OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ahmad A’zam. Odamoviga uchyoqlama qarash (novella)

1. SURATI


Bu odam juda toza yuradi.
Bu odam juda ozoda kiyinadi.
Bu odam juda chiroyli so‘zlaydi, gapidan adashmaydi va hech qachon o‘zini yo‘krtib ko‘ymaydi.
Bu odamni ko‘rganda beixtiyor o‘zingizning chang-chungga belanib, terlab-pishib yurishingizni, shimingiz dazmollanmay, ko‘ylagingiz yoqasi notoza ekanligini o‘ylaysiz (aslida hech biri shunday emas, lekin sizga shunday tuyulaveradi) va shu zahoti, uyasidan qulab tushgan polaponlardek, xayolingizga lop etib kelib qolgan shu kuydi-pishdi o‘ylaringizning ham betartib, uzuq-yuluq hamda chala ekanligini anglab, dovdirab turaverasiz — bu odamning qarashlari uning naqadar muzayyan va ravon mushohada qilishini ko‘z-ko‘z qiladi.
Bu odam juda batartib o‘ylaydi — o‘ylashda uning o‘z tartibi bor.
Bu odam yana ko‘p yo‘llardan yura oladi — uning yuradigan o‘z yo‘llari bor.
Bu odam yana tillari osmonni yalagan olovlar ichidan kuymay chiqib kelaveradi.
Bu odam yana to‘lqinlari ko‘kka sapchigan suvlar ustidan botmay yuraveradn.
Bu odam parrixta musichalarning ham ko‘nglini topadi.
Bu odam kulcha bo‘lib turgan ilonlarning ham tilini biladi.
Bu odam tag‘in o‘layotgan do‘stga iljayib qaraydi, Bu odam tag‘in tish qayragan dushmanga kulib boqadi.
Yana... bu odam botayotgan oftobning qontalash barkashiga
qaragancha, og‘zini katta ochib, “hay-yiy” degan tovush chiqaryab,
bamaylixotir esnaydi; esnoqdan badani yayrab, ko‘zlariga yosh chiqib ketadi.
Bu odamni tabiat yarlaqagan — uning
zaxa yemagan shaftoliday,
tish tegmagan jonoqi olmaday,
qo‘l tegmagan hurkak siynaday,
onasi, yo‘q, ro‘zg‘or o‘pmagan bokira qizday toza, ozoda, hali unniqmagan, hali dunyo ko‘rmagan,
dunyodagi vijdonlar ichida eng chiroylisi bo‘lmish vijdoni bor!
Bu vijdonni u har qanday ko‘zdan asraydi; hech kimga bermaydi, ko‘rsatmaydi.
Bu vijdonni u shamollar tegmaydigan, suvlar o‘tmaydigan, olovlar yalamaydigan, nigohlar tushmaydigan qilib o‘rab-chirmab, ko‘nglining tubiga bekitib qo‘ygan va badanini vijdonining ustida pilla qilib o‘rab olgan.
Qachon pilla ichidagi g‘umbak kapalakka aylanib, pillani teshib chiqadi va qanaqa tuxum qo‘yadi —buni bilolmaymiz.
Bu odam esa savolga javob qilmaydi: u iljayganicha ko‘nglingizning ochiq eshigidan o‘tib, to‘xtamay, nariyog‘idan chiqib ketaveradi.

2. SIYRATI


Bu odam yana ustidan qulflab o‘tiradi.
Siz bilan bizga — ustidan qulflamaydigai odamlarga uyda o‘tirganimizda qulfning keragi yo‘q: odam bor uyga do‘st kelishi, qo‘shni kirishi mumkin; dushman esa uyimizga kelmaydi, u katta yo‘lda oyog‘imizdan chaladi.
O’z uyida ustidan qulflab o‘tiradigan bu odam esa do‘stdan yo, deylik, o‘g‘ridan qo‘rqmaydi, egali uydan o‘g‘ri qo‘rqadi — u ham o‘zini to‘g‘rilarga ko‘rsatmaslik payida bo‘ladi; bu odam dunyodan hadik oladi: u tashqaridagi olam kirib keladigan eshikka qulf urib, tag‘in dunyo uyimga kirib-netib qolmasin, deb hushyor o‘tiradi.
Mayli, deylik — uy o‘ziniki bo‘lganidan keyin, bilganini qilmaydimi?
Lekin bu odam ko‘chaga chiqqanda ham oftobga, havoga, qushlar sayrog‘iga, ko‘chaning o‘ziga, ko‘chadagi odamlarga, odamlarning bergan salomiga ham hadik bilan, tag‘in ko‘nglimga kirib ketmasin deb juda hushyor tsaraydi.
Bunisiga ham mayli, deylik — ko‘chadagi odamni sen nega bunaqa… o‘zingdan-o‘zing xavfsirab yuribsan, deb qisti-bastiga ololmaymiz.
Lekin bu odam o‘zining ko‘nglidan ham shubha qiladi — yopiray, biron so‘z, biron fikr, biron beboshvoq hayajon chiqib ketmasin, deb ko‘nglini ham qulflab yuradi: og‘ziga mahkam, odamlar bilan gaplashmaslik chorasini qilolmasa, noiloj, og‘zini ochmay so‘ylaydi.

