OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ahmad A’zam. Dutor bilan tanbur (hikoya)

Sobir televideniega ishga keldi. U bundan oldinlari «zangori ekran»da besh-olti marta chiqqan, hatto bir «jonli» ko‘rsatuvning bitta «sahifa»siga boshlovchilik ham qilgan, shundan bu yerdagi ishdan oz-moz xabari bor, xodimlarning bir qanchasi bilan ko‘z tanish, to‘rt-beshtasi bilan quyuq salom-aligi ham bor edi. Lekin kelgan kuni o‘shanaqa o‘ziga yaqin deb yurganlaridan biri Bekpo‘lat uning o‘zlariga rahbar etib tayinlanganini eshitib, dabdurustdan: 
– Sizga achinaman, – deb qoldi. – Achchig‘ingiz chiqmasin-u, lekin siz ishlaydigan joy emas. Yo‘q, yaxshi joy, o‘zimizda ham ko‘z tikib yurganlar bor edi, o‘n besh-yigirma yillab ishlab qo‘ygan odamlar, ko‘tarilish shularning haqqi. Lekin gap bunda emas.
Sobir bu gapga sal og‘rindi-yu, sinini bermadi, lekin ichida sergaklandi. 
– Nimada bo‘lmasa? – dedi u Bekpo‘latning gapini yerda qoldirgisi kelmagandek. – Yashash kerak-ku, do‘stim. Yashash uchun ishlash. 
– Kerak, kerak. – deb siniq iljaydi Bekpo‘lat. – Oyligi yaxshi, qalam haqi bor, yana... mayli. Lekin bu yerga otdan tushib kirasiz, shu bilan qaytib otga minolmaysiz. Bosh muharrir, qo‘ysa, hamma bo‘ladi, lekin yozuvchi bo‘lish... Sizga munosib emas. Yutqizasiz. Ka-atta! Yo‘-o‘q, meni norozi ekan deb o‘ylamang, kelganingiz shaxsan menga yaxshi, faqat sizga ichim achiyapti. 
– Keyin gaplashamiz, – deb Sobir Bekpo‘latning gapini kesdi – hammaning tiliga erk berdirmaslik kerak, hatto u yaqin odaming bo‘lsa ham. – O’tirib yozuvchilik qiladigan ishni tayyorlab turgan otamiz yo‘q. Siz aytgan tollar kesilib ketgan. 
Bekpo‘lat qo‘lini band qilish uchun stol ustidagi qog‘ozlarni taxlashga tushdi. 
– Maylingiz. Tabrikla desangiz, tabriklayman. Bu ham chin yurakdan, behazil. 
– Gapingizni qarang, – dedi Sobir sulhga chorlab. – Undan ko‘ra bilishim kerak narsalarni ayting, menga yangi...
Bekpo‘latning labidan yana ip qochdi:
– Hamma joydagi ish, o‘rgatadigan joyi yo‘q. Studiyalar, montajxonalar qaerda, qanaqa kamerayu qanaqa kassetalar ishlatamiz – shularni bilib olsangiz bo‘ldi. Bunga Porsoxon akamiz borlar, hali miyangizni qoqib qo‘lingizga beradi... Kecha sizni ko‘rgan ekan, eshitib yurardim, rahbarga yolchiydiganga o‘xshaymiz deydi... 
– Sizdan ham yaxshi gap chiqar ekan, – dedi Sobir.
– Men emas, Porsoxon aka aytdi... – deb jo‘rttaga anqovsiradi Bekpo‘lat.

– Ey-y, o‘ylamang, – deb Porsoxon aka qo‘l silkidi – go‘yo galalashib uchib kelgan xavotir qushlarini kisht-kishtlagandek. – Siz men ko‘rayotgan o‘n yettinchi rahbarsiz. Ular sizdan ortiq emas edi, sizning ulardan kam joyingiz yo‘q. Tortib ketasiz. Intizomni qattiq ushlang, yutqizmaysiz. Chunki, – Porsoxon aka oriqqina, sal bukik barmog‘i bilan tepani nuqidi, – intizom – nonimiz, efir esa – faqat intizom! – Keyin Porsoxon aka ikki qulochi bilan burchakdagi televizorga talpindi. – Mana bu doim yoqiq tursin, o‘chmasin, doim! Chiroyli xonimlarni o‘payotganingizda ham bir ko‘zingizni bundan uzmang. Shuni majburiyat qiling, odatga aylantirib oling. Bizlarni qoq yarim kecha uyg‘otib, nima ketyapti, deb so‘rang, o‘lay agar, bir gap topib aytamiz. Tushimizda ham shu hayot-da. 

Bu yerdagi ish ikki taxlit ekan, bu tomoni – televidenie, muharririyatlar, u tomoni – telemarkaz; bu, televidenie tomondagi ishning boshqa ishxonalardan uncha farqi yo‘q, ko‘rsatuviga stsenariy yo diktor matni yozib, «papka to‘ldirib» o‘tirgan bitta-yarimtani aytmasa, huvillab ham yotar, («Ishi bo‘lmasa nima qiladi havoni isrof qilib? Lekin oyda ikki kun hamma keladi: oylik, qalam haqi kunlari», deb izoh berdi Bekpo‘lat) hamma gap narigi, telemarkaz tomonda, o‘sha yoqda oddiy odam bolasi tushunmaydigan bir nimalar bo‘lib, qaynab-toshib yotar ekan. Porsoxon aka Sobirni aylantirib chiqdi, uch qavatli binoning ichi katta-kichik xonalar, bahaybat studiyalar, hammasida apparatlar qizil-ko‘k-sariq chiroqlari miltillab, sezilar-sezilmas g‘ivillab ishlab yotadi, quchoq-quchoq kasseta ko‘targan odamlar, dolonlarda ustining u yer-bu yeri ochiq qolgan ariqchalar chilvirday, barmoqday yumshoq simlarga to‘la, limillab oqayotgandek, hammasi borib-borib bir kerakli joylarga ulanar, kerakli joylar efir kanallariga, efir kanallari minoraga, minoradan havo orqali tomoshabin fuqarolarning uylariga... Sobir pastdan kelib, pastdan ketib yurgan ekan, Porsoxon aka bo‘lmasa, ilang-bilang bu dolonlardan qaytishga yo‘lini topishi ham mahol edi. 
– Ay-y, qo‘rqmang, – Porsoxon aka iloji bor hamma narsaga qo‘l siltab gapirar ekan. – Shuncha narsani bilish sizga shart emas. Keragini biling, yetadi shu. Hammasining o‘z odami bor. Mana, shu ketgan ming-ming quloch simlarning ham har biri belgili bir ishni bajaradi, aniq bir joydan chiqib, aniq bir joyga ulanadi. Chalkashmaydi, har biri alohida raqamlangan... 
Nima bo‘lmasin, Sobir ancha yangilik qilar ekan, Porsoxon akaning «Odam qilgan ishni odam qiladi, amaldorga esa amali bilan birga aql ham beriladi», degan yarim hazil, yarim taskin gaplariga qaramay, ishni o‘rganishga astoydil kirishdi. Efirdan boshladi. Kechqurun ham uyiga kelishi bilan ko‘rpachani uzun tashlab, cho‘zilib yonboshladi-da, lo‘labolishni qo‘ltiqqa bosdi. Ora-sira biron badiiy film yo ko‘zi tushib qolgan shov-shuvroq ko‘rsatuvni ko‘rmasa, «zangori ekran»ni uncha suymaydigan odam, qadalib o‘tirishga ancha qiynaldi, televizorga tikilgani sayin xayoli har qayoqlarga qochib, fikrini tizginlashi mushkul bo‘ldi, lekin endi hayoti shu, aravasiga tushgandan keyin qo‘shig‘ini aytishi kerak...
