OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abduqayum Yo‘ldosh. Qizil tilla, qip-qizil tilla (hikoya)

Bu endi azaddan ko‘pchilikka ma’lum haqiqat: pul, boylik odamning belini baquvvat, tilini uzun qiladi. Axir beliga oltin tugib olgan mardikorning bir pudlik ketmonda tuproqni uch gaz yuqoriga otib ishlayverganiyu, belidagi oltinidan ayrilgach, tuproqni bir gaz yuqoriga ham otolmasdan ojiz, nimjon kishiga aylanib qolganligi haqidagi rivoyat bejiz to‘qilmagandir.
O’zbekovullik Salima ayani orqavoratdan "Boy xotin" deb chaqirishardi. Aslini oladigan bo‘lsak, aya shu nomga munosib edi.
Salima ayaning ajdodlari katta eshon sulolasiga mansub deyishadi. Balki shu sabablidir, o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida, maktabni bitirganidan so‘ng Salima bir yigitni suyib qolganida, yigit "qora"lardan, ya’ni oddiy fuqarolardan bo‘lganligi bois avvaliga qizning ota-onasi hatto bu haqda eshitilni ham istamagan. Ammo Salima o‘jarlik qilib turib olgan, "Tegsang ham shunga tegaman, tegmasam ham!" degan.
Ota-ona qarasaki, ahvol chatoq. So‘ng bir muddat yigit tomondan sovchi kelishini kutishgan. Lekin yigit tomon eshonlarga sovchi bo‘libkelishga jur’at qilisholmagan. Ana shunda urf-odatga ko‘ra eshon taraf, ya’ni qiz taraf yigit tarafga sovchi bo‘lib borgan, deyishadi.
Nima bo‘lganda ham yaxshigina to‘y bo‘lib o‘tdi.
Salima u paytlari sanamarasta, qaddi tik, yuzi sutga chayib olinganday oppoq, sochi taqimini o‘padigan, yurganda ko‘chani to‘ddirib, andak viqor ila qadam tashlaydigan qiz edi.
Ahli qishloq yangi kelinchakning husnini, odobini ancha paytgacha maqgab yurdi, uning ozgina ko‘ksini kerib, dadil yurishini eshonlar sulolasiga mansubligiga yo‘yishdi.
Aytib o‘tganimizday, Salima oddiygina, hattoki aytish mumkinki, faqirona hayot kechiriladigan oilaga kelin bo‘lib tushgandi. Biroq yangi kelin bilan uyga baraka ham kelgan shekilli, tez orada kuyov bo‘lmish Xayrullaning ishlari yurishib ketdi. Xullas, birgalikda yashagan o‘n to‘rt yil ichida ular oltita qizlik bo‘lishdi.
Birinchi qizni xursandchilik bilan kutib olishdi, ikkinchisidan so‘ng "Keyingisi o‘g‘il bo‘lar", deb umid qilishdi. Uchinchi qizga O’g‘iloy deb ism qo‘yishdi. Er-xotin farzandlaridan aylanib-o‘rgilishdi, ularni oq yuvib-oq tarashdi. Xayrulla dalada oddiy suvchi edi, shunga qaramay, xotinining saraton oftobida qorayib, jizg‘inagi chiqib yurishini istamadi chog‘i, uni dalaga qo‘ymadi. Shunga qaramay, hali aytganimizday, oilada qut-baraka hukmron edi. Jajji qizaloqlar eng chiroyli liboslarda yurardilar, ular uchun o‘yinchog‘u qo‘g‘irchoqlarning eng sarasi sotib olinardi.
Ana shunda og‘ziga kuchi yetmaganlar:
— Bular buncha pulni qaerdan oladi? — deya bir-birlariga savol beradigan bo‘lishdi.
Ayniqsa Xayrullaning mudom tilla toshan gadoyday xursand ahvolda yurishi ham ko‘pchilikni ajablantirardi.
Bunday sinchkov fuqarolar razm solib yurib ko‘rishdiki, bitta oylik olishiga qaramasdan Xayrulla to‘y-ma’rakalarda el qatori ataganini beradi, biron marta bo‘lsin birovdan to‘rt so‘m pul qarz so‘ramaydi... Xo‘sh, buning sababi nimada ekan? Ayni shu paytlari qishloqda Salima ayaning bobosi katta eshon bo‘lganiyu, bu eshonga murid bo‘lgan katta savdogar bir qop oltin meros qoldirib ketgani haqida gap-so‘zlar o‘rmalab qoldi. To‘g‘ri, ba’zi birovlar "katta savdogar" o‘rniga "bosmachi" degan atamani ham ishlatishdi. Ammo zehni o‘tkirroq hamqishloqlar, ayniqsa oqsoqollar bu gasha ishonishmadi. Hatto ulardan biri "Urush payti bir qop tillaga bir qop un sotib olish mumkin edi. Salimaning bobosida oltin bo‘lganida edi, tug‘ishgan  jiyanining ochliqdan o‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymasdi", deya o‘z haqli e’tirozini bildirdi. Ammo sinchkov zotlar bo‘sh kelishmadi: "Boboyning kallasi ishlagan, birov bilib qolishidan qo‘rqqan..."
Er-xotin esa bu mayda-chuyda gaplarga e’tibor bermaslikni uddalashardi. Ikkovlon zoriqib o‘g‘il farzand kutishardi. Ammo keyingi va undan keyingi farzand ham qiz bo‘laverdi.
Ayollar shohid, beshinchi farzandga homilador bo‘lib yurgan kunlarining birida Salima aya ishonch bilan:
— Ko‘nglim sezib turibdi, ngunisi o‘g‘il bo‘ladi. Xudo xohlasa o‘g‘limni tillaga ko‘mib tashlayman, — deb yuboradi.
Qishloqning tabiatan gayirroq ayollari bu gasha unchalik e’tibor berib o‘tirishmaydi. Ammo xotinlari ko‘magida bu gapdan ba’zi bir sinchkov fuqarolar endi qaddini goz tutib yurishi bois orqavoratdan "Ispolkom momo" laqabini olgan ayaga sinchkovroq va gumonsirabroq qaray boshlashadi. Beshinchi farzand ham qiz tug‘iladi. Sanoq oltitaga yetganda ham Xayrulla umidsizlanmadi:
— Keyingisi o‘g‘il bo‘lib qolar, — deya iljayib turaverdi.
Afsuski, erning bu umidi ro‘yobga chiqmadi: u tez orada arzimagan shamollashi kuchayib ketishi oqibatida to‘satdan vafot etdi. Ertalab uydan odatiga ko‘ra jilmayibgina chiqib ketgan Xayrullani kechqurun...
Qirq olti yoshli Salima aya olti qizi bilan yolgiz qoldi. Farzandlarning kattasining yoshi yigirma to‘rtda, kichigi o‘n bir oylik. 
Salima aya qolgan umrini eri yashab o‘tgan uyning chirog‘ini yoqib o‘tkazishga ahd qildi. Elchilik, birovning unday tanishi bor, boshqasining bunday. Qolaversa, qishloqning o‘zida ham xotini o‘lgan yoki xotin qo‘yib, o‘ziga juft izlab yurgan erkaklar anchagina edi. Shular odam yuboraverib charchashmadi, Salima aya ularni yumshoqlik bilan qaytaraverib.
