OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdunabi Boyqo‘ziyev. Teshikmozor hangomalari (hajviy qissa)

Birinchi qism

Teshikmozor qishlog‘i Andijondan yursangiz Poytuqqa kiraverishda...
Qishloqning nomi nega Teshikmozor deb hayron bo‘lmang. Buning o‘tmish bilan bog‘liq asosli sabablari bor. Izohi, endi, alohida mavzu.
Teshikmozorning, men sizga aytsam, har bir fuqarosi hangoma. Ayniqsa, Otash xobboni va Bo‘tash gupir bilan bog‘liq gaplarni yig‘ib kitob-pitob qilinsa bormi, maqtanyapti demangu, bir ajabsanda asar bo‘lardi-da.
Ha, teshikmozorliklarning dunyoni lol qilgulik juda ko‘p hangomalari bor. Faqat bir kamchiligi, bu manzil-makon bilan bog‘liq beg‘araz, betakror shumligu qitmirliklarni elga manzur tilda ifodalab beradigan zo‘r hajvchi yozuvchisining yo‘qligi. To‘g‘ri, Teshikmozordan besh-o‘n chaqirim atrof doirada, dovrug‘i dovonlar oshgan Qamchibek Kenja, Abdulla Komil, Nabi Jaloliddin degan mashhur adiblar chiqqan. Biroq ularning “hazil-mazak”, “oldi-qochdi gaplar”ga unchalik toblari yo‘qroq, desam xato bo‘lmaydi. Noumid bo‘lmaymiz. Jiddiy janrlarda qalam tebratadigan mashhur adiblardan shunchasini bergan Xudo hangomasuyarlarini ham ato etib qolsa ajab emas. Hozircha, bu vazifani, baholi qudrat bajarib turish bizning chekimizga tushganga o‘xshaydi. Osh bo‘lmasa, obi yovg‘on ham ovqat, deydilar-ku, mashoyixlar.

* * *
Shunday qilib, Teshikmozor xalqi yoppasiga hazilkash. Ikki odamning boshi qovushsa, gap nishobi laqabingizga borib taqalaveradi. Bu muloqotlar tagidagi ma’noosti qatlamlarini teshikmozorlik bo‘lmagan odam fahmlamasligi mumkin. Ha, endi, ikki teshikmozorlik bir-biri bilan shunchaki, moderncha usulda hol-ahvol so‘rashyapti-da, deb ketaveradi.
Aslida, bunday hol-ahvol so‘rashish asnosida, ikki teshikmozorlik o‘zlarining iborasi bilan aytganda, bir-birining “enasini Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatayotgan” bo‘ladi.
Mana qarang, yo‘lda ikki teshikmozorlik uchrashib, so‘rashyapti:
“Yaxshimisiz, Ablaziz aka? Qalay, bola-chaqa, qozon-tovoq, mol-hol... omonmi?” “Rahmat Erkaboy! Permer bolagayam rahmat, meni bedapoyag‘a baylab qo‘yg‘an. O‘shetta yurippiz, rizqimizni chimdib, ye-eb”.
Bu gaplarning qaeri qing‘ir? Sal hazilnamo, demasa, binoyiday gaplar. Shundaymi? Ha, yashang! Ammo, ana shu, sal hazilnamo gaplar ostida faqat teshikmozorliklargina payqashi mumkin bo‘lgan ancha-muncha ma’no-mazmun, nozik qochirim, imo-ishora va eng muhimi, hozirjavob topqirlik yotipti.
Ana endi sirni ochay: Ablaziz akaning laqabi, demak, sigir yoki buzoq, Erkaboyniki esa eshak yoxud xo‘tik bo‘lib chiqadi.
Bu ajabtovur suhbat zavqini o‘sha ikki teshikmozorligu, yana anglasa... shu teshikmozorliklarning o‘zlari anglaydi, xolos.
Teshikmozorga kelib, hazil yoki askiya qilib qoyil qoldirib ketaman, degan odam ikki chuchvaraning o‘rtasini yepti. Teshikmozorlikni ag‘dan-bag‘dan kelib hali biron kimsa “enasini Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatib” ketolmagan. Teshikmozorlikning enasini faqat shu teshikmozorlikning o‘zi uch emas, naq o‘nta qo‘rg‘on naridan ko‘rsata oladi. Teshikmozorlik bo‘lmagan bironta odam, men teshikmozorlikning enasini Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatdim, desa bu gap lofdan boshqa narsa emas. Ha, aytgancha, lof masalasida. Lof aytishda ham hali hech kim, teshikmozorliklarchalik loppillay olmagan. Gapimiz quruq bo‘lmasin uchun bir voqeani eslab o‘tay. To‘raqo‘rg‘onlik Hafizxon lofchi teshikmozorlik Matashboy lofchining daragini eshitib, bir juftgina loppillashay, deb Teshikmozorga kelibdi. Qishloqqa kiraverishda Matash lofchining sakkiz yoshlar chamasidagi Abdurahmon degan o‘g‘liga yo‘liqibdi.
“Yo‘l bo‘lsin, amaki?” – deb so‘rabdi bola.
“Shu qishloqdan Matash lofchining ta’rifini eshitaman. O‘sha kishi bilan bir-ikki juft loppillashay, deb keldim. Qaysi uyda yashaydi, aytolmaysanmi?”
“Adashmabsiz. Men o‘sha kishining to‘ng‘ichi bo‘laman. Otam uyda yo‘g‘idilar”.
“Unday bo‘lsa, kelgunicha darvozaxonanglardagi so‘rida popiris-mopiris chekib o‘tirib turcam...”
“Kutib qolmasmikinsiz, amaki? Otam erta bilan obdan chilim tortuvdi. Tutunini puflash uchun odam siyrakroq joy izlab To‘qqizadirga chiqib ketdi. Ehtimol, men bilan loppillashib qo‘yaqolarsiz?”
Hafizxon lofchi bolaning gapiga javoban, po‘ng‘illabdi:
“Tutunni chekkan joyida puflasa bo‘lmasakanmi?”
“Iya, nima diyapsiz, amaki! – debdi bola. – Kashandalarimizning hammasi tutunini shu yerga puflasa Teshikmozorni bulut bosib qoladi-ku!”
“Menga qara, hey tirrancha! Shuncha yo‘lni sen bilan adi-badi aytishaman deb kelganim yo‘q. Menga otangni ro‘para qil”, – deya zardalanibdi Hafizxon lofchi.
Bola boshqa hech narsa demabdi. Mehmonning oldiga patnisda ikkita non, choynakda doqqina ko‘k choy, paxta gullik piyola va besh-olti chaqmoq oq qant keltirib qo‘yibdi-da, uzrini aytib, ayvon sahnidagi ekinlar tagini yumshatishga kirishibdi. Ikki soatdan oshibdi hamki, Matash lofchidan darak bo‘lmasmish. Toqati toq bo‘lgan Hafizxon lofchi Abdurahmonga debdi:
“Otang uyga bugun-erta qaytadiganmidi o‘zi?”
Abdurahmon endi pinagini ham buzmay, shunday javob qilibdi:
“Yana andak sabr qilasiz. Otam ichidagi tutunlarni puflab bo‘ldi. Endi faqat yo‘talishi qoldi. O‘zingiz bilasiz, chilim tortgandan keyin bir soat, yarim soat big‘illab yo‘talishi kerak-ku, odam!”
Hafizxon lofchi, tirmizagi shu bo‘ladigan bo‘lsa, otasiga yo‘liqmaganim ma’qul, deb, iziga qaytib ketgan ekan.
Oshirib-toshirib gapirib qo‘yib, soddahayronlani-ib turishda ham teshikmozorliklarning oldiga tushadigani yo‘q. Otash xobboni bilan Bo‘tash gupir bu borada nafaqat Teshikmozorda, balki, butun Farg‘ona vodiysida pesh desak bo‘laveradi. Ularning bir-biriga qilgan hazillari, men sizga aytsam, menman degan qiziqchilarning ham yetti uxlab tushiga kirmaydi. Bittasini misol keltiraymi? Hay, eshiting:
Bir kuni, turmush tashvishlaridan charchagan Otash xobboni uyining orqasidan sharqirab oqib o‘tadigan ariqning bo‘yida, durrachasi bilan yelpini-ib o‘tirsa, eski, shalag‘i chiqib ketgan “Jiguli”sini varanglatib, Bo‘tash gupir o‘tib qolibdi.
“Ha-yov! Yo‘l bo‘lsin, Bo‘tashvoy?!”, – deya bo‘ynini cho‘zibdi Otash xobboni.
Bo‘tash gupir ham, og‘aynimga bir guppillab qo‘yay, deb kelayotgan ekan. Oynadan kal-lasini chiqarib, mashinasiga ishora qilib, dermish:
“Jonobodga! Manovi, qari qirchang‘i qisir qoluvdi. Islomiddinning “Volga”sidan qochirib kelay!..”
Otash xobboniga bu gap ayil botibdi:
“Voy qistalog‘-ey, – debdi ichida, – shalag‘i chiqqan aravasini pesh qilib, menga gap yedirib ketdi-da, o‘zicha!”
Ko‘p o‘tmay, Otash xobboni ham, kishnab turgan “GAZ-21” sotib olibdi. Qutlug‘ bo‘lsinga, ulfatlar qatorida, tabiiyki, Bo‘tash gupir ham kiribdi. Shu fursatni poylab turgan gupir xobboniga tekkizib nima dermish: “Ayrim odamlarning, ayrim masalalarda, jonobodlik­larga qatnab, joni halak bo‘lyatganidan oriyat qildik. Bo‘tashvoy! Mabodo, jigulingiz yana kuyikib-netib qolsa, tortinmasdan oldimizga kelovrasiz!”
Teshikmozorliklar, hazil-mutoyibaga jiddiy yondoshishadi. Ancha-muncha, hazilchalish gaplarni og‘izlariga olib, gapni xashakilashtirib o‘tirishmaydi. Hazil-mutoyibaning haqiqiy “Firmenniy teshikmozorskiy”larini topib-topib gapirishadi. Ular chaynab tashlagan hangomalarni, poytaxtning nomdor qiziqchilari, katta kontsert zallarida, qayta-qayta chaynashib, bola-chaqa boqadi. Obro‘ va unvonlar olishadi. Biroq ular bu gaplarga parvo ham qilishmaydi. Chunki, teshikmozorliklar uchun hazil-mutoyiba, askiya dehqonchi- lik-da. O‘zlari bir paytlar aytgan hangomalarni birovlar tilidan eshitib qolishsa, “Mayli-da, hosildan kapsan-papsan ham beriladi-ku”, deb qo‘yaqolishadi.
Shu o‘rinda nihoyatda mehnatkash, o‘zlarining tili bilan aytganda, o‘larday ketmonchopqir, hangomatopqir hamqishloqlarimiz haqida Sho‘rolar siyosati obdan gurillab turgan yillarda yozilgan bir she’rni eslab o‘tish imkoniyati tug‘ilib qoldi. Eshitib ko‘rasizmi? Marhamat!

