OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ahmad A’zam. Go'zallik qirralari (hikoya)

O’zi g‘alati kun bo‘ldi. Havo ham shunga o‘xshagan. Qandaydir dim, bo‘g‘ilib ketayotgandek bo‘lasan-u, chuqur nafas olaman desang, havo bemalol, ko‘kraging to‘ladi, “Havo yetmayapti-ya!”, deb yozg‘irmoqqa chog‘langan odamga alam qiladi.
Nima xohlayotganingni o‘zing ham bilmaysan.
O’zi-ku, odam degan xudoyim bergan har bir kunga shukr qilib yashashi kerak. Kun bilan kunning farqi yo‘q. Lekin bu dunyoda Hebbimga o‘xshaganlarga hamroh b…lsang, tag‘in ertalabdan ko‘zingga cho‘pdek qadalib tursa, kufrga botasan Yo‘q, tag‘in ham istig‘for aytaman, tavba deyman, Hebbimni menga aka yo uka, yo bir hamxona qilib yaratganda kunim qanday o‘tardi! Undan ham, o‘zimni shunaqa yaratganda bormi?! Ming bor tavba qilaman, olloh mehribon, rahmimni yegan, shukr, ming bora shukr!
Turibdi hishshayib! Eshikni odamga o‘xshab ochsa mayli. Bu… shirq etib tortadi-da, turaveradi. Zabon yo‘q. Gapni tilanib olamiz. Losh dolonda, bir qo‘l eshik tutqichida! Turibdi. “Ha?” dedim, yorug‘ olamni to‘smasang-chi, deganday. Qani edi bu dunyoda andisha, yuz-xotir, muomala degan narsalar bo‘lmasa-da, ko‘nglingda nima kechsa, hammasini tilingga chiqarsang! “Ho‘-o‘v! Falon-pismadon!.. Turqingga seni!” deb boshlasang. Nachora, bu ham odam bolasi, o‘zi odam bo‘lmasa ham, bir bechora mushtipar shuni odam bo‘ladi deb umid bilan tuqqan. Aytdim-ku, bunda til-zabon yo‘q, suvga cho‘kib o‘layotgan bo‘lsa ham, hishshayib qarab turaveradi, yordam kerakligini o‘zingiz fahm qilasiz. “Mening oldimga”, deydi. Ey, hey, gapini qarang! O’zidan ham chala. Odam bolasi tushunadimi? Biz-ku, qarg‘adan oshnang bo‘lsa, yemishing… deganday, o‘rganib ketganmiz. “Sizning oldingizgami?”, deb jo‘rttaga anqovsirayman. “Sizdan boshqa hamma tushgan” emish. Xuddi menga oldin tayinlab qo‘ygandek.
Basharasidan ma’lum, bir amal tekkan bunga.
Bo‘g‘ilmaysanmi shundan keyin. O’zini ko‘rsang zardang qaynaydi-yu, gapini eshitgandan keyin ayniqsa… Bo‘g‘ilasan, hammaga yetgan havo senga yetmaydigandek bo‘ladi. Havoga to‘ysang ham, to‘ymasang ham alam qiladi.
O’zi hayotga bir martagina kelasan, shunda ham Hebbimga o‘xshagan nokasga yozg‘irib o‘tasan - botib ketadi-da odamga. Bo‘lmasa, kunda nima ayb, xudoning hamishagidek karami keng bir kuni… Hebbimga o‘xshaganlar keng dunyoni ko‘zingga tor qilib yuboradi-da. Mana, derazadan qarasang, odamlar bemalol, emin-erkin yashab yuribdi-ku, ishga kelishadi, uyga borishadi, ko‘chalarda yurishadi, bir-birlari bilan shirin suhbat qurishadi, chaq-chaq qilishadi… Sen esa ertalabdan Hebbimning turqiga ro‘para bo‘lasan!
Mening aytganlarimga ham ko‘p ishonavermang-ku, shu bo‘g‘ilsam, yengil tortamanmi deb atay oshiraman, yomon ko‘rganimga yolg‘onni atay yopishtirib tashlayman, tuhmatdan ham qaytmayman ba’zan. Lekin ichimda. Birov hisob so‘ramaydi-ku, to‘g‘rimi? Bo‘lmasa, aytdim-ku. Hebbim ham xudoyim yaratgan bir jonzot, yelkaning ustida bir po‘stakkalla, po‘stakning tagida yiltir ikkita teshik… Lekin buning qiliqlariga sira chidab bo‘lmaydi-da!
O’zi oti asli Begimqul bo‘lgan, hujjatida “qul"ini yozishmagan. Men uyqashtirib Hebbim deyman, ichimda albatta; ko‘pchilik Haykal deydi. Rostdan, beta’sir - ming urish, ming so‘k, parvosi yo‘q, hishshayib turaveradi. Ko‘zi yiltillashini aytmasa, nimaligini bilib bo‘lmaydi. G’ayrat aka bir k–ni: “Buni bunday demanglar, haykal zo‘r odamlarga qo‘yiladi, bu nima postament, tamal toshi. Ustiga nima qo‘ymang - farqi yo‘q, miq etmay ko‘tarib turaveradi”, dedi. Botir o‘shanda: “Unda, eshak ekan-da”, dedi. Lekin laqabi o‘zgarmay qolaverdi.
G’ayrat aka shunaqa topib gapiradi, doim uning kallasiga besh ketib yurardim, bir voqea o‘tdi-yu, shu bilan gapini uncha yoqtirmaydigan, hatto g‘ashlanadigan bo‘ldim.