Erkaklar, sovchilar avvaliga "Mayli, erining qirqi o‘tsin, keyin ko‘nib qolar", deyishdi, so‘ng, ayol oyoini tirab turib olgach, "Xayrullaning yili o‘tsin-chi", deyishdi.
Xayrullaning yili o‘tsa ham Salima aya birovni umidlantiradigan so‘z aytmadi. Sovchilar naq to‘rt-besh yil eshikning turumini buzishdi. Ellikka yaqinlab qolgan bo‘lishiga qaramasdan, oppoq yuziga ajin tushmagan Salima aya hamon qaddini tik tutib, andak viqor bilan yurar, ayolning nigohidagi vazminlik, xotirjamlik beixtiyor suhbatdoshda unga nisbatan ehtirom uyg‘otardi. Ustiga ustak, aya kiyimlarni tanlab, o‘zga yarashganidan kiyar, biron to‘yga boradigan bo‘lsa taqinchoq, zeb-ziynatlarni ham kanda qilmas, ishqilib, o‘ziga qarab yuradigan ayollar toifasidan edi. Balki ushbu hol ham ayaning xaridorlari soni oshishiga, "Salimani to‘shimga bosmasam bu dunyodan armon bilan o‘taman!" deguvchi erkaklar ko‘payishiga sabab bo‘lgandir.
Biroq oxir-oqibat Salima aya hech kimga bo‘yin egmay, qizlari bilan yashayverishiga hamaning ishonchi hosil bo‘ldi shekilli, uni tinch qo‘yishdi. Vaqt esa shoshqin shamol yanglig‘ yelib o‘taverdi. Bu orada Salima ayaning to‘ng‘ich qizi maktabni bitirdiyu, viloyat markazidagi pedagogika institutiga o‘qishga kirib ketdi.
El razm solib ko‘rdiki, aya hovlisidagi sog‘in sigirini ham, to‘rtta qo‘yini ham, hattoki bittagina g‘unajinini ham sotmadi. Bu zamonda o‘qishga kirishning, to‘g‘rirog‘i kiritishning o‘zi bo‘ladimi!
Mayli, to‘ng‘ich qiz maktabda yaxshi o‘qisa o‘qigandir, lekin bu degani institutga bir tiyin bermasdan kirib ketadi, degani emas-ku!
Ana o‘shanda ba’zi bir og‘ziga kuchi yetmaganlar katta eshon boboning muridi bo‘lgan boy savdogarmi yoki qo‘rboshimi haqidagi eski gap-so‘zlarni eslab qolishdi...
Albatta, qishloqda gap yotarmidi. Bu mish-mishlarning bir uchini Salima ayaning qulog‘iga ham yetkazishdi. Bunga javoban aya avval o‘ylanib qoldi, so‘ng bir jilmayib qo‘ydi-da, gapni boshqa yoqqa burib ketdi. Ayaning avvaliga o‘ylanib qolgani ko‘pchilikni shubhalantirdi.
— Tillani gapirganimizda aya bo‘zarib ketdi, buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim! — deya qasam ichib yurgan ayollar soni ham oshdi.
Ehtimol, vaqt o‘tishi bilan bu gap-so‘zlar ham unutilib ketarmidi. Biroq kutilmaganda oraga bolalar aralashib qolishdi. O’sha yozning issiq kunida ovulning o‘n-o‘n besh chog‘li o‘smirlari qishloq chetidagi hovuzga terlab-pishib chopib boradilar-da, o‘zlarini suvga tashlaydilar. Ana shunda... ana shunda suvdan boshlarini chiqargan bolalar hovuzning u chetida, kunchuvoqda o‘tirgan aya shosha-pisha yoniga yoyib qo‘ygan oppoq belbog‘jagi qizil tangalarni yig‘ishtirib olishayotganini ko‘rishadi.
Saraton quyoshida tangalar yaltirab ketadi. 
Oppoq belbog‘dagi qip-qizil tangalar.
Ba’zi bolalar keyinroq tangalarni bir belbog‘ deyishdi, boshqalari "Yigirma-o‘ttiztacha bor edi-yov", deyishdi. O’sha lahzada esa aya jon alpozda tangalarni yig‘ishtiradi-da, belbog‘iga tugasola yov quvganday, ortiga bir bor o‘girilib ham qaramasdan hovuz bo‘yini tark etadi.
Avval ta’kidlab o‘tganimizday, bunday shosha-shosharlik ayaga xos emasdi. Aya shoshilmay, salobat va vazminlik bilan yurishni ma’qul ko‘rardi.
Bolalar ham shosha-pisha cho‘milasola qishloqqa qaytishadi va ko‘rganlarini oqizmay-tomizmay kattalarga aytib berishadi.
Kechga borib bu voqea butun qishloqda shov-shuv bo‘lib ketadi.
— Bu Nekalay poshsho zamonida qolgan so‘lkavoy, — dedi ishonch bilan qishloq sinchisi Anorboy aka kalat soqolini tutamlagancha bir nuqtadan ko‘z uzmay o‘ylanib turarkan. — Bunga garantiya beraman. Chunki  Nekalay poshsho zamonida tilla qizg‘ish bo‘lgan, bizning zamonda esa sariq bo‘lib qolgan.
— Anorboy aka, — dedi sinchining gaplarini diqqat bilan eshitib turgan kelinchaklardan biri, — nega bunday bo‘lgan?
Anorboy akani bejiz "sinchi" deyishmaydi-da. Agar qistovga olaversangiz, u kishi "Tovuq oldin paydo bo‘ganmi yoki tuxum?" degan so‘rovingizga ham o‘xshatib, batafsil javob beradi. Hozir ham sinchi o‘z odatiga og‘ishmay amal qilgan holda, sira ikkilanmay, ikki karra ikkining to‘rt bo‘lishini yosh bolaga tushuntirayotganday ohangda dedi:
— Chunki o‘ris poshsho so‘lkavoyni chistiy oltindan qilgan, shuning uchun so‘lkavoy qizil bo‘lgan. Biznikilar tillaga mis qo‘shadi, shuning uchun tillamiz sariq bo‘lib qoladi...
Sinchining bu gapidan keyin ovulda Salima ayaning obro‘yi yanada oshdi. Zero, chorizm davridan qolgan tilla so‘lkavoyga egalik qilishning o‘zi bo‘ladimi? Ammo bu borada boshqacha fikr biddirguvchilar ham bor edi. Chunonchi, sinchining mulohazasini sal kechroq eshitib qolgan ovul adog‘ida turuvchi Rabbim cho‘loq keskinlik bilan dediki:
— Bekor gap! Bu o‘zimizning tilla! Ispolkom momoning otasi oltmishinchi yilning qishida bizning qozonni so‘rab olib ketmagandi. Mana shu qozonga otasidan qolgan bor tillani eritib, tanga qilib ketgan u pismiq chol...
— Krzon-chi, qozon? — deya so‘rardi tinglovchilar qiziqib. — Nima, tagida tilla yuqi qolgan ekanmi?
Rabbim cho‘loq taassuflar ila bosh chayqaydi:
— Chol o‘lguday pismiq edi. Bizning qozonni atay qaytarib bermagan. Tillani eritib bo‘lgandan keyin bir chuqurga ko‘mib tashlagan. Qaytib berganda-ku... Gapning shu yeriga kelganda Rabbim cho‘loq huzurlanib ko‘z yumadi, so‘ng afsuslanib, armon bilan bosh chayqaydi:
— Hay attang-a, qozonni qaytarib bermagan-da u nomard! Berganda-ku... Bizga yuqiyam yetardi...
Ajabki, Rabbim cho‘loqning mazkur e’tirofi ham qishloqda Salima ayaning izzat-
hurmati yanada ortishiga olib keldi.

