OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdujalol Taypatov. Alam (hikoya)

G‘ulom Qodirovich ancha kech uyg‘ondi. Boshi lo‘qillab og‘rir, tomog‘i quruqshab qotib qolgandi. U og‘zida achchiq ta’mni sezdi. O‘rnidan turmoqchi bo‘lgan edi, boshi aylanib ketdi va gardanini yana yostiqqa qo‘yishga majbur bo‘ldi. Tomog‘i, ko‘kraklarida sim-sim og‘riq bor edi. Yutindi, shunda ichi kuyib, kuchli chanqoq hissini tuydi. Bir oz muddatdan so‘ng gavdasini zo‘rg‘a ko‘tarib, yog‘och karovatga oyog‘ini osiltirib o‘tirarkan, ko‘zi tinib ketdi. Tanasi xuddi onadan yangi tug‘ilgan qo‘zichoqnikiday “dir-dir” titrardi. Uning ko‘zi o‘rindig‘i tagida – poygakda turgan katta tog‘oraga tushdi. “Demak, tunda qayt qilibman-da” deya o‘yladi. Tumba ustida esa mineral suv, sovitilgan ko‘k choy turardi. U qo‘llari qaltirab, suvni oldi va oxiriga qadar sipqordi. Tanasiga huzurbaxsh bir orom yugurdi...
G‘ulom Qodirovich odatda deyarli aroq ichmasdi. Juda “nozik” davralarda obro‘li odamlarning yuzidan o‘tolmay bir-ikki qo‘l ichgan kishi bo‘lib, ho‘plab qo‘yardi, xolos. Ammo kecha nihoyatda xursand bo‘lganidan... Uyga qanday kelganini eslolmadi u.
Xonaga keng ko‘ylaklari halpillab, o‘zi harsillab xotini kirdi. Yoshligida qanday sarvqomat qiz edi u. Ne-ne yigitlar izidan yurardi. Biroq G‘ulom chaqqonlik qildi. Bir kechada uni aldab-avrab, poezdda shaharga olib qochdi.
– Voy, dadasi, tuzukmisiz? Kecha hammani qo‘rqitdingiz-ku?
– Nima bo‘ldi? – qovog‘ini uyib, to‘ng‘illadi G‘ulom Qodirovich.
– Ko‘p ichibsiz. Ukangiz va shofyoringiz zo‘rg‘a qo‘ltig‘ingizdan ko‘tarib, uyga olib kirishdi. Keyin rosa ho‘ngrab yig‘ladingiz. Qayt qilgandan so‘nggina uxlab qoldingiz. Shunday qattiq xurrak otdingizki, biz hammamiz qo‘rqib, boshingizda o‘tirib chiqdik. Ukangizning aytishicha, anavi qishloqdagi sinfdosh oshnangiz Eshmat sholoyim bor-ku, o‘sha ichiribdi sizni.
– Ko‘p vaysayverma! – xotinini jerkidi G‘ulom Qodirovich. – Shundog‘am boshim yorilib ketay deyapti. Nima, Eshmat mening og‘zimdan quyibdimi?
Kecha G‘ulom Qodirovich katta o‘g‘lini uylantirdi. To‘y azim shaharning manaman degan restoranlaridan birida bo‘lib o‘tdi.
Bu kunni G‘ulom Qodirovich qancha yillar orziqib kutgandi. Tushlariga kirib chiqardi bu to‘y. Qiynalganlarida, ishi yurishmay qolgan paytlari o‘ziga sabr-toqat, qanoat, iroda tilar va shu to‘y xayoli mayoq kabi uni oldinga chorlar, maqsad sari sobitlik bilan olg‘a intilardi. Bugun uning hamma narsasi bor: mansabi, mol-dunyosi, izzat-hurmati.
To‘yga aytiladiganlarni o‘zi ro‘yxat qilib chiqdi. Tug‘ilib o‘sgan qishlog‘idan ham ancha odam keldi. Dasturxon mo‘l-ko‘l bo‘ldi. El suygan hofizlaru qo‘shiqchilar xizmatda turishdi. Hammasi chiroyli, badastir, ko‘ngildagiday, mehmonlarning ham, mezbonlarning ham dimog‘i chog‘. Bazm oxirlab qolgan edi. Nozik mehmonlarga xizmat qilib turgan to‘yboshilardan biri – bolalikdan qalin sinfdosh oshnasi Eshmat yoniga keldi.
