OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulhamid Ismoil. Sangin mehmon (hikoya)

Suhrob Sur’atalievni do‘stlari hazillashib Zurab Sereteli deb atashardi. Suhrob chindan ham haykaltarosh esa-da, ammo Zurab Sereteli kabi itu-bitga tanish emas, balki Moskva san’at davralarida o‘ziga xos “zodagonlar dahosi” sharafiga ega edi. Uning Moskvaga kelganiga ham biror 40-45 yil bo‘lib qolgan, shuning uchun o‘zini ba’zan “Anjanning qaysidir arig‘idan” emas, balki mana shu poytaxtda tug‘ilib, loyi shu yerdan olingan haykalga o‘xshatardi.
Nozik san’atlarning bari qo‘shib-chatish, to‘qish haqida emasmi, faqat haykaltaroshlik buyuk Mikelandjeloning ta’biricha ayrish-ajratishga qurilgan: haykal yasash – bu shaklsiz bir bo‘lak moddadan keraksiz qismini ayrib-ajratib tashlashdir. Bora-bora ushbu odat-tabiat ich-ichingga singib ketar ekan: hayotga xuddi o‘sha ayirish-ajratish, saralash ko‘zi bilan qaray boshlar ekansan. Puch, zoe, behuda narsalarni ko‘ngling sig‘dirmay qolar ekan, hamma narsaning o‘zagi, danagi, mag‘ziga yetmoqchi bo‘lib qolarkansan. Mayli, bunisi ham bir fe’l-da...
Shundan bo‘lsa kerak, Suhrobni uncha-muncha taniganlar uni takkaburdan olib qo‘polga qadar ta’riflashar, va faqat uning siyrak mahramlari boyagi ta’rif biroz yuzaki ekanligini bilishardi. Lekin, keling, biz ham jilla qursa shu hikoyamiz ko‘lamida Mikelandjelo qoidasiga sodiq bo‘lib, puchanak yo‘llarga kirmaylik-da, gapning indallosiga yopishaylik.
So‘nggi paytlar Moskvaga boshqa kelgindilar qatori qashshoqlashgan o‘zbeklaru tojiklar, qirg‘izlaru ozariylar, xullasi bizning nochoru miskin elat o‘rda-o‘rda bo‘lib bosib kelishmadimi... Bir paytlar, Sho‘rolar davrida bularni uchratish uchun atayin yo Qozon vokzaliga, yo VDNXga borishga to‘g‘ri kelardi. Bir kuni esa Kreml saroyida balet tomoshasining tanaffusida tomoshabinlar orasida Denov-penovdan adashib kelib qolgan bir nojo‘ya kolxozchini qo‘rib qolib, Suhrob-haykaltarosh allamahalgacha o‘ziga kelolmay, allaqanday hislar tug‘yonida o‘zining mashhur “Pieta” – “Gir’ya”sini yasagan emasmidi... U haykalda xochdan olingan Iso-payg‘ambar ustida uning onasi Bibi-Maryamu, ma’shuqasi Mariya Magdalinalar yig‘lab turishar, biroq bularning shakli qishloqi ayollarni eslatib, modda esa oqqan xamirdek chakkilabmi, sim-sim yig‘labmi yotgan joydan biroz chekada boyagi kolxozchisimon bir kuzatuvchi turardi...
Endi esa hamqishloqlar to‘da-to‘da yopirilib, mo‘ru-malax omborning har bir burchagini bosganidek, Moskvaning har bir hovlisiyu uyidan shumshayib mo‘ralab o‘tirishar ekan, Suhrob-haykaltarosh bir tur o‘zini yo‘qotgan edi. G’alati bir qizg‘onchmi uyg‘onardi uning ko‘nglida, avvaliga o‘zini kimsan-kim Chingizxonu Amir Temurlarning kamnamoyu antiqa avlodidan deb bilgan Suhrob endi kasodga uchragan chaqa tangadek seza boshladi o‘zini. Endi o‘z-o‘zini “o‘zbek” deb atashmi, yo onda-sonda bazmu-ziyofatlarga gul do‘ppisini kiyib borish bir hol uyatli bo‘lib qoldi.
Unday desak, Suhrobning injuyu daqiyq jo‘ralari maishiy yumushlardan nolib suhbatlarida albatta “shaharni bedarvoza qilib yuborgan kelgindilardan” shikoyat etishar ekan, Suhrobga yuzlana: “sen o‘zimiznikisanu” degandek, undan ham hamdardligu hamrozlik kutishar edi. Shunday mahallari Suhrob vaqti-bevaqt qizishib ham ketardi, rost, uning achchig‘i ko‘pincha o‘sha gashtaklarda emas, ulardan qaytgach, ko‘lkadek yuvvosh rus xotini Mashenkaga nasib etardi. “Qara, - derdi tutaqib Suhrob, - axir bular yaxshi kunidan kelishmagan-ku bu yerga! Agar uylarida hayot farovon bo‘lsaydi, oilalarini tashlab, issiq yurtlariyu, meva-chevalarini tashlab, bu qahraton sovuqlarga kelishu, it yotib mirza turishlariga balo bormi?! Anavi kuni “Trud”da o‘qidim, uylarning podvallarida kartondan yotoq yasab, yuz-yuzlab yashashar emish... Yana bir joyda hovli-joyini sotgan bir o‘ris o‘sha hovli-joyi bilan birga to‘rtta tovuq, ikkita g‘oz, eski-tuski uy anjomiga qo‘shib bir qarol o‘zbegini ham sotib ketibdi... Tasavvur qilgina! Yigirma birinchi asr boshida-ya!..”
