OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Avloniy. Muxtasar tarixi anbiyo va tarixi Islom

Odam alayhissalomdin Muhammad alayhissalomg‘acha arolarinda o‘tg‘an payg‘ambarlarning qissalari va zuhuri islom.

Usuli jadidaga muvofiq ravishda maktabi ibtidoiyalarimizning uchinchi va to‘rtinchi sinf shogirdlari uchun tartib berilub, Turkiston shevasinda eng mo‘‘tabar asarlara iktifo qilinub, qisqacha Hazrati Odam alayhissalomdin xilofati roshidin zamonigacha darj qilinub, maydoni intishora qo‘yildi.

 

(Haq ta’bi mahfuzdir)

 

Ikkinchi tab’i

Noshiri:

"Maktab" kitobxonasi.

Rabbi us-soni h. 1331, m. 1913. Savr.

 

 

Bismillahir rohmanir rohim!

Oyati Karima: Nahnu naqussu alayka ahsanal qasasi bimo avhayno ilayka hazal Qur’ana va in kunta min qablihi laminal g‘ofilin (Qur’oni karim. "Yusuf" surasi, 3-oyat.).

Manosi: Yo, Muhammad! Biz Qur’onni senga vahiy qilub, qissalarning go‘zalini hikoyat qilamiz, agarchi biz qissa qilmasdin ilgari bu go‘zal qissalardin xabarsiz bo‘lsang ham.

1. HAZRATI ODAM ALAYHISSALOM

Janobi Haq olamni bor qilub, Otamiz Odam alayhissalomni loydin yaratub, jon berdi. Farishtalarni Hazrati Odamga sajda qilurg‘a buyurdi. Farishtalar sajda qilub, Iblis sajda qilmadi. Shul sababli Allohu taolo dargohindan quvlanub, mal’un o‘lub, Odam bolalariga dushman bo‘ldi. So‘ngra Janobi Haq Hazrati Odamning chab qobirg‘alarindin Anomiz Havvoni yaratub, ikkilarini jannatga qo‘yub, "bug‘doydin yemangiz", - dedi. Dushman Shayton bir hiyla ila jannatga kirub, vasvasa qilub: "agar bug‘doydin yesangiz, doim jannatda qolursiz", - deb aldab, ikkilarin ham yedurdi. Shul sababli Janobi Haq alarni jannatdin yerga tushurdi. Hazrati Odam Hindistonga yaqin Sarandib otasiga (yurtiga) Hazrati Havvo Makkai mukarrama yonindagi Jadda tog‘iga tushdilar.

Hazrati Odam jannatdin chiqqanlariga ko‘b vaqt yig‘lab, qilg‘an gunohlariga tavba qildilar. Haq taolo tavbalarini qabul qilub, "Makkaga bor!" - deb amr qildi. Makkaga borub, Hazrati Havvo ila topishub, birga yashadilar. Anomiz Momo Havvo har tug‘ushda bir qiz, bir o‘g‘ul tug‘ub, faqat Shis alayhissalomni yolg‘uz tug‘dilar.

 

2. QOBIL ILA HOBIL

Odam alayhissalomning Qobil va Hobil ismli ikki o‘g‘illari bor edi. Qobil o‘zi birla tug‘ushgan Iqlima ismli singlisini olmoqchi bo‘ldi. Odam alayhissalom o‘z shariatlari uzra Hobilga bermoqchi bo‘lganlarida Qobil rozi bo‘lmadi. Odam alayhissalom: "Bo‘lmasa, ikkingiz ham Allohu taologa qurbon so‘yingiz, qaysingizni qurboningiz qabul bo‘lsa, Iqlimani ul olur", - dedilar. Qurbon so‘ydilar. Hobilniki qabul bo‘ldi. Qobil hasad qilub, Hobilni tosh birla urub o‘ldurub, yerga ko‘mdi.

