OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abduqayum Yo‘ldosh. Otasining qizi (hikoya)

To‘rt o‘g‘ildan so‘ng tug‘ilgan qizaloqning o‘rni boshqacha bo‘larkan. Buning ustiga, qorachadan kelgan, kipriklari uzun-uzun, ko‘zlari chaqnab turadigan Madina go‘dakligidan otasiga mehribon bo‘lib o‘sdi. Qizaloq ikki yasharligidayoq onasini shosha-pisha emar, so‘ng emaklab bo‘lsa ham otasining bag‘riga yetib olardi. Ishdan har qancha charchab kelgan bo‘lmasin, Madinaning qiqir-qiqir kulishini eshitsa bas, Sadriddin barcha charchoqlaridan forig‘ bo‘lar, beixtiyor iljaya boshlardi. 
Madina bog‘chaga qatnaganida ham, maktab o‘quvchisi bo‘lganida ham otasining erkatoy qizi bo‘lib qolaverdi. Sadriddin erinmas, har kuni kechqurun qizalog‘iga hech bo‘lmasa bir dona shokoladmi, saqichmi olib kelishni kanda qilmasdi. Mukofot olgan paytlari-ku, mehribon padar birinchi o‘rinda xotiniga yoki o‘g‘illariga emas, qizchasiga sovg‘a izlab qolardi. Bunaqa mahallari xotini uni gap bilan chimdib olardi:
– Ha, endi, Madinani o‘zingiz tuqqansiz, o‘zingiz emizib katta qilgansiz. Shunday bo‘lgandan keyin uni yer-ko‘kka ishonmaysiz-da...
Madina shiringina qizaloq bo‘lib o‘sdi. Uning tili chiqqan mahallari chug‘urlashlarini, bilsa-bilmasa she’r o‘qishga tushib ketishlarini, yoinki televizorda musiqa sadosi eshitilsa bas, g‘alati muqomlar qilib o‘yinga tushib ketishlarini ko‘rganida Sadriddin ko‘zlaridan yosh chiqquday darajada sevinardi. 
Sadriddin qachonlardir bir shoirning “Qizim – ortimdan qolar izim”, degan misrasini eshitgan va ko‘nglining tubiga joylab qo‘ygan edi. Shu shoirning “Biz hali hammadan o‘zamiz, qizim” degan satri ham uning yuragiga muhrlanib qolgan va Sadriddin ularni takrorlab charchamasdi. Vaholanki, ota izini o‘g‘il bosar, degan aqida unga yaxshi tanish edi. Ammo... ammo baribir Sadriddin qizalog‘ini jonidan ortiq yaxshi ko‘rardi. Uyda birov Madinani xafa qilib qo‘ygudek bo‘lsa, u barcha ishini yig‘ishtirib qo‘yib ham o‘sha odam bilan erinmay jiqillashar va oxir-oqibat Madinadan kechirim so‘rashga majbur etar edi.
Umr – oqar daryo deganlari chin ekan. Nazarida, Sadriddin hali ko‘z ochib-yumishga ulgurmadi, bir payt qarasaki, yolg‘izgina, suyukli qizalog‘ining bo‘yi yetib turibdi-da. 
Ota o‘z ko‘zlariga ishonmadi, ammo sovchilar eshik turumini buza boshlaganlari chin edi. 
Sadriddin bu haqda suyunchi so‘rab kelib turgan xotiniga qattiqroq gapirib yubordi:
 – Esing joyidami, Madina hali bola-ku! 
Biroq Nargiza bo‘sh kelmadi:
– Voy, erkatoyingizning bolaligi qoldimi? Maktabni bitirdi, kollejni bitirdi. O‘n to‘qqizga kirdi. Bu yoshimda qornimda to‘ng‘ichim bor edi. 
Bu zalvorli dastakka javoban nima deyishni bilmay qolgan Sadriddin to‘ng‘illadi:
– U zamonlar boshqa edi... 
