OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abduqayum Yo‘ldosh. Hayot shafqatsiz... (hikoya)

...“Shohsanam” choyxonasi shundoq katta yo‘l yoqasidagi quyuq daraxtzor orasida joylashgan. Choyxona yaqin-uzoqqa hil-hil pishib turadigan jizi bilan tanilgan. Yo‘lovchilar yoki haydovchilar masofani aytishganida aksar hollarda mo‘ljal qilib choyxonani olishardi:
— “Shohsanam”gacha ikki soatlik yo‘l qoldi... — Yo bo‘lmasa: — “Shohsanam”dan chiqqanimizga uch soat bo‘ldi... — qabilida. 
Katta yo‘lning doimiy haydovchilariyu yo‘lovchilari “Shohsanam”ga tushishganda albatta jiz buyurtma qilishadi.
Choyxona yonidagi buloq esa shirin va shifobaxsh suvi bilan mashhur. Balki shu sabablidir, “Shohsanam”ning choyi ham o‘zgacha ta’mi bilan ajralib turadi. 
Xullas, avgust oyoqlay boshlagan kunlarning biri edi.
Namozshom yaqinlashib qolgan.
Asta-sekin bosib kelayotgan qorong‘ulikni nogoh “Shohsanam” choyxonasi chiroqlarining birin-ketin yonishi uzoqroqqa itqitib yuborganday bo‘ldi. 
Choyxona atrofiga ko‘loblatib suv sepilgan, xizmatdagi oq xalat kiygan yigitlar g‘izillab oshxonadan mijozlarga, mijozlardan oshxonaga qatnashadi. Ensiz peshtaxtali o‘ziga xos “bar”dan esa mayin musiqa sadolari yangrab turibdi.   
Shubhasiz, “Shohsanam”ning asosan haydovchilardan iborat ko‘p yillik qadrdon mijozlari bor edi. Bu haydovchilar ozgina erkalik ham qilib qo‘yardilar. Ya’ni yo‘l yoqasida maxsus joy ajratilganiga qaramasdan ulovlarini iloji boricha o‘zlari o‘tiradigan chorpoya yoki stolga yaqin keltirib qo‘yadilar. Eng qiziq tomoni — bu hech kimning g‘ashiga ham tegmaydi. Axir nima qilsa ham o‘zingniki baribir o‘zingniki-da. Har qalay, kecha tuxumdan chiqqan jo‘jaxo‘roz emas, ko‘p yillik qadrdonlar sal o‘zlarini erkinroq tutsalar tutibdilar-da.
Aytib o‘tganimizday, bu istisno faqat choyxonaning eski mijozlari bo‘lgan haydovchilar uchun, ularning o‘zlarining tili bilan aytganda “stariklar” uchun edi, xolos. Yo‘lning yozilmagan qoidasi shuni talab qilardi.
O‘sha namozshom esa...
Odam endi-endi gavjumlashayotgandi. 
Atrofni yumshoqqina bo‘lib pishgan jizning va kabobning yoqimli isi tutgandi. Qo‘radan va qozonlardan ko‘tarilayotgan yengil tutun borliqni asta silab o‘tib, so‘ng ko‘kka o‘rmalab ketayotgan payt edi.  
Banogoh chekaroqdagi ko‘rpachalar to‘shalgan, o‘rtadagi xontaxta dasturxoni ustiga choynak piyolalar qo‘yilgan chorpoya yoniga qorday oppoq “Lasetti” mashinasi shiddat bilan bostirib keldi. 
Mashina birdan tormoz berdi. “Lasettti” joyida taqqa to‘xtadi. Atrofga yengil chang ko‘tarildi. Mijozlarning bir qismi shu tomonga norozi bo‘lib qarab qo‘yishdi. Har qalay, hali raqami ham osilmagan, ammo taxi buzilmaganidanoq konveyerdan edigina chiqqani sezilib turgan bu qimmatbaho mashinani sal sekinlab haydab kelsa ham bo‘lardi. Buning ustiga, mashina eski mijozlarniki emasga o‘xshaydi, inchunun uzoqroqda turganiyam ma’qul edi.
Baayni so‘nggi gumonni tasdiqlaganday mashinaning haydovchi o‘tiradigan tarafi eshigi sassiz ochildi va yigirma-yigirma bir yoshlardagi, ozg‘ingina, quyuq jingalaksoch, qirra burun, quyuq qoshli, ko‘zlari xuddi mashinasining faralari kabi chaqnab turgan, tor jinsi shim, katak ko‘ylak kiygan, bo‘yniga qo‘l telefoni osib olgan yigitcha gerdaygan alfozda tushdi va qo‘lida kalitni o‘ynagan ko‘yi eshikni ohista yopdi. Xo‘randalar va xizmatdagi yigitlarning bir qismi shu tomonga zimdan razm solib turishardi. Buni sezdi shekilli, yanada yashnab ketgan yigitcha qandaydir notabiiyroq tarzda, ehtimolki sal qiyshanglaganday ildam yurib qarshi tarafga o‘tdi va egilinqirab eshikni ochib turdi.
Mashinadan, yo‘q, yo‘q, amaldor yoinki  yigitchaning padari, og‘asi emas, yigirma yoshlardagi bir qiz tushib keldi.
Qizning oqi oqqa, qizili qizilga ajragan kezlar edi. Sarviqomat, shaharlik ekanligi deyarli tizzasigacha kelib qolib, durkun boldirlarini ko‘z-ko‘zlab turganidan ham bilinib turgan moviy ishton (ehtimol shimdir), hamma joyiga erinmasdan yaltiroq tanga yopishtirib chiqilganday taassurot uyg‘otadigan torgina oq kofta, hurpayib turgan kalta sochlar, bo‘yinda tilla zanjircha...
Xizmatdagi yigitlardan biri borib salom berdi.
— Manavi yerga yaxshilab joy tayyorla, ukaginam, — dedi yigitcha namoyishkorona kalondimog‘lik bilan chorpoyaga ishora qilarkan. So‘ng burnini jiyirib, qo‘shimcha qildi: — Ko‘rpalarni, idishlarni yangila. Supurib ham yubor.
