OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdunabi Abdiyev. Muallaq odam (qissa)

-1-

– Ayting, men kimman o‘zi, kimman?
Goho asov soydek pishqirib, ba’zan toshbaqadek sudralib o‘tayotgan umringiz mobaynida qulog‘ingizga chalingan savollar silsilasida bundan ko‘ra mavhum va betayini ehtimol uchramas, bu savol og‘rig‘ini so‘roqqa tutguvchidan o‘zga kim ham bilsin. Binoyidek gurung berib o‘tirgan suhbatdoshim xotima tariqasida jazavaga tushib baqirishi har qanday odamni hayratlantirishi, yurakka g‘ulu solishi, “aqli joyida emas” degan qat’iy qarorga kelish uchun asos bo‘lishi mumkin edi. Faqat mengagina bunday hadik-xavotirlar allaqachon begonalashgan, men uning kayfiyati, qiyofasidagi zig‘irdek o‘zgarishni ham ilg‘ashga qodir edim, boisi, so‘nggi bir necha kundirki, suhbatdoshim dil daftarini g‘aroyib kitob yanglig‘ zoriqish, zerikish neligini bilmay varaqlayotgandim. Egilish, bukilish, vaziyatga muvofiqlashish yo‘lini qidirmay, ko‘ksidagi yolg‘izlik atalmish xudo quliga aylanib yashayotgan bu kimsa emranishlarini tinglar ekanman, o‘zim ojiz, notavon banda ekanligimga tobora iymon keltirdim.
– Bilmadim, – g‘ulduragancha javob qaytardim.
Ukkinikidek chuqur botib chaqchaygan ko‘zlar jussamga sanchilib, qalbimni parchin etdi, misoli bir qop etga do‘ndim, jismimni sovuq ter qoplab junjikdim, tegramda qimirlagan jonzot yo‘qligini, gadoy topmas ovloqda o‘tirganimizni bilsam-da, baxtli tasodifdan umidlanib, kimdandir najot kutgandek chor tarafga olazarak nazar tashladim.
– Afsus, men kimga sir inondim, sizlarda his-hayajon nima qilsin, – dedi u afsuslangannamo, hatto vaqtini behudaga sarflagani uchun o‘zidan nafratlanayotganini anglatadigan ohangda. – Nahot shunchalik kaltafahmman, axir, bor-yo‘q tashvishingiz qorin bo‘lib qolganini bilardim-ku, hayf-ey inson degan nom.
Vajohatidan basharamga musht tushiradiganga mengzardi, tilim tanglayimga yopishdi, bir yumalab rostakamiga u cho‘tlayotgan behis, behayajon kimsaga aylanishni jon-dilim bilan orzuladim, hammasiga o‘zim, ko‘pincha o‘zimga ham bo‘ysunmas sinchiligim sabab, uning o‘zgalarnikiga o‘xshamas xatti-harakatini mendan boshqa ilg‘agan banda yo‘qmidi, yuvilmagan qoshiqdek har narsaga tumshuq tiqquncha befarqqina yuravermaymanmi, quyushqondan chiqqan qiziquvchanligim tufayli ilgari biror marotaba yaxshilik qozonganmidim.
Suhbatdoshim qah-qah otib kulishi (balki nafratini shunday ifodalagandir), so‘ngra ho‘ngrab yig‘lashi dilimda o‘rmalagan hadigu xavotirlar qatini to‘zg‘itib, botinimda rahm-shafqat tuyg‘ularini qo‘zg‘adi, miskingina gavdasi ko‘z o‘ngimda yanada kichrayib, yelkalari silkinib-silikinib tushar, xastahol ovozida bir olam g‘ussa jamlangan edi.
– U sarson izlardi o‘zini-o‘zi... Farang shoiri Artyur Remboda shunday misra bor – o‘qigan bo‘lsangiz kerak. Bilsangiz men o‘shaman, ha, na o‘liklar, na tiriklar safida o‘rnasholgan, o‘zini-o‘zi zir qaqshab izlayotgan muallaq odam men bo‘laman...

-2-

Inson yaratganning eng ojiz mavjudoti, na yaxshilik, na yomonlikka shukrona keltiradi, o‘zgalar emas, yolg‘iz men bo‘lsam deydi, bequsurlik xoliqqa xos xislat ekanligini tan olgisi kelmaydi, ayniqsa, iqtidorsizligini e’tirof etish hech kimga yoqmaydi, men – g‘o‘za unib chiqqani, qator oralariga ishlov berilayotgani (yozmay qo‘ysam shu ish to‘xtab qolarmidi?) haqida uch-to‘rt qator xabar yozib yurgan o‘rtamiyona muxbir ham bunga jur’at etolmasdim. O‘zimni salkam tan olinmagan daho cho‘tlab yurgan kezlarimda nogoh uni uchratdim-u, butun muvaffaqiyatsiz odimlarimni bosib tushadigan asar yozishga chog‘landim.
Ehtimol, o‘zingiz ham allaqachon fahmiga yetgandirsiz – bu charxi dunda tugal haqiqat topish dargumon, mayda, xashaki haqiqatchalar esa o‘tkinchi, shu bois qog‘ozga tushirayotgan hamma narsamga ko‘r-ko‘rona ishonishingiz shart emas, buni talab etishga haqdorman degan bemaza fikr yetti uxlab tushimga ham kirmagan, ushbu ko‘rinish uchun hadeb bosh silkitib bechora bo‘yinga jabr etayotganingizni anglab turibman. Meni kamsitmoqchi bo‘layapti deb o‘ylamang, birov gapirayotganida ma’qullash, hech qursa jim turish ta’limoti qon-qonimizga singdirilgan, hammamiz yaqin-yaqingacha huquqlarni chegaralovchi, fikrlarni yagona qolipga jamlovchi qizil firqa hukmronlik qilgan ta’zim-tavozelar mamlakatining xokisor fuqarolari bo‘lganmiz. Ko‘rimsiz holatimiz g‘ururimizni o‘ldirib boraveradi, oxir-oqibat o‘zimizni hukmi zo‘r gapirganda qo‘limiz ko‘ksimizga yetib, boshimiz beixtiyor beshiktervatar yanglig‘ tebranishga tushadi. Aslida har kimning o‘ziga yarasha fahmi-farosati bo‘lgani maqbul, bugun boshqa birov, ertaga o‘zganing aytganlariga quloq qavartirib “mana shu aynan haqiqat” deb qabul qilaversak alloh yorlaqagan Odam-Ato qavmiga mansubligimiz qaerda qoladi. Ehtimol, aytib berishga chog‘lanayotgan hikoyam yangilik emasdir, balki o‘quvchida ortiqcha qiziqish ham uyg‘otmas, shunday ekan, xoh ishoning, xoh ishonmang, ixtiyor o‘zingizda. Ammo umrim bino bo‘lib, u kabi g‘alati, u singari chekishga mukkasidan ketgan bandani uchratmaganimni ozroq bo‘rttirishga haqim bordir deb o‘ylayman, axir, men ham nimadir bilan ovunishim kerak-ku. Aftidan gap urish ohangim almoyi-jalmoyidek ko‘rinib, telba kimsaning diydiyosini o‘qish shartmi degan xulosaga kelayotgandirsiz. Xavotiringiz bekor, men savdoyi emas, bir oz odamoviman, xolos. Haqiqiy jinni u, aqli but banda shirin jonini azobga qo‘yib bunchalik chekmaydi, ha-ha, ishonavering, arzimagan bir-ikki soatga cho‘ziladigan gurunglarimiz asnosida og‘zi nafaqat gap, balki papirosdan ham biron daqiqa bo‘shamadi hisobi, bosib-bosib, izini uzmasdan ishtaha bilan tamaki so‘rgani, onda-sonda gezargan labidan papirosni ayirganida ham tirnoqlarigacha sarg‘aygan qaltiroq qo‘llaridagi so‘nishiga fursat berilmaginidan uchi qip-qizil cho‘g‘ga do‘ngan papirosni g‘aroyib topilmadek avaylab aylantirib o‘ynagani, pechkaning dud bosgan mo‘risi kabi og‘iz-burnidan sitilib chiqayotgan tutunni mahliyo bo‘lib kuzatgani, ko‘kish halqachalardan yosh boladek zavq olgani, uzoq jim qolsa hikoyasini tinglashdan voz kechishim mumkindek shoshib hikoyasini davom ettirgani, mo‘min-qobil o‘quvchidek qo‘l qovushtirib o‘tirganimni ko‘rib beozor, sabr-bardoshli quloq topganidan og‘zining tanobi qochgani – bari-bari hayratga molik edi. Tasodif uchrashtirgan odamni shuncha ezmalik bilan ta’riflashga nima hojat deya ajablanmang, hali bu oz, ta’rif-tavsifning boshlanishi: qisqa muloqotlar chog‘ida bu kimsani kuzatib olgan taassurotlarimni bayon qilishga bisotimdagi so‘zlar ojizlik qilayotganini poyintar-soyintar gapirishim ehtimol oshkor etayotgandir. Xullas, u qariyb qirq yil umrim mobaynida men uchratgan, yaqin munosabatda bo‘lgan son-sanoqsiz odamlarning birontasiga mengzamasdi. Hech bir taqdir o‘zgasi takrori bo‘lolmaydi. Avj qish chillasida falakdan to‘kilayotgan qor zarrachalarini kuzatganmisiz, biri-ikkinchisiga sira o‘xshamaydi, faqat yerga qo‘nganidan so‘ng bir-birini to‘ldirib oppoq momiq ko‘rpachaga evriladi. Odamlar ham shunday, ularni inson degan atamagina bog‘laydi, “falonchi umri farzandlari timsolida davom etyapti” degan ibora nisbiy, har bir inson o‘z umrini o‘taydi, birovnikiga hukmronlik qilolmaydi. Rosti, u ham men uchun qiziqarli, o‘ziga nihoyatda zerikarli ko‘ringan umrining so‘ng manziliga shitob bilan intilayotgan bir banda edi, xolos.