– G‘ulom, – dedi u bolalikdagiday bemulozamat. – Asosiy mehmonlar ketib bo‘ldi. Kelin-kuyovning jo‘ralari va bir-ikki qarindoshlar qolishdi, xolos. Shu musiqa tugagach, kelin-kuyovlarga ham ruxsat beramiz. Men ertalabdan buyon tuz totganim yo‘q. Siz ham, qarab turibman, o‘tirmadingiz. Yuring, chekkaroqqa o‘tib, tamaddi qilaylik.
– Ayni muddao, – dedi G‘ulom Qodirovich do‘stining yelkasiga qo‘lini tashlarkan va haqiqatda ochiqqanligini, oyoqda turaverib toliqqanini his qildi.
Ikki og‘ayni mehmonlardan bo‘shagan stollardan biriga borib o‘rnashishdi.Eshmat xizmatchi qiz keltirib qo‘ygan qadahchalarni chetga surib qo‘ydi-da, stol ustida turgan ikkita choy piyolani olib, ularni aroq bilan chayqab, tozalagan bo‘ldi. Keyin piyolalarni to‘ldirib aroq quydi. Birini G‘ulom Qodirovichga uzatib, ikkinchisini o‘zi qo‘liga oldi.
– Endi men bir so‘z aytsam, oshna, – dedi Eshmat salmoqlab. U tumandagi tashkilotlardan birida rahbar edi. Majlislarda gapiraverib pishib ketganidan har bir gapi ma’ruzaga o‘xshardi. – Biz siz bilan faxrlanamiz. Biz, deganim, hamqishloqlaringiz, tumandoshlaringiz, sinfdoshlaringiz. Keling, haqiqatning ko‘ziga tik qaraylik. Siz oddiy odamning farzandisiz. Otangiz bechora, kamolingizni ko‘rolmay, erta qazo qilib ketdi. Onangiz sizni yolg‘iz o‘zi gilam to‘qib, mol boqib o‘qitdi. Qiynalib o‘qidingiz. Talabalik davringizni bitta kamzul-shimda o‘tkazganingizni bilaman. Lekin siz sabr-toqat, chidam bilan barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tdingiz. Katta shaharda qolib, katta odam bo‘ldingiz. Biz o‘qigan maktabdan, qishlog‘imizdan chiqqan sizday nufuzli, katta hurmat-e’tiborga ega odamlar barmoq bilan sanarli.
Bugun siz to‘ng‘ich farzandingizning boshini ikkita qildingiz. Ajoyib to‘y bo‘ldi. To‘yning ta’rifi erta-indin el og‘zida doston bo‘ladi. Kelinni ham shu yerdan tanlabsiz. Men buning zamirida ham sizning uzoqni ko‘zlayotganingizni, donoligingizni ko‘rayapman. Ilohim, yoshlar baxtli bo‘lishsin. Bu kelin-kuyovlardan dunyoga keladigan nabiralaringiz sizdan-da o‘tadigan obro‘li odamlar bo‘lishsin. Martabangiz hamisha ziyoda bo‘lib, biz sizga suyanib yuraylik. Yoshimiz to‘qsonga yetganida ham mana shunday to‘ylarda tilak bildirib turish nasib etsin. Chin yurakdan sizni, oilangizni tabriklayman. Kelin muborak bo‘lsin!
Eshmat piyolani urishtirdi-da, bir zarb bilan oxirigacha sipqordi. So‘ngra:
– Menday iching. Baxtingiz doimo mana shu piyoladagi oq sharobday to‘liq va butun bo‘lsin! – deya qo‘shib qo‘ydi.
G‘ulom Qodirovich oshnasi qadah so‘zi aytmasa-da, ichmoqchi edi. Chunki bugun nihoyatda xursand bo‘ldi, biroz hayajonda edi. U ham tik turgancha piyolani bir ko‘tarishda to‘nkardi.
