OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yozuvchining iqrorlari (Gabriel Garsia Markes bilan suhbat) (1980)

Yozuvchining hayoti, dunyoqarashi, ijodiy laboratoriyasi hamisha o‘quvchilarni qiziqtirib kelgan. Ayniqsa, adabiyot ixlosmandlari o‘zlarining sevimli adibi haqida barcha ma’lumotlarni bilishni istaydi. Quyidagi suhbat matni Rossiyada chop etiladigan “Lotin Amerikasi” jurnalining 1980 yilgi 1-sonidan qisqartirib olindi. Unda o‘zining “Buzrukning kuzi”, “Yolg‘izlikning yuz yili” romanlari bilan o‘zbek o‘quvchisiga ham yaxshi tanish bo‘lgan Gabriel Garsia Markes bilan asarlarining yaratilish tarixi, yutuq va kamchiliklari, umuman, adabiyotni tushunish xususida so‘z yurititiladi.

“...Poezdda boriladigan bo‘lsa Jeneva shahriga sakkiz soatlik mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tishim kerak. Yaxshiyamki, do‘stlarimdan “Yolg‘izlikning yuz yili” asarining bir nusxasini olgan ekanman. Bo‘lmasa o‘qishga hech vaqo yo‘qligidan keta-ketguncha zerikardim. Shunday qilib, o‘zim yozgan romanni ham o‘qidim. Aniqrog‘i, uning uch-to‘rt bobini mutolaa qildim, xolos...”

— Xo‘sh, kitobingiz o‘zingizga yoqdimi?

— Ochig‘ini aytganda yo‘q. Biror asar yozayotganingda dunyoda undan yaxshiroq kitob yo‘qligiga imon keltirasan. Ammo uni bu gal o‘qiganimda roman yozilayotgan kezlarda menda nimalardir yetishmaganini tushundim. Ya’ni, asarda voqea-hodisalarni faqat gapirib beribman. Bu esa Yozuvchi uchun juda uyat.

Aslida bu asarni boshlaganimda vaqtim kam, ustiga-ustak uni tez tugatishim kerak edi. “Buzrukning kuzi”ni esa yetti yil davomida xotirjam yoz­dim. Shu sabab “Yolg‘izlikning yuz yili” asarining tug‘ilishi qiyin bo‘lgan.

Men nihoyatda injiq o‘quvchiman. Agar kitob zeriktirsa, uni uloqtirib yuboraman. Yozayotganimda ham shunday qilaman. Qo‘limga qalam olishim bilan bitayotganlarim o‘quvchi uchun zerikarli bo‘layotgandek tuyula boshlaydi. Shu bois, asarlarimni jonlashtirish yo‘llarini qidiraman. “Yolg‘izlikning yuz yili”ni yozayotganimda ham mana shunday bo‘lgandi. Asarda juda ko‘p avlodlar haqida hikoya qilinishi kerak edi. Keyinroq esa, agar shunday yo‘l tutsam, roman takroriy davriylikdan iborat bo‘lib qoladi va o‘quvchini zeriktiradi, deb o‘yladim. Shuning uchun uning deyarli teng yarmi yozib bo‘linganida yozishdan to‘xtadim.

— Bir tanqidchi “Yolg‘izlikning yuz yili” asari “Buzrukning kuzi”ning muqaddimasiga o‘xshab qolgan, degandi. Boshqalar esa romanni tushunolmagan joylarini bilish uchun unga qayta-qayta murojaat qiladi. O‘zingiz bu haqda nima deysiz?

— Savolingizdan keyin “Yolg‘izlikning yuz yili” romanini yana bir karra o‘qib chiqishim kerakka o‘xshaydi. Ishoning, bu sizga qay darajada qiziq bo‘lsa, men uchun ham shunday.

