OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abduqahhor Ibrohimov. Vijdon (hikoya)

Jazirama yozning ayni tush pallasi. Poezd kutayotgan yo‘lovchilar ancha narida — vokzal binosi ko‘lankasidan panoh topishgan. Perron bo‘ylab u yoq-bu yoqqa shoshilib o‘tib turgan temiryo‘l xodimlari va yo‘lovchilar quyosh tig‘i ostida turgan Niyoz amaki oilasiga ajabsinib qarab qo‘yadilar. Oila a’zolari jam bo‘lib, olis yurt¬ga otlangan otani kuzatmoqda. Tirikchilik toshdan qattiq deganlari shu-da.
Niyoz amaki ikki qutini ust¬ma-ust qo‘yarkan inqillab vagon tomon yurdi. Bolalar ham bittadan quti qo‘tarib, unga ergashdilar.
— So‘nggisi, — Muyassar opa vagon zinasida turgan eriga quti uzatdi, ammo...
...Ammo quti oraliqqa tushib ketdi, choki bir-biridan ajralgan qutida chillaki uzum boshlari ko‘zga «yalt» etib tashlanadi. Buni ko‘rib bolalar tamshanib qo‘yishdi.
— Siz aralashgan ish hamisha shunaqa bo‘ladi-ya, — dedi Niyoz amaki xotiniga o‘zicha kesatiq qilgan bo‘lib. — Eng yetilganlari shu qutida edi.
— Qaytangga yaxshi bo‘ldi, — Muyassar opa erining kesatig‘iga parvo ham qilmadi. — Bolalarning ham bundog‘ og‘zi tegsin-da. Sotsangiz o‘zingizga o‘xshaganlarga sotasiz-da. — Muyassar opaning onalik mehri jo‘shib ketdi.
— E, oyisi-ey, tilimni qichitib nima qilasiz? Menga qolsa sotarmidim? Sizlarga bo‘lsin deb, bir kori-holimizga yarasin, deb olib ketyapman-ku. — Niyoz amaki vagondan sakrab tushdi. — Endi bu nima bo‘ldi, — u yerda yotgan qutining bir chekkasini ko‘tarib ko‘rdi: — Anjiri chiqib ketibdi-ku.
— Bizlarga shunaqasi ham bo‘laveradi, — Muyassar opa quti yorig‘idan ko‘rinib turgan bir bosh chillakini qo‘liga olib, — Omonlik-somonlik, yanagi yil shu paytgacha eson-omon yuraylik. Ma, qizim, bu senga, — u qo‘lidagi uzumni qiziga berdi va boshqa farzandlariga ham ulashib chiqdi. Lekin bolalar otalaridan bir oz iymanib turishardi.
— Bildim, bildim, bu oyisi deyman, qutini ataylab yerga tushirib yubordingiz-a, — Niyoz amaki xotinining “hiyla”siga tushungan edi. — Ha, mayli, bo‘lar ish bo‘ldi. Ammo men kelguncha so‘ridagilarga tega ko‘rmang. Xo‘pmi?
...Poezd joyidan jildi, Niyoz amaki vagon derazasidan qo‘lini chiqarib, xotini va bolalariga qarab silkitdi. Faqat uzumli qutini ikki qo‘llab ushlab turgan o‘g‘ligina boshini qimirlatib xayr¬lashdi.
Niyoz amakining oilasi shahar bo‘lib shaharga, qishloq bo‘lib qishloqqa o‘xshamas chekka bir joyda yashardi. Uzoq-yaqindan kelib-ketuvchi kishilar bu joyni “bog‘ shahar ekan” deb ta’riflashardi. Chindan ham shunday, qayoqqa qaramang, yam-yashil bog‘-rog‘larga ko‘zingiz tushardi. Yo‘lkalar bo‘ylab ham mevali daraxtlar, aymoqi toklar o‘tkazilgandi. Shaharchada nari borsa o‘n ming aholi yashaydi. Deyarli har bir xonadonning o‘ziga yarasha mo‘’jazgina bog‘i bo‘lib, turli-tuman dov-daraxtlar barq urib o‘sib yotardi. Suvga serob, havosi musaffo bu shaharchada yetti yoshdan yetmish yoshgacha — hamma o‘zini bog‘bon hisoblar, jilla bo‘lmaganda, bir tup ko‘chatni, tok qalamchasini ekib ko‘kartirish ishtiyoqida yonar¬di. 
Niyoz amaki “bog‘ shahar”da obro‘li, hurmatli kishilardan biri bo‘lib, ko‘p yillardan beri maktabda botanika o‘qituvchisi bo‘lib ishlab kelganligi bois uni hamma tanir, u ham barchani bilardi. 