Janobi Haq Odam alayhissalomni o‘z bolalariga payg‘ambar qilub, o‘n sahifa kitob yubordi. Ming yil yashab, Jum’a kuni vafot bo‘ldilar. Qabri shariflari Sarandib-dadur. Bir rivoyatda Makkada Abu Qubays tog‘indagi g‘orda deyilur. Hazrati Havvo Hazrati Odamdin bir yil so‘ngra vafot bo‘ldilar. Qabri shariflari Jidda tog‘indadur.

3. HAZRATI SHIS ALAYHISSALOM

Odam alayhissalom vafotlaridin avval Shis alayhissalomni yaxshi ko‘rub, barcha bolalariga podshoh qilub qo‘ymish edilar. Vafotlarindin so‘ng Janobi Haq Shis alay-hissalomga payg‘ambarlik berub, ellik sahifa kitob yubordi.

Shis alayhissalom Ka’bai muazzamani tosh va loydin bino qildilar. Allohga osiy bo‘lgan Qobilning avlodi birla urushdilar. Odam bolalarindin eng avval qilich bilan urushgan Hazrati Shisdurlar.

Bolalari nihoyatda ko‘paygandin so‘ng, to‘qquz yuz o‘n ikki yoshlarinda vafot bo‘ldilar. Qabri shariflari Makkai mukarrama yoninda Abu Qubays tog‘indadur.

4. IDRIS ALAYHISSALOM

Hazrati Odam bolalari arosinda to‘g‘ri yo‘ldin chiqub, butlarga cho‘qunmak kabi yamon ishlar ko‘paydi. Haq taolo alarni to‘g‘ri yo‘lga solmak uchun Idris alayhissalomga payg‘ambarlik berub, o‘ttuz sahifa kitob yubordi.

Hazrati Idris qavmlarini to‘g‘ri yo‘lga solub, xalqni ulamoga, podshohga, amirga, avomlarga taqsim qildilar. Yer yuzinda avval kiyim tikkan, qalam birla xat yozg‘an Idris alayhissalomdurlar. Bundin avval Odam bolalari hayvon terisiga qoplanub yurur edilar.

Idris alayhissalomga ko‘klarning asrori ochilub, Janobi Haq tirik hollarinda yuqori makonga ko‘tardi. Ul vaqt uch yuz oltmish yoshda edilar.

5. NUH ALAYHISSALOM

Idris alayhissalomdin so‘ng Odam bolalari arosinda to‘g‘ri yo‘ldin chiqub, butlarga cho‘qunmak kabi yamon ishlar ko‘paydi. Janobi Haq alarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatmak uchun Nuh alayhissalomni payg‘ambar qilub yubordi.

Hazrati Nuh qavmlarini imonga chaqirdilar. Faqat uch o‘g‘ullari ila sakson kishi imon kelturdi. Boshqalariga nasihat qilsalar, izo va jafo qildilar. Alarni imonlarindin umid uzub, jafolariga sabr qilolmay, duoibad qildilar. Duolari qabul bo‘lub, Alloh tarafindin "Kema yasa!" - deb vahiy keldi.

Nuh alayhissalom kemani bir xoli yerda tayyor qilg‘anlarindin so‘ng to‘fon alomatlari paydo bo‘ldi. Hazrati Nuh mo‘‘minlarni olub ham har xil hayvonlardin bir juftdin solub, kemaga tushdilar. Yom ismli o‘g‘illari "man tog‘ga chiqub qutulurman", - deb turgan zamonda bir to‘lqin kelub halok qildi! Butun yer yuzi suv birla to‘ldi. Suv baland

tog‘lardin ham oshub, yer yuzindagi barcha insonlar va hayvonlar halok bo‘ldilar.