Teshikmozor – o‘zbeki qishloq,
Bu yerda ham paxtadir borliq.
Fuqarosi bearmon ishlab,
Armon bilan chiqarar hordiq.

Tong, bunda ham otadi erta,
Tun, huzur ne bilmay o‘tadi.
Paykalning u boshi uyg‘onsa,
Etagini uyqu eltadi.

Kunduzlari, shunday uzunki,
Yarim yo‘lda horiydi quyosh.
Alamzada oftob zabtiga
Faqat, qizlar beradi bardosh.

Kasalmand qul tomirlariday,
Qoradaryo boradir qurib.
Nima qilay, To‘rtko‘larig‘ay-y!..
Tushlarimga kirsa ayqirib.

Tug‘yon urar dilda ishtiboh:
Baxt bunchalar bo‘lmasa oniy.
Bu yerdan ham haqiqat yiroq,
Bu yerda ham mustarlik g‘aniy.

Biroq, elim, shunday qovulki,
Kulfatin ham aytar kuldirib.
Demak, demak boqiydir kulgi,
Askiyani bo‘lmas o‘ldirib.

Birov kelsa uyingiz so‘rab,
Taomil shu – beradi ovoz.
Faqat, yetti mahalla uzra
Laqabingiz qiladi og‘oz.

Bizga chin, sizga mubolag‘a,
Kimdir o‘lsa, ochilsa aza.
Marhum ismi qolib bir yoqda,
Laqabiga o‘qir janoza.

Ana shunday, bizlarning qishloq,
Yashamoqni obdan biladi.
Kulgi bilan yig‘laydi, ko‘proq,
Yig‘lab turib kulgi qiladi.

Ana shunaqa gaplar...
Teshikmozorliklar, men sizga aytsam, har bir sohada o‘ziga xoslikka intilishadi. Ishda, yashashda, oshashda, hatto, mehmonga ko‘rpacha to‘shashda ham, deb qo‘yishadi, qo‘shni qishloqliklar.
Biz yog‘och ot minib, ko‘cha changitib yurgan paytlarimiz ekan. Butun respublika paxta ustalari g‘o‘zani “kvadrat” usulida yetishtirib turgan bir paytda bu yerliklar o‘ziga xosliklarini namoyish etish uchun chigitni ko‘ndalangiga ekishgan, deyishadi.
To‘g‘ri, teshikmozorliklar yana, men sizga aytsam, kulgi chiqadigan joyga suvi bo‘lmasa ham kallachasiga tashlashadi. Biroq ular hazil-mutoyibaga qancha o‘ch bo‘lishmasin, odamning afti burishib ketadigan darajada oriyatli ham.
Ha, aytgancha, teshikmozorliklar o‘larday bolajon xalq. Qolaversa, bu yerliklarning mushtdayidan tortib toshdayigacha turgan-bitgani hangoma.
Shunday kelishsak. Otasi haqida gapirib charchaganimizda, teshikmozorliklarning bolalari tilidan eshitganlarimizni ham tappa-tappa qog‘ozga tushirib ketaversak, ajab ish bo‘lardi-da. Demak, rozisiz? Kelishdik! Demak...

Latifa:
Qachon gapirib berasiz?

Uch yoshli nabira bobosining meshday bo‘lib ketgan qornini ezib so‘rayotganimish:
– Oppodada, bu yima?
– Bumi? Gap, bolam, gap.
– Hammasi-ya?
– Hammasi.
– Ulayni qachon dapiyib beyasiz?
Endi yuqorida aytganlarimni isbotlamasam, bo‘lmas. Mana, bo‘lib o‘tgan, qornimizda saqlanayotgan o‘sha voqealardan ayrimlari.

Xotin, damingni chiqarma!..

Sakkizinchimi, yo... Yo‘q, aniq to‘qqizinchi sinfda o‘qirdik. U paytlarda yangi yilni ulfatlar bilan bir yerga yig‘ilishib nishonlash toza rasm bo‘lgan. Har yili goh u, goh bu o‘rtog‘imiznikida kutib olamiz. Albatta, yig‘ilishib yangi yil kutishning ham o‘ziga yarasha dahmazalari bor. Go‘sht, yog‘, yana ancha-muncha birov bilmas, shisha-pisha, deganday. Ayalmand oilaning bolasi sifatida men bunday hotamtoylik qilolmasdim.
Otamiz o‘sha yili O‘ntom degan tomonlardan sholi ekib, hosilini biz o‘rta uy, deb ataydigan omborxonamizga, qanorqoplarga sanjob qilib joylab qo‘ygandi. Nimanidir qidirib o‘sha uyga kirsam, dunyoning chumchug‘i g‘ujg‘on o‘ynayapti. Shartta eshikni yopdim. Qo‘limni havoga yolg‘ondakam sermasam, to‘rt-beshtasi changalimga ilinadi. Bir-bir kallasini uzib, kir yuviladigan tog‘ora shu yerda ekan, o‘shanga tashlayverdim. Tog‘oraning kattaligi, nima desam ekan, o‘n uchta chuldirvaqasi bor oilaning kir tog‘orasi bilasizmi, qancha bo‘ladi? Xullas, o‘sha tog‘ora chumchuqqa to‘lib-toshdiyam, uchib yurganlari tugay demaydi. Qo‘yingki, bir duysanba qush go‘shti. Uni oilamiz bilan bir hafta yesak, tugatolmaymiz. Xayolimga zo‘r bir fikr keldi. Bugun kun nima? O‘ttiz birinchi dekabr. Shu yangi yilni o‘rtoqlarim bilan bizning uyimizda kutsakchi! O‘zimning aqlimga o‘zim qoyil qoldim.
O‘rta uyda amalga oshirganim qirg‘inbarotni borib davraboshimiz Mutallibjonga aytdim. U Ahmadjon, Hakimjon, Xolmatjon va yana kimlarnidir yetaklab keldi. Bir g‘aram, boshi yo‘q chumchuq. Ko‘rib turibman, hammasi hayratda – og‘zining tanobi qochib ketdi.
“Zo‘r bo‘pti!” – dedi davraboshimiz. – Gap bunday, bu sapar yangi yilni Habishlarnikida – shetta kutamiz. Habish, sen kechqurungacha, chumchuqlarni tozala. Qolgan narsalarni o‘zimiz opkelamiz”.
Xullas, kechqurun, teng-to‘shlar biznikida yig‘ilib, chumchuqxo‘rlikni boshladik. Qovurib yedik, qaynatib yedik, qo‘rga ko‘mib, qozonga dimlab yedik. Qo‘yingki, bor chumchuqni yangi yil kirmasidanoq sob qildik.
U paytlarda qishloqlarda, asosan, vino ichilardi. 26, 53 degan toza xo‘roz vinolar bo‘lardi. Ellik uchidan yigirma oltinchisining yuqumiyam, yutumiyam yaxshiroq bo‘lardi. O‘shanisidan ikki-uchtasini ag‘anatganimizdan keyin, yigirma oltinchisi tugab, faqat ellik uchinchilari qoldi.
Kimdir:
– Endi 26-si otilmasin! – deya xitob qildi.
O‘sha paytlarda, shu nomdagi badiiy film mashhur bo‘lgan. Kinoteatrlarga kelib qolsa, hamma yopirilib borardi. Biz ham endi 26-sini otmay, 53-siga o‘tdik. Otishma rosa qiziganda, chumchuq go‘shti tugadi.
– Uyda mol go‘shti bor ekan, – dedim men.
– Yo‘q, bugun qush go‘shtidan boshqasi bekor! – dedi kimdir. – Faqat, qush go‘shti yeymiz.
Chumchuq eti va vinoga bo‘kib olgan ulfatlarimizdan ikki-uchtasi qayoqqadir g‘oyib bo‘lib qolishdi. Bu mahalda, soat millari tungi xuftonni ko‘rsatib turardi. Xudo berganday, tashqarida gupillatib, qor ham yog‘a boshlabdi.
Ko‘p o‘tmay, har biri bittadan-uchta tovuqni qo‘ltiqlab, sheriklarimiz paydo bo‘lishdi. Qaerdan, kimnikidan, degan savollarimizga hech biri churq etishmasdi. Nima bo‘lsa, bo‘lgan, astoydil yopishib, tovuqlarni so‘yib, tezroq saranjomlash kerak edi. Qassoblik Xolmatjonning chekiga tushdi. Oyog‘idan bog‘langan makiyonlar qalin qor ustida “g‘ulq, g‘ulq”lab yotibdi. Hamma har xil fikrda.
Kimdir:
“Pichoqni, bismillo, deb, xiqqildog‘idan tort, – desa, boshqasi:
“To‘g‘ri kelgan joyidan so‘yaver. Baribir, vino ichib, jonliqni bejon qilganing uchun do‘zaxning naq o‘txonasiga tushasan, yaramas! – deydi. – Faqat, qaqag‘latmasdan so‘ysang, u yoqlarga opketishyotganida, o‘zingning joningni ham dod degizmasdan olishadi”.
Tovuqlarni imi-jimida, ovoz chiqarmay so‘yishga kelishdik.
Xolmatjon bir amallab ularni halolladi. Ichak-chavog‘ini ag‘dararkan, kelishuv yodidan chiqdimi yo hayratini bosolmadimi, hayajonli ovozda dedi:
“Vo!! Ichidan tuxumiyam chiqdi!”
Qassobimiz ikki dona oq-sariq narsani Ahmadjonning kaftiga tashladi.
“Tuxum ekan, – dedi Ahmadjon ham, va ezib ko‘rib. – Po‘sti hali qotmabdi”, deb qo‘ydi.
Bu payt, tungi gap-gashtagini tugatib kelgan otam, shundoq tepamizda turardi.
“Ha, hormaynar, yigillar?!”
Hammamiz turgan yerimizda qotdik. Otam bir menga, bir chavaqlanib yotgan tovuqlarga qaraydi. Damimiz ichimizda. Nima deyishni bilmaymiz. Jimlikni otamning o‘zi buzdi:
“Kimnikidan opkelishding?!”
Qani endi, birontamizdan jo‘yali javob chiqsa. Kim o‘tirgan, kim enkaygan, kim tik... Bunday ajabtovur inson manzaralarini, hayotim hayot bo‘lib, boshqa kuzatmadim.
“Bo‘lar ish bo‘pti! – dedi, otam oxiri, po‘pisa bilan va buyruq ohangida qo‘shib qo‘ydi. – Endi, tezroq pishirib yeb, uy-uyinga jo‘nash! Tuzukmi?”
Shunday deb, otam ichkariladi. Undan u yog‘i... tovuqlarni qanday pishirib, qanday yedik. Nima deb, nima qo‘ydik. Yangi yilni kutib oldikmi, yo‘qmi. To‘g‘risi, eslayolmayman.
Ertasi kuni tong saharda otamning mehmonxonasida yuzaga kelgan holat haqida esa eshitganlarim kechagiday yodimda. Xullas, otam, mehmonxona ulfatlari nonushtaga yig‘ilgach:
“Birodarlar, kecha kechqurun kimning uyidan tovuq yo‘qoldi?” – deb so‘rabdi.
Qarangki, shu savol bo‘lganda yangi yoqqan qor ustida o‘zining hovlisidagi katakdan boshlangan o‘g‘ri izlar bizning darvozamizga kelib kirib ketganini ko‘rib indamay iziga qaytib ketgan va:
“Xotin, damingni chiqarma, tovuqlar nozik joyga ketdi!” – deb, ayoli O‘ktamxon ayaning og‘zini ham hech qachon ochilmaydigan qilib yopib qo‘ygan Xudoybergan buva ham shu yerda o‘tirgan edi. Turgan gapki, bu ajoyib insonlar, avvalo, uchtagina tovuqni deb, otam bilan o‘rtalaridagi uzoq yillik do‘stlik rishtalariga sovuqchilik o‘rmalashini, qolaversa, yaxshi-yomon og‘izlarda uyiga o‘g‘ri tushibdi, degan gap saqichday chaynalishini ham istamagan ekan, endi o‘ylasak.

