OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abduqayum Yo‘ldoshev. Aybdor (hikoya)

Do‘stim G‘oziqul Rabbim o‘g‘li xotirasiga

I

Azroilning qo‘liga tushganimizni eshitgan yuqori kursdagilar “chuqur ta’ziya” va “hamdardlik” izhor etishib, dalda berishmoqchiday yelkamizga qoqib-qoqib qo‘yishdi-da, qo‘shni brigadaga o‘tib ketishdi.
Biz – ro‘y bergan voqeadan gangib, hali o‘zimizga kelmagan birinchi kurs talabalari – quduq yonida uymalashgancha qolaverdik. Deyarli yigirma kun o‘qib, bir-birimiz bilan sal-pal tanishib ulgurgan bo‘lsak ham hali hech kim jo‘raboshilik rolini o‘z zimmasiga olmagan, shaddodgina kursboshimiz Shafiqa esa, tabiiyki, qizlar brigadasida qolgandi. Nihoyat, kimlar guruhdoshlari bilan, kimlar viloyatdoshlari bilan, bir-birlaridan madad izlaganday chekka-chekkaga o‘tishib, guruh-guruh bo‘lib to‘planisha boshlashdi. Hozirgina boplab ta’rifi keltirilgan Azroilning sharpasi boshimizda vahima solib turganday shivirlabgina, shundayam allaqanday begona mavzularda gaplashardik; hech kim tilining uchida turgan savolni berishga jur’at etolmasdi.
Quyosh bota boshladi. Yengil shabada esdi, shunday shiypon yonginasidan boshlanuvchi paxtazordan gupillab defoliant hidi urildi. Guruh-guruhga bo‘lingan ko‘yi shahardan olib kelganlarimizni ishtahasizgina tanovul qilishga kirishdik.
Qalbga battar g‘ashlik solib namozshom cho‘kdi. Taqdirga tan berib, shiypon ichida amal-taqal qilib qurilgan qing‘ir-qiyshiq, g‘iyqillab turuvchi omonat ikki qavatli so‘rilarga joylashishga tushdik. Tok yo‘q. Kimdir chigitlangan paxtani konserva bankasidagi yoqqa shimdirib, so‘ng pilikday eshib yoqib qo‘ygan edi, biz o‘zimizcha “barak” deb atagan shiftlarini is bosgan shiyponimiz ichi bir oz yorishdi. Faqat qo‘lbola chirog‘imizning yomon tomoni shu bo‘ldiki, pashsha-chivinlar birdaniga ko‘payib, hamma o‘zini “shap-shup” urishga tushib ketdi.
Ana shunda... Ana shunda Azroil yetib keldi!
Shiypon yonida shtab “Villis”i to‘xtagani, uning eshiklari qarsillab ochilib-yopilganini eshitdik. Hammamizning nafasimiz ichimizga tushdi, barakka jimlik cho‘kdi. Eshik shiddat bilan ochildi va dekan o‘rinbosari boshini suqib: “Stroysa! Tez!” deb baqirdi.
Tashqariga chiqdik. Ko‘pchilik o‘zini orqaga uraverganidan o‘rinbosarning o‘zi baqirib-chaqirib bizni “P” shaklida safga tizib chiqdi. Mashina ortidan qo‘lida cho‘g‘i qip-qizarib turgan sigareta bilan bir daroz odam tushdi. Sergak tortdik. U soyaboni keng shlyapa, chorxona-chorxona kostyum, paxtalik shim, kirza etik kiygan, qo‘lidagi cho‘ponlarnikiga o‘xshash uzun tayoqning bir uchi yerda sudralib kelardi; yuzini nimqorong‘ilikda aniqroq ko‘rib bo‘lmasdi.
– Bollar! – dedi u past, lekin o‘ziga ishonch aralash sal dimog‘dorlik sezilib turgan hirqiroq ovozda (undan oldindan qo‘rqib, oldindan nafratlanib turganimiz uchun bu so‘zni “mollar” tarzida eshitdik). – Senlarning baring ikkinchi-uchinchi kursda mening qo‘limdan o‘tasanlar. Har biring bilan bittama-bitta o‘tirib laboratoriya, zachyot qabul qilaman, imtihonlaringga qatnashaman. Tak shto, men bilan hazillasha ko‘rmanglar, baribir o‘zlaringga yomon bo‘ladi. Kim agar yaxshi ishlasa, kim mening aytganimni qilsa, men ham o‘sha bolaga qo‘limdan kelgancha yordam beraman... Diplomga yarimlaring yetib borsalaring ham katta gap... Men bilaman... Har yili paxta payti ancha-muncha bola haydaladi. Birinchi kursga ataylab yigirmatacha bola ortiqroq olinadi... Astoydil ishlanglar, shunda domlalarning ko‘ziga ham yaxshi ko‘rinib qolasanlar... Anavi yoqqa, – u zovurning narigi tomoniga ishora qildi, – o‘tish bo‘lmasin. U yerda kursdoshlaring bor, lekin ularning otryadi oddiy, bizniki bo‘lsa maxsus selxozotryad... Otryadda 76 kishi bor. Senlarning hammangni Qodir akam, – u o‘rinbosar tomon o‘girildi, – tanlab olganlar. Baring qishloqdan kelgansanlar, paxtaning ichida o‘sgansanlar. Tak shto, men senlar bilan ishlashib ketaman, bollar.
Dekan o‘rinbosari ham nutq irod etdi. U kishining gaplaridan ma’lum bo‘ldiki, komissarimizni Isroil Jabborovich deb chaqirishimiz kerak ekan, fakultetlar, institutlar orasida o‘tkaziladigan musobaqada albatta birinchi o‘rinni olib, fakultetimiz sakkiz yildan buyon qo‘ldan bermay kelayotgan Qizil bayroqni bu yil ham saqlab qolishga munosib hissa qo‘shishimiz kerak ekan; o‘qishga borganimizda u kishiga ko‘p ishimiz tusharkan. Tak shto, u kishining ko‘ziga yomon ko‘rinib qolmasligimiz kerak ekan, agar kim yomon ko‘rinib qolguday bo‘lsa, o‘zidan o‘pkalasin ekan, chunki har yili yig‘im-terim davrida hech bo‘lmasa boshqalarga ibrat bo‘lishi uchunoq o‘n-o‘n besh talaba institutdan haydalarkan.
Savollar bo‘lmadi.
– Bollar, otboy! Ertalab oltida pod’yom, o‘n ikki yarimdan birgacha abet. Polyadan qorong‘i tushganda qaytamiz. Normani bajarmaganlar polyada men bilan qoladi, bajarganlar uchun soat o‘nda otboy. Tushunarlimi? Tushunarli bo‘lsa, bugunga otboy! Hammang borib uxla. Kimning u yoqdan bu yoqqa yurganini ko‘rsam qattiq xafa qilaman.

II

O‘t ketganday yo oy kuyayotganday kimdir temirlarni bir-biriga urib daranglata boshladi, o‘tkir ovozda bir necha bor “Pod’yom! Selxozotryad, pod’yom!” deb takrorladi. Vahimaga tushganlar o‘rinlaridan sapchib turishdi, bu qadar erta turishga o‘rganmaganidan yotishda davom etganlar, o‘tirib uxlayotganlar ustidan ko‘rpalar sirg‘alib beton polga tusha boshladi. Qorong‘ilik (eshik yonida bittagina fonus yonib turar, Azroil Jabborovichning qo‘lidagi fonar har zamonda ko‘zlarni qamashtirib qolardi), shovqin, norozi xitoblar, to‘ng‘illab so‘kinishlar... “Lotok” deb ataluvchi beton novda turib qolgan, tish pastalaridan sut rangiga kirib borayotgan suv, sovuq havo, ko‘kda charaqlayotgan yulduzlar, tiqilinchda, gugurt cho‘plari yorug‘ida shosha-pisha yeyilgan bir-ikki luqma non; junjikib, qunishib, merovlanib safda turish…
Azroil oramizdan vaqtinchalik oshpaz va choyxonachi tanlab olgach, har birimizni familiyamizni aytib o‘rtaga chiqarib, ikkitadan etak va bittadan raqam taqdim eta boshladi. Tong qorong‘iligi sabab bo‘lsa kerak, Azroilning yuz qiyofasini yana yaxshilab ko‘ra olmadim. Faqat etak olayotganimda uning ich-ichiga botgan ikki jag‘ida olxo‘riday-olxo‘riday ikki g‘udda tinmay borib kelayotganini ko‘rib qoldim...
Asfalt yo‘ldan ozroq yurgach, Azroil bizni to‘xtatib, paykalga ishora qildi:
– Har kim xohlagan joyidan tersin. Norma 120. Bugun birinchi kun bo‘lgani uchun mayli, 100 bo‘lsin. Abetgacha 60, abetdan keyin 40, Qani, bollar, boshlanglar!
Bir vaqtlar, “Chinor” romanida bo‘lsa kerak, chigirtkalar haqida o‘qigan va tushimda bu vaboni voshillab, yo‘lida uchragan bor narsani yeb bitirib, ortidan shudgorlab tashlanganday yer qoldirib ketayotgan qora izdihom tarzida ko‘rib chiqqan edim. Biz ham rang-barang libosli izdihomday o‘zimizni paxtazorga urdik. Paykal bir mashina terimidan o‘tgan, lekin baribir oppoq chamanday, yerda ham bir olam paxta oqib yotar, go‘yo kombayn havasga g‘o‘zalardagi paxtalarni yerga to‘kib chiqqanday edi. Har kim ko‘ziga yaxshi ko‘ringan va tanishiga yaqinroq joyga tashlandi. Hali shudring ko‘tarilmagan edi, bir pasda jiqqa ho‘l bo‘ldik. Xuddi afsonaviy jonzotlardek gap yo‘q, so‘z yo‘q, dilda biroz vahima bilan yagona maqsad – yon-atrofdagilardan ortiqroq etak paxta to‘kish dardi bilan jon-jahdimiz-la ishga kirishib ketdik...
Keyinroq men o‘zimcha shunday xulosalarga ham bordimki, aftidan, Azroil ham, boshqa domlalar ham inson psixologiyasidan ancha-muncha xabardor bo‘lishgan; ehtimol, ular qadim zamonlardayoq bir-biriga notanish bo‘lgan to‘dalarning, hatto cheksiz-chegarasiz maydonda ham hosilni bir-biridan qizg‘anib, ko‘proq olib qolishga uringanliklarini bilganlar va bundan tegishlicha xulosalar chiqarishib, “zarbdor brigada” tuzish fikriga kelganlar. Shuningdek, ular bu tajribasi birinchi kurslarda, ayniqsa kechagina qishloqdan kelgan, kattalarga hurmat-ishonch qon-qoniga singib ketgan sodda bolalarda oshig‘i bilan o‘zini oqlashini ham yaxshi bilganlar. Ehtimol, ular o‘tgan bayroqdor sakkiz yil tajribasiga ko‘r-ko‘rona suyanib qo‘ya qolgandirlar...
Ko‘pchiligimiz “xomlab” qoldik; engashgach, ming mashaqqatsiz qaddimizni tiklay olmasdik. Kun chiqib, g‘o‘zalar quriganidan so‘ng barmoqlarimiz tilinib, qonab ketdi. O‘rganmaganimiz uchunmi, butifos hididan boshlarimiz aylana boshladi, ayrimlar terimni to‘xtatmagan ko‘yi o‘xchib-o‘xchib qo‘yardi... Yigirmaga yaqin bola “abetgacha 60, abetdan keyin 40” terolmadik. Ammo Azroil o‘z aytganini qildi – yo‘l ustiga “Villis”ni qo‘ydirtirib, chirog‘ini paykalga qaratdirdi, shu yorug‘likda biz – arvohday rangsiz sharpalar g‘imirlab yurib, ikki etakdan paxta terdik. Shu bilan ham normasi to‘lmaganlar shiyponga kelgach, chorak soatda yuvinib-ovqatlanib bo‘lgach, oshxonaga o‘tib kartoshka tozalashga tushdik. O‘tirgan joyida mulgib borayotganlar Azroilning tavsiyasiga ko‘ra piyozga o‘tkazildi. Men ham o‘tmas pichoq bilan piyoz artishga tushdim. Ular achchiq edi, o‘ta achchiq edi, shu qadar achchiq ediki, ko‘z yoshim tinmay quyilib kelardi, quyilib kelardi...
Ertasi kuni norma 120 ga chiqdi (“abetgacha 70, abetdan keyin 50”). Shunga qaramay, atigi o‘n uchtagina bola bu ko‘rsatkichga erisholmadi. Kechki “profilaktika”dan keyin esa atigi olti bola oshpazga yordamga keldik. Holbuki, shu kuni qo‘shni brigadadan kelgan kursdoshlarimizning aytishicha (ulardan birini ushlab olgan Azroil “Partizan!” deb barakdan haydab chiqarib yubordi), ularda norma 70, o‘rtacha ko‘rsatkich esa 50 kiloning nari-berisida ekan.
 
