OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulatif Abdullayev. Marvarid donasi (hikoya)

Ertalabdan ko‘ngli g‘ashlandi. Holbuki, bugun yaxshigina mukofotga loyiq topilgandi. Hamkasblar, tanish-bilishlar qutlashar, ularga ming‘irlab, mujmal javob qaytarardi. Sovrinni kabinetining bir chekkasiga qo‘ydi. Ochib ko‘rmadi ham. Qaerdandir ko‘ngliga yopirilib kirgan dilxiralik tarqamayotgandi. Kechga borib betoqat bo‘la boshladi. Qishloqqa – otasiga qo‘ng‘iroq qildi. Hol-ahvol so‘rashdi. So‘ng onasining qaltiragan ovozi eshitildi:
– Yaxshimisan, bolam? Kelinim, navaram zo‘rmi?
– Tuzukmisiz, nega ovozingiz qaltirayapti, sog‘ligingiz yaxshimi?
– Yaxshiman, bolam! Mendan hecham xavotir oma. Bu tamanlarg‘a alag‘da bo‘ma. Xo‘pmi ulim?! Har zamonda bir tilponda «ena» desang bas...
Onasi negadir gapni qisqa qilishga urindi. Yigitning hadigi bosilmadi. Oradan ikki kun o‘tib, yaqin do‘stining onasi olamdan o‘tdi. «Shunga ekan-da, ichimdagi g‘ashlik, yaxshi ayol edi», – qishloqqa otlangan yigit o‘zini ovutib borar, ammo hanuz mujmal kayfiyatda edi. Og‘ir kunida do‘stining yonida turdi. Undan onasining ko‘zidan marvarid donasiga o‘xshagan yosh dumalab-dumalamagani haqida so‘ramoqchi bo‘ldi...
Kechqurun ota-onasining yonida tunadi. Ko‘zi endi ilinay deganda bosh tomoniga kimdir o‘tirganday bo‘ldi. Ko‘zini ochmadi – onasi uning sochlarini silardi.
– Hoy, bildirib qo‘yasan... Qani, uxla endi... – otasining shiviri ko‘nglidagi hadikni yana qo‘zg‘atib yubordi.
«Nimani sir tutishayapti ekan», – uning uyqusi qochdi. To‘lg‘onib yotarkan, sekingina joyiga borib yotgan onasining gapi quloqlarini qizdirib yubordi:
– Birgina ko‘rgim keluvdi-da...
 – Uyg‘otib qo‘yasan, deyapman, – tahdidli shivirladi otasi. – Keyin ko‘ngli ezilib, ishida unum bo‘may yuradi. Shu kerakmi senga?!
Onasi boshqa gapirmadi. Yigitning ko‘zlari katta-katta ochildi. Marvaridga o‘xshagan ko‘z yosh haqida o‘yladi. Allamahalgacha karaxt yotdi... Esiga yana ishxonadagi bo‘lim mudirasi Afifa opa yaqinda ta’sirlanib hikoya qilib bergan o‘sha voqea tushdi. Afifa opa onasi bilan oxirgi bor xayrlashayotganda onasining ko‘zidan odatdagi ko‘zyoshidan farqli, xuddi marvarid donasiga o‘xshagan bir tomchi yosh chiqib, yanog‘i ustida to‘xtab qolgan, yuzi allaqanday nurdan yorishib ketgan ekan. Oradan uch kun o‘tmay boqiy dunyoga rixlat qilgan o‘sha kampir siymosi ko‘z oldida jonlanarkan, hozir onasining ham yig‘lab yuborishi va ko‘zida o‘sha marvaridga o‘xshagan yosh paydo bo‘lishidan qattiq qo‘rqdi. Yaratganga ich-ichidan duolar qildi.

