OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ahmad A’zam. Oyning gardishi (hikoya)

Otasi uni hech qachon urmagan, hatto chertmagan ham, lekin qattiqroq gapirganda, u bo‘ynini qisadi, yelkalarida titroq turadi.
Otasi u qadar, kishi yuragiga vahm soladigan haybatli, devqomat emas, hamma qariyalarga o‘xshagan oddiy mo‘ysafid, faqat bo‘yi balandroq, yoshi oltmishdan oshgan bo‘lsa-da, qomatini tik tutib yuradi.
"Otang ilgarilari ko‘p qiynalgan. Karimovlar xo‘p azob bergan, majlislarda tikka qilib do‘q urgan”, deydi onasi. U esa otasiga birovning tik gapirishini ko‘z oldiga keltirolmaydi. “Salohiddin akanglar senday paytlarda otang sho‘rlik…”, deya hikoya qilishga tushadi onasi. U jon qulog‘i bshgan tinglaydi-yu, otasining “sho‘rlik” bo‘lganiga ishonmaydi. Uningcha, otasi “o‘sha paytlarda” ham hozirgidek, qaerga bormasin, hamma peshvoz chiqqan, qaerga kirmasin, hamisha to‘rdan joy olgan. Hatto Xudoyqul guppi kabi og‘zikattalar ham otasining oldida tilini tiyib qoladiyu...,
Otasi biron kimsa bilan urishmagan, san-manga bormagan bo‘lsa-da, qishloqdagilar undan hayiqadi, hayiqish aralash hurmat qiladi.
Uning yelkalariga titroq yugurdi.
— Miyang xatomi sening?! Ikki bog‘ o‘t deb Bulung‘ur yoqaga borasanmi! Falokat bosib suvga tushib ketsang...
U boshini ko‘tarmaydi, oyoqlari qaltirab ketadi,
— Orziqul bobongning chaylasi oldidagi o‘t belga uradi. O’sha joyga bor! O’roqqa boxabar bo‘l, yana oyoq-poyog‘ingga sanchib olib... Seni ko‘tarib do‘xtirma-do‘xtir chopib yurmayin.
"O’smaydi ham, to‘lishmaydi ham,— deb tashvishlanadi chol.— Rangida rang qolmabdi-ya”.
"Bir shapaloq ursa bormi, yerparchin bo‘lib ketsam kerak,— cho‘chinqiraydi bola.— Otning sag‘risiga bir mushtlab, sulaytirib qo‘ygan-a!”
— Nega oqshom yana sahargacha o‘qiding?
— Qiziq kitob edi-da.
— He, kitobing bilan qo‘shib... Qiziq deb xonumonimga o‘t qo‘ymoqchimisan?
U hayron bo‘lib otasiga bir qarab qo‘ydi.
— Uxlab qolibsan. Kitobing surilib, chiroqqa tegay-tegay deb turibdi. Uyqusirab turtib yuborsang, omin, ollohu akbar, hammayoq yonib ketadi. Eng birinchi o‘zing yonasan kitobing bilan birga.
"Demak joyimga ko‘tarib o‘tkazgan ekanlar-da”
U o‘zini bir zum otasining quchog‘ida tasavvur qildi. Dimog‘iga qariyalarga xos achqimtil ter hidi urilgandek bo‘ldi. Yig‘lagisi kelib burnini tortib qo‘ydi.
"Bunga ham qiyin. Shuncha mol-holni bir o‘zi eplaydi. Tong-sahardan uyg‘otaman. Dashtda bir o‘zi, kitobdan boshqa ovunchog‘i yo‘q...”— Cholning rahmi keldi, endi yotig‘i bilan gapira boshladi:
— Birov seni majburlayaptimi, dunyodagi hamma kitoblarni o‘qiysan, deb. Darsingni beshga o‘qisang bo‘ldi-da. Ertadan-kechgacha Bulung‘urnnng loyqa suvidan chiqmaysan, oqshomi bilan kitobga sho‘ng‘iysan.
Bolaning xo‘rligi keldi: “Axir cho‘miladigan bitta men emas-ku”.
— Nega maktabning olmasidan o‘g‘irlading? Ana, chorvog‘da meva-cheva to‘lib yotibdi-ku. Kuning xom olmaga koldimi! Shunaqa ko‘zi och bo‘lasanmi, valad!
"Bular-ku begunoh norasida, o‘g‘rilikning ma’nisini qaydan bnlsin,— deb g‘ashlanadi chol.— Bir tishlab tashlab yuborishadi. Shuni “Ha unday, ha bunday, bolann boshdan tergash kerak, bo‘lmasa o‘g‘ri bo‘lib ketadi”, deb hovliqqanini qara. Voy dono-e! O’zing-ku bir institutni o‘n yilda zo‘rg‘a bitirding, endi odam qatoriga kirib, boshqalarga aql o‘rgatadigan bo‘lib qoldingmi!”
— Ikkinchi marta shunaqa gap eshitsam, o‘sha olmaga oyog‘ingdan osaman. Bir kamim sen tufayli...
U qarshilik ko‘rsatmaydi. Yig‘lamaydi ham. Otasi uni yetaklab borib, olmaga... oyog‘idan osadn! Shunda Abdualim kelib bir chetda, ajab bo‘pti, degandek tirjayadi. Yo‘q, yo‘q! Hech kim kelmaydi. U hammaning esidan chiqadi. Osilnb turib-turib, oxiri, o‘pkasi og‘ziga tiqiladi-da, o‘li-ib qoladi... Hamma yig‘laydi. Qosim muallim ham juda pushaymon bo‘ladi, "otasining bunchalar zolimligini bilganimda, o‘g‘irligini aytmasdim”, deydi. Odamlar afsus bilan bosh chayqashadi: “Qanday a’lochi edi! Qish bo‘yi qirqta kitob o‘qigan edi. Hay attang, borib-borib zo‘r odam bo‘lar edi-da! Otasining diydasi qattiq ekan, shunday o‘g‘ilni-ya!” Onasi o‘zidan ketib qoladi. Otasining ko‘zlaridan duv-duv yosh oqadi: “Yo parvardigor, qanday gunoxi azimga botdim! O’rniga mening jonimni olu tiriltirib ber! Mayli, hech ish qilmasin, kunbo‘yi kitobdan bosh ko‘tarmasin. Velosiped ham olib beraman”. U hammasini eshitib yotadi. Lekin mulla “Saloti janoza-a”, deyishi bilan quloqlari chippa bitadi. O’rnidan turmoqchi bo‘ladi, lekin...
— E, sal gapga ko‘zingning suvnni oqizasan. Qanaqa noshudsan o‘zi! Artma yenging bilan. Qara, yaltirab ketibdi. Hayf-e senga ko‘ylak! Semiz-semiz kitoblarni o‘qiysan-u, burningni yenging bilan artasan.
"Sal qattiqroq gapirsang ko‘zida yosh tayyor turadi-ya, tavba”, deb xunob bo‘ladi chol,
Hushtak tovushi eshitildi — Abdualim. Chol miyig‘ida kuladi:
— Ana bulbulchang sayrayapti, o‘tga ketdik, deb. U boshini burgancha piqirlab kulib yuboradi.