Albatta, choyxonaga ming xil tabiatli xo‘randalar tashrif buyurishadi. Ularning hammasining ko‘nglini olish esa shart. Mehmonning o‘zini “sen”laganiga e’tibor qilmaslikka uringan xizmatchi yigitning bir ishorasi bilan ortda turgan bir necha yigit yelib kelishib, ko‘rpachalarni, choynak-piyolalarni olib ketishdi, so‘ng shunday chaqqonlik bilan boshqa ko‘rpachalar olib kelib yozishdi. Bu, albatta, eskitdan qolgan usul edi: bunday mijoz uchun ko‘rpacha almashtirilsa bas edi, almashtirilgani avvalgisidan kirroq bo‘lsa ham farqi yo‘q. Almashtirilgan choynak-piyolalar haqida ham xuddi shunday deyish mumkin.
Ishqilib, «yangilangan” joy tayyor bo‘ldi. Shundan keyingina yigitcha mamnun tarzda yonida qimtinibgina turgan qizni chorpoyaga boshladi:
— Marhamat... 
Yigitcha bir kilo jiz buyurtma qildi. Albatta, pomidor-bodring salati ham esdan chiqmadi.
Yigitcha o‘zini har qancha ko‘p narsani ko‘rgan, bu yo‘llarda yuraverib zerikkan, har bir qarichni yoddan biladigan kishi qiyofasida tutishga urinmasin, buyurtmani qabul qilgan xizmatchi yigit kulimsirab qo‘yishdan o‘zini tiyib turolmadi: mijoz choyxonaning “firma taomi” bo‘lgan suzma, ya’ni  chakkini tilga olmadi. Demak, bolapaqir hali “xom”, ya’ni tajribasiz. Shu sababli xizmatchi yigit yigitchaning ortiqcha chiranishlarini tomosha qilib o‘tirmay, darhol ortiga qaytib, oshxona tomonga yurdi.
Yangi mashina baribir yangi-da. Ayniqsa hali o‘rindiqlaridan salafanlari ham olinmagan “Lasetti”...
Ayrim xo‘randalar endi xuddi egasi kabi ko‘krak kerib turgan mashinani ochiq-oshkora havas va hayrat bilan kuzata boshlashdi. Buni ko‘rgan yigitcha lab-lunjini yig‘ishtirolmay qoldi.
Choy-non keltirilganda ham yigitchaning bir ko‘zi xo‘randalarda edi.
Nihoyat o‘rtaroqdagi stol-stul atrofida o‘tirgan to‘rt erkakdan birovi — qirq besh yoshlardagi, to‘ladan kelgan, cho‘tir yuzli, kartoshkaburun, chap qoshida tirtig‘i bor, qorachadan kelgan erkak hech chidab tura olmadi shekilli, shartta o‘rnidan turdi-da, go‘yo qattiqroq qadam tashlashga ham istihola qilgan odamday oyoq uchida yurib kelib ko‘plab chiroqlar yorug‘ida yanada go‘zal tus olgan mashina atrofini ehtirom bilan aylanib chiqa boshladi. Aftidan, salgina qorin qo‘ygan bo‘lsa-da, qoruvli vujudidan kuch-quvat yog‘ilib turganday taassurot uyg‘onadigan bu odam hatto mashinaga qo‘l tekkizishga ham cho‘chirdi. 
Yigitchaga esa, aftidan, shunday tekin tomoshabin kerak edi. Zero, u allaqachon qo‘lida tutib turgan piyolasidagi qaynoq choyni ham unutgan ko‘yi tomoshabinning o‘zini lazzatlanib kuzatmoqda edi. 
— Yigirmalarga tushdimi, yigitning guli? — axiyri yigitchaga o‘girilib, ehtirom ila so‘radi erkak. 
Ajab, erkak har qancha o‘zini hayajonlanayotganday tutishga urinsa-da, uning chag‘ir ko‘zlarida mug‘ombirlik aralashgan sovuq bir ifoda qotib qolgandek edi. 
Ammo bunaqangi mayda-chuydalarga e’tibor berib o‘tiradigan ahvolda emas edi bizning sho‘rlik yigitchamiz. 
Ko‘pincha keksa, tajribali haydovchilar bir-birlari bilan o‘zlarining qisqa-qisqa, lekin bir-birlariga tushunarli jumlalarda gaplashadilar. Buni ko‘rgan yoshlar ularga taqlid qilishga urinadilar. Hozir ham yigitcha chap qoshida tirtig‘i bor bu odam mashinaning dollardagi narxini taxmin qilayotganini sezdiyu, hech ikkilanmasdan, go‘yo gap ikki qop beda xususida ketayotganday “mana man” deya ko‘zga tashlanib turgan beparvolik ila sado berdi:
— Shunga yaqinroq...
Erkak beixtiyor hushtak chalib yubordi. So‘ng havas bilan gapirishga uringan ko‘yi:
— O‘ziyam uchsa kerak-a? — dedi.
Yigitcha adoyi tamom bo‘ldi: go‘yo saraton taftida qolgan qorbobo misoli erib, oyoqlarini taravaqaylatib uzatarkan, arang:
— Shunga yaqinroq... — deya takrorlashni uddaladi. 
— E, malades, yigitning guli! — birdan jo‘shib xitob qildi erkak. — Mashinaning erkagini yigitning guli minsin-da!
Mana shu gapni aytarkan, erkak favqulodda chaqqonlik bilan, yo‘lbarsday bir siltanishda chorpoyaga ko‘tarilib, yigitchaning yonida paydo bo‘lib qoldi. Yalpayib o‘tirgan yigitcha hatto bu kutilmagan mehmonning qachon poyabzalini yechishga ulgurganini ham payqamay qoldi. Har qalay, o‘shancha joydan paypoqda kelmagandir...
— Shokir akangizman, — deya o‘zini tanishtirdi erkak qo‘lini yigitchaga tutarkan. — Ammo-lekin boplabsiz mashinani! Tan berdim! Bunaqasi bo‘lmagan! “Besh”ni tashlang, yigitning guli! 
Yigitcha avvaliga nimadir deb e’tiroz bildirmoqchi bo‘lgandir, har nechuk, mehmon undan so‘rab o‘tirmasdan chorpoyasiga ko‘tarilib oldi. Biroq shunday kap-katta “Shokir akasi”ning o‘ziga “tan berib” turgani battar na’sha qildimi, beixtiyor kaftini u kishining risoladagi belkurakning yuzasiday keladigan kaftiga tashladi. 
— Suyun, — deya o‘zini tanishtirdi yigitcha. So‘ng qiz tomonga ishora qildi: — Oygul...
