OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ahmad A’zam. Tiqin (hikoya)

Rahmsiz olomon, sizga ne kerak?
Rauf PARFI


Odam — ijtimoiy mavjudot, qadim-qadim zamonlarda hayvonlarni ko‘plashib ovlagan vaqtlaridan beri kelayotgan ko‘nikma uni doim o‘zini to‘daga urishga, ko‘pchilik bilan, ko‘pchilik ichida bo‘lishga undaydi. U yolg‘iz qololmaydi, yolg‘izlikning o‘zi ham ko‘pchilik  orasida ma’nili, ko‘plikka bir iddao, xolos. Ko‘plik yo‘q joyda yolg‘izlikning o‘zi g‘alati, yolg‘iz deb nimaga nisbatan aytiladi?  "Odam odamga kerak",  "Odam odam bilan tirik", "Odam odam soyasida odam bo‘lur" deganga o‘xshagan qator maqollar bekorga to‘qilmagan. Hatto "Odamni odam yo‘qlamasa, qisir qo‘yning tuyog‘idan ham qadrsiz bo‘ladi" degan gap ham bor, bu sal boshqacha ma’noda, qo‘polroq, lekin, bari bir,  baliq suvsiz yashamaganidek, odamning odamsiz yashay olmasligini bildirib turadi. Endi, nima o‘ylaganini birov bilmagandan keyin odamning o‘ziga o‘zi o‘y surishining ham hech qizig‘i yo‘q-da.     
Odam shu uchun ijtimoiy mavjudot, u — jamiyatning bir bo‘lagi,   jamoada yashaydi, unga tayanadi. "Odam — odamga quvvat" degan hikmat shundan. Qarang, yana  "Odam bolasi — elning lolasi" degan chiroyli gap ham bor: el — lolazor, odam lolazordagi bir lola! Ko‘plashishning hikmati-da bu.

Shaharda osmon yo‘q. Tikilib qarasangiz, oqshoq to‘kilgan asfalt maydonning aksinimi, chala yuvilgan chodirning tepasinimi ko‘rasiz, xolos. Bu ham holiroq joylarda, katta ko‘cha bo‘ylarida elektr chiroqlarining yog‘dusi xira tortganiga qarab tong otganini, maydonning o‘zi oqish ko‘kimtir tusga kirganidan kunduz boshlanganini bilib olasiz. Shunda ham diqqat qilsangiz, bo‘lmasa, tepada osmon degan narsa bo‘lishi kerakligi esingizga ham kelmaydi. Kechasi bilan uxlamay, navbatda turganda qancha vaqt o‘tganini yo‘talganda o‘pkangiz qirilib achishganidan, yana chekkaningizda og‘zingizning battar bemaza ochishidan  ham bilib turasiz o‘zi.  

AYOQShda uymalashgan mashina yuztalar chiqar, balki ko‘proqdir, sanab bo‘lmaydi, betartib, tumonat, ko‘payib ketaverishi ham mumkin, yangi kelganlarining qanchasi endi navbat olish befoyda deb qaytib ketyapti. Qatorda turganlarining ham, atrofdan tirg‘alganlarining  ham tumshug‘i shu tomonga tiralgan. Har xil rusumdagi rang-barang mashinalarga  tepadan qarasangiz, uyasi atrofida g‘ujg‘on galalashgan asalariga o‘xshaydi.  
Ha-ya, darvoqe, AYOQSh — "avtomobillarga yonilg‘i quyish shohobchasi" degani, davlat tili haqida qonun qabul qilinganiga ham to‘rt yil bo‘ldi, o‘z tilimizga o‘tyapmiz, AYOQShga tili kelishmay, hali ham "zapravka" deb yurganlar qancha! Bu ham mayli,  bir poyabzal ko‘shkchasining tepasiga "Etikdo‘stlik ustaxonasi" deb yozib qo‘yishibdi, rost-ey, o‘ylab ko‘rsang, chuqur gap,  bu qimmatchilikda etik falon pul, uni ayab, ya’ni uni do‘st bilib kiyish kerak! Lekin pulimiz "rubl", ana-mana almashadi degan gaplar yuribdi. Benzinning litri ming "rubl". "Rubl" achib yotibdi, yuz ming-millionni olib yurish oddiy gap. Ba’zilar qalin-qalin dastani ko‘ylagining ko‘krak cho‘ntagiga namoyishga solib yuradi. Lekin pulga maymun ham qaramagani bilan, yonilg‘i qahat. AYOQShda, benzin keladimi, yo‘qmi, tong-sahardan qalin navbat...  
 
Hamma mashina AYOQShni to‘sib turgan ola-bula quvurning surilishiga intiq. Soat zoriqtirgan sakkiz deganda, bekat g‘aznasi eshigidan bir pashmaloq odam ko‘kragini kerib chiqishi bilan mashinalarning eshigi tapa-tup ochilib-yopila ketadi, motorlar gurillab, vang‘-vung‘ gaz berilganidan avjga minib kelayotgan ko‘cha shovqini bo‘g‘ilib qoladi. Lekin pashmaloq bu tomonga e’tibor ham qilmay, bamaylixotir AYOQShning chiqish tomoniga yurib, o‘sha yoqdagi ola-bula quvurni suradi. O‘sha yerda alohida to‘p bo‘lib turgan yigirmadan ortiq mashina kirib, to‘rtta kolonka atrofini to‘ldiradi. Pashmaloq  chiqish yo‘lini  yana bekitadi. Bu yoqdagi mashinalar motori o‘chirilib, eshiklar yana tap-tup ochilib-yopiladi, haydovchilar yana har joy-har joyda boyagidek to‘dalashib, gapga tushadilar. To‘rt-besh soatdan beri aytilmagan gap qolmagandek edi, lekin shuncha navbat poylaganlar emas, balki navbatsizlarning kirgani bu yoqdagilarning xunobini oshirib, tutab turgan mavzuni yana gurillatib yuboradi. .    
— Insof yo‘q, insof! 
— E-e, insofni muzeyga ham olmayapti, qo‘yadigan joy qolmayapti.
— Kunduz kuni, shuncha odamning ko‘zini o‘ynatib!  Ana, shu yigirma moshinga kamida ikki tonna benzin ketadi-da. Keyin boshqalarga yetmaydi.
— To‘rt tonna deng! "Jiguli"ga sakkizta kanistr sig‘adi, bakiga qirq, har moshinga ikki yuz litrdan ketsa...   
— Bugun yetar-e. Lekin u yoqdan ana shunaqa o‘zinikilarni  qo‘yaversa...
— Ustiga bersangiz, siz ham aka-pochchasi-da.  
— Mayli, berar edik. 
— Yerdan supurib olyapsizmi,  nega berishingiz kerak?
— Zamon aynidi, zamon! Kecha to‘rt soat poylab, ololmadim. 
— Qirq tiyin edi!
— Yigirma tiyinligi esdan chiqdimi?   
— Kommunizmdan bilmay o‘tib ketgan ekanmiz-da, a? Sakkiz so‘mga bir bak benzin bergan! 
— Ey, akam, sizni millioner deb, hurmatingizga narxini ko‘tarsa,  yana norozi bo‘lasiz...    
— Navbatsizga kanistrga bermasa-da...