* * *

Bu orada ayaning ikkinchi qizi ham maktabni bitirdi va g‘iybatlar oloviga moy seshanday institutga kirdi-ketdi! Endi avval salgina shubhalanib turganlar ham birdaniga iqror bo‘lishdi: ha, bu ayada bir gap bor!
Axir boshida eri yo‘q, qishloq tili bilan aytganda, yesir bir ayol qanday qilib ikkita qizini shaharda o‘qita oladi? Axir, mana-man degan ne-ne erkaklar bitta farzandni o‘qishga kiritolmay ovorayi sarson bo‘lib, fig‘oni falakka chiqib yuribdi-ku!..
Endi Salima ayani to‘y-ma’rakalarga kanda qilmay chaqiradigan bo‘lishdi. Qaydaki ayollar dasturxon boshiga yig‘ilishadi, ayaning o‘rni to‘rda bo‘lardi. 
Vaqtida ersiz qolgan ayaga qayta-qayta sovchi yuborib ham egalik qilolmaganlar ichlariga urib qolaverishdi. Darhaqiqat, tillaning bir hikmati bor shekilli, aya husni, qomati, hattoki dadil-dadil gapirishi, ko‘chada ko‘kragini ko‘tarib, qaddini tik tutib yurishi bilan ham tengdoshlaridan keskin farqlanib turardi.
— Mendayam... o‘h-ho‘, o‘h-ho‘... o‘sha tillalarning ikkitaginasi... o‘h-ho‘... bo‘lsaydi, — deb qoddi bir kuni nechanchi marotabadir viloyat markazidagi shifoxonada ikki oy yotib kelgan Abdurasul o‘pka armon bilan, — o‘zim bilardim... o‘h-ho‘... Kasallik degani mendan qochardi...
Abdurasul akadan bir yosh kichik Nabi otaning ham armoni cheksiz edi.
— Biz ngu Salima bilan bir klassdan o‘qiganmiz, — derdi Nabi ota ayaning uyiga tamshanib ko‘z tashlab qo‘yarkan. — O’sha paytlariyam odamning suqini keltirib yurardi-da bu... Hammadan ajralib turardi... E, kalla, shartta otga o‘ngarib, toqqa olib chiqib ketmaymanmi...
G’iybatlar o‘z yo‘liga.
El-yurt ayaning hurmatini joyiga qo‘yish barobarida endi u kishining har bir harakatiga, ko‘p hollarda hattoki gap-so‘zlariga ham alohida e’tibor qaratayotgani-da chin edi...
Ovul unchalik katta emas, ko‘pi bilan o‘n ming aholi istiqomat qiladi. Necha asrlik o‘troq hayot odamlarni ajriq tomirlari singari bir-birlariga bog‘lab tashlagandi. Bemalol aytish mumkinki, qishloqda bir-biriga qarindosh bo‘lmagan odamning o‘zi yo‘qedi.
Shu sababli keyingi paytlarda ayaning uyi odamga gavjum bo‘lib ketdi. Erkaklar, ayollar "Xolamdan (jiyandan, singiddan, ammadda, opadan, xoladan...) bir og‘iz hol-ahvol so‘rab o‘tay deb kirdim-da". deb kun-tunning istalgan mahalida bu hovliga bostirib kiraverishar, zero, Salima aya mehmonni quchoq ochib kutib olishi hammaga ayon edi.
Aya mehmon oddiga dasturxon yozar, qand-qurs, konfet-shokolad, mayiz qo‘yar va, albatta, qizlariga aytib, biron issiq taom tayyorlatardi. Kelgan qo‘noqlar bir to‘kin dasturxonga, bir hamrohlariga qarashar, boshlarini ma’nodor chayqashar va go‘yoki: "Ko‘rdingizmi, tillasi bor bu xotinning, tillasi, bo‘lmasa shu-uncha narsaga pulni qayoqdan topadi!" deyishardi. Bora-bora ayaning oldida o‘z nochor ahvolida shikva-shikoyat qilguvchi xesh-aqrabo soni ko‘payib ketdi.
Odatda, Salima aya ularning gapini toqat bilan eshitar, mabodo, arzi-hol haddan oshib ketsa:
— Ko‘ying-e, —deb mehmonni gapdan to‘xtatardi. — To‘rt muchangiz but, farzand bor, uy-joy bor, unchalik noshukrchilik qilavermang-da... Hali hammasi yaxshi bo‘lib ketadi...
Balki ushbu tasallidagi temir mantiq bois arzihol ila kelguvchilar ko‘z yoshlarini to‘kib, dardlarini doston qilib so‘ylasalar-da, yurak yutib asosiy maqsadga, ya’ni qarz so‘rashga o‘tolmasdilar. Kim biladi deysiz, ayaning salobati bosarmidi...
Ammo keyingi paytlarda aya sahar soat nechada o‘rnidan turadi, keyin qayoqqa boradi, umuman, kun bo‘yi nima ish bilan mashg‘ul bo‘ladi, qo‘noqqa yoki to‘yga ketayotganida qizlariga nimalarni tayinlaydi — buni bilishga qiziquvchilar soni tobora ortib borardi.