To‘fon olti oy davom etub, so‘ngra suvlar kamaydi. Nuh alayhissalomni kemalari Eronistonda Qorabog‘ degan yerda Judi ismli tog‘da to‘xtadi. Kemada uch o‘g‘illarindin boshqa insonlar halok bo‘ldilar. Hozirgi insonlar Hazrati Nuhning bu uch o‘g‘illarindin tarqaldi. Hom ismli o‘g‘illarindin habash va zanjilar, Som ismli o‘g‘illarindin arab, fors va rum qavmlari, Yofas ismli o‘g‘illaridin turk, totor, mo‘g‘ul xalqlari tarqaldi. Shuning uchun Nuh alayhissalomni "Ikkinchi Odam" deyilur. Nuh alayhissalom ming yilcha umr ko‘rub, to‘fonning uch yuz elliginchi yilida vafot bo‘ldilar.

6. HAZRATI HUD ALAYHISSALOM

To‘fondin so‘ngra Yaman viloyatida Hazramavt atrofinda Ahqof degan yerda Od qavmi paydo bo‘ldi. Shaharlarini obod qilub, nihoyatda mahkam imoratlar soldilar. Bu qavm ham to‘g‘ri yo‘ldin chiqub, butlarga ibodat qildilar.

Janobi Haq bu qavmga Hud alayhissalomni payg‘ambar qilub yubordi. Hud alayhissalom qavmlarni imonga da’vat qildilar. Mo‘‘jizalar ko‘rsatdilar. Oz kishi imon kelturub, boshqalari shirk va zalolatda qoldilar. Janobi Haq bularning boshiga ochlik balosini yubordi. Uch yil qahatchilik bo‘lub, shahar va bog‘larning suvi to‘xtadi. Xotunlari yetti yil bola tug‘madi. Barcha hayvonlari o‘lub bitdi. Bularni ko‘rub ham imon kelturmadilar. Janobi Haq ul qavmni sarsar ismli shamol birla halok qildi.

Hazrati Hud mo‘‘minlar ila Makkai mukarramaga borub, umrlarini toatu ibodatda kechurdilar. Qabri shariflari Makkai mukarrama shahrindadur.

7. HAZRATI SOLIH ALAIHISSALOM

Od qavmindin so‘ng Shom ila Hijoz orasinda Hajar degan yerda Samud qavmi paydo bo‘ldi. Bular ham Od qavmi kabi tog‘larni, toshlarni tilub, mustahkam uylar soldilar. Lekin bu qavm ham to‘g‘ri yo‘ldin chiqib, butlarga ibodat qildilar.

Janobi Haq bularga Solih alayhissalomni payg‘ambar qilub yubordi. Solih alayhissalom haq dinga chaqirdilar. Oz kishi imon kelturub, boshqalari kofirlikda qoldilar.

Bir kun mushriklar "payg‘ambar bo‘lsangiz shul tosh ichindin bolalik teva (tuya) chiqaring", - deb bir katta toshni ko‘rsatdilar. Solih alayhissalom duo qildilar. Allohning amri ila ul tosh yorilub, ichidin bolalik teva chiqdi. Kofirlar ul tevaning anosini so‘ydilar. Bolasi yana shul tosh ichiga kirub ketdi. Bu mo‘‘jizani ko‘rub ham mushriklarning ozlari imon kelturdilar. So‘ngra Janobi Haq ul qavmni ko‘kdin bir ovoz yuborub halok qildi. Solih alayhissalom musulmonlar ila Makkai mukarramaga borub, umrlarini toatu ibodat ila o‘tkardilar.

8. HAZRATI IBROHIM ALAYHISSALOM

Hazrati Nuhning bolalari avval Iroq shahrinda turub, so‘ngra Frot nahriga yaqin Bobil shahrini bino qildilar. Ichlarindin bir toifa chiqub, Dajla nahri labinda Mavsil shahriga yaqin Ninvo shahrini bino qildilar. Bu qavm Ninvoni poytaxt qilub, ko‘b shaharlarni oldilar. Bulardin so‘ng Kaldoni degan bir qavm paydo bo‘lub, nihoyatda tez quvvat tobdilar. Lekin to‘g‘ri yo‘ldin chiqub, yulduzlarga ibodat qildilar.