Xotin bir gapdan qolmadi:
– Zamon bu masalada hamisha bir xil bo‘lib kelgan... 
Bu e’tiroz otaning dilini og‘ritganday bo‘ldi. Har qalay, Madina – suyukli farzandlari. Shunday ekan, Nargizaning ham unga joni achishi, uni ayashi lozim emasmi... 
Erining ko‘nglidan o‘tgan gaplarni ilg‘adimi, xotin yotig‘i bilan gapirishga urindi:
– Dadasi, qizini erga berayotgan bir siz emas. O‘zingiz bilasiz, qiz bola birovning hasmi bo‘ladi, vaqti-soati yetganda albatta ota-onasining uyini tark etadi. Qiz bola – palaxmon toshi, borgan joyida qoladi. Qizingizni bir umr bag‘ringizga bosib o‘tirolmaysiz-ku, axir. 
To‘g‘ri, bularning bari rost gaplar edi. Biroq shunga qaramasdan Sadriddinning yurak-yuragida boshqa bir sezgi, e’tirozmi, norozilikkami o‘xshash bir hissiyot bor ediki, buning nimaligini uning o‘zi ham na tushunar, na tuzuk-quruq ifodalab bera olardi. Xullas, Sadriddinning nazarida uning erkatoyi Madinaga munosib kuyov... juda boshqacha yigit bo‘lishi kerak. Mayli, ertaklardagidek shahzodalikni talab qilib bo‘lmas, ammo har tomonlama mukammal, serfazilat, bir so‘z bilan aytganda komil inson bo‘lmog‘i shart. 
Sadriddin o‘sha maqtalgan, osmonga olib chiqib qo‘yilgan yigitlarni orqavarotdan surishtirib ko‘rdi.
Yo‘q, bo‘lmaydi. 
Nahotki erkatoy qizchasi, Madinasi, hali go‘dak Madinasi shunday... hali ona suti og‘zidan ketmagan, qo‘lidan bir ish kelmaydigan, ota-onasining erkatoyi bo‘lgan, nari borsa institut yoinki universitetda ta’lim olayotgan yigitchalarning yori bo‘lsa? Axir er xotin uchun suyanch tog‘i bo‘lishi lozim emasmi? Bu bolalarning esa o‘zlari suyanchga zorga o‘xshaydi...
Sadriddin birini “o‘poq”, dedi, boshqasini “so‘poq” dedi, ishqilib, kuyovlikka nomzodlarga rad javobini beraverib charchadi, ammo sovchilar oqimi sira susaymadi. 
Bu orada Nargiza noroziligini ochiqdan-ochiq izhor qilib, to‘ng‘illashga o‘tib oldi:
– Osmondagi oyni qidirayapsizmi, nima balo?!. Bu ketishingizda shu bolaning baxtini qora qilasiz, keyin tinchiysiz. Axir ne-ne odamlarning bolalari qizingizning qo‘lini so‘rab turibdi. Tezroq tanlamaysizmi birovini?! Erta-bir kun ostonangizni hech kim hatlamay qo‘ysa, peshonangiz devorga urilardiku-ya. Lekin unda kech bo‘ladi-da... Anavi Ilhom akaning bolasi kimdan kam? 
– Qaysi Ilhom akang? – deb so‘radi sal g‘ashi kelib Sadriddin. Zero, Nargiza bu ismni bundan avval ham ikki-uch marta qandaydir g‘alati tarzda eshilib, chuqur hurmat bilan aytgani yodiga tushgandi. 
– Taniysiz, dadasi, taniysiz. Bu atrofda Ilhom akani tanimaydigan odamning o‘zi yo‘q. Uch marta odam yubordi bechora. O‘zi besh yildan beri soliqning boshlig‘i bo‘lib ishlaydi. Bir marta ukam bozorda somsa sotib yurib soliqchilar qo‘liga tushib qolganida, u kishining bir og‘iz gapi bilan qo‘yib yuborishgan, jarimayam to‘lattirishmagan... O‘g‘li yuridikaning ikkinchi kursida o‘qirkan. Biram odobli, biram mo‘min-qobil deyishadiki... 