Birinchi besh kunlikda g‘olib chiqdik.
Tushlik chog‘i kichkinagina yig‘ilish o‘tkazilib, prorektor Azroilga “Faxriy yorliq” va pul mukofoti topshirdi. Shunda ko‘pchilik Azroilning yuzini birinchi marta ko‘rdi-yov. U mutelarcha qo‘l qovushtirgan, yuzi quvonchdan yal-yal yonar, og‘zining tanobi qochmasligi uchun qalin lablarini qattiq qimtib, ko‘zlari g‘iltillabgina turar, siyrak sarg‘ish sochli boshida shlyapasining chuqur botgan aylana izi qolgandi. Uni sahar bo‘zarar-bo‘zarmas, tong qorong‘isida, oqshom yigirma beshlik chiroqning xira yorug‘ida (paxtazorda tepangda g‘o‘ddayib turganda bosh ko‘tarib qarash qayda!) xuddi mo‘miyoday hissiz yuzli bir odam deb yurardik...
Yettinchi kuni yana mashina bir bor o‘tgan yangi paykalga tushdik. Sal chatoqlik ham ro‘y berdi: brigadir ot choptirib kelib, baqirib-chaqirgancha, yig‘laguday bo‘lib bizni haydab chiqara boshladi. Biz bajonidil uning aytganini qildik. Men uning ahvolini tushunardim albatta: qaysi dehqon qo‘l terimidan (bu ikkinchi terim-a, ikkinchi!) manfaat ko‘ribdiki... Bu endi brigada cho‘ntagidagi pulni chaqirilmagan hasharchilarga ulashish bilan barobar-da. To‘rtinchi terim, podbor bo‘lsa ham har qalay tushunarli, biroq ikkinchi terimni qo‘lda o‘tkazish... Azroil xo‘p urinib brigadirni hovuridan tushirolmagach, yo‘ldan o‘tayotgan mashinani to‘xtatib, unga o‘tirdi-da, qayoqqadir jo‘nab qoldi. Ajoyib hislarga cho‘milib, brigadirni yetti avlodi bilan qo‘shib alqab dam olib yotgan chog‘imiz “Villis”da prorektor, dekan o‘rinbosari, bo‘lim boshqaruvchisi va Azroil yetib kelishdi. Ular brigadirni chekkaroqqa olib o‘tishib, naq yarim soat aldab-avrashdi. Qiziqqonroq prorektor bu orada ikki marta do‘q ham urib yubordi (shunda biz uning “siyosat... otchyot... sekretar... olti million... dushman...” degan so‘zlarni chala-chulpa eshitib qoldik). Oxir-oqibat bo‘yinbog‘li basavlat ziyolilar omi brigadirni yengishdi – u nochor ahvolda mung‘ayib turdi-turdi-da, bizlarning qaytadan paykalga kirayotganimizni ko‘rgach, ildam otiga minib, uni bosh-bo‘yni aralash ayamay savalashga tushdi. Ot ayanchli kishnagancha o‘qday uchib ketdi. Quyuq chang ko‘tarildi. Keyinroq eshitishimizcha, brigadir shu kuni shom palla otida yig‘loqi o‘lan aytib ketayotib zovurga yiqilib tushgan, ikki qovurg‘asi singan, ko‘kragi ezilgan, shu bilan terim oxirigacha shifoxonada yotgan...

Terimni boshlaganimizga o‘n bir kun bo‘ldi. Ikkinchi besh kunlikda ham g‘olib bo‘ldik. Prorektor Azroilni quchoqlab, ikki yuzidan cho‘lpillatib o‘pib oldi.
Albatta, men tushunaman – ish odamni o‘ldirmaydi. Lekin men boshqa bir narsani taxmin qilaman: ish emas, ish muhiti, shundayam odamning o‘zini jisman emas, odamdagi odamiylikni o‘ldirishi mumkin. Ehtimol, ish bilan ishning farqi bo‘lmas, ammo bir ishdagi mikromuhit ikkinchi ishdagidan keskin farq qilishi mumkin ekan.
O‘zim qishloqda o‘sganman. Mol-hol, tomorqa, paxta deganday, ishqilib, kuniga yumush topilib turar, mehnat qilish ovqatlanish kabi oddiy ehtiyojga, tabiiy bir nimaga aylanib ketgandi. Hatto, esimda, erta ko‘klam chog‘i ho‘kiz arqonlab kelayotib, har yili tomorqa ekiladigan joydan zanglagan belkurak topib oldim. O‘shanda bir dona chuchmomani qulog‘imga qistirib olgancha yengimni, shimimning pochalari qayirib astoydil yer ag‘darishga tushib ketgandim. Ora-sira so‘lqillab yotgan yerning palaxsa-palaxsa bo‘lib ag‘darilayotgan, o‘simliklarning qizg‘ish-oqish tomirlari bor muzday bo‘laklarini qo‘limda uzoq ushlab turar, hidlar, uvalatar edim. Tushgacha ishladim, qo‘llarim qavarib ketdi, harsillab qoldim. Lekin... lekin bu, agar so‘zlarim yaltiroq bo‘lib tuyulmasa, lazzatli, ilohiy mehnat edi. Yo‘q, gap kimgadir yashirincha yaxshilik qilib, bundan ich-ichimdan yayraganimda yo kishini sarxush etuvchi bahor havosida emas edi, gap... allaqanday boshqa bir nimada ediki, buni so‘z bilan tuzukroq tushuntirib berolmayman, deb qo‘rqaman.
Bu muhitda esa, hali tong otmasdanoq “bugun rosa charchayman-da” deb ko‘ngil xijil bo‘lish, Azroilning ko‘z qarashlari, gap ohangi, zug‘umidan qo‘rqish, vahimaga tushish, kayfiyatsizlik, hamma narsadan, avvalo o‘z-o‘zingdan norozi bo‘lish, o‘zingni omadsiz, kamsitilgan, faqat bajaruvchi qo‘g‘irchoq o‘rnida ko‘rish – bularning barisi mehnatni og‘ir, kishini jisman va ma’nan ezadigan yovuz kuchga chiqarib qo‘ydi. Oqibatda men uni yomon ko‘rib qoldim, men undan bezib qoldim. Endi ish – og‘ir, mashaqqatli majburiy mashg‘ulotga aylandi. Kimdir mendan ozroq tersa badxohlik bilan quvonardim, ko‘p terganlarni ko‘rganda esa ichimdan qirindi o‘tadigan bo‘ldi; ularning barini birday yoqtirmay qoldim; asabiy, jizzaki, hatto g‘alamisroq odamga aylanib borayotganimni g‘ira-shira anglardim. Va shu bilan birga meni aynan ishning o‘zigina emas, balki “charchadim...” yoki “charchayman...” degan fikrlar tezroq horitayotgani bilib turar, ko‘pchilikni kuzatib turib esa fikrimning to‘g‘riligiga ishonch hosil qilardim. Boshqa “oddiy” otryaddagilar bizni ochiqdan-ochiq mazax qilishar, istehzo bilan qarashar, ayniqsa, eng og‘iri, eng suyak-suyakdan o‘tib ketadigani – ba’zilari bizga achinib qarashardi. Bunday nigohlarni his qilganim on nomusdan yerga kirib ketguday bo‘lardim... Shiyponimizda oqshom “partizanlar” qanday qilib o‘z tabelchilarini aldaganlari, qanday qilib bir etak paxtani uch-to‘rt marta “aylantirganlari”ni, qanday qilib kamroq terish va ayni zamonda shtabga tushmaslikka muvaffaq bo‘lganlarini aytib og‘iz ko‘pirtirishar, ishqilib, gap mavzusi kilogrammdan, qanday qilib ozroq ishlaganini (!) ko‘z-ko‘z qilishdan nariga o‘tmasdi. Kun kilogramm, tun kilogramm, sahar kilogramm, shom kilogramm, hatto bosinqirashu tushlarda ham kilogramm... Dunyoda nimalar bo‘lyapti, bu bilan qiziqmay qo‘ydik. Qiziqqan taqdirda ham na vaqtimiz, na Toshkentdan ko‘tarib kelgan gazeta-jurnallardan boshqa o‘qiydigan narsalarimiz bor edi; kichkinagina, eskidan eski televizorni esa Azroilning o‘zi kechki sakkiz yarimda yoqib, to‘qqiz yarimda o‘chirardi.
Muhit xulqimizga ta’sirini o‘tkaza boshladi: ko‘p so‘kinadigan, arzimagan gapga erinmay jiqillashadigan, “Alining alamini Validan olib”, sal bahona topilsa bas, bir-birimizga ayamay zahrimizni sochadigan bo‘ldik. “Partizanlar”ni he yo‘q, be yo‘q, to‘satdan “oqsuyaklar” atab ikki marta do‘pposlab oldik, bir marta ular ham yig‘ilishib kelishib po‘stagimizni qoqib ketishdi. Rosa kaltak yegan bo‘lsak-da to‘planib qolgan alam, g‘azabimiz bir kuncha kamayib, sal yengil tortgandek bo‘ldik...
Qo‘llarimizni qop-qora kir cholmadek bosib, taram-taram yorilib ketdi; o‘sib ketgan tirnoqlar orasiga kir to‘ldi; shampun ko‘rmayotgan sochlar avvaliga quruqshab, so‘ng yog‘ bosib gullay boshladi; qop-qora tusga kirgan lablar po‘rsillab yorildi, og‘izni sal kattaroq ochsak yo kulsak, ulardan qon sizib chiqardi; soqol-mo‘ylovlar o‘sib ketdi; g‘o‘za barglaridagi shiraga shimgan kimning shimi, kimning ko‘ylak-maykasi qo‘yib qo‘yilsa, xuddi kraxmallanganday tik turadigan holga keldi; yotoqda paypog‘u paytavaning hidi dimoqni yorardi; goh qaynatilib, goh qovurilib berilayotgan har kungi “shlang” – makaron degan balo va qotib qolgan achchiq buxanka nondan jig‘ildonlar qaynardi...

