OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev: «Tolstoyning niyati meni maftun etgan» (2004)

http://ziyouz.com/rasmlar/shukur-Xolmirza.jpg— Shukur aka, bilasizki, tarbiyaning vositalari ko‘p. Turli davrlarda odamlar tarbiyaning turli usullariga murojaat qilishgan. Hatto tarbiyada qaysi usul afzal, degan bahslar hamon tugagani yo‘q. Siz dunyo adabiyotining mumtoz namunalari bilan tanishsiz va bu asarlarni yaratgan ijodkorlar hayoti, jumladan, ularning inson tarbiyasiga munosabati haqida ham yaxshi bilasiz. Xo‘sh, Sizning bu masaladagi qarashlaringiz qanday, uni qay tarzda bayon etgan bo‘lur edingiz? 
— Men ham qay bir darajada «tarbiya ko‘rgan» odam sifatida, qolaversa, bir adibning Inson tarbiyasiga ichki bir ehtiyoj-la qiziqishi taqozosi bilan ushbu masala haqida o‘ylab-o‘ylanib qolardim ba’zan.
Qo‘rni qo‘zg‘aganingiz uchun rahmat.
Endi, buyuk adiblarning Inson tarbiyasiga munosabati haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, kamina juda olislab ketmay, qo‘shnimiz Rusiyaning «oltin asri»da ijod etib, «dunyoning talay qismini zabt etgan» Lev Tolstoy hazratlarining bu yo‘rig‘dagi izlanishlariyu xulosalari haqida gapirsam devdim. Yoki Janubdagi qo‘shnimiz Hindistonning «oltin davri» sohiblaridan Rabendranat Tagor (Txakur)ning bu boradagi izlanishu topildiqlari haqida gapirsammi? Eslarsiz: bu alloma adib 30-yillarda bola tarbiyasi bobida maorifning tutumlarini o‘rganish maqsadida yangi Rusiyaga kelgan va «Rusiyadan xatlar» nomli risolayam bitgan edi.
Keling, Toltoy boboning etagini qo‘yvormaylik.
Ma’lumingiz, Tolstoy Yasnaya Polyanada qo‘nim topib qolganidan keyin beixtiyor Insonning hayotdagi o‘rni, uning Allohga e’tiqodlari, pirovardi, «komil inson» kimu nimadan iborat va o‘sha maqomga qanday yetmoq mumkinligi haqida o‘ylab, «Tirilish» romanini ham yozdi. Unda bir pomeshikning bir zamonlar qilgan gunohini O‘zi oldida — ayni chog‘da Tangri qarshisida yuvmoq — poklanmoq uchun qilgan sa’y-harakatlari, o‘rtanib tortgan iztiroblari tasvirlanadi. Shunisi ajoyibki, unga — o‘sha bosh qahramonga (ismlar yodimdan chiqadi-da! Mohiyati qolaveradi — nima qilay?) bu borada hech kim, hech bir zot maslahat bermagan, deylik, g‘oyibdan qandaydir vahiy-da kelmagan. Ha, u O‘zi-O‘zligini poklash, aniqrog‘i, nihoyat, Inson nomiga munosib bo‘lmog‘i uchun shu yo‘lni tutadi...
Ofarin! Unga emas, uni Yaratgan zotga ofarin!
— Shukur aka, bir daqiqa. O‘sha asarni men ham o‘qiganman. Yaxshi. Lekin, ba’zi joylari odamni ishontirmaydi-da. Masalan, o‘sha Maslovaning orqasidan surgunlarga borib yurishlari qandaydir...
— Tushundim. Siz-ku — siz, o‘sha asar e’lon qilinganida, uni dastlab o‘qib chiqqanlardan biri Anton Pavlovich — Chexov janoblari ham, masalan, «men faqat o‘sha murdaning yotishi tasvirlariga ishondim. Murdani qanday go‘zal tasvirlagan. Boshqasi...» va hokazolar degan edi.
Bu — tabiiy hol, albatta. Men ham ishona qolganim yo‘q Nexlyudovning xatti-harakatlariga...