Sadriddin asabiylashdi:
– Mo‘min-qobil bo‘lsa yuridikaga kirolarmidi? Bir balosi borki... U yog‘ini so‘rasang, o‘shaningniyam surishtirganman... orqavoratdan. Maktabda otasining kuchi bilan o‘qigan ekan. 
– E, dadasi, ichi qora odamlar gapiraveradi-da. Aybi – amaldorning bolasi bo‘lganimi? Men o‘zim o‘qitganman u bolani, o‘zim yaxshi bilaman. Biram tirishqoq, mehnatsevar, qunt bilan o‘qiydigan bola. Agar hammadan ayb qidiraversangiz, dadasi, topasiz-da. Oydayam dog‘ bor, axir. Sal ko‘nglingizni keng qiling. Bu dunyoda ertakdagi shahzodalarni topib bo‘lmaydi...
Asli ona tili va adabiyoti bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan Nargiza chiroyli gaplarni qalashtirib tashlab uzoq gapirdi. Bir gapirdi, ikki gapirdi, uch gapirdi... Axiyri ko‘rdiki, er odatdagiday sarkashlik bilan emas, boshini irg‘ab, o‘ychan tarzda tinglamoqda uning gaplarini. Demak, muz o‘rnidan ko‘chgan. 
– Sen onasan-ku, – deb gap tashlab qoldi bir kuni Sadriddin. – Kirib, sekin qizingning ko‘ngliga qo‘l solib ko‘r-chi, birontasi bilan va’dalashgandir; bunday bo‘lishi-ku, gumon, ammo ehtimol birontasi ko‘ngliga o‘tirishgandir... Uyalmasin, aytaversin, buni umr savdosi deydilar. 
Xotin eriga ajablanib qaradi: 
– Qizingiz siz bilan ko‘proq sirdosh edi, shekilli. 
– Bor, bor, deb, Sadriddin besabr qo‘l siltadi. – Sen aytgan ishni qil. Qaysi ota qiziga bunaqa savol beradi? 
Nargiza norozi tarzda qoshini chimirgancha chiqib ketdi. 
Biron soatlardan so‘ng Nargiza yayrab, qoshlarini g‘alati suzib chiqib keldi ichkari xonadan. Xotinining o‘zini bunday tutishi yoqmagan Sadriddin o‘qraydi:
– Xo‘sh? 
– Bor ekan, dadasi, bor ekan. Bor bo‘lganda ham yigitlarning sultoni ekan. 
– Kim ekan u? – po‘ng‘illadi Sadriddin.
– Shuhratjon, dadajonisi, Shuhratjon. 
– Qaysi Shuhratjon? 
Nargiza yana qosh uchirdi:
– Ilhom akaning o‘g‘li, dadasi, bu o‘sha yuridikada o‘qiydigan bola... 
Sadriddin birdan bo‘shashib qoldi. Uning nazarida, bunday bo‘lmasligi kerak edi, Madinaday oqila, esli-hushli qiz o‘zining shahzodasi sifatida bu bolani ko‘rmasligi kerak edi... 
Sadriddin shubhalanib, qoshlarini chimirdi:
– Rost aytyapsanmi yo... somsapaz ukangni o‘ylayap-sanmi? 
Nargiza xafa bo‘lgan odamday ters o‘girilib oldi:
– Siz aytdingiz, men borib so‘radim. Ishonmasangiz, marhamat, Madinani chaqirib berishim mumkin. Erkatoyingiz bilan bemalol sirlashishingiz mumkin...
– Bo‘lmasa... – dedi bo‘g‘iq ovozda Sadriddin, – bo‘lmasa... yana o‘sha yoqdan odamlar kelishsa... o‘ylab ko‘raylik, deb tur-chi... 
