etgan va ilohiy ta’limotdan to‘la bahra olgan xalqning eposigina mumtoz maqomga ko‘tarila oladi.

Bu borada biz – faxrlanishga haqli xalqmiz. “Alpomish” va “Go‘ro‘g‘li” kabi mumtoz eposlarga merosxo‘rmiz. Merosxo‘r qorovulday gap. Xazinada nimarsa bor – urug‘. Urug‘ni ekib hosilini olgan qorovuldan Egaga aylanadi. Ana shunda Ot va Zot muammosi hal bo‘ladi. Musbat quvvat Manfiyga evriladi. Go‘ro‘g‘lini Otga egaligiyu, Zoti yo‘qligi - ulkan timsol, chunki hech bir xalqning tepasiga biror avlod, nasl uzluksiz kelmaydi. Zotlar almashadi, lekin Ot – hayot - mangu. Ulkan saltanat – Ot - muayyan millatga tegishli bo‘lishi mumkin, lekin uni shu bilan cheklash ham mohiyatni tor anglashdir. Aslida saltanat tuzuvchi va yurgizuvchi Go‘ro‘g‘lidek alplar bag‘rikenglik siyosatini yurgizgan tolerant shaxslardir. Ular o‘zi mansub “lokomativ” millat atrofiga ko‘plab millatlar, el-elatlarni birlashtirib, ularning birdek kamol topishi uchun shart-sharoit yaratadi. Go‘ro‘g‘li Ahmad Sardordek mahdud, mayda millatchi, zotparast emas. Uning saltanatida Avazxon – Gurjistondan, Hasanxon – Vayangandan, To‘lakbotir – Qandahordan, Xoldorxon, Asad-Shodmon kabi turli elat, urug‘lar vakillari bo‘lgan. Qirq yigit birlashib, Chambildek ozod va erkin o‘lkaning gullab yashnashiga o‘z kuch-g‘ayratini qo‘shishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Ularning barchasi - Chambil farzandlari, shu o‘lka - Vatani sha’ni, sharafini ulug‘lashni buyuk baxt deb biladi, Ahmad Sardordek fe’li torlik qilmaydi. “Go‘ro‘g‘li” turkumidagi bir qancha dostonlar saltanatdagi ana shu “sardorchilik” qutqusi natijasida kelib chiqqan ayanchli vaziyatlarga bag‘ishlangani bejiz emas. Alal oqibat har gal haqiqat qaror topadi. Go‘ro‘g‘lining buyukligi va suyukligi shundaki, u Ahmad Sardorni ham kechira olgan, uning to‘g‘ri yo‘l topishi uchun imkon bergan. Aslida har bir ishdan ayb axtaradigan odamning o‘zida qandaydir qusur bo‘ladi. Hayotda ezgulik, fazilat va hikmat qidirib yashash saodati hammaga ham nasib etmagan. Ularni topish, amalda namoyish etish oson emas. Ezgulik, fazilat qumdagi oltin zarrasiga o‘xshaydi. Zarrani qumdan ajratish uchun qanchalar zaxmat chekish kerak. Bu qum-ku, deb qo‘l siltab ketishdan osoni yo‘q. Komillik yo‘lidagi odam oltin ajratuvchidir. Alp ana shunday bag‘rikeng Shaxsdir. Inson Odam maqomidan quyi enib, mahluq maqomida tug‘iladi va unga yana Odam maqomida kamolga erishish imkoni beriladi. Kim ushbu maqomga erisha olsa, Odamdir. Bu yo‘lda na jins, na irqu millat, na kasbu kor, na boyligu martaba to‘siq emas. Alplar tuzgan saltanat ko‘pchilikning Odam bo‘lishiga xizmat qilgan.

Vatan va mamlakat taqdiri, sha’ni, shavkati bilan nafas oluvchi Erlar bor ekan, bu saltanat zavol topmaydi. Go‘ro‘g‘li shunday Er edi. Go‘ro‘g‘lining o‘yi, so‘zi, amali Chambil bilan bog‘liq edi. O‘ylaganing hayotingga, aytganing, amaling taqdiringga aylanadi. Epos - xalqning badiiy taqdirnomasidir.