Shokir aka deganlari qiz tomonga qarab ham qo‘ymagan bo‘lsa-da, Suyunning har bir so‘zini diqqat bilan eshitardi. Chunonchi, qizning “keliningiz” deb emas, ismi bilan tanishtirilishidanoq u o‘zicha qandaydir xulosalarga kelib bo‘lgandi. Buning ustiga qizning ham, yigitning ham barmoqlarida nikoh uzugi ko‘rinmadi. 
— Lekin mashinani boplabsiz! — hamon hayratini izhor etishga urinardi Shokir aka. So‘ng sinchkovligini sezdirmagan ohangda, go‘yoki shunchaki, gap orasida so‘rab ketayotganday dedi: — Uygami?  Oformlenie endimi?
Shokir aka deganlari butun diqqat-e’tiborni Suyunning yuziga qaratib turgani uchun Oygulning sal sergak tortib, yigitchaga bezovtalanibroq qarab qo‘yganini payqamay qoldi.
Suyun esa yana gap ikki bog‘ beda ustida ketayotganday beparvo bosh irg‘adi:
— Ha...
Shokir aka yaltirab turgan mashinaga havas bilan boqqan ko‘yi savol berishda davom etdi:
— Bunday tulporga ega bo‘lishning o‘zi bo‘lmaydi... Shunga yarasha topsangiz kerak-da, a, yigitning guli?
Suyun go‘yo suhbatdoshiga ikki karra ikki to‘rt bo‘lishini aytib, nechanchi marotabadir eng oddiy haqiqatni takrorlayotganday bosh irg‘adi:
— Shunday...
Endi mashinadan ko‘z uzib, Suyunga diqqat bilan tikilayotgan Shokir aka navbatdagi savolini berdi:
— Yo paxan zo‘rmi? 
Suyun ko‘zlarini suzdi, qulog‘iga qarab cho‘zilib borayotgan og‘zini arang to‘xtatgan ko‘yi pachaq ko‘kragini kerib, gerdaydi:
— Paxan zo‘r. Lekin o‘zimizam kamkuch emasmiz, aka.  
— Albatta, albatta, — darhol bu haqiqatni e’tirof etdi  Shokir aka. — Bunaqa mashinani kimlar minishidan sal-pal xabarimiz bor...
Shokir akaning gapidagi allanechuk tagdor ohang sezilib qolganday bo‘ldi. Ammo Suyun buni hasadga yo‘yib, ortiqcha e’tibor berib o‘tirmadi.
— Uyda... uyda bunaqalardan yana bordir, — sinchkovligini qo‘ymasdi Shokir aka.
— ...
To‘g‘ri, Suyun sas chiqarmadi, ammo unsiz bosh irg‘ab, uyida yana bunaqangi mashinalardan borligini tasdiqlab qo‘ydi.
Shokir akaning rangi o‘chganday bo‘ldi. 
Shu payt taom keltirildi.
— Sizlar bemalol, — dedi qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygan Shokir aka xizmatchi yigit laganni dasturxon o‘rtasiga qo‘yayotgan mahal Suyunga qarab. — Yo‘ldan ochqab kelayotgandirsizlar.
— O‘tiring, birga ovqatlanamiz, — mulozamat qildi Suyun.   
— Yo‘g‘-e, — qandaydir o‘xshovsiz iljaydi Shokir aka. — Bizlar endi qaridik, yuz gramm ichmasak tomog‘imizdan ovqat o‘tmay qolgan. Siz ruldasiz-da. Bo‘lmasa stolimizda Rossiyadan keltirilgan toza aroq bor edi... 
Shokir aka nimanidir kutganday gapdan to‘xtadi. Ammo Suyun hech bo‘lmasa ko‘ngil uchun “Afsuski, ruldaman”, demadi.
Bundan o‘zicha xulosa chiqargan Shokir aka o‘smoqchiladi:
— Yo bo‘lmasa yuz grammgina ovorasizmi, yigitning guli? Ovqatning tagida qolib ketardi-da. Aroq Rossiyaniki, hidiyam yo‘q. 
Suyun ikkilanib qoldi. So‘ng dudmolroq tarzda:
— Agar hidi bo‘lmasa... — dedi.   
Shokir aka uchun shuning o‘zi yetarli ekan. Uning  ishorasi bilan stolda qolgan sheriklaridan biri ikki piyolani limmo-lim qilib aroq keltirdi. 
Shokir aka bir piyolani Suyunga tutdi-da: 
— Ovoring! — dedi. — Siznikidaqa mashinani to‘xtatishga uncha-muncha GAIning duxi yetmaydi. 
Va tomog‘i taqillabgina turgan Suyun ortiqcha mulozamatni kutib o‘tirmasdan ham, hatto Oygulning e’tiroz uchun chog‘langanini ko‘rsa ham ko‘rmaganlikka oldiyu, shartta ovordi!
Achchiq aroq ko‘zlarini yoshlagan Suyun Shokir aka ehtirom bilan tutib turgan pomidor bo‘lagini olishdan avval u kishining qo‘liga kafti bilan asta urib qo‘ydi. 
Shundan keyin mamnun bo‘lgan Shokir aka  yana bir bor:
— Sizlar bemalol, — dedi va o‘rnidan turib, sheriklari tomon yurdi.
Suyun Oygulga qarab:
— Qani, marhamat, — deya mulozamat qildi.
Oygul:
— Bekor ichdingiz-da, — deb ming‘irlab qo‘ydi.
Ammo ishtaha bilan tanovul qilishga kirishgan Suyun bu gapni eshitmadi. 
Suyun boshqa bir gapni ham eshitmadi.
Sheriklari yoniga darg‘azab qiyofada, asabiylashib qaytgan Shokir aka o‘z stuliga o‘tirarkan, jahl bilan uf tortdi va engashib, qahr bilan shivirladi:
— Otasining erkatoyi! Yoniga o‘ynashiniyam ortib olibdi!.. 
Suyun ozg‘inginaligidan tashqari nimjon ham edi chog‘i, har qalay, ichilgan bor-yo‘g‘i yuz gramm aroq uni boshidan boshlab tovoniga qadar qizdirib yubordi. 
Yigitcha buni och qolganligiga yo‘ydi.