Bir kuni yo‘q yerdan Hojiqul Hebbim bilan urishib qoldi. Hebbim, farosatdan xudo qisgan, bir mundayroq gap qiluvdi. Hojiqulning hamiyatiga tegib ketdi. Shu ham odammi, nimasidan xafa bo‘laman, deb hay bersa-ku, olam guliston, lekin chumolini gapirsang o‘ziga olib, bastini rostlaydigan Hojiquldan o‘tib tushdi. Bir sapchib Hebbimning oldiga bordi-da: “Sen haykalni… onangni… Chavaqlab tashlayman lekin!” deb baqirdi. Bir qo‘lini orqa cho‘ntagiga ham yubordi-yov shunda. Qaltirashidan, pichog‘i bo‘lsa, yana achchiq ustida bir narsa qilmasin deb ajratishga intilgan edim. G’ayrat aka yengimdan tortib, qulog‘imga sekin: “Echki bilan xo‘kizning urushidan zo‘r tomosha chiqarmikan”, dedi Yengimni bu qo‘lim bilan tortib oldim, lekin oraga tushmadim. Qarab turaverdim: Hojiqul titrabqaqshab baqiradi, Hebbim o‘sha-o‘sha, hishshayadi. Menga esa G’ayrat akaning tirjayishi o‘tib tushdi. Hojiquldan jahlim chiqdi. Qo‘lingdan kelmaydiganni nima qilaman baqirib? Odam ham o‘zini shuncha xo‘rlatadimi? Ochig‘i, xudoning o‘zi kechirsin, Hojiqulning G’ayrat akaga qasdmaqasd Hebbimni chavaqlab tashlashini ham istadim lekin.
Men hamma narsaga baho beradigan va hamma narsada o‘zini haq deb biladigan odamlarni, balki o‘zim ham shundaydirman, azaldan yomon ko‘raman. G’ayrat aka bir ko‘rsin edi “Odamning tabiatida yirtqichlik bor, u ov qilib, hayvonlarni o‘ldirib turishi kerak, xusuri qonmasa, qonida tajovuz to‘planib qoladi. Urushlarning oldini olish yo‘li shu” degan gapiga isbotni! Shu odamga hayronman lekin: nima gap bo‘lsa albatta bitta nazariya to‘qiydi! “Do‘q urish inson qonida qadimqadimdan saqlanib kelayotgan hayvoniyatning in’ikosi”, deydi masalan.
Sal o‘tkazib tushdim. G’ayrat aka, Botir, Safarniyoz aka, Hojiqul bilan men bo‘ldik. Bularning avzoidan bildimki, Hebbim domladan topshiriq olgan, lekin nima topshiriqligini aytganicha yo‘q, meni kutgan, hamma uning og‘ziga mahtal. U mening ko‘rishib-so‘rashib bo‘lishimga ham toqat qildi, keyin xuddi biz gala bo‘lib hozir birovning tomorqasiga kirib ketamiz-u, u qaytarayotgandek, “Xo-osh”, dedi. “Haykal olib kelamiz” ekan. Botir piq kuldi-yu, darrov og‘zini yig‘ishtirib, “Nima bilan?” deb so‘radi. "Tramvayda”, dedi Hebbim. G’ayrat aka iljayib: “A, tramvaydan bu yog‘iga-chi?” deb surishtirdi. Safarniyoz aka bir pasda rosmana dardmandga aylanib, aftini tirishtirdi: “Birga borishim mumkin, lekin yuk ko‘tarish menga mumkin emas”, dedi. “Osh mumkin-a?”, dedi Botir. Hojiqul butun yuk bir o‘ziga qolayotgandek zorlanib: “Hovlida aravag‘altak bor-ku” dedi. Botir: "Shuncha odam, ko‘tarolmaymizmi-ya!”, dedi. G’ayrat aka yana achchiq iljaydi: "Haykal - san’at asari, uni aravag‘altakka solib, baloga qolmaylik”, dedi. Botir irg‘ib turdi-da, bu qo‘liga ko‘rinmas kepka olib, u qo‘lini ko‘rinmas ufqqa cho‘zib, Lenin bo‘lib berdi. Hojiqulning rangi bo‘zardi, Safarniyoz aka urishib berdi: “Bunaqa maymunlikka, bilasizmi, necha yil beradi?”. "Lenin maymunmi?” dedi Botir. Safarniyoz aka tilini cho‘qillatdi. Hojiqulga jon kirib: “Bitta o‘zi ketsa ham mayli edi, bu hammamizni...", dedi. Botir cho‘chidi-yu, lekin xo‘rozlik qildi: “Borib ayting, Aliev qildi, men qo‘shilmadim, deb”. G’ayrat akaga xudo berdi: “Nega indamay qarab turdingiz, bari bir, ishtirokchisiz, deyishadi. Ana, politexda o‘n besh kishi bitta hazil uchun ketdi. Yetkizganni ham tortib ketishibdi, o‘zi boshladi deb”. Shundan keyin hamma birdan jimidi. Boyadan beri navbat tegmay turuvdi, nihoyat so‘ramoqchi bo‘lgan gapimni so‘radim: “Xo‘sh, obkeladiganimiz qanaqa haykal o‘zi?” Birdan Hebbimga savol yog‘ildi: "Kimning haykali?” “Kattami?” “Haykalmi, byustmi?” “Qaerdan olib kelish kerak?”
Hebbim jim.
Safarniyoz aka: “Leninning haykali-da, boshqa kimniki bo‘lardi”, dedi. Shunda Botir: “Bor-u bizda Lenin. Yana bittasini …mi”, deb yuborsa bo‘ladimi? “Hiy-y!” dedi Safarniyoz aka ko‘zi peshonasiga chiqib. Hojiqulning rangi qochib, yupqa lablari o‘z-o‘zidan pirpirab qoldi. G’ayrat akaning ko‘zoynagi yilt etdi-da, ko‘zini yopdi. Botirning so‘kinishi baralla edi, lekin vahimadan eshitmaganga oldik, o‘zining ham ko‘zlari g‘iltillab ketdi. Agar Xebbimning hanuz o‘sha-o‘sha ishshayishini aytmasak. Aytdim-ku boshda, buning nimaligini bilib bo‘lmaydi, deb.