-3-

Aslida meni 3. shahridagi atrofi baland devor bilan o‘ralgan bu oromgohga ixtiyorimga zid tarzda yuborishmaganida balki o‘sha g‘alati insonni uchratmagan, qimmatli vaqtingizga chovut solib, ushbu hikoyani sizga ilinmagan bo‘larmidim. Alhol ishxonamda surunkali muvaffaqiyatsizlikka (ehtimol omadsiz odamdirman) duch kelib, ishlarim xurjun bo‘lavergach, nafrati yoki hurmatini sir tutguvchi boshlig‘im xonasiga taklif etib, yasama takalluf bilan dedi:
– Asabingiz charchabdi, og‘ayni, siz uchun yaxshigina oromgohga yo‘llanma toptirib qo‘ydim, bir oz dam olib qaytsangiz.
Gap urish ohangidan masala allaqachon uzil-kesil hal etilgani, e’tirozlarim foydasiz ekanligi yaqqol sezilib turardi, shunday qilib xazonli kuz faslida shu fasl o‘zidan-da hazin shu oromgohga kelib qoldim. Kechirasiz, malol kelmasa bir savolim bor – sizning ham o‘z sevimli, yolg‘iz o‘zingiznikiga aylantirishni astoydil istaydigan mashg‘ulotingiz bormi? Men xazonrezgi bog‘da sayr etishni (na yosh, na keksaga qo‘shiladigan la’nati qirq yoshda balki o‘zgalar ham shunday kayfiyatga tushishar), qovjiragan yaproq bargidan ayro tushgan novdalarning unsiz faryodini qalbim ko‘zida ko‘rib, qulog‘ida tinglashni sevaman, hazin o‘ylar miyamni titkilaydi, hatto chinakam ilhom menga begona bo‘lsa-da, o‘z iztiroblarimni qog‘ozga to‘kaman:

Kuz. Daraxtning novdalaridan
Yerga qochar eng so‘nggi yaproq.
Xazonrezgi bog‘ orasidan,
O‘tib borar daydi ruh titroq.
Qulog‘iga chalinar tinmay,
Oltin bargdan taralgan faryod.
Dovdiraydi netarin bilmay,
Endi kimga soladi u dod.
Dardlarini eshitar kim ham,
Tabiatning alami tetik.
Barglaridan ayrilgan novda,
Bayozining cho‘g‘i yo‘q bitik.
Xo‘rsinadi yolg‘izlik og‘ir,
Jasadsiz ruh fanoda sag‘ir,
Baqogacha hali manzil bor.
O‘y suradi, xayol parishon:
“Motamsaro bog‘larga maza,
Qish bahordan kelgan ilk nishon,
Ochishmasa bo‘lardi aza.
Faqat unga yasharish yo‘qdir,
Yolg‘iz unga umidlar abas.
Tanho unga hayot so‘lg‘indir,
Tasodifga ko‘ngil tikmam, bas”.

Tesha tegmagan tashbeh topdim demoqchi emasman. Lekin, e’tirofimki, negadir yashillik aldamchi libos bo‘lganda bog‘lar asl qiyofasiga qaytganday, yuzi g‘ijimga do‘ngan quruqshagan daraxtlar umr o‘tkinchiligidan saboq berayotganday, “Ey vaqtincha navqironlikdan masrur odam, o‘tayogan har bir daqiqa umrning intihosi – kuziga yetaklayapti, ogoh bo‘l!” deyayotganday tuyuladi. Shunday iztirobli xayollar og‘ushiga tushgan kezlarim qaysidir pistirmadan turib, har bosgan odimini hisoblayotgan ajalning sovuq tirjaygan mash’um aftini ko‘rgandek bo‘laveraman, ehtimol, u qaerga qo‘nishini bilmay shildirab uchayotgan zahil yaproqning yag‘ir yelkasida o‘rnashgandir, har holda vaqti soati yetmaguncha uni tasavvur etish, tashrifini quchoq ochib kutib olish biz – bani odamga xos xislat emas.

-4-

Rosti, oromgohdan unchalik ko‘nglim to‘lmasa-da, tegradagi ruhiyatimga mos mahzunlik uchun dam olishimning ilk kuniyoq saxovatpesha boshlig‘imga g‘oyibona rahmatimni yog‘dirdim. Egizak kunlarning bilmadim nechanchisidir (bu yerda aniq hisob yuritish mushkul), tun qorong‘isi arib ulgurmagan palla nogoh uni bog‘ oralab yurganida uchratdim. Sirli tuyulgan hamma narsa – kattami-kichik kishida bir xil qiziqish uyg‘otadi. Bir siqimgina jussa, pildirab tashlangan odimlar, sharpamni ilg‘aganidan o‘zini panaga tortishi yuragimni muzlatdi: bemahalda men kabi bedor bu sharpa kim, nega o‘zgalar bilan yuzma-yuz kelish, yakkama-yakka qolishdan cho‘chiydi. Oromimni o‘g‘irlagan savollarga javob olish besh-olti kun nasib etmadi, goh u o‘zini nigohimdan chetga olar, goh nonushtaga chorlayotgan zang urilib qolardi. Bu yerdagi tartib-intizom o‘zga oromgohlardagiga sira mengzamas, zang chalinganidan so‘ng oshxonadagi o‘rning bo‘sh qolsa boshliqning shaxsan o‘zi binoyigina tanobingni tortib qo‘yar, surunkali tartibbuzarni ichki qonun-qoidalarga bo‘ysunmaslikda, o‘zgalarni boshboshdoqlikka da’vat etishda ayblab, og‘ir tan jazosi tayinlashdan ham qaytmasdi. Ixchamgina qora kaltak ko‘rar ko‘zga unchalik vahshat solmasa-da, boshing uzra havoni kesib o‘tgancha shuvillab yag‘riningga tushganda jismingni qaqshatib yuborar, tanangga qonli izlar tushirardi. Qanchalik azob bo‘lmasin, dastlabki zarbalarga dosh berolsang keyingilari asta-sekin o‘tmaslashib boraverardi, qizig‘i, ayrimlar allaqachon ignaga o‘tirgan giyohvand misol kaltakni tez-tez qo‘msaydigan bo‘lib qolishar, ular tanasiga urilgan zarba kuchidan dod-voy solib orom olishsa, jabrlanayotgan kaslarni tomosha etib lazzatlanuvchilar ham uchrab turardi. Bundaylar yangi kelganlarni jazolashga olib chiqishganida old qatorda joylashib, kaltakka ko‘nikmagan tanadan tomchilayotgan qonni ko‘rib ko‘zlari quvnar, “oh, qanday qizil”, “badaniga naqsh solingandek bo‘ldi” deb jazolovchini ham, jazolanuvchini ham rag‘batlantirishardi. Jazolanuvchi namoyish etadigan iroda, jazolovchining ko‘zini qon tutib, qutirgancha insoniy qiyofasini qay darajada tez yo‘qotishi marosimlarga o‘ziga xos bezak berardi. Jazo guruhi a’zolari alohida tayyorgarlikdan o‘tkazilgan zobitlardan tarkib toptirilardi, odamlar orasida “bu guruhga yollanish uchun faqat tashqi qiyofang insonga mengzashi kifoya, botining maraz illatlardan to‘lib-toshishi kerak” qabilidagi gap-so‘zlar yurardi. Har holda mazkur oromgohga yollangan zobitlar o‘z vazifasini a’lo darajada bajarishardi shekilli, marosimlar juda hayajonli bo‘lar, yangidan-yangi jazo usullari ishqibozlar ko‘zi oldida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilar, aytish mumkinki, jazo maydonchasi oromgohning eng gavjum tomoshaxonasi unvoniga raqobatsiz da’vogarlik qila olardi.