– E, yashang dadasi! – dedi yashnab ketgan Nargiza beixtiyor chapak chalib yuborarkan. – Bu yog‘ini menga qo‘yib bering, boplayman. 
Darhaqiqat, eridan ro‘yxo‘shlik olgan xotin bu tomonini bopladi. Nargiza nima qildi, nima qo‘ydi – bilish mushkul, ammo oradan ikki hafta o‘tar-o‘tmas non sindirildi. 
Kattagina to‘y bo‘ldi. 
Sadriddin bazm mahali to‘kin dasturxon atrofida o‘tirgan mast-alast mehmonlardan ko‘ra uzoqdan bo‘lsa ham ko‘proq qiziga sinchkovlik bilan qarab-qarab yurdi. Nazarida, kelinchakning harir libosiga chulg‘anib, yanada chiroyli bo‘lib ketgan, uyalinqirab, bosh egibgina o‘tirgan Madina o‘zi kutgan darajada xursand emasdek edi. Ammo ota buni qizining ibosiga yo‘ydi. 
Shunday bo‘lsa-da, qiziga oq fotiha tilab, peshonasidan o‘payotgan mahal Sadriddin quyilib kelgan ko‘z yoshlarini tiyolmay qoldi. Uning nazarida, Madinaning piq-piq yig‘isida alam bordek edi... 
Madina ketdi.
Hovli otaning ko‘ngli misoli huvillab qoldi. 
Sadriddin uch-to‘rt kungacha o‘zini qo‘yarga joy topolmay yurdi. 
Yaxshiyam birovlar “kuyov chaqirdi”, boshqalar “charlar”deb ataydigan rusum bor ekan. 
Sadriddin yelib-yugurib ikkita xonaga dasturxon tuzadi, shirinliklarni uyib tashladi. Uning xayolida, dasturxonga qancha ko‘p shirinlik qo‘ysa, qizining hayoti shunchalik shirin o‘tadigandek edi. To‘rt xil ovqat, shunga yarasha gazak... 
Ishqilib, kichkinagina bir to‘ycha bo‘ldi-da. 
To‘y kuni ulkan chiroqlar yog‘dusida yuzi yaltirab turgani boismi, Sadriddin kuyoviga yaxshilab razm sololmagandi. Chaqiriq mahali ko‘rdiki, tuzukkina yigitga o‘xshaydi. Cho‘zinchoq yuzi oqish, qalin qoshlari tutash, iyagining sal turtib chiqqanimi, ko‘zlarining chaqnab turishimi uni mard va jasur yigitga o‘xshatardi.
Ota ich-ichidan rizolik tuydi. “Qizim bejiz rozi bo‘lmagandir”, degan, bezovta ko‘ngliga tasalli beradigan o‘ylarga berildi. Shu bois yelib-yugurib xizmat qildi, charchash nimaligini bilmadi. Kuyovi yonida kelgan besh-oltita yigitchalarning yuz gramm ichib olgandan so‘ng kuchanib suyuqroq latifa aytishga urinishlariga ham e’tibor bermadi. Muhimi, Shuhrat ichmadi. Mashina haydab kelgan ekan. Buni eshitib ota yana bir bor ich-ichidan mamnuniyat tuydi. Har qalay, uning erkatoy qizalog‘i, Madinasi u yer-bu yerga borganda odam tiqilinch avtobuslarda ezilib, qiynalib, yoinki begona mashinalarga qo‘l ko‘tarib yurmaydi. Shunisiga ham shukr... 
Shuhrat artilgan chinniday top-toza mashinani haydashni yaxshi ko‘radi shekilli, bir jo‘rasi bilan shamollashga chiqqan mahal “Neksiya”siga diqqat bilan qaradi-da, so‘ng cho‘ntagidan ro‘molchasini chiqarib, mashinaning old oynasini artib qo‘ydi. 