Chol yengil tin oladi: “He, bir kun odam bo‘lar-da, bu ham”.
— Bormay qo‘ya qol, shuncha yo‘lga bir o‘zing borasanmi, o‘zi keladi otang, — deb uni yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘ladi onasi.
— Qari odam-a! Qorong‘ida turtinib yuradimi Axir, charchab qoladilar.
— Charchamaydi, hali otday. Qaridim, deb qo‘rqitadi-da. Eh-he, hali otang...
Uning jahli chiqib onasiga baqiradi:
— Bo‘ldi-e! Hamma ishga aralashaverasizmi!
— Yopirim-ey, bu kishining otalariga o‘xshab zug‘um qilishlarini. Achchiqchalari burunlarining uchida turadi. Yana yarim yo‘ldan yig‘lab qaytmagin.
— Patinkam qani, deyapman sizga!
— Ana turibdi-ku, burningning tagida.
U shunday oyog‘i tagida yotgan botinkasini ko‘rmaganiga izza tortadi, lekin sir boy bermay pishillab kiyina boshlaydi.
— Bir burda non olgin yo‘lga.
U ensasi qotib onasiga o‘shqirib bermoqchi bo‘ldi-yu, lekin uch chaqirimlik yo‘lni, boradigan joyi qabriston yonida ekanini o‘ylab, bir burda nonni qo‘yniga soladi.
Yulduzlar xira yaltiraydi.
Yo‘l olachalpoq oydin. Eshak bir tekisda yo‘rg‘ala bormoqda.
U ortiga o‘girilib, eshak dupuridan ko‘tarilgan changning havoda erinchoq turib qolishini kuzatadi.
"Chang tuproq orasida siqilganidan oqarib ketgan havomi yoki tuproqning maydasimi? Changda qolganingdan so‘ng tupursang, burningni qoqsang, loy tushadi — tuproqning maydasi bo‘lsa kerak-da.
Qorong‘ida hamma narsa jimib qoladi-ya. Qiziq, odam ham qorong‘ida qo‘rqadi. Axir oqshom ham quyoshi yo‘q kunduz-ku, faqat quyoshning o‘rniga oy chiqadi.
Oyning nuri nimadan, mayda oqish changga o‘xshagan bo‘yoqmi? Havoni, yo‘lni shu rangga bo‘yagan. Soyalar qora, chunki ularni oydan daraxtlar to‘sgan. Nega oy daraxtlarni ham oqish rangga bo‘yamagan? Ularning yashil tusi oy bo‘yog‘i ostida qolib ketmaydimi? Xuddi suyuq rang surtilgandek yaltiraydi. Soyasi bilan qo‘shilib usti yaltiroq, tagi chirigan, qoramtir pichan g‘aramiga o‘xshaydi. Kunduzi quyosh sochgan nurlar oqshom qayga yo‘qoladi? Bordi-yu, kechasi ham kunduzgidek yorug‘ bo‘lsa-da, quyoshning o‘rniga oy chiqib tursa. Yoki hech ham kun botmasa. Juda alomat bo‘lsa kerak”.
Eshak to‘satdan burildi. U eshakdan ag‘anab tushay dedi. Egarining qoshini mahkam changallab, qo‘rquv bilan yo‘lga tikildi. “Nimadan hurkkan ekan, ilonmi?”
Dumaloq soya yo‘l chetidagi o‘tlarga tomon g‘imirlardi: “E, tipratikan ekan-ku”.
Bolaning kulgisi qistadi.
"Oyning soyasiga o‘xshaydi-ya... Oy Yer bilan Quyosh orasiga kirganda soyasi yerga tushadi. Muallim aytgani to‘g‘ri-yu, lekin soyasi buncha bahaybat? Oyning soyasi tipratikandan sal kattaroq bo‘lmaydimi?”
Bir marta quyosh tutilgani uning zsiga tushdi. Hammayoqni qizg‘ish qorong‘ilik bosgandi o‘shanda. Onasi uning qo‘liga cho‘p tutqazib, “tog‘orani dang‘illat”, degan edi.
"Oyim qo‘rqqan edi, Abdualim ham. O’shanda hamma qo‘rqqanday edi. Oyning soyasidan ham odam qo‘rqadimi?”
Chorrahaga kelganda eshak sekinladi, quloqlarini salanglatib, xirt etib qo‘ydi.
"Ha, jonivor-ey, qayoqqa burilay, deb so‘rayapti”.
U xalacho‘pni ko‘tardi-yu, lekin eshakning bo‘yniga urmadi, to‘g‘riga degan ma’noda no‘xtaning ipini siltadi. Eshak yana o‘sha maromda yo‘rg‘asini bosh-ladi. -
Bolaning xayollari boyagi izidan chiqib ketdi.
"Eshakka buncha katta quloqning nima keragi bor, a? Odamlarga o‘xshab shivirlab so‘zlashmasa. Hangrashini quloqsiz ham eshitish mumkin. Odam shuncha trvushlarni eshktadi-yu, lekin qulog‘i kichkina. Eh-he, o‘ylab qarasa, bir-birining gaplari, qushlar sayrashi, mashinalar gurillashi, traktorlar tarillashi, shamol shuvillashi, aravaning g‘iyqillashi, zshikiit-g‘ijirlashi, radio, qo‘shiq... Voy-bo‘!”
U daf’atan uydan chiqqandan beri hech narsa eshitmayotganini sezib qoldi. Hatto eshakning dupurini ham eshitmay kelaveribdi. Buni o‘ylashi bilanoq atrofdagi barcha ovozlar shiddat bilan uning qulog‘iga yopirildi: chigirtkalar chirillashi, itlar hurishi, traktor tovushi, kimdir varanglatib qo‘ygan ashula, uzoqdagi Bulung‘ur arig‘i bandining shovullashi, hatto ostidagi egarning zorlanib g‘ichirlashi— hamma-hammasini birdan aniq eshita boshladi. Butun borliq shatur-shutur qilib nafas olayotgandek.
U sokin tuyulgan sut oydinda buncha ko‘p tovush borligiga shunchalar ajablandiki... ma’lum muddat shu tovushlar bosimi ostida, og‘zini yarim ochgancha, hech narsani o‘ylamasdan, barcha ovozlar bilan birga; o‘zining xam pishillab nafas olishini tinglagan| ko‘yi egarda qotib ketaverdi.
O’zi sezmagan holda asta-sekin xayolga berildi.
"Yer nafas olsa kerak, chopib ketayotgan odamdek hansirab nafas olsa kerak. Bu tovushlarning barchasi shundan. Hamma narsa nafas oladi. Daraxtlar ham zararli gazlarni yutib, kislorodga aylantirib chiqaradi, degan edi Turg‘unov muallim. Aytganday, shamol yerning nafas chiqarishi, jimlik yutishi emasmi? Ha, shamol - yerning nafasi. Oy-chi, nafas oladimi? Yoki kuylarmikin?”
U tuzukroq javob topa olmadi. Oydan kumushrang unsiz sadolar yo‘l yoqalab ketgan daraxtlar chodir: uzra yaltiroq iz qoldirgancha quyilib tushishini g‘ira-shira tasavvur qildi-yu, aniqroq fikrlashga chog‘i kelmadi.