Soat to‘qqiz yarimlar, «Tor sirlari» degan ko‘rsatuvda bir bastakor bilan suhbat ketayotgan edi, Sobir ko‘zi qisilib, mulgib ketgan ekan, oshxonada Komilaning nimanidir tiqirlatganidan hushyor tortib, yana ekranga tikildi. Bastakorning o‘zi ham soz chalar, kuylarini musiqa asboblarida o‘zi bastalar ekan, boshlovchi yigit «Shu kuyni ijro etib bersangiz», dedi. Bastakor shundoq devorda ilig‘li turgan tanburni oldi-da, barmog‘iga noxun taqib, chalib boshladi. Ekrandan esa... dutor kuyi taraldi. Avvaliga Sobirning diqqati ilmadi, xuddi shunaqa – tanbur chertilsa dutor kuyi chiqayotgani to‘g‘ridek tuyuldi unga. Kallasiga yetib borgandan keyin esa o‘ziga ishonmay: 
– Komila, chop! – deb baqirdi. 
Komila yelkasida sochiq, qo‘lida likopcha bilan yugurib kirdi.
– Qara, qara! 
Komila ekranga ko‘z tikdi, keyin yoqasiga tuflagan bo‘ldi-da:
– Yuragimni yordingiz-ku, – dedi. – Bir gap bo‘ldi, ustingizga choynak ag‘nadimi deb... 
– Sen bu yoqdagi gap-ga qara-da. Quloq sol...
Komila boshini sal qiyshaytirib, ekranga qaradi, avval hech baloni tushunmadi, keyin hayron bo‘ldi:
– Tanburni dutor qilib chalyaptimi? 
– Qanaqa dutor qilib? Qara, ana, noxun taqib olgan. 
Komila battar ajablandi.
– Ha-ey, lekin nimaga dutor kuyi? – U qo‘lidagi likopchani artishga tushgan edi, darrov hayronligi bosildi. – Biron-bir usuldir-da. 
– Qanaqa usul? Boshidan ko‘ryapman-ku. Adashdi bular. 
– Adashmaydi. Shuncha odamning adashishi mumkin emas. – deb bilag‘onlik qildi Komila. – Eh-he, qancha odam ishlaydi! 
– Hammasi ham odam-da shu, tirik, – dedi Sobir. – Bilsang, men tirik odamlarning adashish huquqini qonunga kiritar edim.
Komila yarim kechasi eri bilan tortishishdan o‘zini olib qochdi:
– Endi o‘zingiz ham ishlaysiz-ku, ertaga so‘rab bilarsiz. Lekin, qiziq...

Sobir ertasi kuni so‘rab olay desa, muharririyatida hali hech kim yo‘q, o‘zi majlisga kirishi kerak, xodimlar bemalolroq kelar ekan. 
Kichik rahbarlar har kuni roppa-rosa to‘qqizda bosh direktor xonasida to‘planib, kecha efirning qanday o‘tgani, bugungi dasturning uzatilishini «besh daqiqalik» qilib olar ekanlar. 
Juda yaxshi, ertalabdan hamma ochiq yuz bilan salomlashib, so‘rashadi, ora-sira hazil-huzul bo‘ladi, kichkina hangomachalar aytiladi. «Ahil odamlar ekan, inoqlik shundoq yuzlaridan balqib turibdi», deb o‘yladi Sobir. Kecha tanishganlarida ham uni shunday xush qarshi olgan edilar...
Bosh direktor Ma’mur shiddat bilan otilib kirdi, lekin to‘rdagi joyiga o‘tishdan avval o‘tirganlar bilan bir-bir qo‘l olishib chiqdi, uning yuzida ham xushfe’l tabassum yarqillar, bu tasassum u ko‘rishayotgan har bir yuzda shu’lalanar edi. 
Ma’mur joyiga o‘tib o‘tirdi, chaqnoq ko‘zlari bilan hammaga bir sidra qarab chiqib, kim bor-kim yo‘qligini nazardan o‘tkazdi-da: 
– Boshladik, Mirzaqul, bugun senmi? – deb mo‘ndiday qora yigitchaga im qoqdi. 
Yigitcha o‘rnidan qapchib turdi. 
– Hammasi joyida ketdi, o‘zgarish bo‘lmadi, chepe yo‘q, – dedi. 
– Telefonlar? – deb so‘radi Ma’mur.
– Telefon bo‘lmadi, tinchlik, Ma’mur Sultonovich. 
– Yaxshi, – deb Ma’mur yumshoq kursisiga yaslandi-da, yana hammaga bir-bir mamnun ko‘z yubordi. – Kimda nima masala bor? Yo‘q? Juda yaxshi. Xo‘sh, bo‘lmasa... 
Sobir shu bilan «besh daqiqalik» tamom, bosh direktor hozir hammaga javob beradi, degan xayolga bordi, kechagi tanbur kuyi o‘rniga dutor kuyi berilgani ham, nega bunday bo‘lganini so‘rash ham erish tuyulib, umuman bunaqa narsani gapirishning o‘zi bu mashvaratga yarashmasligini his qildi. Go‘yo kecha televizorda ko‘rgani juda arzimas bir narsa, o‘tirganlarga sira aloqasi yo‘q, shunaqa mayda-chuydalar bilan bu yerdagilarning boshini qotirish yosh bolaning ishidek bo‘lib qoldi. 
Shu vaqt eshik ochildi va bir-bir bosib Javhar aka kirdi, indamay to‘rdagi, Ma’murga yaqin joydagi bo‘sh kursiga cho‘kdi, yig‘ilishni usiz boshlab yuborishganigami, o‘tirganlarga og‘ir-og‘ir qarab chiqdi-da, boshini to‘lg‘ab qo‘ydi. Bir zumda hamma yoqda qandaydir o‘zgarish sodir bo‘ldi, barcha jiddiy tortdi, Ma’mur ham o‘tirgan joyida qimirchilab, Javhar akaga ko‘zlarini pirpiratib qo‘ydi-da, qo‘liga gazeta oldi. Boshqalar qo‘llaridagi yon daftarlarni ochdilar. Sobir shunda o‘zidan boshqa hech kim qo‘li bo‘sh kelmagani, hammaning tizzada yon daftar, qo‘lda ruchka bilan aytilgan narsani yozib olishga shay turganiga e’tibor qildi. 
– Xo‘sh, bugun, – dedi Ma’mur ovozi sal titrab. – Ketdik! «Bilag‘on bola». 
– Joyida, – deb javob berdi Kamol.
– «Dehqon sururi», – dedi Ma’mur va paysallagan Mirzarahim akaga javob kutib qaradi. – Iqtisod.
– Tayyor, – dedi Sobirning yonida o‘tirgan Mirzarahim aka boshini ko‘tarmay.
– «Oling, kam bo‘lmaysiz».
– Topshirilgan, – dedi Avvalboy.
– «Kuyga oshuftaman». Musiqa.
– Kechasi qayta montajdan chiqqan, – dedi O’ljaboy aka nimagadir araz bilan. 
– Majlis tugashi bilan bering. – dedi Javhar aka to‘rsayib. – Ko‘rib olamiz. 
O’ljaboy aka Javhar akaga peshonasini tirishtirib qaradi:
– Kecha ko‘rdingiz, aytganingizni qo‘shdim. Yana nimaga?
– Baribir, ko‘ngil xotirjam bo‘lsin, – deb gapni kesdi Javhar aka.
– O’ljaboy aka? – deb Avvalboy umidvor qaradi. 
O’ljaboy aka ikki ko‘zini ham yumib, «bo‘ladi» degan imo qildi. Avvalboyning yuzi yorishdi. 
