OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abduqayum Yo‘ldoshev. Muammo (hikoya)

Xudo “Ol, qulim!” deb turgan ekanmi, Ikrom kompyuter dasturchilari tanlovida yutib chiqdi-yu, Yevropa mamlakatlardan biriga sayohat yo‘llanmasiga ega bo‘ldi! Borish-kelish, yashash, ovqatlanish, qo‘yingki, hamma xarajatlar tashkilotchilar zimmasida ekan!
Quvonchdan Ikromning boshi osmonga yetdi.

* * *

...Hammayoq yam-yashil. Yo‘llar oynaday tekis. Chang, g‘ubor ko‘rinmaydi. Hatto dastlabki kunlari Ikrom daraxtlar, butalar barglarining bu qadar tozaligidan hayratga tushib, ularni kechasi yuvib qo‘yisharmikan, degan o‘yga ham bordi; o‘z taxminining to‘g‘ri-noto‘g‘riligini aniqlash uchun bir-ikkita bargni yalab ham ko‘rdi. Ammo tarjimon buni osongina izohlab berdi:
– Havo namchilroq. Chang yo‘q. Shu sababli barglar top-toza turaveradi...
Darhaqiqat, tarjimonning gapini isbotlaganday, Ikrom bir hafta mobaynida kiyib yurgan ko‘ylagining yoqasida zarracha bo‘lsa ham kir ko‘rinmadi. Vaholanki, qishlog‘ida ekanida har kuni ko‘ylagani almashtirmasa bo‘lmasdi...
Bu mamlakat odamlari nima uchun xonalarga, hattoki ba’zan yotoqxonalariga bemalol tuflilarda kirib ketaverishi sababini ham Ikrom ana shunda tushundi: axir, tuflilar yaltirab turibdi, chang yo‘q. Buning ustiga, odamlar uyning ichidan garajlariga o‘tishadi, mashinaga o‘tirib ofislarining oldiga qadar kelishadi, yana tep-tekis, ba’zan gilamcha to‘shalgan yo‘lakdan yurib ish kabinetlariga kirishadi. Bunaqa sharoitda chang qayoqdan paydo bo‘lsin!
Lekin bu mamlakatda hamma narsa ham Ikromga yoqavermadi. Deylik, ertalab uyqudan uyg‘ongan odamlar yuzlarini yuvmasdan burun, to‘shakda yotib qahva ichishadimi-ey, yo bo‘lmasa shu hollarida gaplashib ketaveradilarmi-ey...
Ikrom qishlog‘ini esladi: sahar uyg‘onganidan so‘ng, yuzini yuvmasdan turib nainki ota-onasi, balki aka-ukalariga ham ko‘rinmasdi, ular bilan gaplashish-ku, inchunin...
Ingliz tilini o‘rgana boshlagan Ikrom bir kuni internetdan mamlakat parlamenti saytiga kirdi va so‘zlarni hijjalab tarjima qila-qila, axiyri deputatlarning bir guruhi... ko‘chada itlarni qanday qilib olib yurish to‘g‘risida qonun tayyorlayotganini tushunganday bo‘ldi.
Ikrom angrayib qoldi. “Noto‘g‘ri tarjima qildim shekilli”, degan xavotirda ertasi kuni tarjimondan so‘radi.
– To‘ppa-to‘g‘ri, – bamaylixotir javob qildi tarjimon.
– Axir... – battar hayratlanib so‘radi Ikrom, – axir deputatlarning bundan boshqa ishi yo‘qmi?
Tarjimon baayni ikki karra ikki to‘rt ekanligi haqidagi oddiy haqiqatni uqtirayotganday yana pinak buzmadi:
– Axir boshqa barcha kerakli qonunlar allaqachon ishlab chiqilgan bo‘lsa, deputatlar nima qilishsin?
Javobdagi mantiq Ikromning popugini pasaytirib qo‘ydi...
Bu mamlakatda yana bir narsa Ikromga ma’qul bo‘ldi. Buyam bo‘lsa – bir-birlariga mutlaqo begona odamlarning ko‘cha-ko‘yda, do‘konda, istirohat bog‘larida, ish joylarida, qo‘yingki hamma-hamma joyda bir-birlariga tabassum bilan qarashlari, bir-birlariga mehribonlik bilan muomala qilishlari. Ko‘cha-ko‘yda ota-onasi yelkasidagi yoki bolalar aravachidagimi biron go‘dakni ko‘rib qolishsa-ku, tamom – baayni mo‘‘jizaga duch kelishayotganday yosh-qari go‘dakka hayrat va quvonch bilan qaraydi, ilojini topib, ikki og‘iz shirin so‘z aytishadi, sumka yoki cho‘ntaklaridan shirinlik olib uzatishadi...
O‘ylay-o‘ylay, oxiri Ikrom buning sababini topganday bo‘ldi – axir oilada bitta, ko‘pi bilan ikkita farzand bo‘lgandan keyin, buning ustiga o‘n oltiga to‘lgan yigit yoki qiz uydan chiqib ketib, ota-onasidan olisda mustaqil hayot kechira boshlashganidan keyin bora-bora bu bechoralar go‘dak isiga, go‘dak tabassumiga zor bo‘lib qolishadi, shekilli... Ammo qarshingdagi odamning senga tabassum qilib turishi... Baribir yoqadi.
To‘g‘ri, aksar hollarda tabassum chin yurakdan emas, sun’iy, go‘yo odamlar yuzlariga tabassumdan niqob osib olishgandek. Ammo baribir yoqadi-da...
Hatto, dastlabki kunlari Ikrom atrofidagilarga jiddiylik bilan qarayvergani boismi, ular xavotirga tushishib, tarjimondan so‘rashibdi:
– Mehmonimizning biron muammosi bormi?
Ikrom kulib yuborishdan o‘zini tiyib turolmadi. Buni ko‘rgan mezbonlar yengil nafas olishdi.
Albatta, duch kelgan odamga iljayib qarayverishning o‘zi bo‘lmaydi. Bora-bora kechga borib Ikromning og‘izlari og‘rib qoladigan bo‘ldi – axir kun bo‘yi kuydirgan kalladay tirjayib yurishu, duch kelgan odamga tabassumlar ila og‘izni to‘ldirib “Xello! Xau du yu du?” deya aytaverishning o‘zi bo‘ladimi...
 
