OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulhamid Cho‘lpon. Chopon va paranji (hikoya)

Shaharning dilrabo, chiroyliq bog‘larig‘a kirar edim.
Kirar edim men bir vaqtlar shaharning dilrabo bog‘lariga.
Kalta, ixcham pichimlik kiyimlar kiygan ozoda yigitlar, kelishgan, ko‘klam tuslik va tortqich ranglik ko‘ylak kiygan qizlar...
Kelishgan qizlar, ozoda yigitlar u yoqdan-bu yoqg‘a asta-asta bosishib o‘talar, o‘talar edi qo‘ltiqlashib...
Ixcham kiyimlik, katta-katta kelishgan tugmalik yigitlar va hirs qo‘zg‘atquchi ko‘ylak kiygan qizlar orasida uzun choponlik, ola-bula belbog‘liq yakka-yakka yigitlar ham uchrab qolurlar edi...
Uchrab qolurlar edi shunda uzun-uzun, ola-bula choponlar...
Bir vaqtlar bo‘ldikim, choponlarni ul bog‘larg‘a qo‘ymas bo‘ldilar.
Bir vaqtlar bo‘ldi kim, shaharning dilrabo boqchasi ola-bula choponni ko‘rushdan mahrum qoldi...
Choponni, choponliklarni kursilarga o‘lturg‘uzmay, bog‘larg‘a kirg‘uzmay qo‘ydilar...
Choponni shaharning dilrabo bog‘idan haydadilar, quvdilar...
Choponni mahkamalarga, «oliy ostona»larga kirg‘izmadilar, qo‘ymadilar...
Siz bizning poytaxtimizg‘a boring. Taassub xazinasi deb ayblang‘on soddadillardan boshqada chopon qolmadi...
Qolmadi chopon ozoda zamona yigitlarimizda... Qator tugmalar, ixcham bellar, chaqkon, kalta kiyimlar bechora choponni «engib» keladar... Hay-hay!
Ey, besh yillik ko‘z yoshlari bilan cho‘mulg‘on Far-g‘ona!
Ey, Turkistonning jannat burchagi bo‘lg‘on sodda vodiy!
Sening bog‘laringda choponning katta hurmati bor.
Chopondan qochqon yigitlarni sen yumshoq, erkalaguchi bag‘ringg‘a qabul qilmading.
Sof, boy, ko‘m-ko‘k bag‘ringda chopong‘a issiq joy berding.
Mahkamalaringda chopon yot emas.
Ixcham tugmalar chopong‘a xo‘mraymaylar...
Qurultoylarda bo‘ldim: qishloq dehqonlari eski choponlarini tashlamag‘onlar. Sening bag‘ringg‘a hayot istab kelganlarga qalin chopon kiyub yurub tuyg‘azg‘uchi oziq, tot berguchi meva-cheva tayyorlayturg‘on chorikor hali ham chopon orasida...
Chopon orasidadur qishloq dehqonlari...
Chopon bilandur qishloq soddadillari...
Qishloqi dehqon ustidadur alarning hayot berguchi tuproqlarini o‘pgan choponlar...
Hali chopon senda tashlanmag‘on.
Hatto bir vaqtlar choponni tashlab yuborg‘on «mamadana» o‘g‘illar ham yana qaytib chopon olg‘onlar... Chopon «vatandoshliq» qozong‘on!
Dilrabo bog‘chalarg‘a kirdim men.
Yuqori osmonlarda yurdim men...
Ola-bula choponlar, uzun-uzun belbog‘lar...
U bilan bog‘chalar ham bulg‘anmag‘on, ostonalar ham kir bo‘lmag‘on, madaniyat ham qochib ketmag‘on.
Chopon, eldan quvlanmoqchi bo‘lg‘on mazlum, bechora chopon!
Paranjini ham tort yoningg‘a, paranjini ham!..

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.