OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ikromov Akmal Ikromovich

(1898-yil, Toshkent - 1938-yil, 13-mart, Moskva)
(1929-yil dekabr - 1937-yil sentabr)

Davlat va siyosat arbobi. Toshkentning O‘qchi mahallasida maktabdor Ikrom domla oilasida tug‘ilgan. Otasining maktabida savod chiqargan. Yoshligidan fors va arab tillarini puxta egallab, sharq adabiyotini chuqur o‘rgangan. Toshkent shahrida o‘qituvchi (1918-1919), “Izchillar to‘dasi” va “Chig‘atoygurungi”a`zosi, Elxon taxallusi bilan she`rlar yozgan. Namangan, Farg‘ona, Sirdaryo viloyatlari partiya tashkilotlarida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan (1919-1921). Turkiston Kommunistlar partiyasi Markaziy Kengashining kotibi va tashkiliy instruktorlik bo‘limi mudiri (1921-1922). Turkiston Respublikasida yangi iqtisodiy siyosat (NEP) ni amalga oshirilishida tashabbuskorlik qilgan. 1922-1924-yillarda Moskvadagi Kommunistik universitetda o‘qidi. 1925-yil yanvardan Toshkent viloyati partiya komiteti kotibi. 1925-yil fevraldan O‘zbekiston Kommunistlar Partiyasi Markaziy Kengashi kotibi, birinchi kotibi (1929-yil dekabr - 1937-yil sentabr). 1931-1934-yillarda Butun ittifoq kommunistlar partiyasi markaziy kengashining O‘rta Osiyo byurosi kotibi. Butun Rossiya Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi a`zosi, 1925-1937-yillarda SSSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi Prezidiumi a`zoligiga nomzod. O‘zSSR Markaziy Ijroiya qo‘mitasi Prezidiumi a`zosi (1925-1937).
A. Ikromov 1919-1924-yillarda imkoniyati doirasida o‘zbek xalqi manfaatlari uchun Markaz siyosatiga qarshi kurashgan. U mohir publitsist sifatida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini, xususan paxtachilikni rivojlantirishga, madaniy qurulishga doir ko‘plab nazariy maqolalar, ilmiya asarlar yozgan. Ikromov o‘z faoliyati davomida O‘rta Osiyo byurosi va Markazning ko‘rsatmalariga amal qilishga majbur bo‘lgan. 1925-1927-yillarda o‘n sakkizlar guruhi, inog‘omovchilikka qarshi g‘oyaviy kurash olib borgan. O‘zbekistonda yer-suv islohati, majburiy jamoatlashtirish, respublikada zamonaviy sanoat asoslarini qurish va boshqa tadbirlarga rahbarlik qilgan. Jadidlarni “burjua millatchiligi” da ayblagan. Ikromov garchi bolshevistik g‘oyadan chekinmagan bo‘lsa-sa, mustabid tuzum qatag‘onchilari uni ayab o‘tirmadilar. 1937-yil sentabrda Toshkentda qamoqqa olindi. sovetlarga qarshi “O‘ng troskiychi blok” deb atalgan ish bo‘yicha Moskvada sud qilinib, sobiq SSSRni bo‘lib yuborish, jumladan, O‘rta Osiyo respublikalarini ajratib olish, davlat tuzumini ag‘darish, kapitalizmni, burjuaziya hokimiyatini tiklashda ayblandi va otib tashlandi. 
1957-yil 3-iyunda SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi A. Ikromovni aybsiz deb topdi va u oqlandi. Ikromov xotirasi abadiylashtirilib, Toshkent shahridagi tumanga, yirik ko‘chaga, mahallalar va maktablarga uning nomi berilgan. Toshkent va Samarqandda haykali o‘rnatilgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.