-5-

Nima bo‘lganda ham qiziqish qo‘rquvdan ustun keldi, surunkali tartibbuzarlar safiga tushib qolishni-da unutib, tungi sharpani ochiqdan-ochiq ta’qib etishga astoydil kirishdim. Bu g‘alati kimsani topib olish unchalik mashaqqat tug‘dirmas, sira qo‘lidan tushmaydigan papirosidan taralayotgan qo‘lansa hid (ehtimol, butun jismiga ham shunday hid o‘rnashgandir), bo‘g‘iq ovoz, tez-tez qo‘zg‘aydigan yo‘tal xuruji ming bir azobda qidirib topgan eng ovloq go‘shalarini fosh etib qo‘yardi. Biroq u juda sezgir, shirt etgan sharpani o‘n-o‘n besh odimdan payqar, yoniga yetib kelganimda ezg‘ilab tashlangan papiros qoldiqlarinigina ko‘rardim, chap beravergani sayin o‘jarligim ortib borar, uni kimsasiz joyda ushlab olishning yangidan-yangi usullarini izlay boshlardim, inson irodasi tosh emasligi, tinimsiz ta’qibim uni qachondir muvozanatdan chiqarishiga ishonardim, natija kutganimdek bo‘lib chiqdi.
– Sizni ham “nur yo‘lakchasi” dan olib o‘tishganmi?
Taxta o‘rindiqda muqim joy turib, xayol tuzog‘ida o‘tirganimda qulog‘im ostida yangragan xirqiroq ovoz, berilgan savolning g‘alatiligi vujudimni seskantirib yubordi, yalt etib qaradim, qarshimda yerdanmi, osmondanmi paydo bo‘lgani noma’lum o‘sha darveshnamo tamaki-odam (o‘zimcha unga shunday laqab qo‘yib olgandim) turardi, ajabo, uni tumshug‘im tagiga tiqilib kelguncha payqamabman, eng mashhur josuslar ham havas qilsa arzigulik chapdastligiga ichimda qoyil qolib, yonimizda uchinchi kimsa bo‘lmasa-da, o‘zimni go‘llikka oldim:
– Menga gapiryapsizmi?
– Boshqa kimga bo‘lardi.
– Tushunmadim, “nur yo‘lakchasi” nima deganingiz, tag‘in meni kimgadir o‘xshatayotgan bo‘lmang?
– Nega adashar ekanman, necha kundirki bosgan qadamimni josuslardek nazardan qochirmayotganingiz ham yolg‘onmi?
Galdagi e’tiroz o‘rinli edi, tayinli javob qaytara olmasligim tufayli qisqagina rad etib qo‘ya qoldim:
– Hecham-da.
– Garangsimang, meni inonayapti deb o‘ylasangiz xato qilasiz, “nur yo‘lakchasi”dan o‘tmagan bo‘lsangiz menga bunchalik qiziqmasdingiz, aftidan taqdirdoshmiz shekilli, bilmadim, yo‘lakchadan o‘tishni o‘zingiz ixtiyor etganmisiz yoki sizni ham hushingizdan ayirib olib ketishganmi?
– Azbaroyi xudo, ishoning, qandaydir yo‘lakcha haqida ilk bor sizdan eshitayapman.
– Talvasaga tushmang, gunohkorlardek o‘zini oqlashga harakat qiladigan kishilarni jinim suymaydi, yo‘lakchaga kelganda menga ularning uslubi qo‘limdagi besh barmoqdek ayon, dastlab imo-ishora qilib ko‘rishadi, chap bermoqchi bo‘lsangiz uxlatib jismingizni olib ketishadi.
U ma’shum sirni ochayotgandek ko‘zlarini odatdagisidan ham olazarak etib, chor tarafga o‘g‘rincha nazar tashladi, shubhali nimarsa ilg‘amadi shekilli, og‘zining tanobi qochguncha irshayib, barglar tong nasimida shildirab o‘ynayotgan yo‘lkaga oyoq bosdi, men esa hadikli yashash naqadar ayanchli qismat ekanligiga iymon keltirib, suhbatdoshimni telba-teskari muomalasidan shubhaga tushdim: nahot savdoyi bo‘lsa, birdaniga tutqanog‘i qo‘zib ustimga tashlanib qolsa-ya! Ammo sinch-kov nazar, ichki ovoz shiviri uning dunyo ko‘rgan, ancha-muncha narsadan xabardor odam ekanligini ta’kidlardi.
– Kitob o‘qish sevimli mashg‘ulotingizmi? – so‘radi u ermak uchun ko‘tarib chiqqan kitobchamga ishora etib.
– Onda-sonda varaqlayman, vaqtni o‘ldirish uchun.
– Yomon, ko‘proq mutolaa qiling, huda-behuda davralardan shu afzal.
– Bo‘sh vaqtim yo‘q.
– Bahona qidirmang, hafsalangiz kam.
– Ehtimol.
Nonushtaga chalingan zang suhbatimizni bo‘ldi, ertaga vaqtliroq uchrashishga kelishib, xayr-xo‘shladik, u qarshimda qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa shunday ko‘z ilg‘amas tezlikda butazor orasiga singib ketdi.
U bilan xayrlashdimu ruhiyatimga azob berguvchi og‘irliq va javobsiz savollar iskanjasida qoldim: odamoviligi boisi nimada, dilidan o‘zi singari insonlarga nisbatan bunchalik nafrat o‘rin olishiga nima turtki berdi ekan, “nur yo‘lakchasi” savdoyi bandaning to‘qimasimi yoki voqelik... Tuni bilan kiprigim ilinmadi hisobi, ozgina mizg‘idimmi, bas, qaysidir burchakda chaqchayib turgan ko‘zlar nogoh xonani zabt etar, ustimdan zil-zambil qora ko‘lanka bosib tushar, bo‘g‘zimga nimadir tiqilib nafasim siqilar edi – endi tungi sharpani men emas, u meni ta’qib etishga kirishgandi. Diqqinafas xonaning havosini tozalash ilinjida qo‘sh tabaqali derazani ochsam kuzgi bog‘dan men tomon o‘nlab, yuzlab qo‘shchiroqdek sovuq yonguvchi ko‘zlar tikilib turgandek bo‘lar, dahshatli ko‘lankalar g‘imirsilanib qolardi. Menga sirli suhbatdoshimdan vasvasaga tushish kasali yuqqandi, o‘zimni idora etishim, hayotga quvonch ko‘zi bilan qarashim susayib borardi. Inson g‘ayritabiiy narsa ta’siriga bir tushmasin, tushgandan keyin sir-sinoatiga yetishmasdan tinchimas ekan, men zo‘r berib tezroq tong otishini kutardim.