Yana jimlik qo‘l kelib, Hebbimga dona-dona: “Ayting, domla qaerdan kimning qanaqa haykalini obkelasiz, dedilar. Gapiring”, dedim. Sizga aytmabman, jahlim chiqsa yo biron narsadan boshim qotsa, gapimni, ayniqsa savolni dona-dona chertib aytaman. O’zim hayronman shu odatimga, adashib ketmay deymanmi…
Buni qarang, bilmas ekan! Domla ertalab kiraverishda unga: “To‘rt-beshtang borib haykalni olib kelasizlar”, debdi. Bor gap shu, boshqasini bilmas emish. Tramvayni o‘z kallasi bilan topibdi, jonivorning ishlaganini qarang! “Bilmiyman, lekin boramiz. Men xo‘p, deganman, kim bormasa, bormadi, deb domlaga aytaman”, deydi yana. Aytmadi bu, bir marta aytgan ham.
Bizda bir Hakim aka degan ishlardi. O’zi yomon odam emas, lekin kimning oldiga kimlar kelishi bilan juda qiziqar, ayniqsa qizu juvonni ko‘zdan qochirmasdi. Xuddi mutaxassisligi shundanmi deysiz. Bilmadim, ko‘rganmi yo to‘qib chiqarganmi, bir kuni: “Domla kotiba choy uzatganda piyolani mana bundoq qilib oladi”, deb domlaning shu asnoda Xolidaning tirsagidan bilagigacha qanday silab qo‘yishini ko‘rsatib bizni kuldirdi. Lekin X,ebbim kulmadi. “Bu bilan nima demoqchisiz?”, dedi. Xdkim aka biz kulganga mast, X,ebbimga qarab: “E-e ukam, domlamiz ham erkak, chiroyli-chiroyli qizlarni terib yuradi, demoqchiman”, dedi. X,ebbimning tusi o‘zgarmadi, lekin ko‘zlari yiltillagandek bo‘ldi: “Tuhmat! Men buni bunday qo‘ymayman”, dedi. X,akim aka, ja unaqa yuragi botir emasdi, lekin X,ebbimni jini suymaganigami, ishqilib: “Qo‘ymang! Sizni erkak deb tuhmat qildi, deb o‘zlariga kirib ayting!”, deb tishini gizzilatib qoldi. X,ebbim: “Aytaman ham!”, dedi. Biz aytdiqo‘ydi-da deb o‘ylabmiz, chiqib ketganiga e’tibor ham bermabmiz. X,ali tarqalganimiz yo‘q, Xolida telefon qildi, X,akim akani domla chaqiryapti, dedi. Botir: “Uh, Xdykal borib aytgan, shohim, sizni erkak deb tuhmat qildi, degan”, deb hazillashdi. Xdmmamiz kuldik. Xayolimizga hech narsa kelgani yo‘q. Men choy qo‘ydim, hali shisha bankadagi suv vijillagancha yo‘q edi, X,akim aka qiyshiq iljayib qaytib keldi. Faqat Safarniyoz aka: “X,a?”, dedi, sezgir odam-da. X,akim aka boshini g‘alati chayqadi: “Domla menga yangi lavozim ochmoqchiman, shu o‘ringa siz juda bopsiz, desalar, eplay olamanmikan, depman, juda eplaysiz, dedilar, men ham mayli, siz nima desangiz shu-da depman. Rozi bo‘lishdan oldin qanaqa lavozim deb so‘ramaysizmi, dedilar. Men ahmoq so‘rabman ham. Menga haram og‘asi bo‘lasiz, nechtasining bilagini silaganimni sanab yurasiz, dedilar”. Bunaqa paytda ishonasizmi, odamning kallasiga hech narsa kelmay qolar ekan. Lahzada yetim bo‘ldik, Xuddi boshimizga nogahon ajal kelgandek. Nuqul bir-birimizga jovdiraymiz. Ajalning o‘qi ham buncha befahm bo‘lmas. Xuddi otamizni bir telba o‘ldirib qo‘ygandek. Telbaga nima ham deysan!? Nega o‘ldirding, deb so‘rasang, o‘ldiraman, deb oldindan aytdim-ku, deb tursa. “Aytaman dedim-ku sizlarga. Aytdim-da. Men to‘ppa-to‘g‘ri odamman”, debdi.
Ko‘rdingizmi uning qanday to‘ppa-to‘g‘riligini!
Bir oycha u bilan gaplashmay yurdik, lekin bir joyda ishlagandan keyin yuz yuzga, ko‘z ko‘zga tushadi, hishshayib qo‘lini cho‘zib tursa, qanday qaytarasan, bir teskari qaraysan, ikki teskari...Keyin… bu o‘rtada Hakim aka ham ishdan bo‘shab ketdi.
Hebbimga hatto noqulay ham bo‘lgani yo‘q.
"O’v, bo‘lmasa, borib domladan anig‘ini so‘rab keling”, desak, bunga ham yo‘q deydi. Domla shuni ham eplolmadingmi, desa, qanaqa odam bo‘lar emish. Odam! Shu-ya?!
Tortishdik, kallamizga jo‘yali fikr kelmadi. Bu to‘nka-ku ma’lum: bormadi bular, men nima qilolardim, deb turaveradi. Har birimiz o‘zimizcha shuni o‘yladikmi, ko‘p tortishmay, og‘zimdan ilinib, domlaga men boradigan bo‘ldim. Ko‘chada g‘ijillashib turavermaymiz-ku.