Ma’mur shunaqa qilib, kechasi soat birgacha beriladigan ko‘rsatuvlarni bir-bir surishtirdi, bugun tayyorlanib, soat yigirma ikkida ketadigan ko‘rsatuv bor ekan, Mirzarahim akaga: «Ko‘rib olishimiz, soat oltidan kechikmasin», deb qattiq tayinladi.
Ishlanib-ishqalanib, bir izga tushgan ish, ko‘pincha izoh ham kerak emas, masala bir luqma yo imo bilan hal bo‘lar, hatto muharririyatlarning nomi ham to‘lig‘icha aytib o‘tirilmas, «Adabiyot» yo «Musiqa», «Iqtisod» yo «Subhidam» deyilsa ham kifoya ekan.
Ma’mur «xo‘sh», deb stolni shap etib urdi, o‘tirganlarda qo‘zg‘alishga boshlangan harakat yana uning gapi bilan to‘xtab qoldi: 
– Xo‘p, Sobir aka, kecha efirni ko‘rdingizmi? 
– Ko‘rdim, – dedi Sobir uncha anglamay. 
– Nima fikrlar bor? Biz ko‘raverib o‘rganib ketganmiz, siz yangi odam. Toza qarashlaringiz bo‘lsa kerak, – dedi Ma’mur.
Sobir qaramayoq o‘tirganlarning uning nima deyishiga qiziqsinib, ishonqiramay, sinashta tikilganini, lekin gapirishi hech kimga kerak ham emasligini sezdi, shuning uchun o‘zini xomroq gap aytishdan ehtiyotlab qo‘ya qoldi: 
– Menga bir-ikki kun indamasangiz, hali pastu balandini o‘rganay. 
Ma’mur jilmayib, yana yumshoq kursiga yaslandi. 
– Ma’qul, qiynamaymiz. Moslashib oling. Lekin o‘rganish cho‘zilmasin. Xo‘sh, savol yo‘qmi, tushunmovchilik? – deb u Sobirdan, keyin boshqalardan ko‘zi bilan so‘rab chiqdi, «Shu bilan majlis tamom» degandek yana stolni shapatiladi. 
Shu vaqt Sobir o‘ziga nimadir bir narsa yoqmayotganini tuydi, gapirgan payti Javhar akaning o‘siq qoshlari tagidan bepisand ko‘z qadashlarimi, Ma’murning uni hali hech narsani bilmaydi deb, haddan ortiq ayashimi, yangi hamkasblarining oshkor iltifot ko‘rsatishlarimi, ishqilib, allanechik hamma uni juda sodda deb o‘ylayotgandek tuyuldi. «Hali shuncha ham g‘o‘rmanmi? Bulardan kechagi narsa qanday o‘tib ketgan? Mumkin emas-e», deb o‘yladi u va o‘zi kutmaganda shu savol tiliga chiqib ketdi: 
– Kechirasizlar, – dedi u tovushidagi xijolatli qaltiroqni bosib. – Kecha bir ko‘rsatuv berildi, suhbat, musiqa bilan. «Tor sirlari» degan. – Yig‘ilish tugadi, turamiz deb shaylanganlarga Sobirning gapi hali uncha yetib borganicha yo‘q edi, lekin O’ljaboy aka unga yalt etib qaragan ko‘yi, ko‘zini uzmay turardi. – Shu... bastakor ekranda tanbur chaldi, lekin efirda dutor kuyi ketdi. 
O’ljaboy aka xavotirli, beo‘xshov irjaydi-da, Ma’murga qaradi, Ma’mur ko‘kragini kerib, xushnud yayradi, O’ljaboy aka endi Javhar akaga o‘girildi-da, u bilan ko‘z urishtirdi, Javhar akaning ensasi qotib, labi yirilganini ko‘rdi-da, yana Sobirga burilib, hi-hiladi. Kamol Avvalboyga im qoqdi, Avvalboy bir Sobirga, bir Ma’murga qaradi-da, ko‘zi bilan kuldi. Mirzarahim aka ochilib, boshini egib oldi. Qolganlarning yuzida ham Ma’murning yayrab iljayishi aks etayotgan edi. O’ljaboy akaning yuzi kulib turgan bo‘lsa-da, ko‘zlari bejoligidan Sobir bari bir o‘rinsiz gapirganini angladi. 
Ma’mur stolini do‘mbira qildi. 
– Xo‘sh, dutor bilan tanbur deng, Sobir aka? Bo‘ladi. Men ham, mana, yangi kelganimda Javhar akam, ko‘rsatuv «jonli»mi yo montaj olasizmi» desalar, «Jonli, jonli, o‘zim ko‘rib oldim», deganman... 
Hamma gurillab kuldi. Faqat Javhar aka Ma’murga bir narsa deb to‘ng‘illadi, Ma’mur tabassum aralash, ko‘zini yumib, «qo‘yaverasiz endi», degan imo qildi. Bular imo-ishora, ko‘z urishtirishlarning rosa havosini olgan ko‘rinadi.
– Sobirjon, Sobir-a otingiz? Dutorning qorni katta, tanburniki kichkina. Tanbur mana bunday, dutor esa mana bunday chalinadi, – deb O’ljaboy aka tanburni tizzasiga, dutorni biqiniga tiragan bo‘lib, ularning chalinishini ham ko‘rsatdi. – Tanburni barmoqqa kesilgan angishvona, yo‘q, uchburchak uzukka o‘xshagan narsani taqib, «noxun» deyiladi, manuvnaqa chalamiz, dutorni barmoq bilan, munaqa, tirnoq urib... Hozir kabinetga borsak... stolning ustida bitta noxun bor edi, ko‘rsataman. 
– Odam hamma narsani bilavermaydi, – dedi Mirzarahim aka. – Men ham qonun bilan udning farqiga bormayman. Bu kishi ham tanbur chertib yurmagan-ku. 
– Musiqada sozlardan namuna bo‘lishi kerak, – dedi Javhar aka. – Ming marta aytganman. Xonada bittadan tursin deb. Ham chiroyli, ham ko‘rgazmali qurol.
O’ljaboy aka o‘zini oqladi:
– Hamma sozanda o‘zinikini ko‘tarib keladi-ku. Xonada tursa, qo‘li qichigan ting‘irlataverib, ishlagani qo‘yadimi? Bir haftaga qolmay, moxovga oshna qilishadi. 
Javhar aka gap qaytarganni yoqtirmaydi shekilli, hovullab berdi: 
– Mayli ting‘irlatishsa, lekin mana bunaqa dutor bilan tanburning farqiga bormaslik bo‘lmaydi.
Yarim odam joyidan turgan, Ma’murda ishi borlar hali o‘tirgan edi, Javhar akaning gapi hammaning ustida gumburlab ketdi. Mirzarahim aka Sobirning oyog‘iga tepib-tepib qo‘ydi, Avvalboy «indamang» degan ma’noda ko‘zini qisdi. Kamol unga qarab hamdard iljaydi. Boshqalar xijolat bilan ko‘zini olib qochdi. O’ljaboy akaning iyagi qaltiradi: 
– Birov dutor bilan tanburni ajratolmasa, unga ham musiqa aybdor, – deb achchiq qildi u. – Ishga olgan sizlar. 
– Hay, hay, O’ljaboy, – deb Mirzarahim aka uni tartibga chaqirdi. 
– Nima hay-hay, nima hay-hay? – deb tishlandi O’ljaboy aka. – Musiqadan boshqa ishlaring ham bormi? Bu kishim ham bizdan boshlayapti. Tanbur o‘rniga dutor ketdi emish! 
 – Ey inson, – dedi Javhar aka. – Ishga kimni olamiz, deb mendan so‘ramay qo‘yishganiga ancha bo‘lgan. Mana, oqibati! 