Eshmat ahyon-ahyonda qishloqqa borganida sira aroq ichmaydigan, tegmanozik oshnasining lim piyolani oxiriga qadar yutganini ko‘rib, hayratlandi va shumligi tutib, piyolalarni yana to‘ldirdi.
– Endi bunisi majburiy emas, – quvlik bilan kuldi Eshmat. – Har kim holiga qarab ichsin.
– Nega endi? – dedi G‘ulom Qodirovich keskin. – Men bugun ichmoqchiman. Siz ham ichasiz!
Ikkinchi qadah ham xuddi oldingisiday juda muloyim va oson ketdi.
– Endi men sizga o‘ttiz yillik bir sirimni, alamimni aytaman, jo‘ra. Siz mening qiyomatli do‘stimsiz, birodarimsiz. Agar bu sirni bugun ochmasam, yorilib ketaman. Nega men bu azim shaharda qoldim?
G‘ulom Qodirovichning tili g‘o‘ldirab deganlari garchi ichimlik ta’sir qilib, boshini qizdirayotgan bo‘lsa-da, Eshmatni hushyor torttirdi va u do‘stini tinglay boshladi.
...Dorilfunun bekatidan qoracha yuzini sepkil bosgan, uzun bo‘yli, ozg‘in, qora shim, oq ko‘ylak kiygan yosh yigit avtobusga chiqdi. Yigitning oyoqlari jussasiga nomutanosib, uzunroq edi. Uning kayfiyati chog‘, xuddi o‘qishga kirgandek xursand. Buning boisi, u bir necha kun navbat kutishlardan so‘ng, nihoyat bugun dorilfunun qabul komissiyasiga hujjatlarini topshirgandi.
Avtobus tirband edi. Navbatdagi bekatdan uch-to‘rt sport kiyimidagi o‘smir yigitcha orqa eshikdan chiqishdi. Ular odamlarni surib, surilib, tiqilinchda oldinga qarab o‘ta boshlashdi va birdan boyagi daroz yigitning yonida turib qolishdi. Avtobus navbatdagi bekatda to‘xtadi va salon biroz bo‘shadi. Yigitchalar ham bir-birini turtishib, avtobusdan shoshib tushishdi.
Daroz yigit avtobusdagi tirbandlik biroz kamaygach, tepadagi tutqichdan qo‘llarini olib, shimining cho‘ntaklarini paypaslab ko‘rdi va orqa cho‘ntagi bo‘m-bo‘sh ekanini sezdi. Birdan ranglari oqardi va hali bekatdan jilmagan avtobusdan shoshib tushdi. Shu topda shaharga jo‘natayotganida onasi aytgan gapni esladi: “Bolam, katta shaharda har xil odamlar bor. Hujjatlaringga ehtiyot bo‘l. Pulingni yo‘qotsang, mayli, ammo hujjatlaringni yo‘qotma. Ularni yo‘qotib qo‘ysang, keyin seni o‘qishga qabul qilishmaydi”.
Yigit avtobusdan tushasolib, jon holatda atrofga olazarak qaradi va sal narida o‘zaro chaqchaqlashib ketayotgan boyagi bolalarga ko‘zi tushdi. Boya dorilfunun qabul komissiyasi hujjatlarini qabul qilgach, pasportini va harbiyga chaqiruv qog‘ozini qaytarib bergan, u bu hujjatlarni qog‘ozga o‘rab, shimining orqa cho‘ntagiga solib qo‘ygandi.
– Hoy bolalar, to‘xtanglar! – halloslab yugurdi yigit. – Iltimos, pasportimni beringlar!
Sport kiyimidagi yigitchalar orqaga o‘girilib, bir-biriga imo-ishora qilib to‘xtashdi.
– Iltimos, hujjatlarimni beringlar! – Yigit hansirardi.
– Qanaqa hujjat? E, nima deyapsan?
– Pasportim, voenkomatning qog‘ozi... Silar oldilaring. Orqa cho‘ntagimda turuvdi.
– San nima, bizni o‘g‘ri deyapsanmi? Toshingni ter...
Daroz uzun va ozg‘in qo‘llari bilan o‘ziga yaqinroq turgan yigitchalardan birining yoqasidan tutdi.