III

O‘n ikkinchi kuni tushlik mahali go‘shtsiz “sharmanda sho‘rva”ga bo‘ktirilgan nonni shosha-pisha yamlamay yutayotganimizda baragimiz eshigi bir lahzaga to‘sildi – bir gavda lipillab o‘tdi, so‘ng yana yorqin quyosh nurlari oqib kira boshladi va:
– Yoqimli ishtaha! – degan qo‘ng‘iroqdek ovozni eshitdik.
Agar o‘sha paytlari yoshlar orasida rasm bo‘lgan ibora bilan aytsak, “biz taxta bo‘lib qotib qoldik”. Gap bu so‘zlar shahardagi har oshxonada uchraydigan “Priyatnogo appetita!” tilagining tarjimasi ekanligini ko‘pchilik bilmasligida emas (o, ona o‘zbek tili, biz seni qanchalar xor qilib qo‘ydik!), gap ovoz qiz bolaning ovozi ekanligida edi. Og‘izga solganimiz og‘izda, yutayotganimiz tomog‘imizda, ushlaganimiz qo‘limizda qoldi. Qiz yana bir bor jarangdor tovushda: “Hormanglar, yigitlar!” dedi-da, o‘ng tarafdagi omborxona hisoblanmish kichkinagina hujraga kirib ketdi. Boya bir sas chiqarishga ulgurolmaganlar mana endi guvillashga tushishdi: oh, voy, dod, o‘ldim, kuydim... Biroq dovdir bu hayajonni boshqa bir:
– Bollar! – degan ovoz bosdi. Ustimizdan sovuq suv sepilganday birdan hushyor tortdik. – Besh minutdan keyin stroysa!
“Abetgacha 80” termaganlar nasibasini olganidan so‘ng Azroil otryadimizga O‘g‘iloy ismli hamshira kelganligini, endi “vazelin-mazelin, analgin-panalgin”larni shu qizdan olishimiz mumkinligini to‘ng‘illabgina e’lon qildi. Biz paxta chigitlariday bir-biriga o‘xshab ketadigan kunlarimizda shu o‘zgarish yuz berganiga ham shukr qildik. Shu payt eski satil ko‘tarib, O‘g‘iloyning o‘zi ham chiqib qoldi.
Qiz o‘n sakkiz yashar emasdi, shuning uchunmi, uning xunukkinaligi darrov ko‘zga tashlanardi. Ko‘zlari ko‘k, mayda sepkil toshgan bir burdagina yuzi ham, sirib bog‘lagan ro‘molidan chiqib peshonasiga tushib turgan bir tutam sochi ham sarg‘ish, lablari yupqa, qirra burun, ozg‘in, umuman dastavval bolaligida ko‘p kasal bo‘lgan nimjon qiz taassurotini qoldirardi. U tor kurtka, torgina shim kiygan, ayniqsa shimi uning chillakdek oyoqlarini oshkor etib turar, kimdir darhol ma’noli yo‘talib “armatura...” deb qattiq shivirlaganda qizning qomatiga, boshqasi payrovni ilib ketib: “oy”ini olib tashlasa ham bo‘larkan...” deb husniga ishora qilganida, xolisanillo aytganda, unchalik yanglishmagan edi.
Kechqurun kelganimizda qizning hujrasida chiroq o‘chiq edi. Kimdir zaharxanda bilan: “Oyimqiz sayru sayohatda”, dedi. Ammo... shiypon atrofi top-toza qilib supurilgan, ko‘loblatib suv sepilgan, daraxt tagiga bo‘shagan choy yashigi qo‘yilib, unga yopishtirilgan chizma qog‘oziga bir nimalar yozilgan edi. Yaqinroq borib “Qotgan non uchun” degan so‘zlarni o‘qidik. Yashik yoniga ariq bo‘yida to‘ntarilib yotgan kastryul keltirilib, unga “Qolgan ovqatlar uchun” deb yozilgandi. Shuncha bolaga bir o‘zi oshpazlik qilib juda charchayotganidan har kuni noliydigan Qadamdan ham, kasallik tarixini ko‘tarib kelganida (u iyul oyida sariq bo‘lgan ekan) ko‘z oldida yirtib tashlagan dekan o‘rinbosarini ko‘rganida qaltirog‘i tutib qoladigan nimjon samovarchi Tillodan ham bunday yorug‘lik chiqmasligini bilganimiz uchun bu kimning ishi ekanligini zumda tushundik. Yangilikni muhokama qilish uchun ichkariga kirarkanmiz, 25 lik chiroq xira yoritib tursa-da, baragimiz ham yog‘ tushsa yalaguday tozalab qo‘yilganining guvohi bo‘ldik. Uchinchi yangilikni choyxonachi yetkazdi: O‘g‘iloy dekan o‘rinbosari bilan avvaliga qizarib-bo‘zarib nima haqdadir rosa tortishibdi, so‘ng u bilan “Villis”ga o‘tirib jo‘nab qolibdi. O‘rinbosarning bunday ishlarga suyagi yo‘qligini eshitib ulgurganimizdanmi, kimdir cho‘zib hushtak chaldi, kimdir ma’noli iljaydi, kimdir yomon so‘kindi. Ammo to‘rtinchi yangilik ham bizni maxtal qilib qo‘ymadi – mashina keldi, undan bir-biriga kiydirilgan uchta kattagina plastmassa tog‘ora ko‘targan O‘g‘iloy, dekan o‘rinbosari, bir o‘ram simni yelkasiga tashlab olgan yana bir kishi tushdi. Badqovoqqina bu odam montyor ekan. U to‘ng‘illay-to‘ng‘illay, ko‘rpalarimizni iflos etigi bilan bosib-yanchib o‘tib bir pasda baragimizning olti joyiga, qizning hujrasi eshigi tepasiga patron o‘rnatdi, patronlarga yuzlik lampochka qo‘yib yoqib yubordi. Atrof kunduzday yorishib ketdi deng... Namozshomko‘rga o‘rganib qolgan ekanmiz, hammamiz bir-birimizga, tepaga aftimizni bujmaytirib qaraymiz.
O‘sha kuni men odam ko‘nglini ovlash uchun tog‘larni qo‘porish shart emasligini, kichkinagina iltifot, arzimagan mayda e’tiborning o‘ziyoq ko‘ngilga iliqlik baxsh etishiga amin bo‘ldim. Ayniqsa, Opa (O‘g‘iloyni endi ko‘pchilik hurmat bilan shunday atay boshladi) o‘nga yaqin kirsovun bilan tog‘oralarni o‘rtaga qo‘yib, ovqatdan so‘ng samovarda issiq suv bo‘lishini, kirlarimizni yuvib olishimiz mumkinligini, tez kunda hammom ham bo‘lishini aytganida; bir-ikkita ozroq tergan bolani haydash bilan qo‘rqitib jo‘nab ketayotgan o‘rinbosarning ortidan chopqillab borasola, endi qo‘zg‘alayotgan mashinani to‘xtatib, undan bir quchoq gazeta-jurnal olib kelib bizga berganida; ovqatimizda xush bo‘y taratib turgan shivitni, nonlarning kesib tayyorlab qo‘yilgani, idishlarni yuvish uchun bo‘sh qozonda iliq suv tayyorligini ko‘rganimizda... Eng muhimi, Opa bularning barini tabiiy bir narsalar o‘rnida ko‘rar, qilganlarini ta’kidlashni aftidan xayoliga ham keltirmasdi. Kimningdir “Nega avvalroq kelmadingiz?” degan savoliga muloyimgina jilmayib: “Sizlarni esdan chiqarishgan ekan-da, ukalar. O‘zi shunday brigada borligini kecha eshitib qoldik”, deb, “Gazetalar nega avvallari keltirilmasdi?” degan savolga esa: “Ha, endi, ko‘zlaringizni ayashgandir-da”, deya javob qaytardi. Opa bir og‘iz bo‘lsin hech kimni yomonlamadi, falonchi shu ishni qilmagan-da, demadi, balki shunisi bilan ham bizga yanada ko‘proq xush yoqdi. Hatto birov burchakdagi ustun ortidan soxta vahima bilan: “O‘rtoq vrach, ginekolog kerak!” deb qichqirganida Opa bir lahza ham dovdiramasdan o‘ktam ovozda: “O‘zingizgami?” deb javob qaytarganida ishga chiqqanimizdan buyon birinchi marta yayrab-yayrab, dumalab-dumalab, ko‘zimizdan yosh chiqquncha kuldik...
Shu oqshom ToshMIning oltinchi kurs talabasi bemorlarni qop-qop makaronlar uyulgan, eski muzlatgich g‘uvillab turgan, uch salafan qopda non turgan, bir karavot, bir stolu uch oyoqli taburetka arang siqqan xonada qabul qildi.
Oqshom yotog‘imizda qandaydir dorilarning o‘tkir hidi gurkirab ketdi.