Oradan chorak soatlar o‘tgach, hisob-kitob qilib, o‘rnidan turayotgan Suyun o‘zini zimdan kuzatib turgan qadrdon “Shokir akasi” tomon nim egilib, “xayr” ishorasini qildi. 
Shokir aka shoshib o‘rnidan turdi va ildam qadamlar bilan Suyunning yoniga yetib kelgach:
— Yaxshi boringlar, — dedi.
Suyun mashinasiga o‘tirib olgach, eng avvalo radioni qo‘ydi. Baland musiqa ovozi Shokir akaning tishlari orasidan chiqqan:
— Ko‘rishib qolarmiz hali, — degan so‘zlarni bosib ketdi.
Kim biladi deysiz, mabodo eshitgan taqdirida ham Suyun ushbu tahdid aralashgan jumlaning ma’no-mazmunini idrok etarmidi yoki yo‘q?
Ammo tez orada u qismat o‘zini Shokir “akasi”ga uchrashtirgani uchun milyonlab martalab pushaymon bo‘lishini, besuyak tilini tiyib turmagani uchun esa undan ham ko‘proq afsus chekishini bilmasdi...
Ammo unda kech bo‘lgan bo‘ladi...

* * * 

Yo‘lga chiqib olishgach, Suyun mashinani katta tezlikda haydab ketdi. 
Mana shundagina Oygul bir og‘iz:
— Bekor ichdingiz, — dedi. 
Suyun qo‘l siltab qo‘ydi:
— E, ovqatning tagida qoldi-ketdi. O‘zi charchabam turgandim. Bir tomondan yaxshi bo‘ldi. — So‘ng o‘zicha hazil qilishga urindi: — Yuz gramm otni o‘ldiribdimi?
Oygulning noaniq tarzda yelka qisib qo‘yganini ko‘rgan Suyun iljaydi:
— Boy bo‘lish yaxshi, a?
Qiz yana bir bor yelka qisib qo‘ydi-yu, birdan ochig‘iga ko‘chdi:
— Gapni siz gapirasiz, men ignaning ustida o‘tirganday o‘tiraman. Xuddi birontasi “Bo‘ldi-da endi!” deb qoladiganday. 
Birdan hushyor tortgan Suyun o‘zini oqlashga urindi:
—  Qo‘y, Gul, xafa bo‘lma. Hech bo‘lmasa shunaqa paytlari  o‘zimni odam his qilaman-ku.
Yigitning gap ohangidagi armonni ilg‘agan qiz darrov unga dalda berishga urindi:
— O‘ziyam darrov rolga kirib ketasiz-da. Keyin undan chiqishingiz qiyin bo‘ladi.   
Suyun darhol iljaydi: 
— O‘zini boshqacha qilib ko‘rsatish odamning qonida bor. Bir paytlari podsholar ham atayin kambag‘allarni bir soatlik xalifa qilib qo‘yishgan. 
— Ular bir soat bo‘lsayam, haqiqatan xalifalik qilishgan. Sizniki faqat og‘izda... — o‘pkalab qo‘ydi Oygul. — Birdan gazlab ketasiz, ostanovka-postanovkani bilmaysiz.
— Ha, endi biz “ekspress”miz-da...
Oygul kulimsiradi:
— Kelib qolar o‘sha siz istagan kunlar ham...
Suyun hayajonlanib ketdi:
— Aytganing kelsin, aytganing kelsin... Iy-y...
Hozirgina kulimsirab turgan yigitning yuzi birdan ayanchli burishib ketganini ko‘rgan Oygul xavotirlanib, joyida tipirchilab qoldi:
— Tinchlikmi, Suyun aka?
— Hozir...
Suyun jon halpida gazdan oyog‘ini oldi va tormozni bosib, mashinani yo‘l chekkasiga olib chiqib to‘xtatdi.
Mana shu sanoqli soniyalar ichida yigit qora terga botgandi.
— Nima bo‘ldi, Suyun aka?
— Hozir... — qornini mahkam changallab olgan yigit ayanchli iljaydi. — Jiz yoqmadimi deyman... Ichim burab og‘riyapti...
— Yo‘g‘-e, — battar xavotirga tushdi Oygul. — Yaxshi pishgandi shekilli. Boshqa narsa yoqmagandir.... Anavi aroqmi...
— Aroq... — shu holida ham hazil qilishga urindi Suyun, — ichni og‘ritmaydi, tuzatadi.
— Dori-pori bormi?
— E, hali aptechka olinmagan...
Shu so‘zlarni aytarkan, yigit beixtiyor ingrab yubordi.
Oygul tun zulmati bosib kelgan atrofga xavotirlanib alangladi.
— Aytgandim-ku ertalab yo‘lga chiqaylik deb...
— Hozir o‘tib ketadi, — qizni yupatishga urindi Suyun. — Shuncha yildan beri oqshom-poqshom demay yurgan odam... Bir bo‘lib qoldi-da...  Hozir... — So‘ng radio ovozini sal ko‘tararkan, xijolatomuz kulimsiradi: —  Sen shuni eshitib tur... Men bir toza havoga chiqib ko‘ray-chi...
Avval yigitga ergashib pastga tushmoqchi bo‘lgan Oygul tuyqusdan Suyunning niyatini ilg‘ab qoldiyu, shosha-pisha:
— Xo‘p, xo‘p, — dedi. — Siz bemalol...
Ikki bukilib qolgan Suyun shu holida mashinadan o‘n besh-yigirma qadam nariroqdagi butalar orasiga kirib ketdi.
Oradan o‘n daqiqalar o‘tgachgina qaddini sal tiklab olgan bo‘lsa-da ixrab, rangi bo‘zarib, g‘arq terga botib qaytib kelgan Suyun yukxonadan baklajkaga solingan suv olib qo‘lini, yuzini chayib oldi.
Yo‘lda davom etishdi.
Qorong‘ulik quyuqlashgan yo‘lda sayin mashinalar kamaya borardi. Uyoqdan-buyoqqa o‘tib, chiroqlari ko‘zlarni qamashtirayotgan mashinalar uzoqlashib, olislarda xuddi yonarqurtlar kabi miltirab qolishardi.
O‘n-o‘n besh daqiqacha shu ahvolda ketishdi.
Suyunning ahvoli unchalik yaxshi emasligi shundoq ko‘rinib turardi.