Tanqidchi tanishlarim talaygina. Ular bu kitob haqida ko‘p yozishdi. Maqolalarni o‘qimay qo‘yganimga esa ancha vaqt bo‘ldi. Chunki tanqidchilarning soxta va noto‘g‘ri fikrlarini umuman singdirolmayman. Men o‘quvchi va Yozuvchi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar bo‘lishini xohlayman. Har doim yozishni boshlaganimda asarlarim orqali hech bir “dallol”larsiz o‘quvchiga biror narsa berishga intilaman. Jilla qursa, shunga intilaman.

Ba’zi tanqidchilarda asarda muallif nima demoqchi bo‘lganiyu, uning o‘zi bu kitobni qanday tushunganini o‘quvchilarga aytib berish moyili kuchli. Demak, bu sharoitda adib bilan o‘quvchining o‘rtasida hech qanday aloqa qolmaydi. Shuning uchun ham ularni yomon ko‘raman. O‘ylashimcha, ular Yozuvchi va o‘quvchi o‘rtasida turib, faqat xalaqit beradi. Gohida ularning “Chetroq turing. Men siz bilan emas, o‘quvchi bilan gaplashayapman”, deyishganini ko‘rib ensang qotadi. Ayrimlarining xayoliga na adib, na o‘quvchi keladi. Balki, bu to‘g‘ridir, kitobda to‘la anglab bo‘lmaydigan joylar ko‘pdir. Bundan esa aksariyat tanqidchilar o‘zlarini oqlash uchun “hatto muallifning o‘zi nima demoqchiligini bilmaydi”, deya jar solishadi. Shu sabab ularning fikrlarini yuragimga yaqin olmayman. Yoki o‘zi shunday bo‘lishi kerak edi, deb qo‘ya qolaman.

“Yolg‘izlikning yuz yili” “Buzrukning kuzi” asarining muqaddimasimi? Balki, nafaqat bu asar, balki boshqalari ham tan­qidchilarning nazarida shundaydir. Biroq “Buzrukning kuzi” tamoman bosh­qa asar. Men shunday o‘ylayman.

Asarimga qayta-qayta murojaat etish o‘zimga ham yoqadi. Chunki bu kitob umrining davomiyligi bilan bog‘liq. Adabiyot tarixidan ma’lumki, o‘tgan davrlarda hammani hayratga soladigan ko‘plab asarlar yaratilgan. Keyinchalik esa ular muomaladan chiqib ketgan. Hozir o‘sha kitoblarni hech kim eslamaydi. Demoqchimanki, qani bugun o‘sha benazir, qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilgan ritsarlarning romanlari? “Yolg‘izlikning yuz yili”da esa hech kim hech qachon bilmaydigan davrlar aks etgan. Shu sabab mening bu kitobimga vaqt o‘z izmini qanday o‘tkazishini o‘ylab ba’zida xavotirga tushaman. Men uchun u olib kelgan shuhrat va juda ko‘p nusxada sotilgani, dunyoning o‘ttizdan ortiq tiliga tarjima qilingani unchalik katta ahamiyatga ega emas. Men uchun asosiysi, asarimning birinchi avloddan ikkinchisi, uchinchisi va hokazosiga salmog‘ini yo‘qotmasdan o‘tishidir. O‘ylashimcha, aynan mana shu adabiyotda qolish bo‘lsa kerak.

Afsuski, muallif oddiy o‘quvchining fikrini hech qachon bilolmaydi. Bunga shon-shuhrat sababli yuzaga kelgan masofa to‘sqinlik qiladi.

Ba’zida xotinim Mersedes bilan uyda yolg‘iz qolganimizda kimnidir kechki ovqatga taklif etamiz yoki aksincha. Do‘stlarimiz ko‘p. Ularning ayrimlari shunchaki qo‘ng‘iroq qilishmaydi, balki yigirmadan ortiq oqshom, bayramona uchrashuvlar borligini ta’kidlashadi. Ana shunday ziyofatlarda yana shon-shuhrat tufayli yakkalanib qolasan kishi.

— Kitobxonlarning xatlari-chi?