Eposning sabog‘i ko‘p. Eposni o‘qib, uqib o‘tmish, bugun, kelajakning mohiyatini tushuna borasiz.

O‘tgan asrning oxirlarida “Xalq og‘zaki ijodi - folklorning kuni bitdi, zamona zayliga dosh berolmadi, o‘ldi” qabilidagi gaplar ko‘p aytilgan edi. Bugun ham eshitish mumkin bo‘lgan bunday afsus-nadomatlarga Siz nima deb javob bergan bo‘lardingiz? Rostdan ham, hozirgi tsivilizatsiya folklorni uning yashab qolishi va rivoj topishi uchun zarur shart-sharoitlardan mahrum etib qo‘ymayaptimi?

— Cavolga javob berishdan avval bir masalaga to‘xtalib o‘tish lozim. Bu - folklorning xalq ijodi, kollektiv ijod ekani masalasidir. “Kollektiv ijod”ni ko‘pchilikning bir joyga to‘planib, muayyan asarni hashar yo‘li bilan yaratishi, deb tushunish noo‘rin. So‘zning “loy”ini xalq pishitib beradi, an’ana sinchi xalqning badiiy tafakkurida shakllanadi. Xalq – so‘z va an’ana “mardikori”. Ijodkor – usta. Usta “imorat”ni ana shu “sinch”ga tayanib bunyod etadi. Xalq vakili ko‘nglini ochar ekan, o‘z fikrini bayon etishda tayyor qoliplardan o‘z holi, holatiga moslab foydalanadi. Ijodkor – baxshi-shoir esa ularni bir o‘zanga solib, badiiy voqelikda jilolantiradi, san’at iqlimiga olib o‘tadi. Folklorning kollektiv ijod ekani ana shunda.

Har qanday ijodkor, u qanchalik favqulodda talant va iqtidor sohibi bo‘lmasin, folklordagi kabi to‘kis an’ana yaratishi qiyin. Individual ijod ahli an’anaga yangi quvvat bag‘ishlashi, uni yanada takomillashtirishi mumkin. An’ana xalq badiiy tafakkurida pishib yetiladi, avloddan avlodga o‘tadi. Bu jarayonda an’analarning ildizlari juda qadimga borib taqaladi. Ulkan bilimdan bahra oladi.

XX asrning avvaligacha bizda kollektiv ijod bilan bog‘liq jarayonlar deyarli uzliksiz davom etib kelgan. O‘tgan asrdagi keskin o‘zgarishlar, asr so‘ngida boshlangan va hamon jadal davom etayotgan globallashuv singari olamshumul jarayonlar nafaqat o‘zbeklar, balki butun sayyoramiz ahli tafakkuridagi tub yangilanishlarga sabab bo‘ldi.

Bugungi kunda folklorning barcha janrlari qatorida epos ijrosi ham o‘zgardi. Shu o‘rinda O‘zbekiston Xalq baxshisi Abdunazar Poyonov aytgan bir fikrni keltirish o‘rinli: “O‘tgan asrning 80-yillari Mamarayim Qobil degan baxshi aytgan edi: Ilgarigi baxshilarning ovozi ko‘krakdan past – qorindan chiqardi, keyingilar ko‘krakka bo‘yin birlashgan joydan aytadigan bo‘ldi. Sizlar kekirdakdan aytayapsizlar, endigilar tanglaydan kuylayapti”. Chindan-da, Shoberdi baxshi bilan estrada xonandasi Mahmud Nomozov ijrosi yaqin kelib qolgani sir emas. Xorazm baxshichiligida bu holat avvalroq boshlangan edi. Baxshichilik san’atida ijrochining ichki ovozdan tashqi ovozga o‘tishini shunchaki havas mevasi deb bo‘lmaydi. Folklorshunoslik jiddiy o‘rganishi lozim bo‘lgan murakkab jarayon. Bu o‘rinda ohangning zamon talab etayotgan maromi (tempi) va boshqa omillarni ham ilmiy tadqiq etib, tegishli xulosalarga kelish fursati yetdi. “Xalq og‘zaki ijodi, folklorning kuni bitdi, zamona zayliga dosh berolmadi, o‘ldi” deb xulosa chiqarishga aslo shoshilmaslik lozim. Folklor yangicha yashash shakliga kirib bormoqda. Negaki, talab va ehtiyoj bor ekan, u yashayveradi. Ijodkor xalqimizda esa bunday ehtiyoj va talab katta.