Amakining uyidan kuz kezlari qalamcha so‘rab keluvchilarning keti uzilmasdi, qo‘ni-qo‘shnilar o‘z toklarini Niyoz amakining nazaridan bir o‘tkazib olish, unga xomtok qildirish orzusida yurishardi. Chindan ham Niyoz amaki tok o‘stirishning «piri» bo‘lib, chillakisi hammanikidan hafta avval yetilardi, qora kishmishi go‘yoki mayizning xuddi o‘ziga o‘xshash turgan-bitgani shira, shivirg‘onisi esa kelasi yil bahorigacha “qilt etmay” turaverardi.
Niyoz amaki yaqinda institutni bitirib kelgan o‘g‘lining boshini ikki qilmoqchi. Kelin ham tayin: Abdusalom bilan birga o‘qib kelgan Inobat ism¬li qiz, Niyoz amakining qadrdoni, bir oz og‘zi kattaroq Ismat kinochining yolg‘iz farzandi.
Niyoz amakining Abdusalomni uylantirishga tayyorgarligi yo‘q edi. 
Amakining boshi qotib qoldi, kelin tushirishning o‘zi bo‘ladimi?
Bo‘lajak qudasi shaharcha kinoteatrida boshliq. U Ismat kinochi bilan to‘y xususida xoli gaplashib ham ko‘rdi. Qani endi kinochi biroz yon bossa, to‘yni “shiringina qilib” kichikroq o‘tkazishga ko‘na qolsa! “Niyozvoy, sizga baribir, — dedi Ismat kinochi, — oldingizda bir emas, o‘nta bolangiz qatorlashib turibdi. Iloyo 
boshqalarining ham baxtini ko‘ring. Ammo men-chi? Ikki bor oila qurib, topganim shu yolg‘iz Inobat. Qachondan beri qizimning to‘yini ko‘rsam, orzu-havasini qilsam, deb kelaman. Yana el-yurtning oshini oshab, nonini yeb, yelkamga qadar “qarz”ga botganman. O‘zingiz ayting, Inobatning to‘yida uzmasam, qachon qutulaman bu qarzlardan. To‘yni imi-jimida o‘tkazib, odamlarning malomatiga qolishni istamayman. Siz ham o‘ylab ko‘rganingiz ma’qul”.
Niyoz amaki do‘ppini olib qo‘yib, so‘ri tagida yonboshlab, bundoq o‘ylab qarasa, qudasining gapida ham jon bordek. U ham esini taniganidan buyon el-yurtning to‘yu ma’rakasida hamshaharlarining osh-nonini yeb, ulardan “qarzdor” bo‘lganligi rost. Goho “Muallim”, goho “qo‘shni” deb to‘yga taklif qilishadi, chiqmay bo‘larmidi, albatta, chiqadi, Undan maslahat so‘rashadi, ba’zan, to‘yboshi qilishadi.
Niyoz amaki to‘yni bo‘lajak qudasi Ismat kinochi istaganidek, kattaroq qilib, o‘tkazish uchun qadrdonlaridan qarz ko‘tarmoqchi bo‘ldi. Keyin bu shahdidan qaytdi: olmoqning bermog‘i ham bor-da! Jo‘jabirdek jondan ort¬tirib qarzini qachon, qanday uzadi?
To‘y tashvishi bilan boshi qotib, so‘ri tagida o‘tirganida hamkasbi Ibodulla to‘y ovozasini eshitib tabriklagani kelib qoldi, yuragini unga biroz bo‘shatgan bo‘ldi. 
Ibodulla quyosh nurida yaltillab turgan shig‘il-shig‘il chillaki boshlariga ishora qilib:
— Mana, sizga najot! — dedi go‘yoki muhim bir kashfiyotni ochgan kishidek bir qiyofada.
— Xo‘sh? — Niyoz amakining ko‘zlariga Ibodulla chindan ham najotkordek ko‘rinib ketdi.
— Chillakilarni sotasiz.
— Be, bir paqirini ikki pulga ham olmaydi-ku!
— Bu o‘zimizda. Katta shaharlarda esa har kilosi falon pul. Bir paqiri bir qop un degan so‘z. Mana, sizga, to‘y xarajati.
— Umrim bino bo‘lib meva sotgan emasman, qanday bo‘larkin-a...— Niyoz amaki ko‘zlarini bolalardek mo‘ltillatadi.
— Hech uyatli joyi yo‘q!
— Axir, bolalarning nasibasi. Ularni yoz mevasidan bebahra qilamanmi?