-6-

– Qaniydi gumashta Gregor Zamza (Frants Kafkaning “Evrilish” hikoyasi qahramoni) singari evrilib qolsam, o‘z qadr-qimmatingni baholash, insoniyat, jumladan, o‘zing naqadar jirkanch mavjudot ekanligingni anglashning bundan qulayroq imkoniyati bormi, faraz qiling, bahaybat tasqara – hashoratga aylanib, atrofimdagilarni, masalan, sizni kuzatayapman, tabiiyki, dastlab ijirg‘anganingizni hisobga olmaganda befarq qaraysiz, qandaydir so‘xtasi sovuq, isqirt maxluqdir-da deysiz. Shu holat takrorlanavergani sayin jig‘ingizga tegaman: nega har kun, har soat ishtahamni bo‘g‘ib, oyog‘im ostida o‘ralashasiz. Oxir-oqibat meni jisman yo‘q qilishning payiga tushasiz va niyatingizga yetasiz, shu jarayonda men nafaqat zohiran, balki botinan turlanishingizni kuzatib, hordiq olaman, maza-ya?
– Meni ko‘pincha mol-dunyosiga ega bo‘lish maqsadida Zagreyni o‘z joniga qasd etishga ko‘ndirgan Patris Merso (Alber Kamyuning “Baxtli o‘lim” romani qahramonlari) haqmidi, nohaqmidi degan savol qiynaydi, to‘g‘risi, majruh Zagreyning odamlarga zarracha foydasi tegmaydi, bundaylarni ikkilanmasdan jamiyat husniga dog‘ bo‘lib tushgan so‘gal atash o‘rinli, tasqara, yarimjon kishilar o‘zgalarning hayotga muhabbatini, go‘zallikdan zavqlanishini so‘ndirishdan o‘zga hech narsaga yaramaydi, demak, Zagreyning fayzini yo‘qotgan hayoti keraksiz, bemalol yo‘qlik sari uloqtirish mumkin. Biroq u jisman zaif, qusurli bo‘lasa-da – odam, uni ham qaysidir gunohkor ota-ona dunyoga keltirgan, yashashga haqli. O‘ylab ko‘rsam baribir toshbag‘ir Merso bo‘lolmas ekanman, Merso bo‘lish oson emas, siz nima deysiz?
– Ayting-chi, Dostoevskiy “Jinoyat va jazo” romanidagi Raskolnikovni sevadimi yoki undan nafratlanadimi, axir, yorqin bo‘yoq shu ikki holatdagina tug‘iladi, menimcha muhabbati o‘lmas qahramonni vujudga keltirgan.
– Kitobxo‘rga qiyin, kitobxo‘rga azob, u hayotga o‘z sevgan, qalban intilgan, dildan sig‘ingan qahramonlari nuqtai-nazari bilan qaraydi, uning saodati va fojeasi shundan iboratki, hayot hech qachon sira-sira kitob bo‘lolmaydi va u hayotdan, odamlardan butkul ajralib qoladi, mana men, gap-so‘zim, o‘zimni tutishimda oddiy, odatiy odamlarga xos biror belgi bormi? ..
U har gal qisqa gurunglarimizni (aksar hollarda yolg‘iz o‘zi gapirib, o‘zi nihoyalaydigan bunday muloqotlarimizni gurung atab bo‘lsa) yuqoridagiday uzuq-yuluq, men mazmun mohiyatiga yetolmaydigan jumlalar bilan boshlar, navbatdagi luqmasi qanday ta’sir etayotganini anglash uchun qiyofa o‘zgarishimni kuzatar, uni tushunish o‘riniga suvdan zo‘ravonlik bilan tortib olingan baliqdek og‘zimni ochib o‘tirganimni ko‘rib, sadqai gapim ketsin qabilida menga ham, borliqqa ham hafsalasiz qo‘l siltardi. Shu bilan suhbatimiz poyoniga yetardi. Menda uning ko‘hna ochunda o‘zini anglaydigan, darddosh bo‘la oladigan, charxi dun yuklarini ko‘tarishda yelkadoshlik qiladigan kimsani izlayotgan yo‘lovchi ekaniga ishonchim ortib borardi, xullas, g‘alati tanishim o‘z taqdirini uzundan-uzun hikoya tizimiga tizmagunicha na bir-birimizni tushundik, na uchrashuvlarimizda fayz bo‘ldi.