— Ha, ular yozishadi. Nomalarning aksariyatida asarlarning qo‘lyozmalarini so‘rashadi yoki ijodim yuzasidan himoya qilayotgan diplom ishlari va dissertatsiyalari bo‘yicha savollar bilan murojaat qilishadi. Sevgisini senga xatlar orqali izhor etishi esa yoqimsiz. Xotinim bunaqa nomalardan ajoyib “kolleksiya” yiqqan. Albatta, u menga bu xatlarga na javob yozishni, na ularni saqlab qo‘yishni taklif etadi.

Afsuski, oddiy kitobxonlar bilan aloqalarga ularning tortinchoqligi halaqit beradi. Attang, ular ijoding haqida nima deb o‘ylayotganini bilolmaysan. To‘g‘risini aytganda, o‘quvchilar “Yol­g‘izlikning yuz yili” ularning oilasi tarixi ekanini haqida tez-tez yozib turishadi. Tabiiyki, Karib havzasi va Lotin Amerikasida yashaydigan odamlardan buni eshitishning hech bir ajablanarli joyi yo‘q. Biroq bir kuni Germaniyadagi kichik bir shaharda (afsuski, nomini eslayolmayman) yashovchi nemis ayolidan xat oldim. Uning yozishicha, “Yolg‘izlikning yuz yili” ularning oilasining tarixi haqida. Makondo esa ularning qishlog‘i.

Bu fikr nima uchun asarni kinofilm qilishga qarshi bo‘lganimni isbotlaydigan omil. Haqiqatan ham pul uchun har narsaga tayyor bo‘lgan, asarni qo‘shimchalar bilan “boyitadigan” rejissyorlar, ayniqsa, Shimoliy amerikalik mazkur soha mutaxassislariga doim rad javobini berib kelganman. Ular meni ko‘ndirish uchun bir million, ikki million va hozirda uch million dollar taklif etishmoqda. Biroq pullar fikrimni o‘zgartirishga asos bo‘lolmaydi. Men o‘quvchilar kitobdagi qahramonlarni qanday faraz qilsa, shundayligicha mutolaa etishini istayman. Ya’ni bir o‘quvchi Ursulani momosidek tasavvur etsa, ikkinchisi uning obrazini singlisidek ko‘z oldiga keltirib kitobimni o‘qishini xohlayman. Chunki kitobxon o‘qish jarayonida o‘zining shaxsiy obrazlarini yaratadi. Ekranda esa har bir personajning o‘z qiyofasi bor. Bilmadim, bunday qaltis ish kitobxonning ko‘nglini sindirmasmikin? Mayli, o‘quvchilar Ursulani xolasiga o‘xshatishsin, masalan, Sofi Lorenga emas. Xolasi unchalik chiroyli bo‘lmasa ham, mayliga. Nazarimda, kitobxon va Yozuvchi o‘rtasidagi ichki muloqot — aynan shu.

— Demak, asarlar asosida filmlar yaratish obrazlarni buzishi mumkin...

— Ha, bu ish aynan obrazlarni o‘zgartiradi. Filmlar ko‘rayotganimizda “Qara, uning basharasiga, qara!” deb aytamiz. Shuning barobarida har doim ulardan ko‘nglimiz sovib borayotganini his etamiz.

— Xuddi o‘zingizdek, o‘quvchi va Yozuvchilarga jiddiy ta’sir etgan uch nafar adibni aytib bera olasizmi?

— Doim tushunarsiz bo‘lgan adabiy ta’sir nima ekanini bilmasdan turib, nafaqat ularning uch nafarini, balki, o‘n, yigirma nafarini keltirib o‘tish nohaqlik bo‘ladi. Shu bois, men har qanday vaziyatda ham qiziqish uyg‘otib kelgan adabiy ta’sir nima ekani va uni qanday aytilishi to‘g‘risida mufassal javob beraman.