Folklorning tayanchlaridan biri - xalq tilidir. Bugungi xalq tili bilan o‘tgan asr o‘rtalarigacha yashagan ulusning tili o‘rtasida katta farqni sezish uchun mutaxassis bo‘lish shart emas. Endilikda xalq tili va adabiy til tobora yaqinlashib bormoqda. Adabiy tilda har bir tushunchaning aniq ifodachisi xalq tilidan ko‘ra ko‘proq. Xalq tilidagi obrazlilik bu kemtikni to‘ldiradi. Qo‘rg‘on dostonchilik muhitida o‘sib, ulg‘aygan momoning tiliga diqqat qiling: “Xudoyimga yozmayin, xudo-yo, gunohim to‘kilsin, nazar tushgan, nazarkardaning bolasiman. Xilu xushtim, yetti pushtim qo‘llasin! Menam, uncha-munchaning bolasi emasman. Ko‘rgan odam havas qilgan, chuvlab yotgan el edim, chalqib yotgan ko‘l edim, qaraganni qo‘rqitgan, qaramaganni berkitgan nebir akalarim bor edi, o‘lim kelib xo‘rladi. Xudo qildi, mehribondan judo qildi. Tovda yurgan bo‘ri edim, suvlotga tushmay qo‘y bo‘ldim, o‘lim oldida xo‘r bo‘ldim, Xudo-yo, endi bolalarim omon bo‘lsin!” Bugun bu xil quyma fikrlaru so‘zlarni kam eshitasiz. Chunki og‘zaki an’analarda uzilish, yanada to‘g‘rirog‘i, umumiylik, hatto bir xillik paydo bo‘layotir. Bunda ommaviy axborot vositalarining ta’siri ham yo‘q emas. An’analar barqaror kelgan muhitda tinglovchi, kuylovchi barobar ijod qiladi. Endilikda, avvallari folklorga yuklatilgan missiyani ijodning yangi shakldagi turlari egallayotir. Folklor esa ommaviy ijrodan sahnaga ko‘chib ulgirdi va sahna talablariga moslashmoqda. Bugun folklordan mumtoz davr namunalarini kutish qiyin. Shu bois folklorning mumtoz davri o‘tmishga aylanmoqda, deyish mumkin.

Siz stsenariynavis sifatida ham o‘z qalamingizni muvaffaqiyatli sinab ko‘rgansiz. Taniqli kinorejissyor Qamara Kamolova bilan ijodiy hamkorlikda yaratilgan “Yo‘l bo‘lsin” filmingiz O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan edi. Kinosan’atkorlar bilan samarali boshlangan bunday hamkorlik so‘nggi paytda biroz susayganga o‘xshaydi. Sabablari nimada? Yana bir gap: ekran san’atiga daxdor mutaxassis sifatida ayting-chi, milliy kinomizning yanada rivojlantirish uchun nimalar qilmoq kerak?