Lekin, Tolstoyning NIYATI... meni maftun etgan. Unday insonlar insoniga topingim kelgan. Ha, o‘sha INSONSEVARGA... Xullas, tarbiya otli mavzuimizga qaytsak, Tolstoy Inson Tarbiyasiga o‘ta-o‘ta jiddiy yondashgan ekan.
Uning — minglab «dushlari» bor dvoryan-boyning dehqon bolalarini yig‘ib, maktab ochib, ularni o‘qitganini eslang! Nima zaril kelibdi ekan. Unga bu ishlar? Tag‘in deng, o‘sha jujuqlarga darslik kitoblari ham yozgan-a?
Maktabda — o‘zbekcha darsliklarimizda o‘qiganmiz-ku: «Sher bilan kuchukvachcha», «Ayiq bilan ikki do‘st» va h. Nima keragi bor edi unga bu tashvishlarning?!
Shu tobda o‘zimizda — ayni o‘sha 30-yillarda chiqqan ma’rifatparvar adibu shoirlarimiz, boringki, ziyolilarimiz bo‘lmish — Avloniylar, Munavvarqorilar, Fitratlarni eslamay bo‘ladimi? O‘z-o‘zidan esingizga tushib ketadi-ya, tavba.
Ana, o‘zim ham xiyol chalg‘idim... Gapning qisqasi, bu alloma adib, bu dvoryan-boyvachcha Barkamol insonning shakllanish jarayonlari haqida (inchunin O‘zi-o‘zligi haqidayam!) o‘ylarga tolib, shunday bir xulosaga keladi.
Men bu xulosani «o‘zlashtirma gap» qilib bayon etaman. Mana, Inson tarbiyasiga zamin bo‘lgich omillar bor: MAKTAB (o‘qituvchilar, saboqlar...) bor, OTA-ONA (demak, jamiyat-ko‘y ham shu hisobga kiradi) bor. Tag‘in, umumiy MUHIT-da mavjud (davlat siyosati, manfaatlari, tashviqotlari...).
Bu UCHOVLON, aniqrog‘i, ikkovlon yosh vujudning kamol topishi, barkamol inson bo‘lib yetmog‘i uchun qo‘lidan kelgan harakatni qiladi: demak, aqli yetgan qadar (o‘zligidan-da kelib chiqib) tarbiya beradi... Ammo, — o, dunyoi qo‘tir, — «tarbiya topgan» jujuqlarning to‘qson to‘qqiz foizi ota-onasiga tortib ketadi…
Tolstoy ota-onasiga tortmagan!
Qarabsizki, biri — anchayin pomeshik-dvoryan bo‘lib yetishibdi, boshqa birovi yana «dush»ligicha qolaveribdi... Ularning har ikkisida ham BARKAMOLLIK ko‘rinmabdi.
Tolstoy hazratlari bu holga iqror bo‘lganlaridan keyin quyidagi tezis-dasturni olg‘a suradilar: «DEMAK, INSON — bo‘lajak inson O‘ZINI O‘ZI tarbiya qilishi kerak!»
O‘rischasiga: «SAMOVOSPITANIYE».
— Qarang, masalaning shu tarafi haqida juda kam gapiramiz-a? Menimcha, gap adabiyotga kelib taqaldi?
— Xuddi shunday... Chunki kitob o‘qiydigan kimsa — yoshmi u, keksami u — qat’i nazar, KITOB bilan yuzma-yuz qoladi. Undagi — asardagi qahramonlar bilan O‘ZIChA gaplashadi. Oraga birov tushmaydi! Yo‘q-yo‘q. Kitobxonning o‘zi... o‘zini tarbiya qila boshlaganini sezmay ham qoladi. Siz aytgan «turli usullar»dan Tolstoy domla ayni mana shu usulni «eng samarali usul», deb hisoblaydi va shunga butkul ishonch hosil qiladi. Illo bu holga O‘ZI misol — o‘zligi shohid...
— Shukur aka, iltimos, Siz ham o‘zingizdan-o‘zligingizdan biron misol keltirib o‘tsangiz. Tarbiya bobida.