Bemalol aytish mumkinki, bunday erkak-ayollar uchun ayaning uyi, eng asosiysi — ayaning o‘zi uzluksiz kuzatuv manbaiga aylangandi. Hatto ayrim ustomon ayollar arzimagan narsalarni bahona qilib bir necha bor ayaning uyida tunab ham ketishdi... Tabiiyki, bu ayollar kechasi bilan mijja qoqishmadi, aya yarim tunda hovliga chiqsa ham birga chiqishdi, so‘ng esa uy bekasining bir tekisda nafas olib, xotirjam uxlashini kuzatgan ko‘yi joniqib, asabiylashib tong ottirishdi... Ko‘pchilikning nazarida tilla tangalar shundoqqina uyning o‘zida, qo‘l uzatsa yetgulik bir joyda yashirib qo‘yilgan edi. Zero, ayollar allaqachononlariyoq sabab bo‘lsa-bo‘lmasa quchoqlayverib, bechora ayani paypaslayverishib, belini shilib, ko‘kartirib yuborishdi va tilla tangalar belda olib yurilmasligiga to‘la iqror bo‘lishgandi. Xuddi shunday qismatga toliba va uydagi qizlar ham ro‘baro‘ bo‘lishdi. Bechora qizlar xesh-urug‘larning bu qadar mehribon bo‘lib qolishganidan, shartta bag‘riga bosib olaverishlaridan va nechukdir zo‘r berib bellarini paypaslayverishlaridan hayratda edilar...
Salima aya tiliga mahkam ayollardan chiqib qoldi. Zero, to‘y-ma’rakalarda yoinki qo‘noqqa chaqiruvlarda Anorboy sinchi yoinki Rabbim cho‘loqqa o‘xshash ovuldoshlar gap orasida elning peshona teri evaziga bunyod bo‘lgan boyliklar oxir-oqibat mana shu elning o‘ziga bo‘lib berilsa maqsadga muvofiq bo‘lishi lozimligi xususida imo-ishorali, qochirimli gaplar qilishar, ammo Salima aya gapdonlar qatori boshqa hamqishloqlarining ham o‘ziga sinchkov-sinchkov tikilib qolganliklarini sezmagandek jilmaygancha o‘tiraverardi.
— Bu xotin balo! — deya e’tirof etdi bir kuni Anorboy sinchi erkaklar orasida kechayotgan gurung chog‘i. — Bizga o‘xshagan andilarni suvga olib borib, sug‘ormay olib qaytadi. Shuncha gapiraman, sira sirtiga suv yuqtirmaydi-ya! Bir tuki qilt etmay o‘tiraveradi...

* * *

To‘ng‘ich qiz institutni bitirish arafasida oiladagi uchinchi qiz ham bir urinishda institutga kirdi-ketdi. Kishloq ahli bir gurillab oldi.
— Ha, ana, bittasi kirar o‘z kuchi bilan, — derdi yoqasiga tuflab-tuflab olgan Anorboy sinchi  hovliqib, — ha, ana, nari borsa ikkitasi kirar! Lekin uchtasi... Yo‘q, o‘laman sattor, lekin men bunga ishonmayman. Hali meni ayti dersizlar, bu xotinning bir balosi bor...
Albatta, "bir balo" deyilganda nima nazarda tutilayotganini hamma anglab turardi. Ammo...
Baayni ovuldoshlarini hayratda qoddirishda davom etayotgandek shu yili kuzda Salima aya to‘ng‘ichini turmushga uzatdi. Salima ayaning yoshlik yillarini eslatadigan, suluvgina, Nodira ismli bu qiz o‘zi bilan birga o‘qiyotgan yigit bilan suyishib qolgan ekan.
Buni eshitgan Rabbim cho‘loq jo‘shib ketib, bir davrada qattiqroq gapirib ham yubordi:
— Bu nima degan gap, og‘aynilar? Yaxshi qiz mahallasidan nari ketmaydi, derdik-ku. Shunday qizni begona joyga berib yuboraveramizmi? O’zimizda yigit yo‘qmi? Albatta, g‘isht qolipidan ko‘chib ulgurgan,  ya’ni Nodiraning to‘y kuni ham belgilanib ulgurilgan edi. Ammo Rabbim oqosoqolning gapi o‘g‘illari bo‘y yetib qolgan otalarga o‘ziga xos ogohlantirishday yangradi: "Esing borida egallab qol..."
Tez orada to‘y bo‘lib o‘tdi. Kishloq oqsoqollarining, kayvonilarining shuncha harakat qilishiga qaramasdan, Salima aya kuyov tomon olib kelgan mayda-chuydalar xususida biron marta bo‘lsin norozi bo‘lib gapirmadi, "Yoshlar baxtli bo‘lsa bas, narsa topiladi", deya jilmayib turaverdi.
Bu qadar tantiliqdan hayratga tushgan ayollar o‘ylay-o‘ylay oxiri bir xulosaga kelishdi: "Bu yog‘ida yig‘ib qo‘ygani bor-da, bo‘lmasa-ku... O’shanaqa qizil tilladan bizdayam bo‘lganida edi, o‘zimiz bilardik..."
To‘y oddidan ko‘rpa qavish uchun hasharga chaqirilganda, Salima ayaning uyini qiz-juvon bosib ketdi... Buncha odam kelishini kutmagan ayaning boshi osmonda edi. Ayollar... ko‘rpa qavish bahona har bir xonaga qayta-qayta kirib chiqishdi, hatto ularning ichidagi ba’zi bir g‘ayratlilar molxonaga qadam ranjida qilib, mollarning tagini tozalab qo‘yishga ham ulgurishdi. Ayni paytda hasharga kelgan ayollarning diqqat-e’tibori yelib-yugurib xizmat qilayotgan Salima ayada bo‘ddi. Ammo aya bu gal ham sir boy bermadi, jilmayib yuraverdi.
— Bu xotinning asablari temirdan ekan, — degan xulosaga kelishdi ba’zi ayollar. —
Yo bo‘lmasa tillasini ishonchli bir joyga ko‘mib tashlagan.
Shiringina to‘y bo‘lib o‘tdi. Stoddagi to‘kin-sochinlikni ko‘rgan qishloqdoshlar lab tishlab qolishdi, so‘ng bir-birlariga ma’nodor ko‘z tashlashdi: "Bor-da, bor... Yo‘q bo‘lganda-ku..."