Dolonda borayotib, menga aytmay domlaning oldiga kiribsiz deb yozg‘irib yurmasin, degan andisha bilan Ahmadjon akaning xonasiga bosh suqdim, u Xolidaga suqlanib qarab o‘tirgan ekan, sal rangi qochib nima gapligini so‘radi. Men tushuntirdim. Peshanasi tirishib ketdi. “Menga indamadilar, sizlarga aytgan bo‘lsalar, albatta, borish kerak”, dedi. “Borish kerak, lekin qayoqqa? Shuni bilmayapmiz-da. Domladan so‘rab bering”, dedim. Ahmadjon aka o‘rnidan turib ketdi. “Ilmiy kotib zavxozmi sizlarga - nima bo‘lsa meni ro‘para qilasizlar. Bilmayman men, lekin borasizlar” dedi. "Bo‘pti, suhbatingizni buzmang, o‘zim so‘rayman” deb eshikni yopayotsam, Xolidachasi nima deydi deng! - “Domla akademiyaga ketdila-a!” Shuni oldindan aytsa bo‘lmasmidi?
E-e, bor-e, menga nima, deb chiqayotgan edim, dolonda Shermat uchradi. Rassom - haykal-paykal qaerda bo‘lishini shu biladi.
"Kombinat ikkita, - dedi u. - Qaysisi?”
O’zim bilmagan narsani bunga qanday tushuntiraman. Shartta qo‘ltig‘idan olib tashqariga, haliyam Hebbimga qarab tumshayib turgan sheriklarim oldiga sudradim.
Gapni bir joyga qo‘ya olmaganimizdan, ikkalasiga ham boradigan bo‘ldik. Haykalning piri o‘zing, domla shuni bilib, eng zo‘rini Shermat tanlaydi, o‘zi boshchi bo‘lib borsin, deganlar, deb aldab Shermatni ham qo‘shib oldik. Shermat uncha ishonmadi-yu, lekin biz bilan tramvayga chiqdi. Birinchisiga bordik. Shermat bilar ekan, to‘ppa-to‘g‘ri hovlisiga bostirib kirdik.
Haykal deganining makoni shu yer ekan. Sanog‘i yo‘q, Odamdan otgacha, kiyikdan kuchukkacha - hammasidan bor. Ne-ne viqorli ulug‘lar bu yerda ag‘nab yotibdi. Bitta Leninning o‘zidan elligi bor-ov. Yigirmatachasi kallaning o‘zi. Ot mingan, gimnastyorkali komissarlarmi, Frunzemi, bular ham bir o‘n beshtacha. Sportchilar, kolxozchilar, shaxtyorlarmi-ey… Xullas, hammayoq haykal. Juda kattalari ham bor, lekin bular bo‘lak-bo‘lak, oyog‘i, beli, boshi alohida, har yoqda tumtaraqay yotibdi. “Bularni bir-biriga kiyishtirishadi”, dedi Shermat. Safarniyoz aka ancha ta’sirlandi: "Kiydirishguncha odam ko‘zidan panaroqqa qo‘yishmaydimi? Har holda san’at asari, judayam yomon ko‘rinar ekan. Odamning ko‘ngliga har xayol keladi-ya”, dedi. Shermat sal ensasi qotib: “Hammayog‘i devor bilan o‘ralgan, yana qanaqa pana joy kerak. Keyin, nima bo‘pti, katta haykallar shunday bo‘lak-bo‘lak tayyorlanadi”, dedi, Hojiqul esa: “Salobati yo‘qolib qolar ekan”, dedi. "Airimlarga nima, - dedi G’ayrat aka, - bir toshning ustiga yana bittasini qo‘nqaytirib qo‘ysa, o‘shanga ham sajda qilaveradi”. Hebbimga qarab turibman, bo‘yni jiq-jiq terga botgan, lekin G’ayrat akaning gapini tushunmaslikka oldi. “Bularning hammasi buyurtma, hali kattalari katta-katta maydonlarga, kichiklari kolxoz-sovxozlarga o‘rnatiladi”, deb tushuntirdi Shermat.
Oftob ko‘zga uradi, issiq, shu havoda mijing-mijing tortishib yuraverdik. Bizdan boshqa hech kim yo‘q. Bularni o‘g‘irlab ketishmasmikan, deb o‘yladim-da, keyin olib borib qaerga bekitiqcha o‘rnatadi, dedim.
Bir joyda juda kattasining bo‘laklari yotgan ekan, etikning o‘zi qayrag‘ochday bahaybat, yelkaning o‘zi supaday, o‘rtasida o‘pqonday o‘yiq, kallani shu yerga kiyishtirishsa kerak-da. Ko‘krakdagi tugmaning o‘zi rapidadek. Bahaybat narsa bo‘lak-bo‘lak yotibdi-yu, hammasining nimasidir tanish. Shuning uchunmi, arqon bilan peshanasining tagi, ko‘zining ustidan, keyin burunning ostidan, yana iyakning tagidan sirib bog‘langan ulkan kallani ko‘riboq bu kimning bo‘laklari ekanini bildik - Lenin. Kallaki, mahallaning ikkita doshqozoni bir-biriga qoplangan, undan ham katta, juda katta! Kalla degani, haykalniki bo‘lsa ham, yelkada turishi kerak shekilli, yerda bir o‘zi tursa, haqiqatan ham odamga juda yomon ta’sir qilar ekan. Qo‘rqinchli. Yana uch joyidan sirmalgan arqonlarning uchi uning qoq tepasi -tepakalning o‘rtasidan o‘yilgan teshikdan chiqarilgan, buni ko‘rgan odamning miyasiga ming xayol keladi. “Voh, Safarniyoz, yozsangiz bo‘ldi, aniq qamashadi lekin”, deb hazillashdi G’ayrat aka. Botir: “Miyasi mog‘orlamasin, shamol kirib tursin, deyishgan-da”, deb qitmirlik qildi. Hojiqul jahli chiqib: "Siz joningizdan to‘ygan bo‘lsangiz, boshqalar shunday emasdir”, dedi. Shu asnoda Hebbim: “Ana shu kallaning o‘rtasidagi teshikdan chiqqan arqonlarni kranga ildiradi, kran bilan katta mashinaga ortishadi”, deb bilag‘onlik qildi. G’ayrat aka bunga endi aqli yetgandek “E-e… shunaqami” deb cho‘zdi. Hebbim shunda yana bir dono gap aytdi: “Kallani yelkaga kiydirgandan keyin arqonni yechib olib, teshigini suvab qo‘yishadi”, dedi! E-e, shu aqlni bergan otangga rahmat, dedim ichimda.