Erta sahar, hamishagiday yulduzlar charaqlab turgan palla, Azroil normani e’lon qilayotgan edi, yelkalarini quchgancha Opa oq xalatda qunishibgina chiqib keldi. “Assalomu alaykum, yaxshi yotib turdilaringizmi?” deb so‘rashdi Opa. Biz o‘rganmaganimizdan bo‘lsa kerak, qimtinib bir nimalar deb g‘o‘ldiragan bo‘ldik. Azroil to‘ng‘illadi:
– Yotavermapsiz-da.
– Yo‘g‘-e... Ha, mana, ro‘yxat.
– ...?
– Bu yerda oltita kasalning familiyasi yozilgan. Ruxsat bersangiz, soat o‘n birlarda shtab mashinasi kelganida ularni tumandagi poliklinikaga olib borsam.
– Nima?! – Azroilning ko‘zlari olayib ketdi. – Olti kishi?! Menga qarang, Ostrovskiy qorda yalang oyoq temir yo‘l qurib...
– Korchagin... – deb yubordi kimdir davradan ehtiyotsizlik bilan.
– Qirq yettinchi! – tahdidli xo‘mraydi Azroil. Hammamizning nafasimiz ichimizga tushib ketdi – u yonidan mashhur “qora daftar”ni chiqarib, unga nimadir belgilab qo‘ydi. Bu daftar Azroilga kartotekaday gap edi. U har raqamga (Azroil birortamizning ism-familiyamizni bilmas, ammo hammamizning raqamimizni yoddan bilar, chaqirganda, gapirganda, uyg‘otganda ham faqat raqamimizni tilga olardi) alohida bet bag‘ishlagan, unga, eshitishimizcha, faqat o‘zigagina ma’lum ieroligliflar bilan goho nimalarnidir yozib qo‘yardi. Yuqori kursdagilarning aytishiga qaraganda, sinov-imtihonlar, laboratoriyalar payti shu daftar uning stolida ochiq turarkan. – Bollar, senlar boraveringlar kechagi qartaga, men yetib olaman.
Keyin qanday suhbat bo‘lib o‘tgani noma’lum, ammo odatdagiday qovog‘idan qor yog‘ayotgan Azroil dalaga kelganidan besh daqiqa o‘tar-o‘tmas boshini egib olgan, yonoqlari qizarib ketgan Opa yelkasiga etak tashlab keldi va urti olmaday shishgan jag‘ini ro‘mol bilan bog‘lab olgan Ashirning yonida paxta terishga tushib ketdi.
Bu kunga kelib o‘rtacha ko‘rsatkichimiz 165 ni tashkil etgandi. Talaba bo‘lib paxtaga borgan yoki shu sohada ishlayotganlar uchun bu raqam ancha shishirilganday tuyilishi mumkin. Aslida ham shunday. Kun bo‘yi ming o‘lib tirilsak ham 120 dan oshirolmasdik. Gap shundaki, otryaddagi o‘ttiz bola podbor terardi. Ha, o‘sha, yerda xas-tuproqqa qorishib yotgan podborni. Yosh bolaga ham ayonki, paxtaga qaraganda podborni terish bir necha barobar oson, uning vazni ham ko‘ngildagiday. Telejkaning quyi qismiga bir tirsakcha qalinlikda oq paxta yaxshilab zichlab bosiladi, so‘ng o‘rtasiga podbor uyiladi, buni endi tepkilamasa ham bo‘ladi. Shundan keyin “maskirovka”ning oliy nuqtasiga yetiladi: avval risoladagi qovun-tarvuzday yo undan ham kattaroq tosh-kesaklar, etak-etak nam tuproq podbor ustiga tashlanadi, ustidan ellik-oltmish paqir suv quyiladi, nihoyat yana bir tirsakcha paxta to‘shaladi-da, armonsiz tepkilanadi. Qarab turibsizki, bir telejka paxta (oq paxta-ya!) goho uch tonnadan ham ko‘proq tosh bosib turibdi-da. Tarozidagilar hamma narsani bilishadi, lekin miq etmay turaverishadi; laborant qizcha telejkaning qanotini ochdirib bir tutam paxtani nari-beri tekshiradi-da, “oliy sort, qo‘l terimi” deb qog‘oz yozib beraveradi... Noinsoflik juda haddidan oshib ketgan taqdirda “skidka” ko‘proq qo‘yiladi yo biron hafsalalisi telejkaning ustiga chiqib qarar, juda qunt qilsa telejka paxtani ag‘dargan payti qarar, baribir, oq paxtani ko‘radi-da, shu bilan o‘zini ishontirib, darhol orqaga qaytadi. Chunki bu yerda u yana bir muddat ushlanib qolguday bo‘lsa paxtani buntga chiqarib berayotgan elevatorning daqiqa sayin ishdan chiqayotgani, bechora ishchining so‘kina-so‘kina tosh yoki kesakni inqillab ko‘tarib, yonidagi xuddi shunday tosh-kesaklardan uyilgan toqqa olib borib tashlayotganining guvohi bo‘lib qolishi mumkin axir. To‘g‘ri, bu o‘rinda ham yo‘l bor, ya’ni bir-ikkita tirraqi talabaning go‘riga g‘isht qalash bilan qutulsa bo‘ladi. Bu odam endi, sal qo‘polroq tarzda aytiladigan bo‘lsa, go‘yo “sen kar, buning ustiga gungmisan?” deb bergan savoliga “ha, men karman, buning ustiga gungman” degan javobni eshitib, demak, to‘g‘ri topibman deb ketayotgan odamday... faqat bu o‘zini atayin go‘l tutadi, unga shu ma’qulroq, undan shuni talab qilishyapti... Esimda, sovxozimizdagi paxta punktining tarozisida bir telejka paxta tortilayotgan payti yuqoridan ma’sul rahbar kelib qoldi. Telejkaning bo‘lsa hamma tomonidan suv chakillab tomib turibdi. Sho‘rlik brigadirning fidokorligi qo‘zib ketib, ukasi haydaydigan o‘t o‘chirish mashinasini chaqirgan, o‘shandan telejkaga paxta ortish jarayonida suv quydirtirib turgan ekan. Tarozi deng, besh tonna sakkiz yuz kilogrammni ko‘rsatib turibdi. Ha, ana, bir tonnasi telejkaning og‘irligi deylik, shundayam aql bovar qilmas vazn! Punkt mudiri ilonning yog‘ini yalagan odam edi – bir satil suvni shu zahoti telejkaning tagiga quyib yubordi-da, farroshga ko‘z qisdi. Farrosh ham eslikkina ekan, shoshib shvabrasini ishga soldi, ya’nikim tarozi (ustida telejkasi bilan!) yuvilyapti. Rahbar bu ko‘zboylog‘ichlikka qarab turdi-turdi... keyin ohista, charchoq ovozda farroshga: “Opa, suv paxtaga sachramasin, sifati buziladi”, dedi-da, yugurdaklar qurshovida ichkariga kirdi-ketdi...
“Maskirovka” hammamizning ko‘z oldimizda, ba’zida shaxsan dekan o‘rinbosari boshchiligida amalga oshirilar, maktab davri “staji” ham borligi sabablimi, bunga e’tibor berib o‘tirmasdik.
Institut rahbarlari orasida Azroilning yaxshigina suyanchiqlari bor shekilli, bir paykalni “har kim xohlagan joyidan” oralab, chala-chulpa terib ulgurmasimizdan yangisini ro‘para qilishar, ba’zan qarshilik ko‘rsatib qolgan brigadirni bir amallab ko‘ndirishardi.
Ma’lumki, domlalar paxtaga ko‘pi bilan bir oyga yuboriladi. Keyin ularning o‘rniga boshqalari kelishadi. Shuning uchunmi, birinchi smenadagi domlalar paykalni tozalash, uni dalolatnoma bilan topshirish singari rasmiyatchiliklarga vaqt sarflab o‘tirishmas, hosilning barakasini uchirishib, “mendan keyin dunyoni suv bosmaydimi?” qabilida har kuni kechagidan ko‘proq paxta topshirishnigina o‘ylashar, bor aql, bor zakovat, bor iste’dodlarini faqat shu maqsad yo‘liga tikkan edilar. Buning ustiga ishning qizg‘ini, musobaqalarning gurkiragani, mukofotlarning zo‘ri shu muddat ichida bo‘lar, keyingi oylarda hasharchilar asosan dalada g‘imirlab yurib respublika rejasi to‘lishini sabr bilan kutishsalar bas edi.