Latifa:
Aqlli bo‘lganmisiz?

Teshikmozorlik Qo‘ylivoy otaning besh yoshli nabirasi Javohir bobosidan so‘rayotganimish:
– Oppodada, oshni qachongacha o‘ng qo‘lda yeyman?
– Aqlli bola bo‘lguningcha.
– Siz ham aqlli bola bo‘lganmisiz?
– Bo‘lganman, bolam, bo‘lganman.
– Unda nega oshni haliyam o‘ng qo‘lda yeysiz?

Nortuyaday baquvvat

To‘lqinboy brigadir Teshikmozorga Jonoboddan qatnardi.
Anchagina daroz, yelkalari bilinar-bilinmas bo‘rtibroq ko‘rinadigan bu yigit istaraligina, kirishimligina edi. Birovni aka, birovni uka dedi. Ayollarni katta bo‘lsa opa, kichik bo‘lsa singlimladi. Tez orada, qishloqqa singishib ketdi. Kelgindi rahbarlarga bo‘y beravermaydigan teshikmozorliklar To‘lqinjon Qodirovni shu yerning odamiday ardoqlashib, nima ish buyursa bo‘yin tovlamay, sidqidildan bajarib ketishayotganining boisini bilolmay, tumanning kattalari ham anchagacha hayron bo‘lib yurishdi. Bu apoq-chapoqlikning sababi bor edi. Gapni cho‘zib nima qildim, aytib qo‘yaqolay. To‘lqinjon ham teshikmozorliklarning o‘zlariga o‘xshab, odamning havasini keltiradigan, yanayam dirkillatibroq aytsak, ikki o‘rkachli... lo‘mbillabgina yuradigan jonivor nomi bilan bog‘liq laqabi bor edi.
Bu sirni endi qalamga olsam, birov meni ayblamaydi. Chunki har qanday, hatto, harbiy ma’lumotlarni ham yigirma besh yildan ortiq sir saqlab bo‘lmaydi. Ikkinchidan, biz bilgan Teshikmozorning odamlari laqabi yo‘q odamni odam o‘rnida ko‘rishmaydi. Bordi-yu, biron begona odam bilan tanishib miriqib suhbatlashmoqchi bo‘lishsa, laqabi bormi yo‘qligini paypaslab ko‘rishadi. Laqabsizligini payqab qolishsa yengil-elpigina salomlashgan bo‘lishadi-yu, juftakni rostlashadi-voradi. Tuzukkina laqabingiz bo‘lib, ancha-muncha hazil-mutoyibaga qing‘ayib, chirting-pirting qilmasligingizga ishonch hosil qilishsa,
“E, aziz birodar! Qaerdagi, odam topmas qishloqlarda yurasizmi xor bo‘lib. Keling, sizning joyingiz bizning Teshikmozorda! – deb, sizni ko‘chirib opketishlari ham mumkin. Laqabingiz kiroyi jaranglaydigan laqablardan bo‘lsa xudo berdi, deyavering. O‘zlari, hashar yo‘li bilan hovli-joy solib, shu yerlik biron laqabi yo‘g‘onroq marhumning bevasiga uylantirib qo‘yishca ham ajab emas.
Mavzudan mang‘ib ketdig-a? Uzr.
Xullas, To‘lqinboyni olib kelib brigadirlikka tayinlayotganda, raisimiz Abdusamat buvaning:
“To‘lqinjon, bolam, shu og‘ir uchastkani bugun senga yuklayappiz. Ertaga “Bo‘-o‘”, deb yubormaysan-da! Astoydil bo‘lasan. Mana shu og‘ir karvon qishloqning oldiga tushib yorug‘ manzillar sari yetaklaysan, endi” – deganida, majlis ahli orasida hakkam-dukkam kulgi ham ko‘tarilgan edi.
Teshikmozorliklar o‘shandayoq bilishgan edilarki, yangi brigadirning laqabi... Hay, mayli, bu haqda keyinroq. Xullas, o‘shanda rais bir o‘q bilan ikki quyonni urgan. Bu gapi bilan teshikmozorga qaerdagi, “belaqab odam”ni olib kelmaganini, eng muhimi, og‘irkarvon deb nom qozongan bunaqa brigadani tortib ketishi uchun mana shunaqa, To‘lqinjonga o‘xshagan nortuyaday baquvvat kadrlar shart, degan siyosatini o‘tkaza olgan ekan.
To‘lqinjonning laqabini aytmadingiz deysizmi? Necha marta aytdim, axir! Hah, o‘quvchim-a! Teshikmozorlik emassizda, emassiz!..

Latifa:
Harflar qochib ketmasin

Teshikmozorlik Qo‘ylivoy buvaning nabirasi Javohir bobosidan yana so‘rayotganimish:
– Oppog‘dada, kitob o‘qiyotganingizda nega ko‘zoynak taqib olasiz?
– Harflar qochib ketmasin, deyman-da, bolam...
– Unda nega buvimga qaraganda ko‘zoynagingizni yechib qaraysiz?

Oshqovoq eksam!..

