OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ahmad A’zam. Avtobus (hikoya)

Shunday qilib, shaharlararo qatnaydigan avtobusga chiqib o‘tirdik. Albatta, tumonatda chipta olishning o‘zi bo‘lgani yo‘q, kaminaning ko‘krak cho‘ntagida doim qizil hujjat yuradi, shuni ishga soldik – avtovokzal navbatchi dispetcheriga uchrab, redaktsiya guvohnomasini ko‘rsatgan edim, kassalarning oldi ur-yiqit bo‘lsa-da, ikkita joyli chiptani birpasda to‘g‘rilab berdi. Navbatda turganlarning oldidan o‘tayotib, ko‘zlariga qarashga vijdon sal qiynaldi-yu, lekin qo‘limizda yosh bola bor...
Odamlarimiz juda boadab, chiptasiz chiqqan bo‘lsa, chiptali joyga o‘tirmaydi, o‘tirib tursa ham egasi kelsa, joyini bo‘shatadi. Lekin joy egasi yoshroq ko‘rinsa, tepasida turib olib, odob-tarbiyadan har xil gaplar aytaverib, turg‘izib, o‘zi o‘tirishi mumkin. Ayniqsa yoshi ulug‘lar. Lekin men ichkarida oyna tomonda o‘tiribman, ayolim, yo‘g‘-e, yosh bolali kelinchak chekkada, qo‘lida bola, bola bilan – himoya. Avtobusning o‘rtasi ham to‘lgan, g‘ala-g‘ovurdan kalla g‘uvlagan, ko‘p odamning nafasi qamalgan havo ham bo‘g‘ib yuboray deydi. Lekin odam kiryapti, o‘rta liq to‘ldi, bir-biriga qapishib ketyapti, ammo bag‘rining andazasi avtobus ichidan ham keng haydovchi, qani, bo‘linglar, tez-tez chiqinglar, hu orqadagilar, surilinglar, bu yoqdagilar ham kirsin, deb tinmay manzirat qilyapti. Odam kiryapti, kiryapti – buncha tumonat qaysi bo‘shliqqa joy bo‘lyapti, bilmaysiz, ko‘ngil keng bo‘lsa – bo‘ldi ekan. Lekin shu ko‘ngil ham torlik qilib qolib, bir ayolning dardi ichida qamalgan ekan, sado chiqib ketdi: “E shopir uka, haydamaysizmi endi, boshimizga chiqarasizmi shuncha odamni!”, dedi. Ana shunaqalar bor-da. O‘zi-ku joyiga joylashib olgan, yana ayol kishi, jim o‘tirsa bo‘lmaydimi! O‘tiribdi-ku odamlar, chiqib olganiga xudosiga sanolar aytib. Avtobusning yurgani hammaga yaxshi, hamma shuni kutyapti, bu ayolda esa sabr yo‘q. Bo‘lmasa, bizda ham til bor, bilib o‘tiribmiz, lekin gapirsak, haydovchi to‘nini teskari kiyib olib, meni xafa qildingiz, tushinglar, avtobus hech qayoqqa bormaydi, desa! Yo, mana, gaplaringga buzildi, deb qolsa! Bunaqa qilmaydi-yu, lekin qo‘lidan keladi, shuning uchun yo‘lining ixtiyori o‘zida bo‘lmagan odamning ko‘nglida mudom shu xavotir bor. Avtobus sizniki emas, davlatniki, lekin izmi haydovchida: yur desa – yuradi, tur desa, dodingizni xudoga aytaverasiz.
Ha-ya, bu, adashmasam, sakson ikkinchi yili edi. Toshkentdan hamma yo‘nalishlarga venger kommunistik o‘rtoqlar qatorlashtirib chiqargan barisi birdek qizil “Ikarus”lar qatnaydi, ko‘pning keti yer iskamaydimi, hamma shaharma-shahar izg‘igan, “Ikarus” odam tashib ulgurmaydi.