U yer-bu yerda uch-to‘rt-besh kishilashib, ermakka  g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir gap sotib turgan odamlar davrasida, bitta-yarimtani aytmasa, hech kimni birov tanimaydi, lekin benzin dardi hammani ming yillik og‘ayniga aylantirib qo‘ygan, gaplar ham ishongan sirdoshga aytiladigandek ochiq, dadil, miltiqning o‘qidek tarsillatib qo‘yib yuboriladi, asosan AYOQSh egalarini o‘ldirgan odamning baraka topishi haqida bo‘lsa-da, boshqa mavzular ham ochilib, astari avrasiga ag‘darib tashlanadi. Gapirgan odamga "Bormisiz! E-e, o‘lmang!" deb pishang berib turadilar. Gapni gapga ulayman degan odam bundan ham oshib tushadi. Ayov berilmaydi, shafqat degan narsa yo‘q, hangoma qizigandan qiziydi. Endi urf bo‘layotgan demokratiya deganining og‘zakisi shu yerda gul-gul ochiladi. Lekin yangi gap yo‘q, kecha ham, o‘tgan kuni ham shunaqa benzin poylangan, bu la’nati o‘zi ancha oylardan beri turqini qizg‘anadi,  AYOQSh egalari esa vijdonini birday yutgan, hamma gap vaqt o‘tkazish uchun gapiriladi, kim aytgani ham yodda turmaydi, xuddi mashinalar dudburonidan chiqqan tutundek bir buruqsaydi-da, keyin tumonatga singib ketadi; odamlarning darddoshligi ham AYOQShga kirib olguncha, baxt chopib benzinga yetganlari hamono begonalashadilar, chunki har kimning idishi har xil; ko‘plarniki oddiy kanistr bo‘lsa,  usta birovlar yuz litrlik qulay bochkachalar yasatib olishgan, "pirajkavoz"ga ikki yuz litrlik bochkani joylashtirib, yana besh-olti kanistrni ham tiqishtirgan shovvozlar ham chiqib qoladi. Bunaqa odam bilan do‘stlashib bo‘ladimi, tag‘in uning navbati oldinda bo‘lsa, benzinni o‘pirib ketadi-yu.  
Shundanmi, bu yerda gapirgan odamning o‘zidan ko‘ra u mingan mashinayu qancha benzin olgani  esda qoladi. Ha, aytgancha, mashinaning rangi ham birga eslanadi. Odam eslanmaydi, xuddi shuncha mashinalar egasini yollab kelgandek. 
Benzin olayotgan payti haydovchilar "to‘pponcha" talashib so‘kishib ketishsa ham, janjal qo‘l ko‘tarishgacha  bormaydi, har qalay, me’yor bor, har kim o‘zining puliga oladi, keyin boshqalar ham yoqa bo‘g‘ishgani  qo‘ymaydi, shuncha odam ikkita ahmoqning urushini ko‘raman deb navbat poylagani yo‘q, axir, musht ishga tushsa, shu bahona AYOQShni egalari yopib qo‘yishi, uxlamay benzin kutganlar qo‘lini burniga tiqib qolaverishi mumkin. E-e, xullas, tekin tomosha ko‘p, bu yerda odam odam bilan zerikmaydi. Faqat tomoshaga kelsangiz-da. Benzin  olmoqchi bo‘lsangiz, diqqatvozligi ko‘p lekin.

Sobirlarning davrasidagi suhbat kecha, hafta, undan ham ilgarigidek AYOQSh u yog‘idan ochilgan fursatda bir avjga minib, keyin yana o‘sha chortang maromiga tushadigan bo‘lib turgan edi, lekin to‘niq ko‘k "Moskvich"ning egasi, boshi beshikso‘poq, qayroqburun odam birdan eshkanlab qoldi:
— Ey-y, kuyib, yonib ketasan! Odamlar ham qo‘ymijoz bo‘lib qoldi! Bitta mard yo‘g‘-ey! Shuni gapirib-gapirib tashlasa! Hech kim g‘ing demasa, quturadi-da! Xalqning dardini birov aytishi kerak! Axir, qarang, o‘chiratsiz kirganlarni! Bu yoqdagi shuncha odam yerda yotgan kartoshkami? 
Bu ham uncha yangi gap emas, bundan dadilroqlari bundan-da  balandroq qilib ham aytilgan, lekin qayroqburunning "Moskvich"i qasamga kelib qolgan, qanotlarining g‘ildirak ustlari bo‘yog‘ining ur-bu yerini tagidan zang ko‘pchitgan, Sobirning atigi uch yillik "no‘l to‘qqizi" esa oqqushdek suzilib turganigami, egasi uncha kartoshka emas, kartoshka bo‘lsa ham, yerda yotmaydigan tuzukroq, qurt-purt teshmagan  navidan shekilli, gap unga qaratilgan, "no‘l to‘qqiz"ining oldida turgan pistoqi "no‘l olti", uning orqasidagi "Moskvich"ga taqalgan malla "no‘l bir", undan keyingi surmarang "no‘l to‘rt", uning orqasidagi asli surrang bo‘lib, hozir olapes boylagan,  ustiga butunicha temir panjara qotirilib, uch tonnani inq etmay ko‘taradigan yukkash "GAZ — yigirma bir" ham javob kutayotgandek tuyuldi. Ja tuyuldi ham emas, Sobir uch yarimlarda kelib navbat olgan bo‘lsa, undan keyin shu "Moskvich" turdi, egasi tushishi bilan Sobirga, xuddi u yo‘lda ataylab o‘zib, uning navbatiga ega chiqqandek, olayib qaradi, keyin "no‘l to‘qqiz"ni nazardan o‘tkazdi, hatto sigareta chekkan bo‘lib, kishi bilmas aylanib ham ko‘rdi, so‘ngra "Moskvich"ining to‘rtta g‘ildiragini ham bir-bir tepib chiqdi, qulog‘i bo‘lsa burab tortar ham edi. Sobir bekorchilikdan nam doka bilan kuni kecha yuvilgan mashinasini yana artgan edi, g‘ubori ketgan oq bo‘yog‘u toza oynalar tong g‘ira-shirasida yaltillab ochilib, qizil chiroqlari hali ham yonib turgandek yaraqladi, shunda u odam: "Ko‘p ishqalamang, teshilib qoladi", deb hazillashgan ham bo‘ldi. Shu hazilining tagida ham bir nima bor edi.      
— Kelib shu yerni ham bir chiqarsa, onasini ko‘rardi-ku-ya bular. Lekin kelmaydi, chiqarmaydi, chunki hammasining og‘zi bir. Bizga o‘xshaganlarga esa yo‘l yo‘q, chunki to‘g‘risini aytib-aytib tashlaymiz. To‘g‘ri gap esa tuqqaningga ham yoqmaydi.
Sobirga jim turish noqulay bo‘ldi.
— Ja unchalik emas, — dedi. 
— Nega? Nega bo‘lmasam chiqarmaydi? U yoqdan kirganlarni kim deb o‘ylaysiz? Ha, o‘shalar-da. Anavi kaltabaqayning o‘zi kutib olib, ikki bukilib xizmatda. Shular pul beradi, deb o‘ylaysizmi? — Qayroqburun qizishib gapirganda burun kataklari pirpirab, quloqlarining uzun-uzun solinchoqlari gapiga hamohang selkillab turar ekan. — Bekorlarning beshini aytibsiz! Yegan og‘iz uyalar! Ol tovog‘im — ber tovog‘im! Nega meni kutib olmaydi? Chunki men rizqini topib-tutib yurgan bir shopir. Siz ham hammasini bilasiz, lekin gapirmaysiz. — Endi u surmarang "no‘l to‘rt"ga o‘girildi. — To‘g‘ri gapiryapmanmi? 
— Nimasini aytasiz, — deb qo‘ydi surmarang "no‘l to‘rt". 
Bu odam ham qiziq, o‘zi juda damdo‘z, hangomasi shu, "Qo‘yaverasiz. Shuni ayting. Gapirmang!", deb qo‘yish ekan. Gapirganni boshini  sal qiyshaytirib, xiyol kulimsib eshitaveradi, xuddi bo‘sh kelmang, deb dalda berayotgandek, lekin kalta-kulta gap qo‘shishidan ham, o‘zini tutishidan ham eshitganini ma’qullayaptimi, yo‘qmi, bilish qiyin, shuning uchun unga fikrini o‘tkazmoqchi bo‘lgan odam o‘ziga ishonchini yo‘qotib, otasi temirchi o‘tgandek, gapini uzib-ulayveradi.
— Shu-da, gapirib ham nima qilasiz?, —  dedi qayroqburun yana Sobirga burilib. —  Tagingizda yaraqlagan "no‘l to‘qqiz", ko‘rinib turibdi — bizga o‘xshab kiraga yurmaysiz. Ishingiz yaxshi. To‘g‘ri gapni, nima, boshingizga urasizmi! Bizlarga lekin kerak!  Chunki bizlar oddiy xalq. To‘g‘ri gap juda kerak.
— Haq gap, — dedi pistoqi "no‘l olti".
— Eh, — deb hasratzada so‘lish oldi malla "no‘l bir".