Bechora Mashenka faqat boshini chayqab o‘tirar, biroq durustki, qizishganida haykaltaroshning qoni miyasiga emas, qo‘liga urar ekan, bu gaplar ustida Suhrob qo‘liga bir bo‘lak ganchmi, juda bo‘lmaganida yaxshi pishmagan nonning xamirsimon mag‘zini olib, butun jon-jahdi bilan ularni ezg‘ilashgayu, o‘zigayu, o‘z qahriga ayon allaqanday shakllarni yasashga tushardi...
Suhrob-haykaltarosh ishga kirishdi deguncha, esimga boyagi qoida tushib: illo, to‘qishu-chatishga borib, bu so‘zlardan Suhrob bir nav’ el qayg‘usidagi millatchi ekan degan farazga bora ko‘rmang, demoqchiman. Uning o‘zbekligi boya aytganimdek gul do‘ppisini yilda bir kiyishdanu, ustaxonasida kelgan-ketgan mehmon oldiga yozgan bir parcha atlas dasturxonida bir siqim qora mayiz solingan sopol piyolasidan ortiqcha emasdi. Agarda bundan-da keskirroq isbot kerak ekan, uning onda-sonda menga “o‘zbekcha” yozgan xatmi yo nomachalaridan biror ko‘chirma keltirishimning o‘zi kifoya.
“Assalom aleykum dustim! Men Toirnig loixa xakida Menda tallangan xudojniklar masal’asi shubxam bor edi. Bazi ulardan Rashidov rejim bilan aralashgan. Xozirgina vafo etgan Konchalovskiyning so‘zi xaelimga kolyapti: xudojniklar katta yelgonga katnashishi mumkin emas. Boishka tomondan ularning ibadiy sifati nixotanam ulug mi?”
Xudo haqqi, buni kulish yo mazax etish uchun emas, jo‘ngina dalil sifatida keltirdim xolos. Ya’ni, Suhrobning o‘zbekligi qariyb yarim asrlik Moskva hayotida ishqalana-ishqalana, hatto so‘nggi nuqta - ismu-sharifining, boya aytmish, salkam Zurab Sereteliga evrilishi qadar borib qolgan ahvolda edi.
Ana endi bu qisqa debochadan so‘ng hikoyaning o‘zini eshiting.
Qish kunlarining birida Suhrobning Kievskaya Naberejnayadagi ustaxonasida telefon jiringlab qoldi. Xayriyat, xotini Mashenka ekan. “Tinchlikmi?” – deb so‘rasa, “Hozirgina ona qishlog‘ingdan birov telefon qildi, seni qidiryapti. Kechqurun keladi deyishimga qo‘ymasdan, qo‘lida telefoni yo‘qmi, o‘ta zarur ishim bor, - deb qistayapti. Yana besh minutdan keyin telefon qiladi, unga nima deyin deb qo‘ng‘iroq qilyapman”, - deydi. Gapning ochig‘i, uncha-muncha yirik ish qilayotgani yo‘q edi o‘sha payt Suhrob, biroq uni, neki bo‘lmasin, ishdan qo‘yishayotgani, odatdagidek, yoqmadi unga. “Kim ekan o‘zi, telefon qilgan, ismini so‘ramadingmi?” – desa, Mashenka tabiiy iltifoti ila: “Yo‘q, xayolimga kelmapti. Biroq u hozir qayta telefon qiladi, shunda so‘rab olarman. Tinchlikmikan o‘zi u yerda?” – deb so‘raydi eridan yana. “Ha, qiziqmisan, ular bilan men emas, o‘zing gaplashgan bo‘lsang, u yerda tinchlik-notinchlikni men bilamanmi, yo senmi?” – deb qizishib berdi Suhrob. “Yo‘q, shunchaki, kuyukyapman-da...” – deb javob berar ekan Mashenka, shunda Suhrob: “Telefon qilishsa, mayli ustaxona nomerini berginu, bu nomer ustaxonamning nomeri ekanini aytma. Hozir muvaqqat bir joyda edi, telefoni mana shu, deb bergin”, - deb tayinladi.
Boyada g‘imirsilanib qilayotgan mayda-chuyda ishi ham ketdi qo‘lidan bu suhbatdan keyin. Yarim yoziq qiyiq dastarxonchasidagi sopol idishchadan bir chimdim qora mayiz olganicha o‘yga toldi Suhrob. Kim bo‘ldi ekan, telefon qilgan kishi? Kimi qolgan edi o‘zi qishloqda? Onasi uning bolaligida o‘lgach, otasi qamalishidan oldin boshqa bir xotinga uylanib, undan ikkitami-uchta bola ko‘rgandi. Suhrob voyaga yetib harbiy xizmatu, undan so‘ng umrbod Moskvaga o‘qishu yashash uchun ketgach, otasi qamalib ketganiniyu, qamoqlarda yo‘q bo‘lib ketganini o‘gay onasining xatlaridan bilgan edi. Biroq o‘gay onasini onayu, o‘gay uka-singillarini qardosh bilib ulardan xabar olgani yo‘q. Yozlari cho‘l ariqlarida suv quriganidek, oradagi xatlar ham uzildi, Suhrob o‘z qishlog‘iga qaytmagach, qishloqdan uni so‘rab kelganlar ham bo‘lmadi.
Mana endi esa bu qo‘ng‘iroq...