IV

Haddan ortiq tortinchoq kishidan haqli ravishda shubhalana boshlaydilar...
Guruhdoshim Shukurjon o‘zi avvaldan uyatchangina bola edi. Paxtaga kelganimizdan keyin butunlay o‘z qobig‘iga o‘ralib oldi. U iloji boricha o‘zini mendan ham, boshqalardan ham olib qochar, beixtiyor kishida uning butun sa’y-harakatlari yolg‘iz qolishga qaratilgan, degan fikr paydo bo‘lardi. Abiturentlik chog‘laridayoq uning bag‘oyat o‘qimishli, aqlli, ko‘ngilchan ekanligini anglab olgan, u bilan uch-to‘rt kitob oldi-berdi qilishga ulgurgan, har qalay, oramizda yaqin tanishlikka o‘xshash bir tuyg‘u paydo bo‘lganday edi. Endi esa u sira mening ko‘zimga tik qaramas, arzimagan narsa so‘rasam ham “otim qora” qabilidagi bahonalar bilan qizarib-bo‘zarib, qiynalib rad javobini berar, choy uzatsam olmas, guruhimizda kattagina alyumin choynak bo‘lsa ham erinmasdan borib o‘ziga samovardan choy olib kelar, temir krujkasi sovib ulgurmaganidan ko‘pincha choy ichmayoq o‘rindan turib ketaverardi. Besh-olti kishi bo‘lib idish-tovoq yuvishga navbatchilik uyushtiraylik, degan taklifimni eshitib darhol qat’iyan rad etdi, hatto qo‘rqqanidan rangi bo‘zarib ketdi, ko‘zlari bo‘lsa g‘iltillaydi... So‘rining ikkinchi qavatida qisilishibgina yotardik. Bir oqshom qarasam, Shukur yechinmasdan yotibdi, keyingi oqshom esa adyolini uzun qilib eshib oramizga tashlab qo‘yibdi. Tor joyda tomosha, deganlariday bunga ham kulgim qistaydi, ham jahlim chiqadi, u bo‘lsa miq etmaydi, yana yerdan ko‘z uzmaydi... Umuman, uning badaniga bexosdan salgina tegib ketsam ham o‘zini tok urganday chetga tortayotganini ilg‘ab yurardim. Ko‘nglim g‘ash tortib, Shukurni sinchiklabroq kuzata boshladim. U ko‘p qashinardi. Bu albatta yangilik emas, deyarli hamma qashinar, bitlar ham paydo bo‘lgandi. Lekin Shukur haddan ortiq ko‘p qashinardi, ayniqsa kechalari g‘ortillatib qashinaverardi, qashinaverardi... Men yo‘talsam yoki o‘girilsam, nafasini ichiga yutib jim bo‘lib qolar, biroq o‘zini ikki-uch daqiqaga bazo‘r bosib turganidan qiynalib nafas olishi, tishlarini g‘ijirlatishi, qandaydir bujmayib qolganidan sezar va rahmim kelib yengilgina xurrak ota boshlardim. Ko‘pchilik barmoqlari orasini doka bilan bog‘lab olgandi, shuning uchun Shukurning deyarli hamisha qo‘llarini latta-puttalarga chirmab yurishiga unchalik e’tibor bermagandim. Bir kuni tushga yaqin u bir-ikki qaltirab, titrab ketdi-da, so‘ng shosha-pisha mendan uzoqlashib, g‘o‘zalar orasiga cho‘nqayib oldi. Men engashgan ko‘yi ko‘z qirim bilan uni kuzatib turardim. Sassiz yurib borib uning ustiga engashdim. Shukur latta-puttalarni yechib tashlab, jon holatda qop-qora qonga belangan barmoqlari orasini qashiyapti ekan. Meni ko‘rib dahshatga tushdi, so‘ng, to‘lib turgan ekanmi, ko‘zlaridan duvillab yosh quyilib kela boshladi. O‘zi o‘g‘il bolaning yig‘isiga toqat qilolmayman, Shukur bo‘lsa ham tinmay qashinadi, ham yig‘laydi, deng...
Shukur paxtaga jo‘nash oldidan yotoqxonadagi o‘rtoqlari bilan tug‘ilgan kunni nishonlab, tungi soat birlarda kvartirasiga kelib yotgan ekan, xo‘jayinning erdan chiqqan qizi qalam so‘rab chiqib qolibdi... Uch kun paxta tergach, barmoqlari orasida avvaliga qizg‘ish dog‘lar paydo bo‘lipti, so‘ng ular bo‘rtib-bo‘rtib, uchida sarg‘ish suv yig‘ilgan tugmachaday-tugmachaday toshmalarga aylanibdi. Ayovsiz qichitarmish. Eng yomoni – toshmalar sonida ham paydo bo‘lib, kundan kun ko‘payib ketayotganmish. Shunga “tanosil kasalligi orttirdim” deb jon-jahoni qorong‘i bo‘lib yurgan ekan. Boshqalarga ham yuqib qolishi mumkin degan vahimadan-ku bo‘lari bo‘pti toza. Nomus kuchli emasmi, hatto o‘zini o‘zi o‘ldirish fikriga ham boripti. Opa kelganida avvaliga quvonibdi, lekin baribir uyat ustunlik qilibdi...
Kechqurun sholg‘omday qizargan, qo‘rquvdan dag‘-dag‘ qaltirayotgan Shukurni deyarli sudrab Opaning oldiga olib kirdim. Opa toshmalarni sinchiklab ko‘zdan kechirayotgan palla balo-qazoday bo‘lib Azroil kirib keldi. Shukur ikkalamiz bujmayib, kichrayib qoldik. Joy yo‘qligidan Azroil ustunday bo‘yi bilan tik turaverdi. Shimi tushirilgan Shukurning bo‘lari bo‘ldi. Opa uning toshmalariga qo‘ng‘ir rang suyuqlik surdi, leykoplastir yopishtirdi, ikkala qo‘lini barmoqlarining uchiga qadar dokada bog‘ladi.
– Nima bo‘pti? – so‘radi Azroil.
Opa lotinchalab bir nima dedi.
– Qichimami?
– Yo‘q, qo‘tir. Dispanserda besh kun yotsa otday bo‘lib ketadi. Bu kasallik bir xil ovqat yeyaverganda, havo yoqmaganida, teri orasiga ko‘p chang o‘rnashib qolganida paydo bo‘ladi. Haliyam bolalaringiz sog‘lom ekan, bo‘lmasa shu vaqtgacha kamida yarmisi bu kasallikka chalinishi kerak edi. Qani, siz ham barmoqlaringizni ko‘rsating-chi, – menga murojaat qildi Opa.
– Qirq beshniyam balnisaga obormoqchimisiz?
– Olimovnimi? Albatta, – jilmaydi Opa. – Nima, siz yana o‘n kundan keyin yarim otryad dispanserga tushishishini xohlaysizmi?
– O‘n besh kunlardan keyin bo‘lsa... – taysalladi Azroil (tushunarli, bu muddatdan keyin birinchi smenadagi domlalar shaharga qaytishadi). – Yod-pod surib turishning iloji yo‘qmi?
– Yo‘q. Menda... – Opa yana lotincha atamani tilga oldi, – mazining o‘n protsentlisi yo‘q. Qarang, Olimovda kasallik bundan kamida o‘n kun burun boshlangan. U dispanserda hech bo‘lmasa bir hafta yotishi kerak.
– O‘n... – Azroil bizga g‘o‘ddayib qaradi. – Menga qarang, singlim, men yetmish olti kishi hisobiga paxta topshiraman, bunga choyxonachi, oshpazni qo‘shsak...
– Men sizga VKKning qog‘ozini olib kelib beraman, domla.
– Mendan qog‘oz emas, paxta so‘rashadi, singlim, paxta! Meni ham tushuning-da...
– Meni kechirasiz, domla, lekin mendan bolalarning sog‘ligini so‘rashadi.
– Qo‘ying, singlim, yarashmagan gaplarni. Sizdan faqat xarakteristika so‘rashadi. O‘shani esa, mana, men yozib beraman. Agar bironta kasal chiqmasa, “a’lo” cho‘ntagimda deyavering. Mayli, uyingizga borib besh-olti kun dam olib keling, men sizga mashina to‘g‘rilab beraman. Mayli, qirq beshinchi bolalarga qaraganda kamroq tersin, men ruxsat buraman. Xo‘pmi, singlim... Men ham tushunaman, birontasi iltimos qilgandir, balki tanishingizdir, agar yaxshilab tekshirsam, bir viloyatdan chiqib qolarsizlar...
Opaning doka o‘rayotgan qo‘llari titrab ketdi, rangi oqardi.
– Yo‘q, domla.
– E-e...
Azroil eshikni taraqlatib yopib chiqib ketdi.
Baribir, Azroil Azroillligiga bordi – ertalab Opa o‘rtaga chiqargan yetti bolaning har birining ustiga bostirib borib, urib yuborguday vajohatda: “Bugun paxta terolasanmi?” deb so‘radi. Opaning jon kuydirib tushuntirishlariga quloq solmadi. Oqibat, Shukur bilan Ashirgina shifoxonaga boradigan bo‘ldi. Shundayam ularning guruhdoshlari, “zemlyaklari” normadan o‘n-o‘n besh kilodan ko‘proq paxta terishsa, ularning yo‘qligini bildirishmasa. Biz rozi bo‘ldik. Azroil yana olti kishini podborga o‘tkazdi.

Soat kechki oltilar chamasi paykal yoniga ikkita “Ikarus” kelib to‘xtadi. Ularning oldingisidan tushgan Opa ro‘molini silkitib bizlarni chaqira boshladi. Bordik. Ajab, “hammom” kuni ekan. Terib qo‘ygan paxtalarimizni topshirishga chopdik. Opa ham xirmon boshiga keldi. Bir lahzada paykal oralab yurgan Azroil paydo bo‘ldi. U Opaning jilmayib “Hormang” deganiga javob ham bermay to‘rt qadam naridan do‘q ura ketdi:
– Bu nima qiliq? Kim sizga huquq berdi? Bollarni nega ishdan chalg‘itasiz?
Opa cho‘ntagidan bir varaq qog‘oz oldi:
– Mana, shtab boshlig‘i tasdiqlagan jadval. Unga ko‘ra brigadamiz hozir hammomga borishi kerak. Shoshilmasak bo‘lmaydi, avtobuslarni topguncha yarim soat ovora bo‘ldim.
– Menga qarang, yaxshi qiz, – vishilladi Azroil, – mening o‘z xo‘jayinlarim bor, ular menga bunday ko‘rsatma bermagan. Tak shto, avtobuslarni qaytarib yuboring-da, darrov barakka boring. Tamom!
– Minzdravning buyrug‘iga ko‘ra, domla, hasharchilar har o‘n kunda bir marta hammomga borib turishlari shart. Bundan xabaringiz bordir, – yig‘laguday bo‘ldi Opa. – Navbatimiz o‘tib ketadi axir.
– Bilmayman, bilmayman. O‘n yildan buyon paxtaga chiqaman, bunaqa buyruqni birinchi eshitishim. Undan keyin, hamma buyruqlar ham bajarilavermaydi. O‘zingiz ham osmondan tushmagansiz, buni yaxshi bilasiz. Nima keragi bor, o‘zingizni ukalaringiz tengi bolalarga yaxshi ko‘rsataverib, shu bilan shoxingiz chiqib qoladimi?
– Domla!
– Bo‘ldi! Hamma ishga!
– Men... men ustingizdan shikoyat qilaman... Men raport yozaman!
– To‘g‘ri ...ovning oldiga boraqoling, bir yo‘la mulla bo‘lib qaytasiz. Yozadigan bo‘lsangiz ham barakka borib yozing, bu yerda ivirsib yurmang!
– Men... “Komsomolka”ga... “Pravda”ga... – ko‘zlaridan shashqator yosh quyilib kela boshlagan Opa qo‘llari bilan yuzini to‘sgancha shiypon tarafga chopib ketdi.
Avtobuslar qaytib ketishdi.