— Endi misollar shu qadar ko‘pki, hatto qanday qadam bosishim ham o‘sha — Adabiyot bilan bog‘liqdek...
Bolalikdan tushsam. Ikkinchi kurs... uzr, ikkinchi sinflarda o‘qirdim. O‘sha o‘zingizga ma’lumu mashhur «Ikki sandiq» ertak-kitobchani o‘qib qolganman. Bu to‘g‘rida yozganman ham... Unda, masalan, «Zumrad suv olgani jilg‘aga tushsa, gullar egilib salom berardi», degan jumla bor. O‘lay agar, «gullarning egilib salom berishiga» nainki ishonib qolgan edim, bil’aks, ularni ilgarigidan ham yaxshiroq ko‘rib qolgandim. Oqshomlari bargaklari yumilayotgan nomozshomgulni ko‘rsam, «uyquga ketayotir», deb kulimsirardim. Keyin hovlining chirog‘ini yoqib qo‘ysam, qurmag‘ur nomozshomgul ochilib ketardi-da, men: «Aldadim, aldadim!» deb kulardim. Keyin unga rahmim kelardi...
Yoki bo‘lmasam, o‘sha... yo‘q, ikkinchimi-uchinchimi sinfning «Vatan adabiyoti» darsligida bo‘lsa kerak: Quddus Muhammadiyning «Bol ari» degan she’ri bor. She’rning ustida uchib yurgan asalari bilan atirgullarning rasmiyam solingan edi. She’rda shunday satrlar ham bor edi:

Bol ari, hoy, bol ari,
Uchib o‘yin sol, ari.
    Bog‘chamizda yayrashib,
    G‘uv-g‘uv nag‘mang chol, ari...

«Vey, asalari bilan gaplashish mumkin ekan-ku?» deb o‘ylagan bo‘lishim aniq. O‘ylamagan esam-da, arilar bilan gaplashadigan bo‘luvdim. Ba’zan ularni quvlagan bo‘lib, shu she’rni qo‘shiq qilib kuylardim. Yoki bo‘lmasam, o‘sha kitobda Zafar Diyorning:

    To‘rtko‘z itim o‘ynaydi.
    O‘ynamasam — qo‘ymaydi...

deb boshlanadigan she’rini o‘qiganimdan keyin Qoraboy degan maymoq itimni yanayam yaxshi ko‘rib qolgandim. O‘sha yillar itlar qulog‘idan kasal bo‘lishar, keyin qulog‘i... osilib, boshi ham o‘sha tomonga qiyshayib, o‘lib ketar edi. Vo-o, o‘sha it uchun qancha qayg‘urganman:

Endi kim bilan o‘ynayman, Qoraboy jo‘ra,
Seni sog‘inaman, bir o‘ylab ko‘r-a...

Umuman, «Tabiatni» deyishim mumkin — menga qayta boshdan sevimli qilgan, do‘stga-hamrohga aylantirgan «maktab ham, ota-onam ham» — aslida Adabiyot bo‘ladi!
Endi, kap-katta yigit, hatto universitetning qaysidir kursida o‘qiyotganimda Adabiyotning menga daf’atan kuchli ta’sir etgan momentlaridan birini aytib bersam.
O‘shanda O‘zuvchilar uyushmasi «Pervomayskiy» degan ko‘chada — ikki qavatli imoratda edi. Biz — tolibi ilmlarni qaysidir domlamiz oborgan edilar o‘sha yerga — qandaydir yig‘inga. Shunda yo‘lakda sotilayotgan kitoblarni ko‘rib, kimningdir maslahati bilan Ernest Xemingueyning yangi chiqqan ikki jildlik ruscha asarlarini 25 so‘mga sotib oldim.
