OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ahmadjon Meliboyev. Erkin Siddiq nima deydi?

Latifago‘y, benazir inson Erkin Siddiqov hangomalarini ko‘pchilik adabiyot ixlosmandlari yaxshi bilishadi. Ularni to‘plab “Xotin yo‘g‘ida” sarlavhali bir kitob qildim. Tezda tarqalib ketdi. O’qib ko‘rsam, ko‘p hangomalar qolib ketibdi. Erkin aka bilan nashriyotda birga ishlagan hamkasblari men eshitmagan yana qancha ichakcho‘zdi voqealarni hikoya qilib berishdi. O’z-o‘zidan “Xotin yo‘g‘ida”ning ikkinchi, qayta ishlangan va to‘ldirilgan nashri yuzaga keldi. Muhtaram jurnalxonlar e’tiboriga yangi kitobdan bir-ikki shingilini havola qilishni lozim topdim.

Siz bemalol qaytavering


Yoshlar nashriyotida ishlab yurgan kezlarimiz. U paytlari yosh ijodkorlar, ayniqsa shoirlar, kitob chiqarish uchun yillab navbatda turishardi. Nashriyot rejasi bir necha marta tasdiqdan o‘tar, tinimsiz o‘zgarib turardi. Deyarli har kuni ishxonaga viloyatlardan shoirlar kelib, qo‘lyozmalari harakatga tushgan-tushmaganligi bilan qiziqishardi. Har yili kuzda noshirlar ham paxta terimiga jalb qilinar, biror kishi bu ishdan o‘zini chetga olsa, mukofotdan mahrum qilinardi. 
Ana shunday kunlarning birida ishxonada Erkin akaning bir o‘zi qorovul Fozil aka bilan hangomalashib o‘tirgan ekan, eshik asta ochilib, nashriyotning she’riyat bo‘limiga qo‘lyozmasini ancha avval tashlab ketgan yosh shoir yigit iymanibgina kirib kelibdi.
– Assalomu alaykum!
 – Vaalaykum assalom, keling yigitcha, xo‘sh xizmat, – debdi Erkin aka muloyimlik bilan.
Shoir Erkin akaning salobatidan gapini yo‘qotib qo‘yibdi.
 – Hoynahoy ish so‘rab kelgandirsiz, bizda uch kishi navbat bilan qorovullik qilishadi, hozircha uchalalari duppa-durust ishlab turishibdi, ustilaridan shikoyat tushayotgani yo‘q, besh-olti yildan keyin bir xabar olasiz-da, ukajon...
– Yo‘q, men...
– E-ha, biror kishining o‘rniga paxta terimiga bormoqchimisiz? – U yillari paxta siyosati shunaqa qattiq ediki, o‘zingiz bora olmasangiz, o‘rningizga boshqa birovni jo‘natishga majbur bo‘lardingiz. 
– Yo‘q, haligi...
 – Darvoqe, ko‘zimga issiq ko‘rinayapsiz, hoynahoy, pastimizdagi magazinda ishlasangiz kerak? Nima, do‘konga tansiqroq bir nima keldimi?
 – Men... haligi, she’rlarimni tashlab ketuvdim, nima bo‘ldiykin, shuni bilgani...
 – Qachon keldingiz?
 – Ertalab poezddan tushdim.
 – E, shunaqa demaysizmi, she’rlaringiz ko‘pmidi?
 – Ha, yuztacha bor edi.
 – Yangimidi?
 – Yangilari ham, eskilari ham...
 – Xavotir olmang, yigitcha, – debdi Erkin aka mehribonlik bilan. – Bizda hozirgacha biror kishining qo‘lyozmasi yo‘qolgan emas. Mana, mening o‘zimga bundan o‘n-o‘n besh yil avval besh-oltita qo‘lyozma tashlab ketishgan. Deloga tikib, seyfga joylab qo‘yibman. Har kuni, kunora ochib, bir-bir shamollatib qo‘yaman. Qandoq bo‘lsa, shundoq turibdi. Menga yoqib qoldingiz, ukajon. Xudo xohlasa, she’rlaringizni topib, o‘zim seyfning to‘riga olib qo‘yaman. Siz bemalol qaytavering...