* * *

Olis yurtdagi ertakmonand yetti hafta ham o‘tdi-ketdi.
Ikrom ona yurtiga bir olam orzular bilan qaytdi. Oqshom palla samolyot qanotlari ostida minglab chiroqlari porlab turgan qadrdon shaharini ko‘rganda esa quvonchdan ko‘zlariga yosh to‘ldi.
Biroq ko‘ngilda tug‘ilgan orzu birdan amalga oshib, hayotga tatbiq etilib qolavermasligiga Ikrom ertasi kuniyoq amin bo‘ldi.
Ertalab o‘zining tanlovda ishtirok etishiga barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan ishxonasidagilarning har biriga atab olingan sovg‘a-salom hamda tushlik mahali qahvaxonada ularga bir piyola choy berish niyatida ajratib qo‘ygan puli solingan hamyoni joylangan kichkina ryukzakni orqasiga osib olgan Ikrom yo‘nalish taksilari yuradigan bekat tomon yo‘l oldi.
Yigitning vaqti chog‘. O‘z yurtingga nima yetsin! Mayli, ozroq chang-g‘ubor bo‘lsin, yo‘llariyam notekis bo‘lsin, ammo baribir bu o‘zingniki-da.
Shunday o‘ylar og‘ushida chet elda o‘rganib qolgan odati bo‘yicha og‘zi qulog‘ida Ikrom bekatga keldi va tartibsizroq ravishda yo‘nalish taksisini kutayotgan yo‘lovchilar oxirrog‘ida turib olishga urindi.
Yo‘lovchilar asabiy tarzda yo‘lga qarab-qarab qo‘yardilar. Eng oldinda turib olgan, katak ko‘ylagiga yarashmagan tarzda enli bo‘yinbog‘ taqib olgan qirq besh yoshlardagi jikkakkina, sochining tepasi to‘kila boshlagan yo‘lovchi og‘ir uf tortdi va “Yo‘l-po‘lda o‘lib qolganmi bular!” deya g‘udranib qo‘ydi. Ikrom seskanib ketib yon-veriga qaradi, ammo bu haqorat yo‘lovchilarga ta’sir qilmaganini ko‘rgach, sal yengil nafas oldi.
Shu payt o‘ttiz yoshlardagi bir semizgina, shu holiga torroq ko‘ylak kiyib olgan juvon og‘ir ro‘zg‘or sumkasini ko‘targan tomoniga qiyshaygancha harsillab-pishillab kelib qoldi. Ikrom odobli yo‘lovchi sifatida navbatning oxiri o‘zi ekanini bildirib qo‘ymoq maqsadida juvonga jilmayib qaradi.
Lekin... Juvon shu kuni chap tarafi bilan turgan ekanmi yo o‘zi tabiatan sal asabiyroqmi, ishqilib, Ikromning tabassumiga javoban o‘qrayib, hattoki g‘azablanib qararkan:
– Ko‘zginang teshilsin! – deya qarg‘anib qo‘ydi.
Ikrom qip-qizarib ketganini sezdi. Biroq buni bildirmaslikka urinib, o‘zini odobli, ziyoli yo‘lovchiday tutishga urindi va chet elda o‘rganib kelgan odati bo‘yicha yana bir bor jilmayib qo‘yarkan, sal engashib:
– Keling, sumkangizni ko‘tarishvoray, – dedi.
Har qalay, yigit bu taklifni o‘ta samimiy tarzda aytgan edi.
Ammo... nimagadir cho‘chib ketib, o‘zini chetga olgan juvon Ikromga adoqsiz nafrat aralash g‘azab bilan qaradi-da:
– Tort-e qo‘lingni! – deya o‘shqirib berdi.