— Xalq qo‘shiqlaridagi ramz va timsollarga e’tibor bersak, ajoyib manzaralarga duch kelamiz. Masalan, xalq qo‘shig‘idagi “Olma otdim otganga”, deyilgan misra mag‘zida, meni sevganni sevdim, degan iqror mujassam. “Tol yog‘ochni o‘tga soldim, men uni kuymas dedim” satrlarida lirik qahramonning, meni sevaman degan yigitni sinab ko‘rdim, deb chekkan iztirobi o‘z ifodasini topgan. Xalq qo‘shiqlarida olma – sevgi, farzand; shaftoli – o‘tkinchi muhabbat; tol – yigit; g‘oz – xo‘shxabar; o‘rdak – tuhmat, shumxabar va hokazo tub o‘zak ramziy ma’nolarga ega. Qo‘shiqqa ramz kalitini solsangiz, hayratingiz ortib, o‘z ko‘nglingizni go‘yo qaytadan kashf etasiz, xalqona tafakkur xazinasiga oshno bo‘lasiz. “Yo‘l bo‘lsin” filmining stsenariysi ana shu xazinadagi ramzlarni kino tilida qayta jonlantirish asosiga qurilgan. Xalq qo‘shiqlari asosan to‘rtliklardan tashkil topgani kabi bu yerdagi har bir sahna to‘rtlik shaklini olishi, tasvir ortidagi qo‘shiqlar voqealarni boyitishi, ekrandagi har bir harakat, rang, ohang uyg‘unlashib, xalqona ramzlar vositasida asosiy g‘oyani ifodalashga xizmat qilishi kerak edi. Kartinada marosimlarni ko‘rsatish maqsadi bo‘lmagan, marosimlarni borligicha tasvirga olish, sharhlash -hujjatli filmning ishi. Bizda marosimlarga ijodiy yondashilib, yangicha talqin berilgan, ularga badiiy yuk yuklangan edi. Bizning bu ezgu niyatimiz, intilishimiz o‘zini oqlagan, deb o‘ylayman. Kinoda, teatrda harakat so‘zni aynan takrorlamasligi, uni to‘ldirib yangi iqlimga olib chiqishi kerak. Olaylik, so‘z - nutq ko‘za ko‘targan qiz haqida gapirsa, harakat uni takrorlasa, buning nima qizig‘i bor? Bu oddiy taqlid, taqlidda obraz “ochilmaydi”, uning badiiylik kuchi sinadi.

Endi, hamkorlikning susayishi masalasiga kelsak, bu mening sekin ishlashim bilan ham bog‘liq bo‘lsa kerak. Kinochi do‘stlarimga “Mezon” deb nomlangan stsenariyni topshirganman. Bu film ham “Yo‘l bo‘lsin” usuliga yaqin, faqat obrazlar mumtoz adabiyotga bog‘liq va unda asosiy “yuk” maqom navolari, ashulalariga yuklangan. Filmni kim suratga oladi, bilmayman.

“Milliy kinomizni yanada rivojlantirish uchun nimalar qilish kerak?” degan masala nafaqat mutaxassislar, balki barchani o‘ylantirishi tabiiy. Mening “oltin davr” kelishiga nekbinlarcha ishonchim komil. Bu ishonch ulkan meros sohibi bo‘lgan yangi avlod yetilib kelayotganiga, epos qonuniyatlari sabog‘idan uqqanlarimga tayanadi.

Kinoda ham san’atning barcha turlari kabi yo‘llar, usullar, talqinlar qancha ko‘p bo‘lsa, rivojlanish shuncha tezlashadi. Hatto “xontaxta” deb atalayotgan anchayin an’anaviyroq filmlarning ham o‘z o‘rni, muxlisi bor. Faqat ko‘zlangan manzil bitta bo‘lishi shart. Taqlidlardan xoli, o‘zbekning tafakkur tarzini namoyon etuvchi, chinakam san’at namunalarini yaratishga intilish kerak, tamom-vassalom.

Gap kinoga borib taqalgan ekan, milliy eposimizning noyob durdonalarini ekranlashtirish masalasiga to‘xtalmasdan o‘tishimiz qiyin. Biz dostonchilik bobida ko‘p xalqlar havas qilsa arzigulik g‘oyat qadimiy va ulkan boylik vorislarimiz. Ana shu dostonlar asosida filmlar suratga olish zamon talablaridan juda orqada qolayotir. Balki bunda folklorshunoslarning ham aybi bordir? Ushbu sohada imkoniyatlarni kengroq ko‘lamda ishga solish fursati yetmadimikan? O‘shanda farzandlarimiz o‘zga xalqlarning Jumongga o‘xshash qahramonlariga havas qilib yurmagan bo‘larmidi?