"Qanaqa kuy? Radiokarnaydan chiqadigan kuymi? Unaqaga o‘xshamaydi. Ana, oyning o‘zi radiokarnayga o‘xshar ekan. Nega “oy yuzingni” deyishadi? Oy qizlarning yuziga hech ham o‘xshamaydi-ku... Misol uchun Mahbubaning afti oyga emas, to‘rlagan qovunga o‘xshaydi. Saodatning beti to‘la sepkil. Oyda esa sepkil yo‘q.
Hozir birdan shu radiokarnay — oydan “oy yuzingning shevasi...” deb qo‘shiq boshlanib ketsa-ya! Yoki qo‘shiq o‘rniga “hey bola, hadeb angrayaverma!”, baqiriq eshitilsa.
Buni o‘yladiyu yuragini vahm bosdi. Darrov ix-ixlab, eshagini niqtadi. Eshak jadalladi. Oy rostdan ham baqirib yuboradigandek, unga qarashga bolaning yuragit dov bermadi. Biroq sal o‘tmay qo‘rqa-pisa boshini ko‘tarib yana oyga qaradi.
Shunda... tong qotdi — daraxtlar oralab uni ta’qib etib kelayotgan oy ochikqa chiqib muallaq turar, tumanli tegrasida esa... kattakon, mahobatli doira yaraqlar edi.
Qanchalar chiroyli!
Ex-he! Xuddi juda katta tsirkul bilan, uchini oyning qoq o‘rtasiga qo‘yib chizilgandek. Nega shu paytgacha ko‘rmadi?
U hamma narsani unutdi.
Oy pastga enib, juda-juda yaqin kelgan, bola unga yonma-yon holda, aylana gardishning o‘rtasida chayqalib-chayqalib suzib ketayotgandek edi. Dunyoda oy va boladan boshqa hech kimsa yo‘q edi.
Bola oyga qo‘shilib ketgan edi...
To‘satdan oy mushukdek bag‘illab unga tashlangandek bo‘ldi. U qichqirishga ham ulgurmay, egardan uchib ketdi — eshak shaxt bilan o‘zini yonboshga otgan edi. Ikki mushuk pixillashib yo‘lni o‘qday kesib o‘tdi. Chang-to‘zon ichida qolgan bola bir muddat nafasi ichiga tushib, o‘ziga kelolmai turdi. So‘ngra entikib-entikib yig‘lab yubordi.
"Mov bo‘lgan mushuklar ekan-ku, shunga qo‘rqamanmi. Ahmoq eshak hurkib...”
U o‘ziga taskin berdi. Qo‘zg‘algan edi, o‘ng bo‘ksasida sanchiq turdi: "Xalacho‘p kirib ketmadimikan?” Xalacho‘p bir qadamcha narida yotardi. U o‘tirgancha xalacho‘pga intilganida gavdasida ham allanechuk og‘irlik tuydi. Sekin o‘rnidan turdi, oyoqlarini siladi, bo‘ksasini avaylab ushlab ko‘rdi. Og‘riq a’zoi badaniga tarqaldi.
Xayriyat, hech joyi sinmabdi, chiqmabdi. Faqat tirsagi achishyapti — shilingan. Odam yiqilganda tuya o‘rkachini, ot yolini, eshak esa tuyog‘ini tashlaydi uning ostiga. Shuning uchun tuyadan, otdan past bo‘lgan zshakdan yomon yiqiladi.
Eshak nariroqda turardi.
"Minib olay, keyin kunini ko‘rsataman. Xrzir ursam qochib ketadi, tutqich bermaydi”.
U “ish-ish”, deb eshakka yaqinlashdi. Eshak qochmadi. U inqillab o‘zini egarga oldiyu xalacho‘p bilan eshakni savalay ketdi. Eshak xalacho‘pdan himoyalanib kallasini oyoqlari orasiga tiqqancha, turgan joyida gir aylandi. Uning egardan ag‘nab tushishiga sal qoldi, o‘zini o‘nglab no‘xtaning ipini siltadi. Eshak tez yurib ketdi.
... Hamma narsa yo‘qoldi. Oy ham, bolaning xayollari ham. Io‘lning ikki cheti tut aralash qator tollar bilan qurshaldi, yana ochildi.
Qarshidan qabriston vahimali, bosiq bir sukut bilan bostirib kela boshladi. Uning taniga titroq kirdi. Otasiga: “Qo‘rqmayman, eshakni o‘zim olib borib, sizni olib kelaman”, deganiga pushaymon yedi.
"Ashula aytsammikan? Lekin bu yerda, mozoratning oldida baqirib bo‘ladimi? O’liklar eshitib... Arvohlarni bezovta qilmaslik kerak”.
U qabristonga qaramaslikka tirishib, oyoqlari bilan eshakning
biqiniga niqtadi. Bultur, yo‘qolgan qo‘yini axtarib yurganda, o‘pirilib tushgan eski qabrda bir qora narsani ko‘rgani esiga tushib yuragi uvishdi. O’shanda urra qochib qolgandi.
"Soch chirimasmikan?.. Eski joy-da. Qirq gektar-a! Kunduzi uncha qo‘rqinchli emas-u, lekin hozir... Nega oqshomda vahimali bo‘ladi,a? Jin-ajinalar chiqadimi? Ajina odamning otini aytib chaqiradi. Mening otimni qayoqdan bilar ekan?.. Men uni uchratmagan bo‘lsam. Yo u meni ko‘rganmikan?.. Otingni eshitsang “Ha”, demaslik kerak. “Ha”, desang chalib ketadi. Meni chalmasa kerak. Menga tegmaydi. Chunki otamning bobosining otasi tegirmon toshi ustida sariq sochlarini tarab o‘tirgan ajinani qo‘rqmay ushlab olgan. Ajina rosa yalinganda ham qo‘yib yubormagan. Sochini burab qiynayvergan. Oxiri, “etti pushtingga tegmayman”, deb qasam ichgandan keyin qo‘yib yuborgan. Ajina shu zahoti turgan joyida yo‘q bo‘lib qolgan. Men beshinchi pushtman. Meni ajina chalmaydi. Lekin hazillashib chaqirishi ham mumkin-da, bu bolani bir qo‘rqitib qo‘yay, deb”.
Qabriston yonidagi qishloqchaga kirilganda eshak birdan hangrab yubordi. Bola nafasini ichiga yutib, egarga qapishib qoldi. Yon tomondagi darvoza tagidan bir kuchuk vakillagancha pildirab chiqdi. Kuchuk bola yuragidagi qo‘rquvni ham hurib tashladi
Simyog‘ochga osilgan lampochkadan tushayotgan nurning sarg‘ish doirasiga kirganda, u qabristonga qaradi. Qabriston osoyishta, vahimasi ortga chekingan edi. Kuchuk ham bir-ikki g‘ingshib orqada qoldi.
U tirsagi hali ham achishayotganini sezdi.
"Boya yiqilganimda ust-boshim tuproqqa rosa belangan bo‘lsa kerak”.
... U Mahmud akaning darvozasi oldida eshakdan tushmay qichqira boshladi:
— Husniddin, o‘ Husniddin! :
Uning ovozi chiyillab chiqdi. Buni o‘zi ham sezib, kattalarning tovushiga o‘xshatib yo‘g‘onroq ovozda yana chaqirdi.