Bir kuni “Buzrukning kuzi” asarini qanday davom ettirishni bilmay turganimda qo‘limga tasodifan Ernest Xeminguey so‘zboshi yozgan “Afrika ovi” (“Oxota v Afrike”) degan asar tushib qoldi. Meni hayron qoldirgan narsa shu ediki, nima sababdan adib aynan mana shu kitobga so‘zboshi yozdi? Boshida asar unchalik yaxshi taassurot qoldirmadi. Biroq, odatimga ko‘ra, uni oxirigacha o‘qib chiqdim. Kitobda ov va fillar haqida juda zo‘r yozilgandiki, muallif jonivorlarni o‘rganib chiqish borasida ko‘pchilikka o‘r­nak bo‘la oladi. Asarni o‘qib bo‘lgach, o‘z xato va kamchiligim nimada ekanini tushundim. Boshqacha ayt­ganda, kutilmaganda qahramonning fe’l-atvori va xarakterini ifodalashning kalitini topdim.

Adabiy ta’sirni to‘liq nazorat qilishning iloji yo‘q. Ba’zida tanqidchilar adiblarni ta’sirlanishda ayblab, shunday kitoblarni misol keltirib o‘tishadiki, ularni hatto Yozuvchi o‘qimagan ham bo‘ladi. Shuning uchun gap kelganda, tanq­idchilar ko‘pincha mana shunday xatolarga yo‘l qo‘yishini aytib o‘tmasam adolatsizlik bo‘ladi. Axir, odam boshqa birovning asarini o‘qimasdan turib, qanday ta’sirlanishi, ilhomlanishi mumkin?

Shu o‘rinda, shak-shubhasiz, aytib o‘tishim mumkinki, men ispan adibi Frans Kafkadan jiddiy ta’sirlanganman. Maktabda o‘qib yurgan kezlarimda kimning asarini o‘qisam, o‘sha mavzuda yozishni xohlardim. Ammo talabalik yillarimda tasodifan Kafkaning «Metamorfozalar» degan hikoyalar to‘plami tushib qoldi. Keyin o‘qishni boshladim va darrov o‘yladim: “Bu asar adabiyotga yaradimi, demak, yozishga arziydi”. Biroq o‘shanda bunaqa qilish kerak emasligini bilmagandim. Bu taqiqlangan, deb o‘yladim. Shu lahzada menda odamlarga aytadigan gaplarim borligini tushundim. Ertasi kuni esa yozishni boshladim.

Tan olaman, shu paytgacha e’lon qilingan hikoyalarimda Kafkaning ta’siri katta. Lekin ular ijodiy ishlarimning dastlabkilari edi. Qaytadan o‘qib chiqqanimda ularda intellektuallik borligini sezdim. Ya’ni ular mav­hum, faqat uy-xayollardan iborat bo‘lib qolgan edi. Shundan keyin, men haqiqiy hayot bilan yuzma-yuz kelgan joyga — tug‘ilgan qishlog‘imga qaytdim. Bu yerda esa adabiyotning asosi nima ekanini tushundim. Shuning uchun Kafkaga rahmat aytaman, negaki, u men yozmoqchi bo‘lgan, lekin arzimaydigan asarlarni bitmagandi.

Bir kuni Folkner yozgan joylar bilan tanishish niyatida Qo‘shma Shtatlarning janubiga yo‘l oldim. U yer men dunyoga kelgan Arakataka shaharchasiga juda o‘xshab ketardi. Balki, menga shunday bo‘lib tuyulgandir. Biroq ular bir-biriga umumiy belgilari bilan o‘xshash edi, nazarimda. Arakatakada “Yunayted frut kompaniya­si” qurilishi natijasida u yerda maishiy madaniyat — arxitektura, shu bilan birga, temir tom qoplamalari, poezd vagonlari, palmalar va o‘tloqlar paydo bo‘ldi. Bu Qo‘shma Shtatlarning janubida ham bor. Bularning hammasini ko‘rganimdan so‘ng, dunyoda bir necha bor Folkner meni o‘qigan deb gapirilgan va men aytmoqchi bo‘lgan izhorlar borasidagi muammolar yechimi topilgandek edi. Ya’ni Folknerdan ta’sirlanganimni tan olmaslik adolatsizlik bo‘lishini ang­ladim.

