OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulatif Abdullayev. Qo‘ng‘iz bekacha (hikoya)

Og‘ilda ma’rayotgan qo‘ylarning ovozini o‘chirmasdan turib oqshomgi multfilmni ko‘rish yo‘q. Bunga aka izn bermaydi. Bir ikki marta qilingan qaysarlik yuzida «shovla» qaynashi bilan yakun topgan. Shuning uchun bola keng hovli adog‘idagi bedapoyada oshig‘ich yo‘ng‘ichqa o‘radi. Hatto shoshganidan chap oyog‘ining bosh barmog‘iga o‘roqning uchini sanchib oladi. Lekin bunga parvo qilmaydi. O‘tni etakka yig‘ib endi ko‘tarmoqchi bo‘lganida namlanaverib uvadasi chiqqan bog‘ich uzilib ketadi. Bolaning xunobi oshadi. Bog‘ichni ulay turib o‘zicha so‘kinadi. Shu dam qo‘liga qo‘nib, qanotlarini quritishga shaylanayotgan yaltiroq qo‘ng‘izchaga ko‘zi tushadi. Bola tek qotadi. Zumda xayoliga enasi bot-bot aytib beradigan qo‘ng‘iz bekacha haqidagi ertak keladi. Qo‘lida najot istab turgan mana shu hashorotning aynan o‘sha ertakdagi to‘yga yetolmay, ariqdan chiqolmay loyga botib o‘lib qolgan qo‘ng‘iz ekaniga astoydil ishonadi.
— Voy bechoragina, — deydi qo‘llari titrab qo‘ng‘izni quruq kesak ustiga qo‘yar ekan. — To‘yga boraman deb adashib qoldingmi, ukalaring ham och qolib kutib o‘tirgandir-a? Bora qol, uch endi, uchsang-chi?
Ammo qo‘ng‘iz shoshilmaydi. Go‘yo, u qishloq bolalari aytadigan «toqqa bor, toshga bor..» qo‘shig‘iga o‘rganib qolganu shu qo‘shiqni mahtal kutayotganday... Bola bilganicha qo‘shiq ayta boshlaydi:

Toqqa boor, toshga bor,
Otang tog‘dan tushiib ketdi.
Onang osmonga uchiib ketdi.
Bolang suvga oqiib ketdi.
Hoyyo-huyt, Hoyyo-huyt...

Bola xirgoyini ikki uch qaytarganda uchishga shay bo‘lgan hashorot havoga ko‘tarilib, oqshom qo‘yniga singiydi. Bundan uning ko‘ngli charog‘on bo‘lib ketadi. Nazdida u eshitadigan o‘sha matalning mungli joylari endi aytilmaydigan, enasi ham bundan behad shodlanadiganday bedani ham unutib uyga qarab chopadi. Ammo tandir ayvon ortida g‘azab bilan kelayotgan akasiga duch keladi.
— Men senga nima ish buyuruvdim? — dag‘dag‘a qiladi aka va bola sezadiki, endi yo tepki yo shapaloq bilan «siylanadi». — Sendan so‘rayapman?!
— O‘-o‘tni o‘rib qo‘yganman, — qaltiraydi u.
— Enang ko‘tarib keladimi bo‘lmasa, a, nima qilib hakkallab yuribsan op kemay, uying kuygur. Mana senga...
— Vaayy, — bolaning yuzi lov-lov yonadi. Yig‘lay turib bedapoyaga yuguradi. Akasi eshitmaydigan qilib rosa so‘kinadi. Hali otasi kelganda aytib berishni-da diliga tugarkan, og‘irgina o‘tni inqillagancha orqalab og‘ilga yo‘l oladi.