Dadillik


Bir yili Erkin aka bilan mashinada Jizzaxga borib, o‘sha yillari dongdor paxtakor sifatida cho‘lda mashhur bo‘lgan sovxoz direktorining uyida mehmon bo‘ldik. Ziyofat biz kutganimizdan ham a’lo bo‘ldi. Uy egasi shaxmatga ishqiboz ekan, qo‘ni-qo‘shnilari, sobiq raykom kotibi, yana bir-ikki kishi kelib, ziyofatga yig‘ilganlar o‘rtasida musobaqa qilishni mo‘ljallashdi. Yutqizgan kishi navbatdagi ziyofatni zimmasiga olishi kerak. Men mezbonlarga bosh barmog‘im bilan Erkin akani ko‘rsatib, “Ehtiyot bo‘linglar, shaxmatni zo‘r o‘ynaydi, shu choqqacha birovga yutqizgan emas”, deb shivirlab qo‘ydim. Fikrimni xuddi eshitib turganday, Erkin aka: “Qani, bir-ikki partiya o‘ynanglar-chi, yurishlaringni ko‘raychi”, dedi. 
Musobaqa boshlandi. Biz ikki kishi dasturxonning bir chetida o‘zaro gaplashib o‘tiribmiz. Erkin aka mezbonlarga eshittirib:
 – Karpov Bagioda Korchnoy bilan o‘ynaganidagi o‘n yettinchi partiya esingizdami? – deb so‘rab qoldi. Men darhol javob qildim:
 – Ha, esimda. O’ttiz ikkinchi yurishda Anatoliy fili bilan raqib piyodasini urmay, naqd yutuqni qo‘ldan boy bergan-a.
 – Shu holat bir vaqtlar Kapablanka – Lasker o‘yinida ham yuz bergan, ammo Lasker filini mardona qurbon qilib, g‘alabaga erishgan, – dedi Erkin aka. Va yana qo‘shib qo‘ydi:
     – Dadillikni Fisherdan o‘rganish kerak. Spasskiyni ayni shu dadilligi uchun ta’zirini bergan. Uning yurishlariga besh ketaman-da!
 Hazilni davom ettirdim.
– Erkin aka, o‘zingiz ham besh yilcha oldin Mamajon aka Muhiddinov bilan o‘ynaganingizda qora otni oq filga alishtirmay, sal qolgan yutqizib qo‘yishingizga...
 – Ha, – dedi Erkin aka ko‘zoynagini tozalar ekan, – o‘shanda men ustoz piyodani s7 xonasiga surishini sira o‘ylamagan ekanman.
 – Otni a4 dan s5 ga olib o‘tganingizda ham bo‘lar edi-ku?
– Yo‘q, bo‘lmasdi, Mamajon aka ruhni ye8 ga bosishga tayyor bo‘lib turgandi...
Bu gaplardan keyin biz bilan o‘ynashga mezbonlarning chog‘i kelmadi. Erkin aka:
 – Mayli, men bitta figuramni olib qo‘yaman, yutqizsam, “Toshkent” mehmonxonasida ziyofat beraman desa ham, u kishiga raqib topilmadi. 