Ikrom yordam uchun qo‘lini cho‘zgan holida mustar bo‘lib turib qoldi. Ammo bir amallab jilmayishga urindi. O‘rganib kelganidek. Ayolning keskin ovozi boshqa yo‘lovchilarning ham e’tiborini tortdi shekilli, ular shu tomonga o‘girilib qarashdi. Ikromning yuzidagi tabassum semiz juvonga yomon ta’sir qildimi yo u yigit meni mazax qilayapti, deb o‘yladimi, ishqilib, ko‘zlariinng paxtasi chiqqancha yigitga qarab endi ochiq-oshkor baqirib-qarg‘anib berdi:
– Gap otaman desang yosh qizlar qurib qolganmi, yergina yutkur! Onang tengi xotin bo‘lsam!
Ikromning bo‘lari bo‘ldi. Nimadir deb o‘zini oqlayin desa, labini juftlashga juftlaydi-yu, tiliga sira gap kelmaydi. Ha, tuhmatning toshi og‘ir bo‘larkan...
Bu orda eng oldinda turib olgan, bo‘yinbog‘li jikkakkina odam gavdasiga yarashmagan tarzda yo‘g‘on ovozda oraga qo‘shildi:
– Manyak bu, singlim, manyak. Bunaqalar sizga o‘xshash... nima desam ekan... lo‘mbillagan, do‘ndiqqinalarni poylab yuradi-yuradi-da, ana undan keyin...
Bu gapni eshitgan juvon battar quturib ketib, yigitga bor g‘azabini socha boshladi:
– Sanga ko‘rsatib qo‘yaman begona xotin kishiga gap otish qanaqa bo‘lishini! Yana irjayib turganingga o‘laymi!.. Qo‘lidan hech narsa kelmaydi deb o‘yladingmi? Keladi, shundayam keladiki!..
Oraga yana katak ko‘ylakli yo‘lovchi qo‘shildi:
– Militsiyaga bervorish kerak bunaqalarni! Kasaliniyam aytish kerak.
Yo‘lovchilar g‘ala-g‘ovur qilishib bu fikrni ma’ullay ketishdi. Eng yomoni – ularning barchasi Ikromga nafrat bilan, yeb yuborguday tikila boshlashgandi... Xayriyat, Ikromning baxtiga shu payt yo‘nalish taksisi kelib qoldi-yu, yo‘lovchilar o‘zlarini “Raf”ga urishdi.
Shuncha oldinda turgani bilan, bo‘yinbog‘ taqqan banda birinchi bo‘lib mashinaga chiqa olmagani boismi, yo‘lovchilar orasida bo‘g‘ilib baqirib-chaqirardi:
– Qoch! Qoch deyman! Insofing bormi, nomard!.. Turtma! Turtma meni!..
Baribir, uch-to‘rt yo‘lovchi mashinaga sig‘may qolishdi. Eng oxirida kelganiga qaramay, qandaydir mo‘‘jiza bilan mashinaga chiqib olgan boyagi semiz juvon eshik yonidagi mitti kursichaga yoyilib joylashib o‘tirib olarkan, hamon joyida qoqqan qoziqday qotib turgan Ikromga yeb qo‘yguday bo‘lib tikilardi.
Mashina o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘aldi. Ikrom bekatda qolgan uch-to‘rt yo‘lovchiga bosh ko‘tarib qarolmasdi. Qani edi, yer yorilsa-yu, kirib ketsa... U qo‘rg‘oshinday og‘irlashgan oyoqlarini arang sudrab, yo‘lovchilarning nafratli nigohi ostida bekatdan uzoqlashdi va bu yerdan ikki yuz qadamcha naridagi avtobus bekatiga borib turdi. Nomus, alam tuyg‘ulari yigitning yuzini lovullatardi...