3. TURMUSH TARZI


Bu odam faqat uyinigina vatan deb biladi: to‘rt devor bilan o‘ralgan uyini o‘z mamlakatim deb hisoblaydi.
Bu odam o‘zi shu mamlakatining siyosatini yuritadi — baayni qadimgi poshsholardek.
Mamlakatining tashqi siyosati borasida ham bu odam hushyorlikni qo‘ldan bermaydi, mamlakatiga chegaradosh “mamlakatlar” bilan (bu odam qo‘shnilarining uyini ham xuddi o‘zinikiga o‘xshagan xorijiy mamlakatlar deb hisoblaydi) bordi-keldi muomalalarida qat’iy bir tartibga amal qiladi: ularning ichki ishlariga aralashsa ham, o‘zining ichki siyosatiga aralashishlariga izn bermaydi; bu odam o‘sha mamlakatlarning elchilari bilan (nosog‘lom tasavvurni qarang!) o‘z mamlakatining yagona va mutlaq hokimi sifatida juda ustalik bilam munosabatda bo‘ladi: davlat sirlarim chiqib ketmasin, deb og‘zini ochmay gaplashadi.
Mamlakat fuqarosiz bo‘lmaydi albatta: bu odamning mamlakatida ham fuqarolar bor: xotini, bolalari... Xotin ham, bolalar ham bu odam yuritgan siyosatni ma’qullaydi. Shunga qarab, bu mamlakatdagilar yakdil, yaktan yashar ekanlar, degan xulosaga ham kelishimiz mumkin edi, lekin sal chatog‘i bor.
Bizning tushunchamizdagi mamlakatda fuqarolar o‘z davlatining hamma ishlaridan doimo boxabar, to‘g‘rirog‘i, ichki va tashqi siyosatni ularning o‘zlari belgilaydi. Lekin bu odamning mamlakatidagi siyosatdan uning fuqarolari voqif emas. Mutlaq hokim ularni siyosatga aralashtirmaydi: xotin — xotin, bola — bola! Shuning uchun ham bu mamlakatda har xil saylovlaru namoyishlar, bo‘yin tovlashu g‘alayonlar yo‘q. O’zingiz o‘ylang, axir, kimga qarshi g‘alayon ko‘tariladiyu mutlaq hokim ag‘darilsa, o‘rniga uning o‘zidan boshqa yana kimni qo‘yish mumkin? Sal chatog‘i bor, deyishimizning boisi ham shunda — demokratiya degan suv bilan havodek zarur aqida bu mamlakatning ichki siyosatiga halal beradi.
Ana shuni o‘ylagan to‘rt devor hokimi qo‘l ostidagilar bilan hushyorlikni unutmay munosabatda bo‘ladi: ya’ni xotin zotiga sir bermaslikni, bolali uyda sir yotmasligini biron daqiqaga ham esdan chiqarmaydi.
Bu odam uyidagilar bilan ham og‘zini ochmay so‘ylashadi!
Endi bu mamlakatning iqtisodi, madaniyati, muhiti, tuzum-tutumi qanaqa ekan, mutlaq hokim davlatni idora qilishdek sermashaqqat ishni qanday uddalar ekan, deb qiziqsinishimiz turgan gap.
Biz bu odamning toza yurishiga, ozoda kiyinishiga, chiroyli so‘ylashiga, o‘zini yo‘qotib qo‘ymasligiga, muzayyan va ravon mushohada yuritishiga, suvda cho‘kmay, o‘tda kuymay yurishiga, musichalarning ham, ilonlarning ham ko‘nglini birdek topishiga, do‘stga ham, dushmanga ham birdek qarashiga ko‘zni katta ochib qaraylik—ishlari yaxshi bo‘lmasa, botayotgav oftobga qarab shunday esnarmidi?!
Qaramang unga — esnoq yuqumli bo‘ladi, axir!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.