Janobi Haq alarni to‘g‘ri yo‘lga solmak uchun Ibrohim alayhissalomga payg‘ambarlik berub, o‘ttuz sahifa kitob yubordi. Hazrati Ibrohim qavmlarni va Bobil hokimini imonga da’vat qildilar. Namrud Ibrohim alayhissalomga ishonmasdin, bir ulug‘ o‘t yoqdurub, Ibrohim alayhissalomni o‘tga tashladi. Allohu taolo payg‘ambarini kuyishdin saqlab, o‘tni bir yaxshi gulzor qildi. Bu mo‘‘jizani ko‘rub, ba’zilari imon kelturdilar.

Ibrohim alayhissalom uy ichlarini olub Harron tarafiga, andin Shomga, andin Makkaga borub, o‘g‘ullari Ismoil alayhissalom ila Ka’bai muazzamani bino qildilar. Xatna qilmak, tirnog olmak, mo‘ylab olmak, misvok qilmak, musofirlarni izzat qilmak Hazrati Ibrohimning sunnatlarindindur. Qabri shariflari Quddusi sharifga yaqin Xalil ul-rahmon degan yerdadur.

9. HAZRATI LUT ALAYHISSALOM

Lut alayhissalom Hazrati Ibrohimni qarindoshlaridurlar. Ibrohim alayhissalom ila birga Misrga, andin Shomga bordilar. Falastinga kelganlarida Janobi Haq Sadum xalqiga payg‘ambar qildi.

Sadum xalqi bu zamong‘acha Odam bolalari qilmagan fisq-fujurlarni qilur edilar. Lut alayhissalom alarni to‘g‘ri yo‘l ila haq dinga chaqirdilar. Yomon ishlarni tashla-turg‘a harakat qildilar. Qavmlari nasihatlariga kuloq sol-may, qabohat va yomon ishlarni qila berdilar. Hazrati Lut Allohga munojot qilub "Yo, Rab! Meni bu zolimlardin qutqar!" dedilar. Janobi Haq ul qavmni boshlariga toshlar yog‘durub, zilzila birla shaharlarini ostin-ustun qilub, halok qildi.

Lut alayhissalom mo‘‘minlar ila Makkaga borub, Ibrohim alayhissalom yonlarida ibodat ila umr kechurdilar.

10. HAZRATI ISMOIL ALAYHISSALOM

Ismoil alayhissalom Ibrohim alayhissalomning o‘g‘illaridurlar. Ibrohim alayhissalomni xotunlari Sora bola tug‘mas edi. Shoyad bolasi bo‘lsa deb, Hojar ismli kanizak Ibrohim alayhissalomga berildi. Hojardin Ismoil alay-hissalom tug‘uldilar. Sora bularni ko‘rolmadi. "Birga turarga sabrim qolmadi" deb Ibrohim alayhissalomga arz qildi.

Ibrohim alayhissalom Hojar ila Ismoil alayhis-salomni Makkaga eltub qo‘ydilar. Ismoil alayhissalom Makkada o‘sdilar. Ul vaqt Yamandin kelgan Jarham kabilasi Makka atrofinda turur edilar. Ismoil alayhissalom alar birla qatnashub, alardin uylandilar. O‘n ikki bolalari bo‘ldi. Hazrati Ismoilning tillari ibroniy bo‘lsa ham, arabcha so‘zlashurga usta bo‘ldilar. Shul sababli bu kishining avlodlarini "arabi musta’raba" deyildi. "Arabi musta’raba" aslda arab bo‘lmay, arablikni boshqadin oriyat olub arab bo‘luvchi degan so‘zdir.