-7-

– Bu ko‘hna dunyoda alloh irodasi bilan yaratilgan eng tilsim mavjudot inson qo‘sh ko‘zi tuproqqa to‘ymaguncha razillik qilishni qo‘ymaydi. Odam juda ayyor va bardoshli, istagan narsasiga erishishi, chap berishi, eng mudhish qismat – ajaldan ham vaqtincha qochib qutulishi, yo‘qsillik domidan bosh olib chiqishi, tubanlik botqog‘iga botishi mumkin, – u hikoyasini qo‘lidagi tutab turgan papirosni asabiy o‘ynagancha, olis-olislarga ko‘z tashlab, kitobiy so‘zlardan tuzilgan muqaddima bilan boshladi. – Ammo u hech qachon, qancha urinmasin, talvasaga tushmasin, qora boshini qaerga urmasin o‘z yozg‘itidan qochib qutulolmaydi, taqdiru azalda peshonasiga zarb etilmishi har bir bandasini ta’qib etib yuradi, turmush so‘qmoqlarini o‘zgartirishdan asrab o‘z chizig‘iga soladi, bag‘riga olib, so‘ng manzil sari yetaklaydi, hatto umri davomida o‘zida mujassamlashtirgan, yaxshi va yomon fazilatlari ham insonning tug‘ma yozg‘itidir, mashoyixlar behuda keng tutganga keng dunyo, tor tutganga tor dunyo deb bashorat etishmagan, modomiki shunday ekan, bir muddat ko‘nglingizni keng tutasiz, besabrlik betadbirlikdir. Men odamlar orasida yolg‘izlanib, hatto o‘z uyimda ham begonasiratishganini ang¬lagach, so‘nggi ilinjda bu mujdaga osilgandim, zulmat ichra nur, halokat, yolg‘izlik azobidan asrab qolguvchi najot deb o‘ylagandim uni, erta chiqargan xulosamga shu darajada berilgandimki, bu najotkor mujda meni sira chalg‘itmaydi, o‘zidanda ortiqroq e’zozlaydi degan komil ishonch vujudimni, fikru yodimni batamom egallab olgandi, olamda tanho shu mujda, ilohiy tuyg‘u borligi yashash uchun kifoya, har holda kimgadir, nimagadir talpinayapman, demak, dilim g‘uborlari arishi shubhasiz, u meni har qanday vaziyatda tark etmaydi deb o‘ylardim.
U kutilmaganda jim qolib xomushlandi:
– Yo‘q, kechirasiz, chiqmadi, o‘tlab ketdim shekilli, agar ko‘nglingizga olmasangiz hikoyamni boshqacha boshlasam, axir men kitobiy odamman.
Uzundan-uzun muqaddima sirli musiqa singari meni rom etib olgan, qarshimdagi hali bo‘yog‘i qurib ulgurmagan kitob sahifasida jodu kuchi bilan ro‘yobga chiqqan qahramonga monand kishini lol qolib kuzatardim, peshonasiga saf tort¬gan ajinlar, bo‘rtib turgan tomirlar tong g‘ira-shirasida uni yanada sirliroq ko‘rsatardi. So‘nggi murojaati meni xayolot arshidan voqelikka qaytardi.
– Maylingiz, – beixtiyor nima uchun zarurligini ham o‘ylamay ruxsat berib yubordim, u esa o‘zini og‘ir savashga chog‘layotgandek hushyor tortdi, ko‘krak qafasini papiros tutuniga to‘ldirdi.
–    Ey birodar, mana bunisi jarangdorroq chiqdi, ha-ha, aynan shunday boshlasam bo‘ladi, – u o‘z kashfiyotidan mamnunligini yashirmadi, qaytaga ovozini yanada balandroq ko‘tardi. – Ey birodar, jasoratingizga ming bora tasanno, mendek mijg‘ov kimsaning suhbatini olishga qaror qilibsizmi, xudo sabr-bardoshingizni bersin, inoyatini ayamasin. O‘zimni yaqinroq tanishtirishim shart emas, qiziqsinib o‘tirmang, bundan haligacha na o‘zim, na meni bilganlar naf topishgan, ikki orada o‘z asablarini egovlashgani qolgan, to‘g‘risi, ba’zan o‘zimning rostakamiga yashab yurganimga ham ishongim kelmaydi. Bir jasadda ikki ruh joy tutganini hech eshitganmisiz, men yagona qiyofadagi biri ikkinchisini inkor etguvchi juft odamman, men qo‘sh qalb iskanjasidaman, jismim bu og‘irlikni ko‘tara olmay qiynaladi, ezg‘ilanadi, parchalanadi, balki g‘ijimlab tashlangan qog‘ozga monand qiyofam horg‘inligimni oshkor etib turgandir. Odamlarga havasim bisyor, ularning qo‘l yetmas olis manzillarda qolgan bolalik yillari haqida ehtiros bilan so‘zlanadigan xotiralarni tinglaganimda o‘z hayotim sahifalarini titkilash ishtiyoqi tug‘iladi. Bilmadim, negadir dilim yayrab gapiradigan hodisa topolmayman, aslida mening bolaligim bo‘lmagandir, ehtimol, ruhan oqsoch, qiyofa jihatdan go‘dak bo‘lib tavallud topgandirman. Sizga yuragimda asrab kelayotganim – bir sirni ochay, men jinniman, ishonavering, g‘irt jinniman, savdoyilik belgilarini turqimdan emas qalbimdan izlang, uning qat-qatlariga yashiringan dardlarimni ayovsiz kovlang, mayli, ko‘richakni topolmagan no‘noq jarroh bemor ichak-chavog‘ini bamaylixotir ag‘darib tashlaganday, qudratli traktor ko‘hna zamin ingranishlariga quloq tutmay o‘tkir po‘lat zirhlarini sanchib shudgorlayotganday titkilayvering, men chidayman, chidash uchun tug‘ilgan bandaman, tag‘in ustimdan arz etar, ruhiyatimni, jismimni tajriba maydoniga aylantirmoqchi bo‘ldi degan aybnomani qo‘yar deb hayiqmang, buni sizdan o‘zim talab etayapman, zora dardlarimni to‘kib-sochsam mog‘or bosgan qalbimdan g‘uborlar arisa, qolaversa, bunga sizning yuz foiz haqqingiz bor, negaki, kerakli-keraksiz ko‘nglingiz tusagan yumushlarga sarflashingiz mumkin bo‘lgan vaqtingizning bir bo‘lagini, garchi bu yerda imkoniyatlaringiz cheklangan bo‘lsa-da, mening diydiyomni tinglashga qurbon berayapsiz-ku. Gapning lo‘ndasi, bolaligimdanoq jinni bo‘lgan ekanman, kulmang – kitob jinnisi, xo‘p deyavering, savdoyilikning shunday ko‘rinishi ham uchrab turadi, hali maktab ostonasini hatlab ulgurmasimdanoq o‘qish-yozishni bilib, kitobga mukkasidan ketgan xumkallamni erta bo‘lar-bo‘lmas axborotlarga to‘ldirib tashlagan ekanman, rahmatli buvim: “Yosh bolaning ko‘p kitob o‘qishi bexosiyat bo‘ladi, buginani o‘qimaydigan qilinglar”, deya tinimsiz javrashi ham behuda ketarkan. Tengdoshlarim kunni ko‘cha changitib o‘tkazishsa, men kimsasiz ovloqda kitob titkilashga sarflardim, onam bechora bilim urgan savdoyi bolasini dasturxon boshida o‘tirg‘izish uchun goh o‘zim kashf etgan kimsasiz go‘shalardan, goh yoshini yashab, oshini oshagan, endilikda orqasini qaro yerga qo‘yib bironta tili burro yosh-yalangga kitob o‘qitib tinglashni ermak qilgan keksalar huzuridan toptirib kelar ekan, hayronman, balki men umrimni teskarisiga yashayotgandirman, Raymond Moudini o‘qiganmisiz? O‘zga olam, o‘limdan keyingi hayot ro‘yo bo‘lmasa umrni teskari yashash nima degan gap, bemalol ishonish mumkin, axir, inson tetapoyani to‘rt oyoqlab boshlaganidek, odimlarini ham o‘rmalab tashlaydi-ku. Gohida ilk bor uchratgan kishingizni, suqlanib tikilgan maskaningizni, g‘ayrioddiy tabiat hodisasini ilgari ham g‘ira-shira ko‘rgandek bo‘lasizmi? Menda shunday holat ko‘p takrorlanadi, bilmadim, hozirgisi hayotga nechanchi bor qayta kelishim, tengdoshlarimga qaraganda keksalar bilan tez til topishib ketishim ehtimol shundandir, dunyo g‘aroyibotlari siriga kim yetganki, biz yetsak. Mavzudan bir oz chalg‘idim shekilli, ming bora uzr, boshqa takrorlanmaydi. Xullas, kitoblar olamida o‘tgan bolalik menda o‘jarlik va yolg‘ondan hazar tuyg‘ularini erta uyg‘otdi, qat’iy fazilatga o‘girdi, tilidan bol tomib, aslida dilini mog‘or bosgan kimsalarni (afsuski bundaylar ko‘p, juda ko‘p) uchratganimda, ularning shaxsiy manfaat qobig‘iga o‘ralib sodir etayotgan noinsoniy g‘ayurliklari guvohi bo‘lganimda bo‘g‘ilib ketardim.
Tamaki-odam o‘zidan qo‘lansa hid taratib tinimsiz gapirar, men esa mavzu tezroq dilimga orom bermayotgan “nur yo‘lakchasi”ga burilishini besabrlik bilan kutardim...
-8-