Anjirxo‘rlik


Kuz oylari edi. Mahmud aka Yah’yoev, Erkin aka, men – uchovlon erta azonda anjir yegani Eski jo‘va bozoriga tushdik. 
Bozor gavjum. Mevalar sarxil. Avvaliga bir kilo anjir olib, shu yaqin-atrofdagi choyxonaga kirib, achchiq choy damlatib, bir oz o‘tirmoqchi bo‘ldik. To‘g‘rirog‘i, Mahmud aka shunday taklif kiritdi. Ammo Erkin aka ko‘nmadi.
 – Anjirni shu yerda, tog‘oraning boshida yeyish kerak, gashtli bo‘ladi, – deb turib oldi. Ilojsiz ko‘ndik.
Anjir sotayotgan ayollarning ko‘pi Erkin akani tanishar ekan, «E, jingalak soch, keldingmi, yaxshi yuribsanmi, hali ham ishtahang o‘sha-o‘shami?», deb so‘rashishdi.
 – Ishtahamga sen megajinlarning ko‘zi tegdi, endi men yeydigan ovqatga yosh bola ham to‘ymaydi, – dedi Erkin aka afsuslanganday bo‘lib.
Biz bu gaplarning ma’nosini tushunmay, goh Erkin akaga, goh sotuvchi ayollarga qarab turibmiz.
 – Ishtahang bo‘lmasa, o‘tgan yilgi shartni takrorlaymiz ekan-da, to‘yguncha yeyishmi? Ammo o‘shanda hammamizni chuv tushirib ketganding, – deb qoldi sotuvchi ayollardan biri.
 – Mayli, – dedi Erkin aka. – Ammo bu safar bir o‘zim emasman, ikkita sherigim ham bor. Bular nomiga bir-ikkita yeyishadi, xolos. Sharti – to‘yguncha. Qani, qo‘y anjiringdan…
Anjirpurush peshtaxta ustiga uch-to‘rtta barg yozib, tog‘oradan bir juft-bir juft anjir olib qo‘ya boshladi. Erkin aka shumlik uchunmi yo avvaldan shunaqa noyob tajribaga egami, sotuvchi anjirni barg ustiga qo‘yib ulgurmay laqqa-laqqa yutadi. Sotuvchi sal hayallasa, tog‘oradan o‘zi olib yeydi. Boshqa bir ayol «o‘n to‘rtta, o‘n oltita, o‘n sakkizta, yigirmata», deb sanab turibdi.
Sanoq yigirma oltitaga borganda anjirpurushning qo‘li qaltiray boshladi:
 – Hoy, yigit o‘lgur, bo‘ldi endi, yorilib o‘lma tag‘in, mullakamlar ham birortadan yeyishsin, olinglar, bu yaramasga qo‘yib bersangiz tog‘ora-pog‘orasi bilan yeydi, yana ishtahalari yo‘qmish, – dedi bizlarga ishora qilib.
Erkin aka «Eh, endi ishtaha kelganida rasvo qilding-da», deb qo‘lini artdi. Biz ham shosha-pisha uch-to‘rttadan yedik. Bozordan chiqayotganimizda Erkin aka g‘udranib qoldi:
 – Bir marta to‘yib yeyishga ham qo‘yishmaydi-ya…

Qog‘ozi yaxshi, ammo...


    Erkin aka bilan xonada qo‘lyozma o‘qib o‘tirgan edik, har ikki kunning birida nashriyotga kelib, muharrirlarning boshini qotiradigan “jo‘qiy” mualliflarimizdan biri, qo‘lida bir papka she’r, ocherk va maqolalari bilan assalomu alaykum deya kirib keldi. Bundan atigi uch kun avval ham kelib, aytishi bo‘yicha, kechasi yozib tugatgan hujjatli qissasining qo‘lyozmasini tashlab ketgandi. Ish ko‘pligidan uni varaqlab chiqishga ham ulgurmagandik.
    – Mana, yangi she’rlarimdan olib keldim, Umar Hayyomga havas qilib, besh yuzta ruboiy, uch yuzta to‘rtlik yozdim. Mabodo kerak bo‘lib qolsa deb, tuman gazetasida bosilgan ocherklarimni ham ola keldim. Bir ko‘rasizlar-da, akalar, – dedi u umidvorlik bilan.
    Erkin akaning peshonasi tirishdi, sababi nashriyot rahbarlari tavsiyasiga ko‘ra, shu muallifning ijod namunalaridan umumiy to‘plamga kiritishni rejalashtirgan edik. Har ikki kunda bir papkadan qo‘lyozma olib keladi, ammo ularning ichidan bitta ham yaroqlisi chiqmaydi.
    – Domlajon, – dedi Erkin aka hazin bir ohangda, – xudo xayringizni bersin, bizga rahmingiz kelsin, boshqa hamma ishlarni yig‘ishtirib, uyga ham bormay qo‘lyozmalaringizni o‘qib yotibmiz. Ammo haligacha ma’qul bo‘ladiganini topa olganimiz yo‘q.
    – Mayli, mayli, – dedi muallif xotirjamlik bilan, – bulari yoqmasa boshqasini olib kelaman, uyda hali ko‘p.
    – Unday bo‘lsa mana bu o‘tmaganlarini olib keting-da, birodar, shkaflar to‘lib ketib, qo‘yishga joy topa olmayapmiz, – kesatganday bo‘ldi Erkin aka. Shu paytgacha indamay o‘tirgan edim, gapga aralashgim keldi.
    – Ovora bo‘lib ko‘tarib yuradilarmi, yaxshisi makulaturaga topshira qolaylik, – degan taklif kiritdim. Erkin aka darhol javob qaytardi:
    – E, yo‘q, o‘tgan hafta ikki qop qilib olib borsak, uyoq-buyog‘ini titkilab ko‘rishdida olishmadi. Izza bo‘lib qaytarib olib keldik. 
    Bu gap muallifga ham qiziq tuyuldi shekilli:
    – Ie, nega olishmaydi, sifatli oq qog‘ozga bosilgan bo‘lsa, – deya hayron bo‘lib so‘radi. Erkin aka suhbatga nuqta qo‘ydi:
    – Makulaturachilar ham dimog‘dor bo‘lib ketishibdi. “Qog‘ozi yomon emas, ammo bir tomoniga yozilgan she’rlariga chidab bo‘lmaydi” deyishyapti, yaramaslar...