To‘lqinjon brigadir ham, o‘zvak ko‘ringani bilan, biroz mahalliychiligi bor ekan. Traktorchisi boshqa brigadaga o‘tib ketgach, o‘rniga o‘zi tomonlik Sobirjonni yetaklab keldi. Sobirjoni ham o‘zidan o‘tgan o‘zvagakan. Bir kuni To‘lqinjonga:
“To‘rtko‘lkanda bo‘ylaridagi loyqa ko‘tarmaga, oshqovoq ekib olsammikin?” – deb, maslahat solibdi.
Sobirjoni tushmagur-ey, boshqa ekin qurib ketganday, oshqovoq ekaman, deydimi? Qovun-povun, hech bo‘lmasa, tarvuz ekaman, demaydimi. Ikki o‘rkachlik, degan ajoyib laqabi bilan allaqachon teshikmozorlik bo‘lib ketgan To‘lqinjonning ham shu yerda teshikmozorcha shumligi tutibdi.
“Juda yaxshi-da. Otangga rahmat! – debdi u, Sobirjonni yanada rag‘batlantirib. – Urug‘ini Kamol akangdan so‘raysan. So‘rtavo‘y, yotvoli-ib bo‘ladig‘anlari, o‘sha kishidan topiladi, deyishadi”.
Sobirjon, ko‘tarmaga ekiladigan urug‘ni o‘zicha chamalab, to‘rt-besh kilolar ketsa kerak, deb o‘yladi va Kamol akanikiga yo‘l oldi. Kamol aka ham urug‘laridan so‘rab kelishganidan o‘zida yo‘q xursand edi. U negadir xoxolab kular, kulgan sari oshkadiday sap-sariq qoshu ko‘zlari, kipriklari, oftobda qizargan, serajin yuzlari battar oltinlanib, tovlanib ketardi. Kamol aka bu shumlikning ortida kimlar turganini allaqachon sezgan edi.
“Qancha kerak?” – deb so‘raydi, kulgidan o‘zini arang to‘xtatib.
“To‘r-besh kilosi yetar”, – deydi Sobirjon.
Kamol aka, “Hozir-da!”, deya ichkariga kirib ketadi. Bir zumdan keyin, to‘rt qarich, besh qarich keladigan beshta qizchasini oldiga solib, yetaklab chiqadi.
“Mana, besh kiloligiyam, olti kiloligiyam bor. Tanlab, yoqqanini olib ketaverasiz!”.
Sobirjon hech narsani tushunmay, serrayib turib qoldi.
“Men… men, siz bilan hazillashgani kelganim yo‘q, aka!” – dedi u.
“Men ham hazillashmayapman. Urug‘larimizga ishqiboz bo‘lib kelasizu, biz bermaymizmi?!”
Kamol akaning uyidan quruq qo‘l bilan qaytgan Sobir traktorchi To‘lqin brigadirga yozg‘irdi:
“Bu, Kamol aka degani jinni-pinnimasmi? Urug‘ so‘rab borsam sariq-suruq qizlarini sunyapti!..”
Hangomani uyushtirib jilmayib turgan To‘lqinjon ham, uning atrofidagi boshqa a’zolar ham teshikmozorchasiga miriqib kuldilar. O‘sha kuni nima deyarini bilmay, angrayib qolgan Sobirjonning esa teshikmozorlik bo‘lishiga hali besh-olti qovun pishig‘i borligi bilinib qoldi.
Kamol akaning ham laqabini aytmadim.
“Aytmasangiz, qaerdan bilamiz?” – deysizmi? Eh, sodda o‘quvchim! Sizning ham, teshikmozorlik bo‘lishingizga hali a-ancha qovoq pishig‘i bor...

Bo‘yimizni bo‘lishvolamiz

Teshikmozorlik Qo‘ylivoy bobo nabirasiga hazillashyapti:
– Begijon, nega sen akangdan pakanaroqsan?
– Kecha uni qulog‘idan cho‘zib ko‘tardingizu, o‘shanda mendan o‘zib ketdi-da.
– Unday bo‘lsa, kel, sening bo‘yingni ham o‘stirib qo‘yay.
– Yo‘q, akamnikini o‘stiravering, kechqurun bo‘lishvolamiz.

 O‘g‘irlikka o‘z uyiga...

Sho‘ro davrida o‘g‘irlik ayb sanalmay qolgan edi desam, hozirgilar ishonarmikin? Aksariyat zamondoshlarimiz qaerdandir nimanidir o‘marib ketsa, shu kunni yaxshi o‘tkazdim, deb hisoblaydigan bo‘lib qolgandi, desamu, ular meni butun bir sovet xalqi yuziga qora chaplayapti, deb o‘ylashlari tayin. Har holda, Sho‘ro hokimiyati kelgandan boshlab tashmachilikka qarshi kurashganini va bu illat negadir, Sho‘ro qulab tushgunga qadar yo‘qolmay qolaverganini aytsam, bironta tarixchi bekor aytibsiz, deyolmaydi. Albatta, bu “fazilat”dan Sho‘ro hududining biqiq bir parchasi sifatida Teshikmozor qishlog‘i ham xoli emas edi.
Shundan kelib chiqib dadil ayta olamizki, “O‘g‘irlik qovunning mazasi boshqa”, degan iborani ham aynan teshikmozorliklar o‘ylab topishgan bo‘lsa kerak. Har holda, bunaqa “qitmiri ibora”lar faqat ularning og‘zidangina chiqishi mumkin. Bunga asos bo‘ladigan voqealar ham teshikmozorda tiqilib yotibdi. Xo‘sh, qaysi birini aytsam ekan? Xudoybergan buvaning tovuqlarini “tinchitganimiz”ni aytdim. Olamaydonlik­lar kolxoz rahbarlaridan yashiriqcha paykalning etakrog‘iga ekkan qovunlaridan bir aravasini To‘rtko‘lkandaga oqizib, Teshikmozordan tutib olganimizni yozaymi? Yo‘q, yaxshisi, Do‘manqora shiypon bolalarini o‘z uyiga qovun o‘g‘irlikka yuborganini so‘zlab bera qolay. Ha, shunisi qiziqroq.
Do‘manqora deganimiz, dalada ishlaydigan yosh-yalanglarning ichida yoshi kattarog‘i. O‘sha paytlarda, negadir, qishloqning o‘smir yigitlari kolxozning dala shiyponida tunashi jamoa xo‘jaliklari ichki tartibiga kiritilgan ekan chog‘i. Xo‘sh, o‘nta, o‘n beshta navqiron bo‘y bola kechasi bilan shiyponda tinch yotadi, deysizmi? Ha, barakalla, yotmaydi! Ayniqsa, o‘g‘irlangan qovunning mazasini yaxshi biladigan teshikmozorlik bolalar yotgan joy bo‘lsa!..
Shiypon bolalari hayotining birov bilmas kunduzgi va tungi kun tartibi bo‘lardi. Kunduzgi kun tartibi hammaga ma’lum: tabelchi bilan brigadir nima ish buyursa, bajarish. Bajargandayam, qoyil qilib bajarish. Oqshom cho‘kib shiypon o‘zlariga qolgach esa, faqat Do‘manqora va Vodil akaning hukmi – hukm. Bordiyu, ulardan biri qo‘shni Urganji jamoa xo‘jaligining butun boshli tarvuzpoyasi yoki olmabog‘ini Teshikmozorga ko‘chirib kelamiz desa, barcha bir yoqadan bosh chiqarib o‘sha ishni amalga oshirishga astoydil kirishgan. Turgan gapki, shiypon bolalari tungi hayotining “mazmunli o‘tishi”, “amaliy harakatlar”ining muvaffaqiyati, asosan, shu ikki “oqsoqol”ning kunduzi olib boradigan “razvedka” ishlari hamda ishlab chiqqan harakat dasturlarining pishiq-puxtaligiga bog‘liq bo‘lardi. Ko‘zlangan reja muvaffaqiyatsizlikka uchrasa yoki badxatroq amalga oshsa, vaziyatdan qanday chiqish va javobgarlik mas’uliyati ham o‘sha ikki “oqsoqol” zimmasiga tushardi.
Shiypon bolalari bunday tungi tadbirlarni “yurish”, deb atashardi. Yurishlarning kattarog‘i, o‘rtacharog‘i va kichikroqlari bo‘lardi. Bu atamalarning nimani anglatishini zukko o‘quvchimiz nazarimizda allaqachon ilg‘adi. Shunday bo‘lsa ham aytay: “Katta yurish” deyilsa, qo‘shni kolxoz, “o‘rtacharoq” deyilsa, qo‘shni qishloq yoki brigada hududi, “kichikroq” deyilsa, shu mahallaning o‘zida yetishtirilgan qishloq xo‘jalik yoxud poliz mahsulotlaridan o‘g‘irlab kelib, mazza qilish haqida gap ketayotgan bo‘ladi. Ana shu “parol” so‘zga qarab shiypon bolalari kutilayotgan yurishga ruhan, ham jismonan tayyor turishlari zarur bo‘lgan. Amalga oshiriladigan ish mazmuni va tarxi bolalarga tunda “yurish” oldidangina ma’lum qilingan. Ungacha, reja yo‘nalishi va tarxi haqida uni ishlab chiqqan ikki oqsoqoldan boshqa hech kim bilmagan. Sababi endi, o‘zingizga ma’lum: sir saqlay olmagan odam qaysi bir zamonda baraka topgan?
Shu o‘rinda yana bir ma’lumot: kimning tomorqasiga nima ekilgan, qancha va qanday ekilgan, kimning uyida anjiru kimning uyida piyoladay-piyoladay otyog‘i shaftoli yoki karsillagan, tishlasang suvi sachrab ketadigan nordon olma... Bularning barini ikki oqsoqol uyning egalaridan ham yaxshiroq bilishgan desak, xato bo‘lmaydi.
Bu safargi reja mazmuni yuqorida aytganlarimizning birontasiga ham to‘g‘ri kelmaydi. “Yurish” shiypon bolalari oqsoqollaridan biri Do‘manqoraning o‘z hovlisidagi qovun-polizga. O‘zingizga ma’lum, har kuni tosh ko‘tarib yurgan polvonlar mashqini bir gal kanda qilsa, ertasiga ish pachava, deyavering. Shiypon bolalarini bir tun yurishdan qoldirish ertasiga sardorlarga qimmatga tushishi mumkin. Jangovarlik ruhini saqlab turish uchun esa Do‘manqora o‘z otasi yetishtirgan qovunlardan bir nechtasining bahridan o‘tishni ma’qul topgan ko‘rinadi.
Shunday qilib, shiypon bolalarining o‘sha tungi rizqi Do‘manqora uyidagilarga bildirmaygina, o‘z hovlisidagi qovun palaklari ustiga tashlab qo‘yilgan oq belgi – daftar varaqlari ostida ekan. Teshikmozorlik bolalar uchun sutday oydin kechada, band berib uzilay-uzilay deb turgan, hidi bir mahalla naridan ham burunga guppillab urilayotgan bo‘rikalla va bosvoldilarni topish unchalik qiyin ish bo‘lmagan edi, deb eslashadi o‘sha paytning o‘g‘rigina bolalari, gohi-gohida yig‘ilishib qolishsa.
Shu o‘rinda yana bir omonat gapni aytib o‘tay. Teng-to‘shlarining ko‘ngli uchun qiziq-qiziq voqealarni o‘ylab topadigan, kerak bo‘lsa, o‘z xonadoni manfaatidan kechib bo‘lsa-da, ulfatlarining ko‘nglini shod etishga shay, yosh-yalanglarni o‘g‘irlikka yetak­lagan, ammo o‘g‘ri bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymay, bo‘y ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan beg‘ubor zararkunandaliklarni yoshlik davri qusurlari sifatida, yoshlikda qoldirib keta olgan Do‘manqora teshikmozorliklar yodida bir yaxshi xotiralar qoldirib, oltmish yoshlar atrofida qazo qildi. Bir paytlar “o‘g‘ridoshi” bo‘lgani uchun aytyapti demangu, haqiqatan ham u kishi ajoyib ulfat, yaxshi ota va o‘nlab qobil nabira va abiralarning bobosi sifatida yashab o‘tdi. Ollo rahmat qilsin!
Vodiljon “oqsoqol” ayni kunda hayot – yetmish yoshlarda. Uzoq yillar kolxozda tabelchi, brigadir, hosilotlik lavozimlarida ishlab nafaqaga chiqdi: qarilik gashtini surmoqda.
Hech bo‘lmasa, shu Vodil oqsoqolning laqabini aytib keting, deysizmi? Aytsak, aytaveramiz. Bizdan birov qo‘rqarmidi? Biroq bir andishamiz bor. Teshikmozorlik­lar, shu, Habishvoy deganiyam, Toshkentda o‘qib jo‘rnalis bo‘pqoldim deb, og‘ziga kelgan gaplarni yozyapti, deyishmasmikin, ishqilib. Et-betdagi yig‘inlarda odamlar Vodil oqsoqolga, “Habibullo degan jo‘rnalist hamqishlog‘ingiz sizga ham “nishi”ni bir sanchib o‘tibdi. Achishtirmayaptimi?”, deb qolishsa, Vodil akamiz, noqulay ahvolga tushib qolib, achchiq ustida, “laqabimizni yozgan qo‘llaringni chayonlar chaqsin”, deb qarg‘avormasmikin deb qo‘rqamiz, xolos!..
Aziz kitobxon! Yuqoridagi jumlada Vodil oqsoqolning laqabiga nozikkina ishora qildik. Sal paypaslab ko‘rsangiz, siz ham topasiz o‘sha so‘zni. Faqat, ehtiyot bo‘libroq paypaslang. Falokat oyoq ostida, deydilar. Qo‘lingizni chayon-payonga chaqtirib o‘tirmang tag‘in.

