background
logotype

Abdulatif Abdullayev. Xumor (hikoya)

Mamasodiq boshi og‘rib uyg‘ondi. Kun qiyomga kelgan, dalaga ekilgan qovun-tarvuzni sug‘orish ham qolib ketgandi. Kecha mirobning «Peshinda suv uziladi», deganini eslab ko‘ngli g‘ashlandi:
— Onasi, hoo onasi.
— Haaa, — og‘il tomondan xotinining asabiy ovozi eshitildi.
— Buyoqqa kel.
— Hoziir, buzoq o‘lgur ushlatmayapti.
Mamasodiqni nosning xumori tutdi. Yonchig‘ini, yostig‘u ko‘rpachaning taglarini qarab topolmadi.
— Nosni qaerga qo‘yding?
— Nima-a?
— Noos, nos.
— Men olganim yo‘o‘q.
— Buyoqqa kel, dedim senga, — baqirdi u.
— Baloga yo‘liqsin shu nos o‘lguram, — g‘o‘drandi u tomon kelayotib xotini.
Nos tokchadayam, derazadayam, qishda vazifasini o‘tayverib yorilib qolgan sandal ustida turgan «Rassvet» televizori yonidayam yo‘q edi.
— Qaerga ketadi? — asabiylashdi Mamasodiq.
— Bilmasam..
— Kichkinang o‘ynab ketmadimi?
— Olmagandir, tag‘in bilma...
— Nega bilmaysan? — o‘shqirdi u.
— Ichmasam, chekmasam, qaerdan bilay?.. — zarda qildi xotini.
Mamasodiq qidirishdan to‘xtadi:
— Oovv! Ichganimni yuzimga solma.
— Shakarning puli edi...
— Nima bo‘pti?
— Hech bo‘lmasa yarim kilo olib kelsangiz...
— Menga xo‘jayinlik qilma. Undan ko‘ra nosni top.
— Xo‘jayinlik qilayotganim yo‘q. Sizga bas kelib bo‘larmidi?
— Kelolmaysanam.
— Qizingiz uch kundan beri maktabga choy ichmay ketadi.
— Bo‘ldi qilasanmi, yo‘qmi?...
— Nima qilasiz, urasizmi? — Xotinning gap xaltasi ochildi. — Sizning kuchingiz faqat meni urishga yetadi.
— Qo‘shnilar eshitadi, — pastroq tushdi Mamasodiq.
— Ko‘nikib qolishgan. Birinchi martamas-ku...
— Baqirma, dedim!
— Baqiraman!
— Jiim!
— Jim bo‘lm... — Xotin yuziga tushgan tarsakidan bir muddat ko‘zini yumib turgach, odatdagiday izillab yig‘lab yubordi:
— Sizga nima yomonlik qildim o‘zi. Nega hadeb uraverasiz? Bo‘ldi, onamnikiga ketaman. o‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim...
Mamasodiq boshqa gaplarni eshitmaslik uchun tashqariladi. Darvozadan chiqib, ariq labiga cho‘nqaydi. Ko‘chadan o‘tayotgan Odiljon bilan so‘rashgan bo‘ldi.
— Nosing bormi, uka?
— Chekmayman, aka.
— Qurumsoq, bir otim nosga qizg‘onasan, — g‘uldiradi Mamasodiq.
Shu payt darvoza ochilib, qo‘lida tugun ko‘targan, yig‘idan ko‘zlari shishgan xotini paydo bo‘ldi. Mamasodiq o‘rnidan turdi:
— Haa-a?
— Ketaman...
— Uyga kir. Kiir!
— Kirmayman.
— Kirmaysanmi... — Aslida xotinining ketgisi yo‘q, jilla qursa yumshoq gapirsa, qaytib kirguday edi. Mamasodiq yumshoq gapiray dedi, tili aylanmadi. Og‘zidan boshqa gaplar chiqdi:
— Bor yo‘qol, ikkinchi qorangni ko‘rmay.
Roziyaning ko‘zlari yana yoshga to‘ldi, keta turib hatto yelkalari silkindi. Erining rahmi keldi. «Qaytarsammi?», deya bir-ikki qadam tashladi, yana shashtidan qaytdi. Beixtiyor cho‘ntaklarini kovladi:
— La’nati...
Uning yodiga qo‘shnisi Samad qassob tushdi. U ham chekardi.
Ilinj bilan eshik qoqdi:
— Samad aka-a. Ho qassob aka.
— Uyda yo‘q edi, — ayvon tomondan ayol kishining ovozi keldi.
Qaytdi. “O‘sha zamonlar zab yaxshi edi-da. Cho‘ntagingda doim pul bo‘lardi. Ichsang o‘ylanmasdan icharding...” deb o‘ziga o‘zi gapirib uyiga kirdi...
...Nos xumor qilar, Mamasodiq hovlida maqsadsiz aylanardi. Nihoyat, oyoqlari Aliboynikiga yetakladi.
— Puli esdan chiqmasin-a, aka.  
Garchi nosfurush xarxasha bilan qarzga bergan bo‘lsa-da, bir otim nos bilan butun tanasi yayradi. Boyagina g‘ashini keltirgan tuproq ko‘chaga ham parvo qilmay uyga keldi. Tamaddi qilib, ikkita piyoz bilan yarimta nonni beliga tugdi-da, eshagiga to‘qim urdi.
Polizga kelib eshakdan tusharkan, hayratlandi. Palaklari suv ichib yotardi. Xurjunni yelkaga tashlab chaylaga kirdi. Zaxga botgan ko‘rpachaga cho‘zildi. Tashqarida eshak hangradi. Qobilniki.
Biroz o‘tib chaylaga Qobilning ukasi Botir kirdi:
— Assalomu alaykum, Sodiq aka.
— Ie, vaalaykum, ke uka, — unga qo‘l cho‘zdi Mamasodiq. — Akang qaerda?
— Akam kecha bayram qilgan ekan...
— Aaa, bo‘ldi, bo‘ldi... Qachon keluvding?
— Saharlab. Ariqboshiga chiquvdim. Suvni uzishibdi.
— Bu, bizning palakka ham sen suv ochdingmi?
— Himm, — Qodir aybdorday yerga qaradi.
— Barakalla, yasha! — Mamasodiqning mehri tovlanib ketdi. Katta qizining bo‘y yetib qolganini o‘yladi....