Ikki yarim yilgacha xayr...


Boshqa nashriyotlarni ayta olmayman, ammo “Yosh gvardiya”da o‘ziga xos kun tartibi bor edi. Ertalab ishga birinchi kelgan kishi, albatta, choy qo‘yishi kerak. Bir-ikki piyoladan miriqib ichilgach, mualliflarning qo‘lyozmalari bilan ishlash boshlanadi. Soat o‘n ikkilarga yaqinlashganida tushlikni qaerda qilish masalasini hal qilish lozim bo‘ladi. Bordiyu somsa yeydiganlar ko‘pchilikni tashkil qilsa, birorta chaqqonroq yigitni oldindan o‘chirtga qo‘ymasa bo‘lmaydi. Lag‘mon yeyiladigan bo‘lsa ham shunday. Ba’zan Erkin aka Mirobidov yoki Hamid Jalolovning ko‘ngli “dumba-jigar”, ya’nikim o‘sha paytlari bag‘oyat mashhur bo‘lgan to‘rt tiyinlik pirojka tusab qoladi. Boshqalar qarshilik qilishmasa, pastga tushib o‘tirmay, xonaning o‘zida ovqatlana qolamiz. Bir gal men, boshqa bir gal Saidg‘ani Saydolimov xizmatda bo‘lamiz.
    Pirojkaxo‘rlik tugagach, shaxmat musobaqasi boshlanadi. O’tgan kungi olishuvda qattiq ezilganlar raqiblaridan o‘ch olish maqsadida astoydil jangga kirishadilar. Musobaqa to direktorimiz tushlikdan qaytgunlaricha davom etadi.
    Erkin aka shaxmatga uncha qiziqmaydi, tomosha qilib turishni, yutqazayotgan tomonning asabiga tegadigan luqmalar tashlashni yoqtiradi. Shu bois, ba’zi o‘yinlar oxiriga yetmay, janjal boshlanib ketadi.
    Bir kuni kitobi nashriyot rejasiga kirgan, ammo qo‘lyozmasi muhokamadan o‘tmagan bir muallif kelib qolib, shaxmat o‘yiniga kirishib ketdi. Ustma-ust uch marta yutqizdi. Asabi taranglashib turgan edi, Erkin aka olovga kerosin sepdi:
 – Uka, avval ham shaxmat o‘ynaganmisiz?
Muallifning jon-poni chiqib ketdi. “Meni kim deb o‘ylayapsiz, falon-falonchilarni ezib yurgan odamman. Razryadim bor. Xohlasangiz, sizni ham... ezib qo‘yishim mumkin. O’ynaysizmi?”, dedi jahl ustida.
 – O’ynayman, – dedi Erkin aka bosiqlik bilan, – mening razryadim yo‘q, ammo bitta arzimas shartim bor.
 – Qanaqa shart? – hayron bo‘ldi muallif.
    – Yutqizib qo‘ysam, besh yilgacha qo‘limga shaxmat ushlamay, ertadan kechgacha qo‘lyozma tahrir qilaman. Mabodo yutib olsam, besh yilgacha nashriyotga kelmay turasiz. Omon-eson pensiyaga chiqib olay, ana undan keyin bemalol... 
    Erkin aka shunday deya taxta ustiga shaxmat donalarini shaxdam tera boshladi. O’yin boshlandi. Bir zumda xonaga odam to‘ldi. Unisi uni yur, bunisi buni yur, deb turgandan keyin nima ham bo‘lardi. Oradan yarim soat o‘tib, har ikki tomon ham durangga rozi bo‘lishdi. 
 – Xo‘sh, – dedi muallif Erkin akaga qarab, – shartingiz nima bo‘ldi? 
 – Ikki yarim yilgacha xayr, – dedi Erkin aka va o‘rnidan dast turib tashqariga chiqib ketdi.