* * *

Kayfiyatsiz holda televizor qarshisida o‘tirganida kichik akasi kirib keladi. Unga qarab hiringlay boshlaydi:
— Ha ukaginam, yuzingizga qalampir surdingizmi, ix-xiix-xi. O‘ziyam zo‘ridan yedingizda, a? Mening aytganimni qilmagandan keyin shu-da.
— Ey, bor-ey.
Bu akasi o‘zidan yetti yosh katta bo‘lsa-da, bola undan qo‘rqmaydi. Buyruqlarini ham hushiga kelsa yo aldansagina bajaradi. Ko‘pincha bir so‘m yarim so‘m pulga uchib akasining qaysidir ishiga chiranib ko‘maklashadi-yu, oxirida aldanganini, pulni ololmasligini bilganida alamidan baqirib, qo‘lida tayoq yoki tosh bilan uni quvib yuradi. Hali maktabga bormasa-da bir so‘mlikni yaxshi taniydi. Qolganlarini esa katta pul deb ataydi. Hoov bir safar ham mana shu akasi uni yaxshi gaplar bilan chaqirdi.
— Boshimga suv quyib tur, ukajon!
— O‘zing quyib olaver, — dedi u har doimgiday.
Ammo akasi ayyorona kulib bir so‘mlikni ko‘rsatgach, ikkilanib qoldi.
— Bermaysan-da.
— Xohlasang hoziroq olib qo‘yishing mumkin.
Bola pulni cho‘ntakka urdi-yu, xotirjam bo‘lib xizmatga kirishdi. Ish poyoniga yetgach, akasining «mehri iyib» uni quchoqladi:
— Rahmat senga ukajon...
— Xo‘o‘p... — yoyildi u. Ayni damda akasi uni yaxshi ko‘rishidan g‘ururlandi. Ammo shu tobda akasining o‘zini kulgidan zo‘rg‘a tiyib turganini ko‘rib yuragi uvishdi. Cho‘ntakda boyagi pul yo‘q. Endi uni yana qo‘lga kiritish uchun bir ikki soat tayoq ko‘tarib ovora yugurish kerak. Xullas, kichik aka u bilan shu zayl o‘yinlar qilardi...
Bola o‘sha damlarda ikki akasi ham uni qattiq yaxshi ko‘rishini bilmasdi. Akalar o‘zicha uni pishitmoqchi bo‘lardi. Chunki u tabiatan juda sodda va ishonuvchan, xayolparast edi. Bola otasining ishdan ertaroq qaytishini intizor kutar, ungacha onasi uni himoyalab, akalariga tez-tez dakki berib turardi.