* * *

Ikrom avtobus bekatida qolgan yo‘lovchilarga nimagadir bosh ko‘tarib qaray olmadi. Go‘yo kimlardir hamon unga barmog‘ini bigiz qilib o‘qtalib turganday...
Tez orada bolali xotinday og‘ir chayqalib avtobus keldi. Ikrom orqa eshik tomon yurdi. Bir-birini turtib-surtib salonga intilayotgan uch-to‘rt o‘smir ortidan endi oldinga yura boshlagan mahal shundoq yonida ayol kishi paydo bo‘lganini ko‘rdi. Bu beixtiyor yuz berdi. Hatto Ikromning o‘zi ham sezmay qoldi.
U ortga yarim qadam chekindi va yigirma besh-o‘ttiz yoshlardagi juvonga jilmayib qarab, uni oldinga o‘tkazib yubormoqchi bo‘ldi. Bor-yo‘q niyati shu edi uning. Axir dunyoni ko‘rib keldi. U yurtlarda ayol kishilar jamoat transportiga navbatsiz chiqishardi. Ayol kishiga hurmat deganday.
Ammo... Juvon birdan to‘xtadi va o‘ziga jilmayib qarab turgan yigitga qarab shartta:
– Odam ko‘rmaganmisan, buncha chaqchayasan, xarip?! – dedi.
Yigit tamomila dovdirab-esankirab qoldi. Hatto, tabassumi ham yuzidan sidirilib tushdi.
Bir gap bilan notanish “uxajyor”ni boplaganidan mamnun bo‘lgan juvon lipillab avtobusga chiqib oldi. Eshik qarsillab yopildi. Avtobus chang ko‘targancha o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘aldi.
Kimdir boplab tarsaki tushirganday ikki chakkasi lovullayotgan Ikrom joyida bo‘shashib turib qoldi.