Shamoyilsiz bu o‘ylardan ko‘ngli g‘ulg‘ulaga to‘lib borar ekan, bir mahal telefon jing‘irlab qoldi. “Allo!” – dedi, odatdagidan yo‘g‘onroq ovozda Suhrob. “Suhropokamlani chaqirivoriyng!” – deb, betakalluf buyruq bergandek bo‘ldi tallafuzi norus bo‘lgan bu ovoz. Suhrob bir daqiqa sukut saqlar ekan, xuddi birov uni chaqirayotgandek o‘yin qildi emas, balki bu qo‘pol ovozdan esankirab qoldi chamasi. Baharhol u: “Ha, eshitaman”, - dedi-da, qaysarligi tutib: “kim bilan gaplashyapman o‘zi?” – deya, qo‘rslikka qo‘rslik qildi. Telefondagi ovoz birdaniga mayinlashib: “Somalaykim, tog‘ajo‘n, ma jiyaniyz Sangiyn bo‘laman. Siyniz Farahhi kenja o‘g‘illari-chi...” – “Singlim Farrah?” – deb bexosdan beso‘naqay o‘zbekchaga ko‘chdi Suhrob, - “qanaqa...” – “Bolaluvda realno Faya dirkansizu, o‘shani o‘g‘li-te...” – “Ha, Faya... bilaman. Siz qaerda?” – “Ma shuding Maskavaga ishka keluvduv, efemesi ushavoldi, zakonniy naezjat qilishvotti, dakimentiyn yo‘g‘ divotti, shunga o‘ziyiz bulaga etip qo‘yasizmi, dakazayt qilish keray-te, jiyan diganini...” – “Siz qaerda hozir?” – “Mana mambu lo‘xlaga trupkani beriy…”
Shukurki, naryog‘da bir kapitan ruschaga ko‘chdi.. Suhrob surishtirib bilsa, boyagi jiyani Sangin yana bir hamyurti bilan Altufevodagi Federal migratsiya xizmati bo‘limi tarafidan bozorda xujjatsiz tutilib, jarimaga puli yo‘qligi tufayli avvaliga ma’muriy qamoqqa, keyin esa o‘z yurtiga haydalish taraddudida ekan. “Ma bo‘tga avtoritetniy qarindoshimmikiga kegamman!” – deb, Suhrobning telefoni bilan nomini tumoridan chiqarib tutqazganidan, kapitan har ehtimolga qarshi bunisini ham tekshirib boqmoqchi bo‘lgan ekan. “Agar bu daydilar chindan ham siznikiga kelishgan bo‘lsa, biz ularni qo‘yib yuborishga tayyormiz, biroq o‘zingiz bo‘limga kelib tilxat yozib ketishingiz lozim” – dedi so‘ngida kapitan, va nedandir bu buyruqqa bo‘ysunibmi, yo boshqa junbushdanmi, umrida ko‘rmaganu bilmagan jiyanini qamoqdan qutqarish uchun, Suhrob o‘n daqiqa so‘ngra “Kievskaya” metrosiga tushib borib, Moskvaning qoq chekasidagi Altufevo tomon yo‘l oldi...
Suhrob metroda ayniqsa Moskvaning yobonlariga chiqishni ko‘pam xush ko‘rmasdi. So‘nggi paytlar metroda yurish xavfli bo‘lib qoldi. Yo‘q, qalang‘i-qasang‘i taqirboshlar mo‘ysafed Suhrobni tutib urishmas ediyu, biroq uni namat qalpog‘idanu qalin soqolidan bir gurji, bir chechen bilib, yo to‘rt atrofni mensimay bo‘ralab so‘kishardi, yo yoshroq bo‘lganlari “Bin-Lodin” deb mazax qilishardi. 
Rost, bu safar Moskva qahratonimi bois, u siyraklashgan metroda eson-omongina Altufevogacha yetib bordi, hatto stantsiyaning o‘zida sandiraqlagan uchta-to‘rtta mast-alast yosh-yalang ham o‘zlari bilan o‘zlari ovora bo‘lib, unga qarab ham boqishmadi. Tepaga, yer ustiga chiqib borsa, qor biram pag‘a-pag‘a yog‘yaptiki, xuddi eng buyuk haykaltarosh yer ustidagi mayda-chuyda borliqni o‘zining belgisiz ganchi bilan qayta bosib tashlagudek...
Qor oralab yo‘lovchi bir kampirdan yo‘l so‘ragan Suhrob militsiya bo‘limidagi FMS xonasiga kirib borsa, siyqasi chiqib ketgan bir kapitan o‘ngida burchakka tiqilib qish chillasida yengilgina triko kiygan ikki mitti yigitcha o‘tiribdi. Bularga o‘tkir ko‘zi tushishi bilanoq Suhrob birida darrov o‘z otasining shaklu-shamoyilini tanidi. Ko‘zlari nogahon chaqnadi shu on, biroq so‘lib o‘tirgan bu o‘spirinlardan biri birdaniga o‘rnidan sapchib, o‘zini Suhrobning quchog‘iga otdi: “Tog‘ajo‘n, jon tog‘ajo‘n, qarang mambu jala nma qvotti?! Borakansizu, oka!”
Yana mayda-chuyda zoe qog‘ozbozligu kompyuterlarga kiritilgan tilxatlarni itqitayligu, biror soatdan keyin bu ikki junjukkan yurtdoshiyu qondoshini Suhrob o‘z uyiga boshlab kelganiga ko‘chaylik. Xotini Mashenka bularni qish qahratonidan trikolarda kirib kelishganini ko‘rib sarosimaga tushdi, bir tomondan ona emasmi, ustilariga po‘stinlar berdi, yugurib-elib choy tashidi, biroq yigitchalarning oylab suvu-sovun ko‘rmagan muz etlari eriy boshlagach, xona bo‘ylab shu qadar qo‘lansa hid tarqala boshladi-ki, Mashenkaning nozik didi g‘uluvlandi. Buni Suhrob ham sezdi. Aytmoqchi bo‘lganim – Mashenka ko‘nglidagi bulg‘anishni-da, qazi hidini eslatadigan otdek bu yigitlarning ter bo‘yini ham shu topla ilg‘adi Suhrob.