– Har bir inson hayot sahnasidagi o‘ziga ajratilgan rolni sabr-toqat bilan ijro etayotgan aktyor, hech kimga o‘zi istaganicha, botinidagi “men” buyurganicha yashash nasib etmagan, etmaydi ham. O‘ziga ajratilgan rolni o‘rinlatolmagan kishini jamiyat osongina supurib tashlaydi. Ehtimol, turmush tarzimizni muvofiqlashtiruvchi, ijtimoiy, huquqiy himoyalovchi qonunlar bor-ku, deya e’tiroz bildirarsiz, o‘zingizni ham, meni ham aldashga chog‘lanmang, hammasi kulgili moddiyun, xo‘p deyavering.
Turmush sir-sinoati, inson zoti intilishi sabablarini aniqlaganim sayin  tegramdagi borliq, voqelik meni qiziqtirmay borar, umrimni matonat bilan yashash uchun o‘zimni majburlashdan o‘zga choram qolmagandi. O‘tkinchi, hamma narsa o‘tkinchi, haq so‘zga intilganing, qabohat qa’riga botganing, shohona liboslar, to‘kin va noto‘kin dasturxonlar, hoyu havas yo‘lida burning bilan tezak yumalatayotganing, bir burda nonga zor o‘tgan damlaring – hamma-hammasi o‘tkinchi. Umr – sinov maydoni, u hech kimga qayta-qayta taqdim etilavermaydi, har kim o‘ziga buyurilganini, ato qilinganini yeydi, kiyadi, yashaydi.
Men inson turlanishini chuqurroq tadqiqot etganim sayin kitob va hayot batamom qarama-qarshi ikki qutbligiga tobora yaqqol ko‘z yetkazardim, ammo turmush tarzimni o‘zgartirishga na o‘zimda xohish, na imkoniyat topardim. Kitobni istagan payting qayta varaqlash, zavqlanish mumkin, hayotni-chi?.. Men kun sayin surbetlashib borardim, har qanday kishidan qusur izlash, topish va orani ochdi qilish kundalik ehtiyojimga o‘girildi, sovuq munosabatim oqibatimi yoxud turmush so‘qmoqlarida uchratgan odamlarim ham o‘z qarashlari, nuqtai-nazaridan kelib chiqibmi, mendan tezgina uzoqlashardi. Ba’zan kimlardir qo‘lini bigiz qilganicha ustimdan kulayotganini, anavi kitob urgan ahmoqni qarang, deb oshkora gapirayotganini aniq-tiniq ko‘rganman.
Nogahon hayotimda u paydo bo‘ldi-yu, zimiston qalbim yorishdi, umr daftarimda yangi, yorqin sahifa ochildi. Ochig‘i, ming izlamang, ayol zotiga men singari befarq qaraydigan erkakni topolmasangiz kerak. Necha asrlarki, shoirlar kim o‘zarga bahs boylagandek lablaridan bol tomib madh etayotgan ojizalar menda ortiqcha qiziqish uyg‘otmas, ilk tashlagan odimiyoq Odam-Atoni jannatdan quv¬g‘in bo‘lishdek ayanchli qismatga duchor etgan ayol zotiga shaytoniy amallar doyasi sifatida noxush munosabatda bo‘lardim. Ehtimol, shu oromgoh kayfiyatimdagi bu noxush munosabatni mustahkamlashga xizmat qilgandir. Hali “hordiq” muddatini tugatib ahli-jamoaga qaytganingizda qarashlaringiz mutloq o‘zgarganini anglaysiz, irodangiz mo‘rt bo‘lsa sizdan hokisor, sizdan oyog‘osti odam topilmaydi yoxud aksincha kundalik tashvishlar sizni zarracha qiziqtirmaydi, ikir-chikirlardan ustuvor yashashga intilasiz, yolg‘izlik domiga tortayotganini sezsangiz-da, o‘z bilganingizdan qolmaysiz, o‘zgalar tanbehi chivin chaqqanchalik ta’sir qilmaydi. Men zarracha ikkilanishlarsiz ikkinchi yo‘lni tanlagandim, o‘z dil dun¬yo¬yimga birovni yo‘latmaslik uchun qat’iy ahd etgan chog‘imda u so‘roqsiz, istagimni inobatga olmay qalbimga bostirib kirdi. Dastlab noyob topilmadan karaxtlanib qoldim, nahot u mening baxtim bo‘lsa, yana kim bilsin, fano-manzilda duch kelganim navbatdagi kulfatimdir. Agar o‘zi qulay fursat topib, dabdurustdan savolga tutmaganida unga befarq qarashim davom etaverishi shubhasiz edi.
– Nega o‘zingizni odamlardan chetga tortasiz?
Aftidan bunday “tasodifiy” uchrashuvlarda men va eski tanishim gapdonlikka tushib ketishimiz tufayli uning suhbatga aralashishini faraz etolmas, uchinchi davradoshimizga xonadagi buyumlardan biridek qarardim.
– Sizga shunday tuyulgandir, – sir boy bermay mujmal javob qaytardim.
– Yashirmang, davralarga qo‘shila olmayotganingiz, hadeb bahona izlashingiz, o‘n savolga zo‘r-bazo‘r bir javob qaytarishingiz, onda-sonda sarxush damlarda sergap bo‘lishingizni ko‘rib yuribman, nega bunchalik odamovisiz?
Himoyaning oson uslubi qarshi hujum, men ushbu hayotiy aqidaga amal qildim:
– Mana siz mayda-chuyda, zo‘raki gap – gurungdan boshlanib kimlarningdir ustiga mag‘zava ag‘darish bilan yakunlanadigan davralardan nima olayapsiz?
Uning tutashib ketgan quyuq, kamon qoshlari chimirildi, charos ko‘zlari ma’yus tortdi, o‘z-o‘zi bilan gaplashayotgandek g‘udrandi:
– Meni shu davralarga ishqibozlikdan kirayapti deb o‘ylaysizmi, odamlardan o‘zingni chetga olsang, seni nimalarga chiqarishmaydi, qolaversa, imillagan vaqtni ham nimagadir sarflash kerak-ku...
Shu tobda u gunoh ustida ushlangan bolakayga mengzandi, beixtiyor qo‘polligim uchun nadomat chekib vaziyatni yumshatish niyatida maslahat bergan bo‘ldim:
– Vaqtni o‘tkazish ham muammo bo‘libdimi, sayohatga chiqing, kinoga tushing, kitob o‘qing.
– Tag‘in ayol zotiga shahvat ko‘zi bilan qaraydigan, bir lahzalik lazzat uchun hamma narsadan voz kechishga tayyor, his-hayajon, musaffo tuyg‘ularga begona kimsalar bilanmi? Kino, kitob haqida esa gapirmay qo‘ya qoling, bir-ikkisini hisobga olmaganda aksariyati yasama, jo‘n narsalar, Tolstoy yoki Qodiriyni o‘qigandan so‘ng o‘rnini bosadiganini topolmaysan.
Yangi tanishim mulohazalarini tinglar ekanman, birdan irg‘ishlagim, shart bag‘rimga bosib topdim deb hayqirgim keldi...

-9-

– Uni topdim-u, tumtaraqay tushlar mendan begonalashdi, tor dunyom kenga¬yib ketgandek bo‘ldi, yangi tanishim bilan olis-olislarga, qo‘l yetmas, gap yetmas manzillarga ketishni orzuladim.
U qisqa fursatda hayotim farahi, charxi dundagi yagona ovunchim ham sevinchimga aylanib ulgurgandi. Bir gal ilkis harakat etib egilganida yoqasi chokidan beg‘uborlikda oppoq siynabandini ham mot qilishga qodir sutga chayilgandek gard yuqmagan siynasini ko‘rib qoldim. Bizning kunlarda ochiq siynalarni ko‘z qamashguncha tomosha etish imkoni bor, ko‘chada, ishxonada chorpahil siynaband himoyasiga ishonilgan lorsildoq ko‘kraklarni istagancha ko‘rish mumkin. Kechagina zug‘um ostida qisilib-qimtinib paranjisini uloqtirgan muslimalar bugun yarim-yalong‘och kiyinishda nasroniy dugonalarini ham bir cho‘qishda qochiradigan bo‘lib qolishdi. Ammo bu siyna daxlsiz va musaffo edi. Bir lahza ko‘z o‘ngimda tovlangan ro‘yo qonimni ko‘pirtirdi, lak-lak lashkar tortib dilimga xuruj boshlagan hirsni jilovlash ilinjida titroq kirgan qo‘llarimni cho‘zib, nozik barmoqlarini ushladim, ularni omburdek kaftim orasiga olib ozor yetkazadigan darajada ezg‘iladim. Hatto, bir oz qo‘pol chiqqan shu harakatim ham qalbimning tub-tubida avaylanayotgan, sir tutilayotgan tuyg‘ularimni izhor etishga shoshilardi. Keyinchalik eng suygan, ardoqlagan, tez-tez qo‘msab amal qiladigan ermagim barmoqlarini birma-bir ezg‘ilash bo‘ldi. Men shu yo‘l bilan unga bo‘lgan cheksiz muhabbatimni izhor etardim. Bilasizmi, inson zoti aslida yolg‘onchi dunyoga bir kam endirilar, erkak va ayol biri ikkinchisi kamini to‘ldirar ekan, ehtimol bu qusur alloh Odam-Ato qovurg‘asidan Havo Enani yaratganidan qolgandir, kishi o‘ziga bag‘ishlangan chaqindek umri mobaynida o‘z yarmini izlab izg‘ir, biroq uni topish imkoni erkagu ayolga yagona marotaba in’om etar, shu imkondan qay darajada foydalanish esa bandasining ishi ekan. Men umrim davomida zir yugurib izlagan o‘z yarmimni uchratgandim, biroq bungacha bir butun bo‘lish imkoni boy berilgandi, endi unga erishish uchun xiyonat qilishim lozim edi. Men hayotim kuzagida ma’shum xatoga yo‘l qo‘ygandim, o‘zim istamagan holda uni (ehtimol u meni) dilim dunyosiga boshlab kirgandim. Biz qachonlardir bir butun bo‘lgan, keyinchalik ilohiy qudrat kuchi bilan teng taqsimlanib ikki jasaddan joy olgan, endilikda tun-kun zo‘r berib birlashish yo‘lini izlayotgan yagona muqaddas ruhga o‘xshardik. Ammo vaqt atalmish bosh hakam izmimizga bo‘ysunmas, u bizni chorak asr muqaddam bir-birimizdan olisga irg‘itgan, shu fursatda birlashish imkoni boy berilgan edi. Oradagi to‘siq kundan-kunga bolalab mayda-mayda to‘siqchalar hosil etar, ojizlik mening ruhimni qanchalik azoblasa, unikini ham parchalayotganini his etib turardim. Kimgadir chin dildan bog‘lanib qolgan odam beg‘araz bolaga o‘xshaydi, men sevibgina qolmasdan sevikli bo‘lishga ham ulgurgandim, gohida soatlab undan nigohimni uzolmas, vujudim tinmay unga talpinar, suhbatlarimiz ham kun sayin tuyg‘ularimizga bo‘ysunib borardi:
– Nahot biron chorasi bo‘lmasa? – so‘raydi u titrab-qaqshab.
– Chorasi yagona, bu yerdan ketish, – deyman men. – Inson zoti oyog‘i tegmagan manzillarga ketish.
– Yo‘q, kimningdir baxtsizligi evaziga erishiladigan baxtdan firoq alangasi yaxshiroq.
– Bo‘lmasa sen ket, nega ertayu-kech ko‘z o‘ngimda o‘ralashaverasan, balki seni yo‘qotsam taqdirga tan berib, ko‘nikib qolarman.
Men unga, u menga zahar sochib ovunamiz, u istamaygina tark etadi xonamni, bilaman eshikni tars yopishga ko‘ngli qo‘ymaydi, chorlashimni kutadi.
– Ertaga kelasanmi?
– Kelaymi? – burilib so‘raydi u, yuzida nur jilvalanib.
– Kel. Men seni umrimning poyonigacha kutaman, kutaveraman, – deyman shosha-pisha.
Beixtiyor o‘zimga ham, unga ham achinaman, men uni qalbimdan sitib chiqarolmaganim kabi, u mening dilimni og‘ritolmaydi, biz bir-birimizga qay darajada shafqatsiz bo‘lsak, undan-da yuksakroq mehribon – ikki o‘t orasidagi odamlar edik. Azob! Yolg‘onchi yagona kimsaga, qo‘l yetmas manzildagi insonga talpinib yashash, u bilan bog‘langan orzularing sarobdan o‘zga narsa emasligini har soniyada anglab turish azob. Lekin baribir olamda shunday mujda borligi dilimizga farah bag‘ishlardi. Men quvvai hofizamda takror-takror o‘lchab, uning qay kundir nadomat bilan aytgan quyidagi so‘zlari ma’nosini yecholdim:
–    Inson qalbi ulkan g‘or ekan.
Bilsam, u, seni qalbim tubiga yashirdim, undan hech kim, har qanday kuch haydab chiqarolmaydi, demoqchi ekan, biz bir-birovimiz uchun yaratilgan bo‘lsak-da, taqdir so‘qmoqlaridagi muhabbat bekatiga kechikib kelgandik. So‘nggi uchrashuv kuni u negadir tungi bazmga boshdan-oyoq qop-qora libos kiyib chiqqandi. Yoshgina xonanda ajnabiy musiqa sadolariga moslab qo‘shiq aytar, bebosh yosh-yalanglar davraning to‘s-to‘polonini chiqarib, telba-teskari raqs tushardi. Hamma maza-matrasiz davraning faol ishtirokchisi bo‘lishga intilayotgan bir vaqtda men shishadagi og‘udek achchiq sharobdan ochko‘zlik bilan simirgancha zimdan uni kuzatardim. G‘ala-g‘ovur davrada mendan o‘zga biron kimsa dastlab yuz ifodalari o‘zgarib, his-hayajonsiz kimsaga do‘nib borganini, so‘ngra esa jussasi ham tun zulmatida yulduzsiz samoga havolab ketganini sezmay qoldi. Uni yo‘qotdimu ruhimni g‘aroyib karaxtlik egalladi, oxir-oqibat uyquga zo‘r berdim, keyin esa kiprigim ilinishi bilan jismimga ajib iliqlik bag‘ishlab “nur yo‘lakchasi” aralashayotganini ilg‘adim.