Kechqurun Azroilning xonasiga prorektor, dekan o‘rinbosari va yonboshiga “meditsinskoe” deb yozilgan mashinada kelgan uch kishi yig‘ilishdi. Bir soatlar chamasi g‘o‘ng‘illashib, orada ovqatlanib ham olishgach, Opani chaqirishdi. Yana yarim soatcha vaqt g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir, goh eshitilib qolayotgan keskin tovushlar, stolni mushtlab qolishlarda o‘tdi. Nihoyat... ko‘zlari qizarib ketgan Opa otilib chiqdi-yu, chopib borib o‘z xonasiga kirib ketdi. Biz uning ho‘ngrab yuborganini, bo‘g‘ilib hiqillashga tushganini eshitdik. Ovqat yemadik hisob. Turli shubha-gumonlarda o‘tgan yana yarim soatdan so‘ng hay’at chiqib keldi. Mashinalar o‘t oldirildi, qay biridir cho‘zib signal berdi va shunda... kichkinagina tugunni bag‘riga bosgan Opa xonasidan chiqdi. Opa ostonaga yetganida to‘xtab, nim o‘girildi, past ovozda: “Xayr, yigitlar...” dedi.
Ko‘chaga chiqib, Opamizni olib ketgan mashina ortidan uzoq qarab qoldik...

Ertasi kuni tushlikka kelayotgan mahalimiz kunchuvoqda ko‘rpa to‘shab, yalang‘och badanini oftobga toblab yotgan novchagina yigitni ko‘rdik. Shu yigitni Opamizning o‘rniga qo‘yishipti. Opamizni esa bu yerdan ikki chaqirimcha naridagi brigadaga yuborishibdi. Yigit taqa mo‘ylov qo‘ygan, yaltirab turgan quyuq sochlarini tepaga taragan, umuman, o‘z tashqi ko‘rinishiga ba’zi qizlarga qaraganda ham ko‘proq qaraydigan oliftalardan biri ekanligi ko‘rinib turardi. Shuning uchunmi, ko‘pchilik uni birinchi ko‘rishdayoq yoqtirmay qoldi. Buning ustiga xorazmlik oshpazimiz Qadam bir gap topib keldi. Uning aytishicha, shu kungacha har kuni kichkinagina dekcha qozonda ikki mahal uch-to‘rt kishiga mo‘ljallab sergo‘sht, yog‘li ovqat tayyorlab kelarkan. Uni Azroil ba’zan shtabdan kelgan birontasi, ba’zan ma’ruza o‘qishga kelganlardan biri (buni qarang, lektor jimjimador imzoni olib, tishini kavlagancha qaytib ketaverarkan) bilan baham ko‘rarkan. Qadam Opaning stoliga ham birinchi kuniyoq Azroilning ko‘rsatmasiga ko‘ra likopchada quling o‘rgulsin qovurdoqni olib kirib qo‘ygan ekan. Bir payt Opa ovqatni olib chiqib “taq” etkazib uning oldiga qo‘yibdi-da, shu yerda turgan Azroilga eshittirib: “Bolalarning rizqi teshib chiqmasa oling, o‘zingiz yeng!” depti. So‘ng o‘zining kichkinagina, qozoqi piyoladay keladigan kosasiga yarim cho‘mich makaron sho‘rva suzib olib kirib ketipti. Baqaloq oshpazimiz bundan qatiq ta’sirlanib yurgan ekan. Yangi vrach Raimberdi bugun unga bepisandlik bilan: “Yigit, bizga qiladigan ovqatingda sabzini ko‘proq ishlat, men “S” vitaminini yaxshi ko‘raman”, deganida avvaliga indamapti. Keyin, turib-turib o‘ziga alam qilib ketibdi. Shu alam ta’sirida “Mana, senga “P” vitamini!” deb piyozdan, “Mana, senga “K” vitamini!” deb kartoshkadan rosa solipti, “S” va “G” vitaminlaridan umuman ishlatmpti. Qilar ishni qilib qo‘yib, endi qaltirab yurgan baqalog‘imizni rosa maqtovlarga ko‘mib tashladik... Sezganimizday, qahramonlik oxiri Qadam uchun ayanchli tugadi – Azroil uni oshpazlikdan olib tashladi.
Oqshom Azroil bilan Raimberdi magnitafonni varanglatib, sigareta tutuniga ko‘milgan ko‘yi bitta “Russkaya”ni bo‘shatishganini ko‘rgach esa ikkalasini birday yomon ko‘radigan bo‘ldik.

V

Alami ichida yurgan, har kuni tungi to‘qqiz-o‘ngacha paxta terib, shundan keyin yana o‘z sevimli piyoz-kartoshkalariga ro‘baro‘ bo‘layotgan sobiq oshpazimiz sabablimi, kunda-shunda kelib-ketib yurgan “partizan”lar sabablimi, ishqilib, mish-mish g‘imirlab qoldi: emishki, bundan to‘rt yil burun bizga o‘xshagan otryad bolalari bayramda o‘zlarini mastlikka solishib Azroilni rosa qo‘rqitishgan, o‘shanda u bir haftacha birontasiga miq etolmay yurgan ekan. To‘g‘ri, u yili Azroil endi institutni bitirgan yosh, g‘o‘r yigit ekan, lekin... urinib ko‘rsa bo‘ladi, chiqmagan jondan umid. 5 noyabrda kelganimizga bir oy bo‘lishi, Azroilning shaharga qaytib ketishi ehtimoli rejamizni tezlashtirishni taqozo qilardi. O‘ziga “Kramer” laqabini olgan Qadam ishni shunday tashkil etdiki, bir yo‘la yetti-sakkiz kishi pul yig‘ishga tushdi. Apil-tapil qilib qirq so‘m to‘plandi. Tergan paxtalarimiz uchun bizga haq to‘lanmas, hali noyabr oxiri, dekabr boshlarida yigirma-o‘ttiz kun bekordan-bekorga dalada yurishimiz ehtimoli nazarda tutilib, pulimiz o‘sha “qora kunlar”ga asrab qo‘yilmoqda ekan, ya’ni yeyish-ichishimizga to‘lash uchun. Talabalarga spirtli ichimlik sotish man qilinganidan mahalliy aholidan kimdir bu pulga ikkita aroq olib kelib berdi.
Ilmiy adabiyotda “platsebo effekti” degan tushuncha bor. Buni puch yong‘oq tarzida ham ishlatishadi. Bunda, masalan, bir pulga qimmat habdorini maqtay-maqtay shifobaxsh xususiyatga ega mo‘‘jizaviy dori sifatida taqdim etish va kutilgan natijani qo‘lga kiritish mumkin. Yoki boshqa bir misol: mulla o‘qiyotgan “kuf-suf”ga dildan ishonsangizgina tish og‘rig‘ingiz qoladi. Bizning baragimizda shunga o‘xshash bir nima yuz berdi. Ishonasizmi-yo‘qmi, aroqning bor-yo‘g‘i bittasi ichildi, lekin deyarli hamma mast bo‘ldi. Juda ko‘pchilik bir qultum ham ichmadi, juda ko‘pchilik shunchaki hidlab qo‘yaqoldi, ammo hamma mast bo‘ldi! Bu hodisa bir kuni oqshom och qoringa yuz gramm otib olgan Qadamning: “Chaqiringlar Azroilni bu yoqqa! O‘g‘ri u!” deb aljiragan damdan boshlandi. Qadam tuzukkina alyor aytarkan, tili aljirasa ham so‘zlari ma’noligina edi: “Ota-bobolarimizni eslaylik... Yigit nomimizni oqlaylik!..” Shunda “platsebo effekti” yuz ko‘rsatdi. Ko‘pchilik shunchaki bo‘sh yoki suv solingan piyolayu stakanlarni bir-biri bilan cho‘qishtira boshladi. Ular suv yoki havoni xuddi Qadamday aftlarini bujmaytirib icha boshlashdi, xuddi Qadamday ko‘zlaridan yosh chiqa boshladi, xuddi Qadamday yenglarini hidlashib “zakuska” qila boshlashdi. Organizmda g‘alati sirli bir nima ro‘y berdi va ko‘pchilik Qadamga o‘xshab chayqalib, aljirab, ko‘zlari suzilib, bilsa-bilmasa chekishga tushib ketishdi. Ko‘zlarni achishtirayotgan quyuq tutun ko‘pchilikning chindan ham mast ekanligiga so‘nggi dalil bo‘ldi. Demak, qandaydir ishlar qilishimiz kerak, degan o‘ylar boshlarda charx ura boshladi. Ko‘zlar qizardi, qonlar ko‘pirdi, peshonalarga isitma toshdi, qo‘llar musht bo‘lib tugildi, kalta-kalta nafas ola boshlashdi, ko‘kraklar ko‘tarilib tushardi. Shu bilan birga hamma jonsaraklik bilan so‘nggi turtkini entikib kutardi. Uyam topila qoldi – mehmonga kelgan “partizan” hamisha mo‘min-qobilgina bo‘lib yuradigan Komilning yonidan o‘tayotib (u so‘rida ko‘mirday qorayib ketgan oyoqlarini osiltirib o‘tirardi) sal tislandi, lekin yelkasi uning oyog‘iga tegib ketdi. Komil o‘rnidan sapchib turasolib, xuddi hindularday qattiq na’ra tortdi-da, boshqa birovga qaratilgani ochiq-oydin ko‘rinib turgan beadad g‘azabda tishlarini g‘ijirlatib bo‘kirdi:
– A-e-e! Salxozotryad, bormisan, ur oliftalarni, u-r-ur!
Bu nido porox bochkasiga tushgan uchqun bo‘ldi. Hamma bir-birini bosib-yanchib bechora “partizan”ga tashlandi. Kimlardir hafsala bilan bir onda chiroqlarning barini sindirdi. Zim-ziyo qorong‘ilikda so‘kinishlar, ohlar, hayqiriqlar, yordam so‘rashlar... Chekkadagi so‘rining ikkinchi qavati qulab tushdi, bu jangga yanada shiddatliroq tus berdi... Shu bilan birga bu telba izdihom xuddi kimningdir izmiga bo‘ysunayotganday asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, Azroilning xonasi tomon siljib borardi. Yiqilayotganlar shu tomonga qarab yiqilar, qochgan ham shu tomonga qarab qochar, quvgan ham shu tomonga qarab quvar, ortga, so‘rilarga qaytgan jonga birov qayrilib qaramas, ular go‘yo dam olish uchun chiqayotgan o‘yinchilarday gap edi. Ular o‘rniga yangilari maydonga tushardi.
Mana, oqim Azroilning hujrasi eshigiga taqaldi... yana bir siltov va parda tutilgan oyna qarsillab sindi, eshikning ikkala tavaqasi taraqlab ochilib ketdi, birdaniga besh-olti bola bir-birini bosib polga yiqilib tushdi, biron joyini oyna kesdi shekilli, kimdir vahshiyona tarzda chinqirib yubordi. Agar shu chinqiriq bo‘lmaganida, agar shu lahzada Muqbil toshotarning munosib vorislari chiroqni ko‘zlab ulgurmaganida, agar Azroil odatdagiday o‘ziga to‘la ishongan ovoz bilan bir baqirib berganida ehtimol, isyon shu bilan tugagan-qo‘ygan bo‘lardi. Lekin merganlar o‘z mahoratlarini namoyish etib ulgurdilar, Azroil sapchib ortga chekingancha vahimaga tushgani yaqqol bilinib turgan qaltiroq ovozda: “Nima bu... Nima gap?” dedi va... olovga moy sepildi. Bir onda kichkinagina xonaga eng kamida ellik kishi kirib ulgurdi, ularning yarmi qavat-qavat bo‘lib cho‘zilib yotar, bir qismi devor yonidagi shkafni tepib sindirib, uning ichidagi qog‘ozlarni sochar, bir qismi bir-biri bilan ayamay solishar, yana bir qismi esa urib-tepib derazani sindirishardi. Urush asosan xonada va deraza yonida davom etar, xuddi hind filmlaridagiday gursillashlar ham, dod-voylar ham, “iyya!”lar ham oshib-toshib yotar, bularning qay biri rost, qay biri yasama ekanligini anglab bo‘lmas, shu bilan birga eng kuchli zarbalar albatta nishonga tegmas, besh-olti bola qo‘lida o‘ynayotgan qo‘lbola to‘qmoqlar esa nuqul devorga yo derazaning hozircha butun romiga qarsillab kelib tegar, bunday bitta zarb har qanaqangi odamning bosh chanog‘ini majaqlab tashlashi tayin edi. Ko‘kka chiqib ulgurgan oyning xira-oqish yog‘dusida ikki uzun gavda shosha-pisha derazadan sakrab tushdi, biri qo‘rquv bilan: “Olomon bu! O‘ldirib qo‘yadi!” dedi, ikkalasi o‘zlarini asfalt yo‘l tomon urishdi. G‘alaba sharobi bizni yanada sarxush etdi, qiyqiriqlar bilan tashqariga otildik, jon-jahdimiz bilan oshxonaning omonat tiklangan devorlarini yer bilan yakson qildik, har tomonga tarqalib gulxanlar qalashga tushib ketdik. Ko‘pchiligimizning qonimizda otashparast bobolarimizdan bir nima qolgan shekilli, ko‘kka o‘rlayotgan olovga qarab turib totli g‘alaba hislarini yana bir bor tuydik, ko‘nglimiz to‘lib, yig‘lab ham oldik. Lotok ortida yana bir gulxan tillari bilanglab ko‘rindi, qora tutunidan ballon yoqilayotganini taxmin qilib shu tarafga otildik. Endi yigirma-o‘ttiz qadam chopganimni bilaman, nimagadir qoqilib yuztuban yiqildim. Tizzam jizillab ketdi. Gugurt yoqdim. Oldimda qoziqlari tepaga qarab qolgan borona yotardi. Bahordan beri yotaverganidan bo‘lsa kerak, rosa zang bosgan. Qiziq ustida bilinmagan ekan, tizzam lo‘qillab og‘riy boshladi, qon etigimga oqib kirar, paytavamdan sizib o‘tgan iliq suyuqlik barmoqlarim orasida bilchillardi. Borona ustiga ko‘kragim bilan yiqilmaganim uchun shukronalar aytib, ro‘molchamda yara o‘rnini sirib bog‘ladim.
Oqsoqlanib barakka qaytdim. O‘rnimga yotdim. Uxlolmadim. Lo‘qillash xuddi ming oyoqli jondorday shoshilmasdan, bir maromda, asta-sekinlik bilan yuqoriga siljimoqda edi. O‘zimni yana bir bor mast his qilib (eshitganmiz, o‘qiganmiz, kinoda ko‘rganmiz axir) oyog‘imni ko‘tarib yotmoqchi, shu bilan og‘riqning yurishini tezlashtirib, uni tezroq vujudimdan chiqarib tashlamoqchi ham bo‘ldim, ammo bu masxarabozligim o‘zimga bachkana tuyulib, darrov hushyorligimga qaytdim. Birin-ketiin kirib kelgan bolalar indamasdan yotib qolishdi. Og‘riq haqida birovga gapirgim kelmadi, go‘yo bu kecha mastlik singari og‘riq ham yolg‘onday...
Kechasi deyarli uxlamadim. Endi ko‘zim ilinganday edi, nimadir shiqirladi. Boshimni ko‘tarib ikki sharpaning oyoq uchida Azroilning xonasiga kirib ketayotganini ko‘rdim. Shu vaqt uvishib qolgan oyog‘imida yana og‘riq paydo bo‘ldi, tishimni tishimga bosib, ko‘zlarimni chirt yumib oldim...