– Pasportimni berlaring!..
– E, qo‘yvor yoqamni! Nega qarab turibsanlar?! – Darozning qo‘lidan yoqasini chiqarolmay tipirchilayotgan bola sheriklariga ko‘z qisib, imo qildi.
Shu payt yigitning chap qovog‘i va ko‘zi aralash bir musht tushdi. Ikkinchi musht burniga tegdi. Bir zumda yigit mushtlar va tepkilar “yomg‘iri” ostida qoldi.
– Hoy, nima qilayapsanlar? To‘xtanglar. Hozir milisa chaqiraman!
Yo‘ldan o‘tayotgan oq-sariq yuzli, to‘ladan kelgan, sochlariga oq oralagan ziyolinamo odamni ko‘rib, bolalar birdan har tarafga qarab qochishdi.
Notanish odam yigitni o‘rnidan turg‘azib, ust-boshini qoqdi. Boya mushtlashuv payti kimdir otib yuborgan va sal narida yo‘lak chetida sochilib yotgan hujjatlarini olib, uning qo‘liga tutqazdi.
– Shular senikimi? O‘qishga keldingmi? Xafa bo‘lma, o‘g‘lim. Hali bir katta odam bo‘lib ketganingda eslab, kulib yurasan. Hammamiz shunday boshlaganmiz. Dadilroq bo‘l. Anavi yerda vodoprovod bor. Yuz-qo‘lingni yuvib, burningni artib ol. Bo‘shashma. Yaxshi odamlarning farzandiga o‘xshaysan. Bu yerdan qanday ketishni bilasanmi? Puling bormi?
Shu topda yigitning kallasiga biron gap kirmas, butun tanasi og‘riq va alamdan lovillab yonardi. Biroz o‘ziga kelgach, u yo‘l chetidagi oshxona hovlisiga kirib, yuz-qo‘lini yuvdi, burnining qonini tozaladi. Beixtiyor butun umri biri ikki bo‘lmasdan azob-uqubatda o‘tgan marhum otasini esladi: “O‘g‘lim, bu hayotda bo‘ri bo‘lib yashashing kerak. Bo‘lmasa, boshqalar seni yeb qo‘yishadi” deya ko‘p takrorlardi rahmatlik. O‘zini ojiz va notavon sezib xo‘rligi keldi. Ichidan kelayotgan o‘kiriqni to‘xtatolmasdan, ho‘ngrab yig‘larkan, o‘zicha qasam ichdi: “Agar o‘lmasam, o‘qishni bitirib, shu shaharda qolaman va “katta odam” bo‘lib, bu zo‘ravon shaharni oyog‘im ostida tiz cho‘ktiraman!”.
G‘ulom Qodirovich butun umri davomida yoshligida sodir bo‘lgan shu voqeadan saboq olib, xulosa chiqarib yashadi. O‘sha kunni har eslaganida oriyati qo‘zir, alami kelardi. Shu alam, uyat hissi uni ulg‘aytirdi. Shu tufayli jon-jahdi bilan o‘qib, izlanib, umr yo‘llarida duch kelgan barcha qiyinchiliklarni qadam-baqadam, chidam bilan yengib o‘tdi. Yaxshi mutaxassis, ajoyib inson bo‘lib, hayotda o‘z o‘rnini topdi. El bilmasdan aytmaydi: “Yaxshi otga bir qamchi, yomon otga ming qamchi”.
G‘ulom Qodirovichning xayollarini yana xotinining ovozi buzdi:
– Turing, dadasi. Yuvinib, kiyinib oling. Hademay, “Kelin salom” boshlanadi. Sizning ham keliningizga ataganingiz bordir. Qudalarning oldida odamni sharmanda qilmang, tag‘in.
G‘ulom Qodirovich dadil, shitob bilan o‘rnidan turdi: “Nima deyapsan, xotin. Biz hali bu qadim kentni zabt etamiz. Ularga ko‘rsatib qo‘yamiz kimligimizni!” U ko‘nglidan o‘tgan bu gaplarni ayoliga ochiq aytmagan bo‘lsa-da, o‘ttiz yillik alami biroz bosilganday bo‘ldi.

2013 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.