* * *

Kelasi bahor seryog‘in keldi.
Uzluksiz yoqqan jala tufayli ko‘pchilik qatori Salima ayaning hovlisini o‘rab turgan paxsa devorning bir necha joyi ham nurab qoldi. Kun sal isib, yerlar quriy boshlaganidan so‘ng bezovtalanib qolgan aya yaqin qarindoshlarning uch-to‘rt farzandini hasharga chorladi.
Nuragan devorni tiklash uchun nari borsa to‘rt o‘g‘lon bir kun ishlasa yetarli edi. Aytaylik, ertalab loy qorilsa, tushga borib loy pishiydi, tushdan keyin devorni bemalol tiklab qo‘ysa bo‘ladi.
Salima ayaning bezovtalanib nuragan devor yonida qayta-qayta paydo bo‘layotganini ko‘rgan Anorboy sinchi birinchi bo‘lib:
— Bu yerda bir gap bor... — dedi ma’nodor tarzda va, chaqirilmagan bo‘lsa-da, o‘zi bosh bo‘lib, o‘gillarini hasharga boshlab keldi.
Xuddi shunday mulohazaga borgan Rabbim cho‘loq ham ikki bolasini boshlab yetib keldi. Hatto o‘h-o‘hho‘lab yo‘talayotgan Abdurasul o‘pka ham bir ketmonni yelkasiga qo‘ygancha kelaveribdi.
Xullas, hovliga odam to‘lib ketdi.
Ham quvonib ketgan, ham hayron qolgan aya buncha odamni tuzukroq mehmon qilishni o‘yladimi, ishqilib, sobiq sinfdoshi Nabi otani bir chekkaga tortdi-da, og‘ilda turgan qo‘ylarning ichidan semizrog‘ini tanlab olib, so‘yishni iltimos qildi. Mehmonlar bu tantilikni ham tabiiy hol sifatida qabul qilishdi: "Bor-da, bor, yo‘q bo‘lganda-ku..."
Xullas, kamida o‘ttiz chog‘li hasharchi bir qo‘yni yeb, kekiribgina, ammo devorni sinchiklab ko‘z tashlab o‘tirishdi. To‘rt-besh chog‘li serg‘ayrat yigit hamma ishni uch-to‘rt soat ichida bitirib tashlashdi.
Ayani erinmay kuzatib o‘tirgan Anorboy sinchi kech mahal, uyga qaytish uchun yo‘lga tushgan mahallari Rabbim cho‘loqqa shivirladi:
— Balo bu, balo... Tillani boshqa joyga yashirib qo‘ygan...
Bu gasha javoban Rabbim cho‘loq kemshik tishlarini ko‘rsatib iljaydi:
— Egasining ming poylagani, olaman deganning bir poylagani... Xotin baribir xotin-da, bir kuni bildiradi-qo‘yadi...
Bu gapni eshitgan sinchi xuddi qip-qizil tillalarni qo‘lga tushirgandek og‘zi qulog‘iga yetib iljaydi va kaftlarini bir-biriga ishqadi:
— Bildiradi, baribir bildiradi...
Bu muloqotga beixtiyor shohid bo‘lgan Anorboy akaning o‘g‘li so‘rab qoldi:
— Keyin nima bo‘ladi?
Sinchi o‘g‘liga ajablanib qaradi:
— Nima nima bo‘ladi?
— Tilla qaerdaligini bilib olganlaringizdan keyin nima bo‘ladi?
Sinchi bir lahza o‘ylanib qoldi. Darvoqe, shu haqda hech mulohaza yuritib ko‘rmagan ekan. Ammo sinchi o‘g‘lining oldida sir boy bergisi kelmay, jahl bilan do‘q urdi:
— Sen kattalarning ishiga aralashma. Avval topib olaylik, nima qilishni keyin o‘ylab ko‘raveramiz... Salimaning bobosi bu tillani osmondan olmagandir, bizning bobolarimizni ishlatib toshandir...
— To‘ppa-to‘g‘ri, — deya tenxdoshining fikrini ma’qulladi Rabbim cho‘loq. — Mening bobom Salimaning bobosining qo‘lida qarol bo‘lgan. Demak, tillada mening hissam bor...
— Bizning ulushimiz ko‘proq, — dedi ishonch bilan sinchi. — Chunki Salimaning bobosining bobosi bizning bobomizning bobosining yerini tortib olib, keyin sotib yuborgan ekan... Buni menga otamning otasi aytib bergan...