Tongda Azroil “...hammalaring bilan kechqurun gaplashaman... haydataman... institutda gaplashaman...” deb rosa po‘pisa qildi, biroq ko‘pchilik sezdiki, u uydagi gapni ko‘chaga olib chiqmaydi, u bundan manfaatdor emas, aksincha, hatto obro‘yi tushib qolishi mumkin. Buning ustiga Qadam o‘rtaga chiqib, bor aybni oqshom bostirib kelgan “mestniylar”ga to‘nkab turib oldi. Shu sezgi sabablimi, biz o‘zimizning jamoa, kuch ekanligimizni ilg‘ab oldik, oramizda qandaydir yaqinlik paydo bo‘ldi go‘yo. Shu sezgi sabablimi, og‘riq oyog‘im qaltirab bir etak paxtani ko‘tarolmay turganimda bir emas, uch bola ko‘makka keldi. Rangi sarg‘ayib, kuni bilan qayt qilib yurgan Qadamga ham ikki-uchtasi yordamlashayotganini ko‘rdim.
O‘ng oyog‘im soat sayin qizarib, do‘mbiraday shishib bormoqdaydi. Tushlik chog‘i Azroilning derazalar o‘rniga karton qog‘oz, fanerlar qoqilgan, sal tartibga keltirilib ulgurgan xonasiga kirib, vrachga oyog‘im shishayotganini aytdim. U sigaretasini og‘zidan olmay, istehzo bilan tikildi-da: “Kecha kamroq ichish kerak edi, yigit”, dedi.
Muolajadan umidimni uzib, tushlikdan keyin ham dalaga chiqdim. Har narsadan boxabar Qadam hammamizga shipshitib chiqdi: endi ikki-uch kun jimgina yurishimiz kerak ekan, Azroil kechagi voqeani xo‘jayinlariga chaqolmagani alamiga arzimagan narsa topsayam uch-to‘rt kishining ustidan raport yozib berishi aniq ekan.
Kechqurun ovqat tortmadi. O‘rnimda cho‘zilib yotaverdim. Kimdir g‘isht qizdirib kelib oyog‘imga bosdi, kimdir qaynoq suv solingan grelka qo‘ydi. Issiq elitib uxlab qopman. Jiqqa terga botib uyg‘onganimda taxminan yarim kechasi edi. Oyog‘im vahimali tarzda shishib ketgan, lo‘qillash o‘ng oyog‘im barmoqlari uchidan tortib to miyamgacha yetgandi. Og‘zim quruqshagan, vujudimning yarmi issiq plita ustida yotganday qizimoqda, ikkinchi yarmida jon asari yo‘qday, muz. Amallab qaddimni ko‘tardim. Ko‘z oldimni tuman bosdi, miyam shang‘illab ketdi. O‘ng oyog‘im to‘ntarilib qo‘yilgan kuviday yuqoridan pastga qarab shishib ketgan, keng-mo‘lgina shimim sirilib turardi. Ikkinchi qavatdan pastga osilib tushish do‘zax azobi bo‘ldi... Chap oyog‘imga etik kiydim, o‘ngiga shippak ham bormadi. So‘ri tagida yotgan to‘qmoqlardan birini oldim. Qo‘polligini aytmasa, tuzukkina hassalikka yarardi. Bir oyoqda sakray-sakray tashqariga chiqdim.
Yo‘lim sira unmasdi, toshbaqa misol sudralib ketayotganday edim. Ikki yonda odatda kombayinlar qayrilishi uchun tayyorlanadigan yo‘l bo‘lishi esimga tushdi. Ular sertuproq, ammo hozir shudring tushib turgani uchun unchalik changimasa kerak. Sirg‘alib pastga tushdim.
Shunday qilib, besh-olti daqiqa asfalt yo‘lda hakkalayman, so‘ng pastga sirg‘alib tushib tuproq yo‘lda emaklayman; hamma joyim loyga belanganini aytmaganda, yo‘lim una boshladi.
Zovur... O, baxt! – uzoqdan traktor tovushi eshitildi, zum o‘tmay uning chiroqlari ko‘rindi. Sal odam bashara ko‘rinish uchun ust-boshimni qoqqan bo‘ldim. Yo‘l chekkasida hurmat yuzasidan nim egilib, bo‘sh qo‘lim ko‘ksimda uni kuta boshladim. Keldi. O‘tkir chiroqlar nuridan ko‘zim qamashib, “to‘xtating, birga ketaylik” ishorasini qildim. Traktor sal sekinladi, so‘ng birdaniga gaz berib yulqinib oldinga intildi-da, o‘tdi-ketdi. O‘ziyam oltitami telejka sudrab kelayotgan ekan, ular bilanglab-bilanglab ilon izi qilib yura boshladi, agar o‘zimni pastga otmaganimda oxirrog‘idagilar qanoti bilan urib ketishi tayin edi.
Yer bilan bitta bo‘lib yotibman-u, xo‘rligim keladi... Traktorchini ham tushunardim albatta: yarim tun, ust-bosh loy, qo‘lida tayog‘i bilan zovurdan chiqib kelgan arvoh, shu qabilidagi hikoyatlarning yodga tushishi...