– Bo‘ldi, – dedi Ma’mur murosaga chorlab. – O’ljaboy aka, gapirib bo‘lmaydimi sizga? Yozuvchi odam, asbobingizni qaydan bilsin. Bir og‘iz so‘radilar. 
– Menga nayning nechta teshigi bor deng, – deb gap qo‘shdi Avvalboy. 
– Shuni ham bilmaysizmi? – deb unga quvvat bo‘ldi Kamol. – Oltita. 
– Heh, – deb kuldi Avvalboy. – Savoddan urib ketgan ekan-da. Puflaydigani teshik emasmi? Yettita!
– Men hech tushunmayman, manavinaqa shaqildog‘i bor-ku, nima kerak shu? Har zamonda shaq etib kaftiga urib qoladi, shunga ham bir odam ovora, – dedi Kamol.
Bu gaplar albatta Sobirni chalg‘itish uchun aytilyapti. Sobir gapining qandaydir noo‘rin chiqqanini anglab tursa-da, lekin bunaqa ta’sirotni kutmagan edi, ustiga ustak, hozir bir narsa demasa, bu hangoma o‘zining zarariga butun atrofga tarqalib, bundan besh battar gap-so‘zga qolishini ham o‘ylab qoldi. 
– Kechirasizlar, men chalishni bilmayman-u, lekin dutor bilan tanburning farqiga yaxshi boraman, – deb u atay ovozini ko‘tarib, dona-dona ta’kidladi. – Kecha rostdan ham tanbur chalinganiga dutor kuyi berildi.
O’ljaboy akaning ko‘zlari ola-kula bo‘lib, rangi qum o‘chdi. 
– Turing-e! Yana shu gapmi? – dedi.
Sobir kuch bilan o‘zini bosdi:
– Og‘izning jiyagini sal yig‘ishtirasiz, aka, – dedi. 
O’ljaboy aka birdan bezanglab ketdi: 
– Nima deyay bo‘lmasa? Ey, shu musiqaning ham padariga la’nat! Kelgan balo musiqaga yopishadi, kelgan balo musiqaga yopishadi. – O’ljaboy aka baloning yopishishini takrorlab, ikki qo‘li bilan ko‘rsatib ham berdi. – Yangi odam deb indamasa, boshga chiqib, bo‘yinga minib oladi shekilli... 
Sobir bu odamning biron narsasini bilmay o‘ldirib qo‘ygandek, juda betayin ahvolga tushdi, gapirsa uning battar guvillashini o‘ylab, indamay qarab turaverdi. 
 Ma’mur o‘rnidan irg‘ib turdi-da: 
– Qani, hamma o‘tirsin-chi! O’tiringlar, – dedi. – Xo‘sh, Mirzaqul, kecha efirni ko‘rdingmi? 
Mirzaqul joyidan sapchidi: 
– Ko‘rdim, Ma’mur Sultonovich!
– «Tor sirlari»ni-chi? 
– Ko‘rdim, Ma’mur Sultonovich, – deb Mirzaqul ko‘zini olib qochdi. 
– Bu kishi nima deyaptilar? – dedi Ma’mur unga tikilib. – Ayt, bu kishi nima dedilar? Ha, surma yeganmisan, ovozing chiqmaydi? 
Mirzaqul indamay derazaga alangladi, keyin yerga tikilib oldi. 
– Ko‘rmagansan, eshshak! Yana menga «vich»laysan. «Vich»ingni pishirib yeymanmi? – dedi Ma’mur. – Nima ko‘rgansan, aytaymi, a? To‘rtinchi kanaldagi «O’lim bo‘sa»sini! He, kino ko‘rmay o‘l! 
Hamma joyiga qaytib o‘tirgan, ko‘pchilikning boshi xam edi. Faqat Javhar aka kallasini to‘lg‘ab-to‘lg‘ab qo‘yar, tund yuzidan biron narsani anglash qiyin, lekin yiltirayotgan ko‘zlaridan bir narsaga tayyorlanayotganini taxminlash mumkin edi. 
– Xo‘sh, o‘rtoq rahbarlar, – dedi Ma’mur. – Kechagi efirni o‘zi kim ko‘rdi? Qani?.. Mirzarahim aka?
Mirzarahim aka sekin boshini ko‘tardi-da, Ma’murga tik qarab, muloyimgina: 
– Kecha qudam kelgan edi, – dedi. 
– Siz qudangiz bilan, obzorchingizning esa ahvoli bu, – dedi Ma’mur zarda bilan. – Avvalboy? 
Avvalboy bardam qo‘zg‘aldi-da:
– Montajda edim, – deb burro javob qildi.
Ma’mur unga istehzoli qaradi, lekin hech narsa demay, Kamoldan so‘radi:
– Siz ham ko‘rmagandirsiz? 
Kamol beozor kulimsirab:
– Yo‘q, men ko‘rdim. – dedi. – Farhod Uzayr Begijonov bilan suhbat qildi, Uzayr Begijonov o‘z uyida yap-yangi kostyum-shim kiyib, galstuk taqib o‘tiribdi, shimining taxi buzilmagan. Juda sun’iy-da. 
Javhar aka vag‘irlab berdi: 
– Sizdan Begijonovning shimi so‘ralmayapti. Uzayr tanbur chaldimi yo dutormi?
Kamol kiftini qisib:
– Tanbur chaldi, – dedi, keyin astoydil labini burdi. – Nima kuy chalgani quloqqa kirmabdi-ey. Falati bo‘lganday bo‘ldi lekin... balki dutor kuyi berilganigadir... 
O’ljaboy akaning fig‘oni oshdi:
– O’y uka, talmovsiramay, aniq qilib gapiring: dutormi, tanburmi? 
Kamolning o‘zi ham hayron bo‘ldi: 
– E’tibor qilmabman. Nimadir qovushmadi ishqilib. Ko‘zim Uzayr Begijonovning kostyumida edi, «Tanburni shlyapada chalganida juda to‘kis bo‘lardi-da», deb ham qo‘ydim. Odam ba’zan shunaqa, bir narsani ko‘rib turib, boshqa narsani xayol surasan. 
Ma’mur hatto xunobi oshganda ham yayrab gapirar ekan.
– Xo‘sh? Nega indamaysizlar? Efirni ko‘rgan boshqa mard ham bormi? – U davraga bir qur ko‘z yugurtirdi, hamma jim edi. – Akalar, ukalar, qaerda ishlayapmiz, qaerdan non yeyapmiz? Teshib chiqmaydimi! Shunday narsa o‘tib ketsayu hech kim bilmasa! Mening ko‘nglim sezyapti. Boshda Sobir aka adashgan dedim, endi o‘ylab ko‘rsam, adashmagan. Yangi odam nimadan adashishi ham mumkin? 
O’ljaboy akaning zahrasi za’faron bo‘lib qoldi. 
– O’v, meni miyasi suyilgan deyapsizlarmi? Esimni yeganim yo‘q. Kimning devorini teskari urgan edim? Bunday emas-da endi. 
Qandaydir bir ko‘rinmas boltami, oyboltami, ishqilib, juda o‘tkir-og‘ir bir narsa O’ljaboy aka bilan boshqalarning o‘rtasini chopib qo‘ygan, O’ljaboy aka qancha shovqinlasa, shuncha ojizlanib borar, hammaga ko‘z yugurtirib, o‘ziga hamdard izlar, odamlar esa undan nigohini olib qochar edi. Uning ahvoliga qarab turib, Sobirning ichi ezilib ketdi, boya hammaning o‘ziga iltifot ko‘rsatgani qanday sun’iy bo‘lsa, endi shu odamlarning O’ljaboy akani yolg‘izlatib qo‘ygani shunday bir toshbag‘irlik bo‘lib ko‘rindi. 
