OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yusupov Polvonniyoz hoji

(1861-yil - Xiva - 1936-yil 14-may)

Xorazmda jadidchilik harakatining yirik namoyandasi, yosh xivaliklar partiyasining asoschisi va davlat arbobi bo‘lgan P. Hoji Yusupov Xiva shahrida savdogar oilasida tug‘ilgan. Eski maktabda tahsil olgach, savdo ishlari bilan shug‘ullangan. U arab, fors, rus tillarini yaxshi bilgan. 1904-yili Turkiya, Misr, Suriya mamlakatlarida va Makka shahrida bo‘lgan. 1914-yili u jadidlarning “so‘l oqimi”dan ajralib chiqqan yosh xivaliklar patiyasini boshqardi. P. Yusupov 1917-yil 5-aprelda Xiva xoni Asfandiyorxonga taqdim etilgan davlat boshqaruvida islohatlar o‘tkazish to‘g‘risidagi manifest mualliflaridan biri edi. Manifestga binoan 1917-yil 8-aprelda Xiva xoni huzurida mamlakatni yangicha boshqarish uchun Majlis tuziladi. P. Yusupovga Rossiya hukumati va rus qo‘shinlari bilan munosabatlarni barqarorlashtirish vazifasi yuklatildi. Biroq Asfandiyorxonning jadidlarga qarshi siyosati natijasida Yusupov 1917-yil oxiridan boshlab 2 yil davomida Toshkentda muhojirlikda yashadi. Turkkomissiya muhojirlikdagi yosh xivaliklar partiyasidan Xiva xonligini ag‘darib Xorazmda sovetlar andozasidagi yangi hukumat tashkil qilishni rejalashtiradi. 1918-yil boshida Toshkentda muhojir yosh xivaliklardan tashkil qilingan Komitet bolsheviklar ta`sirida edi. 
Shu tariqa P. Yusupov quyidagi lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan: bolsheviklar ta’siridagi Yosh xivaliklar inqilobiy qo‘mitasi raisi (1918-yil boshidan). Turkiston ASSR Milliy ishlar xalq komissarligida Turkman sho‘basi boshlig‘i (1919). Xiva xonligi ag‘darilgach (1920-yil 1-fevral), yangi tashkil qilingan Xorazm Xalq Sovet Respublikasi Nozirlar Sho‘rosining birinchi raisi (1920-yil 27 aprel - 1921-yil 6 mart).
Yusupov XXSR hukumati raisi sifatida mustaqil siyosat yuritish va Xorazm Respublikasida demokratik islohotlarni qaror toptirish uchun intilgan. Biroq Turkiston komissiyasi (Turkkomissiya) va Turkiston fronti qo‘mondonligi Polvonniyoz Hoji Yusupovning bu siyosatiga qarshi chiqib, Xivada yangi hukumat to‘ntarishini amalga oshirishgan. Yusupov faol siyosiy kurashdan voz kechganligi uchun keyinchalik bolsheviklar tomonidan afv qilingan va XXSRda turli lavozimlarda xizmat qilgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.