* * *

Oradan yana bir yil o‘tdi.
Ovuldoshlarining shuncha sa’y-harakatlariga qaramay, Salima aya baribir sir boy bermay yurgan edi.
Kutilmaganda...
Ko‘klamning boshlari edi. Kishloqqa sel keldi.
Salima ayaning uyi sal pastlikda edi.
Sel ayaning uyiga yetmagan, ammo yerto‘lasini suvga to‘ldirgan.
Uyi balandroqda bo‘lgan Nabi ota sinfdoshidan xabar olay deb kelsa...
Yerto‘lani bosgan tizza bo‘yi loyqa suv ichida yurgan Salima aya qizarib-bo‘zarib:
— Sinfdosh, siz boravering, men o‘zim... — deganmish.
Nabi ota... fahmligina odam edi. Sinfdoshining bu iltifotidan andak shubhalangan va indamay qaytib ketish asnosida o‘z gumonini yo‘lda uchragan Anorboy sinchiga aytgan.
Sinchi o‘ylanib qolgan, so‘ng ishonch bilan:
— Tilla yerto‘lada! — degan.
Ikkala qariya xuddi kelishib olganday ngu zahoti katta-katta qadam tashlab Salima ayaning uyiga kelishgan. Kelib ko‘rishadiki, aya hamon tizza bo‘yi loyqa suv bosgan yerto‘lasida suvni shaloplatib kechib, tez-tez engashgan ko‘yi afti loyga belanib, bir nimani izlab yuribdi...
Sinchi yo‘talib, ovoz beradi.
Yo‘talni eshitgan zahoti keskin qad rostlagan Salima aya mehmonlarni ko‘rib, birdan qazarib-bo‘zaradi va noiloj:
— Voy, kelinglar, — deydi.
Sinchi ayolga diqqat bilan tikilshda davom etgan ko‘yi:
— Bir xabar olib ketgani kelgandik. Yordam kerakmi? — deydi. Salima aya  dovdirab, esnkirab, jon halpida:
— Yo‘q, yo‘q, sizlar boraveringlar, men o‘zim... — deydi.
Sinchi bir narsaga e’tibor beradi: hali ngu paytga qadar aya biron marta uyiga kelgan mehmonga “Boraveringlar...” demagan, aksincha, kulib, xush-xandon kayfiyatda kutib olgan.
“Bu yerda bir gap bor...” degan to‘xtamga keddi sinchi.
Shu bois:
— Yordamlashib yuboraylik emasa, — deya bir qadam oddinga yurdi. Rangi quv o‘chib ketgan aya jon holatda qo‘lini yuqori ko‘tardi va:
— Yo‘q, yo‘q, — dedi battar esankirab va hattoki hayajondan ovozi titrab. — Suvga tushib o‘tirmang. Muzday ekan. Men o‘zim...
— Men mahsidaman, — deya bo‘sh kelmaydi sinchi.
— Mening o‘ng oyogimni sovuq urib ketgan, endi sovuq o‘tmaydi, — deya oraga qo‘shiladi Nabi ota. — O’zim kiray emasa...
— Yo‘q! — deya hayqirib yuboradi Salima aya jon alpozda. So‘ng, ovozi qattiq chiqqanidan o‘zi xijolat chekkanday, sal muloyim gapirishga urinadi: — Aval suv silqisin, keyin o‘zim...
Shu gapni aytgandan so‘ng Salima aya shalabbo ust-boshida, yuzi loyga belangan holda yerto‘ladan chiqib keladi va o‘ziga ayricha diqqat bilan termulib turgan ikkala erkakni ajablantirgan ko‘yi tizza bo‘yi loyqa suv to‘planib yotgan yerto‘laning yog‘och eshini... yopishga urinadi.
Ayniqsa ushbu holat sinchining o‘y-xayollari bir joylarga uloqib ketishiga sabab bo‘ldi.
Tabiiyki, ostonaga loy to‘planib qolganligi bois eshik yopilmadi.
Salima aya eshikka bir muddat shuursiz holatda tikilib turgach:
— Uyga kiringizlar, mehmonlar, — deya o‘zi yo‘l boshladi.
Ammo sezgir sinchi yana biri narsani anglab ulgurgan edi: Salima aya bu taklifni o‘lganining kunidan, til uchida aytdi-yov... Boshqa payt bo‘lganda-ku, aya tilidan bol tomib, xush-xandon kayfiyatda qo‘noqlarni uyga chorlagan, o‘ziyam yelib-yugurib xizmat qilgan bo‘lardi... Sinchi bir amallab tilga kirdi:
— Mayli, rahmat, boshqalardan ham bir xabar olaylik...
Ajabki, Salima aya qo‘noqlarni qayta uyga chorlab o‘tirmadi. Sinchi bunga ham e’tibor berdi. Boshqa payt bo‘lganda-ku... Yerto‘la tarafga qayta-qayta orziqib qarab, noiloj yo‘lga tushgan Anorboy sinchi oradan yarim soat o‘tar-o‘tmas ngu yerga qaytib keddi va... 
Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, yerto‘laning yopilmagan eshigi yonida Salima ayaning bahaybat Bo‘ribosar iti bog‘lab qo‘yilgan edi.
Yerto‘lada nedir bir harakat bo‘layotganligi ham aniq edi. Sinchi uzoqdan bo‘lsa ham zingil solib qaradi va fonus ko‘tarib olgan Salima aya yana tizza bo‘yi loyqa suvni kechgancha bir nimalar qilayotganini ko‘rdi.
"Tamom! — deya o‘yladi Anorboy sinchi. — Kampir o‘zini fosh qildi. Tilallar shu yerda!.."
Darvoqe, qayd etib o‘taylikki, qishloqda sinchkov odamlar ko‘pchilikni tashkil qilardi va ayniqsa Nabi otaning uchragan odamga bo‘lgan voqeani oqizmay-tomizmay atib beraverganidan so‘ng Anorboy sinchi singari xulosaga kelganlar ancha-munchani tashkil  etardi...