* * *

Qandaydir adolatsizlik, bema’ni tushunmovchilik yuz berayotganday edi. Axir Ikrom... Bor-yo‘g‘i xorijda ko‘rganlarini...
Yigit bir-bir bosib bekatga qaytdi. Uning kayfiyati rasvoyi raddibalo bo‘lib ketgandi. Bunaqa ahvolda jilmayib bo‘ladimi? Yaxshiyam bekatda o‘zidan boshqa hech kim qolmagani. Aks holda... o‘lganning ustiga tepgan bo‘lib...
Shu payt Ikromning yonginasida mashina signali chalindi. Yigit cho‘chib shu tomonga qaradi. Ancha ohori ketgan sariq “Jiguli”. Haydovchining yonida bir yo‘lovchi o‘tiribdi. O‘rta yoshlardagi, qoruvli haydovchi oynadan boshini chiqarib:
– Qayoqqa borasan, uka? – deya so‘radi.
Savolning do‘q aralash berilganligi, buning ustiga taksichining umrida birinchi marta ko‘rib turgan odamiga “sen”lab murojaat qilayotgani sal og‘ir botgan bo‘lsa-da, Ikrom o‘rganib qolgan odatiga ko‘ra yolg‘ondan bo‘lsa ham beixtiyor jilmaydi va manzilini aytdi.
Taksichi o‘ylanib qoldi. So‘ng:
– Yo‘li teskari ekan, – dedi negadir battar qovog‘i uyilib. – Mayli. Soqqasini kelishsak tashlab qo‘yaman.
– Qancha? – arang so‘ray oldi Ikrom.
Haydovchi ancha katta pul aytdi. Ammo Ikrom savdolashib o‘tirmadi. Zero, uning o‘zini sharmandai sharmisor qilgan bu bekatdan tezroq uzoqlashgisi kelardi.
Yigit orqa o‘rindiqqga o‘tirarkan, mashinadagilarga “Assalomu alaykum”, deb qo‘yishni unutmadi. Bunga javoban ikkalovi ham miq etishmadi. Aksincha, haydovchi battar peshonasini tirishtirib, hurpayib oldi. U, aftidan, bu tashqi ko‘rinishidan va o‘zini tutishidan sodda-go‘l yo‘lovchidan bir yo‘la yanada ko‘proq pul so‘ramaganidan afsuslanmoqda edi.
Mashinada radio yoki magnitofon ham yo‘q ekan. Xuddi urishgan yoki gung odamlarday bu tarzda jim ketaverish Ikromga o‘ng‘aysizroq tuyuldi. U gap boshlashga bahona qidirarkan, haydovchining yonida dunyoning jami g‘ami boshiga tushganday tumtayib, ezilib, noma’lum nuqtaga baqraygancha tikilib ketayotgan, yo‘g‘on bo‘ynini jun bosgan yo‘lovchiga qaradi. Yo‘lovchi ko‘ziga issiq ko‘rindi. Ikrom bu tumtaygan yo‘lovchi tomon nim egilgan ko‘yi tabassum bilan murojaat etdi:
– Kechirasiz, sizni qaerdadir ko‘rgandayman...
O‘ziga murojaat etishayotganini fahmladi shekilli, yo‘lovchi boshini ovoz kelgan tomonga burdi. Ikrom qo‘rqib ketdi: uning chag‘ir ko‘zlarida milsiz nafrat va yovuzona tahdid aks etardi.
– Ha, man katta xolangning to‘rtinchi eriman, – xirilladi yo‘lovchi. – Gaping bormi?
Ikrom seskanib o‘zini orqaga tashladi. Haydovchi pixillab kuldi. So‘ng qarshisidagi ko‘zgudan Ikromga boqib, mazaxomuz ohangda dedi:
– Chakib olganmisan, nima balo, kuydirgan kalladay tirjayganing-tirjaygan!
Ikrom beixtiyor “Yo‘g‘-e!” deb yuborarkan, shu zahoti yuzidagi tabassum so‘nib, uning o‘rnini toshday hissizlik egalladi. Endi bu yuzni go‘yo yog‘ochdan o‘yib ishlashganday edi – unda his-tuyg‘udan asar ham ko‘rinmasdi...
– Bo‘lmasa valdiramasdan jim ketaver, – o‘zicha nasihat qilgan bo‘ldi haydovchi. – Charchagan odamga bitta gap ham ortiqcha.
Ikrom “Axir kun endigina boshlandi-ku, qanaqasiga charchagan bo‘laylik?” deb e’tiroz bildirmoqchi edi, ammo vaqtida tilini tishlab qoldi.
O‘sal bo‘lgan Ikrom yo‘l bo‘yi miq etmay keldi. Haydovchi birdaniga ko‘p pul so‘ramaganining alamini olgisi keldimi, ichkariga qayrilib o‘tirmay, katta yo‘l bo‘yida, ishxonadan ancha berida to‘xtatdi mashinasini. Ikrom pulni uzatdi va baribir indamay tushib ketgisi kelmasdan “Rahmat!” deb qo‘ydi. U eshikni yopayotgan palla haydovchining yana pixillab kulganini va “Bular chaksa shunaqa odobli bo‘lib qolishadi”, deganini eshitdi.