Xo‘b aylandik, nimaga kelganimiz ham esdan chiqa-yozgan edi, maydonning oxiridagi baland chinor tagida bir odam qopqora loyga belanib, kuymalanib turgan ekan, yoniga bordik. Odam bo‘yidan ancha baland, qaddini tik tutib, bir qo‘li bilan soqolini tutamlagancha o‘yga cho‘mgan sallali odamning haykali, Forobiymi, Beruniymi, Ibn Sinomi, ishqilib, sharq allomasi. Katta haykalning oldida kichkinasi, bo‘yi bir gazcha kelar, shunga qarab kattasini ishlayapti ekan, Egasiga salom berdik-da, tomosha qilishga tushdik. Bizga rosa qiziq-da, haykaltaroshning ishini ko‘rmaganmiz. G’ayrat aka haykalning aylanib tomosha qildi, oftob tomondan, teskarisidan qaradi, uzoqdan turib, iyagini ushlab tikildi. “Mana, qarang, haykal chiziqlar garmoniyasiga quriladi, siz buni tushunishingiz kerak”, dedi menga xuddi ikkovimizdan boshqa hech kimning bunga aqli yetmaydigan alfozda. “Salla o‘ramidagi chiziqlarni qarang, peshanadagi ajinlarga uyg‘un, ular o‘z navbatida soqoldagi chiziqlarga, soqoldagilarga qo‘lga, qo‘l esa tirsak bilan yaxtakning bo‘rtmalariga ulanib, tikka oyoqqa tushgan, poyafzalning uchligini ko‘rayapsizmi, hammasini bir-biriga bog‘liq -tepadan - boshdan oyoqqa - pastga tik sharsharadek quyilib tushgan toshqin fikr!” G’ayrat aka o‘zi topgan gaplarga o‘zi jo‘shib ketdi.: “Endi pastdan qarang: tepaga intilgan shiddat! Isyon - fikrning isyoni! Bu asr qoloqligiga qarshi ko‘tarilgan fikrga qo‘yilgan haykal.”
Oxirgi gapni boshqalar ham eshitdi. Botir ojizlanib, havas bilan qarab qo‘ydi. Hojiqulning ensasi qotgani aniq bilindi. Safarniyoz aka shunchaki ma’qullab bosh irg‘adi, u charchagan, chanqagan, ustiga ustak, uyqusi ham kelayotgan edi. Shermat, tanish ekan, allaqachon haykaltarosh bilan suhbatga kirishib, nima masalada kelganimizni tushuntirib yotgan edi, bo‘lmasa, G’ayrat akaning gapi uchun menga “Kim qaydagi quruqlar bilan oshnachilik qilasiz-da”, ta’na qilardi. Faqat Hebbim ishshayib: “Fikrga haykal qo‘yiladimi-ya, bu Beruniyning haykali-ku”, dedi.
Haykaltarosh shu issiqqa qaramay boshiga bo‘g‘irsoqday qilib beret qo‘ndirgan daroz, beti bujur bir odam, baloning o‘qi ekan, gapimizni tushunishi bilan: “Sizlarni hujjatsiz, ruxsatnomasiz qaysi ahmoq yubordi o‘zi?!”, dedi. Hebbim darror o‘ziga keldi: “Ahmoq demang! Bizni domla yubordilar”, dedi. “Nima, domla seni haykal olib kel, deb yubordimi?”, dedi haykaltarosh. “Ha”, dedi Hebbim. Haykaltaroshning achchig‘i keldi: "Xo‘p, mana o‘sha haykal. Yelkangga ortib ketaver”, dedi. Hebbimning shunda basharasini ko‘rsangiz, “Bu hali qurimagan-ku, ezilib ketmaydimi?” deydi! Bu to‘nkaga shuncha gap yetib borgani yo‘q, hali ham bo‘lsa bir amallab olib ketish payida, Haykaltarosh hali ham vazmin odam ekan, Hebbimga emas, bizga tushuntirdi: “Kecha domla bilan ko‘rishuvdik, konferentsiya oldidan ishtirokchilarga Beruniyingizni bir ko‘rsatsak, dedilar, men, mayli, ish tugasin, maketini berarman, dedim. Lekin erta yo indin odam yuboring deganim yo‘q. Tugatay, keyin beraman, deganman”. “E-e, bunisi kichkina-yu, konferentsiyaga kattasini qo‘yish kerak-da. Buni obketmaymiz”, deb Hebbim battar haykaltaroshning ensasini qotirdi.
Hebbimning hamishagi to‘nkaligimi yo domla tushunmaganmi, xullas, bekorga kelgan ekanmiz, bekorga qaytyapmiz. Hammamiz mulzam, ezilgan, bir ahmoqqa ergashib ahmoq bo‘lganimizdan o‘zimiz ham xunob. Aytdim-ku uni so‘kkandan ham, urishgandan ham foyda yo‘q. Qon bo‘lganingiz ziyoda.