Ichkaridan Shakar xolaning: “Hu-uv... It bog‘liq, kiraver!”, degani eshitilgach, bola eshakdan tushib, kiyimlarini qoqishga tutindi.
U eshikni ochib, ichkaridagilarga “Assalom”, deb kirayotganida, ayvonda idish-tovoq yuvayotgan Shakar xolaning Robiya puchuqqa: “Mushtday bolaning shuncha yo‘ldan qo‘rqmay kelganini qara”, degani qulog‘iga chalinib, g‘ururlanib qo‘ydi.
— E... Malla cho‘pon, kelsinlar, kelsinlar,— deya uni ko‘rgan zahoti Xayrulla amakisi odatdagi hazilini boshladi.
Otasi hammadan yuqorida, uyning to‘rida yonboshlab yotardi; u kirgan paytda bir muloyim nigoh tashladiyu gapida davom etdi:
— Yana rivoyat qilurlarkim, agar sizning hamsoyangizki bo‘lsa, uning tomiga g‘o‘zapoya bosilgan bo‘lsa, aytaylik, shamol turdiyu bir bog‘ g‘o‘zapoya sizning hovlingizga tushdi...
"Bilaman, bu yog‘i: “Sizning shu g‘o‘zapoyani yoqib pishirgan ovqatingiz — makruh”.
— Akram aka, shu o‘g‘irlikka kiradimi, kirmaydi?—deb so‘radi Mamat mesh. U ham yonboshlab yotgan edi.
"O’zi otamdan katta-yu, aka, deydi”.
— Albatta kiradi. Ya’ni, masalan, borib, maydondan yig‘ib, o‘zingiz orqalab kelmagansiz. Unga mehnatingiz singmagan. Mehnatsiz topilgan bir igna bo‘lsinki, u — harom.
U amakisining yoniga cho‘kdi. Amakisi unga egilib shivirladi;
— Ey, menga qara, yo‘lda rosa qo‘rqdingmi?
— Nimadan qo‘rqaman?
— Har ko‘zlari piyoladay-piyoladay keladigan ajina sochlarini yoyib, oldingdan chiqmadimi?
— E-e, nima qilasiz yolg‘on gapirib.
— Yolg‘onmi, bo‘lmasa, nega dodlading? "Eshitibdi yig‘laganimni!”
— Qachon?
— Boya.
— Yo‘g‘-e, boshqa birovdir.
— Sening tovushingni tanimaymanmi! Otang izza bo‘lmasin deb, indamay o‘tiribman-da. Beshinchida o‘qib, ajinadan qo‘rqasanmi?
— Ajina emas, ikkita mov mushuk big‘illashib qoldi.
— Ana, qo‘rqibsan-ku!
"Aldayapti. Eshitmagan, shuncha joydak yig‘laganimni eshitadimi! Sinab ko‘ryapti”
— E-e, siz o‘zingizning Rahmoningizni biling, sal qorong‘i tushgandan keyin dalaga chiqishga qo‘rqadiyu.
Amakisi bir zum gap topolmay qoldi-da, keyin ko‘rsatkich va o‘rtancha barmoqlarini juftlab unga cho‘zdi:
— Bir-biriga yopishib qolib juda azob beryapti-da. Qani, zo‘r bo‘lsang, shularni ochib qo‘y-chi!
U amakisining barmoqlarini ajratib qo‘ymoqchi bo‘lib qo‘l uzatdi-yu rosa chiranganidan keyin amakisi nima qilishi esiga tushib, qo‘lini tortib oldi.
— Meni uyaltirmoqchisiz-a!?
— Ha, shum-e, bilasan-a!?
Mahmud akaning esiga bola tushib otasidan so‘radi:
— Eshon bobo, Maqsudga osh olib kelishsin?
— E-e, qornim to‘q, uydan sho‘rva ichib keldim.
— Sho‘rvang yo‘lda tushib qolgan-da.
— Mayli, zo‘rlamang, bu o‘zi kam ovqat yeydi, - dedi otasi. Amakasiga bu ham bir bahona bo‘ldi:
— Bu ovqatning o‘rniga ham kitob yesa kerak-da, keyin otasiga o‘girilib davom etdi.— Tunov kuni qarasam, buningiz eshakning ustida ham kitob o‘qib kelyapti.— Unga qarab quv jilmaydi.
"Juda yopishib oldi-da bugun. O’zi ham ignaday gapni tuyaday qiladi-ya. O’qishimning unga nima og‘irligi tushibdi. Otamning gapi yetmaganday, endi bu ham...”
— Bekor aytibsiz,— deganini o‘zi ham sezmay qoldi u.
— E, buni qara, o‘zidan kattaga ham gap qaytara-dimi,— dedi amakisi.
Otasi Xayrulla akaga ta’na bilan qarab qo‘ydi. Amakisi jim bo‘ldi. Otasi salmoqlab gapirdi:
— Bunga urish-so‘kish kor qilmaydi. Bilmayman, kitobdan nima topgan. Akalari yoshligida pishiqqina edi. Qudrat bundayligida, bo‘yi bir qarich bo‘lib, qo‘sh qo‘shar edi.
— Shuni bilgani to‘g‘ri,— dedi shu paytgacha jim o‘tirgan Rahmat aka.— Qani, bizning shumtakalar ham shunday o‘qisa. ~irt xuligan. “Besh"ga o‘qiysanlar”, degan shart qo‘yib ikkoviga ham velosiped olib berdim. Qayoqda! Bir oy o‘tmasdan shalag‘ini chiqa-rishdi.
— Ha, endi bolaning o‘zi qiziqmasa, qiyin. Urib-so‘kib yo‘lga sololmaysiz,— dedi Mamat mesh be-g‘amlik bilan.— Bizning Pirmatning ahvoli ham shu — qulayini topdimi, bolalarni to‘plab, eshak ko‘pkari qiladi. Ko‘p eshak halak, bir po‘stak halak.
— Hozir o‘qimaganga qiyin,— dedi Rahmat aka.— Borib-borib o‘qimaganga ish qolmaydi. Ilgari traktorchining qavatida bir-ikki oy yursang, “Universal” berishardi. Hozir traktorchilikka ham diplom kerak. Traktor haydash ham qiyinlashib ketdi.
Bu gap otasiga yoqinqiramadi:
— O’qiganlari olamni guliston qilyaptimi! Mana, bittasi Haydarning o‘g‘li. Xudoning bermish kuni og‘zida papiros, tagida matasekl, sang‘igani-sang‘ngan. Kim bir piyola quyib bersa — o‘shanga jo‘ra. O’n yil maktabda o‘qidi, o‘n yil shaharda tentirab yurdi. O’rganib kelgani — araqxo‘rlik.
Otasi Qosim muallimni yomon ko‘radi. U o‘n yil emas, yetti yil o‘qigan shaharda. Uch yil armiyada bo‘lgan. Bir yil sinfida qolgan shaharda ham. Rost, yaxshi dars beradi-yu, lekin ko‘p ichadi.
Mamat mesh ayanchli iljayadi — Haydar novvoy unga qarindosh.
— Akram aka, Salohiddin kam ko‘rinadi, yuribdimi eson-omon?