Tosh bilan ishlayverganidan yuragi qotadimi haykaltaroshlarning, yo mayin iltifotga ro‘yi-xushi qolmaydimi, ne esa-da Suhrob: “Choylarni ichib bo‘ldinglarmi? Bu po‘stinlarni o‘stingizga tashlang-da, otlaning – bir joyga oborib qo‘yaman, o‘sha yerda yotasiz. Maslahatni esa ertalab qilamiz!” – deb yigitchalarni qistay boshladi.
O’sha kechasi Suhrob o‘z jiyaniyu uning jo‘rasini o‘z ustaxonasiga oborib, yotoq o‘rniga ikkita kursiyu, ko‘rpasiga – yerda yotgan serka terisini tashlab, o‘zi uyiga eng so‘nggi metro bilan tun soat birlarda qaytib keldi. Mashenka hali ham uxlamay, unining kelishini poylab o‘tirardi.
Boshqa payt ular orasida kechgan taxir suhbatu, kechasi bilan yonboshdan yonboshga ag‘darilgan Suhrobning bedor o‘ylarini erinmay yozgan bo‘lar edim, biroq bo‘ynimga tuzoqdek tashlangan qoida – haykaltaroshlik uslubi meni mayda-chuyda o‘nqir-cho‘nqirlarga chalg‘imaslikka chorlaydi.
Ertalab uyqusizlikdan lanj Suhrob qishki havoda biroz o‘ziga kelib, ustaxonasiga aniq qaror bilan kirib bordi. Kirib bordiyu, o‘z qarori to‘g‘riligiga iqror bo‘ldi: bu ikki bedov toy hamma yoqni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlashgan – kechasi ko‘rpa qidirishganmi, yo saharda samovarmi, ne ahamiyat, kitoblar haykallarning qo‘llariga tashlangan, haykal boshlar kitob jovonlariga qo‘ndirilgan, bu ham kam esa, qiyiq dasturxonning o‘rtasida to‘rtga bo‘linib sopol idishchaning chil-parchil bo‘laklari qora mayizi aralash ag‘darilib yotardi. Bunisi hali Suhrob ko‘zi bilan qarab faqat shakllarni aytyapman, anqigan hidu, bepisand xurrakdan gap yuritganimcha yo‘q...
Shunda Suhrobning miyasigami, tiliga tuyqusdan o‘smirligidan beri qo‘llamagan so‘kinchlar otildi: “He, oneyni...” – deb hayqirgisi keldi, biroq burchakda dong qotgan bu ikki jussachaning ustiga bostirib borarkan, “kusfurush” bilan “qiztaloq” farqida dovdirab, axir: “He, qistalog‘la, tur!” – deb o‘shqirishga o‘shqirdiyu, hayajonidan ovozi bo‘g‘ilib, qisilib, o‘z qulog‘iga allaqanday shallaqi chiyillashdey tuyuldi. “Shaltog‘ingga bulanib yoturasanmi?!” – bolaligidan keldi sado.
Anavi ikki dayus istar-istamas yondan yonga ag‘darilishdi-da, biri: “Chvo  arosh, chimo?!” – deb g‘udrandi-da, yana uyquga ketdi. Shunda Suhrob ikki qo‘li bilan ikkisining ustidan ikki po‘stinni yulib tashladi-da: “Tur-e, sani!” – deb qichqirdi. Sovuqdan seskanib uyg‘ongan ikkisi uyqu arimagan ko‘zlarini mushtlari bilan uqalab: “E, sizmuvdiyz, oka, shunnog‘ dimiysizmi?” – deya, turishdi. “Mana seniki ikki ming pul, Kazanskiy vokzal borasiz, uyga ketasiz!” Pulni ko‘rgach ikkala yigitcha muloyimlashdi: “Xo‘p didivu, kiyinsov bo‘ladimi, oka?!” – “Davay, tez!”
Xullasi, bular bilan choy-poy ham qilgani yo‘q Suhrob, puliga ilovan qo‘llariga ikki shotland sviterini topshirgach, eshikkacha bularni kuzatib bordi-da, eshikni ketlaridan yopgach, jim-jit yolg‘izlikda: “To‘g‘ri qildimmikan?” – degan gumonga bordi. Kim bilsin, bo‘lari bo‘ldi. Har holda hamqishloqlariga sovg‘a-salom, tortiq-tarag‘ay berib yuborsa bo‘larmidi...
Kun boshidan buzulgan edi. Shu tufayli qolgani ham bebaraka o‘ta boshladi: timirskilanib Suhrob bulardan qolgan ola-gastonni yig‘ishtirgandek bo‘ldi, ustaxonasini saranjomladi bir nav’, kitoblarni qayta jovonga tizdi, haykalchalarning changini artdi, boyagi to‘rtta sopolni chegalashga urundi, o‘rniga to‘rt sopol beshga bo‘lindi. Unday desa, bu yoqda yuragi chil-parchil bo‘lib yotibdiyu... 
O’z-o‘zini muruvvatsizlikda pinhona ayblab, o‘z-o‘zini yeb yotganida, telefon jiringladi. Olsa – jiyani Sangin. “Oka, - deydi, - szziyam xet qvordiyu, toka bo‘tta bilet zakonniy yo‘g‘aka. Bratanla samolo‘tka chqarvoriyluv diyishvotti. Atvechat qlovuza diyishvotti... Toka jchcha kapista soqqada kerov bo‘votti... Nma qiliynu, oka?” Haykaltaroshlarning qo‘liyam, aqliyam keskir bo‘ladi emasmi, Suhrob ortiqcha mijg‘ovlanmasdan: “Kiev vokzali sog‘ati bilasiz, ke, pul tayyor!” – deb buyurdi. Pul ketsa ketsin, ruh tinchligi ketmasin ekan. Xotinidan har oilaviy ehtimolga qarshi yashirib qo‘ygan roppa-rosa ming dollar ichidan to‘rt yuzini olib, Suhrob yana qor ko‘chaga chiqdi.