— Chillaki yegani bilan bolalarning shoxi chiqarmidi! Ana olma, shaftolilaringiz boru... Sotsangiz, Abdusalomni deb sotasiz-da. Yoki u farzandingiz emasmi?
— Quda tomon eshitib qolsa...
— Eshitsa nima qipti! Siz o‘g‘irlik qilyapsizmi, isnod sanalsa. O‘zingiz yetishtirgan halol peshona teringiz.
Niyoz amakiga Ibodullaning maslahati dastavval yoqmadi. Lekin vaqt o‘tgani sayin boshqa chora topilmagach, oldin dilida, keyin o‘ngida uning maslahatiga qo‘shildi. Bunga bir amallab xotini Muyassarni ham ko‘ndirdi. Chillaki uncha-muncha yetilishi bilanoq bo‘sh yengil karton qutilarga joyladi-yu, umrida birinchi bor katta shaharga otlandi... 
...Niyoz amaki pastki o‘rindiqda chordona qurgancha, bir qutidagi chillakini ko‘zdan kechirmoqda, har bosh uzumning ezilgan, uringanlarini ajratib, paqirga tashladi, ba’zida ko‘zi qiymay, og‘ziga soladi. 
Bir payt qo‘qqisdan kupega oq xalat kiygan past bo‘yli bir yigit kirdi.
— Ie, shaxmatchilarning zo‘rlari uxlab qolishibdi-ku, — dedi u uxlayotganlarga ko‘z yugurtirib. — Ilhom bilan bir bellashay deb kelgandim.
— Qani bu yoqqa o‘tiring, — Niyoz amaki yonidan joy ko‘rsatdi, yuziga bir oz qon yugurdi, — Ilhomjon kun bo‘yi shaxmatdan bosh ko‘tarmadilar. Mohirliklariga qoyil qoldim, siz ham zo‘r shaxmatchi bo‘lsangiz kerak.
— Unchalik emas, — dedi yigit kulimsirab. — Sizdan iltimos, “bufetchi kelib-ketdi”, deb Ilhomga aytib qo‘ysangiz. U yog‘ini o‘zi tushunadi.
— Xo‘p, bajonidil aytaman.
Yigit kupedan chiqdi.
Niyoz amaki ertasi kuni erta bilan vagon-restoran tomon yo‘l oldi. U qo‘lida qog‘ozga o‘rog‘liq chillaki bilan restoranga kirib borganida, bufetchi yigit o‘z ish joyida cho‘t qoqib, hisob-kitob qilib o‘tirardi.
— Assalomu alaykum! Yaxshi yotib turdingizmi? — dedi Niyoz amaki.
— Rahmat, o‘zingizdan so‘rasak, — bufetchi cho‘t qoqishdan to‘xtadi. — Ilhomjon qalay, o‘rnidan turdimi?
— Yo‘q, yo‘l charchatibdi shekilli, hali uyg‘onganlari yo‘q, — Niyoz amaki qo‘lidagini bufetchiga uzatadi. — Kecha sizga uzum yeng ham demabman, aybga sanamaysiz, Yangilik deb shuni olib keldim, o‘z bog‘imdan.
— Rahmat, — bufetchi uzatilgan narsani olgisi kelmadi, — chillaki bilan uncha hushim yo‘q.
— Oling endi, yangilik axir, olmasangiz xafa bo‘laman.
— Mayli, sazangiz o‘lmasin, — bufetchi qog‘ozga o‘rog‘liq uzumni oldi, uni ochmoqchi bo‘ldi, — bir boshgina bo‘lsa bas.
— Yo‘q-yo‘q, — Niyoz amaki bufetchining qo‘lidan ushladi, — hammasi sizga atalgan!
— Rahmat, — bufetchi o‘rnidan turib qog‘ozga o‘rog‘liq chillakini muzlatgichga qo‘yib qo‘ydi va joyiga kelib o‘tiradi. — Amaki, pivoga qalaysiz?
— Bizga pivosi bo‘lmaydi, — bolalarcha jilmaydi Niyoz amaki, — achimagan qatiqdan bo‘lsa, uch-to‘rt shisha olardim. Ketini o‘ylamay kecha chillakidan sal ko‘proq yeb qo‘ygan ekanman. Kechasi bilan ancha qiynaldim, biroz isitmam ham chiqdi.
— Bor, siz uchun topiladi, — bufetchi pastdan bir necha shisha qatiq olib peshtaxtaga qo‘ydi, — kerak bo‘lsa, yana kelarsiz.