Janobi Haq Ismoil alayhissalomni Yamandagi Amoliqa xalqiga payg‘ambar qilub yubordi. Atolarining shariatlari uzra qavmlarini ellik yil imonga chaqirdilar. Avlodlari ko‘paydi. Har yerga borsalar zo‘r bo‘ldilar. Amoliqa xalqini turgan yerindin quvub chiqardilar. Yuz o‘ttuz to‘rt yoshlarinda vafot bo‘ldilar. Qabri shariflari Hajar degan yerda, anolari Hojar yonindadur.

11. HAZRATI ISHOQ ALAYHISSALOM

Hojardin Ismoil alayhissalom tug‘ulgan zamonda Sora nihoyatda ma’yus, xafa bo‘lmish edi. Shul sababli Janobi Haq qarig‘an vaqtlarida Ishoq alayhissalomni berdi. Ishoq alayhissalom yaxshiliqda, muloyimlikda, ko‘rinishda atolariga o‘xshar edilar.

Janobi Haq Shom va Kan’on xalqlariga payg‘ambar qilub yubordi. Ishoq alayhissalomning Iyas va Ya’qub ismli ikki o‘g‘ullari bo‘ldi. Iyas Ismoil alayhissalomning qizlarin olub, avlodlari ko‘payub, Rum viloyatina yoydilar. Hozirgi Rum xalqi Iyas avlodindandurlar.

Ya’qub alayhissalom atolarining yurti Kan’onda qolub, laqablari Isroil bo‘ldi. Shuning uchun avlodlariga "Bani Isroil" deyildi.

Ishoq alayhissalom yuz yigirma yoshlarinda vafot bo‘ldilar. Qabri shariflari Quddusi sharifga yaqin Xalil ul-rahmon degan yerda, atolari Ibrohim alayhissalom yonlaridadur.

12. HAZRATI YA’QUB VA YUSUF ALAYHISSALOM

Hazrati Ya’qubning o‘n ikki o‘g‘ullari bor edi. Hammasindin Hazrati Yusufni ortuq suyar edilar. Hazrati Yusuf bir kun tush ko‘rub, atolarina "O‘n bir yulduz, oftob ham oy manga sajda qildi", dedilar. Hazrati Ya’qub bildilarki, o‘n bir yulduz o‘n bir og‘alariga, oftob payg‘ambarliklariga, oy davlatlariga ishoratdur. "Yusuf, o‘g‘lum. Bu tushingni og‘alaringga aytma, dushman bo‘lurlar, Janobi Haq sanga payg‘ambarlik va zo‘r davlat berur", dedilar.

Og‘alari tushni eshitdilar. Hazrati Yusufga hasad qilub, ko‘rolmay, ba’zilari o‘ldurmoq, ba’zilari xoli yerga tashlamoq bo‘lub, oxirda qirga tashlarga qaror berdilar. Atolarindin "Yusufni ovga olib borurmiz", deb so‘rab, qirga olib borub bir quduqg‘a tashladilar, yo‘lda bir bo‘rini bo‘g‘uzlab, qoniga Haz-rati Yusufni ko‘ylaklarini bulg‘ab, atolarig‘a yolg‘ondin "Yusufni mollarimiz oldig‘a qo‘yub, ovga ketsak, bo‘ri yeb ketibdur", deb yig‘lashib keldilar. Hazrati Ya’qub sabr qildilar.

So‘ngra og‘alaridin birlari Hazrati Yusufga taom olib borsalar, Hazrati Yusufni karvonlar qudukdin chiqaribdur. Bu holni boshqalariga xabar berdi. Kelishib, Hazrati Yusufni "bu bizni qochurgan qulimiz", deb, karvonlarga oz bahoga sotdilar.

Hazrati Yusuf karvonlar bilan birla Misrga bordilar. Karvondin Misrning moliya vaziri Aziz sotib oldi. Farzandi yo‘q, o‘ziga o‘g‘il qilmoq bo‘lub, xotuni Zulayxoga "bu bolani ikrom qil", deb topshurdi.