Kiev vokzalining minorasi tagida yarim soatcha kutib, ikki yigitchaga xufyona to‘rtyuz dollar (“uch yuzi biletga, yuziga qishloqqa u-bu narsa olasan” -deya)  topshirdi-da, ko‘ngli to‘lsa-da, orqasiga qayta-qayta alanglab, yana ustaxonasiga qaytdi. Qiziq, yo‘lida uchraganlarning bvri uning ko‘ziga o‘zbek bo‘lib ko‘rinar, yo chindan ham shundaymidi o‘zi? Ustaxonasiga qaytgachoq, Suhrob o‘zining soat ostidagi beso‘naqay xatti-harakatlarini eslar ekan, ko‘z oldida yana o‘sha ikki bo‘z bola gavdalandi-da, Suhrob birdaniga labini tishladi. Jiyanining egnida ertalab berilgan shotland sviteri bor esa-da, panaroqda turgan jo‘rasi allaqanday juldur kastimda edi. Kastim tagida esa o‘sha-o‘sha yag‘ir triko...
Bularning baridan alahsish uchun Suhrob loy qordi, ox deganda o‘zining bugungi beqarorligidan bir narsa undirmoqchi bo‘ldi, qayda deysiz, qo‘li biron shaklga bormadi, loy qo‘lida qotib, uni ham oqibat chil-parchil uvalashga to‘g‘ri keldi.
Piyoz archganingda birinchi qat po‘choqdan chuqurroq olsangoq, ko‘zingdan yosh sirqiraganidek, allaqanday yig‘loqi kayfiyatda edi Suhrob. To‘g‘ri qildimi boshidan, yo yigitchalarni kelgan yeriga haydashdan ko‘ra ularga el qatori ish-pish topib berish kerakmidi? Axir do‘stlari bo‘lsa bor, istagan yeriga qo‘li yetadi, jilla qursa San’at uyiga qorovul-porovulmi, yo elektrik-pelektrik qilib joylashtirib qo‘ysa ham bo‘lardiyu... Moskvada o‘zbek qorovuli kammi, yana bitta-ikkita qo‘shilsa...
Qiziq, haykaltarosh xalqi odatda armonu-pushaymnlardan yiroq bo‘ladi: toshning bir parchasi uchdimi – uni joyiga qaytarolmaysan, shaklni yangidan moslash qoladi xolos. Lekin nega u bir yoshga yetganida kundalik odatlariga xilof qayta-qayta kalovlanib o‘tiribdi? Axir o‘limga yo do‘zahga jo‘natgani yo‘q-ku jiyanini – o‘z ona yurtiga, vataniga jo‘natdi! Baribir ko‘nglidagi bu loyqalik tarqagani yo‘q, baribir ko‘ngil sopolini ham bir-biriga  chegalolmay qoldi Suhrob... “E, shoir bo‘lib ket-a!” – deb, so‘nggi xayoliga kulib qo‘ydi u qv birdaniga boyagi qotgan burda-surda loylardan nima yasashini anglagandek bo‘ldi...
Qishning erta kechi ham kira boshladi. Boyagi bo‘laklarni ulashga nihoyat yangi loy qorimoqchi bo‘lib turganida yana telefon jiringladi. “Somalaykim oka, ayrapo‘ttan tlpon qvomman. Bo‘tta bittasi atvichat etvotti bu soqqanga diydi indiniga belat bo, blya, bugun zakonniy ketmoxchi bo‘sang, diydi, o‘zim chqarvorama, yana kapustaynda iikiyuz tasha, dvotti... Nma qlovuza, oka? Bratanimi sog‘at teyiga jo‘naturiymi? Paashrat qvoriyn, oka, sovop bo‘lyadi...”  
Suhrob javob bermasdan go‘shakni tashladi-da, qo‘llari hanuz loy, o‘ylanib qoldi. Qo‘llari mayliya, go‘shakka ham loy tegib, u endi tinimsiz chiyillar edi. Go‘shakni yana olib, zarda bilan telefonga urgan edi, loylari har tarafga sochilib, darz ketgan go‘shak ham jimidi.
Qo‘lini apil-tapil yuvib, yana boyagi xazinasidan ikki yuz dollar oldi-da, bir zumga o‘ylanib unga yana ikki yuz qo‘shdiyu, ustiga po‘stinini tashlaganicha, qayta qorburon ko‘chaga chiqdi. Qiziq, bu safar kutgani ham yo‘q, soat tagida pisibroq, bir o‘zbek turardi. Bunising ham turqi Suhrobga ko‘pam yoqqani yo‘q. Yaqinroq kelsa – qish havosi emasmi, undan arzon pivo hidi anqib turibdi. Teri kurtkasining ostidan esa Suhrobning ertalabki shotland sviteri ko‘ringandek...
“San kim?” – deb, na salom, na alik qilib so‘radi Suhrob. “Somalaykim, oka, jiyaniyz yuvoruvdi. Bablo‘dan jichcha beradi, duvdi...” – “Ey, bala, buni qaerga olding?” – Suhrob qo‘lini kurtka ostidai sviterga uzatgan edi, yigitcha chap berib, Suhrobning qattiq panjalari uning teri kurtkasiga yopishdi. – “O’, blya, oka nma qvossiz o‘zi? Buni kojinkya diydi, yirtvorasizu, nma bespredelmi sizga? Munga ko‘p pul chochkammiz...”  - Bir zumga Suhrob, po‘chog‘ archgandek, uning kurtkasini yulib tashlashga hozir edi, kasbiy odatlari junbushidan qat ostidan qat qidirib bu yigitchaning yalang‘och mag‘ziga yetmoqchidek edi. Biroq shu payt panada turgan melisaning gulduros ovozi ishga aralashdi: “V? chto eto, zdes besporyadok razvodite?! Ponaexali tut, chern?e!»