Haligi ayol ham qo‘ya qolmaydigan xilidan ekan, shopir “hozir-hozir” desa ham, “Insofingiz bormi, haydang-da endi”, deydi. Samarqand tomonda osmondan tekinga chalpak yog‘yaptimi, odamlar kiryapti, kiryapti. Tepasidagi ichkariga qaratilgan oynadan ko‘rib turibman, ana shu gap ayolga uka, menga aka shopirimizning hamiyatiga tegib ketdi, o‘rnidan azot turib, bu yoqqa, biz tomonga qaradi, nigohi meni ham bepisand kesib o‘tdi, ayol mendan ikki qator oldinda o‘tirgan edi, kattakon yo kattakonning xotiniga o‘xshamadi shekilli, siltab tashladi: “Menga qarang, sizdan boshqalar ham odam, ko‘chada qolib ketsinmi shunchasi”, dedi va shu bilan kirganlarni, ayniqsa kirayotganlarni o‘ziga og‘dirib oldi. Hammaga mehribon — odamning nishxurti bo‘lmaydi. Ayol, baribir, ayol-da, ko‘pchilikka yot bo‘layotganini anglab, alamangiz chinqirdi: “Sizga odamlar emas, puli kerak. O‘rtangiz selyodka bo‘lib ketdi, yana tiqyapsiz, tiqyapsiz!”. Shopir yana joyidan turdi: “Ey, opa, tiqqanim yo‘q, unaqa demang, xo‘pmi, qolib ketmasin bechoralar, deyapman?” dedi, “o‘chir” degan ohangda. Shu payt uning ko‘zi ko‘zimga botdimi, hammang jim o‘tirasan, degandek iddaosidanmi, ishqilib, ichimda nimadir bosh ko‘tarib, o‘zimni zo‘rg‘a bosdim. Lekin ayol tovushida o‘ksik bilan, odamlarga o‘girilib: “Axir, anovi kuni Bulung‘urda kechasi bilan avtobusda o‘tirib chiqdik, shunaqa ko‘p yuk olganidan buzilib”, dedi. Vijdonim bir bezovta qimirlab qo‘ydi. E-e, dedim ichimda. Haydovchi hali ham tik turgan edi, “Avtobus yoqmasa, ana, tushing-da, taksida keting”, dedi. Ko‘zida boyagidek beibolik, ayolni yerga urish bor edi. “Nimaga tushar ekanman? — dedi ayol, sal qo‘rqdi. – Chiptam bor”. “Chiptangiz bo‘lsa, pista chaqib... tiyib o‘tiring”, dedi shopir amirona tusda. Gapi pardali ham emas edi. Ayol ojizlanib odamlarga alangladi, men bilan ko‘z urishtirdi, aralashmaganim ma’qul deb o‘zimni ming bosmay, qorda qolgan avtobus esimda, asabim o‘ynab kelayotgan edi, ayolning yuzidagi ayanchni ko‘rib, birdan jahlim chiqib ketdi. “O‘-o‘, menga qarang! Ayol kishiga bunaqa muomala qilishga nima haqqingiz bor!”, dedim. Shopir menga endi sen qoldingmi degandek bir zum tikildi-da, bepisand qo‘l siltadi: “Ayolligi bilan nima ishim bor, jim o‘tirsin! Siz ham o‘tiring! Ishimga aralashmang!”, dedi, o‘sha siltangan qo‘li bilan boshimdan bosayotganday. “Bu opa to‘g‘ri aytyapti, o‘sha avtobusda men ham bor edim. Bir avtobus odam kechasi bilan qorda qolib ketgan”, dedim. Shu, jahlim chiqsa, ovozim qaltirashi o‘zimga yoqmaydi. Janjaldan bezor rafiqam yengimdan tortdi, qo‘ying, nima qilasiz aytishib, dedi. O‘g‘ilchamiz qattiq gapirganimga, ha, qo‘rqayapsizmi, degandek ko‘zlarini katta-katta ochib qaradi. Meniki ham tutib ketdi. Yana deng, shopir o‘tirgan bo‘lsam ham aytganimni qilib o‘tiradimi, yo‘qmi degandek tikilib turibdi. Joyimdan sapchib turganimni bilmay qoldim. “Qani, haydang! – dedim. – Eshikni yoping, haydang!” “Haydamasam-chi?” deb sovuq iljaydi shopir. Iljayishidan hech balodan qaytmaydigan, yetti hammomning go‘laxiga o‘t qo‘ygan, men, yosh bola, bunaqalarga bas kelolmayman, shuning uchun tomoqqa zo‘r berdim. “Haydaysiz! Haydamang – hozir pravangizni olib, “DAN”ga topshiraman”, deb o‘zim ko‘krak cho‘ntagimga qo‘l yubordim, shopirning ham, xuddi to‘pponcha chiqadigandek, ko‘zi ko‘kragimda. Qaydan tilimga kelib qoldi, “Instruktsiya bo‘yicha haydaysiz! — dedim, — Instruktsiyani buzsangiz, hozir “DAN”ga topshirib yuboraman”.