Sobir avvaliga qayroqburunning gapini kuyganlardan birovi-da deb, parvoiga olmoqchi emas edi, lekin qarasa, boshqalar tamom unga og‘yapti, hatto surmarang "no‘l to‘rt" ham bir-ikki marta bosh irg‘ab qo‘ydi.     
— Og‘ayni, hammamiz ham xalqmiz. Xalqning oddiy yo murakkabi bo‘lmaydi, odamlarni bo‘lmang,  — dedi u o‘zicha tagdor qilib. 
— Xo‘p, ana, bo‘lmadik, hamma bir xalq! Shu xalqni gapirtirsin! Gap bersin xalqqa!  Yo‘-o‘q. Chunki xalq haqiqatni gapirib yuboradi. Kechalari uxlamay benzin poylaydi-da, yuragi dardga to‘la. Haqiqat esa kerak emas. To‘g‘rimi, aka?
— Gapirmang, — dedi surmarang "no‘l to‘rt". 
— Shunday, shunday, haqiqat qaerda — haqiqat osmon-da, —  deb gapga qo‘shildi "GAZ — yigirma bir".
— O‘zlari gapiradi. Bittasi chiqib bizda neft yo‘q, desa, boshqa bittasi  neftimiz ko‘p, undan benzin oladigan zovutimiz yo‘q, deydi. Benzin bo‘lmasa, zovuti bo‘lmasa, lekin ko‘cha to‘la moshin, hech kim minmay, qantarib qo‘ymagan! A shuncha narsa katta xolangniki bilan yuryaptimi, deydigan odam yo‘q. Bu zaprapkada bo‘lmasa, unisida, xo‘p, o‘chirat, bo‘lmasa, qo‘ldan olamiz. Faqat qimmatga. Demak, benzin bor ekan-da, Faqat xalqqa yetib bormaydi, o‘zlari bo‘lib olgan, narxini ko‘tarish, salarka qo‘shish uchun.    
— Shuni ayting! — dedi malla "no‘l bir". — Mana, vodiyda zaprapkalar bekik, qatra benzin yo‘q. Lekin qaysi ko‘chaga kirmang, to‘lib yotibdi. Eshigining oldiga bir shishada benzinmi, ko‘k choymi to‘la bitta shisha yo yondamasiga bir g‘isht turadi, xohlagancha olavering. Ammo qimma-at! Kanistri qirq besh, ellik ming, zaril payti oltmishgacha ham boradi.
— Ana! Ana! Biz ham tuhmat qilmaymiz, hamma bilgan gapni gapirsak, deymiz. — Qayroqburun endi Sobirga  to‘ppa-to‘g‘ri hujumga o‘tib, uni ham "ular"ga qo‘shib yubordi: — Sizlar shu hamma bilgan narsani boshqacha tushuntirasizlar.
— Bizlar?  Siz-chi? 
Qayroqburun bunaqa bahslarning mashqini olgan bir aytishqoq ekan, gapini bermadi:
— Bizlar to‘g‘rincha aytamiz, sizlarga o‘xshab burmaymiz. Hali ham shu televizorlar juda mustahkam ishlangan ekan-da-a, portlab ketmaganini!
Bu gap davradagilarga battar yoqib tushdi. Sobir qarasa, yolg‘izlanib qoladigan, u endi e’tibor qildi, faqat mashinasi emas, kiyinishi ham ayricha, juda ziyolinamo, benzinga emas, orkestr kontsertiga tushgani kelgandek. Yana bu shlyapasi, gardishi ensiz, bir yonida jez to‘qa ov miltig‘i yopishtirilgan to‘q-yashil shlyapaning qiyqirib turishini o‘zi ham bilardi. Ustiga ustak, yana  qayroqburunning gapini qaytarsa, boshqalarning ham unga qarshi chiqishi tayin.
 U qayroqburunning o‘zini to‘kishiga bemalol qo‘yib berdi. 
— Sizlarni davlat o‘qitgan, stipendiya bergan. Qancha olardingiz?
— Ellik so‘m, — dedi  Sobir; u endi o‘zini tutib olgan, qayroqburunning somonxonasi qaerdaligini chamalayotgan edi.  
— Ellik so‘m? Atlichnik! Katta pul, hozirgi ellik ming, yo‘q, besh yuz mingning kuchi bor edi. 
— Shunday, — deb Sobir atay uni quvvatladi. 
Qayroqburun unga sal ajabsinib qaradi. 
— Ellik so‘m oylikka oila boqsa bo‘lardi. Bir kosa lag‘mon qirq bir tiyin, bir to‘g‘ram non ikki tiyin...  
— Ja bitta oilaga yetmasdi-ku, lekin bitta ichakka yuq bo‘lardi,  — dedi Sobir.
— A davlat nega sizni shuncha pul berib o‘qitgan? Yashang! Ertaga kunimga yaraydi, menga tirgak bo‘ladi degan-da. Shu kun, mana, keldi, lekin siz indamaysiz, bizlarni indagani qo‘ymaysiz. 
— Nega qo‘ymayman? — dedi Sobir o‘zini go‘llikka solib. — Indang, gapiravering.
Qayroqburun laqqa tushdi:
— Qaerda gapiraman? Kim qo‘yadi?
— Gapirasizmi, axir?
— Nega gapirmayman? Bizlarniki gardkam, qaytish yo‘q.
Qayroqburun hozir hech narsadan tap tortmas, uning qaysarligida bir shavq ham bor edi. Lekin boshqalar esa nimagadir hushyor tortib, Sobirga olazarak qarab qo‘ydilar.    
Sobir ehtiyot bilan maqsadga ko‘chdi: 
— Bo‘pti. Kelishdik, ertaga. Soat sakkiz, yo‘q,  kamera-pamerasini olib, bu yoqqa yetib kelguncha biron soat o‘tadi, to‘qqizlarga. To‘qqiz yaxshi, benzin tugay degan, yetolmay qolganlar yonib turgan vaqt... Shu hozirgiday xalq tilida, sodda-samimiy gapirasiz. Zo‘r chiqadi. Faqat... kelmay qolish bo‘lmasin. Xo‘sh, — Sobir uning "Moskvich"iga  go‘yo  diqqat bilan razm soldi. — "Moskvich", ko‘k. A o‘n sakkiz yigirma yetti TeNe. O‘zi eski, no‘mir yangi. Yaxshi. — Keyin u qo‘yniga qo‘l suqdi. — Ism-familiyangizni aytsangiz? Ha, keyin, turar joyingiz... 
Sobirga dovdiranqirab qarab turgan qayroqburunning rangi bo‘zarib, burun kataklari pirpirab ketdi. 
— Eh-he, moshinning rangi, no‘miri, ism-pamiyla... Nimaga? 
Sobir uning cho‘chib qolganini ko‘rib, shosha-pisha tushuntirdi: 
— Yozim kelaman. Mabodo ushlanib qolsam, kelolmasam, ular kim edi, qanaqa moshin edi deb izlab sarson bo‘lmasin deyapman-da.
— Adris-chi? Adris nimaga? 
— Gonorar yuborish kerak-ku, — dedi Sobir. — Puli uyingizga, pochta orqali boradi. 
Qayroqburunning xayolida mutlaqo boshqa narsa ekan:
— Puli? Puli-ya! Borib aytsangiz: shunaqa ism-pamiyla, shu yerda turadi, shunday-shunday dedi, deb... Keyin meni, a?..
Sobir uning xavotirini endi tushunib, taajjubda qaradi. 
— Nima? Men shunaqa odamga o‘xshaymanmi? Gapiraman deganingizga...  
Qayroqburun to‘rsayib turgani bilan, oldingi shashti yo‘q, ko‘zlari himoya so‘rab alang-jalang qilar, Sobirdan boshqalar unga qaramaslikka tirishar, hatto "Moskvich"ning to‘niq ko‘ki ham battar unniqib-eskirib ketgandek edi.
— Gapirsam... Lekin nega bitta men? — dedi qayroqburun. — Mana, o‘zlari gapirsin! Shuncha odamning haqini bir o‘zim ayirib beraymi? 
— Qiziq odam ekansiz-ku, — dedi Sobir. — Menga gap berishmaydi, dedingiz. Endi bo‘lsa...