— Avallari kinofilm tomosha qilish uchun kinoteatrga borishga majbur edik, endilikda u har bir kishining uyiga kirib keldi. Istagan filmingizni yon yotib - yonbosh yotib tomosha qilish imkoniga egasiz. Bir kunda televizor orqali turli janrlardagi o‘nlab filmlar namoyish etilishini nazarda tutib, hisob-kitobini o‘zingiz qilib olavering. Xalq ongiga yillar davomida singishmagan dunyoqarashni kino bir zumda singdiradi. Bu jarayonda “qozon” egalarining oti o‘zadi. Multfilm, ilmiy-ommabob, badiiy filmlar va seriallarda kimning qo‘shig‘i kuylansa, omma shuni qaytaradi. Koreyslar o‘z tarixining yilt etgan cho‘g‘idan gulxanlar yasab, hammani ishontirmoqda. Bolalarimiz Jumonman, deb aytayotgan bo‘lsa, ularni ayblash insofdan emas. Inson, ayniqsa, yoshlar tabiatan ibrat axtaradi, suyanishga moyil. Ibrat uning qaddini rostlab olishiga yordam beradi. Bugungi avlod ko‘ngliga, talabiga mos javobni – ibratni biz ko‘rsatib bermasak, ularning havasi begona suyanchiqlarni o‘zlashtirib, taskin topaveradi.

Katta daraxtning aybi, soyasining kattaligida.

Baland tog‘ oldidagi odam ko‘rinmaydi. Tog‘ tepasiga chiqilsa, olam uning kaftiga ko‘chadi.

Biz qadimiy tariximiz, ulug‘ siymolarimiz, boy folklor va adabiyotimiz soyasida qolib ketayotgandaymiz. Birgina tariximizni olib qaraylik. Uzoq o‘tmishimizda Afrosiyob – Alp er To‘ng‘a degan ulug‘ zot o‘tgan. U Firdavsiyning “Shahnoma”sida Turon podshosi deb ta’riflangan. Eron shahzodasi – Siyovush otasidan arazlab, uning yoniga panoh izlab keladi. Afrasiyob Siyovushga qizi Qosni nikohlab beradi, homiylik qiladi. Afrosiyobning ukasiga bu ishlar yoqmaydi. Uning qutqusi bilan Siyovush o‘ldiriladi. Bu voqealar Go‘ro‘g‘lining asrandi o‘g‘li Avaz va tog‘asi Ahmad Sardor munosabatlariga juda uyg‘un. Epos Afrosiyob, Siyovush demaydi, lekin voqelik mohiyatini ramziy ko‘rinishda, badiiy talqinlarda baxshi-shoir barcha davrlarga rostlab kuylagan. Bundan ming yil oldin yurt kezib, vatan va xalq sha’ni uchun kuyinib o‘rtangan yana bir alloma – Mahmud Qoshg‘ariy Afrosiyob – Alp er To‘ng‘a haqidagi qo‘shiqlarni o‘z lug‘atida keltirib, elning unga bo‘lgan muhabbatini yodga solgan. XX asr avvalida boshqa bir alloma Abdurauf Fitrat bu qo‘shiqlarni jamlab, Alp er To‘ng‘a haqidagi tasavvurlarni tiniqlashtirishga intilgan. Endi o‘ylab qaraylik, Alp er To‘ng‘a – Afrosiyob haqida film yaratilsa, tariximizning qorong‘u yo‘llari qanchalar yorishgan va keng omma ongida bu ulug‘ siymo qayta qad tiklash barobarida sha’nu shavkatimiz qanchalar yuksalgan bo‘lar edi. O‘sib, kamol topib kelayotgan yosh avlodga ibrat namunasini ko‘rsatgan bo‘lar edik.