Faqat... kim biladi, balki Sadriddinga shunday tuyulgandir, ishqilib, chaqirdi tugab, dasturxonga fotiha o‘qilgan, hamma o‘rnidan turib hovliga chiqqan va xayr-xo‘shlashish anchagina cho‘zilib ketgan mahal ichkaridan shoshib chiqib kelayotgan ota hovli chetida, mehmonlar orasida qizi o‘ziga mo‘ltirab tikilib turganini ko‘rdi-yu, yuragi jizillab ketdi. U beixtiyor Madina tomon yurdi va xuddi shu mahal kuyovining qiziga qarab:
– Mashinaga chiq! – deganini eshitdi.
Otaning yuragi muzlab ketdi. Zero, Shuhrat, hozirgina ko‘ziga o‘tday ko‘rinib turgan kuyovi qiziga, uning suyukli Madinasiga qarab o‘shqiribroq gapirganday bo‘lgandi.
Sadriddin bir amallab o‘zini qo‘lga oldi. “Menga shunday tuyulgandir”, deb o‘zini o‘zi ishontirishga urindi. Ammo qizining nechukdir mung‘ayib qolganini, mashina tarafga istar-istamas yurganini ko‘rganida yuragi battar ezildi...
Mehmonlar ketishdi. 
Sadriddinning ko‘ngli esa negadir bezovta... 
Kichik chillasi chiqqandan so‘ng uyga birrov kelib-ketgan Madinaning ko‘zlari yig‘idan qizarganday tuyuldi. Vaholanki, Madina otasi bilan ikki og‘iz hol-ahvol so‘rashgan mahal yerdan ko‘z uzmay turgandi. 
Axiyri bir kuni tong saharda Sadriddin xotiniga bir og‘iz aytib ham o‘tirmasdan qizining uyiga jo‘nadi. Yo‘l-yo‘lakay bozorga kirib, u-bu shirinlik xarid qildi. 
Hashamatli ikki qavatli hovlining eshigi qiya ochiq ekan. Sadriddin eshikni taqillatib o‘tirmasdan ichkariga kirdi. 
Boloxona yonida o‘sha kun Shuhrat minib borgan oppoq mashina yaraqlab turardi. 
Otaning ko‘ngli bejiz g‘ash bo‘lmagan ekan. 
Shuhrat engashib, kamoli diqqat bilan mashinaning ort oynasini nazardan o‘tkazmoqda edi. 
Ota to‘xtadi, yo‘talib qo‘ymoqchi ham bo‘ldi, zero oradagi masofa o‘n-o‘n besh qadam kelardi. Ammo ulgurmadi...
To‘satdan kuyov baqirib yubordi:
– Madin! 
Ichkaridan shoshilinch qadam tovushlari eshitildi va bir lahza o‘tar-o‘tmas oyog‘iga eski kalish ilib olgan Madina chopqillab chiqib keldi:
– Labbay? 
Shuhrat xotiniga chaqchayib qaradi-da, so‘ng ko‘rsatkich barmog‘ini oynaga bigiz qilgancha o‘shqirdi:
– Ho‘l latta bilan yuvgandan keyin ustidan quruq latta bilan artib chiq degandim-ku! 
Madina qunishib, aybdorona ohangda o‘zini oqlashga urindi:
– Aytganingizday qilgandim... 
Shuhrat tutaqib ketib, oynadagi tangaday kattalikdagi, bilinar-bilinmas dog‘ga ishora qildi:
– Unda manavi nima? 
Cadriddin dong qotib qoldi. Uning suyukli qizchasi, Madinasiga baqirishmoqda edi! O‘z uyida bo‘lganda-ku, bu mahmadonaning tilini sug‘urib olgan bo‘lardi-ya! Ammo ne qilsinki, endi Madinajoni shu xonadonning a’zosi, manavi haftafahm to‘nkaning umr yo‘ldoshi...
– Ko‘rmay qolibman... Hozir... 