Surmarang "no‘l to‘rt"ning egasi sekin o‘z mashinasiga qarab yurdi. "GAZ — yigirma bir"ning egasi cho‘ntagidan sigareta oldi. Pistoqi "no‘l olti"ning egasi mashinasini artishga kirishdi. Bitta malla  "no‘l bir"ning egasi nima qilishini bilmay turib qoldi.  
— Mendan kallasi butunlar bordir? Advokat emasman-ku. — dedi qayroqburun ancha bo‘shashgan ovozda. —  Gapirishim o‘zi uncha kelishmaydi, chiroylimas. Nechchi million kishi ko‘rsa. Shunga yarasha kiyinish ham kerak. Uyda ham siznikiga o‘xshagan... Yo‘q, nima deyman? Bir bechora shopir bo‘lsam, i-ya, hali senmi gapiradigan, deb... 
Sobir hammasini tushundi, u xuddi shuni kutgan ham edi, lekin hozir qayroqburunning o‘zini oqlashiga qarab turib, hafsalasi o‘ldi, bu tortishuvning ham, o‘zining ustun kelishiyu bu bechoraning past ketishining ham hech ma’nisi yo‘q, baqir-chaqir, g‘ala-g‘ovurga to‘la bu dunyoning ham suroni o‘chib, o‘zi puchayib qolgandek edi...
To‘satdan malla  "no‘l bir": 
— O‘-o‘, qaranglar, qaranglar! — deb qoldi.    
Chiqish tomondagi ola-bula quvur yonida bir oppoq, tumshug‘ining qorasi yarashig‘li "GAZ — yigirma to‘rt" to‘xtab, undan  boshdan-oyoq oq kiyingan, boshiga ham shokilali oppoq ro‘molni aylantirib o‘ragan xushbichim xonim tushgan ekan.  
AYOQSh g‘aznasi eshigi zabt bilan ochilib, pashmaloq xonimning istiqboliga yugurgiladi. 
Xonim mashinasiga qaytib o‘tirmadi, balki pashmaloqqa kalit ilingan barmoqlarini oqqushning tumshug‘idek nazokat bilan cho‘zdi. O‘zi benzin olayotganlarga qarab odimladi. Ro‘molining shokilalari silkinganda atir iforlari shu yergacha kelayotgandek bo‘ldi. 
Kolonka atrofidagilar unga juda izzat-ikrom bilan, ba’zilar yetti bukilgudek salom berdilar. 
Pistoqi "no‘l olti" mashina artishdan to‘xtab, qiziqsinib tikildi.  
Malla "no‘l bir":
— Voh-voh! — deb qo‘ydi. 
"GAZ — yigirma bir"ning ko‘zlari o‘ynadi. 
— Iy-ya! "Chatma qosh"-ku! — deb xitob qildi.  
Qayroqburun Sobirga ham savol, ham shu bahona yarashish ilinjida termildi. Sobir kiftini qisdi. 
Surmarang "no‘l to‘rt" ham davraga qaytdi. 
Atrofdagi hammaning ko‘zi xonimda, mashinasida o‘tirganlar ham tushib, unga tikilib qolgan edilar. 
— Shunaqa bo‘p ketganmi? — deb yana hayratga tushdi "GAZ — yigirma bir". — Va, qoqindig‘-ey!
— Siz ham taniysizmi? — dedi malla "no‘l bir". 
— Va-a! — deb boshini chayqadi "GAZ — yigirma bir". — Tanish ham gapmi! Qoqindiq desa jondan kechib yuborardik. Sharif tartib deganlar shuni deb turmada o‘lib ketdi. Qarang-ey, xudoyim beraman desa, a! 
— Tagida "yigirma to‘rt — o‘n"! Yurishni qarang! Dod devorging keladi, lekin qararmikan? — dedi malla "no‘l bir".  
— Qaramaydi. Bu moshiniga bir oy bo‘lgani yo‘q hali. Yangi "no‘l olti"si ham turibdi. "Toyota" degan kichkina avtobuschasi ham bor, mol tashiydi. Qahvaxona ochgan, restorandan zo‘r. Dastyorlarining hammasi qiz, — deb pistoqi "no‘l olti" barmoqlarini qirsillatdi. — Uchta do‘koni ishlab turibdi. Bitta to‘yxonani boshlab qo‘ygan. Puli bolalab yotibdi. Hozir o‘ziga binosi katta! Sizlarga qarasinmi?
— Va-ah! — dedi "GAZ — yigirma bir" endi hasrat bilan. 
Qayroqburunning ko‘zi peshanasiga chiqib ketdi:
— Men bir borib kelay-chi, —  dedi u bularning ham xizmatini o‘ziga olayotgandek hojatbarorlik bilan. — O‘chirat siljisa, kalit moshinimda. 
Bu orada pashmaloq oq "Volga"ni qayirib, orqasi bilan navbatsiz olayotganlarning oldiga qo‘ygan, o‘zi tushib, bakka  "to‘pponcha"ni tiqqan, kolonkalar tegrasida odatda bo‘ladigan baqir-chaqir ancha bosilgan, hali kirmaganlarning eshikdan qo‘lni paxsa qilishlari, signalni babillatishlari yo‘q,  hamma  shu betayinlikda ham, o‘zini ozgina bo‘lsa-da, tartibli qilib ko‘rsatishga intilayotgandek. Har qalay, turmush chop-chopidan bezgan, bu yerda kutishdan toliqib, alamga to‘ygan erkaklar davrasida oppoq kiyingan xilqatdek bir ayolning paydo bo‘lishi hammayoqning ko‘rkini ochib,  g‘ala-g‘ovur, ivirsiq bu achavotga ancha fayz berayotgan edi.
Qayroqburunning unga betlamay yaqinlashib borayotgani bu yoqdan qaragan odamga ham bilinar edi.
"Chatma qosh"ni Sobirlarning davrasida uch kishi bilar ekan. Pistoqi "no‘l olti" hozir ham, malla "no‘l bir" yoshlikdan eshitib kelgan, "GAZ — yigirma bir" uncha aniq aytmadi, gapining yarmi bo‘lgan,  yarmi orzu shekilli, anglash qiyin, yo "Chatma qosh" buni kuydirgan, yo bu uni, ishqilib, bir vaqtlari o‘rtalarida nimadir o‘tgan,  ammo bugun "Chatma qosh" qo‘l yetmas joyga chiqib ketgan, "GAZ — yigirma bir" tirikchilikning tagiga tushib qolgan. Surmarang "no‘l to‘rt" biron narsa degani yo‘q, lekin "Chatma qosh" tomonga qarab-qarab qo‘yganida ko‘zining yiltirashidan Sobir uning ko‘p narsadan boxabarligini gumon qildi.  
— Xo‘p desam, o‘larmidim, a! — dedi "GAZ — yigirma bir" endi ancha mahovat bilan o‘ksinib. — Sabzifurushlikning ham padariga la’nat! Shu ham hayot bo‘ldimi?! 
— E-e, qo‘ysangiz-chi, — dedi jiddiy rashklanib malla "no‘l bir". — Bunaqalar xotin bo‘lmaydi. Bitta erga ko‘nadimi shu? Oriyat-e!
— E-e! Bitta katta qop sabzi nechchi kilo, bilasizmi? Oriyat-a! Hurmatini qarang. Yuztasi bilan yurmaydimi? — "GAZ — yigirma  bir" chindan kuyib, hatto yelkasi tutab ketgandek bo‘ldi.— Cho‘ntakda bo‘lsa pulim, kimlar bo‘lmaydi qulim. Men yosh-yoshlarini topib olardim!  
— Pul uniki bo‘lsa?..
— Rohati meniki bo‘lsa bo‘ldi-da. Vey, onam qora mehnatga tuqqan ekan, qancha ko‘p ishlasam yana shuncha ishlashim kerak, lekin hech birim ikki bo‘lmaydi. Siz oriyat deysiz. Oriyat emas, azob-ku bu, bir umrlik azob! Kim biladi, men olsam, quyulib qolarmidi. Bu yog‘iga o‘zi husni kimga kerak? Bir parcha chandir-da. 