Kvartiramga obkelib, birinchi o‘qiganim — «Imet ili ne imet» degan romani bo‘ldi. O‘zbekchasi — «Gardkam!..»mi? Yo‘q — «Bo‘lsang-bo‘l, bo‘lmasang-o‘l». Asar asosan kontrabandistlar haqida... Tag‘in unda Ispan urushidan kelgan bir nogiron jangchi ham bor. U — tagi jurnalist. O‘sha yigit (tag‘in ismi esimda yo‘q. Mayli, kebqolar) bir kuni dengiz yoqasida sayr qilib yurganida, plashiga o‘ranib o‘tib ketayotgan bir juvonga ko‘zi tushadi. Juvon ham uni ko‘rib: «O, Genri!» deb iziga qaytadi. Ko‘rishadilar. Yigit eslaydi: bu — mashhur fohisha. «Qalay endi?» deb ahvol so‘raydi yigit. «E, so‘rama, urush tugadi-yu, qashshoqlik qachon tugar ekan, hayronman», deb javob beradi ayol. Keyin u: «Ey, Genri, meni bir kafega obkirmaysanmi?» deb qoladi. Yigit jilmayib: «Yur, yaxshi bo‘ladi-da», deb uni ergashtirib ketadi. Kafedan kafe ko‘p. Bittasiga kiradilar. Shveytsarga plashlarini yechib berishadi. Keyin o‘zlari umumiy zalga o‘tishadi. Tamaki hidi, viski hidi! G‘ala-g‘ovur. Tantsa tushishayotir. Bular ikkovi ham uch oyoqli stol yoniga borib, viski buyurishadi. Biroz ichishganlaridan keyin o‘yin tushayotganlar orasidan jurnalistning bir-ikkita tanishi bularni ko‘rib qolib, yonlariga kelishadi. Yana birozdan ichishadi. Keyin ulardan biri Genridan so‘raydi: «Xonim bilan raqs tushsak maylimi?» Genri yana kulimsirab: «O‘zi biladi. O‘zidan so‘ra», deydi. Fohisha shunday mamnun, chehrasi ochilib ketgan bo‘ladiki, jon-jon deb uning quchog‘iga kiradi. Ular aylanib-aylanib ketishadi. Bular gurung qilib turishadi. Keyin uyinchining sherigi ham ketib, Genri yolg‘iz qoladi. Tag‘in biroz otadi-da, bitta sigaretni chekib bo‘lguncha, xonimni kutadi. Xonim shod-masrur! U yigitdan bu yigitga, bundan yana boshqasiga otilib borib, raqs tushaveradi. Nihoyat, Genri yarim jilmayib, yarim xo‘rsinib qo‘yib zaldan chiqadi. Shveytsardan plashini olib kiyadi. Haqini to‘laydi-da, unga yana o‘n dollar uzatadi: «Mening kim bilan zalga kirganim esingizda bo‘lsa kerak?» — «Ha, ser, esimda. U qizni juda yaxshi tanirdim», deb javob beradi xizmatkor. «Chiqib, meni so‘rasa, mana shu pulni unga bering. So‘ramasa, obqo‘ying, keyin bir kirishda olaman». — «Xo‘p bo‘ladi, ser», deb uni kuzatib qo‘yadi shveytsar.
Oradan ancha kunlar o‘tgandan keyin Genrining yo‘li tushib, tag‘in shu kafega kirib qoladi va shveytsardan: «O‘sha xonim nima qildi zaldan chiqib? Meni yo‘qladimi?» deb so‘raydi. «Yo‘q, janob (ser). Kayflari bor edi. Tanishlari bilan ketib qoldi», deb javob beradi xizmatchi. So‘ng Genriga o‘n dollarni uzatadi. Genri puldan besh dollarini uning oldiga tashlab, chiqib ketadi...
Tamom.
— Buni o‘qimagan ekanman, Shukur aka. Xemingueyning qahramoni juda olijanob yigit ekan.
— Gap shunda-da... Shuning o‘rnida, o‘sha jurnalistning o‘rnida o‘zimizning yigitlarimizdan birontasi... keling, o‘zim bo‘lganimda, nimalar qilgan bo‘lardim? Tasavvur etish qiyin emas. Avvalambor, fohishani bunaqa dargohlarga yetaklab kirmasdim. Xo‘p, yetaklab kirganimdayam uning birovlar bilan tansa tushib ketishiga qarab turmasdim. Nihoyat, uning yigitdan yigitning quchog‘iga o‘tayotganini ko‘rib, toqat qilolmasdim-da, uch oyoqning ustidagi butilkani olib, sekin ularning yoniga borardim. Ana to‘polon — mana to‘polon...