Otasining yuzi tundlashdi, keng peshonasidagi ajinlari chuqurlashib, yana yozildi.
— Bilib, bilmaslikka olib gapirasiz-a, Mamat aka.
— Endi so‘rayapman-da, Akram aka,— dedi Mamat mvsh.— Harna qilsa-da, o‘g‘lingiz.
— O’g‘il?! Bunaqa o‘g‘ilning boridan yo‘g‘i yaxshi!— dedi otasi. — Ne-ne azoblar bilan o‘qitdim. Qanday! og‘ir yillar edi! U bo‘lsa, o‘qishni bitirib kelib, muallimligini boshlagach, nima deydi deng: “Ota dindan kechasiz. Nima qilasiz yo‘qxudoga ishonib...”
— Ha, endi nodonlik qilgan-da,— dedi Mamat mesh beparvolik bilan.
"Jo‘rttaga so‘radi. Otamning hamma sirlarini biladi-da, Qosim muallim uchun alamini olyapti. To‘g‘ri gapirishga qo‘rqadi”.
— Nodonlik?! Aytgan gapini bilasizmi?! Men dindor bo‘lganim uchun u kishi amallarga ko‘tarilmay qolgan emish. Uyalmay-netmay o‘zimga shunday degan...
"Qachon aytgan ekan?”
Akasi uyga kelganda uni yonidan jildirmaydi Otasi gapirmagan paytlarda u bilan hazillashib o‘tiradi. Bir kuni akasi nimagadir go‘rkovlar haqida so‘zlab, “Shekspir degan yozuvchi o‘tgan, uning asarida go‘rkovlar juda zo‘r yozilgan”, dedi. Otasi indamadi. Akasi yana bir-ikkita shunga o‘xshash gaplarni aytayotganda, otasi jahl bilan: “To‘xta”, dediyu birdan baland ovozda tojikchalab baqira ketdi U hech narsa tushunmay goh otasiga, goh akasiga hay ron boqib, ularning tojikchani bilishiga ajablana zdi. Bir mahal otasi unga “Bor, o‘yna”, dedi. U hovlida nima qilishini bilmay gangib yurdi. Sal o‘tma akasi chiqdi. Uning ortidan otasining: “He, Shekspuling bilan qo‘shib...” degan so‘kinishi eshitildi. Aka si ayanchli iljayib uning yoniga keldi va “boboy yomon qariyapti-da”, deb g‘udrandi. Uning tomog‘iga allanarsa tiqildi, ezilib ketdi, akasiga rahmi keldi
— Hozir-chi? Boshlarida soyabon shapka, oyoqlarida yirtiq batinka, ilingan magazinchining ustida yozadi, yulg‘ich, muttaham, deb. Beshkapadagi Abdullaning o‘g‘li shuning dastidan qamalib ketdi. Sherqulning to‘yiga borganimda xotini oldimga beshta bolasini yetaklab chikdi. Yer yorilmadi, yerga kirsam. O’g‘lim, qo‘y shu ishingni, odamlarni qon qaqshatma, dedim. Qilmadi.
Mamat mesh qo‘rqa-pisa qarab qo‘ydi-da, yana dasturxonga tikilib oldi. Mahmud aka dasturxonning sochig‘ini o‘ynab o‘tirardi. Amakisi boshini quyi osiltirib miq etmasdi.
— ...endi aspiranturami, paspiranturami degan katta o‘qishga kirarmish. Bunday tanangga o‘ylab ko‘r, to‘rtta bolang bor, yoshing ham qirqqa bordi. Olim bo‘lish osonmi, buning uchun o‘n-yigirma yil umr kerak. Ellik-oltmishga borib olim bo‘lganingda elga qanday karomat ko‘rsatarding! Shunday deb nasihat tsilsam, men to‘rt yilda dissirtassa yoqlayman, deb g‘udinglaydi...
U amakisiga termildi. Qani endi, amakisi boshini ko‘tara qolsa!
— Ha, o‘g‘lim, mana, Karimboyning o‘g‘li Samarqandda o‘n besh yil o‘qishning orqasidan quvib, endi olim bo‘ldi. Nurmat kerosinfurushning o‘g‘li urushdan qaytgandan beri institutda dars berib, endi do‘xtir bo‘ldi. Sen ertadan-kechgacha gazetda ishlab, kechqurun bola-chaqang bilan o‘ralashib, qandayiga to‘rt yilda olim bo‘lib qolasan, desam, ko‘rasiz-da, deydi...
U otasining endi ancha gapirishini o‘ylab siqilib ketdi. Hech kim otasiga qo‘ying shu gapni, deya olmay-di-ya!
— Kolxozga rais bo‘l, deyishsa, ko‘nmabdi. Nima, olim bo‘lmasa, non topolmay qoladimi? Qishloqqa kel, raislik yoqmasa, maktabga mudirlik qil, xalqqa aralash-da, axir qachongacha tentirab yurasan menga yordam bermasang ham, odamlarga foydang tegar-ku, desam...
Nihoyat amakisi unga qaradi: “Bir narsa deb otamni to‘xtatsangiz-chi. Akam sizga ham qarindosh-ku!”. Amakisi tushundi shekilli, ko‘zlarini olib Qochdi.
— ...Achchig‘im chiqib ketdi. Tur yo‘qol, ikkinchi eshigimga oyoq bosma, qayoqda sang‘ib yurgan bo‘lsang, o‘sha yokqa jo‘na deb...
— Amaki, qo‘ysangiz-chi, shunaqa gaplarni. Uydagi mojaroni nima kerak ko‘chada doston qilib…
— E... Sen jim o‘tir! Men kuyib ketganimdan gapiryapman. Odamlardan yashiradigan sirim yo‘q. Hamma ko‘rib, bilib o‘tiribdi. Qachongacha yashiraman?! Pushti kamarimdan bo‘lgan bolam tugul, meni yaratib qo‘ygan bo‘lsa ham, betiga aytaman. Menga gap qaytarib valdiraysan-da, o‘zing unga bir og‘iz nasihat qilolmaysan.
— Men nima deyman uningizga? Bir narsa desam, siz tushunmaysiz, unaqa emas, bunaqa deb aql o‘rgatadi. Sigirlaringni semirtir, kattaroq og‘il solib, mollaringni ko‘paytir, deydi. Hangi eshagingning burnini tilsang, charchamaydi, qattiqroq hangraydi, deb kuladi. Bildingizmi! Shunday deb kalaka qilib turgan odamga men nima deyman?!
— Ana, ko‘rdingmi! Bu degani tezakka qorishib, og‘il tozalashdan boshqasiga aqling yetmaydi, degan ma’nini bildiradi. O’zidan boshqani odam sanamay-di-da! Osmonda yuradi u, osmonda!
Otasining qo‘li bir zum havoda qotib qoldi. Bola cho‘chnb ketdi.
— Yerdagilarni oyog‘ining uchi bilan ko‘rsatadi. Sen nima deb yuribsan hali. U o‘zini prapesir sanaydi... Hamma ahmoq, u dono! Hamma onasidan tug‘ilgan bo‘lsa, u osmondan oyog‘ini osiltirib tushgan.