Surmarang "no‘l to‘rt" sekingina Sobirdan so‘radi:
— O‘sha yerda ishlaysizmi?  
— Yo‘q, lekin do‘stlar bor. O‘zi shunaqa yaxshi material kerak ularga. Aytsam kelishadi.
Surmarang "no‘l to‘rt"ning egasi "ha-a" degandek qoshini kerib  qo‘ydi-da: 
— Bopladingiz lekin, — dedi, boshqa gapirmadi. 
Sobir ham indamadi.

— Mayli, bir olti oygina xotin qil, keyin qo‘yib yuborasan, desa, yo‘q, debman-a, — dedi "GAZ — yigirma bir" o‘sha qo‘ldan chiqqan baxtining ortidan suzilib. — Eh, so‘qir, ko‘r! Omading tumshug‘ingning tagiga o‘zi keladi, ko‘rmaysan. Tavba-ey, kim ediyu kim bo‘libdi! Mayli, o‘zingning xotining ham turaversin, men oldim shuni desang bo‘ldi, desa, or qilibman... 

Bu vaqtga kelib, AYOQSh ichidagi benavbatlar olib bo‘ldi, pashmaloq ham oq "Volga"ni haydab chiqib berib, xonimni kuzatib qo‘ydi, yana shovqin-suron ko‘tarildi, kirish tomondagi ola-bula quvur surilib, navbatning boshi oqib kirdi.  Qayroqburun bu yoqqa qarab yugurdi. Qaysi bir mashina u yoqqa, qay biri bu yoqqa o‘tdi, lekin Sobirlar joyidan siljimadi, chunki ichkari kirganlarning joyini navbat aytib ketib, qatordan tashqari turganlar kirib to‘ldirdi. 
— Ha-a, yigirma yillar oldin, m-m, ko‘rish kerak ekan-da, — deb qayroqburun bularning hojatini chiqarib kelgandek hisob berdi. — Hali ham uzoqdan suqing keladi. Ammo yaqiniga borsang... Iy-e, — deb u Sobirning mashinasi tomonga, keyin uning o‘ziga qaradi. — Siz qo‘yyapsizmi? Aytmagan edingiz-ku?
Mashinalar u yoqqa, bu yoqqa siljib, o‘rin almashganida  Sobirning "no‘l to‘qqiz"i yonida bitta oq "no‘l o‘n bir" paydo bo‘lib, ichida bir odam tirsaklarini rulga qo‘yib o‘tirgan ekan, ertalabki oftob tig‘asida oynadan uning faqat quymichdek yelkalariyu qo‘yning hasipidek mo‘ylovi ko‘rinar edi.
— Hech kim hech narsa degani yo‘q,  — dedi Sobir. — Tanimayman. 
— O‘tirishini qarang, — dedi malla "no‘l bir". — Bir narsaga  to‘ygan xo‘rozday.
— Hozir u sizdan oldin kiradi, — dedi pistoqi "no‘l olti".
— Lekin qo‘ymaysiz, — dedi qayroqburun Sobirga, u oldingi shashtiga minib, yana davraning e’tiborini o‘ziga tortishga jazm qilgan edi.  —  Bu yoqdagilar ham  odam. Bostirib kiraveradimi?! Bir og‘iz so‘rash ham yo‘q. Betimning qalini — jonimning huzurini qara. Mo‘ylovimni ko‘rgan odamning yuragi yorilib ketadi, deb o‘ylasa kerak. Bir og‘iz "Ha?" deb qo‘ying, bo‘lmasa sizdan oldin tiqiladi. 
— Tiqilmaydi, — dedi Sobir. — Mendan oldin kirolmaydi.
Haqiqatan ham "no‘l to‘qqiz"ning tumshug‘i "no‘l o‘n bir"dan bir qarichcha oldinda, hasipmo‘ylov har qancha urinmasin, undan oldin oraga kirolmas edi. 
— Sizni bir bechora muallim deb o‘ylayapti, — dedi qayroqburun. — Bir ko‘rsatib qo‘ying svolichga.   
— Bez odam ham ko‘p-da, — dedi malla "no‘l bir". — Shuncha noinsof navbatsiz olib ketdi, bu yoqdan bezlar ham tiqilsa, to‘g‘ri odamga kun yo‘q ekan-da, a?!
Gapirmang, — deb qo‘ydi surmarang "no‘l to‘rt".  
— Men Vilnyusda bo‘lganman. Ularda shu, qizil yonsa, ko‘chada hech kim yo‘q, birov kesib ham o‘tmayapti, lekin moshinlar to‘xtaydi, piyodaga yashil-da, — dedi pistoqi "no‘l olti". — A u yoq-bu yoqqa qarab qo‘yib, melisa bo‘lmasa, o‘taver! Yo‘-o‘q! Ana, qoidaga amal, odamga hurmat!
— Avtobusga chiqqan odam oylik abonementini  qo‘lida  uch yoqqa shunday ko‘rsatib, keyin o‘tirar ekan-a?
— Nega uch yoqqa? — deb so‘radi qayroqburun.
— Zinada turib, hali chiqmay, ko‘rsatadi. Orqasi eshik-ku.
— Ha-a. Nazoratchi bo‘lmasmikan?
— Hamma chipta olsa, abonement ko‘rsatsa, nazoratchi nimaga kerak? 
— Lekin kerak, bari bir kerak, — dedi malla "no‘l bir". — Odamlarga ishonib bo‘lmaydi, o‘tgan oynikini ham ko‘rsatib yuraverishi mumkin. 
Shu vaqti hasipmo‘ylov mashinasini o‘t oldirdi-da, dudburonini daranglatib gaz berdi.  
— Nima qilmoqchi bu? — dedi qayroqburun ko‘zlarini ola-kula qilib. —  Bostirib kirmoqchimi? O‘zingiz bir bopla-ang buni!  
— Tarbiya masalasi chatoq-da hali, ularga yetishimizga ko‘p zamonlar  kerak. Mana, tayyor misol, — dedi pistoqi "no‘l olti".  
— Shuni ayting, — deb tilga kirdi surmarang "no‘l to‘rt" ham. —  Mana, qarab turibmiz hammamiz.
— Nega qarab turamiz? — dedi malla "no‘l bir". — Biz besh kishi, bu bir o‘zi. Evi bilan-da, axir. Bizdan keyin, mayli. 
— Keyingilardan ham so‘rash kerak, — dedi pistoqi "no‘l olti" — Shunday tiqilish odobdan emas.
— E-e, muncha tortishdik, hammamiz gapirishimizga arzimaydi bu,   — dedi qayroqburun. — Mana, hozir bu kishining o‘zi joyiga solib qo‘yadi. O‘-o‘, og‘ayni, qayoqqa, biz ham turibmiz, deb qo‘ying. 
— So‘rang-chi, niyati nima ekan? — dedi malla  "no‘l bir".
— Mening oldimdan kiraman desa, majaqlab o‘tib ketardim lekin! — dedi "GAZ — yigirma bir" alam bilan.
Oq "no‘l o‘n bir" o‘chdi, lekin yana o‘t oldi, orqasidan qop-qora tutun chiqdi.     
— Ha, ha, — dedi surmarang "no‘l to‘rt".
"Oq no‘l o‘n bir"ning dudburonida xuddi jo‘rttaga qilgandek, nimadir paq-puq otildi.  
— Moshini bu kishinikining oldida, — dedi qayroqburun. — Hammamiz e’tibor qilsak, obro‘ bo‘ladi-yu. Siz bir so‘rang, yeb qo‘ymas. Bizlar bor-ku, mana. 
— Muncha gaz bosadi? — dedi "GAZ — yigirma bir". — Orqa ichagini yulib oladi-yov. 
— Bir narsa deb qo‘ying, — dedi malla "no‘l bir". 
— Andishamiz ham namoyishga-da,  — dedi pistoqi "no‘l olti". — O‘zi rostdan qo‘rqoqlik shu. He, u deymiz, bu deymiz, tarbiya, adab, e-e, asli yurak yo‘q. Boshqa xalqlar oldinlab ketgan. Biz o‘zi hali xalqmizmi, yo‘qmi...
— Gapirmang, — dedi surmarang "no‘l to‘rt".