Yoki, yoki anovu shveytsarga meni esidan chiqargan ayolning esiga yana tushib qolib, meni surishtirganida: «Berib qo‘ying», deb o‘n dollar bergan bo‘lurmidim? Toshni berardim...
E, yana buyog‘iyam qiziq: biron haftadan keyin o‘sha kafega qaytib kirib, o‘sha jonon meni so‘ragan-so‘ramaganini surishtirganimda, o‘zbek shveytsar nima deb javob bergan bo‘lur edi?
Bu yog‘ini tasavvur etishni Sizga qo‘yaman...
O‘shanda juda yolg‘izlikni his etganman. O‘zi, haqiqatan ham yolg‘iz o‘zim edim kvartiramda. O‘zimu kitob! O‘zimu Genri bilan fohisha... O‘zligim haqida keyin qanchalar iztirob bilan o‘ylab qolganimni tasavvur etishingiz qiyinmas. O‘zimni shu qadar yuragi tor, yana allambalolardek his qilgandimki, qo‘yavering.
Keyin, tabiiy ravishda, o‘sha jurnalistday Odam-Inson bo‘lgim kelgan edi-da! Tag‘in deng, o‘sha paytda — o‘sha yillarda sovet siyosati har soniya miyamizga quyardi: «Amerika — imperialistik davlat. Chirib borayapti. Xalqi johil va och. Ularda bo‘rilar qonuni amalda! Bir-birini yeyish payida kun ko‘radilar!» va h.k.
Badiiy asar — Kitob — Adabiyot... mening ko‘zimni ochib yuborgan edi, desam ishonasizmi?
Mana — Adabiyotning kuchi.
Mana, u bilan yolg‘iz (atrofda odamlar bo‘lsalar ham, baribir yolg‘izlikda suhbatlashasan asar qahramonlari bilan) qolganingda ko‘nglingdan kechadigan — kishi bilmas o‘ylar-xayollar, mulohaza-fikr, hatto — taqlidu qiyolashu qiyoslanishlar...
Bir olam TARBIYA beradi (har yo‘sinda) bu mo‘‘jiza-Adabiyot! O, uning sadag‘asi ketay... Shu yerda «misol»ga nuqta qo‘yib, boshqa bir narsani aytsam, maylimi?
— Qani-qani?
— Bundan uch-to‘rt oy muqaddam desammikan, televizorda — xato qilmasam, — Alisher degan ukamiz «ADABIYOT» mavzuida davra suhbati o‘tkazdi. Him, o‘rtada yana ikkita yigit: biri — shartli ravishda qoralovchi, biri — oqlovchi. Ularning ortida — yigit-qizlar...
O‘shanda pachoqqina, surroq kulimsirab turgan bir yigitcha boshlovchining savoliga javoban — taxminan shunday dedi: «Adabiyot menga kerak emas. Mening maqsadim bor, kompyuterni o‘rganaman. Shu maqsadimga mos keladigan ilmiy qo‘llanmalarni o‘qiyman. Maqsadimga, albatta, yetaman!»
Men o‘shanda o‘zimcha shivirladim:
—    Maqsadingga yetarsan-u, attang, baribir odam bo‘lolmas ekansan-da, nodon. — Keyin jahlim chiqa boshladi. — Uning ishshayib turishini qara. Xuddi bir narsani qoyil qilib qo‘yganday... Obbo, qaerdan chiqdi o‘zi bunaqa gaplar-a: «Har kimning o‘z FIKRI bo‘lishi kerak!» Ha-ha-ha, fikri bo‘lishi kerak!
Lekin olamda shunday haqiqatlar borki, jumladan, Yaxshiligu Yomonlik, Nodonligu Johillik, Rahm-shafqatu bularning aksi... Bu tamoyillarga nisbatan har xil ema-as, BIR xil fikr, bir xil ko‘zqarash bo‘lishi kerak-ku! Aks holda...