* * *

Ovqatlangandan so‘ng — ehtimol akalari uxlashga ketganidan zerikkani uchundir — u qandaydir bo‘shliqni his etar, enasini qistovga olib, uning aytilaverib «qoqi» bo‘lib ketgan yarim-yorti matallarini qayta tinglardi.
— «Bir bor ekan, bir yo‘q ekan,» — deya bolasining boshini silagancha mahzun hikoyasini boshlardi onasi. — «Yaqin o‘tgan zamonda bizning qishloq tomonda, bir kapaning ichida qo‘ng‘iz bekacha va uning ukalari yashar ekan... Ukalari har kuni «qornimiz ochdi, bizga non topib ber, bizga suv olib kel, ota-onamiz qaerga ketgan?», deya so‘rayverib, qo‘ng‘iz bekachani yig‘latib qo‘yar ekan. U esa hali ukalari kichkina bo‘lgani uchun osmonga uchib ketgan ona qo‘ng‘iz va bedarak yo‘qolgan ota qo‘ng‘iz haqida nima deyishni bilmas ekan. Bir kuni u tashvishlardan bezor bo‘lib, men ham bir chigil yozib kelay, deb yangi qanotlarini taqib, bir tog‘ora pishiriq pishirib, uzoq bir qarindoshinikiga to‘yga otlanibdi. To‘yga yetay deganda yo‘lda badbashara sassiq qo‘ng‘izga to‘qnashib ketib botqoqqa qulabdi... To‘yxonadagilarni harchand yordamga chaqirmasin, hech kim uning dodini eshitmabdi...»
Matal shu joyiga kelganda onasi mayus tortib qoladi. Ba’zi paytlarda ko‘z yoshi ham qiladi. Bola ham g‘amgin tortadi va betoqat o‘rnidan turib o‘tiradi. Ko‘zlarini derazadan tashqariga tikib:
— Yo‘ldan katta odamlar ham o‘tib qolmabdimi?! — deb so‘raydi.
— Yo‘o‘qq...
— O‘shanda, kunduzi bo‘lganda o‘zim borib uni qutqarardim.
— Bo‘yingdan o‘rgilay! — onasi uni quchoqlab o‘padi. Bolaning yuzi namlanadi... U esa qorong‘ulikka tikilgancha qotib turaveradi.
Garchi ertakning hech bir yerida qo‘ng‘iz bekachaning qorong‘uda yo‘lga chiqqani aytilmagan bo‘lsa-da, bola bu hodisani tunda sodir bo‘lgan deb o‘ylaydi. «Axir qorong‘u bo‘lmasa o‘sha qo‘ng‘izlar to‘qnashib ketarmidi. Qolaversa, akamlar ham ko‘pincha qorong‘u bo‘lganda to‘yga ketishadi. Ertasiga o‘rtoqlari bilan kimnidir loyga belab urgani, kimdir ariqqa tushib ketgani haqida bir-biriga gal bermay gapirishadi-ku», deb o‘yini tasdiqlardi u. Uning bu «ilojsiz»ligi enasining bag‘rini ezadi.
— Bo‘ldi, uxla endi.
— Keyin nima bo‘pti? — davomini bilsa-da ilinj bilan so‘raydi bola. Chunki o‘tgan safar qo‘ng‘iz bekacha botqoqning chetrog‘iga chiqib olganda o‘lib qolgan edi. Zora bu safar yana ozgina harakat qilib, o‘lmay qutulsa...
— Keyin o‘libdi! — zarda qiladi enasi. — Bo‘ldi, uxla deyapman senga. Hadeb savol beraverasanmi otangga o‘xshab...
Bola onasiga tushunolmay hayratlanadi. «Nega birdaniga jahl qilib qoldi. Mayli, yota qolay».
U boshini ko‘rpaning ichiga tiqishi bilan onasi ayvonga chiqib ketadi. Yig‘i eshitiladi. Bola onasini hafa qilib qo‘yganidan afsuslanadi. Lekin qaysi gapi uchunligini topolmay qiynaladi. Mujmal bir kayfiyatda uxlab qoladi. Tushi aralash otasi kelgani, uning yuzidan o‘pgani, so‘ng onasi bilan gaplashib o‘tirib qattiq-qattiq gapirishganini elas-elas eslaydi. Hatto otasi ko‘ksiga mushtlab yig‘lab yuborganday, onasi ro‘molining uchini tishlab yer chizib o‘tirganday tuyuladi... Ammo uyqu zo‘rlik qiladi. Ko‘zi charaqlab ochilganda quyosh allaqachon nayza bo‘yi ko‘tarilgan, otasi ishga ketgan, akalari yana «ustozlik maqomi»ni egallayotgan bo‘ladi.