G‘ovur bir muddat bosildi, o‘zimning do‘qimdan o‘zim ham sal hayiqdim. Shopir birdan past tushdi, qulluq qilgandek joyiga o‘tirdi. “Bo‘ldi, uka, bo‘ldi, kimligingizni bilmabman”, dedi; shu gapining tagida ham nimadir chandish bor edi. Ko‘ngli xotirjam-da, “DAN”ga topshiraman, deganim bilan hoziroq shunday qilmasligim ko‘rinib turibdi, avtobusga ham mo‘ljalidan-da ko‘proq odam tiqildi. Ming itargani bilan ham boshqalari kirolmayapti. “Baraka topgurlar, eshikni yopinglar, iltimos, qani, ixtiyorim o‘zimda bo‘lsa, ichkarida kontrol bor”, dedi. Eshik zinasiga oyoq qo‘yib olgan bir odam: “O‘sha kontrolingiz ham odamdir”, dedi. Ichkaridagilar ham qimirlab qoldi, bir-ikki kishi menga minnatdor qaragandek bo‘ldi: ha, haydasin-da endi, ezilib ketdik-ku qachon yuramiz deb...
Gapim faqat haydovchiga emas, hammaga ta’sir qildi. Chorasiz ezilib o‘tirganlarning yuzi himoyachi topilganiga sal yorishdi, menga bor ekansiz-ku, degan iliq nigohlar tegdi. O‘zimni esa birdan bu ko‘pning siri bosdi – yelkamga o‘zim ko‘tara olmaydigan yuk olib qo‘yibman, bu yog‘iga nima qilaman? Shopirning muloyim bo‘lib olgani ham yo‘liga, avtovokzal hududidan chiqsin, keyin o‘z bilganini qiladi: yo‘l bo‘yi odam qo‘l ko‘taradi, tushadi. Har ehtimolga qarshi, shopir yana azmoyish olib qaragan payti ko‘krak cho‘ntagimdan qizil charm guvohnomani chiqarib, yana solib qo‘ydim. O‘qimasa-da zarhal gerbining o‘zi uzoqdan hurkitadi. Lekin bu bilan nima qilaman, qaerda ishlataman, tilimga qayoqdan ham instruktsiya kelib qoldi, uning o‘zi nima, bilmayman, shu, ko‘rsatilganidan ko‘p odam olish mumkin emasligidan boshqa qoidalardan tamom bexabarman. Qandaydir omonat ahvolda qoldim.
To‘la avtobus pishillab yo‘lga tushdi. Avtobekatdan qayrilib, katta yo‘lda chiqqanda doim shu yerda qo‘l ko‘tarib turadiganlarga ham to‘xtamadi. To‘xtatganda ham boshqa odam sig‘mas edi-yu, shopir menga bir qarab, mana, aytganingni qilyapman degan pisanda qilib qo‘ydi nigohi bilan.