Suhrob umrida melisa bilan yuzma-yuz bunqangi holatda yo‘liqmagan edi, shuning uchun ham u o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. “Ya vot tut, tovari? serjant, rodstvennikam xotel dengi peredat…» - «Tovari? starshiy serjant!» - deb to‘g‘irladi uning xatosini melisa. “Dengi govorish, kakie dengi?!” – “Da vot, bratishka uletaet v Tashkent, xotel peredat...” – deb, Suhrob cho‘ntagidan to‘rt yuz dollarini chiqazdi. – «Ax, t?, tak t? tut ye?yo kontrabandoy prom?shlyaesh?! Nebos za anashu platish?!» - deb, katta serjant o‘dag‘aylab ketganida, Suhrob qay ahvolga tushganini anglab yetdi Hozir hoynahoy mana bu shumshoq o‘zbekning cho‘ntagidan nasha-pasha topiladigan bo‘lsa bormi, rasvosi chiqdi Suhrobning. “Oka, lo‘x bo‘mayn, yuztasini qstriyn...” – deb imladi o‘zbekchasiga anovi isqirt. Umrida birovga pora bermagan Suhrob bir zumga bo‘kib, allambalo bexushlikda qo‘lidagi puldan yuzini melisaga uzatdi. -  “T? chto, pravooxraniteln?e organ? na vzyatku… pri ispolnenii slujebn?x obyazannostey… Da t? znaesh, chto tebe za eto budet?!» - deb, melisa jazavasiga tushganida, anavi o‘zbek Suhrobning qo‘lidan bor pulini olib, melisani qo‘ltig‘idan ushladi-da: “Ticho nachaynik, davay baklanim kak svoy-svoy” – deb, chekaga tortdi. Melisa g‘udurlab-g‘udurlab, uning ketidan devor orqasiga tisarildi. 
Shu top Suhrob qiziq ahvolda qoldi. Tuyqus tuyg‘u unga: “Ket!” – dedi, biroq u qochishdan uyaldi. Undan keyin pul masalasi hal bo‘ldimikan? Unday desa, barining shaltog‘i chiqib bo‘ldi. Anavi o‘zbek ham melisa bilan bir bo‘lsa-ya?! Yaxshisi ketgani ma’qul. Bu fikrda Suhrob soat tagidan jila boshladi. G’ira-shira quyuqlasha boshlagan, chiroqlar esa hanuz yoqilmagan, yana yigirma-o‘ttiz qadamdan keyin yo‘lovchilarga aralashib ketadi. Endigina shunday deb, qadamlarini tezlashtirgan edi, ketidan: “O’o‘v, oka, qaqqa ketvossiz?” – degan o‘zbekcha hayqiriq uzaldi. Suhrob taqqa to‘xtadi. Nazdida endi melisa tugul, Kiev vokzali atrofidagi mo‘l o‘zbeklar u tomon yopirilishib keladigandek... Yo‘q, boyagi chalamast yigitchaning o‘zi unga yaqinlashdi xolos: “Oka, unaqamaste, sizam atvichat qliyn, anuv musarga ikkiyuzzi berduv, ukayz yana bazar qbyurmasi...” Suhrob bosh irg‘itdi-da, xayr-ma’zursiz o‘zini ko‘m-ko‘k qorgayu, qor oralab tushayotgan qorong‘uga urdi...  
Ustaxonaga qaytgach ancha paytgacha uning qo‘llariyu yuragi titradi, muzlatqichdan negadir yarimtalab qolgan aroqni olib temir krujkaga quydi-da, ikki ho‘plamda gazzakisiz otdi. Ichi qiziy boshladi. Shu payt uni seskantirib yana jing‘iroq jiringladi. Telefon emas, badtari - eshik jing‘irog‘i. “Melisamikan?!” – deb cho‘chidi avvaliga Suhrob, birov melisa odatda eshikka qoqadi emasmi, - dedi unga shoshqin ongi. “Yana pulga kelishdimi?” – deb havotirlandi u ketin. Biroq ikkinchi jing‘iroq tarabchan emas, baroz uzrnok yangraganidan: “Nima bo‘lsa bo‘ldi!” – deya, u qo‘lida temir krujkasiniyu yarim shisha arog‘ini tutganicha, eshikka yuzlandi.
Ochsa – ikki notanish inson. Bir erkagu, bir ayol. Erkagi: “Mister Suhrab?” – deb so‘ragachoq, Suhrobning esankiragan esiga bu soatga Nyu-Yorkning Metropoliten muzeyidan aziz mehmon kelishi kerakligi tushdi. Esiga tushdiyu, qo‘lida temir krujkayu yarim shisha aroq, Suhrob ushbu muhtaram juftga na kiring deyishini bilmay, na salom uchun qo‘l uzatolmay, dovdirab qoldi. Anavilar esa amerikaliklar emasmi, sharaqlab kulishdi-da, Suhrobning yelkasiga qoqqanicha, inglizchasiga: “Ilhom parisini ushlabsanmi?” – qabilida bir narsani chug‘urlashib, ortiqcha takallufsiz ichkariga kirib kelaverishdi... 
Chog‘imda yana adabiy yo‘llarga chalg‘ib ketdim. Aytmabmidim – haykaltaroshlardan o‘rnak olib, hodisalarning po‘stu-po‘chog‘iga alahsimasdan, mag‘zini chaqaman deb. Shu bois Suhrob anchadan beri kutib yurgan o‘sha ardoqli juft bilan bo‘lgan uzun suhbatning jimjimalarini aytib o‘tirmay-da, faqat Suhrob ustaxonasidagi aroq hidiyu anavi ikki sayoqdan qolgan besaranjomlikni qanchalik xaspo‘shlashga harakat qilmasin, amerikaliklar shunchalik uni yupatisharu, “rus ruhining unga ham yuqqanligini” allaqanday g‘arbona takabburlik bilan kechirishgandek bo‘lishganini aytay... Yoki, mayli-da, kechasi soat o‘n birlarda bularni kuzatib, Suhrob o‘z uyiga, mo‘mina Mashenkaning oldiga qaytib kelganiga to‘g‘ri o‘ta qolay. 