Zulayxo Yusuf alayhissalomga oshiq bo‘ldi. Bir kun bir uyga olib kirub, eshiklarni berkitub, "Qani, tayyor bo‘lingiz", dedi. Hazrati Yusuf "Saqlan! Alloh zolimlarg‘a najot bermas", deb qochdilar. Zulayxo Hazrati Yusufni bo‘hton ila zindonga soldirdi.

Zindonda ikki kul bor edi. Biri podshohning sharbat-chisi, biri nonchisi erdi. Alar tush ko‘rdilar. Ta’birin Hazrati Yusufdin so‘rdilar. Hazrati Yusuf: "Biringiz qutilursiz, ikkinchingiz osilursiz", - dedilar. Aytganlaridek bo‘lub, biri qutildi, ikkinchisi osildi.

Hazrati Yusuf zindonda yetti yil qoldilar. Bir vaqt Misr podshohi tush ko‘rdi, ta’birchilar ta’birdin ojiz (b)o‘ldilar. Shul vaqt sharbatchining yodig‘a Yusuf alayhis-salom tushdi. Borub podshohning tushini so‘radi. Hazrati Yusuf "Misrda yetti yil to‘qlik, yetti yil ochlik bo‘lur", dedilar. Bu ta’birlarin podshohga kelub aytdi. Podshoh Hazrati Yusufni oldirub keldi. Bu sabab ila Hazrati Yusuf zindondin chiqub, podshoh ila so‘ylashdilar. Bu vaqt Aziz o‘lgan edi. Podshoh o‘rnig‘a Hazrati Yusufni vazir qilub, Zulayxoni nikohlab berdi.

Hazrati Yusufning ta’birlari to‘g‘ri keldi. To‘qlik yilinda amborlarni g‘allaga to‘ldurdilar. Ochlik yilinda har tarafdin galla olmak uchun odamlar kela boshladi. Kan’ondin ham Hazrati Yusufni o‘n og‘alari keldilar. Og‘alari Yusufni tanimadilar. Hazrati Yusuf og‘alarini tanidilar. "Qayerdin keldingiz, kimni o‘g‘lisiz, necha qarindoshsiz?" deb so‘radilar. Og‘alari: "Kan’ondin kelduk, Hazrati Ya’qub o‘g‘ullarimiz, o‘n ikki qarindosh eduk, birimiz qirda halok.bo‘ldi, birimiz atomiz yonlarida qoldi", dedilar. Hazrati Yusuf o‘zlarini bildirmasdin, e’zoz-ikrom ila g‘alla berub, Bin Yamin uchun ham g‘alla berdilar. "Ikkinchi kelishingizda qarindoshingizni kelturingizlar, bo‘lmasa, g‘alla bermasman", deb jo‘natdilar.

Ikkinchi kelishlarinda Bin Yaminni olib keldilar. Yusuf alayhissalom Bin Yaminni bir hiyla ila olub qoldilar. Og‘alari bu holni atolariga borub aytdilar. Atolari sabr qildilar. O‘g‘ullarin yana Misrga yubordilar. Hazrati Yusuf o‘zlarin bu marotabada tonitub, ko‘ylaklarin berib yubordilar. Atolari judolik otashi birla ko‘r bo‘lg‘an muborak ko‘zlariga surtub edilar, ochildi. So‘ngra Misrga borub, Hazrati Yusuf ila o‘n yetti yil umr kechurub, vafot bo‘ldilar. Vasiyatlari uza Kan’ong‘a, atolari Ishoq alayhissalomning yonlarig‘a ko‘muldilar. Hazrati Yusuf atolarindin ellik to‘rt yildin so‘ngra bir yuz yigirma besh yoshlarinda vafot o‘lub, Misrda amonat qoldilar.