Endi gapni u yoqdan eshiting. Bir hafta oldin Samarqanddan qaytishda, ukam ikkovimiz edik, Chimkentga ketadigan oxirgi avtobusga ilindik. Orqada bo‘sh joy ham bor ekan, lekin to‘rt qator o‘rindiqqacha, o‘rtani ham to‘ldirib, chosh qilib to‘rva bosilgan. Havo buzuq, qorong‘i avtobusning ichiga tutun burqib kirayotgandek, hay, avtobus motori tir-tir ishlab turibdi, ichi muzdek emas. Yonimdagi eng ustki to‘rvani ushlab ko‘rdim, nimadir yumshoq narsaga to‘la, paypaslab, barmog‘imning uchida g‘ijimlab, mayiz ekanini taxmin qildim. Shuncha to‘rvada — dunyoning mayizi, kechki reys bilan Chimkentga ketyapti-da shekilli.
Avtobus kechki bo‘lsa-da, o‘rta ham liq to‘lgan, nihoyat gur-gurlab kuchanib, yo‘lga chiqdi. Shu-u, yurishi qandaydir og‘ir-da. Keti sudralayotgandek. Bir ishkali chiqmasa degan edim, burilib chiqib, birinchi ko‘prikdan o‘tishi bilan tagimizda bir joyi «pis-s» etdimi, joyida to‘xtadi. Ana-mana yuradi bilan chamasi qirq daqiqalar turib qoldik. Qorong‘i tushdi. Haydovchilar, yoshi o‘tgan odamlar, ikkovlashib chiqib tushib, bir nimalarini tuzatishdi. Yana xudoga shukr deb, yo‘l tortdik. Rasadxonadan yarim chaqirim o‘tar-o‘tmas, yana bir narsa «pis-s» etdi-da, joyimizda qotdik. Tamom qorong‘i bosdi. Endi nimanidir tinch kutdik. Motor ishlayapti, ichkarida xira yorug‘ bor, odamlar oynadan qorong‘iga tikiladi, u yoqdan najot topolmay bir-biriga qaraydi, shopir o‘tiradigan joyga umid bilan tikiladi, keyin biqinib oladi, aftini norozi burishtirishdan boshqa hech kimdan sado chiqmaydi. Bunaqa qorong‘ida yolg‘izlanib qolishdan asrasin!
Ikki soatlar qolib ketdik. Bu orada haydovchilarning biri taksida borib garajdan mexanikmi, chilangarmi ustani “tormoznoy padushka” bilan birga olib kelgan ekan, shu o‘sha yirtiq havo yostig‘i o‘rniga butunini qo‘yibdi. Mening xayolim to‘rva-to‘rva yukda: mayiz yumshoq bo‘lsa ham og‘ir bo‘ladi, buncha to‘rvadagisi necha tonna chiqsa, shuncha yukni odam o‘tiradigan joyga bosgan, “tormoznoy podushka”si rezinkadan tugul, temirdan bo‘lsa ham dosh berolmaydi, deb o‘ylayman.
Haydovchi avtobusni yana gurillatib o‘t oldirdi, ichkariga qarab, hammaning qorong‘i ko‘nglini yorishtirishga urindi: bo‘ldi, mashaqqatlar bitdi, mana, yostiq ustasini ham o‘zimiz bilan olib oldik, “zapas podushka”miz bor, bu yog‘i bexavotir.
Men esa xavotirdaman — to‘rva tepalikday bosilgan! “Zapas podushka” ham bekorga emas, yana yoriladi!
Gur-gur qilib yo‘lga tushdik. Atrof sim-siyoh, oynaga oq kapalak urila boshladi – qor tashladi. O‘rindiqqa singib ketgudek qunishib, xudoyimizga yolvordik: bu zimistoningda qoldirma, o‘zing yorug‘likka olib chiq, Toshkentimizga eson-omon yetkaz!

* * *

Har na, yurdik-ku, ichkaridamiz, ja unaqa qahraton emas. Chidasa bo‘ladi.
Shu, Bulung‘urdan ham o‘tdik. Ming marta kelaverib, qorong‘ida ko‘rmay ham taniydigan bo‘lib ketganman.     Hovlilar tugab, ikki tomon olmachorbog‘ joylardan ham o‘tdigu avtobusning orqasi yana pasaygandek bo‘ldi-da, sekin to‘xtadi. Shu bilan yana qotdik.