— O‘zim gapiray bo‘lmasa? — deb qayroqburun Sobirdan so‘radi. — Hech kim indamasa, kirib ketaveradi-da.

Juda noto‘g‘ri bo‘ldi, Sobir hali unga gapirmasidan, hatto gapirishni o‘ylamasidan oldinroq ham shu qiladigan ishi noto‘g‘riligini, bularning esa tezlayotganini ko‘rib-bilib turib, kap-katta odam, miyasi aynidimi, bodilanib ketdimi, xullas, o‘zini hech bir keragi yo‘q tig‘ga urdi.     
"No‘l  o‘n bir"ning eshik oynasi tushirilgan, hasipmo‘ylov boshini u yoqqa burib o‘tirgan ekan, Sobir borib tirnog‘i bilan eshikni chitirlatgandan keyin, shaxt bilan bu yoqqa o‘girildi-da, iyagini qoqdi, imlamadi, indamay do‘q urdi. Sobirning chakkalarigacha tirishib ketdi. Hasipmo‘ylovning juda qo‘pol gapirishi hali og‘zini ochmasidan ham ko‘rinib turar, bunaqa qarashining o‘zi ham bir dag‘dag‘a edi.
— Qayoqqa tiqilyapsiz? — dedi Sobir galdiraklab.
Uning gapi o‘nqovsiz chiqdi-yu, lekin hasipmo‘ylov ham bahona poylab turgan ekan, devkuchukdek tappa taladi: 
— Nima, senikiga tiqyapmanmi? Nima ishing bor? 
Sobir sovuq seskandi, lekin o‘zini ushladi, boshini bepisand egib, bir nafas atay tikilib turdi-da: 
— Nimaga bu yerda turibsiz bo‘lmasa? — dedi.
— Turibman-da. Nima, otangning yerimi bu? — dedi  hasipmo‘ylov ham. 
— Falati ekansiz-ku, — dedi Sobir endi nima deyishini bilmay, lekin ko‘zini  olmadi. 
Rostdan, uning gapi yana qovushmadi, bu odam o‘zimcha turibman, tanishimni ko‘rgani kelganman, shu yerga va’dalashganmiz, desa, nima gap topib beradi?  
— Nima? Hozir moshindan tushsam, g‘alati qanaqaligini bilasan, — dedi hasipmo‘ylov, lekin tushmadi, tushadigan siyog‘i ham yo‘q edi, faqat Sobirning shlyapasiga yoqtirmay qarab qo‘ydi. 
Sobir bu odamning shuncha mashina ichidan bu yerga qanday o‘tib kelganini ko‘rgani yo‘q, lekin uning aynan o‘zini tanlaganini, tanlaganda ham shlyapasiga qarab mo‘ljal olganini bildi. O‘zi sotib olayotganda bu shlyapaning hali ko‘p pand berishini o‘ylagan edi, lekin ko‘zi qiymadi, chiroyli, kam uchraydigan, peshtaxtaga ham bir tasodif bilan chiqib qolgan, yumshoq, buklab cho‘ntakka tiqib ketsa ham bo‘ladi,  faqat, shu rangi, fasoni ov mavzusida uchunmi, juda quyuq, to‘q— yashil, boshqasi yo‘q ham edi-da. "Chiroyli, deb olaverasizmi? Erkakka hamma chiroyli narsa yarashaveradi, deb kim aytdi o‘zi? Bu bironta kiyimingizga tushmaydi", degan edi o‘shanda Komila. Hozir ham bu shlyapa faqat Sobirning ustidagi kulrang kostyum-shim, ko‘kish ko‘ylak, qizil chiziq-chiziq galstukkagina mos tushmayotgan emas, umuman oliftaligi bilan bu yerdagi boshqalarning kiyimini ham aybsitib turgandek edi.
— Tushmasangiz ham ko‘ryapman — juda tarbiyasiz odam ekansiz, — dedi Sobir zardasi qaynab.  
Hasipmo‘ylov ko‘zini olaytirdi: 
— O‘v, bola! Tarbiyangni sixlab qo‘yaman lekin. Men vish-shakning tagidan butun chiqqanman-a! 
Sobir "vish-shak" nimaligini aniq bilmadi-yu, lekin hasipmo‘ylovning "bola" degani qattiq botib, jo‘rttaga mayna qildi:
— Esh-shakning tagidan? Nima qilib yotgan edingiz?   
— O‘v, tupoymisan? — deb u bo‘yinga sirtmoq ishorasini qildi, lekin dordan omon qolgan jo‘mardni bilmagan raqibidan juda hafsalasi o‘ldi. — Vish-shak deyapman men! Bilmaysan-u, yana chigirtkaday  sakraysan...
Sobirdan o‘n yoshlar katta, lekin juda bo‘lali, tushaman deguncha Sobir uch-to‘rt bor o‘xshatib... lekin yoshi o‘tgan, semiz, yalpayib o‘tirgan  odamga qo‘l ko‘tarish... Moshinidan tushmay, vag‘-vug‘ qiladi, joyidan chiqib, xezlansa ham boshqa gap. Keyin, urushishni xayoliga ham keltirmayapti shekilli?
— Hali sakraganimni ko‘rmabsiz, — deb tahdid qilib qo‘ydi Sobir. 
Hasipmo‘ylov ko‘zining paxtasini chiqardi, mashinadan bir oyog‘ini tushirdi-da, qo‘lini paxsa qildi: 
— Bir... lekin parasho‘k qilvoraman! A men moshinamda o‘tiribman-ku. Olaver benziningni! Joningdan to‘yganmisan? Nega menga yopishasan? Ey, muni qaranglar, jinni bu,  o‘zi tiqilyapti! Bor-ey, arshingni qil! Men o‘zimga javob berolmayman! Hozir bin-narsa qilib qo‘yaman lekin! Musulmonlar, bola-chaqam bor, yana qamalib ketmay!   
Ko‘rinishidan vahimaning uyasi, odam bakor kelmaydigan bu to‘nkaning mo‘ylovi tagidan hovullashi uncha emas, nimadir bir erinchoqlikmi, og‘rinishmi, ishqilib, og‘zidan bodi kirib shodi chiqishining zamirida xuddi "So‘kinmagani qo‘ymayapsan-da, mayli, bu ko‘rgulik ham bor ekan", degan zorlanish ham bordek tuyuldi.
 Sobir avvalboshda davrasidagilarga orqa qilgan, hech bo‘lmasa, ha-halashar, mabodo yoqalashib qolsak, ajratib qo‘yishar deb, o‘ylagan edi,  lekin hasipmo‘ylovning ovozi balandlagani bilan quruq havoga ketayotgani, olma-kesak izlayotgan nigohiga hech kim ilinmayotganidan bildiki, orqasida odam yo‘q, hammasi mashina-mashinasiga urib ketgan, hasipmo‘ylovning ro‘parasida bir o‘zi qolgan! Hasipmo‘ylov o‘tirgan joyida vag‘irlashini qo‘ymaydi, Sobir nima qilishini bilmaydi. Buyurtma tomosha! 
 Lekin shu vaqti, yaxshi hamki, suruv yurgandek bo‘lib, butun AYOQSh harakatga keldi-da, navbat qimirlab qoldi. Pistoqi "no‘l olti" oldinga yurib, ora ochilgan edi, "no‘l to‘qqiz"ning orqasidagi hamma besabr signal bosib, vahima ko‘tarildi. Sobir mashinasiga yugurdi. 
U mashinasini o‘t oldirib, joyidan qo‘zg‘alayotganda oynakdan qiziq narsani ko‘rdi: qayroqburun yurmay, hasipmo‘ylovga boshini silkib, "haydang", deb imo berdi, bo‘ynini bir tomonga qisdi, qoshini ham uchirdi, manziratdan shoshgan oq "no‘l o‘n bir"ning iyagi tushib ketib, og‘zi ochilib qoldi, mo‘ylovi shalviradi,  boshini  silkib, imo bilan qayta so‘radi, qayroqburun yana tez-tez bosh irg‘adi, hasipmo‘ylov nihoyat ketini burqsitib, oraga kirib oldi. 