Ma’murning gapini Javhar aka ilib ketdi: 
– Mana oqibati! Jag‘im charchaydi – papkani topshiringlar deb. Qarg‘a qag‘illaydimi, tuya bo‘kiradimi – farqi yo‘q. Mukofotdan kes, hayfsan ber – befoyda. Ma’murjon, o‘zingiz bilgandek, bugungi ko‘rsatuvlarning ham hali yarim papkasi yo‘q. Bu, yarim efir hujjatsiz – qonundan tashqari ketyapti degani! Ertaga, efir o‘tgandan keyin ko‘tarib kelishadi, qiyshayi-ib! Qalam haqi kerak-da. 
– Papkasi bo‘lmasa, qabul qilmang deyman-ku, – dedi Ma’mur.
Javhar akaning jag‘ mushaklari o‘ynab ketdi. «Hozir og‘ziga birontaning bilagi to‘g‘ri kelsa, g‘arch uzib olsa kerak», deb seskandi Sobir.
– Qanday qabul qilmayman? – deb vag‘irladi Javhar aka. – Ko‘zining siydigini oqizib sizning oldingizga kiradi, siz yo‘q demasangiz...
– Nima, papkasi yo‘q deb efirni to‘xtataymi? – deb zorlandi Ma’mur. – Tomoshabin papkangizni ko‘rmaydi-ku. Xo‘p, ana, «Tor sirlari»ning papkasi bormidi? 
– Bor edi, bor edi, – dedi muloyim bo‘lib qolgan O’ljaboy aka.
Ma’mur Javhar akaga botinib qaradi:
– Ko‘ruvdingizmi? 
Javhar akaning ham popugi pasaygandek bo‘ldi. 
– Ha, – dedi yerga qarab. – Men ko‘rmasam o‘tkazmayman-ku. 
– Ko‘rgan bo‘lsangiz?.. – dedi Ma’mur javob kutib. 
Javhar aka bu ishga o‘tirganlar aybdordek, hammaga jahl bilan ko‘z yugurtirib:
– Kuyni eshitishim shart emas, g‘oyasini tekshirmayman-ku, – dedi. – Televizorimning tovushi o‘chirilgan edi. Kim chiqqanini papkadagiga solishtirib ko‘rdim. 
Bu orada Ma’mur telefon raqamini terayotgan edi. 
– Markaziymi? Salom-alaykum! Rahmat! Rahmat! Ha, aka, aytganman, bo‘ladi, bo‘ladi... Xursandman... Ha, juda yaxshi... Bemalol, bemalol!
Ma’mur kim bilandir juda ochilib-sochilib gaplashdi, bu orada O’ljaboy aka o‘tirganlarga takror-takror mo‘ltiradi, Javhar aka qovoqlari ostidan bosim qarab oldi, jag‘ mushaklari borib-borib keldi, boshi necha marta to‘lg‘andi, «Kalla jonivor ham bor ekan-da», deb o‘yladi Sobir. Boshqalar jim kutib qoldi... 
– Aka, kechagi nazorat yozuvlarini ukalardan zing‘illatib, a... Yo‘q, tinchlik... Aka, siz bor-ku, notinchlik bo‘ladimi? Ha, sekingina, do‘stlar bilmasin...
 Ma’mur go‘shakni qo‘yib, hammaga amirona nazar soldi. U hozir odamlarning ustidan katta rahbarga aylangan, ko‘plarning rangi o‘zgargan, «nazorat yozuvlarini» eshitgan O’ljaboy aka bechora gezarib qolgan edi.
– Javob! – dedi Ma’mur keskin ohangda, keyin tovushini pasaytirib: – Sobir aka, sizga rahmat, – dedi. 
 Mirzarahim aka pastroq tovushda cho‘ziq qilib:
– E-e, – deb o‘rnidan turdi. 
Ma’murning nigohini tutaman deb ko‘zi umidsiz ovchilik qilayotgan O’ljaboy akadan boshqa hamma qo‘zg‘aldi... 

Sobir nosinashta davrada bunaqa mujmal ahvolga hech tushmagan, o‘zini nimagadir aybdor sezar, aybining anig‘ini bilolmaganidan battar xunobi oshar edi. Kabinetda u yoqdan-bu yoqqa yurdi, chekdi, o‘tirib o‘yladi, kallasiga bir ma’nili o‘y ham kelmadi, televizorni yoqib, qarab o‘tirdi, ko‘ngliga sig‘madi. Oxiri «E-e, nima bo‘lsa ham o‘tib ketdi-ku, bundan bu yog‘iga ustaroq bo‘lish kerak shekilli», deb qo‘l siltadi... 
Bu orada dolon jonlanib, salomlashish – so‘rashishlar ko‘paydi, erkaklarning gurs-gurs, ayollarning taq-tuq qadam tovushlari kuchaydi, bir juvonning jaranglama kulgisi bor ekan, ikki marta kimgadir qichiq hazil qildi, kimdir «Ha, san o‘lmagin-da», deb qo‘ydi. 
Sobir papkalarni parishon varaqlab o‘tirgan edi, dermantin qoplangan eshik gursillab urildi-da:
– Mumkinmi? – deb Bekpo‘lat kirdi. 
– To‘g‘ri kiraversangiz bo‘lmaydimi? – dedi Sobir. – Eshikni gumburlatib tep, yana ruxsat so‘ra. 
Bekpo‘lat beozor kulib: 
– Tepganim yo‘g‘-e, matosi qalin, mushtlamasa bo‘lmaydi, – dedi. – Yangi rahbar kelgani bilinibdi, bugun xodim ko‘p. Bu, tinchlikmi «besh daqiqalik»da? Musiqada o‘rdak suzyapti, nima gap desam, yangi shefingdan so‘ra deyishdi. Bir nima o‘tib ketgan shekilli? 
Sobir gap tarqalganiga hayron bo‘ldi.
– Kecha tanbur chalinib, ovoziga dutor kuyi ketdi. Shuni so‘ragan edim. Darrov... 
Bekpo‘latning qoshi peshonasiga ko‘tarilib ketdi:
– Nima? Nima deyapsiz!?
Endi Sobir tanburni chalgan bo‘lib ko‘rsatdi:
– Begijonov, bastakor, tanbur chaldi. Lekin dutor kuyi berildi. 
Bekpo‘lat unga og‘zini ochib qarab turdi-da, ikki qo‘li bilan boshini changalladi:
– Vay-y! Rostdanmi? Xudo uribdi-ku! 
– Nega xudo uradi? Shunga shunchami? Majlisda gaplashib olindi-ku, – dedi Sobir yuragi ivishib. 
Bekpo‘lat asabiy kuldi:
– Majlisdagi gap-gap. Endi boshlansin-da. 
– O’zi hech kim ko‘rmay ham qolgan ekan. Bekor aytibmanmi? – dedi Sobir astoydil kuyinib.
Bekpo‘lat Sobirga tikilib turdi-da:
– Bekor. – dedi. – Sizga nima, yangi odamsiz, o‘zlari bilan o‘zlari yeyishsin edi. Sakkizta echkiga saksonta taka o‘tiradi, nega o‘tkazib yuboradi? Lekin chatoq bo‘pti. 
– Aytmasam, hech kim bilmay qolarmidi? – dedi Sobir. 
– Mumkin, – dedi Bekpo‘lat. – Siz to‘g‘ri qilibsiz, ko‘rgan narsangizni qanday aytmaysiz? Lekin aytmasangiz yaxshi bo‘lardi. O’ljaboy aka sizdan xafa bo‘ladi-da. 
– Mendan, nega? – deb hayron bo‘ldi Sobir.
– Aytyapman-ku, aka, boshlanadi deb. Boshlangandir ham. Tushuntirish xati, hayfsan, hayda-hayda. Xudo berdi Javhar akaga. O’ljaboy akaning ustiga minib olib irillaydi, yo‘q, bo‘kiradi, o‘-o‘, yana panjamga ilinding-ku, deb...