Tashqarida laylak qor aylanib uryapti, Bulung‘urning shu yerlari shamol yo‘li, qor ham ko‘p yog‘adi.
Avtobusdan tushdim, shamol qorni betimga urdi. Ko‘zimni panalab qarasam, avtobusning orqa g‘ildiragi yonida, tagida ikkita odam taraq-turuq bir joyini tuzatmoqchi. Haligi chilangar usta bilan haydovchilarning biri bo‘lsa kerak. Bunisi yonimga kelib, ishlayotganlarga egilib qaradi. Boshini ko‘targan edi, “Aka, bu yuradigan avtobusmi, yurmaydigan?”, dedim. “Endi, uka, ko‘ryapsiz-ku, texnika-da”, dedi. “Texnikaga ham javobgarlik bordir, mayizni shuncha ham bosasizmi?”, deb eshitadigan qilib atay shivirladim. Ha, shu xufiya yuk, “narusheniya” ortilgan ekan, mayizni tilga olishim bilan, haydovchi uka-ukalab qoldi, “Bir o‘zingizmi? Necha kishisiz?” deb so‘radi. Ikki kishimiz, dedim. Shopir hozir dedi-da, yo‘lga chiqib vang‘illab kelayotgan kuchli qo‘shfaraga qo‘lini ko‘tardi. Pishillab bir “Ikarus” to‘xtadi, oldingi oynasidan yozuv ko‘rindi — Qarshidan kelyapti ekan. Bu orada orqamdan ukam ham tushgan edi. Haydovchi eshigini ochgan Qarshining haydovchisiga o‘zlarining tilida bir narsalarni uqtirdi. Keyin bizni oshig‘ich avtobusga undadi, “Uka, chiqib olinglar, chiqib olinglar! Faqat tez! Bo‘lmasa, boshqalar ham...”, dedi. Aka-uka shoshilishda chiqib olganimizni ham bilmay qoldik. Vijdonim avtobusga o‘tirgandan keyin o‘zini bildirdi: shuncha odam qolib ketdi-ya, biz qochdik.
Mana, hozir mendan ikki qator oldinda o‘tirgan ayol ham o‘sha avtobusda qolgan, avtobusda, qor tagida tong ottirgan! Albatta, qorong‘ida avtobusdan chiqib-tushib yurganimda meni tanib qolmagan, lekin, baribir, hozir yonini olib, o‘sha tashlab qochganim gunohimni sal yengillatgandek bo‘ldim.
Ammo bu yoqdagi tomosha hali boshlanishi ekan!
Yo‘l bo‘yi qo‘l ko‘targan uchraydi, shopir rulni qo‘yib yuborib, ikki qo‘lini keradi, yelkasini qisib, kallasini sal qiyshaytirib, qoshini burib ichkariga ishora qiladi – qattol tekshiruv bor! Ko‘p yurgan odamlar tushunadigan bo‘lib ketgan, qo‘lini darrov tushiradi. O‘zimning ham rahmim keladi: bechoralar qanaqa vaqtdan beri mustar, sig‘sa, mayli, olsin...
Shu gapni shopirning o‘zi boshladi: e-e, bu bechoraginalar! Uyida bolalari otam yo onam keladi deb ilhaq, bu yoqda bular o‘tgan moshinga tilanchidek yalinadi, odamginalar!
Mening orqamda bir juvon o‘tirgan, uning tepasida qoshlari terilib, nimadir ko‘kish bo‘yoq surilgan bir kampir turgan edi, yelkasidan tiqilaverib, oxiri shu juvonni turg‘izdi. O‘tirayotib, juvonning indamay turib ketganini yoqtirmay, voy belim-a, voy belim, deb beli shu vaqtgacha joy bermaganiga og‘rigandek unga o‘qrayib qo‘ydi, rahmatning o‘rniga.