13. HAZRATI AYYUB ALAYHISSALOM

 

Ishok alayhissalomning Iyas ismli o‘g‘ullarining urug‘indin Ayyub alayhissalom tug‘uldilar. Janobi Haq Ayyub alayhissalomga nihoyatda ko‘b mol va ko‘b farzandlar berdi. Imtihon sinamoq uchun bolalarin o‘ldurub, mollarini halok, uylarini xarob qildi. O‘z jonlariga ham nihoyatda bir yamon kasal berdi. Badanlari erub, kurtlar paydo bo‘ldi. Tanlarida go‘sht degan narsa qolmadi. Bu balolarning barchasiga sabru tahammul qildilar. Oxirda Janobi Haq shifo berib, salomatlandilar. Allohu taolo mol va farzandlarini avvalgidin ziyoda qilub berdi. Chekkan mashaqqatlarining ajru mukofotini ko‘rub, to‘qson yoshlarida vafot bo‘ldilar. Bu zoti sharifning Bishr isminda bir o‘g‘ullari dunyoga kelub, o‘rinlariga payg‘ambar bo‘lub, bu zot ham tezdin bu dunyodin oxiratga ko‘chdilar.

14. HAZRATI SHUAYB ALAYHISSALOM

Hazrati Lut alayhissalom avlodindin Shuayb alayhissalom dunyog‘a keldilar. Janobi Haq Madyan va Aykat xalqiga payg‘ambar qilib yubordi. Shuayb alayhissalomning tillari shirin, so‘zlari ta’sirlik bo‘lsa ham qavmlariga. asar qilmadi. Imon keturmadilar. Janobi Haq Aykat xalqiga issig‘lik yubordi. Issig‘ uch kun turdi, Hamma yilg‘a va buloqlar qaynadi. So‘ngra bir bulut paydo bo‘lub, hamma xalq issig‘din qochub, bulut ostiga yig‘ilganlarida ustlaridin bir o‘t paydo bo‘lub, halok qildi va Madyan xalqi ham bir ovoz ila halok bo‘ldilar. Shuayb alayhissalom mo‘‘minlar ila Makkaga borub, qolgan umrlarin ibodatda kechurdilar. Ikki yuz yildin ortug‘roq yashab, vafot bo‘ldilar.

15. HAZRATI MUSO ALAYHISSALOM

Ya’qub alayhissalomning laqablari Isroil o‘lub, avlodlariga Bani Isroil deyilur. Muso alayhissalom Bani Isroildin Imron ismli kishining o‘g‘lidurlar.

Bani Isroil Hazrati Yusuf zamonlarinda Misrga bordilar. Misrning asl xalqi qibtiylar o‘lub, sanamlarga ibodat qilur edilar. Bani Isroilga dushmanlik qilub, haqoratlar ila og‘ir, mashaqqat ishlarni ishlatar edilar. Bobolarining yurti Kan’onga ketar bo‘lsalar, yo‘l bermay, asorat zanjirinda tutar edilar.

Bir kun g‘aybdin xabar berguvchilar Misr podshohi (fir’avn)ga "Bani Isroildin bir o‘g‘il tug‘ulub, sening davlatingni yo‘q bo‘lishiga sabab bo‘lur", dedilar. Fir’avn Bani Isroildin tug‘ulgan bolalarni o‘ldurmakka buyurdi. Jallodlar axtarub, o‘g‘ul bolalarni o‘ldira boshladilar. Shul vaqt Muso alayhissalom tug‘uldilar. Anolari qo‘rqub, sanduqg‘a solub: "Alloh hofiz", deb Nil daryosiga otdilar. Oqib borganlarida fir’avnning xotuni Osiyo tutub oldi. Ko‘rdiki, chiroylik bir boladur. Yaxshi ko‘rub, o‘ziga bola qilub oldi. Emizmak uchun sut anolar kelturdi. Hech birin emchagin olmay, o‘z onalarin keturganida emdilar. Anolari o‘zlarin bildurmay, fir’avnning uyinda tarbiya qildilar.