* * *

Ertasiga nonushta qilib bo‘lgach, o‘rtancha akasinikiga chiqdi. Yangasini gapga solib, kechagi «jumboq»qa javob izladi. Ma’lum bo‘ldiki, onasi to‘rt-besh kun qattiq betob bo‘lib, hatto yeyishdan qolibdi. Eshikka termulib, kim kirsa, uning ismi bilan yanglishtirib chaqirarmish. Shunday bo‘lsa-da, kenjasiga xabar berishlariga unamabdi. Yigit mutaassir bo‘ldi. Shahd o‘rnidan turdi. Hozir borib onasini quchoqlab olgisi, qadoq qo‘llarini yuzga surtib yig‘lagisi keldi. Ammo negadir uyga kelishi bilan bunday qila olmadi. Nimaga shunday bo‘ldi, uni nima to‘xtatib qoldi, aniq-tiniq bilolmadi ham. Balki onasini ayagandir. Uning «bolam uzoqlarda qiynalib yurgan ekan», deb xavotir olishidan cho‘chigandir. Har holda yana o‘zini beparvo tutdi.
Otasi ertalabdan qaergadir ketgandi. Kelishi bilan cho‘ntagidan pul chiqarib, xona o‘rtasiga qurilgan sandal ustiga tashladi. So‘ng pech yoqishga tutingan onasiga yuzlandi:
– Haligi pullarni ham olib chiq, hammasini.
– Xo‘p...
Onasi sekin turib, jamalagiga taqilgan kalit bilan sandiq qulfini ochdi. Uning ichidan kichikroq rangpar bo‘xchani olib chiqdi. Matolar taxini buzmasdan bir-bir olib qo‘ydi. Eng tagidagi kiyimlik ichidan to‘rt taxlam mayda pulni olib otasiga uzatgach, matolarni silab-siypalab yana avvalgiday taxlay boshladi...
Pul sanab, belini boylayotgan ota oldida o‘g‘il o‘zini bemavrid qarzini qistab kelgan odamday sezdi. Otasiga ojizgina qarshilik qilgan bo‘ldi:
– Pulim ko‘p, bularni o‘zingiz ishlating. Mana, sumkamda bir pachka mingtalik turibdi...
 – Iloyim, davlating ziyoda bo‘sin, ulim! Biznikiyam bir ilinchak-da. Yetmaganda yamoq bo‘lar...
Otaning og‘zi gapdan, qo‘li pul sanashdan to‘xtab qoldi:
– Bular beshta edi shekilli, yoki adashyapmanmi? – u o‘girilib onasiga qaradi. .
– Bilmasam... – Onasi ajablanmadi, negadir ko‘zini olib qochdi.
– Katta nevarang olgan chiqar-da, bu betayin boshimizga yostiq ham bo‘madi. Otasi bilan suvi tinmaganidan uyga olib kegandim. Endi tarbiyalayman, deb tirgak izlab qolayapman...
Yigit otasini chalg‘itmoqchi bo‘ldi:
 – Balki ishlatilib ketgandir...
Otasi ikkilanib qoldi. So‘ng nevarasini chaqira boshladi.
Gapning bu zayl ketishini kutmagan ona shoshib qoldi:
– Men... Men olgandim bittasini...
Ota-bola baravar angrayib qoldi. Ona pul sanashni-da bilmasdi...
...Bir paytlar, yigit hali bola bo‘lgan chog‘larda otaning daromadi yaxshi edi. Ba’zi kunlar yig‘ilgan pullarni kampiriga sanatar, ona bu ishga mamnuniyat bilan kirishar, biroq ancha mashaqqat chekkach, «ey, bor-ey, o‘n bir to‘qqiz», degancha boshqa ishga tutinar, bundan otaga qo‘shilib kenjasi ham zavqlanib kulardi. U rostdan ham pulga hech qiziqmas, ularni raqamlari o‘rniga rangi bilan atardi. Bir paytlar choli «yashirib qo‘y», deb bergan, vaqtida ancha qiymatli bo‘lgan o‘ntacha yirik pul bekitilgan joyida yillar bo‘yi qolib ketgan, pul almashib ketganidan so‘ng ularni topib olib, choliga qaytarmoqchi bo‘lgandi. Umuman, onaning soddaligi shu qadar ediki, u bilan bog‘liq hayotiy hangomalardan to‘qqiz bolasi to‘qqiz xilini aytib berishi mumkin edi. Hammasidan katta o‘g‘il tez-tez takrorlab turadigani qiziq edi. Unda aytilishicha, pasport almashayotgan paytda ota bolalarga ko‘z qisib, kampiriga jiddiy qiyofada:
– Senga boshpo‘rt olmasak ham bo‘ladi, – deydi.
– Nega kerakmas ekan? – tutaqadi ona. – Axir men Xushmurod yo Elmurodnikiga bormaymanmi, Hanifani ko‘rgim kemaydimi?
U pasportsiz qolsa ko‘rolmay qolishidan tashvishlanayotgan odamlar shu qishloqning o‘zidagi ukalari va qizi bo‘lgani uchun ham bolalari har safar bu hangomani eshitganda miriqib kulishardi.
Bugun ana shu ona kenja o‘g‘li va cholini hayratlantirgan, hozir ota ham o‘g‘il ham bu ishning mutlaqo o‘g‘rilik emasligi haqida o‘ylab, jimib qolgandi... Yigitning ko‘zi yoshlandi. Tashqariladi. Jadal yurib og‘ilxona tomonga o‘tdi-yu, yelkalari silkindi...
Ich-ichidan hayqiriqmi, o‘kirikmi bostirib kelardi. U bilardiki, onasi hech qachon o‘g‘rilik qilmaydi. Tushungandiki, yaqindagina olamdan o‘tgan do‘stining onasi o‘zining onasidan bir yarim muchal kichik edi va bu fanodan baqoga mavridsiz ko‘chish kasaldan tuzalib-tuzalmagan onasiga qattiq ta’sir etgan. Irimiga, deb odamlarga ulashilgan, yuziga «ikki yuz so‘m» deb yozilgan puldan biri qo‘liga tekkanda rangpar bo‘xchaga tugilgan pullar ko‘z oldiga kelgan... Bu fikrdan necha kun vahimada yurgan, aytay desa, cholini ayagan. Olmay desa, to‘satdan... Ro‘zg‘orini amal-taqal qilib yurgan bolalari o‘sha kunda shu rangdagi pullarni qidirib qoladiganday tuyulavergan. Besh taxlamning ichidan bittasini olganu, ko‘ngli xotirjam bo‘lgan... Yigitning yodiga kecha onasining rangpar matolarni bir-bir silayotgani, «Omongul xolangning yoshi nechaga chiqqan ekan?», deb so‘ragani, otasiga: «Endigi pensiyamni o‘zimga berasiz», degani tushdi. Hozirdanoq yurak-bag‘ri huvillab qolayotganday cho‘chib ketdi. Yomon tush ko‘rib bosinqirayotganday mavhum va ayni paytda oydin bir holdan entikib, chuqur xo‘rsindi-yu, yana o‘zini qo‘yib yubordi...