Mahmud aka cho‘ntagini timirskilab, nosqovog‘ini oldi. Nosqovoqning orqasiga ko‘rsatkich barmog‘i bilan sekin-sekin urib boshini orqaga tashlagancha, nos otdi. Amakisi imo bilan nosqovoqni so‘radi... Otasi jimib qoldi. Oraga og‘ir sukunat cho‘kdi.
— Yo pirim-ey! Uf-f,— deya yonboshlab yotgan Mamat mesh og‘ir chayqalib chordana qurib o‘tnrdi, qorni chalishtirilgan oyoqlariga bosildi.
— Xayrulla, nosqovoqni tashla bu yoqqa!
Otasi ham nos cheqdi. Yana hamma jim qoldn.
— Ey, bu dunyoda qurt bo‘lsin, qumursqa bo‘lsin, rizqini topadi, — deb gap boshladi Mamat mesh ku-tilmaganda.— Qimirlagan jon borki, o‘z tashvishida. Har kimning o‘z nasibasi bor. Mana, yoshimiz yetmishga boryapti. Inqilobni ko‘rdik — hammasini ko‘rdik! Quloqquloq degan zamonlarda yashadik. Mol-dunyo kishiga vafo qilmaydi. Olimxo‘jaboyning ming qo‘yi bor edi. Ko‘chaga chiqsalar taglarida saman ot, atroflarida o‘n-o‘n besh muridlari. Ana as-asayu mana dabdaba! Nima bo‘ldi? Quloq bo‘lib dom-daraksiz ketdi. Urushni ko‘rdik. Qirq ikkinchi yildagi qish shunday sovuq bo‘ldiki, shunday sovuq! E Akram aka, bu Rusiyaning sovug‘i yomon bo‘lar ekan. Oyoqqo‘ldan ajralishimga sal qolgan. Qulog‘im haliyam sal issiqqa qichishadi.
Negadir amakisining kulgisi qistab qoldi. Bildirmaslik uchun mo‘ylovining uchini buray boshlagan-da, ko‘zlari chaqchayib ketdi.
— ... Birovni aka dedik, birovni uka, ishqilib, bola-chaqani och qoldirmadik. Hozir zamon yaxshi. Qaysi uyga kirmang, radiyo... Odamlar kirini ham moshinada yuvadi. Tavba, shu kir yuvadigan moshinaga qatiq solib, tug‘masini bossang, sariyog‘ini ajratib berar ekan-a! Ey, bu odamlarning ustaligi...
"Bir narsa demoqchi bo‘lsa, gapni aylantirib, oxirini yo‘qotib qo‘yadi. Avval qurtqumursqa, keyin inqilob, Olimxo‘jaboy, urush, qimmatchilik. Endi kir yuvadigan mashinaga o‘tib ketdi”.
— Xayrulla, kechagi oylikdan necha so‘m oldingiz? — deb so‘radi Mamat mesh dabdurustdan.
— To‘yt yush pgo‘m,— deb javob berdi amakisi og‘zida nos borligi uchun soqovlanib.
— Shu suvchilik ham serdaromad ish-da. Nima dedingiz, Akram aka?
Otasi indamadi. Mamat mesh gapida davom etdi:
— Pulni yo‘qotmang. Bozor kuni o‘zim bir yaxshi sigir olib beraman. Amakisi gilamni qayirib nosini tufladi, kafti bilan og‘zini artdi.
— Borini eplab olay-chi. Bolalar televizor olib bering deb garang qilishyapti.
Shu payt otasi ko‘krak cho‘ntagidan zanjiri uzun soatini chiqardi:
— Soat ham o‘n birdan o‘tibdi, Mamat aka. Gap sotib o‘tirishimizdan foydayo‘q. Turaylik. Qani, omin...
Mamat mesh o‘rnidan zo‘rg‘a qo‘zg‘aldi. Sal egilgan ko‘yi qulochini keng yoyib, belbog‘ini aylantirib esha boshladi.
Mahmud aka Mamat meshning, bola o‘zlarining eshagini yetaklab keldi.
Mamat mesh ayilni qaytadan, qattiqroq tortdi. “Shunday katta qorin bilan eshakka qanday qilib minar ekan?”
Mamat mesh ancha vaqt kalovlanib turdi-da, oxiri;
— Mahmudjon, qo‘ltiqdan olmasangiz...— dedi xijolatomuz.
Mahmud aka yordamga shoshildi. Mamat mesh: “Yo pirim!”, deya bir amallab o‘zini egarga oldi, eshagi beli mayishib, gandirakladi.
Mahmud akadan ibrat olgan bola otasiga ko‘maklashmoqchi bo‘ldi, lekin ulgurmadi. Otasi uzangiga oyoq tirab, egarga yengil o‘tirdi. Bola aylanib o‘tib otasining bu oyog‘iga ham uzangini to‘g‘riladi.
— Qo‘limdan ushla,— dedi otasi,— endi oyog‘ingni oyog‘imga qo‘y!
— Oyog‘ingiz qayrilib ketmaydimi?—dedi bola otasining oyog‘nga oyoq bosishga yuragi betlamay. — Qo‘yaver, ikki pud kelasanmi, yo‘qmi,— dedi otasi. U otasi aytganday qildi.— Ana shunday, qo‘limdan mahkam ushla. Qani, ha!
U otasining qo‘liga osilib chirandi, gavdasini yerdan uzolmadi. Otasi uning qo‘ltig‘i osha yelkasidan tortgandan so‘ng egarning orqasiga minib oldi.
Ular bir muddat jim ketdilar.
Amakisining oyoqlari yerga tegay-tegay deydi: daroz, bo‘lali odam bo‘lsa-da, eshagi chog‘roq, egarida uzangi ham yo‘q.
Mamat mesh gap boshladi:
— Ma’rakasi tuzuk o‘tdi. Odam ham yaxshi keldi. Oshi yeyishli bo‘libdi. Qurbon yaxshi oshpaz-da. Lekin qirriqroq.
Otasi indamadi. Amakisi cho‘zib esnadi.
Yengil shabada turdi. U junjikib otasiga yaqinroq siljidi, uning yelkasidan quyiroqqa boshini qo‘ydi, yuzi ishqalanaverganidan g‘ashi kelib, yana ortga surildi.
"Bu boboylar yozda ham chopon kiyishadi-ya, issiqlab ketishmaydimi?”
Qabristondan daraxtlar sharpasi qorayib ko‘rindi. Boyo‘g‘li qichqirdi, allaqanday qush pitirlab qanot qoqdi, yana jim bo‘ldi.
— Mamat aka, — dedi otasi, — ertaga Orziqulni ko‘rib kelaylik. 
Mamat mesh eshagini xalacho‘p bilan bir tushirib qoldi. Jahli chiqib so‘kindi.
— Ertalab O’sarni ko‘ruvdim,— dedi otasi yana unga parvo qilmay.— Qora novvos bilan g‘unajinini bozorga olib chiqar ekan. Biri gap bo‘lsa, shoshib qolmay deyapti.
— Yo‘g‘-e,— dedi amaknsi tashvishlanib,— o‘tgan kuni borganimda durust edp-ku! Bir soatcha hangomalashpb o‘tirdik. Ovqati ham yaxshi edi. Bir kosa sho‘rva ichdi.