Ana shu kampir ham shopirning odamparvarligiga qo‘shilib boshladi, voy-voy-ey, har kimning o‘ziga insof ber, xudoyim... Shu tovushidan nimasidir tanish tuyulib, orqamga qaradim: kampir menga o‘smoqchilab qarab turgan edi. Qoshining bo‘yog‘i sachraganmi, oq-sariq yuzida ham ko‘kish nuqtalar bor. Nimaga tanish tuyulyapti, qaerda ko‘rganman?..
Qaraganim yoqmadimi, kampir mendan ko‘zini olmay, ovozini balandlatdi: shopir uka, yo‘ldagi bechoraginalar qolib ketmasin endi, oling. Shopir ham qo‘lini kerib, kiftini uchirishga ustasi farang ekan, sal o‘tmay yana ishga soladi, bunga yetti bolasining rizqini ham qo‘shdi, shu yetti og‘izning rizqi deb kechayu kunduz rulda, buni tushunmaydiganlar ham bor ekan. Ya’ni men. Hay, shu Sirdaryoning postiga borgunimizcha yetti bolaning otasi bechoraga hamdardlar yana chiqdi, — ro‘zg‘or tebratish oson emas-da, — gap gapga ulandi, o‘rtani olib yurgan ekan, kampir jilovni qo‘lga oldi. O‘g‘ilchamiz uxlab qoldi, rafiqa mendan norozi: doim shunaqasiz, tinch o‘tirmaysiz, bir baloni boshlab yurasiz...
Sirdaryoning “DAN” posti yaqinlashganda shopir menga xavotir bilan qarab qo‘ydi, “DAN”chi yo‘lni to‘sib chiqdi, lekin ola-bula tayog‘ini ko‘tarmadi, tinch o‘tib ketdik. Bu yog‘i cho‘l, shopirga jon kirdi. Bir joyda to‘xtab odam tushirdi, chiqadigan bechoralar yo‘q ekan. Kampir ikkovi hangomani boshladi, gaplar odam odamga kerakligi, xudoyim hammani bir qilib yaratgani, yaxshilik qilish kerakligi, bu dunyodan yaxshilik degan ham, demagan ham, baribir, bir kun o‘tib ketishi haqida. Unga qulog‘i eshitib, tovushi yetadiganlar ham qo‘shilib turdi. Indamay kelyapman. Qaramay ham kampirning o‘qraygan ko‘zlari yelkamga o‘qdek qadalganini ko‘ryapman. Shopirning menga qarab qo‘yishlari ham endi dadil. Avtobus yana uch-to‘rt joyda to‘xtadi, lekin ko‘pga emas, odam tushirdi, shopir yo‘liga mumkin emas, mumkin emas, deb tursa ham baribir, odam oldi. Bu yerlarda olmaysan, deyish ham insofdan emas, lekin kampir ataylab pishang berib turdi: oling, uka, oling, har kim har narsa desa, qo‘rqavermang. Haligi ayolning uni o‘chib ketdi, hech kimga qaramaydi. Orqada bir odamdan sado chiqdi: e xudo, qachon yetamiz!
Do‘stlikning ichida “DAN”chi tayog‘ini keskin o‘qtaldi. Shopir tormozni bosib menga im qoqdi, “DAN”chiga ishora qildi: o‘zingizdanmi, aytasizmi? To‘xtagandan keyin ham biroz taysalladi. Bu yerda post yo‘q, “DAN”chi bir o‘zi, yonida faqat “Moskvich”. Indamay o‘tiraverdim. Nima ham deyman? “DAN”chi ham biron sabab bilan to‘xtatgandir, ishkali bo‘lsa, o‘zlari kelishib ketaveradi. Shopir xuddi noilojdek, hujjatlarini olib pastga tushdi. “DAN”chi hujjatini bir ko‘rdiyu qaytarib berdi, tayog‘i bilan yo‘lni ko‘rsatib, qo‘li bilan ishoralar qilganidan u yog‘iga o‘tkazmasligini tushundik. Shopir xo‘p-xo‘p deb boshini irg‘ab, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, avtobusga qaytdi. Zinaga chiqib, menga: “Ayting, sizning bir og‘iz gapingiz”, dedi; xuddi men “DAN”chilarning kattasidek. Ablah, shayton odam ekan! Bilib turibdi. “Hay, uka, shuncha odamning yuzi, tushing-da”, dedi kampir ham orqamdan. Noiloj, “Nima deyapti?, deb so‘radim. “U yog‘iga yo‘l yo‘q, deyapti. Siz bir og‘iz aytsangiz – bo‘ldi, o‘tkazib yuboradi”, dedi shopir, o‘zi ham umidlanib. Orqadan yana bir-ikkita tovush keldi: uka, iltimos endi, bir og‘iz gapingizni ayamang... Rafiqa ham turtdi: tushmasangiz bo‘lmaydi, bir og‘iz aytib ko‘ring.