"GAZ — yigirma bir"ning signali g‘oz tovushidek g‘a-g‘alar ekan, norozilikdan ko‘ra, bo‘g‘ilib yig‘lagandek chiqdi, orqadan uch-to‘rt mashina unga jo‘r bo‘ldi, malla "no‘l bir" eshikdan qo‘lini paxsa qilib chiqardi, lekin tiliga gap kelmadi shekilli, yana shu qo‘lini siltab qo‘ya qoldi.    
 Sobir endi nima qilsa? Hasipmo‘ylov navbatga kirib olgan, mashinasidan chiqay demaydi. Endi nima deb ham gap talashish mumkin?  Lekin qiziq, aytishishdi, so‘kishishdi, endi esa ikkovi ham o‘z mashinasida hech narsa bo‘lmagandek o‘tiribdi, yana oldinma-keyin, xuddi bir-birini ko‘rmagan, bilmaydi. Ha-ey, hammasi begona odamlar, bu yog‘i ham hech narsa bo‘lmagandek bo‘lib ketadi. Birov navbatsiz kirmoqchi bo‘libdi, birovlar aytishib qolibdi, shumi? Shu-ya? Shunga shunchami? E-e, hozir benzin olsin, hamma tarqaladi, kim kimning esida qoladi...  
Xudo xohlasa, bu yog‘iga navbat yaqin. Oq "no‘l to‘qqiz" yigirmanchilar bo‘lib turibdi, orqada mashinaning ko‘pligi benzin yetishiga bir dalildek, xotirjamlik ham beradi. Endi bu yoqda tartib bor, agar birda-yarim navbat aytib ketmagan mashina bo‘lmasa yo qayroqburunga o‘xshab birontasi ko‘ngilbo‘shlik qilmasa, suqilib kirish ham, kiradigan yo‘l ham yo‘q...
Sobir sigareta tutatib, oynani tushirdi. AYOQShning g‘ala-g‘ovuri balandlikda shag‘illab turgan bo‘lsa, hasipmo‘ylov bilan qayroqburunning suhbati pastdan, yer bag‘irlab keldi, hasipmo‘ylovning ovozi ancha baralla,   qayroqburunniki sal pastroq, lekin yaxshi eshitilyapti. Sobir oynakdan qarasa, hasipmo‘ylov mashinadan ikki oyog‘ini ham tushirib, sigaret tutatyapti, qayroqburun unga, — e barakalla! — g‘ij-g‘ij qilib chaqmoqtosh tutgan! 
— O‘zingizni olovga urmang! To‘g‘ri gapdan, nima, osh pishirasizmi? Mana, shuncha odam, o‘zlari gapiraversin! Siz tilvizorga diktirmisiz? Uyam yozib berganni o‘qiydi. Qog‘ozga qarab! Boshqa narsani emas. Oylikni shunga oladi. Sizga to‘g‘ri tikilgani bilan, yaxshilab qarang, ko‘zining qorakishmishi u yoqqa-bu yoqqa munday-munday borib-kelib turadi. Bu yog‘ida boshqasi yozilgan qog‘ozini tutib turadi-da... O‘zicha, qayoqda?
— Men ham shuni aytdim-da, — dedi qayroqburun. — Har kim o‘zi uchun kurashsin, hamma uchun bitta odam... to‘g‘ri emas, dedim. To‘g‘rimi?
— Juda to‘g‘ri! Siz bular uchun gapirasiz, bular... biz bilmadik, deydi. A sizlarni gapirdi-ku? — Yo‘q, bizlar bexabar! Bu, benzin yo‘q, deyishyapti? — Iy-e, nega yo‘q? Mana, bor-ku! Bo‘lmasa, nega o‘chirat? — O‘chirat yo‘q. Ha, nega turganimizmi? O‘zimiz, hangoma qilyapmiz. Ana, ko‘rdingizmi, odamlar qanaqa!  Siz bularning haqini ayirib beraman deb kaltakka uchraysiz, bular... o‘zi qo‘shilib uradi! Shunaqa! — Uning har bir gapini mo‘ylovi ham ko‘tarilib-tushib, tasdiqlab turishi oynakdan yaqqol ko‘rinib turardi. Sobir juda qiziqsinib qoldi. Qayroqburunning navbatsiz qo‘ygani, bunisining navbatsiz kirgani ularning gapini eshitishga erk bergandek edi go‘yo. 
— Boya o‘zingiz ko‘rgandirsiz, — dedi qayroqburun kuyinib. — U yoqdan qancha moshin navbat-pavbatga qaramay, bu yoqdagilarni bir pul qilib, benzin olib ketdi. Bu yoqdagilar gapirdi, so‘kindi, faqat bir-biriga, u yoqqa eshittirmay! Keyin bitta "chatoq"mi, "chatma"mi qosh xotin, o‘ziyam hamma bir-bir ko‘rgan ekan, anuvnaqa... Vay, salom berishlar! Ta’zimlar! Kimga? Nega? Puli bor! Tagida qo‘sha-qo‘sha moshin, ha, do‘kon ochgan, ha, restoran qurgan! Chop, kutib qolmasinlar! Bu yoqda unga uylanmaganiga o‘zini osmoqchilar ham chiqib qoldi. Yo tavba! Nimalar bo‘lib ketyapmiz o‘zi?  E-e, xullas, bo‘g‘ilib ketasan. U yoqdan kelganlarning ketiga kirib ketay deymiz, bu yoqdan kirmoqchi bo‘lganlarni...    
— Rahmat, uka, siz bo‘lmasangiz...
— Yo‘q, sizni aytmayapman... Nega? Chunki... o‘zimiz qatori odam.  Oddiy xalq! Oddiy xalqni-chi, aka, bemalol so‘ksa bo‘ladi. Chunki hech bir odam o‘ziga olmaydi, hammani so‘kyapti-ku, meni emas, deydi. Men "g‘it" etuvdim, anavi "no‘l to‘qqiz" "Bo‘pti, televizorga chiqing", dedi, yuragim tushib ketdi, keyin qaerdan ham siz kelib qoldingiz, yana ko‘plashib otashin bo‘lib, oq "no‘l to‘qqiz"ning o‘zini to‘g‘riladik, siz bir do‘qladingiz, hammamiz quyonni surdik. Nega bunaqamiz? Rost-da, menga nash’a qildi. Qani, shu odamni o‘tkazib yuboray-chi, nima bo‘lar ekan, dedim. Hech narsa bo‘lmadi. Yo‘q, bo‘layotgandir balki, siz bilan menga eshittirmay, hu orqada, visir-visir, shivir-shivir... Shuncha odamdan tap tortmay kirdimi, bir balosi bordir-da, deb. Voy, bu odamlar! 
— To‘g‘ri qilasiz, uka, har kimning shirin joni o‘ziga, — dedi hasipmo‘ylov.
Qayroqburun bu gapning o‘ziga nima aloqasi borligini  tushunmay, bir muddat jim turib qoldi. 
Zerikdi shekilli, sigaretasini ezg‘ilab, malla "no‘l bir" keldi. Xuddi shuni kutib turgandek, "GAZ — yigirma bir" ham davraga qo‘shildi. Lekin hangoma yurmay qoldi. Uch kishi indamay tutatib boshlaganda, pistoqi "no‘l olti" to‘rtinchi bo‘ldi. Surmarang "no‘l to‘rt" Sobirning yonida to‘xtab, unga tushmaysizmi, degandek qaradi. 
Sobir endi eshigini ochgan edi, shu payti pashmaloqning ingichka, uzun quvurni yelkalagancha AYOQShning orqasiga o‘tayotganini ko‘rib, tushmadi. Butun AYOQSh bir bo‘lib so‘lish olgandek bo‘ldi. 
Pistoqi "no‘l olti"ning yuziga xavotir soyasi qo‘ndi, u qaytib borib, mashinasiga o‘tirdi. Bu yoqdagi davra ham tarqaldi, hamma o‘z mashinasi yonida turib, tashvish bilan pashmaloq kirib ketgan tomonga qarab qoldi.   
AYOQShni jimlik bosdi.  