* * *

Qaytar bo‘ldi. Olib ketishiga tayyorlab qo‘yilgan narsalarni bir odam ko‘tara olmasdi. Har doimgiday onasi unga oyna tutdi:
 – Doim yuzing yorug‘ bo‘lsin. Isiriqqa ham tutinib ol, bolam!
Kiyimlariga unnab qolishini aytib, e’tiroz bildiradigan o‘g‘il bu safar itoatkor bo‘ldi. Otasining ko‘zini pana qilib, onasi uni imladi. Holiroq joyga o‘tgach, boshini silab, peshonasidan o‘parkan:
– Men hali o‘lmayman, bolam, – dedi ovozi titrab. – Sen hech o‘ylama. Onam bor edi, holi nima bo‘ldi, deb ortingga qarama. Xudoga shukurki, yonimda boshqa bolalarim ham bor. Nima ayb qildingki, kechadan beri boshingni egasan. Bilsang, bu ishing bilan bag‘rimni ezayapsan. Boshingni tik tutib yurgin, xo‘pmi? Xotining, uling bilan shodu xurram yashayversang, men ham xursand bo‘laman...
U xavotirlandi. Xayriyatki, onasi yig‘lamadi. U cho‘chiyotgan «marvarid» ham ko‘rinish bermadi. Demak, endi uning onasi uch kundan ko‘p, ko‘o‘o‘p yashaydi. Ha, shunday bo‘ladi!..
Shaharga qatnaydigan tog‘asining mashinasiga o‘tirganida kayfiyati ancha tetik, hatto ming‘irlab, qaysidir qo‘shiqni xirgoyi qilar edi:
– Qo‘rqmay haydayvering, aka... – deb yubordi tog‘asiga beixtiyor.
Tog‘a ajablandi. Jiyaniga sin solib qaradi-yu, indamay qo‘ya qoldi...

2010 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.