Oygul hali og‘zini ochmasdan burun yana bir bor ingrab yuborgan Suyun mashinasini taqqa to‘xtatdi va bu gal izoh-pizoh berib o‘tirmasdan o‘zini qorong‘ulikka, butalar orasiga urdi.
Ayni shu mahal Oygul orqadan mashina yorug‘ligi asta-sekin yaqinlashib kelayotganini sezdi. Buni peshonasi qarshisidagi ko‘zguga tushgan kuchli nurdan bilib olsa ham bo‘lardi.
G‘alati tomoni shunda ediki, bu mashina aslo shoshmasdan, hatto aytish mumkinki, sekinlik bilan kelardi. G‘izillab o‘tib turgan mashinalar qarshisida bu notabiiy tuyularkan.
Nimagadir yuragi g‘ash bo‘lgan Oygul bezovtalanib, Suyun chopib ketgan butalar tarafga qaradi.
Mana, mashina yaqinlashdi.
Har qalay, asta-sekin bo‘lsa ham, mashina “Lasetti”ning yonidan o‘tdi.
Oygul yengil nafas oldi.
Ammo...
“Lasetti” chiroqlari yorug‘ida aniq ko‘rindi: to‘satdan qizil rangli “Moskvich” to‘xtadi, so‘ng orqaga yura boshladi.
Xuddi shu mahal butalar orasidan chiqib kelayotgan Suyunning ham qorasi ko‘rindi.
“Moskvich” “Lasetti”ga baqamti kelib to‘xtadi. 
Mashinaning chap tarafdagi orqa eshigi ochildi. Undan tushgan odam Oygulning ko‘ziga juda ulkan, xuddi dev kabi vahimali bo‘lib ko‘rindi.
Oygul beixtiyor qo‘shiq berilayotgan radio ovozini o‘chirdi.
— Nima bo‘ldi, yigitning guli, tinchlikmi? — degan gulduragan ovoz keldi “Moskvich” tarafdan. — Bu men, Shokir akangizman.
Har qalay, ovoz tanish edi. Shokir akani tanigan Oygul ichida “xayriyat-ey” deb qo‘ydi.
— Tinchlik, — deya ovoz bergan Suyunning ham xursand bo‘lib ketgani yaqqol sezilib turardi.
Bu gal gavdasiga mos tarzda og‘ir qadam tashlab mashinaga yaqinlashgan Shokir aka:
— Ha, tulpor qiliq qilib qoldimi? — deb so‘radi.
— Yo‘g‘-e, — dedi Suyun darhol. — Tulpor uchayapti. O‘zimning sal oshqozonim buzilib...
— Iy-y, ehtiyot bo‘ling-da, yigitning guli, — dedi Shokir aka tashvishlanib. — Yo biron yoqmagan narsa yeganmidingiz?
— Shunaqaga o‘xshaydi, — tan oldi Suyun.
— Boya aroqdan ko‘proq ichib yuborish kerak edi, — iljaydi Shokir aka. “Lasetti” yorug‘ida uning yirik tishlari yaraqlab ketib, yovuz maxluqqa o‘xshatib qo‘ydiki, bunga ko‘zi tushgan Oygulning yana yuragi orqasiga tortib ketdi. — Aroq har qanday mikrobni o‘ldirardi. 
— Ha, — nochor ming‘irladi Suyun. — Shunday qilsam bo‘larkan.
— To‘xtang, — birdan nimadir esiga tushganday xitob qildi Shokir aka. — Termosimda achchiqqina ko‘k choy borday edi. Shundan bir piyola ichib yuboring. Har qalay issiq yaxshi-da.
— Qo‘ying, ovora bo‘lmang, — e’tiroz bildirgan bo‘ldi Suyun. — Yetib olarman.
— Bu nima deganingiz? — o‘zini xafa bo‘lganday tutdi Shokir aka.
Ammo bu odamning qarashidami, gavdasidami, ko‘zlaridami, ishqilib, qandaydir tushuniksiz iddao, hattoki qarshisida turganlarin mensimaslik holati hukmrondek edi. Ne bo‘lganda ham, Oygulga shunday tuyuldi. Va bu hol azaldan chumchuq pir etsa yuragi “shig‘” etadigan qizni battar vahimaga soldi.
Bu orada Shokir aka yana ortga qaramasdanoq qo‘l ishorasi qilgan edi, go‘yo shu buyruqni kutib turganday mashinaning orqangi o‘ng eshigi ochildi va boya choyxonada aroq ko‘tarib kelgan odam bu gal termos hamda ikkita piyola ko‘tarib keldi.
Rosti, Oygulni bu qadar tezkorlik va ayniqsa piyolaning ikkita ekanligi ajablantirdi. Ammo bu o‘yini mulohaza qilib o‘tirishga fursat yo‘q edi.
Shokir aka termosdan bir piyolaga limmo-lim qilib bug‘i chiqib turgan qip-qizil choydan quydi va yoniga yaqinlashgan Suyunga uzatdi:
— “Oq” qilib yuboring. Baniyati shifo.
Ammo choy qaynoq edi. Shu sababli Suyun uni puflab sovutib, ho‘plab-ho‘plab icha boshladi.
Shokir aka ikkinchi piyolaga ham choy to‘ldirdi va kelib, ochiq oyna orqali qizga tutdi:
— Marhamat, Oygulxon. Siz ham ichib yuboring. Jizdan keyin chanqagandirsiz.
Qizni bu erkakning o‘z ismini qanday yodida saqlab qolgani hayron etdi. Axir choyxonada biron marta u tomonga qaramagan ham edi, buning ustiga Suyun ismni aytganida bu nomni qulog‘ining tagidan o‘tkazib yuborgandi shekilli...
Endi ma’lum bo‘layaptiki, hammasini eslab qolgan ekan...
Oygul issiq piyolani qo‘liga oldi va undagi chayqalib turgan qip-qizil choyga tikilib qoldi.
Nimagadir shu tobda qizning choy ichkisi kelmayotgandi. To‘g‘rirog‘i, aynan ushbu choyni. Oygulning nazarida, mana shu piyolada og‘ir chayqalib turgan choyda qandaydir xavf yashiringandek edi.
Ammo Shokir aka hamon o‘ziga o‘qrayib qarab turganini ko‘rgan Oygul noiloj piyolani labiga yaqin olib borib, bir qultum ho‘pladi. So‘ng, Shokir akaning ko‘z uzmay turganini ko‘rgach, yana bir qultum ichdi.