— Rahmat, — Niyoz amaki bufetchiga pul uzatar ekan, sevinchi ichiga sig‘masdi. U kefir olayotgani uchun emas, balki bufetchiga uzum bergani, u bilan tanishgani, uning ko‘nglini ola bilganidan xursand edi...
Poezd sahro oralab bor¬yapti. Niyoz amaki o‘z kupesida qatiq ichib o‘tiribdi. U ahyon-ahyonda shaxmat o‘ynayotgan kupedoshlariga yer ostidan nazar tashladi. Uning oyog‘i ostida qatiqdan bo‘shagan shishalar. Niyoz amaki qo‘lidagi qatiqni ichib bo‘shatgach, shishasini to‘rxaltaga solib, o‘rnidan turdi.
— Ahmadjon, inim, — u shaxmat o‘ynayotganlarga murojaat qiladi, — bufetga ketayotibman. Mabodo sizlarga biron narsa kerakmasmi? Hali zamon bufet yopilib qoladi.
— Rahmat, — dedi Niyoz amakiga qarab qisiq ko‘zli Ahmadjon, — hozircha hech narsa kerakmas.
— Ilhomjon, sizga-chi? — so‘radi Niyoz amaki hamon shaxmatdan ko‘zini olmay o‘tirgan kelbatli yigitga qarab. — Sigaret deganday...
— Hozircha bor, — do‘ng‘illadi Ilhom. — Rahmat!
Niyoz amaki biroz nima qilarini bilmay tik turib qoldi, so‘ngra orqasiga o‘girilib, yuqori o‘rindiqda yonboshlab kitob o‘qiyotgan o‘spiringa qaradi, unga nima deb so‘z qotishni bilolmay, kupedan chiqib ketdi.
— Bu o‘zi qanaqa odam, — o‘zicha tutoqdi Ilhom. — Otamiz tengi bo‘la turib hadeb bizga o‘z xizmatini taklif qila beradi.
— Ey og‘ayni, soddasan-da, shuni ham bilmaysanmi, — dedi Ahmad. — Axir, kosa tagida nim kosa bor deganlariday. Manzilga yetgach, hali amakining bizga ishi tushadi-da!
— Qanaqa ishi?
— Uzum solingan yigirmatacha quti oyoq chiqarib yerga tushib ketarmidi? Bizdan yordam so‘raydi, albatta. Shuning uchun bizga... xushomad qilyapti.
— Gap bu yoqda degin, ajabo!..
Niyoz amaki bufetchini o‘z o‘rnida ko‘rmay, oshxonaga kirib bordi. Bu yerda yuziga sepkil toshgan bir qiz idish-tovoq yuvib o‘tirardi.
— Qizim, bufetchi qanilar? — dedi Niyoz amaki.
— Bufetchining mazalari yo‘q, — dedi qiz. — O‘ninchi vagonda yotibdi, uchinchi kupe.
— Rostdanmi? — Niyoz amaki xavotirga tushdi. — Nima qipti unga?
— Bilmasam.
— O‘ninchi vagondami, — deya Niyoz amaki oshxonadan shoshilib chiqdi. Qattiq terlab ketgan Niyoz amaki birma-bir kupelar eshigini ochdi, bufetchi ko‘rinmasdi.
— Bemor tif bilan og‘riganga o‘xshaydi, — ichkaridan shunday ovozni eshitib, Niyoz amakining yuzidan qon qochdi. — Lekin bemor qoni laboratoriyada tekshirilmaguncha aniq diagnoz qo‘yish qiyin.
— Balki bemor buzilgan ovqat yoki meva iste’mol qilib xastalangandir. Afsuski, u gapiradigan holatda emas, — Niyoz amakini qo‘rquv bosdi, u o‘zini butunlay yo‘qotib qo‘ygan edi.
— Xo‘sh, xizmat? — oq xalat kiygan vrach Niyoz amakining qoni qochgan yuziga qaradi.
— Shunday... haligi, — Niyoz amakining tili kalimaga kelmadi, ammo bahona ham topila qoldi. — Bularni bufetchiga qaytarmoqchi edim. 
... Niyoz amaki o‘z kupesiga ma’yus kirib bordi, qo‘lidagi to‘rxaltani avaylab yerga qo‘ydi, o‘rniga o‘tirdi.
— Amaki, xomushroq ko‘rinasiz? — deydi Ahmad shaxmat donasini surib.
— Shunday, o‘zim.
— Idishlarni qaytarib olishmadimi? — Ahmad Niyoz amaki ko‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘ladi, — xafa bo‘lmang, mana Ilhom topshirib beradi siz uchun.