Bu Madinaning iztirobli tovushi edi. 
Er norozi tarzda to‘ng‘illadi:
– Ko‘rmay qolganmish... Bor, ishingni qilaver. O‘zim...
Shuhrat cho‘ntagidan erinmasdan, aytish mumkinki, hafsala bilan ro‘molchasini chiqardi va mana shunday erinmasdan, kamoli diqqat bilan oynadagi dog‘ni artgach, ro‘molchasini xotini tomon otib yubordi:
– Buni yuvib qo‘y. Boshqasini opchiq. 
Hamon bosh egib, mutelarcha, aybdor singari turgan Madina zipillab kelib yerda yotgan ro‘molchani oldi va mana shunday shoshqin tarzda ichkariga kirib ketdi.
Ota bir lagan loyday bo‘shashib, oyog‘ini bazo‘r ko‘tarib bosgan ko‘yi bir amallab ortga qaytdi. 
Kechga borib otaning issig‘i qirqqa chiqib ketdi. U endi alahlay boshlagandi:
– Qizimga tik boqma... Sen kim bo‘psan uning oldida... Ablah... Qizginam... Nega sen... Qizalog‘im... 
Qo‘rqib ketgan Nargiza do‘xtir chaqirdi. Tez yetib kelgan “Tez yordam” mashinasi otani tuman markazidagi shifoxonaga olib ketdi...
Ertasi kuni otani ko‘rishga uzun-qisqa bo‘lib Shuhrat bilan Madina kirib kelishdi. 
Yelkasiga oq xalat tashlab olgan Shuhrat gerdayib, lekin xushchaqchaq ohangda:
– Burga tepdimi, ota? – deya gapni hazildan boshlashga urindi.
Biroq Sadriddin ensasi qotib yuzini o‘girgani bois palataga noqulay jimlik cho‘kdi. 
Otaning nazarida kuyovining turishida, gapirishida, o‘zini tutishida nedir bir nosamimiyat borday edi. Ilgari payqamaganini...
Sadriddin keskin o‘girilib, kuyoviga sinchkovlik bilan tikildi-da, negadir: 
– Rahmat, – deb qo‘ygach, istihola qilib ham o‘tirmasdan dedi: – Qizim bilan ozroq gaplashib olsam, degandim... 
Endi o‘ziga o‘tirishga joy qidirayotgan Shuhrat qaynotasiga ajablanib qarab qo‘ygach, noiloj qo‘lidagi xaltani Madinaga tutdi va:
– Mayli, – degancha xonadan chiqib ketdi. 
– O‘tir, qizim, – dedi Sadriddin past, dardli ovozda.
Ozib ketgan, ko‘zlari kirtayib qolgan Madina o‘tirdi. 
Do‘xtirlar ko‘p gaplashishga ruxsat bermagani bois vaqt ziqligini anglab turgan ota gapni aylantirib o‘tirmay, tilining uchida turgan savolni berdi:
– Turmushing qalay, qizim? 
Madina “yalt” etib otasiga qaradi, so‘ng shu zahoti boshini quyi egib olarkan:
– Shukr, yomonmas, – dedi pichirlab. 
Mana shu armonli pichirlashning o‘ziyoq ko‘p narsadan shohidlik berib turardi. 
Sadriddin xo‘rsindi. 
– Men sening turmushing “yomonmas” emas, zo‘r bo‘lishini istovdim, qizim... Avzoyingga qarasam, unaqaga o‘xshamaydi... 
Madina otasiga mo‘ltirab qaradi: 
– Siz... bilmasmidingiz bularning qanaqa odamlar ekanligini... 
 – Men senga ishongandim, qizim... Bekorga tanlamagandirsan deb armonda qoldim... 
Madina hayron bo‘ldi:
– Axir... axir siz o‘zingiz... siz o‘zingiz tanladingiz-ku... Oyimga aytipsiz... “Shundan boshqasi bo‘lmaydi”, depsiz... Men sizga ishonib... 