Bu orada choyini ichib bo‘lgan Suyun kafti bilan og‘zini artdi-da:
— Rahmat, Shokir aka, ichimga issiq kirganday bo‘ldi, — deya piyolani uzatdi.
Shokir aka noiloj shu tomonga yurdi va yigitning qo‘lidan piyolani oldiyu, tezlikda yana qiz tomonga o‘girildi.
Oygulga esa shu fursatning o‘zi kifoya qilgandi. U  chaqqonlik bilan piyoladagi choyni pastga, oyoqlari orasiga to‘kib tashladi va Shokir akaning keyingi sinchkov nigohiga duch kelgunga qadar yana piyolani labiga olib borib, o‘zini choyni ichayotgandek tutishga ulgurdi.
— Rahmat, Shokir aka, — dedi Suyun kelib mashina eshigini ocharkan. — Ancha yengil tortdim.
Shokir aka nimagadir joyidan jilmagan ko‘yi yigitga diqqat bilan qarab turardi.
— Menga qarang, yigitning guli, — dedi u nihoyat, — baribir shu tomonga ketayapmiz. Pravam bo‘lsa bor. Yo‘lda melisa-pelisa chiqib qolsayam meni taniydi. Keling, men biroz haydab boray. Siz dam oling. Kuch yig‘ing.
— Yo‘g‘-e, qanday bo‘larkin, Shokir aka, — dedi birdan shirinlik va’da qilingan yosh boladay iyib ketgan Suyun. — Sizni ovora qilib...
— E, ovorasi bor ekanmi? Shunday tulporni haydashning o‘zi bizga o‘xshaganlar uchun rohat-farog‘at-ku. Qaytanga bir maza qilaman, yigitning guli? 
— Mayli, mayli, — dedi yana og‘zining tanobi qocha boshlagan Suyun. — Agar sizga malol kelmasa...
Ha, har qancha maqtanchoq yoinki obro‘talab bo‘lmasin, Suyunning qalbi yosh bolaniki singari beg‘ubor edi...
— “Lasetti” haydaganmisiz o‘zi?
— Bir marta. Lekin eslab qolganman. Bu tomonidan o‘ylanmang.
Suyun mamnun qiyofada engashib, Oygulga murojaat qildi:
— Sen orqaga o‘tib o‘tir. Men Shokir akamning yonida ketaman.
Oygul bir zum ikkilanib turgach, past ovozda:
— Menga shu yeram yaxshi, — dedi. 
Zero, qiz o‘zi to‘kkan choy poyabzalidan o‘tib, oyoqlarini ho‘l qila boshlaganini his etib turardi. 
— E, yo‘q, — dedi Suyun qat’iy ravishda. — Men Shokir akam bilan gaplashib ketaman.
Oygul noiloj Suyunning aytganini qilishga majbur bo‘ldi.
Qizning to‘satdan e’tiroz bildirib qolganidan ajablangan Shokir aka Oygul tomonga sinchkov nazar tashladi. 
Oygul shunchalik ko‘z qisib qo‘yishga, bilagiga turtib qo‘yishga urinmasin, hovliqib qolgan Suyun qizning joyiga o‘tirarkan, baribir:
— E, bu yer nega shilta bo‘lib yotibdi? — desa bo‘ladimi!
Oygul o‘tirgan joyida qotib qoldi.
Bu bilan ham qanoatlanmagan Suyun esa tepadagi chiroqni yoqdi va engashib, to‘kilgan choyni ko‘zdan kechirarkan, vaziyatga mutlaqo yarashmagan tarzda hazil qilgisi keldimi, boshini ko‘tararkan, Shokir akaga yaltoqlanib tikildi va:
— Bu siz o‘ylagan narsa emas, — dedi iljayib. — Biron nima to‘kilganga o‘xshaydi.
— Ha, — dedi nimagadir birdan avzoyi o‘zgarib, qovog‘i solinib ketgan va buni yashirib ham o‘tirmagan Shokir aka, — bu men o‘ylagan narsa emas. Hid-pidiyam yo‘q. Demak choy to‘kilib ketgan...
— Oyog‘ing kuymadimi, ishqilib, — birdan qiz tomonga o‘girildi xavotirga tushgan Suyun. — Choy qaynoqqina edi-ya.
— Kuymadi, — arang shivirlab javob qaytardi vahimadan yuragi gursillab ura boshlagan Oygul.
— U choy oyoqni kuydiradigan choy emasdi, — deya oraga qo‘shildi allaqanday tagdor ohangda gapirgan Shokir aka. — U choy shifobaxsh choy edi... Shunday choyni ichmay bekor qipsiz, Oygulxon...
Qiz titrab ketdi. 
“Lasetti” oldinga intildi. “Moskvich” orqadan ergashdi.  
Bir chaqirim yurar-yurmas Shokir aka to‘satdan mashinani o‘ng tomonga, kichkina yo‘lga burdi. 
Qo‘llari bilan qornini mahkam bosib ketayotgan, nimagadir ko‘zlari yumilib-yumilib borayotgan, ba’zan boshi beixtiyor xuddi uxlayotgan odamniki kabi osilib qolayotgan Suyun ajablanib unga qaradi.
— Shu yoqdan yaqin yo‘l bor, — dedi mashinani mohirlik bilan boshqarib ketayotgan haydovchi pinak buzmay.
— Suyun aka, — engashib, asta yigitning qulog‘iga shivirladi Oygul. — Suyun aka...
Shu lahzada Shokir aka qip-qizil millari ko‘rinib turgan soatga qaradi va tantanali tarzda:
— Bir, ikki, uch... yetti. Ketdi! — deb sanadi baland ovozda.
Xuddi shu sanoqni kutib turganday, Suyun to‘satdan yonboshiga quladi va oynaga boshini qo‘ygancha qotib uxlayverdi.
— Suyun aka! — deya qichqirib yubordi Oygul jon holatda.
Shokir aka to‘satdan keskin tormoz berib mashinani to‘xtatdi va turtib-turtib, Suyunning o‘lik uyquga ketganiga amin bo‘lgach, o‘girilib, titrab-qaqshab o‘tirgan, katta-katta ko‘zlari vahm yoshiga to‘lgan qizga sira yaxshilik va’da qilmaydigan ohangda murojaat etdi:
— O‘zingcha aqlli bo‘lib, klofelin qo‘shilgan choyni ichmay meni dog‘da qoldirmoqchi bo‘libsan-da? Lekin bu nomering o‘tmaydi... Xullas, Oygulxon, endi sen bilan alohida gaplashamiz!.. Hisob-kitob vaqti yetib keldi!..

