OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdujalol Rahimov. Sensan sevarim... (hikoya)

Mashinamda radio bor. Antennasini sozlab qo‘yganman. Bir qo‘shiqni juda ko‘p qo‘yishadi. Unda shunday so‘zlar bor:
 
Sensan sevarim, xoh inon, xoh inonma,
Qondur jigarim, xoh inon, xoh inonma...

Bu qo‘shiq menga juda yoqadi. Yurakni sel qilib yuboradi o‘ziyam. Radiodagi boshlovchi qiz e’lon qilganida bilib olganman: shoir Lutfiyning g‘azali ekan. Eh, avvalgi shoirlar zo‘r yozib qo‘ygan-da! Ular haqida adabiyot o‘qituvchimiz Bakir aka ko‘p gapirib berardilar... g‘o‘r bo‘lganmiz-da, berilib o‘qimaganmiz.
Ha mayli, hozir gap bu haqda emas. Gap shundaki, «Sensan sevarim»ni eshitsam maktab yillarim esga tushaveradi. Ana-mana deguncha maktabni bitirganimizga ham o‘n yildan oshibdi. Bu orada har kim o‘z yo‘lidan ketdi. Yaxshi o‘qiganlar po‘rim kiyinib, doktorlik yoki muallimlik qilib yurishibdi. Bizning esa qo‘limiz qoramoy, yuk moshinaning rulini qavartirib yubordik... yoki teskarisi.
 Bugun Bo‘zsuv qishlog‘iga qum tashiyapman. Qishloqda qurilishlar avjida-da. Yangi uylar, savdo do‘konlari, eh-he, qarasang boshing aylanadigan binolar... lekin boshni aylantiradigan boshqa narsalar ham bor. Bilasizmi?
Qishloqqa kiraverishdagi yangi tushgan bekatdagi holat bir nimalarni esimga soldi. Aniqrog‘i radiodagi qo‘shiq ta’sir qildi. Bir yigit bekatning yonboshida xuddi sehrlanib qolganday bo‘lib, orqa tarafga burilib qotib qolgan. U yoqda esa bir navnihol, endi gulga kirayotgan olchaday bir qiz ketib boryapti. Qo‘lida sumkasi. Ilg‘ashimcha ular tengdosh, balki sinfdoshdir. Yigitcha mashinamning signaliga ham qaramadi. Tovba...
...O‘shanda biz maktabni bitirayotgandik. Aprel oyining so‘lim havolari esib qolgan. Bahor yuraklarga bokiralik olib kiradi. Bu ko‘klam biz uchun ayniqsa muhim edi. Yaqinda o‘qishlar tugaydi, sinfdoshlar bilan xayrlashamiz. Shuning uchun g‘animat kunlarda bir-birimizning ko‘nglimizni zig‘irchayam og‘ritmaslikka harakat qilardik. Oxirgi darsga qo‘ng‘iroq chalinganida Nabijon meni sekin chetga tortdi:
— Erkin, nima qilsam bo‘ladi? — dedi u biroz faromush qiyofada.
— Nimani aytayapsan? — ajablandim.
— Bilasanku? — Nabijon ko‘z ostidan menga qaradi.
— Senga bir gap aytaymi, xat yoz.
— Xat... qanday beraman? — dedi Nabijon. U qizarib-bo‘zarib biroz jim turdi-da, yutinib yana qo‘shib qo‘ydi: — Yaqinda maktabni bitiramiz. Keyin armonda qolaman.
— Men beraman, — deb yubordim bexosdan.
Nabijon dardini qizga aytishga yuragi dov bermaydi. Uning bu «qo‘rqoqligi»ni ham tushunardim. «Yo‘q!» desa tamom-da, axir! Xudo ko‘rsatmasin, agar bu gap yoyilib ketsa... Umuman, sinfimizda Malohatga oshiqu beqaror bo‘lgan birgina Nabijon emas. Yana uch-to‘rt yigit bu qizga o‘zini yaqin olishga harakat qilib yuradi. Malohat bo‘lsa hech kimga qiyo boqmaydi. A’loga o‘qiydi, o‘ziga yarashadigan kiyim kiyadi. Jiddiyligiga-ku gap yo‘q! U bilan hamma o‘ylab gaplashadi.