Mashenkaga kun davomida boshidan o‘tganlarini gapirib o‘tirgani yo‘q, jo‘ngina: “Jiyaningni jo‘natdingmi?” savoliga: “Jo‘natdim”, - deb qo‘yaqoldi-da, ko‘proq amerikalik mehmonlar hikoyasini qildi. Ular bilan bo‘lgan uzun suhbatning jimjimalarini so‘zlar ekan, Suhrob bexosdan o‘zining ham anavilardek bir nav’ “gastarbayterligiyu”, tilanchiligini sezgandek bo‘ldi. Axir bu juftga yoqib, o‘z mehnatini qimmatroq bahoda sotishga tirishmadimi u? Ular hozirgi kunda san’atga pul ajratilmayotganiga gapni burishsa, Suhrob o‘zining noyobligini pesh qilmadimi? Bu pinhoniy tilanchilikda anavi o‘zbeklardan qaeri ortiq ekan uning?! Xaridorining o‘ris emas, amerikalik bo‘lganimi xolos?!
Bu o‘ylarda yana allamahalgacha uxlamay, ko‘rpayu choyshabini do‘k-do‘k tepib yotdi Suhrob. Lekin bunisi ham bir sira adabiyot...
Ertasi... ertasi hech narsa bo‘lgani yo‘q. Telefon ham jiringlamadi, melisa ham qidirib kelgani yo‘q. Amerikaliklar ham ortiq qorasini ko‘rsatmadi. Indinisiga ham kun bo‘m-bo‘sh o‘tdi. Uchinchi kunga borib ustaxona endi yig‘ishtirilgan, sopol siniqlariyu bo‘sh aroq shishalari axlatga tashlangan, qiyiq atlas dasturxoncha ustida bir hovuch mayiz to‘ntarilgan gul do‘ppi ichida qorayib turardi. Suhrob esa xazinasidagi qolgan ikki yuz dollarini olib, uni shu kecha Mashenkaga sovg‘a-salom uchun topshirishga shaylangan, hozircha esa o‘zining tinchlana boshlagan ko‘ngliga quloq tutib, yangi haykal loyihasini xayolida pishitar edi. Balki-da “Gastarbayter” deb nomlaydimi uni... Har nechuk...
O’sha kuni kechqurun uyiga qaytib, Mashenkaga dabdurustdan ikki yuz dollarni hadya etgach, ikkisi bir shisha arzanda frantsuz sharobini ermak qilib, televizorga tikilib o‘tirishar ekan, yangiliklarda shahar melisasi markazda buzilishga rejalangan bir eski uyni o‘zlariga mehmonxonayu yotoqxona qilib olgan 68 o‘rtaosiyolik noqonuniy migrantni tappa bosganini ko‘rsatishdi. Yo‘q, bularning orasida – Suhrob qancha tikilmasin – Sangin jiyani chiqib qolgani yo‘q, biroq bu oltmish sakkiz insonning it yotib mirza turishini ko‘rgan Suhrobning ko‘ngli yana g‘ashlikka to‘ldi. Kechasi yana uxlayolgani yo‘q. Bedorligini o‘tkir sharobdan ko‘rdi, boyagi suratlardan ko‘rdi, Mashenkaga qilgan riyokorligidan ko‘rdi – fikri bularning orasida chuvalanib, baribir uyqu bermadi.
Bir paytlar yoshligida, Moskvaga endigina kelgach, o‘zi ham it yotmagan yerlarda tunab qolganlarini, biroq kunlari bir inson anatomiyasini, bir rasmkashlikni, bir tosh yo‘nishu, loy qorish san’atlarini mukkasidan tushib o‘rganganlarini esladi u. O’ylab boqsa, boyagi aziyatlari bugungi martabaga erishish uchun chekilgan ekan, ammo Suhrob-haykaltaroshning bugungi  martabasi uni tosh haykal kabi o‘tu-cho‘g‘dan asrashga qodirmi?! Qayda?! O’zi beqarorlikda o‘tu-cho‘g‘ bo‘lib yonib yotibdiyu! Yoshligidan hayotning ma’nosini ish ustiga ulug‘vor ish bilan o‘lchagan Suhrob endi mayda-chuyda yumushlarga yem bo‘lmayaptimi?! Yo bu mayda-chuyda yumushlarda o‘ziga oro topyaptimi?!
Gap kelib-kelib, bir insonning shisha qalbini  sindirmaslik haqida ketyapti emasmi?! Farishta Mashenkasini esladi ilk on Suhrob. Tanimagan singli Farrahni esladi, uning avbosh o‘g‘li Sanginni... Nima qilsa bularning barini baxtli qila olarkin? O’ylab-o‘ylab bir jihoz kashf etdi. Zambaraksimon bu jihozni dengiz sohiliga joyladi. Ichiga singlini kirg‘azib, cho‘zma otgandek uni uzoq dengizga otdi. Singli ozod parvozda dengizga sho‘ng‘idiyu, dengiz ko‘pigidan mukammal haykal bo‘lib chiqdi, ilohiy Afrodita bo‘lib chiqdi... Amerikaliklarga sotsammi bu jihozni? Pulga ko‘madi-ku bu jihoz uni...