... urg‘ochisi g‘ajiyotgan so‘ngakni tishlab tortib olgan yirtqich sirtlondan nima farqimiz qoladi?
Ha, bunaqa — nigilist yigitchalar o‘z MAQSADlariga yetish yo‘lida so‘ngakdan kattaroq o‘ljalarniyam o‘marib ketishlari mumkin... Rahmdillik? Nega rahmdil bo‘lishlari kerak? «Maqsad» yo‘lida olg‘a bosayotgan shovvozning birovga mehr-shafqat ko‘rsatib o‘tirishga vaqti yo‘q, axir! O‘xud bir mungli — qayg‘ulardan hikoya qiladigan mumtoz musiqa yangrayotir deylik. Uni tinglashga vaqti bormi uning? Vaqti bo‘lgan chog‘dayam ting-la-maydi. Axir, bu kuy uni o‘ylatadi... Unga esa, o‘ylatmaydigan, MAQSAD sari yurishiga ko‘mak beradigan yo kayfini chog‘ qiladigan yengil, o‘yinqaroq va qichimol qo‘shiqlar kerak...
Yunusobod bozoriga kiraverishda har gal eshitaman shunday qo‘shiqlarni: «Oqshom kel, bir maza qilaylik...», «Do-od», deb chinqirib qo‘yadi musiqa yozilgan kassetalarni sotayotgan yigitcha gijinglab. Unga boshqa sheriklariyam qo‘shiladi va o‘sha kassetani xarid qilishadi... Ha bizning o‘sha — MAQSAD sari intilishga ahd qilgan puchuq yigitchamizning o‘ziga xos maslakdoshlari — bular...
Y-o‘o‘q, bunaqalar bilan bir okopga tushib qolishdan Xudo asrasin. Misol uchun-da...
Unga jon kerak: maqsad sari intilishi uchun... Himoya, do‘stni yolg‘iz qoldirish?
A, nima bo‘pti!
Dahshat-a?
O‘sha ko‘rsatuvning oxirida yana bitta — qandaydir savolga o‘sha yigitcha shunday javob berdi: «A-a, «O‘tgan kunlar»mi? O‘qimaganman. Otebk («Otabek» emas) degan yigitning fojiasi yozilgan emish. Televizorda ko‘zim tushgan... Yo‘q, o‘qimayman. Axir, aytdim-ku, mening adabiyotgayam o‘z nuqtai nazarim bor. O‘z fikrim bor...»
Vassalom.
Keyin boshlovchimiz ham nazarimda, qovun tushirdilar. «Mana, ma’lum bo‘ldiki, — deya palag‘dagina tovushda xulosa yasay boshladi boshlovchi ukamiz, — har bir masalaga har xil yondashish bo‘lganidek, adabiyotga ham ikki xil qarash mavjud ekan. Bu — tabiiy hol...»
E, bekorlarni aytibsiz!
Tavba.
— Shukur aka... Bundan ancha yillar burun chiqqan bir ma’ruza-maqolangiz «Adabiyot o‘ladimi?» deb nomlangan edi. Oradan shuncha yil o‘tdi. Haqiqiy adabiyot taqdiriga doir munozaralar esa hamon davom etib kelayapti... Havaskor shoiru nosirlar topsa — o‘z puliga, topmasa — uddaburrolik qilib — o‘ziga yaqin tashkilotlarning boshini qotirib, mashqlarini kitob qilib chiqarayaptilar. Hatto ba’zilari o‘sha — bir pulga qimmat kitoblarini kutubxonalargayam joylashtirib, pul ishlayotirlar... Shu o‘rinda ikkita narsa o‘ylantiradi. Birinchisi — o‘sha pul qaysi manbadan olinishidan qat’i nazar, baribir — jamiyatning boyligidir. U behuda sovurilayapti! Ikkinchisi: mayli, qog‘oz, bosmaxona haqini aytmagan taqdirda ham, ularni kitob qiyofasiga keltirish uchun nashriyotlarda mehnat qilayotgan qanchadan-qancha ijodkorlar aqliy mehnatlarini samarasiz ishga sarflamoqdalar... Boz ustiga haqiqiy adabiy mehnat bilan qiyomiga yetmagan asarlarini jurnallarda, kitoblarda turfa janrlar bilan bostirib, o‘quvchilar didini o‘tmaslashtirayotganlar-da yo‘q emas.