Oxirgi darsdan keyin Nabijon ikkalamiz paxta dalasi tomonga qarab ketdik. Bu daladan tutzor yoqalab Malohatlarning qishlog‘iga yo‘l o‘tgan. Qiz shu yo‘ldan uyiga qaytadi. Biz avval tez-tez yurib sinfdosh bolalardan ajraldik. Keyin biroz yugurdik.
— Xatga nima deb yozding? — so‘radim Nabijondan.
U menga qarab bir o‘qraydi-da, yana tez-tez yurib ketaverdi. Men unga ergashdim. Ha mayli, bunaqa gaplar eng yaqin do‘stingga ham aytilmaydi. Nabijon biroz jim yurgach: — Erkin, xatni sen berasan! — dedi ishonch bilan.
Biz tutzor yoqalab tez-tez yurib boraverdik. Yo‘lning qoq yarmiga kelib qoldik. Tezroq bir qarorga kelish kerak. Muammo shundaki, Malohat juda oriyatli, dimog‘i baland, tili achchiq qiz. To‘g‘ri so‘zligi uchun muallimlar ham undan hayiqadi. Ochig‘i, Vahob tog‘aning bog‘iga olma o‘g‘irlashga kirgandagidek, bo‘g‘inlarim titrab ketyapti hozir. Axir bu “He, otangning iligi sanlarni...” deb ortimizdan kesak uloqtirib qoladigan jaydari Vahob tog‘a kimu maktabning eng suluv sanami Malohat kim? Malohat — Malohatda, jo‘ralar. Yuzimga xatni otib ursa nima qilaman. Men ham o‘zimga yarasha bir kaj bandaman. Boshga tushganni ko‘z ko‘rar. Qani...
Tutlarning panasida turib yo‘lga qaradik. Malohat biz tomonga burildi. U beparvo, tez-tez yurib kelardi. Bu qizning yurishini faqat ozod kiyikka o‘xshatish mumkin. Uning paydo bo‘lishi dalaga, tuproq yo‘llarga jon kiritib yubordi go‘yo.
— Xatni yo‘liga qo‘yamiz, oladi! — dedim Nabijonga birdan.
U topqirligimdan lol qoldi. To‘rt buklangan xat ustiga Nabijonning o‘zi katta-katta harflar bilan «SEVGI MAKTUBI» deb yozishga ulgurdi. Xatni Malohatning yo‘liga ko‘rinadigan qilib qo‘ydik-da, tutlar panasiga yashirindik. Sershox tutlarning orasi salqingina edi. Yam-yashil barglarning o‘ziga xos hidi xush yoqadi. Ammo men bu paytda bunga e’tibor bermasdim. Hayajondan terlab-pishib ketdim, yuragim bezovta urardi. Men-ku shunchalik hayajonlanyapman, yonimda qimir etmay turgan oshiqning ahvoli nima kechdi ekan?! Bizga hamisha panoh bo‘lgan tutzor ushbu daqiqalarda ham ikkalamizni Malohatning nigohidan yashirib turardi.
Malohat yaqinlashib qoldi. Ko‘z o‘ngimda traktorning izi tushib qolgan tuproqli yo‘l jimirlashib ketdi. Qiz xatni ko‘rdi. Biz buni uning ko‘z qarashlaridan sezdik. Lekin u qadam tashlashini o‘zgartirmadi. O‘sha-o‘sha, bir tekisda, hech narsaga ikkilanmasdan kelaverdi. Nabijon yo‘g‘on tut daraxtini quchoqlab oldi. Mana, uch-to‘rt qadam yursa maktubga yetadi. Ammo qiz to‘xtamadi, atrofga ham alanglamadi. To‘g‘risi, men ana shunday bo‘lishini kutgandim. U bo‘lsa, hammasini oldindan bilgandek maktubga bir qaradiyu tutzor tomonga... tepib yubordi!
Etim jimirlab ketdi. Allaqanday sovuq muz butun badanimni yoqimsiz tirnab o‘tganday bo‘ldi. Biz nafas olishga ham cho‘chirdik. Malohat esa indamay, beg‘amlik bilan, hech narsa bo‘lmaganday o‘z yo‘lida ketardi. Do‘stimga qarasam, u hamon tutga suyanganicha yo‘lga termulib turibdi. Rangi oqarib ketgan, peshonasida ter tomchilari... Hozir uning ko‘zlaridan yosh oqadi, deb o‘yladim. Oldiga borib sekingina turtdim:
— Ketdik, bo‘lmadi...