* * *

Qizil, qip-qizil tillalar bor va ular shundoqqina qo‘l yetguday joyga, yerto‘laning biron kavagiga yashirib qo‘yilgan edi... 
Bu o‘y, bu mulohaza ko‘plarning aql-hushini o‘g‘irladi.
Atigi bir hafta mobaynida kamida o‘n-o‘n besh kishi kelib, Salima ayaga yerto‘lani kengaytirib qazib berishni taklif etdi.
Yerto‘lani kengaytirish qishloqda urf bo‘lgan edi. Axir yerto‘la qancha keng bo‘lsa shuncha yaxshi-da: tayyor joy, tayyor muzxona. Saraton chog‘i ham osh-qatiqlar muzdaygina bo‘lib, aynimay turaveradi.
Ammo uyga kelganlar aytayotgan haq kulguli darajada past edi. Deylik, bil quloch yer qazish o‘rtacha sakkiz yuz so‘m bo‘lgani holda, aya huzuriga kelganlar besh yuz, to‘rt yuz, uch yuzgacha bo‘lgan miqdorni aytishdi. Anorboy sinchining farzandlari esa:
— Bizga bir so‘mingiz kerak emas. Bu hashar, bizdan arzimagan yordam, — deb turib olishdi.
Biroq Salima aya yerto‘lasini tekinga qazdirishga ham ko‘nmay turib oldi.
El-ulus o‘zicha bir xulosaga keldi.
Rabbim cho‘loq bashorat qilgan ekan. Chindan-da, yaxshi qiz mahalalsidan, qishlog‘idan nari ketmas ekan.
Salima ayaning uyidan sovchilar arimay qolishdi. Eshikning turumini buzguday darajaga yetgan sovchilar shu qishloqning o‘zidan edi. Keyin bularning safiga qo‘shni qishloqdan, keyin esa tuman markazidan, nihoyat qo‘shni tumanlardan, olis-olis qishloqlardan kelganlar qo‘shilishdi.
Salima ayaning vaqti chog‘ edi...
Keyingi toliba qiz institutni bitirish arafasida qo‘shni qishloqqa, o‘zi bilan birga o‘qiydigan yigitga tushdi.
To‘y to‘kin-sochin o‘tdi va bu qishloq ahlini aslo ajablantirmadi: "Bor-da, bor... Yo‘q bo‘lganda-ku..." Balki shu xulosa ta’sirida bo‘lsa kerak, to‘yda qishloq ahli astoydil xizmat ham qildi.
Xuddi shu to‘y oqshomi ayaning yerto‘lasiga o‘g‘ri tushdi.
Bu g‘alati o‘g‘rilar yerto‘lani ag‘dar-to‘ntar qilib tashlashgan, ya’ni yerto‘laning barcha burchaklarini kovlashgan, buning uchun ketmon ishlatishganmi yoki teshami, ishqilib, kovlangan joylar unchalik chuqur emas edi.
O’g‘irlikdan xabar topib, ko‘p qatori yerto‘laga tushgan Salima ayaning bir jilmayib qo‘yganini ko‘rgan sinchining yuragi orqasiga tortib ketdi. So‘ng o‘zicha bir qarorga keldi: "Balo bu... Tillani allaqachon boshqa joyga yashirib qo‘ygan...
Xuddi shu yili Salima ayaning keyingi qizi ham institutga o‘qishga kirdi. Qishloq ahli buni ham xuddi shunaqa bo‘lishi shartdek qabul qildi. Faqat ba’zi og‘ziga kuchi yetmaganlar uer-buerda sasib qolishdi:
— Bor-da, bor... Yo‘q bo‘lganda-ku...

* * *

Fursat atalmish shiddatli oqim tinmay oldinga, noma’lum tomonga intilgani-intilgan edi.
Qayd etilgan voqealardan so‘ng ham oradan yillar o‘tdi.
Qishloqda Salima ayani orqavoratdan "Boy xotin" deb chaqirishardi. Shunga yarasha, ayaning obro‘si ham baland edi. Aytib o‘tganimizdek, biron to‘y-ma’raka ayaning ishtirokiisiz o‘tmasdi. Aya ovulning kayvoni ayollaridan biriga aylanib ulgurgandi. Bu orada kampir keyingi qizini ham bir baobro‘ xonadonga turmushga uzatdi. Holbuki, sovchi deganining soni bor edi-yu, sanog‘i yo‘q edi.
Qizil, qip-qizil tillalar esa ko‘pchilikning yodidan chiqmagan ekan. Ayaning shu qiziga uylanaman deb rosa harakat qilgan, ammo omadi yurishmagan yigitlar orasida Anorboy sinchining o‘g‘li Azim ham bor edi. Shu yigitcha bir kuni qaysidir to‘yda ichib olgan-da, o‘rtoqlari bilan birgaliqda to‘ydan tugunini ko‘tarib qaytayotgan Salima ayaning yo‘lini to‘sgan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri:
— Salima aya, qiynalib qoldim, tilla tangangizdan hech bo‘lmasa bittasini qarzga berib turing, — degan.
Jo‘ralarning hammasi ham g‘irt mast bo‘lmagan ekan. O’sha aqli-hushi joyida yigitlarning aytishiga qaraganda, aya Azimga diqqat bilan, hattoki achinib qaragan. So‘ng:
— Sen bola bir joyda ishlamasang, o‘qimasang, tillani keyin qanday qaytarasan? — deb so‘ragan.
Bir tomondan, ayaning ovozidagi mehribon ohang, ikkinchi tomondan savoddagi temir mantiq boismi, Azim nogoh qip-qizarib ketib, go‘yo ayaning fikrini ma’qullayotganday bosh irg‘aganu, darrov bu yerdan uzoqlashib qolgan... Ana shu voqeadan keyin "Aya birovga qarz bermaydi", degan gap ovulda tez tarqaddi.