Shu vaqti eshik tovushsiz ochilib, Porsoxon aka kirdi, to‘g‘ri kelib qo‘lini Sobirga cho‘zdi:
– Tabrik! Jangovar cho‘qintirilishingiz bilan! Yaxshi! Bizda gapidan latta isi keladiganlar ishlay olmaydi. Talashib, tortishib, haqini ajratib olishi kerak odam. Ayniqsa, rahbar. Nima, og‘zingizning jiyagini yig‘ishtiring, dedingizmi? Original! – Porsoxon aka Sobirning hayron qarab qolganiga izoh berdi. – Ey-y, Sobirjon, bizda gap yotmaydi, og‘zingizni ochmasingizdan oldin hamma eshitib bo‘lgan bo‘ladi. – Porsoxon aka odati bo‘yicha qo‘l siltadi. – O’zidan ko‘rsin, montajni assistentga ham tashlab ketadimi! Lekin bu bir falokat. 
– Kim bo‘lgan? – deb so‘radi Bekpo‘lat. 
– Egamnazar, – dedi Porsoxon aka. – Oshni suzmasimizdan yetib bor, deb ketishgan yana. 
– Bularning tahorati yo‘q-da, – dedi Bekpo‘lat, – doim bir narsasi chiqib turadi...
Sobirning ko‘k telefoni jiringladi. 
– Sobir akamisiz? – Go‘shakdan bir qizning chiroyli ovozi keldi. – Ma’mur Sultonovichga! Bir kelib ketar ekansiz.

Sobir dolonda borayotib, xodimlarining sal hadik bilan salomlashishi, sinovchan qarab qo‘yishlaridan bildiki, rostdan ham «besh daqiqalik»dagi gap tarqalgan, tarqalganda ham mahovati bilan, o‘zi haqida ham ancha-muncha gap qo‘shilgan shekilli, bugungi munosabat kechagidan boshqacharoq.
Qiziq ekan, bir pasda. Bu yerda odam zerikmaydi shekilli.

Ma’mur ham uni sakrab turib kutib oldi, boshqatdan qo‘l berib ko‘rishdi. 
– Keling, aka, – dedi yanada ochiq jilmayib. – O’rganyapsizmi? Bizniki shu-da, aka. Endi ichimizga kirdingiz, ko‘raverasiz. 
Sobir nima deyishini bilmaganidan indamadi.
– Qoyil sizga, to‘g‘ri aytgan ekansiz. 
– Ey, buning nimasiga qoyil? – dedi Sobir.
– A shuncha odamdan o‘tib ketibdi-da! Bitta siz ko‘rgansiz. O’tirib ko‘rdik, aytganingizday! Hozir «razbor» qilyapmiz. Haqiqatan ham qo‘ling singur Begijonov tanbur chalyapti, efirdan dutor ketyapti! Ko‘rib turib, odam ishonmaydi-ya! 
– Begijonovda nima ayb? – dedi Sobir.
– Nahs-da, aka, nahs bosgan, – dedi Ma’mur burnini jiyirib. – Yomon ko‘raman shu odamni. Doim qari qiz ovga chiqdi, ketidan g‘ovg‘a chiqdi. Yana bizni tanqid qiladi, musiqani tushunmaydigan odamlar o‘tiribdi deb. O’zi bo‘lsa uyida yangi kostyum-shim kiyib, ekranga chiqadi. Farosat! Ha, mayli, bu – o‘zimizning gaplar. Sizni chaqirtirganim – yana bir marta rahmat aytish. Bu yerdagi achchiq-tiziq gaplarni ko‘ngilga olmaysiz. O’ljaboy aka o‘zi yomon odam emas, hali qaymoqlashib ketasiz, kerak odam, lekin gap eshitaverib, haligi, yozuvchilar nima deydi, qashqatayoqmi, kaltakzadami bo‘lib qolgan.
– Yozuvchilar emas, kampirlar aytadi, – dedi Sobir.
Ma’mur boshini orqaga tashlab kuldi.
– Xalq tili-da... Shu, Sobir aka, endi o‘zimiznikisiz, ertalabki gap shu yerda qolsin. 
Sobir kiftini qisdi.
– Tarqab bo‘pti-yu.
– Tarqaladi! Ming ehtiyotini qiling, davrada aytilgan gapning qirqta qulog‘i, yigirmata og‘zi bor. Ichimizda o‘rmalaydi. Masala – Ma’mur ko‘rsatgich barmog‘i bilan tepaga ishora qildi, – yuqoriga chiqib ketmasin. Yo‘q, yashirmaymiz. Lekin... rais o‘zimizdan, aniqrog‘i mendan eshitsinlar-da. O’zim lab-lunjini to‘g‘rilab tushuntiraman. Boshqalar qaysi ko‘ngilda nima deb yetkazadi – kim biladi? – Ma’mur o‘zining piyolasiga choy quyib, Sobirga uzatdi. – Bitta iching, dil ketdi. Bundan keyin, xudo xohlasa, ko‘p ishlarni birga qilamiz, shunaqa paytlari, akajon, avval sekin o‘zimga aytsangiz, yozuvchilar nima deydi, nuran a’lo nurmi...

Bosh direktorning choyi, ichiga allambalolar solinganmi, ham taxir, ham zig‘irmoyning mazasi kelar ekan. Sobir qayoqqa tupursam ekan deb ijirg‘anib chiqsa, dolonda Javhar aka turgan ekan.
– Sizga qarab turibman, – dedi Javhar aka mehr ko‘rgazgan bo‘lib. – Chaqirtirsam, kabinetingizdan bu yoqqa kelguningizgacha bitta roman bitiladi. Bizga kiraylik. 
Javhar aka og‘ir gavdasini chaqqon burib, kabineti eshigini ochdi-da, Sobirga manzirat qildi. Sobir indamay ergashdi. 
Javhar aka joyiga o‘tirgandan keyin tortmasidan bir dasta oq qog‘oz olib, tap-tap urib taxladi, Sobirga qaradi, unda hech narsa yo‘qligini ko‘rgandan keyin, dasta qog‘oz ustiga ruchka qo‘ydi-da: 
– Yaxshi bo‘ldi, Sobirjon, – dedi, – juda yaxshi, xudo ol, qulim, degani shu-da, o‘zi to‘g‘rilaydi! Kelganingizdan bir kundayoq ko‘zga tashlanib turibsiz. Lekin ehtiyot bo‘ling: orqangizdan pichoq uradiganlar bor bizda. I-i, chohga itaradiganlardan ehtiyot bo‘ling deb, o‘zlari itarib yuboradi! Ana bittasi! Noxunni ko‘rsatarmish! Havasakka ikkita nag‘ma mashqi bormi-yo‘qmi, bu errayim ham sozanda! Mutaxassis! Peshonasiga tuflab bir so‘m yopishtiring, qiypillab o‘ynaydi. Otarchi! Butun boshli muharririyatni shunaqa odamga topshirib qo‘yganmiz. Yozuvchining qadami bexosiyat keldi emish. Saviyani qarang! Miya mog‘orlab, betni tasqara boylagan-da bir qarich. Siz o‘ylanmang, o‘zim borman. Bamaslahat ish qilsangiz, kam bo‘lmaysiz... 
Sobir shu bir-ikki kun ichida odamlarning gapini bo‘lmay eshitishga o‘rganib qoldi, lekin Javhar akani jim tinglashga qiynaldi, ammo uning gapini bo‘lishning ham evini qilolmadi. Noiloj tishini tishiga bosib o‘tiraverdi. 