 Yigitning ko‘ngli toptaldi. Uning o‘rnida o‘zim bo‘lmaganimga xudbinlik bilan shukur ham qildim. Nabijon menga mo‘ltirab bir necha soniya tikilib turdi-da, yaralangan jonivorday shahd bilan dala yo‘liga otildi. Xuddi birov olib qo‘yadiganday hovliqqanicha yo‘l chetida tuproqqa qorishib yotgan maktubni ikki qo‘llab changallab oldi. Uni darhol shimining cho‘ntagiga soldi. Men Nabijonning so‘kinishi, g‘azablanishini kutgandim. Aslo unday bo‘lmadi. U qizarib-bo‘zardi-yu, hech narsa demadi. Bo‘lib o‘tgan dahshatli voqeaga (bundan dahshatli voqea bo‘lmaydi-da) munosabatini ham bilolmadim. Ikkalamiz indamay ortga qaytdik. Yo‘l bo‘yi bir og‘iz ham gaplashmadik. Keyin har kim o‘z uyiga ketdi.
Bu haqda keyinchalik ham hech kimga gapirmadik. Menga o‘xshagan to‘poriroq yigit-ku bu voqeaga ko‘p ham parvo qilmasdi. Nabijon bo‘lsa... u boshqacha, juda qiynaldi. Bir oy ichida ozib, cho‘p bo‘lib ketdi. Ammo dardini hech kimga bildirmadi. U hali ham Malohatni sevardi. Hayron qolganim Malohat shu voqeadan so‘ng uch kun darsga kelmadi. Kelganida esa lablarida uchuqning o‘rni bor, yuzlari siniqqandek. Kasal bo‘libdi-da deb o‘yladim, ammo shu kundan boshlab u men bilan mutlaqo gaplashmay qo‘ydi. Nabijon bilan esa avvalgiday gaplashib ketdi.
— Malohat xat sendanligini bilmagandir, — dedim bir kuni. — Yana bir yo‘lini top, ezilib yuraverasanmi?
— Yo‘q! — dedi u taklifimni rad etib. — Maktub mendanligini bilardi! Bilmasa ham bilar edi. Shuning uchun ham u zo‘r qiz-da. Maktubni ochmay turib ham, mendan ekanligini bilmay yo bilib ham tepib o‘toldimi — u zo‘rda. Meni atayin qiynash uchun emas, ko‘nglimdagi gaplarning naqadar azizligini bilgani uchun ham tepib o‘toldi. Men xat yozish emas, tutzor chetidagi yo‘ldan uning qarshisiga uchib chiqishim va yolg‘iz bo‘lishim kerak edi. Agar boshqalarga o‘xshagan bo‘lganida qiziqib bo‘lsayam xatni ochib o‘qirdi. Va men ham uni suymasdim, oshna. U meni yaxshi ko‘rmasa ham hurmat qiladi, shu hurmatini qog‘ozga o‘rab tashladim. Men odam emasman! Qo‘rqoqman, qo‘rqoq...
Men Nabijonning gaplaridan lol edim. Ichimdan bir narsa uzildi, go‘yo. Tez orada bitiruv imtihonlari boshlandi. Bolalar ham, qizlar ham o‘z tashvishlari, kelajak rejalari bilan bo‘lib ketishdi. Biz, sinfdoshlar, bir-birimizga avvalgidan mehribonroq, yaqinroq, samimiyroq edik. Yo‘q, shunday ko‘rsatardik o‘zimizni. Men Nabijonning o‘sha gaplaridan odam ko‘nglining nozik bir qonunini kashf etdim: muhabbat qo‘rquv va ojiz umidni xushlamas ekan. Doim shunday bo‘larkan.
Maktabni bitirganimizdan ikki-uch oy o‘tib bir gap tarqaldi va men Nabijonning Malohatga bo‘lgan pokiza tuyg‘ularini yana achinish bilan esga oldim. Emishki, Malohat Bo‘zsuv qishlog‘ilik dehqon yigitni yaxshi ko‘rib qolibdi, tez orada to‘ylari bo‘larmish.
Sentyabr oxirlarida Malohat sinfdoshlarni to‘yiga aytdi. To‘yga Nabijon kelmadi. U Toshkentda, universitet talabasi edi. Avval aytganimdek, men bir to‘pori odamman, ammo bekatda ko‘rganim manzaraning mazmunini tushunaman.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 5-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.