— Bufetchi inim qo‘qqisdan og‘rib qolibdi, — dedi Niyoz amaki xo‘rsinib.
— Ie, bu qanaqasi bo‘ldi? — Ilhom o‘rnidan turib ketdi. — haligina soppa-sog‘ edi-ku! Men bir borib xabar olay.
Niyoz amakining ichiga chiroq yoqsa yorishmasdi.
 Ilhom xomush qaytib keldi. Niyoz amaki yalt etib unga qaradi:
— Inim, nima gap?
— Nima bo‘lardi, — Il¬hom uh tortdi, — vagon eshiklari qulf. Kirish ham, chiqish ham noma’lum vaqtgacha man etilibdi.
— Ilhom, bildim, bufetchi biror yuqumli kasallik bilan og‘riganga o‘xshaydi, — dedi Ahmad, — yo‘lovchilarni bir-biridan ajratib turish uchun shunday qilishgan.
— Mabodo bufetchi ovqatdan zaharlangan bo‘lsa-chi? — so‘radi Niyoz amaki yerga qarab.
— Unday bo‘lsa biz uchun unchalik tashvishli joyi yo‘q.
“Men ana shunisidan qo‘rqyapman”, — Niyoz amakining dilidan shunday fikr kechdi.
Niyoz amakining boshi qotib qoldi: “Nimaga ham bufetchiga uzum berdim?» 
Bir payt Niyoz amakining ich-ichga cho‘kkan ko‘zlari tumbochka ustida turgan bir shisha qatiqqa tushdi.
— Isitmaning davosi shu-ku! — Niyoz amaki beixtiyor shunday deb yubordi. — Inim, qatiq isitmaning davosi, deb eshitgandim. Ruxsat bersangiz, shuni bemorga olib borib ichirsam.
— Kasallik yuqishidan qo‘rqmaysizmi? — dedi vrach jiddiy.
— Kasallansam, siz borsiz-ku!
— Mayli, — vrach kulimsiradi.
Tumbochka ustida yarmi ichilgan qatiqli shisha. Niyoz amaki bufetchining terlagan manglayini sochiq bilan artdi. Bemor hozir biroz yengil tortgandi. U nursiz ko‘zlari bilan Niyoz amakiga qaradi, uning bu boqishida samimiy minnatdorchilik ifodasi bor edi.
— Rahmat, — dedi u majolsiz.
Shu payt Niyoz amakidagi o‘z manfaati uchun kurashish hissiyoti yana g‘olib keldi.
— Inim, — dedi u yerga qarab, — sizdan bir iltimosim bor. Aytsam, maylimi?
Bufetchi bosh qimirlatib, “mayli” ishorasini qildi.
— O‘zingizdan qolar gap yo‘q, — Niyoz amaki ko‘zini yerga qadab so‘zladi, — jo‘jabirdek jonmiz. Bolalar kun sayin ulg‘ayib borishyapti. Qizlarni uzatish, o‘g‘illarni uylantirish — yolg‘iz mening gardanimda. Axir, bu otalik burchim-da!.. Shularni o‘ylab hovlida yetishtirgan chillakini olib yo‘lga chiqqandim, bir kori-holimizga yarar deb... To‘g‘risi, sizdan cho‘chib, uzum hadya qilgandim. Vrachga bu haqda so‘z ochmasangiz, aks holda...
— Mayli, sizningcha bo‘lsin, — dedi bemor uzoq sukutdan so‘ng.
— Yashang, kamol toping, — Niyoz amaki ochilib ketdi. U bemorga qatiqli shishani uzatdi, — iching, ko‘nglingiz tortmasayam ichavering, davosi shu.
Niyoz amaki vagon yo‘lagi bo‘ylab odimlab kelyapti. U to‘satdan yurishdan to‘xtadi va o‘ylanib qoldi. U vagonma-vagon yurib vrachni topdi va uni o‘z kupesiga boshlab kelib, bo‘lgan voqeani ochiq-oydin aytdi. Karton qutilardagi chillakilarga ishora qilib:
— Inim, bularni yaxshilab bir tekshirib ko‘rsangiz, — deb o‘z so‘zida qattiq turib oldi. — Axir, bufetchi ukamiz, men bergan uzumdan xastalangan bo‘lishi ham mumkin... — U shu so‘zlarni aytgach, o‘zini yengil his etdi, ko‘nglini g‘ash qilgan ruhiy noxushlik undan yiroqlashdi.
Poezd bir maromda olg‘a intilmoqda, yo‘lovchilar esa o‘zlari bilan o‘zlari andarmon edi...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.