Yana bir ajablanarli ta’sirlanish. Shak-shubhasiz, buni hech bir tanqidchi sezmagan va fahmlamagan. U Virjiniya Vulfdir. Aynan undagi o‘ziga xoslik va hayratda qoldiradigan darajada dunyoni his etish, eng asosiysi, zamonni juda yaxshi anglash fazilati yozishimga yordam bergan.

Men nomlarini aytib o‘tgan Yozuvchilarning uch nafari ham ispan tilida yozmasligini ko‘rib turibsiz. Hammasidan ham ko‘ra, ijodimda yana bir e’tiborimga molik ta’sirlanish bu — oltin asr ispan she’riyati. Boshqacha aytganda, men ispan tilini o‘rganishim natijasida faqat poetik bilim olishga erishdim. Hozir ispan she’riyatini besh barmoqday bilaman, deb ayta olaman. Bu ishlashimga asqotadi.

Shuningdek, Atlantika okeani qirg‘oqlaridagi Kolumbiya va Karib orollarining xalq qo‘shiqlaridan qattiq ta’sirlanganman. Ularning manerasini esa ta’riflab berish qiyin, faqat lazzatlanish, hayajonlanish mumkin. Men ularni hikoya qilib berish uchun kelganimda ancha kech qolgandim. Shunday bo‘lsa-da, amin bo‘ldimki, qo‘shiqlarda dunyo aks etadi. Harholda men shunday deb o‘ylayman.

Tan olib aytaman, Karib musiqalaridagi oddiylik va samimiylikdan ham ko‘p ta’sirlanaman. Bu “Buzrukning kuzida” o‘z ifodasini topgan. Shuning uchun tarjimonlar qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Asar Karib xalq­larining she’rlari bilan boyitilgan, jumladan, unda kubaliklarning, meksikaliklarning qo‘shiqlari ham bor. To‘g‘risini aytish kerak, bu ongli ravishda qilingan. Bu muallifning lazzatlanishi uchun qilingan o‘ziga xos adabiy o‘yin edi.

— Asarlaringizdagi qahramonlar...

— Asarlardagi qahramon bu — ma’lum bir aniq shaxs emas. U ko‘plab kishilardan iborat — kollaj. Agar kimdir biror bir tashqi qiyofani aks ettirmoqchi bo‘lsa, u, albatta, yovuz ko‘zni birovdan, yana kimdandir burunni, uchinchi kishidan fe’l-atvorni, to‘rtinchi odamdan sochni olib, razil bir insonning ko‘rinishini tasvirlaydi. O‘zimning qahramonlarim haqida gapiradigan bo‘lsam, ular negizi men eslaydigan, taniydigan odamlardan olingan. Ayrimlari esa juda ko‘p boshqa-boshqa kishilarning siymosi asosida yaratilgan. Qahramonlarning barchasini asosini, avvalo, muallif tanlaydi. U xoh ayol, xoh erkak, xoh yaxshi, xoh yomon bo‘lsin, baribir, dastlabki ta’sirlanish muallifdan boshlanadi. Keyin uni qahramon etib shakllantirish butkul boshqacha narsa. Personajlarni muallif yuragidan his etadi: kim yomonu kim yaxshi. Qisqasi, qalbda nima bo‘lsa, o‘sha yuzaga chiqadi. Shuning uchun aynan adabiyotda “manixeystva”ni tutib turish juda qiyin va yomon. Negaki, sen ertalab boshqa odam bo‘lasan, kechqurun esa umuman o‘zga kishi aylanasan...

Azim Ro‘ziyev tarjimasi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2012).

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.