Latifa:
Eng katta laylak tuqqan

Besh yoshli Javohir bobosidan yana so‘rayotganmish:
– Oppog‘dada, sizni kim tuqqan?
– Katta buving tuqqan.
– Katta buvimni kim tuqqan?
– Katta buvingni katta buvim tuqqan.
– Katta buvimizni...
Bobo qarasa, savolning keti ko‘rinmaydigan. Qarshi savol bilan nabirasini chalg‘itmoqchi bo‘ldi.
– O‘zingni-chi, o‘zingni kim tuqqan?
– Menimi? Eng katta laylak tuqqan.

Mash’ala dumli eshak

Sobirjon traktorchi qanaqadir hayvonning dahshatli pishqirig‘i va o‘zlari yotgan yig‘ma kalavot atrofida har tomonga uchqun sachratib gir aylanayotgan alanga haroratidan cho‘chib, uyg‘onib ketdi. Yo, tavba! Olamaydonning alvastilari bor, deb aytishardi-ya! O‘sha jinlar bazm boshlashibdi-da, deb o‘yladi u. Va shosha-pisha istig‘for keltirishga tushdi:
“La ilaha valaquvvata Illo, billo!... Muhammadan Rasululloh!..”
Yonidagi kalavotda qotib uxlayotgan Suhrobni uyg‘otsamikin! Yosh bola-ku! Qo‘rqib ketar. Biror kor-hol bo‘lib qolsa, otasiga nima deydi? Yarim tunda alvastilar chalib ketdi bolangizni, deydimi? O‘laqolsa, ishonmas! Uyg‘otmasa ham bo‘lmaydi. O‘zining ham o‘takasi yorilib ketay deyapti. Suhrob yosh bola bo‘lsa ham dadil. Biron jo‘yali gap chiqib qolsa ham, ajabmas. Ha, uyg‘otgani ma’qul! Biroq Sobirjonning ovozi chiqmasdi. Hozirgina kalima keltirayotgan tillari negadir so‘zga aylanmasdi. Yo‘q, bolani uyg‘otmagani ma’qul. Bu manzarani ko‘rsa, u qo‘rquvdan tamom soqov bo‘lib qolishi ta­yin. Yaxshisi, Xudoga yolvoray. Shundan foyda, dedi-da, duo o‘qiy boshladi:
"Panoho li zulmoti subhono inni kun tum min az zolimi-in!.."
Sobirjonning duodan ham ko‘ra ko‘proq yig‘lamsirashga o‘xshab ketadigan bu tilovatlarini paykalning o‘rtarog‘ida g‘o‘zalarga suv tarab yurgan Vodiljon bilan Do‘manqora ham eshitib turardi.
 Alvasti Olloning kalimasidan ham cho‘chimay, ikki begunoh bandasi atrofida battar jazavaga tushar, chir-chir aylanardi:
"Xudo-o! Rahming kelsin! Bu baloyingdan o‘zing asra! O‘zing qutqa-ar!"
Sobirjon bu iltijolarni ichida aytdimi yoki ovozini baralla qo‘yib qichqirdimi, bugun buni aniq ayta olmaydi. Qiziq ekansiz! Bir bandai mo‘min qo‘rquvdan joni xalqumiga kelib tursa-yu, biz oyati karimani tilida aytdimi yo dilida, deb muhokama qilib o‘tiribmiz! Ichida aytdi nima-yu, tashida aytdi nima? Har qalay, aytdi-ku! Siz bilan biz shu holga tushsak, ehtimol, kalima ham keltirolmay, tuyoq qoqvorgan bo‘larmidik... Astahpirillo, al aziym!..
Xayriyat, Sobirjon traktorchining ohi Olloga yetdi. Alanga – alvasti ularning atrofida yana ikki topqir aylanib, katta yo‘lga chiqib oldi va qishloq tomon yo‘l soldi. Ajina bu yerdagi bazmni yakunlab, Teshikmozor ko‘chalarida chappar urayotganda, Olamaydondagi Sobirjonlar yotgan kalavot atrofida qo‘lansa hid taratib, goh tutab, goh lippillayotgan kuyundilar sochilib yotardi. Ajina ancha uzoqlashgach bildiki, sherigi Suhrob ham allaqachon uyg‘ongan. Faqat, boshini yostiq bilan bosib, g‘ujanak bo‘lib, qalt-qalt titrab yotardi...
Ushbu hangoma To‘lqin brigadir davrida sodir bo‘lganmidi yoki Vodil brigadir davrida, aniq ayta olmaymiz. Lekin shunisi aniqki, bu yuz poyiz bo‘lgan voqea deb, yuz poyiz teshikmozorliklar guvohlik berishiga yuz poyiz ishonamiz. Ana shunaqa! Shoir G‘afur G‘ulom aytganiday: bizning og‘zimizga bir tushgan so‘z qaytib ishga yaramaydigan bo‘lib qoladi. Yo‘q, biz so‘zning yelkasiga “G‘apurovskiy”cha ma’nolar yuklab tashlaganimizdan emas, aksincha, bir so‘zni yuqoridagi kabi, “yuz poyiz”ga o‘xshatib, bir jumlada mayib bo‘lib qolgunicha qayta-qayta ishlatganimizdan shu ahvolga tushadi.
Olis-yaqinlarga ovoza bo‘lgan, “Ufalogiya va noanomal hodisalar” instituti xodimlarining ham uzoq yillardan buyon rizqini butun qilib kelayotgan o‘sha “Mash’ala dumli eshak” voqeasi stsenariysi ham, aslida, teshikmozorlik shiypon bolalari tomonidan yozilib, amalga oshirilgan edi.
Ha, bu qog‘ozga tushmagan pesa. Pesa bo‘lgandayam, ancha-muncha poytaxtlik dramaturg yoki rejissyor teatr yo kino qilib qo‘yolmaydigan pesa. Sababi uning qahramonlari paxta dalasidan nari chiqmagan, judayam sodda odamlar. Bunday sodda va beg‘ubor insonlar rolini faqat teshikmozorlik, biron yerda o‘qimagan, shiypon bolalarigina qoyil qilib ijro eta oladi. Poytaxtlik artistlar o‘qitilgan. O‘qigan artistlar rolni faqat o‘qiganiday, to‘g‘rirog‘i, o‘qitilganday qilib o‘ynaydilar. Qolaversa, qahramonlar ro‘yxatida eshak ham bor. Bo‘lganda ham tirik eshak. Tirik eshakni teatr sahnasiga olib chiqib bo‘larkanmi? Sahnaning o‘rtasiga tezaklab-netib qo‘ysa yoki sharillatib... Bordi-yu, shunday qilgan taqdirda ham, eshakdan birov ranjimaydi. Eshak rolini odam o‘ynasa... Eshak odam esa, eshak xarakteri va harakatlarini o‘la qolsa, o‘xshatolmaydi. O‘xshatolmaydi-da, kulgiga qoladi. Demak, “odam hayvon”ning roli sun’iy chiqadi. Eshak rolini, tabiiyki, eshakdan boshqa jonivor tabiiy chiqara olmaydi. Tabiiy chiqara oladigan artist esa hali tug‘ilmagan. Tug‘ilgan bo‘lsa ham... o‘qitib qo‘yilgan.
Hay, mayli, Teshikmozorga qaytaylik.
Teshikmozorning g‘o‘zasi yoz oylari To‘rtko‘lkandaning Olamaydon degan xilvat joyidan nasos bilan tortib olinadigan suvga muhtojlik sezadi. Nasosni sozlash, yurgizib nazorat qilib turish, kechalari qo‘riqlash ham brigada traktorchisining zimmasida. Tunda, albatta, unga shiypon bolalari navbati bilan hamrohlik qilishadi.
Xullas, o‘sha kuni, shiypon bolalari Do‘manqora ishlab chiqqan rejaga asosan, Emon buvaning tunda bo‘shalib ketib, ko‘sakka bo‘kvoladigan xachirini tutib, jazolashga qaror qilishdi. Bu ishda sobiq traktorchidan qolgan, yag‘iri chiqib ketgan eski pinjagi ish berdi. Uni yaxshilab dumaloqlab bog‘lab, salyarkaga bo‘ktirishgach, bir quloch alyumin sim bilan xachirning dumiga bog‘lashdi. Jonivorning boshi Emon buvaning uyiga tomon qaratilib, guppiga gugurt chaqib yuborildi.
Ish shiypon bolalari o‘ylaganday bo‘lib chiqmadi. Ketini olov jizillatgan eshak shataloq ota boshladi. Shataloq otgan sari orqa tuyoqlari mash’alaga urilar, har urilganda atrofga uchqunlar sochilib ketardi. Olovdan hurkib, jon achchig‘ida, najot izlagan xachir egasining uyiga emas, shu yaqin orada potillab suv tortayotgan nasos qorovullari tomon chopgan edi...
Bor gap shu, azizlar!..