Bu gaplar ma’nosi ongiga yetib borgan Sadriddin boshini changallab qoldi. So‘ng:
– Nargiza! – deb bo‘kirdi. 
Ammo Nargiza bolalardan xabar olish uchun uyga ketgan ekan... 
Otasining avzoyini ko‘riboq barisini tushungan Madina piqillab yig‘lab yubordi...
Nargiza erining qahrli qiyofasini ko‘riboq gap nimadaligini tushundi. Lekin u aybini inkor etib turib oldi, Sadriddinning baqir-chaqirlariga javoban esa:
– Men qizimizga yaxshilik tilaganman. Xudoga shukr, Madina ko‘plar havas qiladigan oilaga kelin bo‘lib tushdi, – deb takrorlayverdi.
Bir haftadan keyin Sadriddinga javob berishdi. 
Sho‘rlik ota betini sidirib tashlab, qiziga ishonchli vositachi orqali xabar yubordi:
– Ahmoq otangni kechir, qizim... Ko‘ngling bo‘lmasa, shu uyda tur deb zo‘rlamayman... Qaytib kelsang, birga yashayveramiz... 
O‘zi zo‘rg‘a chidab turgan ekanmi, Madina shu kuniyoq etagini silkib erining uyidan chiqqan-u, otasining uyiga kelib olgan.
Keyingi bir-ikki oy janjal-suronlarda o‘tdi. Ilhom soliqchi xotini, o‘g‘li bilan uch marotaba kelishdi, ularga Nargiza ham qo‘shildi. Ammo ota va qiz o‘z ahdidan qaytishmadi. Qarg‘anaverib hammani bezor qilib yuborgan onasiga esa Madina tik boqib shunday dedi:
– O‘sha uyni yelkamning chuquri ko‘rsin. Menga bitta ninasi ham kerakmas. Meni tinch qo‘yishsa bas... 
Nargiza yana avj qilayotgan edi, oraga Sadriddin qo‘shildi:
– Madinaga yana bir og‘iz gap gapirsang – ajrashamiz. 
Nargiza dod soldi:
– Sizning kallangiz aynib qopti o‘zi, dadasi?! Erdan qaytgan qizingizga o‘zingiz istagan shahzodani qaerdan topasiz? 
Bu da’voga nisbatan Sadriddinning javobi bitta bo‘ldi:
– Uch taloqsan! 
Nargiza erini miyasi aynib qolgan deb ayyuhannos soldi, do‘xtirlarga chopdi, militsiyaga yugurdi, ishqilib hovlini o‘zida olib qoldi. Sadriddin suyukli qizi Madina bilan bir xonali uyda ijarada yashay boshladi. 
Qo‘ni-qo‘shnilarning aytishlaricha, bir-biriga bu qadar mehribon ota-bolani ular umrlari bino bo‘lib ko‘rishmagan ekan.
Nargiza esa yeng shimarib, navbatdagi jangga tayyorgarlik ko‘rib yuribdi. U do‘xtirlar bilan gaplashib, erining... miyasi shamollaganligi haqidagi ma’lumotnomani olibdi. Endi sud Sadriddinni otalik huquqidan mahrum etsa bas ekan, ana o‘shanda Madinani uning qo‘lidan qonun yo‘li bilan tortib olsa bo‘larkan... 
Ana undan keyin...
Ba’zi gap-so‘zlarga qaraganda, Nargiza qudalari bilan yashirincha muzokaralar olib borib yurgan emish. Boshqa gap-so‘zlarga qaraganda esa, Nargiza Madinani avval qonuniy ajratib olib, so‘ng xotini o‘lgan bir boyvachcha savdogarga yeng ichida, imi-jimida uzatib yuborish tashvishida...
Hozircha esa, hozircha esa bir-birlariga favqulodda mehribon ota va qiz xotirjam, osuda, baxtiyor umr kechirishmoqda... Hozircha... 

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.