Opa shifokorlik qilayotgan shiyponga yetishimga ikki yuz qadamcha qoldi. Osmonda charaqlab turgan yulduzlarning joylashish o‘rniga qarab baragimizda “pod’yom” bo‘lgani, hozir bolalarning choy ichishga tushganini taxmin qildim. Shoshilish kerak edi. Rejamga ko‘ra, hech bo‘lmasa ishga chiqar mahaliga qaytib ulgurishim kerak edi. Sababi... sababi shuki, men o‘qishni istardim, to‘satdan Azroil tuzadigan ro‘yxatga tushib qolib, boshimga g‘alva orttirishni istamasdim, yemagan somsaga kimning pul to‘lagisi keladi...
Bilmadim, bu masofani qanchada sudralib bosib o‘tdim, ammo osmonda yulduzlar so‘ngani, ufqda ilk zarrin nurlar paydo bo‘lgani yodimda. Shiypon jimjit edi. Hamma ishga ketganmikin deb o‘yladim, biroq samovarchining choy qaynatayotganini ko‘rib, bolalar hali uxlashayotganini tushundim. Endi shishgan oyog‘im bir bo‘lak yog‘ochga aylangan, go‘yo hozir uni ursam, qirqsam, kuydirsam ham hech nima sezmaydiganday edi; muz belim tomon o‘rlamoqda edi... Ko‘rinishim bilan samovarchini cho‘chitmaslik uchun sudralib ichkariga kirdim. Bu joylarda hamma shiyponlar ikki tomchi suvday bir-biriga o‘xshash bo‘lishini bilganim uchun o‘ngdagi hujraga yetib oldim. Eshik tutqichidan ushlab, ming mashaqqat bilan qaddimni rostladim. Og‘ir-og‘ir nafas olgan ko‘yi sekin eshikni taqillatdim. Ichkaridan qiz bolaning “hozir” degan tovushi eshitildi. Birdan yengil tortdim, shu qadar yengil tortdimki, ichi bo‘m-bo‘sh mo‘miyo vujudga aylanib qolganday sezdim o‘zimni, shu bilan meni ushbu lahzaga qadar ushlab, suyab turgan nomsiz qudratli bir nimadan ayrilganday bo‘ldim va “Opa...” deya shivirlagancha beton polga gursillab yiqildim. Ongimni quyuq tuman qoplab borarkan, nazarimda, Opaning qichqirib yuborganini eshitganday bo‘ldim...

VI

Men yo‘nalishni butunlay qarama-qarshi tomonga olgan, O‘g‘iloy opa emas, u kishining kursdoshi vrachlik qilayotgan brigadaga kelib qolgan ekanman. Keyinroq gapirib berishlaricha, meni kushetkaga yotqizishgach, pichoq bilan shimimni kesayotgan qiz oyog‘imni ko‘rgan zahoti “Qorason” deya chirqirab yig‘lab yuborganmish. U besh-olti yigitni mashina topib kelishga yuboribdi, ko‘zidan duvillab oqayotgan yoshi tinmay menga ukol qilipti. Shu payt bo‘lim boshqaruvchisi “Jiguli”sida kelib qolipti. Mashina bir pasda meni tuman markazidagi shifoxonaga yetkazib kelipti. Ammo qon zaharlanib ulgurgan ekan, olti soatlik mashaqqatli operatsiyadan keyin har qalay tizzamdan yuqorisini saqlab qolishipti...
Uch sutka ko‘z ochmabman. Opa har kuni ikki-uch marta holimdan xabar olib ketarkan. Ammo sovrin baribir Azroillarda ketdi – ko‘zimni ochgan lahzada Azroilni, dekan o‘rinbosarini, Raimberdini ko‘rdim. Ko‘rdim-u, xira ongimda narigi dunyoda Azroil bilan o‘tiribman, degan o‘ydan dahshatga tushib, yana hushimdan ketdim.
Qisqasi, ular yarim kun mobaynida yengimdan kirib, yoqamdan chiqishdi. “Hay-hay” demasam tiz cho‘kkuday bo‘lishdi. “Qizil diplom”, kandidatlik dissertatsiyalari timsolida oltin tog‘lar va’da qilishdi, butun qarindosh-urug‘larim uchun institut eshigini lang ochib qo‘yishdi, hatto prorektorning shaxsan o‘zi kelib, men bilan juda quyuq so‘rashib ketdi... Pirovardida, ular aytib turishdi, men tushuntirish xati yozdim, ya’ni, men falon kuni yiqilib tushdim, domlalarga aytmadim, yashirdim, arzimagan narsa deb o‘yladim, oyog‘im shisha boshlagach, falon brigadadagi o‘rtog‘im bilan maslahatlashay deb yo‘lga chiqqandim, ayb o‘zimda. Sana. Imzo.
Ular chiqib ketishdi. Opa kirdi. Ko‘zlari kirtayib, yanada ozib qolibdi bechora. Oldimda bir fursat jimgina o‘tirdi. Keyin sekingina: “Bularning ko‘payayotganiga o‘zimiz ham aybdormiz-da, uka...” dedi. Na ta’na qildi, na yozg‘irdi. Shunchaki, o‘z-o‘ziga aytayotganday gapirdi. “Siz” demadi, “o‘zimiz” dedi. Men... ming‘irlashga tushdim; ko‘p yillardan buyon muhandis bo‘laman deb yuribman, paxta teradigan yangi kombayn yaratmoqchiman, hatto og‘ma shpindellar bilan ishlaydigan bittasini kallamda pishitib ham qo‘yganman, faqat chizmalar chizishni o‘rganib olsam bas, maktabda muallim yo‘qligidan chizmachilik o‘tmaganmiz axir; mana ko‘rasiz sizning bolalaringiz paxtaga lola sayliga chiqqanday havasga chiqadi... Qancha ko‘p gapirsam, o‘zimga shunchalik ishonmay borayotganimni sezib jim bo‘lib qoldim. Opa ma’yus jilmaydi.
Uyga ketar mahalim Opa bir dasta gul ko‘tarib keldi.

O‘qish yangi yil arafasida boshlandi. Darslarga protez oyoq bilan qatnay boshladim. Negadir... hammaga shubhalanib qaraydigan bo‘lib qolgandim. Uydagilarning achinish to‘la nigohlari ham jonimdan to‘ydirib yubordi. Bu yerda esa bolalarning ko‘proq gapirayotgani ichi achiyotganday, gapirmayotganlari xushlamayotgandek tuyilaverdi. Oyog‘im g‘ichirlashi bilan ko‘p domlalarning asabiga tegayotgandayman... Bu yoqda o‘zimni allaqanday xiyonat, aldov sherikchisi, qo‘rqoq, vijdonsiz, latta yigit sifatida his qilish... Chidolmadim. Sirtqiga aylantirish bahonasida o‘qishni tashladim. Nomard Azroillar nomiga bo‘lsin bir marta “qo‘y, uka, o‘qiyver”, deyishmadi. Men bo‘lsa... Guruhdoshlarim ikki-uch marta uyga izlab kelishibdi, biroq men bir yilcha Qo‘shrabotda, tug‘ilgan qishlog‘imda kutubxonachi bo‘lib ishlab yurdim.

VII

Mana, oradan olti yil o‘tib, bu voqealarni esga oldim. Yo‘q, bu bilan kimnidir ayblamoqchi, kimgadir nimadir ta’na qilmoqchi emasman. Bir narsani juda yaxshi bilaman: hammasiga o‘zim aybdorman, odam taqdiri faqat o‘ziga bog‘liq.
Shukr, yomon yashamayapman. Uyim, gulday xotinim, uch farzandim, mashinam bor. Hisobchiman. Uzumchilik brigadasida. Hurmatim joyida. Odamga yana nima kerak?
Lekin, baribir, ba’zan, yilda bir-ikki bor, nimagadir o‘z-o‘zimdan, o‘tayotgan kunlarimdan qoniqmay qolaman, go‘yo o‘zga birovning umrini yashayotgandayman, asl hayotim esa butunlay boshqacha bo‘lishi kerakday... Go‘yo hayotda o‘zim juda istagan, menga juda-juda zarur bir nimani boy berganman-u, uning o‘rniga uncha zaruriyati yo‘q bo‘lgan boshqa narsaga egalik qilayotgandayman...
Shunday iztirobli lahzalarda paxta dalalarini uzoq kezaman, biron daraxt tagida, protezimni yechib qo‘yib, salqin shabadaga peshonamni tutgan ko‘yi traktorchilar ishini kuzataman, o‘zim maktab partasidan orzu qilganim – og‘ma shpindellar yiltirab ko‘zimga ko‘rinaveradi... Oqshomlari bo‘lsa, xotin-bolalar uxlagach, stol lampasi yorug‘ida ilmiy jurnallardan, traktor pasportlaridan olganlarim – konstruktorlik chizmalariga soatlab termilaman, ularning sirini ochguvchi allaqanday sirli kalit qidiraman; bu kalit esa yaqinginada, juda yaqinginada turganday, uni mana-mana qo‘lga kiritadigandayman...
Balki men bag‘rimni o‘rtab bu satrlarni yozmas ham edim. Lekin... institutni bitirib kelgan yigit bugun menga “amaki” deb murojaat qildi... Mashinaga o‘tirarkanman, ko‘zguda aks etgan yoqasi g‘ijim ko‘ylagimga, o‘sib qolgan soqol-mo‘ylovimga, peshonamda paydo bo‘lgan qat-qat ajinlarga, ko‘zlarimda qotib qolgan mahzun ifodaga qaradim-u, umrimning asosiy qismi o‘tib qo‘ygani, endi “amaki”ga aylanganim, bu nomga nafaqat jisman, balki ma’nan ham yetib kelganimni anglab, ko‘ksimda chidab bo‘lmas bir og‘riq tuydim.
Nahot, nahot umr o‘tgan bo‘lsa?..
Nahot bundan bu yog‘i faqat yaxshi yeyish, yaxshi ichish, ko‘proq mol-dunyo to‘plash, mashina yangilash, birovdan orttiribroq to‘y-ma’raka o‘tkazish tashvishlaridangina iborat bo‘lsa? Nahot bular mayda-chuydalarni, hech bo‘lmaganda ikkinchi darajali ishlarni emas, hayotimning asosini, bor mazmunini tashkil qilsa?.. Nahot men so‘nggi dam qoniqish bilan o‘z-o‘zimga: yaxshi yashadim, yaxshi yashash uchun kurashdim, maqsadlarimga yetishdim, o‘tgan umrimdan roziman... deya olsam?
Nahot, nahot umr o‘tgan bo‘lsa...

(1987)

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.