* * *

Oradan yillar o‘tdi.
Salima aya hamma qizlarini o‘qitdi, oliy ma’lumotli qildi.
O’g‘iloy shaharda qoddi — institutni bitirganidan so‘ng, o‘sha yerning o‘zida muallimalik qila boshladi.
O’g‘iloyning to‘yi ayniqsa dabdabali bo‘ldi. O’ziyam nikoh kechasiga Toshkentdan artist olib kelishdi. Kuyov shaharda ishlarkan, tadbirkor ekan. Ikkita fabrikasi bor ekan...
Ammo bir narsaga tan berish kerak, Salima aya "Quda tarafim boy-badavlat ekan" deb qo‘l qovushtirib o‘tirmadi, o‘zining obro‘yini saqladi, quda tarafdan qolishmadi. 
Butun ovul ahli ham to‘yda yelib-yugurib xizmat qildi.
To‘g‘ri, to‘yning mahobatini ko‘rgan Anorboy sinchi ancha vaqtgacha siqilib, ezilib yurdi, do‘st-jo‘ralariga, yaqinlariga:
— Tillaning kamida ikkitasi ketdi-yov, — dedi ezilib.
Sinchining tillalarga bu qadar kuyinishidan ajablanganlar ham bo‘ldi. Ammo boshqa birovlar "Hammasi tushunarli" degandek ma’nodor bosh chayqab qo‘yishdi: sinchi o‘lsam o‘laman, ammo Salimaning qizlaridan birini bironta o‘g‘limga olib beraman, quda-anda bo‘lganimizdan keyin sekin-sekin sirlashib, tillalarni topib olaman, deya o‘ziga o‘zi va’da berib qo‘ygandi.
Ammo taqdir ekan, Anorboy sinchi shuncha yelib-yugurganiga qaramay Salima aya bilan quda bo‘lolmadi...
Salima aya hamma qizlarini uyli-joyli qildi. Buni qarangki, kenja qizi Nozima ngu qishloqqa kelin bo‘lib tushdi. Qizi tushmagur Abdurasul o‘pkaning kenjatoyi bilan institutda birga o‘qigan kezlari suyishib qolishibdi.
To‘grisini aytish kerak, Anorboy sinchi avvaliga to‘y xabarini eshitib ko‘zi qonga to‘lgan ahvolda yarador sherdek xonasida uyoqdan-buyoqqa borib kelaverdi, o‘zicha bir nimalar deb g‘udrandi, hatto buldozer olib borib, Salima ayaning uyini tag-tugi bilan qo‘porib tashlamoqchi ham bo‘ldi. Ammo oradan uch-to‘rt kun o‘tgandan keyin sinchi o‘zini bosib oldi. Abdurasul akaning allaqachon o‘pka kasalligidan o‘lib ketganini eslarkan:
— Hali hammasi tamom bo‘lmadi, — deb qo‘ydi ming‘irlab.

* * *

Salima aya qishloqning baobro‘ kayvonisi sifatida, barcha qizlarini turmushga chiqarib, o‘n ikkita nevaraning mehribon buvisi bo‘lgan chog‘larida, oltmish to‘qqiz yoshida hayotdan ko‘z yumdi.
"Xudoga shukr", degan iborani aya umrining oxiriga qadar takrorlab yurdi.
Salima ayaning qirqi o‘tgandan keyin qarib, beli bukchayib qolgan, ko‘zlaridan nur ketgan Anorboy sinchi yana o‘sha qizil, qip-qizil tillalar haqida gap ochdi. Zero, aya farzanlariga ham, nevaralariga ham tilla meros qilib qoldirmagani ma’lum edi.
Bu gap birovga yoqdi, boshqa birovning ensasini qotirdi.
Ammo Anorboy sinchi turib oddi:
— Tillani ko‘rmasam armonda ketaman...
 Qariyaning istagi ado etildi.
Anorboy sinchi bola-chaqali bo‘lib ketgan ikkala o‘g‘lini olib, Salima ayaning uyida o‘n besh kun g‘imirlab yurdi. Farzandlar ota ko‘rsatgan joyni erinmay kovlashdi. Salima ayaning uyi ham, mashhur yerto‘lasi ham o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib ketdi. Axiyri, sinchi yanglishmasa, o‘n beshinchi kun edi, farzandlar norozilanib, "Ketamiz"ga tushib qolishib, ketmon-cho‘kichlarni zardaliroq tarzda ishlatisha boshlashgan edi, yerto‘laning kun chiqar tarafidagi burchaqda...
Cho‘kich bir nimaga "qars" etib urildi. So‘ng cho‘kichga bir parcha oq latta o‘ralib chiqdi. Bu oq latta nimasi bilandir hov o‘sha hovuz yonida bolalar ko‘rgan oq belbog‘ni eslatardi.
Anorboy sinchi hayajonlanib ketdi. Farzandlar ham.
Tez orada chuqurcha kavlandi.
Bu... haqaqatan ham oq belbog‘ga tugilgan bir hovuch tanga edi...
Ularni qip-qizil deb atab bo‘lmasdi. To‘g‘rirog‘i, mog‘or bosgan, rangi o‘chgan qizg‘ish tangalar edi...
Sinchi entikib tangalarni ko‘ziga yaqin olib bordi.
Bu... sho‘ro payti zarb etilgan besh tiyinlik mis tangalar edi...
Farzandlar kulib yuborishdi.
Ammo sinchi taslim bo‘lmadi.
Tangalarni yig‘ib olib tuman markaziga, tanish tish shifokoriga olib bordi.
Tangalarni tekshirib ko‘rgan shifokor uzil-kesil xulosa chiqardi:
— Oddiy mis tangalar. Bir misqol ham oltini yo‘q...
Shifkor sinchining "qizil, qip-qizil, yaltirab turgan tilla tangalar" haqidagi savoliga ham o‘xshatib javob qaytaribdi:
— Bu tangani ham gilamga yarim soat ishqab turing-chi, yaltirab ko‘zni oladigan bo‘ladi...
Anorboy sinchi tuman markazidan xaranxsib, karaxt ahvodda qaytib keldi va ngu kuni kechqurun qattiq xastalanib, yotib qoldi. Issig‘i qirqdan oshib ketxan sinchi yarim kechasixa borib alahlay boshladi: "Tilla... Qip-qizil tilla... Meniki..." Anorboy sinchi viloyat markazida uzoq vaqt davolandi.
Qishloqda esa bu borada hamma har xil fikrda edi. Ayrimlar "Salima ayada umuman tilla bo‘lmagan, aya shunchaki hazillashgan" desa, boshqalar "Yo‘q, tillalar bo‘lxan, aya ularni to‘ylarxa ishlatib yuborxan", deyishardi ishonch bilan. Yana ba’zi birovlar esa "Aya bolalarining baxtini o‘ylab ngunday qilgan, axir bizda boy odamning hurmat-e’tibori katta bo‘ladi-ku, qishlog‘imizda aslida boy bo‘lmasang ham, boyga o‘xshab yashasang yaxshi", deb ham qo‘yishardi.
Xullas, yaqdil xulosaning o‘zi yo‘q edi o‘sha qizil, qip-qizil tillalar masalasida... O’txan hafta Anorboy sinchini dafn etdik. Bechora shifoxonada qiynalib jon beribdi. Sinchining og‘zidan chiqqan so‘nggi so‘z ham "Tilla..." bo‘libdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.