— Avvalo, o‘sha ma’ruzamga «Adabiyot o‘ladimi?» deb nom qo‘ygan bo‘lsam, bu — Adabiyotning kuni to‘layotganidan xavotirga tushganimdan emas edi! Men ushbu sarlavhani qo‘shtirnoq ichiga olgan edim va bir-ikki sahifadan keyin shu mazmundagi gaplar qulog‘imga chalinayotganini ilova qilgan edim. Shu bois birovning gapini qo‘shtirnoqqa olib, sarlavhaga chiqargandim. Zero, bu sarlavha o‘quvchilar diqqatini ko‘proq tortsa o‘ziga, degan niyatim ham yo‘q emas edi.
Siz ta’kidlagandek, ma’ruza-maqolaga (ma’ruzamning uchdan biri o‘shanda «O‘zAS» sahifalarida qisqarib chiqqan) nisbatan turli-tuman munosabatlar bildirildi. Hatto bitta tuzukkina yozuvchi ukam: «Shukur aka, adabiyot o‘lmasligini bilaman. Shuning uchun o‘sha yig‘inga bormay qo‘ya qoldim», degan edi. «Ajab, men buni bilmas ekanmanmi?» deb kulimsirab qo‘ygan edim men ham...
Endi bozor iqtisodi sharoitida har xil qoralamalarning kitob holida chiqib ketayotganiga kelsak, bunday mualliflarga ergashayotgan ayrim yozuvchilarni ham ana o‘sha «havaskorlar» safiga qo‘shmoq kerak. Chunki ularning adabiy saviyasi ham, nom chiqarishga ishqibozlik darajalari ham bir xil.
Shu tobda rahmatli Asqad Muxtorning bir muloqotda aytgan gaplari yodimga tushib ketdi: aytmasam bo‘lmas... «Asqad aka, — deb so‘raganman men, — nimaga bu odam chol-mo‘ysafid bo‘la turib, bunchalar nodon-a?» Asqad aka javob berganlar: «Chunki, Shukurjon, ular yoshliklaridayam nodon edilar. Demak, nodon yoshlardan dono qariyalar paydo bo‘lmas ekan». Zo‘r gap-a?
— Asqad aka — donishmand odam edilar-da!
— «Xo‘sh» deganingizdan bildik — o‘zbek ekansiz, deganlaridek, bir-birimizni tushundik. Endi men sizga bir emas, ikkita misol aytaman-da, keyin birgalashib o‘ylab ko‘ramiz... Ostap Bender rolini kinoda o‘ynagan mashhur aktyor, hozirda rejissyor (ismi nimaydi? Rurevmi, Gurevmi — shu-da!) televizorda muxbirga intervyu berar ekan, «Nima uchun bemaza sahna asarlariyam ko‘payib ketdi?» degan savolga ancha o‘ylanib qolib, aftidan ne-ne andishalar bilan shunday javob bergan edi: «Bizda tsenzura yo‘qotildi. Bu, bu — juda yaxshi ish bo‘ldi. Ammo lekin badiiy asarni o‘qib chiqib, mulohaza bildiradigan, kerak bo‘lsa — uni tahlil qiladigan, kerak bo‘lmasa — qaytarib yuboradigan zukko muharrirlar ham g‘oyib bo‘lishdi. Yozganingni chiqaraver — qo‘lingdan kelsa, demokratiya zamoni bu!» deyildi, demak. Ana shuning uchun «Yaxshi asar» bilan «O‘mon asar»ning farqiga borolmay qoldik. Bu sohada «zamona — zo‘r grafamanniki yo puldorniki bo‘lib ketdi».
Bu teran va achchiq mulohazalar — boyoqish rejissyorning yuragidan sitilib chiqqan dard — bizning ham dardimiz emasmi?.. 