— Omonat-da, aytib bo‘ladimi. Ahvoli yomondir-ki, O’sar yig‘inyapti. Aqlli bola, sezmasa, bilmasa, bekordan-bekorga hovliqib, menga maslahatga kelmasdi. Bugun borishga vaqt yo‘q edi, ertaga boraylik. Choshgohda uyga kelsangiz, Eshmurod bilan Qodir akani ham olib birga o‘tamiz. Ularga tayinl aganman.
Mamat mesh og‘ir so‘lish oldi, indamadi.
— Mamat aka,— dedi otasi.
— O’zlaring boraveringlar,— dedi Mamat mesh.— Ertaga usta chaqirganman, yonida bo‘lmasam, bir o‘zi eplolmaydi.
— Qo‘ying, vaj-karson qilmang. U yoqda birov...— Endi otasi qattiqroq gapirdi.— Ilhaq bo‘lib yotibdi bechora! Necha yillik oshnachiligingiz bor. Sizni deb qamalib ketishiga sal qolgan...
Mamat mesh indamay ketaverdi.
U Orziqul boboni yaxshi ko‘radi: har gal uchratganda Orziqul bobo: "Assalomu alaykum!”, deb uni qizartiradi. U esa sal yaqinroq kelsin, keyin salom beraman deb ulgurolmay qolardi. Chol uni kalaka qilardi: “E, esingizdan chiqib qoldimi? Otangiz bergan tarbiya qani? Muallimlariga borib aytamiz-da, endi”. U: “Men salom berguncha o‘zingiz shoshilib...” deya tutilib qolardi. Shundan keyin u Orziqul bobo ko‘chaning narigi boshida ko‘rinishi bilanoq “Assalomu alaykum!”, deb qichqiradigan bo‘ldi. Biroq Orziqul bobo o‘zini eshitmaganga olib, indamay kelaverardi. U qayta qichqirardi. Chol peshonasiga qo‘lini soyabon qilib tomgami, yoki biror qiziq narsa ko‘rgandek, yergami tikilib yaqinlashar edi-da, birdaniga: “Assalomu alaykum”, der va “Va-alaykum assalom”, demaysizmi, o‘g‘lim”, deb unga ajablanib boqar edi. “Sizdan oldin salom berdim-ku, axir”, deya yig‘lagudek xunob bo‘lardi u. Orziqul bobo achchiqlanardi. “Muallimingizga bo-rib, Maqsudboyga odob o‘rgatmabsizlar, deb aytmasammi”, deb po‘pisa qilardi. U bir kuni onasiga arz qildi. Onasi: “Bobong seni yaxshi ko‘rganidan hazillashadi-da”, deb qo‘ya qoldi.
Endi shunday yaxshi kishi og‘ir kasal bo‘lib yotibdiyu Mamat meshning uni ko‘rishga borgisi yo‘q.
U otasini Mamat mesh nima uchun “aka” deb izzat qilishini birdan tushundi — otasi ukasiga gapirgandek, o‘zidan kichik odamni ko‘ndirgandek, balandda turib, muloyim ovozda gapirar edi:
— Xo‘p qiziq odamsiz-da, Mamat aka, ichingiz tor. O’sha gapni haligacha ko‘nglingizda oaqlab yuribsiz. Qo‘ying, o‘tgan ishga salovot. Besh kunlik dunyo — to‘rt-beshta boboy qoldik. Siz ham, mana, yetmishni qoralayapsiz. Endi nariyog‘ini o‘ylang, mayda-chuyda gaplarni emas. Ko‘ngilni keng qiling, keng. Haqimiz qolmadi endi bu dunyoga ustun bo‘lolmaymiz.
Mamat mesh yana og‘ir so‘lish oldi.
Chorrahaga yetib keldilar. Mamat meshning yo‘li boshqa, u eshagini burdi.
— Tong otsin-chi, xudo bir yo‘l ko‘rsatar. Yaxshi boring, Akram aka! Aytganday,— Mamat mesh eshagining jilovini tortdi (qishloqda faqat uning eshagiga yugan solingan).— Ish-she, sabil qolgur! Xayrulla, kelasi bozor Sherqo‘rg‘onga boramizmi? Ola sigir juda chimxo‘r chiqdi, quritib kelmasam, siz ham novvosingizni sotmoqchi edingiz-ku. Aktamning moshini bilan ketamiz.
— Men so‘ymoqchi edim,— dedi amakisi.— Keyin Sherqo‘rg‘onda qoramolning narxi pastroq, yutqizasiz.
— Yo‘q-yo‘q. Kecha bozor Usmonlar borib kelishibdi, yaxshi ekan.
— Xdy, ko‘ramiz-da, hali vaqt ko‘p-ku,— ded amakisi dudmal qilib.
— Birga borsak yaxshi bo‘lardi-da,— dedi Mamat mesh.— Yonimda tursangiz, har holda, bir kishidan ikki kishi... Yana bir o‘ylab ko‘ring.
...Ular yo‘lda davom etdilar.
— Borarmikan?— dedi amakisi.
— Boradi,— dedi otasi ishonch bilan.— Orziqul yotib qolgandan beri nima qilishini bilmay, imoga mahtal bo‘lib yuribdi. To‘g‘ri kirib boray desa, bo‘yni yor bermaydi. Birovning yur-yur qilishini kutadi. Sirtdan shunday ko‘ringan bilan o‘zi yomon odam emas — hozir tixirlik qilyapti, ko‘rasan, ertaga borib, Orziqulning oldida ko‘zyosh to‘kib ham oladi...
— Hali ham o‘sha arazimi?
— O’sha. Turib-turib nash’a qiladi odamga - bitta shopulbop terakni deb et bilan tirnokday ikki jo‘ra san-manga borib qolishgan-a! So‘raganda Orziqul ham bera qolmagan. Og‘zi beparavuz odam— “Tobutingizga nasib qilsin”, degan. Ertasiga yarashib ketishlari ham mumkin edi-yu, lekin oraga bir-ikki gap yetaklovchi tushib...
Oy juda-juda balandda, nurli gardishi ichida loqayd suzib borar, yerdagi ikki kishining suhbati bir maromda, tevarak-atrofga, tovushlarga aloqasiz bir tarzda davom etar edi.
Bola oyga tikilib, uning ikki soatcha oldin qanchalar suluv ko‘ringaniga ajablanar edi.
Harholda tegrasidagi doira qaydan paydo bo‘ladi?
— Ota,— dedi u yurak yutib.
Otasi unga e’tibor bermay gapida davom etdi. U yana takrorladi:
— Ota!
— Nima deysan?—dedi otasi gapi bo‘linganiga norozi bo‘lib. "Urishib bersa-ya”.
— Hu, oyning atrofidagi doira qaydan paydo bo‘ladi?
Otasi boshini ko‘tarib oyga, so‘ngra amakisiga qaradi, keyin koyib berdi:
— Bola degan gapni gapga qo‘shib, kattalar so‘zlashganda aralashmaydi, jim turadi.
U noo‘rin savol berganidan izza bo‘ldi. Amakisi buni sezdi shekilli, o‘ziga yaqin. olib, izoh berdi:
— Hech qaerdan paydo bo‘lmaydi, oy qo‘tonlagan-da.
— Qo‘tonlagan?!