Hay, deb o‘zim uncha ishonmay tushdim. “DAN”chining yoniga bordim, men qatori yigit, avval qo‘l berib so‘rashdim. Jiddiy tutdim o‘zimni! Nima gapligini so‘radim. Shunaqa buyruq bor, bironta ham mashina o‘tkazilmasin, u yoqda ko‘prik tuzatilyapti ekan. “Bizni o‘tkazib yuboring. U yoqdagilar bilan o‘zim gaplashaman”, dedim, iloji boricha amirona tusda. Guvohnomani chiqarib, yana joyiga soldim: ichini ochib o‘qitsam ish buziladi. “DAN”chi sarosimalangandek bo‘ldi, lekin buyruq qat’iy ekan. “Iy-e, aka, avtobus buzuq ko‘prikdan tushib ketsa, javobini siz bermaysiz-ku! Ana, aylanish yo‘l, bor-yo‘g‘i o‘n besh chaqirim ko‘proq”, dedi yalingandek. Gapi jo‘yali, ko‘prik tuzatilayotgani aniq, uch yuz chaqirim yo‘lga yana o‘n besh chaqirim qo‘shilsa, bilinmaydi ham. Yana so‘rab ko‘rdim. Keyin, noiloj, qilichim sinib, qalqonim teshilib, orqaga qaytdim. “DAN”chi tayog‘i bilan shopirga buriladigan yo‘lini ishora qildi. “Buring, — dedim avtobusga chiqqach. – Paxtakordan aylanib ketamiz”. Shopir ishshaydi, lekin avtobusni yurgizib, rulni burdi. “Ha, gapingiz o‘tmadimi! Shuncha moshinni qo‘yib yuboryapti-ku”. “Noinsoflar! Quturdi bular!”, dedi kampir meni ham qo‘shib. Avtobus bu yo‘lga tushib olgandan keyin shopir, “DAN”chidan uzoqlashib oldik-da, butun gavdasi bilan menga o‘girilib: “Mana, kuchingiz faqat bizga o‘xshagan bechoraginalarga yetadi-da”, dedi. Ana shundan keyin kampirga yana xudo berdi: chiqqanda ko‘riboq bilgan ekan, bunaqalarni bir ko‘rishda bilar ekan. Boyagi “DAN” bola bilan bir go‘r ekanman... Ey, tanish-da shu kampir! Orqamga qayrilib, gapirib tashlamoqchi edim, rafiqa qo‘ymadi: “Shu bozorchi kampir bilan teng bo‘lasizmi endi? Battar sharmanda qiladi. Indamang, o‘zi o‘chadi”. Bozorchi, bozorchi... nimasidir haqiqatan ham bozorchi bu kampirning?
Shopir kampirga jo‘r, yayrab pishang berib turdi. Kampir boshqalarni davraga chorladi, orqaroqdan: gapirmang, ko‘rmaysizmi, shuni ayting, shunaqa, shunaqa degan sadolar chiqib boshladi. E-e o‘lmaysizlarmi, deb damimni ichimga yutib oldim. Rafiqam menga minnatdor qarab, o‘g‘ilchamizni qo‘limga tutqazdi.
Haligi ayol ham butkul jimib, birdek oynadan ko‘z uzmaydi.