* * *

Ikrom ishxonasiga dovur deyarli bir bekat masofani piyoda bosib o‘tdi. “Choydan og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi” deganlaridek, endi u atrofga, qarshisidan peshvoz chiqayotgan yo‘lovchilarga allanechuk hadiksirab qaray boshlagandi.
Nihoyat, nihoyat ishxonaning muazzam binosi ko‘rindi. Yengil tortgan Ikrom ko‘ksini to‘ldirib nafas oldi va yana bir necha daqiqadan keyin hamkasblariga sovg‘alarni qanday ulashishini, tushlik mahali esa qahvaxonada bir piyola choy, aniqrog‘i, to‘kin dasturxon ustida safar taassurotlarini qanday to‘lib-toshib so‘zlab berishini tasavvur qildi-yu, hayajonlanib ketdi. Hayajon esa yigitchaning yuzini yashnatdi. Uning lablariga tabassum yugurdi, ko‘zlari o‘t bo‘lib chaqnadi.
Xuddi shu mahal... Ikrom buni kutmagandi, bunga hatto umid ham qilmay qo‘ygandi. Ammo yigit o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi: yo‘lning shundoqqina narigi tarafida turgan yigirma-yigirma besh yoshlardagi, ko‘hlikkina, chiroyli qomatini ko‘z-ko‘zlayotganday anchayin ochiq-sochiq libos kiygan juvon shu tomonga jilmayib qarab qo‘ydi.
Ikromning yetmish ikki tomiri bo‘shashib ketganday bo‘ldi. “Bor ekan-ku...” Yigitning ko‘nglidan beixtiyor shu o‘y, shu shukronalik kechdi. Birgina tabassum-a... Bor-yo‘g‘i birgina tabassum... Inson kayfiyati ko‘tarilishi, olamga, odamga quvonch-hayajon bilan termulishi uchun bundan ortiq nima kerak axir... Tiriklikning o‘zi shu bilan go‘zal emasmi axir...
Boyagi xijillik, o‘sallik – bari-barisi unutilganday bo‘ldi. Olam yana quyosh nurlariga g‘arq bo‘ldi. Ikrom qaddini rostladi va tetik-dadil qadam tashlagan ko‘yi yo‘lni kesib o‘tdi. Boyagi juvon hamon joyida yigitga tabassum bilan qarab turardi.
– Salom, – dedi qizga yaqinlashgan mahal Ikrom xuddi yigirma yillik qadrdonini ko‘rib qolganday samimiy quvonch bilan.
Ne tongki, og‘zi qulog‘iga yetgan juvon ham shundoq ko‘tarinki ohangda javob qildi:
– Salom...
Mana, salomlashildi. Ikki inson bir-biriga jilmayib qaradi. Bo‘ldi. Vassalom. Aytish mumkinki, qiyomat qarz, insoniylik burchi ado etildi. Shu bilan har ikkalovining kayfiyati ko‘tarildi. Endi har ikkalovi mana shu ko‘tarinki kayfiyatda o‘z yo‘llarida davom etishsa bo‘ladi.
Ikrom mana shunday qilmoqchi bo‘ldi. Biroq o‘z tabassumiga g‘arq juvon ehtirom ila:
– Muammo bormi? – deb so‘raganini eshitgach, joyida taqqa to‘xtadi.
Yigit entikib ketdi. Savolning naqadar tanishligini!
Nogahon Ikrom yo‘lning narigi tarafidagi ishxona eshigi yonida yig‘ilishib turgan hamkasblari shu tomonga deyarli chopib kela boshlashganini ko‘rib qoldiyu, shosha-pisha ryukzagini yechdi. Har qalay, quchoqlashib ko‘rishishlari aniq. Ryukzak esa xalaqit beradi. Buni juvon ham fahmladi chog‘i, o‘shandoq xush-xandon kayfiyatda, uzun-uzun barmoqlarini ko‘z-ko‘zlayotganday asta qo‘l cho‘zdi-da:
– Ruxsat eting, – deya nozik bir harakat ila ryukzakni olib yerga, shundoqqina uzun-uzun oyoqlari yoniga qo‘ydi.
 Bu qadar mehribonchilikdan, izzat-hurmatdan to‘liqib ketgan Ikrom hatto bir og‘iz minnatdorchilik bildirishga ham ulgurolmay qoldi. Illo yetib kelgan hamkasblarning birinchi guruhi unga tashlanishgan edi.
Baribir, ayol kishini ovora qilganidan xijolat chekayotgan, biroq ayni paytda ko‘zlaridan tirqirab otilgan quvonch, shukronalik yoshlarini tiya olmayotgan Ikrom achom-achomlar orasida bir amallab ortiga o‘girildi. Ammo ryukzak joyida yo‘q edi. Ayol ham...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.