Pashmaloqning quvur ko‘tarib chiqishi podsho zamonida udaychining hukmikush farmonini e’lon qilishidek bir gap edi. Hozir u orqaga qaytadi, hech kimga hech narsa aytmaydi, quvurni g‘aznaxonaga qo‘yadi-da, to‘g‘ri kirish joyidagi ola-bula quvurga qarab yuradi, tamom! Yalinib-yolvorganning ham foydasi yo‘q, o‘lchab kelganini  hamma ko‘rdi, benzin  tugagan bo‘lsa, enasinikidan quyib beradimi? Endi bu yog‘i ola-bula quvur kimning mashinasining orqasidan, kimnikining oldidan tushadi,  baxti biladi. 
Ana shu vaqti yana navbat yurib qoldi-ku! Pistoqi "no‘l olti" kirdi! Yana ozgina yursa, Sobirning oq "no‘l to‘qqiz"i tumshug‘i ham ola-bula quvur to‘sadigan chiziqdan o‘tsa edi! Yo‘q, to‘liq o‘tdi! Oq "no‘l o‘n bir" ham sig‘di-ey.  
Pashmaloq bu yoqqa qarab odimlardi. Qayroqburun unga ne hasratu ne unsiz nolalar bilan tikildi, foyda bermadi, quvur... oq "no‘l o‘n bir"ning orqasidan — to‘niq ko‘k "Moskvich"ning oldidan tushdi! Qayroqburunning alam ustida nima degani aniq eshitilmadi, lekin "Vay-y" deb so‘kinganini hamma bildi — bechoraning so‘kinishdan boshqa nima iloji ham bor? 
Hasipmo‘ylov orqasiga qarashga yuragi betlamay, mashinasiga biqinib oldi. Malla "no‘l bir"ning achchiq kulgani xuddi yig‘layotgandek ko‘rindi. Surmarang "no‘l to‘rt"ning ko‘zlari pirpirar, boshini chayqab-chayqab qo‘yar, "GAZ — yigirma bir" qo‘llarini silkib, o‘ziga-o‘zi allanarsalarni uqtirar edi. 
AYOQSh hududiga kirib olgan, endi benzin olishi tayin bo‘lgan pistoqi "no‘l olti" bilan Sobir ola-bula quvurning u yog‘ida qolgan bugungi darddoshlarining nigohidan ko‘zlarini yashirar, navbat, tasodif, peshana, bugun bo‘lmasa, ertaga bo‘ladi shu benzin, lekin bari bir, shuncha vaqt birga poylab, birga hasratlashib, endi yetdim deganda... nimasidir nomardlik-da.  Ayniqsa, bechora qayroqburunga. Eng ko‘p kuyingan ham shu edi. Sobir ham sal jabr tortdi-yu, o‘zining ahmoqligidan, lekin har na, murodiga yetdi-ku. 
Hasipmo‘ylovga lekin haqiqiy ma’noda betimning qalini jonimning huzuri bo‘ldi! Endi joyini qayroqburunga bo‘shatib beraman desa ham iloji yo‘q... 
Pashmaloq ola-bula quvur yonida turib, kalta bo‘yini o‘zining salobaticha cho‘zib, qo‘llarini ko‘tarib xoch qildi — bu yoqdagilarga benzin yo‘q. AYOQSh hududiga kira olmaganlarning endi to‘rt tomoni qibla, lekin ular keta qolmaydilar, bir nimalarningdir umidida hali yarim soat-bir soat g‘imirsib yuradilar.  

AYOQSh hududiga kirdingmi, bu yog‘i bemalol, cho‘ntaging ko‘targuncha, idishlaringga siqquncha ol, hech yetmay qolmagan vaqt yo‘q — qoida shunaqa, lekin bo‘l-ha-bo‘l, tez-tez, angrayma, sendan boshqalar ham odam, bitta o‘zingni o‘ylama! Yo tavba, bu odamlarning hovliqishini!

Sobir bir yuzu yetmish litr olguncha terga pishib ketdi. Ayniqsa qirq litrlik flyagasi ancha gap bo‘ldi. Qirq litrlik kanistr mumkin, bu mumkin emas ekan, tavba! Og‘zi katta emish! 
U kolonkalardan beriroqqa chiqib to‘xtadi. Ehtiyot yaxshi-da, flyaganing og‘zidagi rezinani to‘g‘rilab, boshqattan yaxshilab yopib, kanistrlarining orasiga latta qo‘yib, dang‘irlamaydigan qilishi kerak. 
Tushib, qarasa, tiqinning qopqoqchasi ochiq qolgan ekan. Qopqoqchani yopaman desa, tiqinning o‘zi yo‘q. Benzin olayotganda mashinaning ustiga qo‘yib, keyin esidan chiqqan, yurganda tushib qolgan. Shu bilan ke-etdi! O‘zi arzimas pul, lekin yo‘q, topilmaydi. Obbo, endi latta tiqib yurishga to‘g‘ri keladi-yov?  
Narigi kolonkada sal ushlanib qolgan pistoqi "no‘l olti" endi o‘tdi, u Sobirga, keyin uning oq "no‘l to‘qqiz"iga qaradi — kiyimlari dazmollangan, ozoda, mashinasi ham, mashinasini boshqarishi ham bejirim, tartibli, bir ko‘rishdayoq xayolingizga ham "juda tartibli ekan" degan fikr keladi, lekin o‘zi yetti yot, mutlaqo begona bir odam edi.
Oq "no‘l o‘n bir" ham chiqib keldi, lekin o‘tib ketmay, Sobirning yonida to‘xtadi. Eshik ochilib, u yoqdan hasipmo‘ylov tushdi, mashina jonivor gavdasini o‘nglab, joyida ko‘tarildi. 
Hasipmo‘ylov damqismami, nima bo‘lsa, hars-hars nafas olar ekan, mashinasini sekin aylanib keldi. 
— Ha, uka, qandaysiz? — dedi u bazo‘r damini rostlab. — Bu plyaga apasniy, uka. O‘zi bu sutga-da. Teshigiga mix tiqqanmisiz. Ha, mix tiqib qo‘ying, qaqmog‘i sakrab ketmaydi... Ha... tez odam ekansiz-da, a? Munday qarasam, bularning ichida siz bo‘shroq ko‘rindingiz, uka-puka deb avrasam deb tursam, siz ham... Siz emas, bu odamlar olovga itarib yuborib, o‘zlari tomosha qiladi. Keyin, kim itardi — bizlar bilmaymiz! Yo‘-o‘, qachon? Ko‘rganimiz yo‘q. Ko‘zimiz ochiq edi? Nima ko‘zi ochiq odam uxlamaydimi? Uxlaydi! Ana shunaqa, uka. 
Sobir kanistrlarini joylashtirib bo‘lib, bagajnikni yopdi-da, hasipmo‘ylovga o‘girildi. Bu endi boyagi odam emas, kengfe’l, ko‘pni ko‘rgan, ancha fikrli kishi, lekin sahar turib navbatga kelishga o‘zini majburlay olmaydimi yo sog‘lig‘i ko‘tarmaydimi, ishqilib, keyin chora qidirib qolgan sodda-mug‘ombirga o‘xshaydi. Har qalay, boya Sobir bilan do‘qlashgan odam boshqa, bu boshqa. U kattakon kaftida "no‘l to‘qqiz"ning tiqinini o‘ynab turardi. 
— Bu shlyapani o‘zingiz bo‘yatganmisiz, buncha rangi to‘q? — dedi yana hasipmo‘ylov. — Uka, xafa bo‘lmang-ku, shunaqa joylarga shunaqa narsalarni kiymang. Nima bu o‘zi? Muallimlar ham bunaqasini kiymaydi-ku. Rangi ham, bichimi ham g‘alati-ey. Xafa bo‘lmang lekin. Hamma kiygan narsani kiyish kerak. E-ha, manavi sizniki-ya. Orqangizdan chaqirdim, eshitmadingiz.  Shu tushib qolgan, hammasi ko‘rgan, sizdan boshqa "no‘l to‘qqiz" yo‘q, birov aytay demabdi-ya.  E-e, odamlar shunaqa, uka.
Sobir  "Qanaqa?" deb ko‘zi bilan so‘radi. 
— Mana, shunaqa-da, — deb hasipmo‘ylov siyraklay boshlagan AYOQShni ko‘rsatdi.   

1993 -2007 y.y

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.