Jomboyga yetguncha ham ming chaqirim yurdig-ov! Yetmay ham bir tushib ketgim keldi, lekin bu shom g‘ira-shirasida kim ham to‘xtaydi.
Shopir avtobusni chorrahada to‘xtating deganimga qaramay, ancha yurib, keyin to‘xtatdi – chorrahada “DAN”chi yo‘q “DAN”posti bor edi, shuni bahona qiladi shekilli.
“Mana, bu yerda to‘xtash mumkin emas. Lekin hurmatingiz bor, uka”, dedi sal yengil tortgan bo‘lib. “Xudoga shukr-ey”, deb sannadi yana kampir eshikka yetganimizda. Men unga qarab qo‘ydim, lekin pastga tushayotganimizda battarroq qildi: voy, xudojon, qutuldig-a! Xotini gulday, qanday chidab yashar ekan? Odamning ham shuncha turqi sovug‘i bo‘ladimi!
Butun avtobus bechoragina unga jo‘r bo‘layotgandek, ketdi!
Bitta bechoragina o‘zim qoldim mulzam bo‘lib: qaysi gunohimga bu sazoyilik?! Farog‘at, darvoqe, — rafiqaning ismi shunday, — o‘zing ayt, shopir — mayli, kampir – mayli, lekin bironta odam bu yigitga muncha qilasizlar, hammamizning yonimizni oldi, demadi! Shu odamlarni deb qildim-ku!
“Endi qo‘ying, — deb murosaga chaqirdi sulhparvarim. – Bir alqandoz shopir, bir pistafurush bozorchi kampir ekan, gapirgani bilan, mana, o‘tdi-ketdi. Endi otashin bo‘lganingizda nima foyda?” “Men ham uncha tushunmadim, shopirniki-ku, tirikchilik, bozorchi kampirga nima ekan?”, dedimu birdan kallamga urdi: bozorchi, pistafurush! Ha-a, o‘sha kampir! Bola paytim o‘zimizning bozorda! “Mana, maniki zo‘r”, deb zo‘rlab chaqirib olardi-da, stakanni tog‘oradan to‘ldirib olayotib, ikki barmog‘ini tiqib, yarmini chiqarib to‘kib, kistamga chaqqon ag‘darib yuborardi. Oldinroq g‘ilmindi ham olib chiqar edi, bitta olib yeb, kuni bo‘yi qayt qilib, oyimdan rosa gap eshitganman: uyda o‘zim qilib beraman-ku, shu yuviqsiz xotinnikiga zormiding! Unda bu kampir yoshroq, qoshlariga qalin o‘sma qo‘yilgan, yonidan o‘tgan katta erkaklarga: ”Qani, manikini bitta ko‘rmaysizmi”, deb sharaqlab gap otishidan men ham cho‘chir edim. Ikkita bezoriroq o‘g‘li bor edi, ular shaharga ketdi. Bir-ikki yildan keyin kampir ham ko‘rinmay qolgan edi. Bozorchi pistafurush deyaverib aniq esimga solding, Farog‘at!
Lekin mening nimam yoqmadi unga? Tusmol qilib tanidimikan desam, bola paytim arpasini xom o‘rmaganman. Chotiga qisib olgan tog‘orasini olib qochmayman-ku!
Odamlarimiz nimaga unaqa?!
O‘zim nimaga bundayman!
Sakson ikkinchi bo‘lsa, demak, eslaganda o‘ttiz yildan beri yuragim simillaydi: avtobusdagilarga nimamdir yoqmaganki, birovi ham yonimni olmadi; shuni Farog‘atga aytsam, boshqa o‘ylaydigan ishlaringiz tiqilib yotibdi, qo‘ying-da endi qachongi gapni, deydi. Mening esa kuyib-pishib aytib bergim kelib qoladi, eshitganlarga uncha qiziq ham tuyulmas, lekin mening boshimdan o‘tgan, kechagidek ko‘z oldimda turibdi o‘sha ko‘pchilikning ta’na bilan qarab turgani. Tushunib olay deyman.
Simillamasinmi yuragim?

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 2-sonidan olindi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.