* * *

Ha,  Shokir aka xuddi shunday dedi. 
Vaziyatning yana bir vahimali tomoni shunda ediki, noma’lum nuqtadan ko‘z uzmagan ko‘yi mashinani g‘izillatib haydab ketayotgan, jag‘ida olxo‘riday g‘udda nari borib-beri kelayotgan Shokir aka gapirgani sayin asabiylashib, g‘azab otiga minib, yuzi qiyshayib, tobora qo‘rqinchliroq tus olib borardi.
Orqadan yelib kelayotgan “Moskvich” chirog‘i salonni yoritdi. Shunda Oygul o‘zi tomonga o‘girilgan Shokir akaning chaqchaygan ko‘zlari nogoh alam va chorasizlik yoshlariga to‘lganini ko‘rganday bo‘ldi. Biroq birdan o‘zini o‘nglab olgan haydovchi qattiq ingrab yubordi va telbavor ovozda nola qilib yubordi:  
— Axir aybi nima edi uning? Nima edi aybi? Bor-yo‘g‘i o‘n sakkizga kirgan norasida qiz bo‘lsa? Aybi — men bechoraning qizi bo‘lganimi? Aybi — o‘qishdan qaytayotgan bo‘lganimi?  Aybi — bu dunyoga kelganimi?.. Gapir! Gapir, itvachcha!
— Sizga... pul kerakmi? — arang so‘ray oldi Oygul. 
— Pul? — nafrat bilan takrorladi Shokir aka. — Bilaman, pulni xazon o‘rnida ko‘rmaysan. Hamma narsani sotib olish mumkin ham deb o‘ylaysan. Lekin bu safar yanglishding. Xato qilding! Xato! Meni sotib ololmaysan! Million-million pulingni qizimning bir lahzalik hayotiga almashmayman!..  
Yo‘q, yo‘q, qaltirab-titrayotgan, rangi murdaniki kabi oqarib, kaltta-kalta nafas olayotgan, ko‘zlariga qon to‘lgan bu odam Oygulga emas, qattol dushmaniga xitob qilmoqda edi.       
— ...Mana endi hammasi uchun javob beradigan vaqting keldi!
Bu Oygul eshitgan eng so‘nggi so‘zlar bo‘ldi. Garchand bir necha qultum ichgan bo‘lsa-da, choyga qo‘shilgan kuchli uyqu dorisi o‘z ta’sirini ko‘rsata boshlagandi. Qiz bir-biriga yopishib borayotgan kipriklarini  ajratishga, qo‘rg‘oshin quyilganday oirlashib ketgan qaboqlarini ko‘tarishga urindi, ammo eplay olmadi. Buning o‘rniga xuddi Suyun kabi yonboshiga, eshik oynasiga boshi bilan ohista quladi va o‘lik-tirikligini anglamaydigan darajada g‘aflat uyqusiga botdi...

* * * 

Qolgan voqealar xuddi qo‘rqinchli tush kabi alg‘ov-dalg‘ov, noaniq, vahm, azob va iztirobga to‘la o‘tdi.
Tamomila quturib ketgan, ko‘pirgan og‘zidan hamon bodi kirib shodi chiqayotgan Shokir aka mashinani tuproq yo‘ldan kimsasiz cho‘l adog‘idagi chayla yoniga haydab keldi-da, keskin tormoz berib to‘xtatdi. So‘ng xuddi shu ahvolda, titrab-qaltirab pastga tushdi va to orqadan “Moskvich” yetib kelib, undan uchta baquvvat erkak otilib tushishgunga qadar “Lasetti” eshigini ochib, Suyunni pastga sudrab olish tushish asnosida uni nafrat bilan uch-to‘rt marta tepib ham oldi. 
Erkaklar harsillab nafas olganlaricha Shokir aka qarshisida tek qotishdi.
— Mana! — barmog‘ini yerda g‘ujanak bo‘lib yotgan, ojizgina ingrab qo‘ygan Suyunga bigiz qildi tomog‘i xippa bo‘g‘ilgan, ko‘zlari alam yoshlariga to‘lgan Shokir aka. — Qaranglar buni! Tagida “Lasetti”! Yonida oyimqizi  bilan. Otasining erkatoyi-da. Boyvachcha. Kechasi pul hidiga uxlay olmay chiqadiganlardan!.. Mana shu... mana shu mening qizimning qotili! Mana shu!
— Tog‘a! — asta pichirladi erkaklardan biri, Shokir akaga aroq va choy olib kelib berib turgan kishi titroq ovozda. — O‘zingizni bosing! Uni yoshi kattaroq deyishgandi. Mashinasiyam “Mers” bo‘lgan...
— Nima farqi bor, a, Ergash, nima farqi bor? — titrab-qaqshab na’ra tortib yubordi Shokir aka. — Bu bo‘lmasa xuddi shunga o‘xshagan boshqasi! Oq it, qora it — baribir it-da! Olinglar o‘chlaringni! Senga qolsa o‘n yil izlaysan, shundayam topolmaysan!
Nogoh Shokir aka o‘krab yig‘lab yubordi:
— Qizim! Qizginam! Oysuluvginam! Jon qizalog‘im! Kechir meni! Kechir so‘qir otangni!..
Otaning yuraklarni o‘rtab yuboradigan faryodiga chidab turish mushkul edi. 
Nihoyat tomog‘iga mushtday bir nima kelib tiqilgan Ergash deganlari otilib o‘rtaga chiqdi va g‘azab bilan hamon yerda sulayib yotgan Suyunga ishora qilgancha, xitob qildi:
— Shu! Mana shu Oysuluvning qotili!.. O‘ch olish payti keldi!
Baayni shu mash’um e’tirofni kutib turgan erkaklar vahshiyona qiyqirganlaricha yerda yotgan Suyunni atay bosib-yanchib o‘tishib, mashinaga otilishdi va uxlab yotgan Oygulni sudrab tushishib, chayla yonidagi kichkina hujraga olib kirib ketishdi.
Hamon ko‘zlaridan tirqirab yosh quyilayotgan Shokir aka tekis yo‘lda qoqilib-suringancha qorong‘ulik qo‘yniga singib ketarkan:
— Qizim... qizginam... — deya ixrardi...