-10-

Hikoyaning zalvori, o‘ziga mahliyo etish kuchi ortib borardi, sherigim go‘yoki mening mavjudligimni, o‘zi gapirayotganini unutib qo‘ygandek edi, go‘zal bir san’at asari yaratayotgan ijodkorga sahnada o‘z roli ijrosiga butkul berilib atrofdagilarni ko‘rmay qolgan, ularning his-hayajoni bilan hisoblashgisi kelmayotgan aktyorga mengzardi, galdagi sahna yorqin yoki so‘lg‘in bo‘lishini uning qiyofasiga qarab baholash mumkin edi. “Nur yo‘lakchasi” haqida gapira boshlashi bilan u astoydil tinglayotganimni bir bor sinovdan o‘tkazmoqchi bo‘ldimi yoki o‘tmishni xotirlash og‘irlik qilayotganmidi, har holda chuqur xo‘rsinib, odatdagidan uzoqroq tin oldi, biz o‘tirgan ovloq shunchalik osoyishta ediki, men yuragi betoqat dupurini aniq-tiniq eshitib turardim. Har ikkalamiz quruq jussaga evrilib, ruhimiz allaqachon o‘zga manzillarda qanot qoqayotgandi. Men imkon qadar chalg‘imaslikka, so‘zlarini eshitmay qolish, tugal birorta harakat, qiyofa o‘zgarishini ko‘zdan qochirmaslikka tirishardim.


-11-

– Sevish – ojizlik, aytish mumkinki, u insonga yagona marta inoyat etiladigan tuhfadir. Lekin hamma birdek bu baxtdan bahramand bo‘lavermaydi, o‘zga jins vakilini faqat to‘shakda tasavvur etishga odatlanganlar soni nechta va muhabbat sharobini totganlar butun borliqqa qo‘l siltaydi, o‘zgalar otayotgan malomat toshlari ham ko‘zlariga ko‘rinmaydi. Muhabbat insondagi qat’iyatlilikni o‘ldiradi, buni goh o‘zimga bo‘ysunib, goh pand beradigan idrokim evaziga angladim. Agar shu “nur yo‘lakchasi” tunlari ojizlikdan zir qaqshagan miyamni, horg‘in tortgan jismimni ma’lum darajada emlamaganida hayot men uchun mislsiz azobga aylanishi shubhasiz edi. Men qandaydir notabiiy o‘zgarishni, evrilishni kutib yashardim. “Nur yo‘lakchasi”ni shakl-shamoyilini ko‘rishga ko‘z, tasvirlashga qalam ojizlik qiladigan ko‘rinmas mavjudot boshlab kelar, ikkinchi uchinchi jussamga tutashtirishi bilan zim g‘oyib bo‘lardi. Bu notabiiy juftlikning har tashrifidan so‘ng uyqudan ko‘z ochganimda jismimni zil-zambil yuk bosayotganini his etar, anchagacha to‘shakka mixlanib tashlangandek o‘rnimdan qo‘zg‘ala olmasdim, derazamni ohista chertayotgan novdalarni ham shamol emas, meni ta’qib etayotgan nimadir tebratayotganga o‘xshardi, vujudim bo‘m-bo‘sh mayitdek issiqdan bo‘g‘riqar, nafasim qaytar, jismim lohaslashardi. Ammo tong otishi bilan hammasini unutib betoqatlanardim, tezroq ko‘rshapalaklar g‘ujg‘on o‘ynaydigan tun kirishini istab, ilgari u bilan uchrashuvga qanchalik intiqlanib oshiqsam, endi “nur yo‘lakchasi” tashrifini ham shunchalik orziqib kutadigan odat chiqardim. Men chinakamiga tun fuqarosiga aylangandim, qorong‘ida arang ko‘zga tashlanadigan sharpalar ham nechundir go‘zal va fusunkor tuyulardi.
– Yaxshilab razm sol, kimni va nimani ko‘ryapsan?
Navbatdagi bog‘lanish chog‘ida yangragan momaqaldiroqdek tovushdan seskanib tushdim.
– Ko‘rdingmi, – endi bir oz mayinroq ovozda gapirdi suhbatdoshim, – men “nur yo‘lakchasi” boshlovchisiman, yuragingga qo‘l qo‘y, har holda senga yomonlik istamayman, xayolingni jamlab yo‘lakcha tugash joyiga qara.
Hayajonimni jilovlab, itoatkor qul misol buyruqni bajardim, bajardim-u, vo-oh deb baqirdim.
Yo‘lakcha ko‘z ilg‘amas olislikni yoritar, yam-yashil o‘tloq, so‘lim tabiat qo‘ynida tim-qora sochlarini yoyib, ma’sum ko‘zlarini menga tikkancha u shirin jilmayib turar, ko‘z imosi bilan meni o‘z yoniga chorlardi.
– Ha, adashmading, fano sinovlariga dosh berolganingiz uchun sizlarni bir butun qilish niyatida uni ikkinchi iqlimga olib chiqqandik, endi navbat seniki, uning huzuriga borishga tayyormisan?
– Qani edi, ammo shuncha yuksaklikka qanday ko‘tarilaman?
– Bu qiyin emas, yo‘lakcha istagingga yetkazadi.
– Men tayyorman.
– Buning o‘zi kifoya bo‘lmaydi, hali oldinda asosiy sinovlar turibdi, eng muhimi har qanday vaziyatda hayajonlanmasliging, qo‘rqmasliging shart.
– Nega?
– O‘z tuyg‘ularingni jilovlay olmasang tubsiz chohga yiqilib tushasan.
– Angladim.
– Bo‘lmasa yo‘lga chiqdik.
Jismim qushdek yengil tortganini, asta-sekin havoga ko‘tarilganimni his qildim.

