OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xidiraliyev Inomjon

(1891-yil 23-fevral, Namangan uyezdi Pop volostidagi Iskovat qishlog‘i - 1928-yil 31-dekabr, Moskva)

Davlat va jamoat arbobi, diplomat. 1903-1905-yillarda Popdagi, 1906-07-yillarda Qo‘qondagi rus-tuzem maktabida o‘qidi. 1909-1917-yillarda O‘sh va Jalolobod shaharlarida Bozorqo‘rg‘on va Qo‘rg‘ontepadagi pristavlarda kotiblarda kotiblik va tilmochlik qildi. 1917-yil noyabrida uni O‘sh shahar dumasiga a`zo qilib saylashadi.
I. Xidiraliyev 1919-yildan turli sovet idoralarida mas’ul lavozimlarda ishladi: Farg‘ona viloyati partiya qo‘mitasining kotibi (1920-21), Turkiston ASSR Yer ishlari xalq komissari (1922), Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Komiteti (MIK) raisi (1922-24). RSFSR Yer ishlari, federal komiteti Prezidiumi a’zosi (1923-24). Turkiston ASSRning RSFSRdagi muxtor vakili (1924-yil yanvar - noyabr). I. Xidiraliyev Turkiston respublikasi manfaatlarini himoya qilib, bolsheviklarning shovinistik siyosatiga qarshi kurashdi. Turkistondagi istiqlolchilik harakatiga xayrixohlik bilan qaradi. U “o‘n sakkizlar guruhi”ning tashkilotchilaridan biri edi (1925). Yer ishlari xalq komissari (1925) sifatida I. Xidiraliyev O‘zbekistonda yer-suv islohotini amalga oshirishda faol qatnashdi. Paxtakor dehqonlarni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya qilish tarafdori bo‘lgan. 1926-yilda u O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi banki pravleniya raisi lavozimida ishladi. 
I. Xidiraliyev O‘zbekistonda yer-suv islohatini amalga oshirishda xalq komissari sifatida faol qatnashdi. U bolsheviklar tomonidan o‘tkazilayotgan “quloqlarni sinf sifatida tugatish” siyosatiga qarshi chiqqan edi. Paxtakor dehqonlarni iqtisodiy jihatdan himoya qilishda jonbozlik ko‘rsatdi.
Biroq mustabid tuzumning unga o‘tkazgan ruhiy tazyiqlari va doimiy ta`qib ostiga olishlari ta`sir qilmasdan qolmadi. I. Xidiraliyev 1928-yil Moskvadagi “Natsional” mehmonxonasida o‘z joniga suiqasd qildi. Moskvaning Vagankovo qabristonida dafn etilgan. I. Xidiraliyev vafotidan keyin, 1937-yildagi ommaviy repressiya davrida “xalq dushmani” sifatida qoralangan edi. Andijondagi ko‘cha, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi maktabga I. Xidiraliyev nomi berilgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.