* * * 

Oygul hujra o‘rtasiga tashlashdi. Uning yoniga ustidan bir necha paqir suv quyilgandan so‘nggina sal o‘ziga kelgan, nima sodir bo‘lganini tushunmasdan, ammo taxmin qilgan, shu boisdan vahm ichida hammaga bir-bir ko‘z tashlayotgan, qo‘l-oyog‘i chandib bog‘lab tashlangan, og‘ziga enli skotch yopishtirilgan Suyunni keltirishdi.
— Endi bunday, — dedi nihoyat Ergash ikkala erkak chiqib ketgach qandaydir xijolatomuz tarzda. — Qo‘rqmanglar, sizlarni o‘ldirib ketish niyatimiz yo‘q. Lekin mashinani olib ketamiz. Zapchast qilib sotib yuboramiz. Senlarga o‘xshaganlarga bitta mashina nima degan gap? Jonlaringni omon qoldirayapmiz, shunga shukr qilinglar. Haliyam to... anavi kishi kirmayapti. U kishidan ehtiyot bo‘lish kerak. Quturgan payti. Ko‘ziga hech narsa ko‘rinmayapti. Senga o‘xshagan, — shunday deya Ergash Suyunga murojaat qildi, — senga o‘xshagan bir boyvachcha u kishining shaharda o‘qiyotgan yolg‘iz qizini  aldab, mashinasida cho‘lga olib chiqqan-da, zo‘rlagan... Keyin o‘sha yerga tashlab ketibdi, ablah!.. Qiz nomusiga chiday olmay, o‘zini osib qo‘ygan... Shundan buyon bu odam qonsirab yuribdi... Menimcha, miyasiyam sal ketib qolgan... Senga o‘xshagan boyvachcha yigitni ko‘rsa bas, qaltirog‘i tutib qoladi... Necha kundan beri ikkita qamoqda o‘tirib chiqqan hamqishlog‘imizni yonimizga olib,  o‘sha ablahni izlab yuribmiz...
Suyun nimadir demoqqa chog‘lanib kuchandi, ammo og‘zidagi skotch xalaqit berdi.
— Bu kishi hech qanaqangi boyvachcha emas, — dedi axiyri lablarini arang qimirlatib Oygul. 
Ergash istehzo bilan kuldi.
— “Lasetti”ni kambag‘al minmaydi. Meni ahmoq qilmay qo‘ya qol.
— Bu kishi hech qanaqangi boyvachcha emas, — alam bilan takrorladi Oygul. — Maqtanib turishni yaxshi ko‘radigan bir shopir, xolos.
— Shopir? — ajablanib so‘radi Ergash.
Suyun jon-jahdi bilan boshini irg‘ab, qizning gapini ma’qulladi.
Rangi oqarib ketgan Ergash hujradan shoshib chiqib ketdi va oradan ikki daqiqalar o‘tgach, iljaygancha kirib keldi.
— Mashina o‘zlarining nomlarida ekan-ku, yigitning guli? — Suyunga murojaat etdi u. — Yo do‘ppi tor kelganda, a... Yigitmisan o‘zi yo hajiqizmisan...
— Suyun aka shopir, — takrorladi Oygul jon holatda. — Mashinani bu kishining xo‘jayini sotib olgan. Faqat o‘zining nomiga emas, Suyun akaning nomiga. Endi Suyun akam  mashinani xo‘jayinining akasiga olib borib, o‘sha  kishining nomiga o‘tkazib beradi. Shunga birga ketayotgandik. Mashinani tashlab, orqaga avtobusda qaytmoqchiydik.
— Rostdanmi? — hayratlanib so‘radi Ergash.
— Rost...
Ergash yana zipillab hujradan chiqib ketdi.
Oradan uch-to‘rt daqiqa o‘tib, yana qaytib kelganida uning qovog‘idan qor yog‘ardi.
— Menga qaranglar, — dedi u jahl bilan. — Bahona to‘qiyverib, juda boshimni qotirib yubordilaring.  Bo‘ldi, boshqa bitta gaplaringga ham ishonmayman. Sen, — shunday deya Ergash Suyunga o‘qrayib qaradi, — o‘z og‘zing bilan mashina meniki dedingmi? Deding! Boyvachchaman dedingmi? Deding! Endi gapirgan gapingga javob berishga kelganda hajiqizlik qilma-da, iflos!.. Yigit bir marta gapiradi!
Shu so‘zlarni aytarkan, Ergash ortiga o‘girilmasdanoq:
— Bo‘ldi, — dedi.
Xuddi shu zahoti hujraga hissiz ko‘zlaridanoq qo‘llaridan har narsa kelishi, odamning hayotini uch pulga olmasliklari bilinib turgan ikki kishi kirdi. 
Oygul... hammasini tushundi va dodlab yubordi. 
Ammo endi kech edi...

* * * 

Hayot shafqatsiz...
Voqealarning qolgan qismini muxtasarroq tarzda bayon etib o‘tish bilan kifoyalanamiz.
Ertasi kuni tushga yaqin cho‘l tarafdan gandiraklab kelayotgan bir qiz bilan yigitni dalada ishlayotganlar ko‘rib qolishdi.
Qizning kiyimlari dalvagay edi...
Shifoxona, militsiya...
Shokir akani ushlash unchalik qiyin bo‘lmadi.
Ammo endi kech edi. Zero, yolg‘iz qizining dardida kuya-kuya ado bo‘lgan ota es-hushidan tamomila ayrilgan edi. Sal o‘ziga kelgan paytlari esa sho‘rlik ota “Hamma ishni o‘zim qildim”, deb turaverar, hech qanaqangi Ergash-pergash deganlarini tanimasligini aytib ham charchamasdi...
Sud yopiq tarzda o‘tkazildi.
Zudlikda ishdan bo‘shagan Oygul qishlog‘iga qaytib ketdi.
Suyun endi ancha o‘zini bosib olgan. Ayniqsa uning bitta so‘ziga ham ishonmagan rahbari yangi “Lasetti”ni o‘zining bo‘yniga qo‘yib qo‘yganidan beri Suyun maqtanish u yoqda tursin, hatto birovga bir nima deb og‘iz ochishga ham cho‘chib qolgan.
Ammo endi kech...

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.