-12-

– Ko‘zimni ayanchli tun zulumoti chulg‘adi, ingichka ipdek cho‘zilgan “nur yo‘lakchasi”dan o‘zga hech narsani ko‘rmasdim, gohida tanamga qurtdek shilimshiq, ilondek sovuq allanimalar tegib ketar, qo‘rquvdan vujudimga qaltiroq aralashardi, o‘rgimchak to‘ridek ipirisqi narsa oyog‘imga o‘ralib pastga tortganida dahshatga tushib dodlab yuborishimga bir baxya qoldi, zo‘r berib kalima o‘girishga kirishdim. Alloh kalomining mo‘‘jizakor ta’siridanmi, bilmadim, ko‘p o‘tmay tong g‘ira-shirasidek atrofim yorisha boshladi, ko‘z o‘ngimda aftodahol qishloq, ko‘rimsizgina, loysuvog‘i ko‘chgan so‘qqabosh bino, chor atrofga alanglagancha oynasi singan derazasidan o‘g‘irlikka kirayotgan bola, qo‘yniga tiqib chiqqan qalingina oynoma, saboqxona rahbari xonasidagi muhokama, ko‘zini lo‘q qilib aybini dunyo bexabar tengdoshiga ag‘darayotgan o‘g‘ri o‘quvchi, kaltafahm o‘qituvchining havoni sermab o‘tgan do‘mboqqina shapalog‘i, kutilmagan zarbadan uchib tushgan ikkinchi tolib, uning nigohida qotgan iztirob namoyon bo‘ldi, dilida inson turlanishiga nisbatan nafrat alangasi yongan ikkinchi o‘quvchi mening bolaligim edi.
– Bu sening shuuringda odamiyat ahli haqida dastlabki noxush taassurotning tug‘ilishi, uni mustahkamlagan manzaralarni kuzat, – dedi meni betamom tizginlab olgan ovoz.
Sinchiklab qaradimu inson ongi ixtiro etgan jamiki noxush holatlarning shohidi bo‘ldim, eng mudhishi g‘iybat yetkazib, mish-mish tarqatib ro‘shnolik ko‘rayotganlar, poraga qo‘l cho‘zayotganlar, birovning xasmiga ko‘z olaytirayotganlar, badanini matohdek arzon sotayotganlar, kim o‘zariga laganbardorlik musobaqasini avj oldirayotganlar... menga tanish basharalar edi. Turlanish manzaralari tugaganda “nur yo‘lakchasi” meni ikkinchi iqlimga chiqarib qo‘ygandi.
– Barakalla, ilk sinovga dosh buring, – luqma tashladi o‘sha gulduros tovushning ko‘rinmas sohibi meni rag‘batlantirib. – Ammo sen manzilga kelguning¬cha yillar davomida izlaganing, turfa chig‘iriqlardan o‘tib topganing, visoliga talpinganing yana shuncha yuksaklikka ko‘tarildi, uning huzuriga ikkinchi iqlim tomoshaxonalarini oralab borishing lozim, unutma, sinov davom etayapti.

-13-

– Ko‘zimni o‘tkir yorug‘likka o‘rgatish uchun qo‘limni soyabon qilib, sekingina ochdim, qulog‘imga kuchli shovqin-suron chalindi:
– Gumbur-gumbur
– U-v-v, -u-v-v...
Dod-faryodlar tinmas, go‘yo butun-borliq uvvos tortib yig‘layotgandek...
– Yo, allohim, yozug‘imiz ne edi, nega bizga bunday kulfatni ravo ko‘rding?
Barala ovozda Qur’on suralarini tilovat etayotganlar barcha narsaning yaratguvchisi va oxirat kunining egasidan madad so‘rashardi.
–    Haq do‘st, yo alloh, haq do‘st, yo alloh...
Darvesh-qalandarlar qo‘llarini silkitib, jazavasi tutib zikr tushishardi.
Hayratdan lol qoldim, keyingi yillarda kazo-kazolar qaytishi bahona ikki-uch kunlab “oynai jahon”, ovoznigorda ruhni sindiruvchi motam musiqasi yangraganda ham fuqarolar qiyofasida bu darajadagi chorasizlik, g‘am-alam zuhur bo‘lganini ko‘rmagandim, men o‘zimni olis moviy dunyo hayotidan kino olinayotgan maydonchaga tushib qolganday his qildim.
– Ey birodar, bir daqiqa to‘xtasangiz-chi, nima gap o‘zi? – atrofimda zir yugurib yurganlardan biriga murojaat etdim.
U na ovozimni eshitdi, na o‘zimni payqadi, shundagina ikkinchi iqlimda chetdan kuzatuvchi ekanligimni, na ovozim, na suvratim bu yerdagilarga ta’sir qilishini angladim.
– Ko‘rmayapsanmi, quyosh tutilgan-ku, – izoh berdi ko‘rinmas yo‘lboshlovchim.
Ilgari axborotlardan qisilgan qishlog‘imizda oy tutilsa, biz bolalarni shunday shovqin-suron ko‘tarishga undashganini esladim. Ular ta’biricha, oy va quyoshning tutilishi yovuz kuchlar daxl solishi oqibati bo‘lib, kuchli shovqin yovuz kuchlarni qo‘rqitish barobarida olovu otashni tutqunlikdan bo‘shatar ekan. Bizning bolalik ortda qoldi, vaqt o‘tishi bilan insoniyatni zavqlanish, hayratlanish, ishonch tuyg‘ulari tark etib bormoqda.

-14-

– Xiyobondan chiqishim bilan qo‘l cho‘zsam yetadigan manzilda uni ko‘rdim, ortda qolgan mashaqqat o‘z kuchini yo‘qotadi, uning vasliga yetish kutganimdan osonroq ko‘chganga mengzadi, bir muddat o‘zimni, junbishga kelgan hissiyotlarimni tiyolmadim, yuragim dupuri kuchayib, bo‘g‘zimni g‘alati hayqiriq yorib chiqdi:
– A-a-a!...
O‘sha zahotiyoq ko‘kragimdan birov bor kuchi bilan itarganini, tegram tag‘in qorong‘i zulmatga chulg‘anganini, mislsiz baland qoyadan pastga, tubsiz chohga uchib borayotganimni zo‘r-bazo‘r ilg‘adim. Men qulab tushgan choh shu oromgoh edi. Bu g‘alati sayohatdan aniqlaganim dunyoda hamma narsa o‘tkinchiligi-yu, faqat muhabbatning boqiyligi bo‘ldi...
Tamaki-odam hikoyasi tugagandan so‘ng, hozirgina chekib tashlagan bo‘lsa-da, bo‘shagan qutini sermaladi, qo‘liga hech narsa ilashmagach, bor kuchini qoq suyak barmoqlariga jamlab, qutini ezg‘ilab otdi va chuqur botgan ko‘zlarini bir muddat olis nuqtaga qadab turdi, shu tobda u jonli odamdan ko‘ra ko‘proq qoyadan yo‘nilgan haykalga o‘xshardi.
–    Ayting, men kimman o‘zi, kimman? – jazavaga tushib baqirdi u.
Talmovsirab qolganimni ko‘rib, o‘z savoliga o‘zi javob qaytardi:
– Men odamman, faqat na o‘liklar, na tiriklar safidan joy olgan muallaq odam! Meni bu olamda o‘sha malak xotirasi va hamma narsa boy berilgan taqdirda ham oldinda kelajak bor degan ilinj ushlab turibdi!..

-15-

Oradan o‘n besh yilcha vaqt o‘tdi, men hamon o‘sha uchrashuvni, voqelikdan ko‘ra xayolotga monand hikoyani sira unutolmayman, qulog‘im ostida esa so‘nggi jazavali so‘zlar takror va takror jaranglaydi, yana diydorlashish nasib etsa hech ikkilanmay:
– Sen odam ekansan, o‘zligini tanigan baxtli odam, qaniydi men ham senga o‘xshasam! – degan bo‘lardim.

Qarshi, 2009

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.