Latifa:
O‘z tizzangga o‘tib o‘tir

Teshikmozorlik Qo‘ylivoy otaning besh yoshli nabirasi Mujgon bobosining o‘ng tizzasida o‘tirgan singlisi Rayhonni itarib, deyapti:
– Qoch, o‘zingning tizzangga o‘tib o‘tir.
Bu gapdan hayron bo‘lgan bobo katta nabirasidan so‘radi:
– O‘ng tizzam qachon seniki bo‘p qoldi?
– Uni men Rayhon tug‘ilmasdan oldin o‘zimniki qilvolganmanu...

 Vovani sunnat qilish...

O‘tgan asrning oltmishinchi yillarimidi. Mahallamizga Pavlik ismli o‘ris amaki ko‘chib keldi. Uning Zina ismli marjasi va Vova ismli olti yoshli “sinog”i (o‘g‘li) ham bor edi. Ularni bizning chekka, zerikarli qishlog‘imizga taqdirning qaysi shamollari uchirib kelgan, bilmaymiz. Har holda, Pavlik amaki shofyor edi. Yon qo‘shnimiz Matashvoy buva bilan birgalikda kolxozning qirdagi chorvasiga “vodovoz” mashinada suv tashishlarini bilardik, xolos.
O‘sha paytlarda o‘rislar yashamaydigan qishloqlarga hayotdan orqada qolgan, zerikarli joylar sifatida qaralganini hozirgilar aqliga sig‘dirisholmaydi. Mahalliy aholi ham o‘risi yo‘q mahallamizga rus oilasining ko‘chib kelishini, qanaqadir ijobiy hodisa sifatida qabul qilishgani aniq. Chunki kim ikkita non, kim bog‘idan uzilgan meva, kim kosada obi yovg‘on yo laganda osh bilan, kunda-kunora yo‘qlashlaridan shunday xulosa chiqarsa bo‘lardi.
Biz bolalarni-ku, qo‘yaverasiz: tamom taltayib ketdik. Tevarak-atrofdagi o‘risi yo‘q qishloqlarga borib qolsak, Teshikmozorning ham endi madaniy qishloqlardan ekanligini bildirib qo‘yish uchun, har ikki gapning birida, Pavlik amaki yoki marjasi Zina xolaning fazilatlaridan, ular bilan ahil-ittipoq ekanligimizdan bir-birimizga gal bermay maqtanamiz. Mahallamizning shoir bolasi Davron Quli o‘z otasining Pavlik amaki bilan o‘rischa gaplashish uchun ona tilimni unutishga tayyorman, degan gapini gazetada yozib chiqib, bir oy “Artek” lagerida bepul dam olib keldi. O‘rtog‘imiz Vovani-ku, ota-onasidan ham ko‘ra, ota-onalarimizning arzandasi. Ayniqsa, ayrim yosh kelinchaklar Vovkani ko‘rib qolishsa, iyib ketishib: “Shu bolani, ichlarimga tiqiblar olgilarim kepketyapti!”, deb yuborishlari... Bir kuni deng, Javlon akamizga yaqindagina kelin bo‘lib tushgan, kinolarda o‘ynaydigan artist qizlarday qishlog‘imizning barcha bolalarini oshiqu beqaror qilib qo‘ygan kelinchak – Diloro opa ham shunday deganini o‘z qulog‘im bilan eshitganimda ko‘zimga dunyo qorong‘i bo‘lib ketdi. Shu kuni, sizga aytsam, Teshikmozorning o‘zbek bolalari o‘ris bo‘lgimiz, o‘rislar bo‘pqolgimiz kepketgan edi!
Qishlog‘imizdagi barcha bolalarning havasi keladigan Vovkaning ro‘za kunlari biz bilan ramazonlar aytishib, hayit namozlaridan keyin tuxumlar urishtirishiga monelik qiladigan bir kamchiligi bor edi. Bu – uning sunnat qilinib, qo‘li halollanmaganligi edi. Ikki hayit tantanalarida yayray olmay, bir chekkada mung‘ayib, ko‘ngli o‘ksib qolgan Vovka teshikmozorlik o‘rtoqlariga maslahat soldi:
– “Soppan-soppan, so-op!..” duolarini sizlar bilan birga tomosha qilishim, tuxumlar urishtirib, kattalardan hayitliklar olishim uchun nima qilishim kerak?
– Buning chorasi bor! – dedi, Erkin dusha.
– Qo‘lingni halollash kerak, – deya aniqlik kiritdi Hamdush.
– Nima, sening qo‘ling halolu, mening qo‘lim harommi? – dedi Vofka xafa bo‘lib.
Vofkaning devor-darmiyon qo‘shnisi Muhammadjon vaziyatni yumshatdi.
– Bilasanmi, Vova, – dedi u, – sening qo‘ling ham toza. Faqat, bulbulingdan ozgina ortiqcha joyi olib tashlanmagan. Tushundingmi? Agar shuni kesib tashlasak, sen ham haqiqiy teshikmozorlik bo‘lasan. Qo‘rqma, chumchuq cho‘qiganchalik og‘riydi, xolos. Yarim kundayoq, yurib ketasan. Mana o‘zim, ikki soatda chopqillab ketganman.
– Papam bilan mamamga aytmaysanmi, ishqilib? – dedi Vova ham rozilik ohangida.
Xullas, teshikmozorlik uch musulmon, bir “kopir” maslahatni bir joyga qo‘yishdi. Daminboy chekilik usta Ergash o‘zlarini qanday sunnat qilgan bo‘lsa, shunday qilishadi, vassalom, olam guliston – Vova musulmon!
Erkin dusha qamish, Muhammadjon pichoq topdi. Hamdush uyidan qon chiqqan joyiga kuydirib bozillatib bosish uchun mozpaxta olib keldi. Sunnat amali shiyponda amalga oshirildi. To‘g‘risi, chalaroq amalga oshirildi. Nega, deysizmi? Axir, Vovaning sunnatida har tomondan pul sochib, aldab-suldab baqirsa, og‘ziga tuxum tiqib, “Ku-la-lo‘”, deb turadigan tog‘alari, amakilari yo‘q edi-da! Shuning uchun, ishning yarmidayoq, Vovaning chinqirig‘i butun Teshikmozorni tutib ketdi...
Qo‘yingki, teshikmozorlik bolalar boshlagan “sunnat amali”ning davomi Poytug‘dagi katta banisada, katta do‘xtirlar ishtirokida nihoyasiga yetkazildi. Butun rayonimizning kommunistlari esa o‘shanda, Teshikmozorda “o‘zbeklar bir o‘ris bolaning bulbulini “chikanka” qilib qo‘yibdi”, degan gap Moskovga yetib bormasin-da ishqilib, deb bir necha yillar yuraklarini hovuchlab yashaganlari ham bor gap.
Teshikmozorliklar orasida bugun o‘sha, sunnat voqeasi qachon eslansa, “Vovka musulmon bo‘lganmikin, yoki?..” degan savol qayta-qayta ko‘ndalang bo‘laveradi. Bu savolga hali-hanuz, bironta teshikmozorlik aniq javob berolmaydi. Ularning topib olgan yakdil gaplari shuki, Vovka shifoxonadan sog‘ayib chiqqan kuniyoq, Pavlik amaki shoshilinch, ko‘ch-ko‘ronini yig‘ishtirib, marjasiga:
– Xotin, yur, teshikmozorliklar mening qo‘limni ham halollab qo‘ymaslaridan oldin, bu yerlardan ketaylik, – degan va yarim tunda qaysidir tomonlarga ko‘chib ketgan...
Vovalar ketib, teshikmozorliklar yuksak madaniyati bilan maqtanisha olmay qolgandir, deysizmi? Qayoqda, ular, hozir ham, “Bizning qishlog‘imiz o‘ris ko‘rgan qishloqlardan”, deb, o‘risi yo‘q qishloqlar odamlarining og‘zini ochirishmaydi.

Latifa:
 Pakash bo‘pqolasiz

Teshikmozorlik Qo‘ylivoy otaning to‘rt yoshli nabirasi Begijon yonboshlab, choy ichib yotgan bobosiga deyapti:
– Oppog‘dada, qarang, bo‘yim sizniki bilan baravar bo‘pqoldi.
– Otam o‘g‘lim, bobom o‘g‘lim! Yashang!..
Maqtovdan taltaygan nabira endi bobosiga nasihat qila boshladi:
– Siz ham palovni menga o‘xshab katta-katta oshang. Bo‘lmasa, Zuhur gadikka o‘xshab pakash bo‘pqolasiz...