Yana tramvayga chiqdik. Faqat men emas, boshqalar ham charchagan, birovning birovga gapirgisi yo‘q. Nima uchundir hamma narsa baribir, hafsala o‘ldi, tramvayda tik turgan bo‘lsam, shu turishimda, shu karaxt qo‘yimda shahar oralab ko‘chadan emas, xuddi dunyodan o‘tib ketayotgandayman.
Rostdan, tik turibman, sheriklarim tik turibdi, qiynalib yiltirayotgan daraxtlar, pardadek osilib qolgan ko‘kimtir tutun - hammasi ming yil shunday turadi-yu, lekin o‘zing bu dunyoga hozir tramvayda kelib, uning derazasidan qarab… o‘tib borayotgandaysan. Uying, ota-onang, ishxonang, sevganing - faqat xayolingda bo‘lgan, o‘zing to‘qib chiqargan uydirmaga o‘xshab qolarkan. Karaxt bir donolik, faqat ich-ichingda bir afsus, o‘zingga bir achinish…
Hebbim ham qandaydir cho‘kib qolgan, o‘zicha bir narsalarni o‘ylayapti, fil miyasiga xijolatga o‘xshagan fikrlar kelgan shekilli, boshini baland ko‘targan bo‘lsa ham, jovdiranqirab qaraydi. Safarniyoz aka, boshi egik, ko‘zlari ochiq, mudraydi. Hojiqulning tishga qaragan ko‘zlari qotib qolgan, ma’nisiz. Botir hammamizga bir-bir ilinj bilan ko‘z tashlaydi, lekin so‘z qotishga botinmaydi. Shermat allanechuk chorasiz ko‘rinadi, kap-katta yigit xuddi yetimga o‘xshaydi shu tobda. O’ttizga borgan, oilalik, yo‘lini topgan yigit yetim bo‘lsa nima qilibdi, degan o‘y kelmaydi odamga.
Juda toriqib ketdim. Odamning umri shunday o‘tib ketsa, ertaga maydonda savlat to‘kib turadigan haykalning boshini joyiga o‘rnatish uchun albatta tepasidan o‘yishsa, keyin suvashsa, mudom shu institutda, shu odamlarning orasida ishlasam, shunday yashayversam, bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan o‘ylar keladi kallamga. Bu yog‘i shu-da endi, deyman, shu gapni ham xayolimda juda erinchoqlik bilan aytaman, xuddi fikrlarim ham bu issiqda erib borayotganday.
Tramvay bo‘lsa yulqinadi, lopillaydi, bir qo‘limiz bilan tutqichga osilib, biz ham chayqalib ketyapmiz.
Tramvay bekatda to‘xtadi, yana yurdi, odam tushdi, kirdi va shu vaqti… bir qizil, yo‘q, alvon, yo‘q-yo‘q, qirmizi… lovullab turgan ko‘ylakda bir qiz tramvayni yondirib chiqdi. Hamma yoq qizil, alvon, qirmizi yashnab ketdi. Xuddi bir mehribon odam “He nodon, o‘zingga qamalib olmay, atrofga ham bir qara!” deb qoq peshonamga, ikki qoshimning o‘rtasiga qarsillatib tushirgandek, ko‘zimga olov urildi. Birdan dunyo o‘zgarib ketdi-da. E-e, b, qiz emas, bilmayman, bir guv etgan alangami, jinsmi, farishtami, ishqilib, qarab turib bo‘lmaydi, ko‘z chidamaydi, hali yuzini, o‘zini tuzukroq ko‘rmay bilyapmanki, juda go‘zal, so‘lim, suluv, dilbar, ta’rifga til aylanmaydi. Yana nima desam? Odam bidirlab qoladi! So‘zning rangi o‘chadi ta’rifiga. Bu go‘zal shu paytgacha qaerda bo‘lgan, yerdami, qanday makonda, nima yeb katta bo‘lgan ekan, bizga o‘xshab non-choy bilanmi, ota-onasi zanjabilmi yo boshqa bi… anvoi mevalar berib o‘stirganmi… umuman bu o‘zi onadan tug‘ilganmi yo shu ham biror yigitni yaxshi ko‘rarmikan… ichimdan bir oh keldi, odam bolasi ham shunchalar bo‘ladimi, o‘zingiz ayting, shunchalar bo‘ladimi, deb baqirdim-ov ichimda. Parpirab turardi-da o‘zi ham!
Unga qaragan odam nega gavdam qiyshiq, nega ko‘zlarim chaqnab turmaydi, nega bunday pachoq qilib yaratilganman, deb o‘z-o‘zidan o‘ksinib ketadi, qaray olmaydi, ey-y, nega men ezilib yuribman-a, axir, hayot men yashagandan mutlaqo boshqacha ekan-ku, bu dunyoda baxtiyorlar bor-ku, men nega bundayman, deb o‘ziga qarshi isyon ko‘targisi keladi.
Qo‘ying-chi, men shu tobda dunyoni tamom unutib, mana shu qizga asir edim, faqat men emas, temir tramvay shu qizni deb yurayotgan, bundagi odamlar ham shu qiz aytgani uchun xuddi shu yo‘ldan borayotgan edilar.
Safarniyoz aka “Hiy-y””, deb yubordi.
Boshqa sheriklarimga qaradim. G’ayrat aka, kallasi joyida turmaydi, bir qizga, bir-bir bizga qaraydi, ko‘zoynagi yilt-yilt chaqnaydi, iljayishi xuddi betiga yopishib qolgan rasmdek lipillaydi, Shermatning og‘zi nim ochiq, tishlari yiltiraydi, ko‘zlari sekin yongan; qizning har bir a’zosini: yuzi, sochi, yelkalari, ko‘kraklarini, oyoqlarini bir-bir ushlab ko‘rayotganga o‘xshaydi, hatto mo‘ylovigacha dikkayib qolgan. Hojiqulning esa ko‘zi sal g‘ilaylanib qolgan.