* * *

Mamasodiqni yutib yuborguday sukunatli ikki kun o‘tdi. Uchinchi kun oqshomda horg‘in va tushkun kayfiyatda uyga qaytayotib, ko‘cha boshida qarindoshi Sadriddinga duch keldi. Salom alikdan so‘ng, u bolalariga pul chiqqanini aytib:
— Bir oyligi o‘zingga degandim, mana, bu oyga chiqaribdi shovvoz, — deya shivirladi.
Lekin bu gap unga yangilik emasdi... «Demak, mening bolalarimga ham chiqqan». U Sadriddin bilan tezroq xayrlashdi-yu, uyidan ul-bul olib, yana eshagiga mindi...
Ertalab Samad qassob chiqdi:
— Ikki kun oldin so‘ragan ekansan.
— Ozgina pul kerak edi, endi bor.
— Kechasi chirog‘ing yonmadi. Bolalar qani?
— Bobosinikida...
— Darrov borib olib kel. Uyat bo‘ladi. Halimjoningni qara, qanday shirin bo‘lgan. Menam sog‘inib qoldim...
Qo‘shnisi chiqib ketgach, Mamasodiq so‘ri chetida o‘tirib qoldi. Bolalarini juda sog‘ingandi. Uyga kirdi. Kiyinib, bozorga otlandi...
Arzon bo‘lsa ham bolalari va xotiniga kiyim-kechak xarid qildi. Tuni bilan huvillagan uyda to‘lg‘onib chiqdi. Erta turib ohorli kiyimlarini kiydi. Sovg‘alarni uyning ko‘rinarli joyiga sochib qo‘ydi... Shakarni xaltasi bilan dasturxonga tashladi. Yuzi qizara boshladi... Piyodalab yo‘lga otlandi...

* * *

— Sizni o‘g‘lim deganman, kuyov, endi uyat bo‘ladi, —  Hayit bobo choy xo‘pladi. — Bunaqa gaplar har bir oilada bo‘ladi. Lekin qizingizning bo‘yi yetib qoldi... — Bobo ortiga burildi:
— Roziya, bolalaringni kiyintir. Oysha bilan Turobjon ham maktabdan chiqib uylaringga borsin.
Mamasodiq yengil tin oldi. O‘g‘ilchasini ko‘tarib ko‘chaga chiqdi. Ortidan tugunini qo‘ltiqlagancha Roziya ergashdi. Biroz yurgach, ortiga qarab oldi:
— Onasi, kechirasan...
— Hech... — degan ovoz keldi orqadan.
U yura-yura cho‘ntagini kovladi. O‘g‘liga deb olgan botinkachani kiydirmoqchi bo‘ldi. Bir poyi yerga tushdi. Olish uchun engashgan Mamasodiq o‘sha kuni mast bo‘lib yiqilgan joyida tushib, tuproqqa qorishib qolgan nos xaltasini ko‘rdi...

2004

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.