Kalning boshiga o‘t ketdi

Bu voqea ham o‘tgan asrning oltmishinchi yillariga tegishli.
Gapning po‘st kallasidan boshlayqolay: ertalab uyg‘onsam, boshimning chap tomonidan bir tutam sochim yostiqqa to‘kilib qolibdi. Ichim shuv etdi. Kal bo‘lib qolibsan chog‘i, dedim o‘zimga o‘zim. Seni ham endi Orif do‘xtirga duchor qilishadi. Qolgan qutgan sochlaringni ham bozillab turgan suyuq siranch chaplab, qotgach, sharra-sharra shilib olishadi va qizib turgan silliq boshingga jazillatib yod surkab, qo‘yib yuborishadi. Sen esa:
“Kalning boshiga o‘t ketdo‘-o‘, yo‘ldan qoch!”, – deb, kalbanisaning ichida zir yugurasan. Qancha tez yugursang, boshingga shuncha ko‘p shamol tegib, shuncha orom olasan.
Ha, o‘sha yillari qishloqlarda negadir kal bolalar ko‘payib ketgan edi. Qiziq, bu kasallik bir kechadayoq o‘zini ko‘rsatar, ertalab tursang, boshingning teng yarmida soching yo‘q. Shirin uyquda yotganingda, kolxoz qo‘ylarining junini qirquvchilar kelib, xuddi atay qilganday, kallangning bir tomonini ship-shiydam qilib ketardi. Biror haftadan keyin qarasang, boshing hozirgina tovuqning ketidan tushgan tuxumday, sip-silliq bo‘lib qolardi.
O‘sha kuni nonushtada, boshimdagi bu manzarani ota-onamdan yashirdim. Do‘ppimni chap tomonga qiyshaytiribroq kiyib o‘tirdim. Ertasiga esa bu qilig‘im o‘smirlikda bo‘ladigan bolalarcha paranglikka yo‘yildi. Otamning xayolidan tergab qo‘yish kerakka o‘xshaydi, degan mulohaza o‘tdi, shekilli:
– Do‘ppingiz biroz qiyshayibroq qoptimi, o‘g‘lim? – deb qoldi.
Otamga hech narsa demadim. O‘rnimdan turib, tashqariga chiqib ketdim. Bu harakatimni ham o‘smirlik o‘zgarishlariga yo‘ygan otam, o‘tib ketar, deb o‘yladimi, har qalay, boshqa indamadi.
Afsuski, do‘ppim ertasiga ham, indiniga ham to‘g‘rilanmadi. Bir haftada boshim ola chiqqan sholipoyaga o‘xshab qoldi.
Ajablanarlisi, kasallik yuqqan bolalar haqidagi ma’lumot yashin tezligida Jonoboddagi “kalbanisa” qulog‘iga yetib borishi edi. Ikki hafta ilgari, ikkita o‘rtog‘imni tutib ketib, uyidagi bor ko‘rpa-to‘shaklarini bug‘xonasida qaynatib bergan o‘sha, xunukdan-xunuk “zimpessa (dezinfektsiya) moshina” endi mening izimga tushgan. Birinchi bor izlab kelishganida, jonimga onaizorim oro kirdi: sekin imlab chaqirib, qochirib yubordi. Do‘xtirlar ikkinchi safar ham quruq qo‘l bilan qaytib ketishdi. Eng qizig‘i, kalmoshinachilar uchinchi marta kelganida sodir bo‘ldi. Paxtazordan o‘rgan o‘timni orqalab, ashulani vang qo‘yib uyga keldim. Hovlimiz etakdagi molxona ostonasidan hatlaguncha ham uyimizda kaldo‘xtirlar poylab turishganini sezmabman.
Xullas, yelkamdagi yukni sigirning oxuriga tashlab, qaytib chiqayotganda, oq xalatliklar sharpasini payqab qoldim. Shartta izimga qaytib, oxur ichidagi o‘tning ostiga uzala tushdim. Molxona ostonasidan birinchi bo‘lib Orif do‘xtir hatladi. Oxur taxtasining tirqishidan ko‘rib yotibman: orqasida ikkita hamshirasi ham bor. Ular nim qorong‘i molxonani aylanib chiqishdi. Orif do‘xtir, hayrat bilan dedi:
– Voy, qistalog‘-ey, hozirgina, shu eshikdan kirib ketuvdi-yu! Qayoqdan qochib ketaqoldiykin?
Birozdan so‘ng hafsalasi pir bo‘lgan Orif do‘xtirning ovozi tashqaridan, darvozaxonaga yaqinroq joydan eshitildi:
– Bu safar ham qo‘ldan chiqardik. Tojibu, bolangning tovonida kuldirgichi bormi, deyman? Ketdik!
Kalmashina ham o‘jar o‘rgimchakdan battar tajovuzkor edi. Bir poylagan o‘ljasini tutib yamlab yutmaguncha, izg‘iyverardi-izg‘iyverardi.
O‘sha kal bolaning ismi nima edi, deb qiziqyapsiz-a? Aytsak, binoyidek, “tandur” laqabi yoniga “kal” so‘zi ham qo‘shilib, qo‘shlaqabli bo‘lib ketmasligimiz uchun indamaganimiz ma’qulmikin?

Latifa:
 Nasib etsa...

Teshikmozorlik Qo‘ylivoyning besh yoshli nabirasi Begijon bobosidan so‘rayapti:
– Oppog‘dada, sochim qachon siznikiday oqaradi?
– Menday bo‘lganingda, bolam.
– Qachon sizday bo‘laman?
– Yana qirq besh yildan keyin.
– Qirq besh yildan keyin siz kimday bo‘lasiz?
– Ha, bolam-a, nasib etsa... senday bo‘laman.