Bu O’ljaboy degani cho‘qimay qarg‘a bo‘lgan, o‘qimagan bir mulloyi beamal ekan. Unga Javhar aka aytibdi: «O’zing ishni chatoq qilib, yana nimaga yozuvchidan xafa bo‘lasan, bola-chaqasini o‘ynatib, xotinining ko‘nglini olish o‘rniga efiringni ko‘rib bersa» deb, lekin u to‘qim tabiat, paytavaquloq, xullas, to‘yib quturib ketgan ekan-da-e, endi qancha tez ketiga tepilsa, shuncha baraka topar ekan tepgan odam. Gap nima ustida ketyapti ekan? Vijdon ustida, mas’uliyat ustida! Javhar akaning davrlarida bunaqa emas, hamma qilgan ishiga javob berar ekan, hozir intizom tushib ketibdi. 
Javhar aka juda ko‘pchilikdan shekilli, biz, bizning davrimizda, bizlar undoq qilganmiz, deb gapirdi, keyin bu kishi hamma narsani oldindan bilar ekan, biz bilar edik, aytib qo‘yay, meni aytdi deysiz, biz oldindan aytgan edik-ku, deydi, shundanmi, u kishi rahbar paytlari bunaqasi bo‘lmagan, bo‘lsa ham O’ljaboyga o‘xshaganlarning shoxi «moment» sindirilgan, hozirgi bu erkinchilikning oxiri yaxshi emas ekan.
Javhar aka Sobirga qarab gapirgani bilan uni ko‘rmayotgan, hisobga ham olmayotgan, u Sobirning orqasidagi teranliklargami, puchmoqlargami ko‘zini tikkan edi. Tinglagani sayin Sobirning ko‘ngliga mubham bir xavotir oraladi, Javhar aka ko‘ziga odamzod ummoni ichida ne-ne zamonlar oralab, oldida ko‘ndalang chiqqan jonzot borki, hammasini katta boshi, yirik-yirik jag‘lari bilan bosib-g‘ajib-yanchib o‘tib kelayotgan bahaybat bir nahangning o‘zi bo‘lib ko‘rindi, uni to‘xtatadigan yo orqaga qaytaradigan kuch yo‘q, Sobir bunga shunchaki, ko‘rganini boshqalarga yetkazib, qudratiga shohidlik beradigan bir guvoh edi, xolos.
Javhar aka dasta qog‘ozni Sobirga surib, katta jag‘i bilan im qoqdi. 
– Endi qoidamiz shunaqa – hammasini yozib berishimiz kerak. Siz hali yangi, o‘zim qarashib yuboraman. Xo‘sh, bunday. Kompaniya raisiga. Kechagi sana, kechqurun soat to‘qqizu o‘ttiz beshda berilgan ko‘rsatuvni ko‘rdim, unda boshlovchi Farhod Olimjonovning taklifi bilan bastakor Uzayr Begijonov tanburda «O’rik gullari» kuyini ijro etdi, lekin efirda dutor ijrosidagi «Soy sohili» berildi. 
– «O’rik gullari»mi yo boshqasimi, qaydan bilaman, – dedi Sobir g‘ijinib. – Tanburning tovushi chiqmadi-ku, parda bosilishiga qarab aytadigan darajada emasman. 
Javhar aka bir muddat iljayib tikildi. 
– Ha mayli, buni yozmaymiz... Xo‘sh, ertasi kuni bosh direktor EM.ES.Qorievning kabinetida soat to‘qqizda boshlangan ertalabki operativ yig‘ilishda majlis ahliga mazkur g‘oyaviy-siyosiy xato haqida ma’lumot yetkazdim. Ammo majlisda «Musiqa» muharririyatining bosh muharriri O’. Nuraliev xatodan tegishli xulosa chiqarish o‘rniga kaminani haqorat qildi, tartibga chaqirgan bosh direktor o‘rinbosari Je.Qurbonboevga qo‘pollik ko‘rsatdi. 
– Haqorat qilmadi. – dedi Sobir. 
– Iya, balo tikildi desa, bexosiyat keldi, deb gap tarqatib yursa, haqorat emasmi shu, Sobirjon? – Javhar aka juda-juda hayron tikildi Sobirga. – «Tur!», Tur-e», deb itga aytiladi, a bu haqorat bo‘lmay, nima? Ertalab shart-shurt gapirganingizga, manna-e, nihoyat g‘ururi baland, tishlik-tirnoqlik bosh muharrirga ega bo‘ldik, deb xursand bo‘luvdim. Bu yog‘i qanchadan tushdi endi? O’ljaboyning o‘zi haji qabul bo‘lib qolgan, bitta turtki yetadi. Ko‘pchilikning duosiga qolasiz. Echkining o‘lgisi kelib, qassob bilan o‘ynashib turibdi-ku. 
Sobir o‘rnidan turdi. 
– Sobirjo-on, – dedi Javhar aka cho‘zib, – bu sizga kerak, ha, sizga. Mansab pillapoyasida necha ko‘tarilishingiz bor. Tarjimai holingizda yana bir ijobiy fakt-da bu. Zo‘r bo‘ladi. Shunaqa faktlar yig‘ilaversa, kelajagingizga yaxshi. Men sizga bir yaxshilik qilay deyapman.
– O’ljaboy aka yana ham sasib yurgan bo‘lsa, o‘zim gaplashib qo‘yaman. 
Javhar aka ham o‘rnidan turib ketdi:
– O’v, uka! Sizning tengingiz emas u odam. Boshni dorga tikmang. Bir musht uraman deb... O’ljaboyning gaplari sizga emas, mening mana shu yuragimga sanchildi. Qonuniy yo‘l bilan ta’zirini yedirish kerak, vassalom! 
Javhar aka o‘tirgan joyida bostirib kelayotgandek, Sobirni og‘ir bir rutubat bosdi. U burilib eshikning dastasini ushladi. 
– E to‘xtang-da, mo‘h-mo‘h desa qo‘y ham tushunadi, siz bo‘lsa, – dedi Javhar aka sir bilan. – Aytmaganimga qo‘ymaysiz shekilli. – Javhar aka shu gavdasi bilan chaqqon kelib, Sobirga boshini egdi, jilmayib, ko‘zi bilan imlab, qattiq shivirladi: – Qo‘shamiz! Tushunyapsizmi? Musiqaning ham boshiga oftob chiqsin.
Sobir hech narsani tushunmadi, lekin Javhar akaning mamnun qarab turishidan xursand bo‘lishi kerakdek edi. Tili sur kaltak bo‘lsa ham, shunday gavdali odam eshilib-buralar ekan. 
– Musiqani sizga qo‘shamiz. Yetdi yetdimi endi bu dono kallaga? Ha? Endi o‘tirib yozing aytganlarimni. 
Sobir eshikning dastasini qo‘ydi. Javhar akaga tik qaradi. 
– Meni bunaqa narsalarga aralashtirmang. 
Javhar aka nodon bolani birinchi marta ko‘rayotgandek ajablandi:
– Uka, ukajon! Men yozuvchilarni boshimga ko‘taraman. Nosir Nozim akamlarga men choylar damlaganman, xizmatlarida bo‘lganman. Sizni ham o‘zimizdan deb...
Sobir uning gapini bo‘ldi:
– Kechirasiz, men hech kimga choy damlamaganman. Siz bilan farqimiz shu. 
 Sobir Javhar aka tutib qoladigandek, o‘zini eshikka urdi, Javhar aka «Til ham bor ekan, zahargina», deb qoldi, lekin uni to‘xtatishga ulgurmadi, orqasidan ham chiqmadi. 

Sobir kabinetiga kirishi bilan telefondan Bekpo‘latni izlattirdi. 