O’, Hebbimni ko‘rish esdan chiqayozibdi: u bir-bir bizga, bir qizga qaraydi, hishshayishida qandaydir, go‘yo: “Heh, bularga jon kirib qolganini qara!” deganday odamni pastga uradigan g‘alati bir zavq bor.
Safarniyoz aka sekin yengimdan tortib, og‘zini qulog‘imga olib keldi-da: "Hamma ishingni tashlab ketsang-da shu qizning orqasidan… E-e, yashaysan, yashaysan, bir yashaysan-da…” deb qo‘l siltadi.
Hojiqul bu gapni eshitgan ekan: “Orqasidan boring, panaroqqa o‘tgandan keyin, narxini aytadi”, dedi qizga yetishni xayoliga ham keltirolmaydigan bir alam bilan.
"Nima bo‘lganda ham sizga ko‘nmaydi”, deb rashklandi Shermat.
Hojiqul xunuk iljaydi: “Ko‘nadi, bunaqalar faqat pulga yursin-da”, dedi.
Safarniyoz aka: “E-e q”yinglar shunaqa gaplarni. Shunday chiroyli qiz, gulday ochilib turibdi, dedi hasrat bilan.
"Ochilgani bilan, bari bir, birov uzadi, allaqachon uzgan ham. Qarang, aka, ancha ko‘rilgan, bo‘lmasa buncha yetilmaydi”, dedi Shermat.
"Ko‘zini qarang, yeyman, deydi”, dedi Hojiqul.
"Shermat, uka, siz rassomsiz-ku, go‘zallikni tushunasiz, qarang, qanday chiroyli! Nima ishingiz bor, buzuqmi, yo‘qmi, sizlarniki emas-ku. Qarang, ko‘zingiz dam olsin, ko‘nglingiz quvnasin, odamlar ko‘rsin, ko‘rib rohat qilsin, deb yaratilganku bu go‘zallik. Boshi bo‘m-bo‘sh haykalga ham sig‘inamiz-ku,”, dedi Safarniyoz akaxafa bo‘lib.
Shermat yana bir narsa demoqchi edi, G’ayrat aka oraga suqildi: “Nimani tortishyapsizlar? Shu… go‘zalmi? Go‘zallik nima ekanini bilasizlarmi o‘zi? Sip-silliq bu, hamma yog‘i shirg‘ay, nigohingiz toyib ketadi. Go‘zallikda qirra bo‘ladi, tushunasizmi, qirra, ko‘zingiz sh– qirralarda to‘xtaydi, shu to‘xtamlarda fikr paydo bo‘ladi. Bu qiz qanaqa hamma joyida odamning ko‘zi sirg‘Alib ketadi, biron narsani ushlab bo‘lmaydi, bo‘m-bo‘sh. Sizlarga ham hayronman”, dedi. Bu gapdan keyin hamma jimib qoldi. Nimagadir juda g‘ashim keldi: “Xo‘p, mayli, sizningcha bo‘lsin, qizning haligi… qirrasi yo‘q, lekin, ayting, qirraligi qanaqa bo‘ladi? Bitta misol keltiring, chiroyli kinoyulduzlardan bo‘lsa ham”, dedim. G’ayrat aka avval boshini chayqadi-da, keyin “Kinoyulduzlardan?! Bo‘yog‘-u ularning hamma yog‘i, qirra nima qiladi?”, deb kalta kuldi. Juda jahlim chiqdi: “Bunga ham xo‘p. Siz aytgan qirralik go‘zalga Dilorom misol bo‘ladimi?”, dedim. Dilorom uzun bo‘yli, qoqsuyak, injiq, zahar, ko‘p kitob titkilaydi, lekin o‘qigani yuqmaydi. “Hayronman, shu burjua olimlari nega doim teskari xulosa qilishadi-ya”, deb yuradi, negadir G’ayrat aka shunday kallasi bo‘lib, u bilan yaqin, g‘uding-g‘uding suhbat quradi, maqolalari baloday chiqadi, hamma ustidan G’ayrat aka qarab beradi, deydi, men, ochig‘i, aniq bir gap aytolmayman, shu qariqizning aqlxonasida tayinli ilm bo‘lishiga ham ishonmayman, agar ham ba’zi shoirlarga o‘xshab, yarim kechasi ichib olganda ilhomi kelib qolmasa. Savolimga kelsak, G’ayrat akaga botib ketdi, kutganimdek menga qarab “sen bilan teng bo‘ldimmi-ya” degan ma’noda bir tirjaydi-yu, ters burildi, Botir biqinimga turtdi, bilaman - isida “Malades!” dedi.
Bu orada Safarniyoz aka boshini tebratib, “O’y! O’y!”, deb ingragandi, yana biron kasali tutdi, deb qarab qoldim. U zavqini shunaqa bildirayotgan ekan. E attang, G’ayrat aka bilan manjashib, Safarniyoz akaning o‘y-bo‘yiga alahsiganimda qiz allaqachon oldingi eshikka yetib olgan, tushishga shaylanib turgan ekan, tramvay to‘xtashi bilan tushdiyu ketdi. Yerda odam siyrak edi, odamlar orasida u balandgina adil qomat, qizil kuylakda, xipchagina qaddidagi har bir bo‘rtgan joyi xuddi kulol dastgohda mehr bilan yumaloqlagandek bejirim ketib boryapti, dod devorging keladi.