— Qo‘tonni bilasan-ku. Shu, qo‘y qamaladigan qo‘tonni.
U osmonda o‘tlab ketayotgan xo‘ppa semiz, dum-dumaloq oppoq qo‘yni tasavvur qildi: yulduzlarni bitta-bitta chimdib boradi, qo‘toni ham u bilan birga siljiydi.
Otasi oppoq ko‘ylakda, ko‘rpacha uzra yerga qarab uzala yotdi-da, unga:
— Qani, Saidmaqsud, bir yelkalarni bosib qo‘ying, o‘g‘lim, — dedi.
U to‘lqinlanib ketdi: otasi undan mamnun bo‘lgan, uni yaxshi ko‘rgan chog‘lardagina sizlardi.
U ehtiyotkorlik bilan otasining beliga oyoq bosdi.
— Chiqavering, chiqavering!
So‘ng devorni ushlab o‘ng oyog‘ini ham qo‘ydi. Qaltirab ketdi. Juda balandlikka chiqqanday, yiqilib tushsa, suyaklarigacha mayda-mayda bo‘lib ketadiganday tuyuldi.
— Endi asta-sekin yuqoriroqqa yuring.
U avaylab qadam bosdi. Oyog‘i otasining salqigan terisi bilan toyrilganda, to‘xtab qoldi. Otasining suyaklari qisirladi. Uning ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketdi.
— Chap yelkamni bosing!
Otasining suyaklari yana qisirladi,
— Endi o‘ng yelkamni.
U devorga ikki qo‘llab suyandi. Tizzalaridagi titroq pasaydi.
— Endi ikki yelkamning o‘rtasini.
Otasi juda bahaybat, pahlavon odam tuyuldi unga.
"Uch yuz kilolik toy paxtani yelkasiga olib yuz qadam yurishdan garov o‘ynab yutgan. Mening og‘irligim nima bo‘libdi”.
U dadillanib bir tekisda mayda qadam tashlagancha otasining kiftida uyoq-buyoqqa borib kela boshladi. Otasi rohatlanib, bir necha marta uh tortdi. “Barakatoping!”, deb alqadi.
Dunyoda undan baxtiyorroq odam yo‘q edi.
— Ha, ana shunday! Onasi choy ko‘tarib kirdi.
— Ko‘p yashang, o‘g‘lim! Tush endi.
U chiroqni o‘ziga yaqinroq suradi, lo‘labolishga ko‘kragini bosib kitobini ochadi.
"Orziqul bobo o‘lsa, Usar aka juda yomon kunga qoladi-da. Odam qanday qilib o‘lady, a? Joni qaeridan chiqib ketadi? Narigi dunyoda juda yomon bo‘ladi-ku! Oqshom mozoratda bir o‘zi... Hammayoq qpqorong‘i. Chiqay desa ustida qalin tuproq... Munkar-akir keladi... Uh-h, qanday ko‘rqinchli!..”
U kitobning navbatdagi varag‘ini ochayotganda, hech narsa o‘qimayotganligini sezib, yana qayta boshdan o‘qishga tutindi.
"Otam ham qariyapman, deydi. Qariyveribqariyverib, oxiri o‘lib qolsa-ya! Yo‘q, otasi hali baquvvat. Bugun o‘zi qrqdi, bo‘lmasa kiftida o‘yin tushsa ham otasi parvo qilmas edi. Shunday kuchli otasining o‘lishi mumkin emas. Otasi o‘lmaydi, snra-sira o‘lmaydi. U ham hech qachon otasini tashlab, shaharga ketmaydi. Maktabni bitirgandan keyin shaharni rosa tomosha qilib, ko‘p kitob olib qaytadi-da, umrining oxirigacha otasining yonida yashab, unga xizmat qiladi, duosini oladi. Otasi bilan birga qariydi. Akasi noto‘g‘ri qilgan. Nega u otasini sog‘inmaydi, a? Har kuni otasini ko‘rmay yashashga qanday chidaydi? Otaning qarg‘ishiga qolgan odamning ishi o‘ngmaydi. “Ota qarg‘ishi — o‘q”, deydi onasi. Mana, endi qanday qilib olim bo‘ladi? Hamma hayiqadigan, hurmat qiladigan otasini qanday tashlab ketish mumkin! Qariyqariy, oxiri munkillab, o‘rnidan birov qo‘ltig‘idan olmasa turolmaydigan, eshakka o‘zi minolmaydigan bo‘lib qolsa, uni kim boqadi?! Akasi shuni o‘ylamagan-da. U otasini...”
... O’ oq qo‘yga minib olib, ko‘zlarini qamashtirayotgan gardish devornine eshigini axtaradi. Oq qo‘y esa tixirlik qilib yurmaydi, bi“ joyda qotib turaveradi. Pastda otasi qo‘lini paxsa qilib qichqiradi: Miyang xatomi sening! Nega oyga minib olding? Yana yiqilib tushib boshimga balo orttirma. Seni ko‘tarib do‘xtirma-do‘xtir chopib yurmayin. Yaxshilikcha tush, deyapman, bo‘lmasa olmaga oyogingdan osaman ”. Otasining yonida Orziqul bobo qotib-qotib kuladi: “Ana xolos! Bizni pulisirotdan o‘tkazib qo‘yadigan qo‘yni minib olibsiz-ku! Muallimingizga bo“ib aytmasammi ”. Mamat mesh eshagidan tushmay otasiga taskin beradi: Qo‘ying, indamang, bolaning o‘zi xoxlab tushmasa, majbur qilib bo‘lmaydi. Ko‘p o‘qigan-da. O’qimasa oyga chiqarmidi”. U xadeb yaraqlayotgan gardish devorning eshigini axtaradi, devor esa uning ko‘zlarini qamashtiradi, eshigi esa ko‘rinmaydi. Oq qo‘y xam tixirlik qilib joydan siljimaydi. U qo‘yni xalacho‘p bilan uradi, qo‘yning junlari oyogiga o‘ralashib qoladi. Birdan dimogiga achqimtil xid uriladiyu, uchib ketadi. Otasi esa negadir muloyim ovozda gapirib qoladi: “Ha, nodon bola-ya, yana chiroqni o‘chirmabdi...”
- Ha, nodon bola-ya, yana chiroqni o‘chirmabdi. Uyqusirab turtib yuborsa bormi!
Chol oriqqina o‘g‘lini avaylab ko‘tardi. O’g‘li quchog‘ida uyqusirab cho‘chib tushdi, allanarsa deb g‘udrandi. Chol o‘g‘lini joyiga yotqizar ekan, mehri iyib ketdi.
"Hali qirday yigit bo‘ladi. O’jarligi ham, achchig‘i ham—o‘zim. Akalaridan ko‘rmaganimni shundan ko‘raman”.
Chol o‘g‘lini hech qachon urmagan, hatto chertmagan ham. Faqat mushtday boshidan bu qadar ko‘p kitob o‘qiy boshlaganiga tashvishlanadi, xolos.
Pastdan, qishloqning ichidan tovush sal balandladi-yu, o‘chdi, past g‘ovur eshitildi — Orziqul qaytish qildimikan — tovush O’sarnikiga o‘xshaydi, boshqa og‘ir yotgan odam yo‘q...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.