Bekpo‘lat Porsoxon aka bilan birga kirdi. Ikkalasi ham indamay, Sobirning og‘ziga qaradi. «Eshitdimikin bular?» deb o‘yladi Sobir va o‘yini o‘zi rad qildi, har qalay, Javhar aka chaqirib aytmaydi-ku. U Bekpo‘latning bitta o‘zi bilan gaplashmoqchi edi, lekin Porsoxon akani chiqarib yuborish juda noqulay, ham gapini Porsoxon aka ham eshitishi kerakdek tuyuldi. 
– Bekpo‘lat, kecha gapingizni olmay, bekor qilgan ekanman. 
Bekpo‘lat kechagidek labidan ip qochib qaradi, indamadi. Sobir Porsoxon akaga tushuntirdi. 
– Bekpo‘lat kecha bu yer siz ishlaydigan joy emas, deganda, ha, bir olifta gap-da, deb o‘ylagan edim. Hozir bosh qotdi, qanday bo‘shasam deb. 
    Sobir ularning hay-haylab berishini kutgan edi, lekin ular xuddi shunday bo‘lishi tabiiydek tutdilar o‘zlarini. Bekpo‘lat o‘sha-o‘sha siniq tabassum qildi, Porsoxon aka zavqlanib tizzasiga shapatiladi.
– Men gapni kecha aytdim, bugun emas. Bir kunda ko‘p narsa o‘zgaradi, – dedi Bekpo‘lat. 
– Nima o‘zgardi? – dedi Sobir.
– Ishni boshlamaganingizda boshqa gap edi. Endi ketaman, deyish nomardlik bo‘ladi. 
– Hay, qani, Javhar akamiz nima deb o‘qidilar? – dedi Porsoxon aka ayyor kulib.
Sobir Javhar aka bilan bo‘lgan gaplarni aytgisi kelmadi:
– Qo‘yavering, – dedi. 
– Sizga bir gap aytaymi? – dedi Porsoxon aka. – Tuhmat bo‘lsa, xudoning o‘zi kechirsin. Javhar akangizning shu ko‘rsatuvni ko‘rmaganiga sira ishonmayman. 
– Ko‘rishga ko‘rgan, lekin televizorining tovushi o‘chgan ekan, – dedi Sobir. 
– Javhar akaning televizori? O’chiq bo‘ladi-ya?! Hayotda! 
– Porsoxon aka, mumkin emas, – dedi Bekpo‘lat. – Ko‘rib-bilib turib? O’ziga ham gap tegadi-ku. 
– Ey-y, soddalar, – deb kuldi Porsoxon aka. – Nima bo‘pti tanbur o‘rniga dutor ketsa? Foyaviy-siyosiy xato emas bu. Birov so‘ramaydi ham. Kimning nima ishi bor? Lekin bu yerda... Ma’mur bor, O’ljaboyning kavushini to‘g‘rilab qo‘yish kerak. Ma’mur ko‘rsatuvlarni oldindan ko‘rmaydi. Javhar akaga tashlab qo‘ygan, bir gap bo‘lsa, Javhar aka javobgar, u emas. Javhar aka esa musiqa bilan bizni qo‘shsa-da, o‘zi bosh muharrir bo‘lsa. Reja shu. Shu uchun musiqa atrofida qancha gap ko‘paysa, shuncha yaxshi. Bu kishi keyin kelib tartibga solib beradilar. Bitta musiqaning o‘ziga intilsalar, shubha tug‘iladi. Lekin Ma’murning hamma gapdan xabari bor. Jazolashni ham Javhar akaning qo‘li bilan qiladi. Hammasi hisobga olingan, Bekpo‘latvoy. 
Sobirga bu gaplar juda qiziq edi... 
– Ah-ha, to‘g‘ri, – dedi Bekpo‘lat. – Lekin bosh direktor o‘rinbosarligi ham yomon emas-ku?
Porsoxon aka qo‘l siltadi:
– Be-e, akam kecha o‘zlariga bo‘ysungan Ma’murga bugun bo‘ysungilari yo‘q. Ming intilgani bilan, Ma’mur ham joyini berib qo‘yadiganlardan emas, keyin yosh ham ketyapti. Ha-ey, Sobirjon, ishlarimizning keti ochilib yotgan siri ko‘p. O’lmagan qul ko‘raverar ekan. Vo-oh, butun umrni shu yerda o‘tkazib yuboribmiz-ey, qirq uch yil shu bitta eshikdan kirib, bitta eshikdan chiqib yuribmiz. Baliqchadan baliq bo‘ldik, lekin tilla bo‘lmadik, nahang ham, hovuz o‘sha-o‘sha, o‘zgargani yo‘q. Lekin shukr, shukr qilishimiz kerak. Jonimizga to‘zim bersin, shuncha yildan beri Javhar aka bilan ham olishib kelyapmiz, siz bo‘lsangiz... bir kunga...
– Yozuvchilar xudbin bo‘ladi-da, yaxshi ma’noda, o‘zini, ijodini o‘ylaydi, – deb falsafa so‘qdi Bekpo‘lat. – Bu yerdagi odamlar-chi? Hammasini ko‘rib, sezib turibdi-ku. Nechtasi kirmoqchi oldingizga, yangi ish, yolg‘izlanib qolmasin, ko‘ngillariga tirgak bo‘larmiz deb. Siz bo‘lsa, boshingiz qotib ketmoqchisiz. Kecha men bu yerda ishlamang degan ma’noda aytmadim, ishlasangiz sizga achinaman dedim. Hali... 
– Bo‘ldi, bo‘ldi, – dedi Sobir ta’sirlanib. – Boshqa bu mavzuda gapirmayman... 
Eshik ochilib, O’ljaboy aka, doim kirib yuradigan joyi, lekin sal tortinibroq kirdi. O’tirib, qo‘llarini ochdi-da:
– Qani, Porsoxon aka, bir duo bering, – dedi.
Porsoxon aka:
– Omin! – deb fotiha tortib qo‘ya qoldi.
Hammalari fotiha tortgach, Porsoxon aka O’ljaboy akaga qush boqish qildi: 
– Keling, O’ljaboy. 
– Hay, – dedi O’ljaboy aka, keyin Sobirga to‘g‘ri qaradi. – Sobirjon, sizga hayfsinib keldim. Qarang-ey, o‘tib ketibdi-ya! Yana tanbur chalsa, dutor kuyi chiqayotgani to‘g‘riday. Shunaqa bo‘lishi mumkinligi sira kallamga kelmabdi...
«Bexosiyat deb aytdimi, yo‘qmi? – deb o‘yladi Sobir, lekin O’ljaboy akaning tanqaygan burni, qovjiragan ko‘zlariga qarab, fikridan qaytdi. – Yo‘q, Javhar aka to‘qigan. Bu odam pov etib yonib, keyin qanday o‘chishni bilmay yuradi shekilli».
– Xo‘sh. O’ljaboy, bo‘ladi-da. Nimaga kelishdinglar, shundan gapiring, – dedi Porsoxon aka.
– Javhar akam nimani so‘rasa, yozib berdik. Iloj qancha? Endi go‘shtimizni sixga tortib, cho‘qqa toblab oladimi yo xomlay yeydimi, o‘zi biladi. Peshonadan ko‘ramiz-da, – deb O’ljaboy aka mumsik iljaydi. – Bizniki shu – gadoy arazlasa to‘rvasiga ziyon.
– Hali aytmoqchi edim, – dedi Bekpo‘lat. – Sobir aka, tushlikda hech qayoqqa ketmaysiz. Xotinlarimiz bir tadbir tashkil qilgan. Hamma bo‘ladi. O’tiramiz. Siz bilan yaqindan tanishuv. Bu ham hammaga qilinavermaydi, aka, obro‘yingiz... O’ljaboy aka, siz ham kiring. E-e, ko‘p ichga olavermang, otning oyog‘i to‘rtta bo‘lsa ham qoqinadi.

1995 – 2006
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.