* * *

Bola nonushtadan keyin qo‘ylarini boqib jo‘nardi. Dala uning uchun ozodlik maydoniday bir gap. U yerda hatto o‘zini amirlarday his etish imkoni bor. Tengqo‘r jo‘ralari bilan qo‘ylarni ham unutib qaysidir shartli o‘yinda yutganida — bu kamdan kam hollarda yuz berardi — tepalikdan kovlab yasalgan «taxt»ga chiqib o‘tirar, bolalarga buyruq berib olam-olam zavqlanardi. Ammo qaysidir ekinga oralab ketgan ushoq mollar sababidan «shoh» boshchiligida barcha «vaziru soqchi»lar qorovul yoki pudrat egasidan qattiq tanbeh eshitar, ba’zan yag‘rinlariga qamchin ham tushib qolardi. Uning ortidan yeyilgan non va piyoz naqadar totli tuyulardi unga. Oqshomgi kayfiyatni qo‘ylarning biqin chuqurchalari to‘lgan-to‘lmagani belgilardi. Chunki katta aka necha bor qo‘ylarni qaytarib oldiga solib bergan, allamahalgacha qorong‘uda qo‘rqib-dildirab o‘tlatish «planini to‘ldirib» o‘tirgan paytlari bisyor edi.
Shunday qilib yana tun boshlanar, ertak eshitish vaqti yetganda onasining ko‘zlari ilinib ketayotgan bo‘lar, bundan matalning «shirasi» qochishini anglash mumkin edi.
— Enaa, — deya qo‘lidan tortqilar edi bolakay depsinib. — Hech bo‘lmasa «musicha»ni aytib bering.
— Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, — ko‘zlarini ochmasdan ertakni boshlab yuborardi onasi. — Bir musicha bo‘lgan ekan. Uni bir holvachi holva beraman, deb aldab...
Bola xavotirlanib onasiga qaraydi. Yo‘q, yig‘lamayapti. Uxlab qolyapti, xolos. Onaning boshi egilib, vujudi chayqalib ketadi.
— Keyin-chi? — baqiribroq so‘raydi bola.
Ona munkib uyg‘onadi. Uyquga to‘ymagan, qizarib ketgan ko‘zlari atrofga olazarak boqadi. Ming‘irlab kimnidir qarg‘aydi. So‘ng yana boshi egila boshlaydi:
— Keyin u loyga botib qolibdi... Dodini hech kim eshitmabdi...
— Bu «qo‘ng‘iz»-ku! Menga «musicha»ni aytib berayotgan edingiz.
— Bo‘ldi, uxla endi.
Bola muzqaymoqqa to‘ymaganday labini yalaydi. Endi onasini uyg‘otish mushkulligini biladi. Chunki bu tun otasi otarda qoladi. Shuning uchun ham onasi to‘yib uxlab olish payidan...

* * *

Kunlarning birida peshin mahali issiq non olib ketish uchun uyga kelgan bola janjal ustidan chiqdi. Umri bino bo‘lib otasini bunday vajohatli holda ko‘rmagan edi. U ayvonda onasining sochlaridan tortib sudrar, duch kelgan joyiga tepar, «g‘aarr, o‘ldiraman!!!», deya baqirardi. Hatto bolani ko‘rib ham o‘ziga kelmagan otani yugurib chiqqan qo‘shni yigit opichlab ajratib oldi.
— Shuncha vaqt aldab keldingmi. O‘shanda, bo‘g‘zingga pichoq tiraganimda nega rost gapirib o‘lib ketmading? Axir odamlarga shuncha vaqt kulgi bo‘lib yurdimmi-ya, ilmoqli gaplarni ham anglamapman-a, ayyy! ­ otaning fig‘oni ayanchli edi.
Bola onasiga yig‘lab yopishdi. Uning murg‘ak qalbi nima sodir bo‘layotganini anglay olmasdi. Onasining labidan qon sizar, yuzlari shishib, ko‘zlari qizarib ketgan, bir qo‘lining singan suyagi terisini turtib chiqib turar, ammo u endi yig‘lamas, bir nuqtaga tikilgan, mung‘ayib o‘tirgancha pichirlardi:
— Ukalarim bo‘lmaganda o‘shandayoq o‘zimni o‘ldirgan, azobu ta’nalardan qutulgan, ruhim o‘sha yovuz haromini har tunda ta’qib qilayotgan bo‘lardi... Chang solgan qo‘llarini akashak qilib, o‘lsa ruhim mozorining ustida o‘ynayotgan bo‘lardi...
Bola yig‘lashdan to‘xtadi. Miyasining millionlab hujayralari aro bir sovuq shamol esdi. Titray boshladi. Ko‘z oldidan onasining yoshlikda tushgan, suluvlik balqib turgan surati, kichkina bola ko‘rinishidagi tog‘alari, so‘ng... badbashara qo‘ng‘iz qiyofasidagi qandaydir mahluq, hamon yer tirnab, ariqqa yumalab o‘krab yotgan otasi o‘tdi. Yana endi dalada hech qachon «shoh»lik qila olmasligini ham o‘yladi... Jimir, jimir, jimir... Enasining chinqirib yuborganini elas-elas eshitdi...
Ertasiga qo‘ylar qo‘tondan chiqmadi...

2010

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.