Endi, ikkinchi misolni aytaman. Bir kuni Anton Pavlovich shogirdi Bunin bilan Qora dengiz sohilida sayr qilib yurib, ittifoqo to‘xtab qolishadi. Tolstoy... Lev Tolstoy suv yoqasidagi bir qoyada qoyadek bo‘lib o‘tirganmish. Oppoq soqoli yelpinib, yelkalariga ucharmish. Chexov o‘ziga xos nazokat va do‘xtirlarga xos xotirjamlik bilab debdi: «Ivan, Tolstoy qaridi. Yaqinda o‘ladi. Bilasanmi, uning o‘limi meni unchalik hayajonga solmaydi. Boshqa narsa hayajonga soladi: adabiyotimizda qalang‘i-qasang‘i yozuvchi, xom-xatala asarlar bodrab ketadi. Didning buzilishi boshlanadi. Demak, odamga ziyon yetadi... Tolstoyning avtoriteti adabiyotimizni ana o‘sha loyqa oqimlar bosqinidan asrab turibdi hozir...»
...Buyuk avtoritetlar, Adabiyotni vijdoni pok holda ko‘tarib turguvchi bilimdon iste’dod sohiblari... Qani? Qahhoru Oybek qatoridagi chinorlarimiz qulab ketdi. Tanqidchi-adabiyotshunos olimlarimiz haqidayam shu gapni aytish mumkin. Masalan, Ozod aka Sharafiddinov batamom publitsist bo‘lib oldilar. Domla Qo‘shjonov anchayin havaskor adibning ham boshini silayaptilar, xolos. Umarali aka shoirona ehtiroslarga beriladigan bo‘p qoldilar. Norboy aka, umuman, safdan chiqib ketdi. Ibrohim G‘afurov boshqa yo‘lda ijod qilayapti. Qozoqvoy Yo‘ldoshev zo‘r-u, ba’zan uning shaxsiy «men»i «shunos»ligini bosib ketadi...
Xayol qilamanki ba’zan, aziz umrlarini adabiyotimizga tikkan bu olimlarimiz xuddiki seldan — bo‘tana to‘lqinlar qa’ridan sohilga chiqib bir qattiq silkinishda ancha-muncha loyqa suv zarralarini sochib tashlab, atroflarga chimirilib qaragan tulpordek, bi-ir silki-ib olsalar, olam guliston bo‘lib ketadigandek.
Ammo ayni chog‘da sezib ham turaman: bularning ortida suyanadigan tog‘lari bo‘lishi bilan birga qo‘llari ham uzun — nashriyotu jurnallarga bemalol yetadigan bo‘lishi kerak... O‘zini hurmat qiladigan yozuvchi ham yirik janrdagi har qanday asarini shu soha mutaxassislari muhokamasiga qo‘ymasdan e’lon qilib yuborishni... or bilgani tuzuk.
Ha, shunday bo‘lishi kerak. Aks holda kitobxonning saviyasi — bizning saviyamiz orqaga ketishi tayin... Holbuki, biz komil inson, barkamol jamiyat yo‘lini tutganmiz. Shundaymi?
— Albatta... Charchatib qo‘ymadimmi, Shukur aka?
— Yo‘q... Aytdim-ku, bu masalalarda maslahat berishga men ham «yoshlik qilaman». Siz aytgan muammolarga birmuncha munosabat bildirdim, xolos.
— Mayli. Suhbatingiz uchun, rahmat, Shukur aka.
— Sizgayam...

Suhbatdosh: M.Abdullayev


Adabiyotning o‘limi — Insonning halokatiga to‘g‘ri keladi: illo bu insoniyatning tadrijiy takomilidagi aqliy va hissiy O‘suvining hosilasidirki, Inson undan kechib orqaga — ibtidoiy sezimlaru fikrlash tarziga qaytolmaydi. Bil’aks olg‘a borib, Adabiyotning yangidan-yangi imkoniyatlarini ochadiki, Adabiyot, o‘z navbatida, ana shu Inson(iyat)ning aqliy va hissiy takomili darajasini oynadagidek ko‘rsatib turadi: bular — uzanggi-yo‘ldoshdir.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 7-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.