Jabalapa


 Nashriyotda yiliga bir-ikki marta mukofot puli ham olib turar edik. Bunday paytlari Erkin akaning sahiyligi tutib, bizlarga tushlikda lag‘mon yoki somsa olib berar, ba’zan boshqalarni aralashtirmay, ikkalamiz sobiq “Toshkent” mehmonxonasining oltinchi qavatiga ko‘tarilib, bir-birimizni mehmon qilar edik. 
    Shunday ziyofatlardan birida safimizga notanish bir yigit kelib qo‘shildi. Ikkalamiz bilan ham qirq yillik qadrdonday quchoqlashib ko‘rishdi. “E akaxonlar, sizlarni ham ko‘radigan kun bor ekan-ku”, deya goh Erkin akani, goh meni bag‘riga bosadi, suyunganidan ko‘zlariga yosh oladi. Bu ham mayli, ofitsiantni chaqirib, qovurilgan jo‘ja, bedana, ichkilik buyuradi. Aroqni stakanlarga to‘ldirib-to‘ldirib quyadi. E, oxiri baxayr bo‘lsin-da, deya bir-birimizga qarab turibmiz, chunki cho‘ntagimiz uncha baquvvat emas. Yangi tanishimiz bo‘lsa ovqatni paqqos tushirib yotibdi. 
 Erkin aka avvaliga hazil-huzul qilib bemalol o‘tiraverdi, ammo mehmon yigit qo‘shni stolda o‘tirib, biz tomonga ishvali qarayotgan ayollarga bizning nomimizdan bir shisha konyak, bir shisha shampan vinosi, shokolad sovg‘a qilgan edi, birdan hushyor tortdi.
– Do‘stim, – dedi u mehmon yigit tomonga asta engashib, – siz hadeb ovora bo‘lavermang, ovqat topiladi, ammo do‘st topilmaydi. Ahmadjon bilan gaplashib turinglar, men borib antiqa bir taom buyuraman, mazza qilib yeymiz, ana undan keyin biznikida bir kecha mehmon bo‘lasiz...
 Bu gap yangi tanishimizga ma’qul keldi. Erkin aka o‘rnidan turib, avval bizga xizmat qilayotgan ofitsiant ayol bilan bir nimalarni gaplashdi, jahli chiqib, bir oz tortishganday ham bo‘ldi, so‘ng oshxona tomonga o‘tib ketdi. Oradan besh-o‘n daqiqa o‘tgach, xotirjam bo‘lib qaytib keldi va:
 – E birodar, o‘ziyam qaynonasi suygan yigitlardan ekansiz, zo‘r taom buyurib keldim. Bir mazza qilaylik. Anavi bemaza ofitsiant bo‘lsa jabalapa tamom bo‘ldi deydi-ya. To‘ppa-to‘g‘ri restoran boshlig‘ining oldiga kirdim, iltimos qildim. Oldiga bir pachka pulni pop etib tashladim. O’ziyam “xo‘b bo‘ladi, aka” devorganini bilmay qoldi. Qani, ovqat kelguncha elliktadan olib turaylik...
      Mehmon bunday nomli taomni eshitmagan ekan, qiziqib so‘rab qoldi:
 – Aka, jabalapa degani nima o‘zi?
 – Frantsuzlarning taomi, – bamaylixotir javob berdi Erkin aka, – bizda endi-endi urf bo‘layapti, Parijda bo‘lsa, istagan paytingda yeysan. Bir oy yashab rosa to‘ydim. Ozroq hidi bor, ammo jonning rohati. E, yurgan ekanmiz-da palovxonto‘raga mahliyo bo‘lib. 
 Mehmon birdan hushyor tortdi.
– Aka, bu taomingiz yana, haligi... qurbaqaning go‘shti emasmi?
– Ie, bilasiz ekan-da, – xursand bo‘lib ketdi Erkin aka, – go‘shti emas, son go‘shti deng. O’zim ko‘zim bilan ko‘rib, yog‘lisidan tanladim. Eh, bir mazza qiladigan bo‘ldik-da. 
Rangi quv oqargan mehmon yonini kovlab, bir siqim pulni ofitsiant ayolning qo‘liga tutqazdi-yu, o‘zini tashqariga otdi. 

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.