Mahmud Qoshg‘ariy ham shunchaki tilshunos olim emas edi. “Arab tili bilan ikki uloqchi ot singari teng poyga qilib o‘zib borayotgan turk tilini to‘laroq yoritish”ni maqsad qilib, barcha turk qavmlari yashagan hududlarni aylanib, quvonchu alam tortgan, ko‘ngli faxru iftixorga to‘lgan sinchi shaxsning lug‘atida so‘z va uning ma’nolari shunchaki kelmaydi. “Turkiylar turkcha bilmaydiganlarni “sumlim” deydilar, chunonchi arablar arabcha bilmaydiganlarni “ajam” deganlari kabi bu asosdir. Agar arabchani so‘ng bilsa ham arablar har vaqt uni ajam deyaveradilar. Lekin turkiylarda unday emas. Turkchani bilganlaridan keyingi holda sumlim demaydilar. U sumlimlikdan qutiladi” kabi kuzatishlarida xasos sotsiologni ko‘rsak, boshqa o‘rinlarda elshunos, tarixchi, adabiyotshunos, folklorshunos, dinshunos, adib va faylasuf, eng asosiysi Vatan qayg‘usi bilan o‘rtangan Insonning siymosi namoyon bo‘ladi. Mana kinochilar uchun noyob taqdir. Ibrat bo‘luvchi bu xil Shaxslar tariximizning har bir davrida, barcha sohalarda yuzlab topiladi.

Folklorni, xususan xalq dostonlarimizni kinoga o‘tkazish alohida mavzu. Saksoninchi yillarning boshi edi. Yozuvchilar uyushmasida katta yig‘in bo‘ldi. Shunda bir yigit chiqib, yozuvchi ijod qilishni ertaklardan o‘rganishi kerak, deb ancha gapirdi. Ko‘pchilikka bu notanish bolaning gapi erish tuyuldi. Bu gapni ko‘zga ko‘ringan biror-bir arbob aytsa balki e’tiborga olinardi... Aslida bola haq gaplarni aytardi. Ertaklarda Hikmat o‘ziga xos ifoda topadi. Ehtimol yigit yozishni ertaklardan o‘rganaylik, deb kuyinganda ana shu jihatlarni nazarda tutgandir. Shu yigitning minbarda xiyol egilib, qo‘lini oldinga cho‘zganicha so‘zlayotgan holati hali-hamon ko‘z o‘ngimda. Jamoat yigitning so‘zlariga bepisand qaragani kabi ertaklar siridan ham voqif bo‘lmayotir. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deyishadi.

Dehqon yerga don sochar ekan, qaysi urug‘i unishini aniq bilmaydi. Lekin hosilidan umid qiladi. Murod - hosilda... Ijodkor ham umidli banda. San’at dehqoni, so‘z mirishkori. Shunday ekan, xalqqa yetkazilmagan asar pishmagan, mo‘ljaldagi hosil qatori... “Go‘ro‘g‘li” dostonlari asosida stsenariy yozish rejada yashayapti. Nasib etsa, amalga oshar. Aslida “Etnos va epos” kitobi “Alpomish” dostonini, umuman, epos mohiyatini kinochilarga ham kengroq anglatish uchun yozilgan edi. Eposning, folklorning mohiyatini anglamay turib, uni san’atning boshqa turlariga olib o‘tib bo‘lmaydi. Bizda hodisaning sirtida yurib fikrlashga moyil mutaxassislar ko‘p. Natijada bajarilgan ish ham “sirt”da qolib ketadi.

Mohiyatga qancha yaqin kelinsa, o‘zlik sari shunchalik yaqin boriladi. Qadimgilarning hikmati uqtiradi: “O‘zingda o‘zligingni angla!” O‘zi bo‘lib yashagan inson borki, O‘zi, Izi mavjuddir.

“Tafakkur” jurnali, 2015 yil 1-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.