Shu payti Safarniyoz aka: “E o‘tirmayman sizlar bilan, nima yaxshi narsa bo‘lsa bo‘lg‘ab tashlaysizlar! Odam emassizlar-da shu”, deb o‘rnidan qo‘zg‘alayotgan edi, Botir yelkasidan bosdi: “Odam emasmiz, deb ayting, aka, so‘lakayini oqizgan birinchi o‘zingiz-ku, bizdan avlo joyingiz yo‘q. Nima, naryoqdagilar unga qaramadimi, bir qarang, ularning ham kallasi o‘sha yoqqa burilgan”, dedi. Safarniyoz aka yelkasidan uning qo‘lini olib tashladi-yu, joyidan turmadi.
Tramvaychi temirini ko‘tarib tushdi. Qiz sekin bir-bir bosib ketayotgan edi, tramvaydagilarning ko‘zi o‘sha tomonda, nazarimda, hamma lol.
Ana shu payti Hebbim gapga kirdi. Hebbim g‘alamis bir gapni aytdi, negadir tirik jonga o‘hshab, ko‘zlariga bir ma’no kirib gapi…di: “Zo‘r, zo‘r, deysizla… . Feh-h! Hammasi –xotinu qizning poshshosi ham o‘sha ishning gadosi O’sha paytda hammasi bir go‘r bo‘ladi. Hebbim gapini tugatmay, birdan hingil-hingil qildi. Hali uning nimani tasavvur qilishiga aqlimiz yetganicha yo‘q, xunuk bo‘lsa ham, ishqilib, kulishni bilan ekan-ey, deb g‘alati bo‘lib turibmiz, G’ayrat aka, keyin tan oldim, bari bir, soddaligi bor, umuman, yomon odam emas, “Tushunmadim, Begimboy, o‘sha ishingiz nima o‘zi” deb chin ko‘ngildan so‘radi.
Hebbim shunda… qizdan ko‘zini olib, bizga qaradi, go‘zallarning ketvorgani ham, bari bir, nima qilishini aytdi! “Qoyilmi!” degandek yana hingilladi. Shunda ko‘zimga uning shu hingillashi suyuq bir narsaga o‘xshab yalpoq betiga yoyilib ketdi, o‘lay agar, ko‘zimga shunday ko‘rindi.
Birdan yuragim ezildi, uzoqlayotgan qiz xuddi uni Hebbim bulg‘alagandek, endi mumsik, xunuk ko‘rinib ketdi.
"E-e… odam emas ekansiz!” dedi Shermat.
G’ayrat bir gap aytmoqchi bo‘ldi-yu, gapi og‘ziga tiqildi, jirkangan ko‘yi qotdi.
Safarniyoz aka sapchib turib, nari ketdi, o‘sha yoqdan turib, suf senlarga degandek qo‘l siltadi.
Botir Hebbimga tik qarab: “Odam sasimasin ekan, yomon bo‘larkan!”, dedi.
Hojiqul unga unsiz jo‘r bo‘lib, bosh irg‘adi-yu, negadir jovdirab menga qarab qo‘ydi, ko‘zimning qirida ilg‘adim buni.
Hebbim hammamizni urib tashlagandek yayrab hingillaydi. Shu turishiga qarab turganimda kallamga yarq etib bir shubha urildi: poylagan bu, hozir ham poylab yuradi, poylashni yaxshi ko‘radi, shundan rohat olib yuradi, nomlanishi esimga kelmayapti, bir nima “izm” degan shunaqa kasal bor, jinsi buzuqlik, bu o‘shanaqa, deb o‘yladim va shuni betiga aytdim. "O’zingiz ko‘rgansiz, poylab yurasiz-da, a?, dedim, hozir butimga tortib yuboradi deb, shaylanib ham turdim. Yo‘q Hebbim yana xuddi hingillashini to‘xtatolmagandek, “Nima bo‘pti?”, dedi, keyin o‘zini tutib oldi-da, beozorgina “Poylamaganda bilmaymanmi?” deb g‘uldiradi.
U nimani aytgan edi, men buni sizga atmay, bu-ku - iflos, lekin siz nima gunohingizga shu gapni eshitishingiz kerak?
Endi ayting, men shunday odam bilan bir joyda ishlayman, shu bilan bir havodan nafas olaman. Yana, qarang, haykal deb hammamizni ahmoq qildi, mayli, baharnav bir go‘zalni ko‘rdik, ko‘zimiz yayrasin, deganda, mayli, G’ayrat akaning gapi, hamma narsadan qirrami, tumshuqmi axtaradi, lekin Hebbimni qarang, rosmana odam shu gapni aytadimi? Yana hingir-hingir qiladi, hammangni bopladimmi deydi! Bo‘g‘Ilmay bo‘ladimi?! Bo‘g‘Ilaman-da, axir, hammaga yetgan toza havo menga yetmayotgandek bo‘laveradi. E-e xudo, deyman, meni-ku yaratibsan, nima qilarding Hebbimni yaratib, deyman, hammani odam qilib to‘ratasan, nega buni bunaqa bino qilgansan deyman, xunobim oshadi, yozg‘iraman, keyin yolg‘iz qolgan paytlarim istig‘for aytaman, tavba deyman, shu dunyoda borligimga, egamning o‘zi meni Hebbimga o‘xshatmaganiga, tirikligimga odamlarga odamga o‘xshab, go‘zal, chiroyli, suluv, so‘lim, mohitobon, malohatli qizlarga - bokira farishtalarga miyasi aynimagan to‘rt muchali butun, yigitga o‘xshab qarashimga, soppa-sog‘ odamligimga shukr qilaman.
Ha endi, ba’zan bo‘g‘ilasan-da odam, umr shunaqa narsalar bilan o‘tib ketayotganini o‘ylab…

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.