 Shaldiroq arava

Yuqorida eslaganimiz To‘lqinjon brigadirga ergashib Teshikmozorga kelgan Sobir traktorchi ko‘tarmaga so‘rtavoy oshqovoqlar ekib boyib ketdi va yillar o‘tib, katta opamizga uylandi. U kishi biz uchun endi – Sobirjon pochcha.
Sobirjon pochchaning to‘rt g‘ildirakli “Belorus” traktori bo‘lar, u kishi uchun yil-o‘n ikki oy “sezon” hisoblanardi. Ishsiz qolgan kuni deyarli bo‘lmasdi. Chunki tirkama aravali transportga xudoning bitmish kuni ehtiyojmandlar chiqib turar, ish topilmagan paytlarda esa Sobir pochcha biznikiga kelib, otamiz bilan gurunglashe-eb o‘tirishni xush ko‘rardi.
Kech kuz. Kolxozda paxta terimi tugab odamlar g‘o‘zapoya yig‘ishtirishga tushgan. Paxta “zadaniya”sidan qutilgan dehqonlar yerga qor tushmay turib ekin-tikinlarini saranjomlab olishga kirishgan kunlar. O‘zingiz bilasiz, g‘o‘zapoya g‘amlash ham qishloq ahli uchun eng muhim tashvishlardan. Busiz uning o‘chog‘i gurillab, qozoni qaynamaydi. Tandiri qizib, sandali bozillamaydi.
Qo‘yingki, tirkama aravasi bor traktorchilarning kuni tuqqan. Sobir pochchaning ham martabasi chandon oshib, odamlar uning iziga tuzoq qo‘ygan kunlar.
Tahsildan ta’tilga kelgan student bolam bir maza qilsin, dedilarmi, onamiz tushlikka oshni katta damladilar. Dasturxon atrofida butun oilamiz jam. Sobir pochcha ham shu yerdalar.
Onam pishirgan palovni obdan sog‘ingan ekanman. Qorinlar chirmanda bo‘lib ketguncha tushirdim. Oshdan keyin otam bilan pochchamizning uzilib qolgan uzundan-uzoq suhbatlari qayta tiklandi. Noiloj, hazmi taom uchun ko‘chaga chiqdim. Qarasam, pochchamning traktori shudgor chetida “piliq-piliq”, “piliq-piliq” qilib ishlab turibdi. O‘sha kezlarda yonilg‘i zovurdagi suvdan ham qadrsiz. Traktorchilar bir-ikki soat dam olish paytida motorni o‘chirib o‘tirmasdi. Sezdim, pochcham tirkama aravasini kimningdir paykalida g‘o‘zapoya yuklash uchun qoldirib kelgan.
 Shu traktorni bir haydamaysanmi, degan shum fikr kechdi xayolimdan. Shartta rulga o‘tirdim. Sobir pochcha bajaradigan amallarni taxminan takrorladim. Traktor asta o‘rnidan jildi. Quvonchim ichimga sig‘maydi: yashshavor, Habishvoy! Mana, o‘qishni tugatmay turib, traktor haydashni ham o‘rganib olding...
Shudgorning g‘o‘zapoyasi yig‘ishtirib olingan joylarida anchagacha sayr qildim. Kolxozning tinkani quritib tashlaydigan mehnatidan o‘lguday horib, o‘zining ekin-tikini, o‘tin-cho‘piga qolganda, sillasi qurigan hamqishloqlarim onda-sonda keladigan bir talaba bolaning traktor haydashini sezmayotganday, horg‘intobgina, o‘z ishlari bilan andarmon. Ularning bu paytdagi holatini tushunsa bo‘lardi. Boshqa payt bo‘lsa-ku, yo‘q yerdan qiytiq chiqarishib:
“Teshikmozorning toshkentlik “tandiri” (ha, darvoqe, aytish esimdan chiqibdi. Tandir bu bizning teshikmozorliklar orasidagi oilaviy “unvon” – laqabimiz) o‘zini traktorga ortib qayoqqa ketyapti?”ga o‘xshash gaplarni biri qo‘yib, biri aytib, askiyaga chorlab turishardi.
Xullas, traktorchilik ham yarim soatga yetmay, me’daga tegdi. Endi uni to‘xtatish kerak. Biroq bu “temir dev”ni yurgizishning havosini olibman-u, to‘xtatishini kuzatmagan ekanman. U qildim, bu qildim, qani endi “dev” quloq solsa. Yuragimga vahima tushdi. Xayolimga lop etib, paykalning teparog‘ida karchopka qilingan g‘o‘zapoyasini o‘roq bilan tuproqdan sug‘urib taxlayotgan O‘skanboy aka keldi. Traktorchining ukasi-ku, harqalay. Iltimos qilaman. Ehtimol, o‘zi yonimga sakrab chiqib o‘chirib berar...
Rulni o‘sha tomon burdim. Asta O‘skanboy akaga yaqinlashaman va hali chalaroq qolgan salom-alikni to‘ldirgan bo‘laman:
– Charchamayapsizmi, O‘skanboy aka?
O‘skanboy aka nima deysan, deganday boshini sal ko‘taradi-yu, ishini qizg‘anibmi yo hazilga madori kelmaganidanmi, unchalik parvo qilmay, mashg‘ulotida davom etadi. Qarasam, uzoqlashib ketyapman. Jon halpida yana qichqirdim:
– Manavi shaldiroq aravani to‘xtatolmayapman!
Bu safar u menga bir ma’noli qarash qiladi-yu, o‘zini hech narsa eshitmaganga solib, ishida davom etadi. Shahardan kelgan, bekorchi bola tantiqlik qilyapti, degan xayolga bordi, deb o‘yladim. Traktor esa tabiiyki, o‘sha-o‘sha, qaysar... Rulni burib yana O‘skanboy akaga yaqinlashaman:
– Hazili yo‘q... Yordam bervoring?
U endi aynan bizning qishlog‘imiz odamlaridangina eshitish mumkin bo‘lgan javobni berdi. Nima deydi, deng? Aytsam, kulasiz:
– Parvo qimay haydovur. Yog‘i tugasa o‘zi to‘xtaydi.
O‘skanboyning bepisandligi biroz izzat-nafsimga tegadi.
Ko‘rsatib qo‘y unga, hazil qanday bo‘lishini, deydi qaylardandir kelgan shaytonim. Traktorni O‘skan akaga ajratilgan, hali g‘o‘zapoyasi yig‘ishtirib olinmagan shudgor tomon buraman. “Belorus”ning g‘ildiraklari endi uning g‘o‘zapoyalarini payhon qila boshlaydi.
– Ha-hov! Nima qilganing bu? – o‘roq do‘layib, po‘pisa qiladi u.
Men ham O‘skanboyning javobini o‘z ohangida o‘ziga qaytaraman:
– Parvo qilmang! Yog‘i tugay deb qoldi.
Har holda, O‘skanboy aka bilan oshimiz pishmadi. Bir bechoraning o‘tinini payhon qilish ham insofdan emas edi. Traktorni yana uyimiz tomon burdim. “Temir dev” hech narsa bo‘lmaganday, bir me’yorda, big‘illagancha olg‘a intiladi.
Nima qilsam ekan? O‘zim bilan o‘zim o‘ylashib traktorning oldi g‘ildiraklari katta o‘qariqqa munkib qolganini sezmabman: bir-ikki bor siltandi-yu, uni o‘chdi.
Yelkamdan tog‘ ag‘darildi. Oyog‘imni qo‘limga olib uyga chopdim. Kirsam, otam bilan Sobir pochcha yonboshlashe-eb, hamon o‘sha men chiqib ketgan palladagi mavzuning moyini chiqarishib yotibdi.
– Sobir aka, – deyman o‘zimni xotirjamgina ko‘rsatishga harakat qilib. – Traktoringizni ko‘chaga to‘xtatuvdingizmi?
– Ha, nima edi?
– Kimdir uni, hov, shudgorning o‘rtasiga obborib qo‘yipti!
– E qo‘yovuring, bu deparada uni haydab ketadigan odamning o‘zi yo‘q. Topilsayam, uzoqqa opketolmaydi. Joniga tegib biron yerga tashlab ketadi, – dedi-yu, suhbatni kelgan joyidan yana davom ettirdi...
O‘skan akaning nima uchun o‘shanda menga yordam bermagani boisini keyinroq esladim. Qaysidir ukamizning sunnat to‘yi edi, adashmasam. Hovlimiz sahniga joy qilingan. Osh tortilgach, askiya boshlanib ketdi. Mavzuga negadir “arava” payrovi tanlangan edi. Har tomondan cho‘qilanayotgan Mo‘ysinboy akaga (O‘skanboyning akasi. Laqabi... hay mayli, aytaqolay: “arava”) kimdir:
– Sizga rahmimiz kepketyapti, Mo‘ysinboy! Bugungi to‘ydan bir “arava” gappinan qaytadag‘an bo‘ldingiz. Yarim-yolchisini, anovi, ukangiz O‘skanboyga yuklavormasak, yo‘lda gupchagingiz ayrilib ketib, uyatli bo‘pqolmasangiz go‘rgaydi! – deb askiyaga yakun yasagani yodimga tushdi...

Latifa:
“Prava”si yo‘q-da!

Teshikmozorlik Qo‘ylivoy otaning olti yoshli nabirasi Javohir bobosiga deyapti:
– Oppog‘dada, katta bo‘lsam, sizga “Mersedes” obberaman.
– Yashang, o‘g‘lim! Buvingizga nima olib berasiz?
– Buvimlargami? Chak mashina olib beraman.
– Ulargayam “Mersedes” obberaqoling.
– Obberardi-im, “prava”lari yo‘g‘u?..
– Birato‘la “prava”siniyam oberaqolasiz...
– Hozirdan bunaqa qing‘ir ishlarga boshlamang-da, odamni, oppog‘dada!

“Bo‘yning uzulgur!..”

Teshikmozor ayollari ham favqulodda ochiqko‘ngil, dilso‘z, shu bilan birga, chiyratma gaplarga anchagina chechan bo‘lishadi. Rashkchilikda-ku, dunyo ayollari bir tomonu teshikmozorlik ayollar bir tomon. Xojalarini o‘zga ayol tugul, o‘zining soyasidan ham qizg‘anishadi. Bu borada erlarining biron xato-patosini sezib qolishsa bormi, ilmoq-ishora, qoqitma gaplari bilan etlarini uzib-uzib olishlarini bir ko‘rsangiz. Hol-ahvol so‘rashishlarini aytmaysizmi? Qarg‘ishlariyam o‘zlariga biram yarashimli. Mana, teshikmozorlik ikki qo‘shni ayol guvalasi to‘kilibgina turgan devorning ikki tomonida turishvolishib, suhbatlashishyapti:
– Hoy, qo‘shni! Saboxon! Biyaqqa bir qarang!
– Essonmisiz, Qumri opa?
– Bunda-ay, devoldan ovoz berayam demaysiz?
– Kecha, ovoz beray deb mo‘ralasam, mo‘ylovini shopday qilib, eringiz Rahim akam turipti. O‘laqolmasam deb indamaygina pisaqoldim. Nimagadir Rahim akamni ko‘rsam, qochqim keladi.
– Shu, sharti ketib, parti qolgan go‘rso‘xtaning nimasidan qochasiz?
– Unday demang... Nimagadir, xo‘jayiningizning siri bor, odamni bosadag‘an...
– He, siri bo‘mayam o‘lsin, bo‘yning uzulgurning. Do‘konidagi bittasiminan iskalashib yuradi, deb eshitaman. Nima qilay, o‘zimdan sakkiz yosh kichkina bo‘lsa, bu go‘rso‘xta!..
– Voy, o‘lmasam! Qanaqa qilib?..
– Ha, akangizga, boshputimni o‘zgartirib tekkanman. O‘zi bilmaydi, buni. Aytib-netib yurmang, tag‘in. Bilib qolsa, meni otamnikiga obborib qo‘yib, do‘konidagi anovi megajinini opkevoladi.
– O‘lippami, aytib.
– Manavi, kastrilkani oling. Qo‘y yog‘i. Eringizga osh qilib bering. Xursand bo‘ladi. Rahim akangizning puli ko‘p. Yeb tugatmasak, men o‘lganimdan keyin boshqalar kelib yeydi.
– Unday demang, opa! Uzo-oq yashanglar. Qo‘y yog‘iga osh qilib bermasam ham buningiz quturib yotibdi. Kaltak yemagan kunim yo‘q. Kecha kechqurun, desangiz, Qumri opa, buningizi xo‘yi bir tutdi, bir tutdi! Bir gapiga qarshi, gap qig‘andim, shunaqayam... urib tashladiki!..
– A-a, ashnaqami?..
– Ha-a! Qochib borib, tovuqning katagiga kirib, arang jon saqlappan. Iloyo ilovando, tepgan oyoqlaring akashak, urgan qo‘llaring qo‘shmashak bo‘lib, qo‘llarimga qaro‘-o‘b, mo‘ltirab o‘tirmasang, rozimasman, deb qarg‘adim, qarg‘adim, katakka kirvolib! Qarg‘adim-u, orqasidan, astopillo keltirdim. Nima qilsayam oltita oytovog‘minan, yettita yemaxo‘rni shuningizdan topdim-da, opo‘sh!..
– Hay, qo‘shni, katakni yaxshi eslatdingiz. Tovuqlaringiz tug‘yaptimi?
– O‘lat tekkan. Hammasi sudrali-i-b yuribdi. Oma, tug‘yapti.
– Tuxumini nima qilyapsiz?
– Yegani qo‘rqyappiz.
– Biznikidayam, shu ovhol. Katta tog‘ora to‘la tuxum... Shu bugunchayam, yemay turinglar. Kechqurun anovi bo‘yning uzilgur Rahim akangiz uyga kelar-u. Besh-oltitasini pishirib, yedirib ko‘ray. Erta-indin o‘lmasa, sizlar ham yeyaverasizlar, tuzukmi?!
 
“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 2-3-sonlar

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.