Katta bo‘lub, ko‘chada yurganlarida ko‘rdilarki, qibtiylardin biri Bani Isroil birla urushib turubdur. Muso alayhissalom qibtiyning ko‘ksina bir musht urganlarida joni chiqdi. Shul tufayli fir’avndin ko‘rqub, Madyan shahriga borub, Shuayb alayhissalomning qizi Safurani nikohlab oldilar.

Madyanda o‘n yil turub, so‘ngra Misrga uy ichlari ila jo‘nadilar. Yo‘lda Tur tog‘iga yetganlarida Allohu taolo ila so‘zlashdilar. Aso va yadi bayzo kabi mo‘‘jizalar berdi. Ukalari Horun alayhissalom ila ikkovlarini payg‘ambar qildi.

Janobi Haq ikkovlarini Misrda da’voyi xudolik qilg‘an fir’avnni qavmlari ila haq dinga chaqurmakga buyurdi; Misrga borub, fir’avnni imonga da’vat qilganlarida mo‘‘-jiza talab qildi. Asolarini tashladilar. Zo‘r ajdaho bo‘lub, fir’avnni taxti ila yutarga harakat qildi. Fir’avn "Yo, Muso! Sabr qilingiz!" dedi. Qo‘lga oldilar. Yana aso bo‘ldi. Fir’avn bunga ham inonmay, sehrchilarni yig‘ub, ajdaholar qildurub, Hazrati Musoni yo‘llariga qo‘ydi. Hazrati Muso asoni tashladilar. Yana zo‘r ajdaho bo‘lub, sehrchilarning ajdaholarin yutub, yo‘q qildi. Bu mo‘‘jizani ko‘rub, barcha sehrchilar imon keturdilar. Fir’avn imon keturmasdin, sehrchilardin g‘azablanub: "Siz Muso ila birlashdingiz, qo‘lu oyoqlaringizni kesub, xurmo shoxlariga osarman", dedi.

So‘ngra Muso alayhissalom Shob dengizining labiga borub, asoni dyongizga urdilar. Suv yorilub, yo‘l ochildi. Bani Isroillar o‘tmakda edilar, Fir’avn ham orqalaridin kelub, daryoga kirdi. Bani Isroil chiqqan zamon yo‘llar bekildi, fir’avn askari birla g‘arq bo‘ldi. Bu sabab ila Muso alayhissalom dushmanlariga ustun bo‘ldilar.

Kan’onning katta shaharlari Ariho, Nobilis, Quddus shaharlari bo‘lub, Bani Isroilga Arihoga kirmak uchun Jabobira xalqi birla urushmoq lozim bo‘ldi. Bani Isroil "Jabobira ila jang qilmaymiz", deb ketlariga qaytdilar. Muso alayhissalom duoibad qildilar. Bani Isroil qirq yil Tiya sahrosinda qoldilar.

Qavmlarini Horun alayhissalomga topshirub, o‘zlari Tur tog‘iga borub, Janobi Haq birla so‘zlashdilar. Haq taolo Tavrot ismli kitob yubordi. Turda yurganlarida Bani Isroildin Somiriy degan bir buzuq kishi chiqub, Bani Isroilni Horun alayhissalomga bo‘yinsundurmasdin, bir buzoq suvratiga cho‘qundurdi.

Muso alayhissalom Tavrot ila Turdin kelub ko‘rdilarki, Bani Isroil buzoqg‘a cho‘qunurlar. Achchig‘lari chiqub, suvratni daryoga otdilar. Qavmlariga Tavroti sharifni o‘rgatub, e’tiqodlarini(ng) mahkam qilganlaridin so‘ngra Horun alayhissalom vafot bo‘ldilar. Muso alayhissalom ham Bani Isroilni Yusha’ alayhissalomga topshurub, yuz yigirma yoshlarinda vafot bo‘ldilar. Qabri shariflari Kan’onga yaqin Tiya sahrosindadur...

To'liq: Abdulla Avloniy. Muxtasar tarixi anbiyo va tarixi Islom - PDF

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.