Ertalab qishki tarqamas g‘ira-shirada uyg‘onsa, tun bo‘yi alahsirabdi anavi jihoz kuyida: tush bo‘linsayam, jihozni qurish ishtiyoqi tun bo‘yi davom etgan ekan... Kulishini ham bilmadi o‘sha tong Suhrob, yig‘lashini ham... Ustaxonasiga yetib borgach ham tush qayg‘usi tarqagani yo‘q: qo‘lu xayolining biror ishga borgisi kelmadi. Yana o‘ziyu, o‘z xayoti haqidagi o‘ylarga toldi Suhrob. Shunday esa-da, biz bo‘sh kelmaylik, bergan ahdimizda mustahkam turaylik: haykaltaroshlik dedikmi, uning yo‘riqlariga sodiq qolaylik.
Soat o‘n ikkilarmi edi, telefon jiringladi. Notanish rasmiy ovoz: “Bu Falonchi Falonchievning telefonimi?” – deb so‘radi. – “Ha, Suhrob Sur’ataliev men bo‘laman”, - deb javob berdi Suhrob. – “Sizning qaramog‘ingizda Sangin Sur’ataliev degan odam bo‘lganmi?” – deb so‘radi ovoz. – “Kechirasiz, men... nimaydi...” ¬– deb, mijg‘ovlandi allaqanday ehtiyotkorlikmi, raddibalolikda Suhrob. Naryog‘dagi ovoz qog‘ozlarga ko‘milgandek bo‘ldi. Go‘shakni tashlab, boshqa ko‘tarmasamikan – degan oniy xayolga bordi Suhrob. Yana bir baloga giriftor qiladi-yo‘v bu bezori kelgindi... Biroq bu sukunatga chidolmay, u: “Kechirasiz, tinchlikmi o‘zi?” – deb so‘radi. – “Yo‘q, gap ayni shundaki, tinchlik emas-da!” – deb javob berdi iltifotsiz ovoz va zug‘umida davom etdi: “Bu qanaqasi o‘zi? Axir mening hamkasblarimga nima deb va’da bergan edingiz? O’zim qarayman, o‘zim adabini beraman demaganmidingiz?!” – “Kechirasiz, nima bo‘ldi o‘zi?!” – deb toqatsizlandi Suhrob. – “Aeroportdagi kazinoda o‘ynashga siz pul berganmidingiz? Yutqazib, janjal ko‘tarib ur-to‘polon qilganida sizni otingizni...” – “Nima deyapsiz?! Qanaqa pullar?!” – “Siz nima, meni so‘roqqa tutyapsizmi? Aksincha, azizim, men sizni so‘roqqa tutishim kerak!”
Shu yerda ichi shuv etib bo‘shadi Suhrobning. Tizzalari titradi. Majolsizlikdan u ganch haykalning tizzasiga o‘tirgan edi, haykal chirs etib sindi... Tonishdan endi foyda yo‘q... “Kechirasiz, o‘rtoq katta... ismi-sharifini nima dedingiz... Ha, ha, o‘sha Sanginga bu pulni men uyiga qaytib ketishi uchun bergan edim... U... yaramas... ablah esa...” Shunda so‘nggi kunlari gazak tortib yurgan qahru-alami ochildi Suhrobning. Jo‘shib-toshib ko‘nglini yordi bu notanish ovozga. Dastlabki qutqarishi ham qolmadi, ustaxonasidagi ag‘dar-to‘ntaru, ularga bergan qimmatbaho shotland sviterlari, xotinidan berkitgan eng so‘nggi pullariyu, bularning hech qanday qarindosh emasligi – barini ag‘dardi Suhrob qizigan go‘shakka.
“Mening bunday qarindoshim yo‘q, nima qilsangiz qilavering uni!” – deb yakunladi u o‘z taloshu-shikoyatini...
Qiziq, odatda rasmiylar chidamsizroq bo‘lishadi, biroq bunisi Suhrobning gapini bo‘lmasdan boshdan oyoq tinglab turdi. Hatto Suhrob xunibiyronligini tugatgach ham, biroz tavoze’lik ila sukut saqlab turdi-da, keyin: “Kechirasiz, ammo qiladigan narsamiz qolgani yo‘q. Qamoqxonamizda uni bir telba taqirbosh pichoqlab qo‘ydi. Jasadini olib ketasizmi, - deb telefon qilayotgan edim” – dedi.
Dekabrning o‘sha qorsiz kechasi Suhrob Mashenka bilan Domodedovo aeroporti tomon yo‘lga chiqishgan ekan, misliki osmon haykaltaroshi sepayotgan ganchini yig‘ishtirib, ishidan qo‘l uzgan chog‘i, men ham o‘z ahdu-shashtimdan qaytdim. Qo‘y, - dedim o‘zimga o‘zim, - o‘z adabiyotimdan qolmay. Shafqatsiz ekan bularning kasbu-kori: toshni yo‘nibmi, yog‘ochning  qat ketidan qat po‘stlog‘ini ajratibmi, o‘zakmi, mag‘ziga yetaman degani shu bo‘lsa, haykaltarosh Suhrob Sur’ataliev Moskvaning qahraton tunida o‘zining bebosh jiyanining muzdek qotgan jasadini sangin haykaldek qamoqdan o‘lik tashuvchi mashinaga olib chiqayotganini ko‘rmayinam-kuymayin. Shumidi umriniyu ko‘nglini timdalagan o‘sha eng mutlaq haykal?! Shumidi uning intilishlariyu junbushlarining o‘zagiyu mag‘zi?! Yalang‘och, keskir haqiqat shu ekan, - deyman o‘zimga o‘zim, - mening ham o‘zimga noxos ishdagi mardikorchiligimdan chiqishim ma’qulu, o‘z iliq va pahmoq to‘qimalarimga o‘ralganim tuzukroq emasmi? 
Keling, o‘z yo‘limda qaytadan boshlay: Suhrob Sur’atalievni do‘stlari hazillashib Zurab Sereteli deb atashardi...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.