OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Akmal Sayyid. Qavmdoshlar (hikoya)

Bugun ham odatdagiday boshlandi...
Avvaliga qushlarning chag‘ir-chug‘uri butun kasalxonani boshga ko‘targan bo‘lsa, hayal o‘tmay, ulkan xum ichiga tushib qolganingday jimlik hukmron bo‘ladi. Tepada lak-lak qushlarning tinmay charx urib aylanayotgani-yu ulardan pastroqda yetishib olish ilinjida boshqalarining balandlayotganini ko‘rib, beixtiyor hayajonga tushasan. Albatta, pastdagilarning ortda qolmasliklari uchun bo‘lsa kerak, tepadagilari ularga go‘yo tahdid ham solayotganini ko‘rasan ba’zan. Daraxt qo‘nalg‘alarida qolgan qushlar esa dam o‘tmay, uchish taraddudiga tushadi. Ularning bu holati cho‘l to‘zonining girdob hosil qilishiga o‘xshaydi. Go‘yo ulkan sim chambarak havoda paydo bo‘ladi-da, oxirgi tortilmay qolgan sim uchlarini ham qo‘shib olib ketadi. Yoki ularning barchasi bir ip, bir rishta bo‘ylab bog‘lanib qolganu ipning uchini shundoq tortsangiz oxirgi tutami oldingizga yig‘ilib keladiganday tuyuladi.

* * *

Men yotgan palataning deraza orti har gal ertayu kech shunday “qush bozor”ga aylanadi. Bozor bo‘lganda ham chinakam “bozor”. Buni bir mavsum, desa ham bo‘ladi. Uch qavatli korpus bilan bo‘ylashay-bo‘ylashay deb qolgan mirzateraklarda quyosh botishi bilan to‘da-to‘da qarg‘alar paydo bo‘ladi. Ularning uchib kelishi bir maydon vahima bilan boshlanadi-da, to daraxtlarga o‘rnashgunlari qadar bir muddat tinmaydi. Nazar solsangiz, dunyoning bor vahimasi-yu, as’asasi shu yerda deysiz. Shunaqa g‘ala-g‘ovur, chag‘ur-chug‘urga aylanadiki, asti qo‘yaverasiz. Bu holat har qanday xayolparastman, deganning ham xayolini to‘zg‘itib, diqqatini o‘ziga tortmasdan qolmaydi. Agar aytish joiz, desangiz, osmon o‘par mirzateraklar, chinorlar-da bu g‘ala-g‘ovurdan bezordek tuyuladi menga.
Daraxt uchlariga joylashib olmish qanotlilar, bir qaraganda, ajabtovur manzara kasb etadi. Kasalxona hovlisidagi terak, qayrag‘och, chinor va boshqa dov-daraxt shoxlari yoppasiga qop-qora bo‘yoqlar bilan chaplanganday, xuddi no‘noq musavvirning ilk asarlari ko‘rgazmasiga o‘xshab ketadi. Ammo bu ko‘rgazma o‘zining “jonliligi”, tabiiyligi va yana nimasi bilandir kishiga zavq bag‘ishlaydi. Tirik ko‘rgazma! Lekin hali daraxt shoxlarida omonatgina osilib turgan va yomg‘irlardan, kuzak shamollaridan omon qolgan yakkam-dukkam muvaqqat barglar bu bo‘yoqlarga negadir, mos kelmasdi. Men-ku rassom emasman, mabodo rassom bo‘lganimda ham mana shu ajabtovur manzarani, baribir, mo‘yqalam yordamida tasvirlagan bo‘lardim. Bilmadim, nima uchun? Balki bunday manzarani hech qaerdan izlab ham, buyurtma qilib ham topolmasman...
Qarg‘alarning so‘fi azon urmay, “gurr” etib osmonu falakka g‘oyib bo‘lishi-yu, oqshom chog‘i qaytib kelishi, butun boshli polkning ertalab, tong azondan qo‘shiq aytib kazarmadan chiqib ketishiyu va kech arafasi tag‘in baralla kuylashgan ko‘yi kirib kelishiga juda-juda o‘xshaydi. Yana o‘xshashlikni qarangki, tong g‘ira-shirasida birorta ham askar kazarmada qolmay, to‘liq mashg‘ulotlarga chiqib ketganiday, bu yerda qar­g‘alarning ham birortasi daraxt shoxlarida, ya’ni qo‘noqlarida qolmasdan uchib ketishi – hayratomuz o‘x­shashlik! Ammo bir o‘xshamaydigan tomoni borki, u ham bo‘lsa, qarg‘alar qo‘nalg‘alarida birorta ham navbatchi qoldirmaydi, qoldirsa ham uzoq turib qolmaydi, odatdagidek, yana birodarlarining ortidan g‘oyib bo‘ladi. Tabiiyki, boya eslatib o‘tganimiz, bitta yarimta-yalqov, tanbal va ishyoqmaslarini hisobga olmasa, albatta. Yana bir gap, ularning “gurr” etib ko‘tarilishi askarlarnikidek bir saf bo‘lib emas, balki pala-partish va to‘s-to‘polon.
Bugun ham xuddi shunday kechdi. Tong g‘ira-shi­rasida kasalxona hovlisini chorak soatcha boshlariga ko‘tarishdi-yu, so‘ng turli tomonlarga bosh olib ketdilar. Hovli sahni va dov-daraxt shoxlari odatdagicha, suv quygandek jim-jit bo‘ldi-qoldi. Tashqarida kuzak shamollari sarg‘aygan barglar shitirlatib kezinar, yap-yalang‘och mirzateraklar, chinorlar so‘ppayib turishardi.
Tashqaridan ko‘z uzolmayman. Kuzak shamollari uygan va uvat kunjaklariga tiqib tashlangan o‘sha sarg‘aygan barglarga tikilamanu, uzoq xayollarga botaman. Bir voqea yodimga tushdi...
O‘sha kuni kallayi saharlab qushlar qo‘noqlarini tark etar mahal, yana ular butun kasalxonani boshlariga ko‘tardilar-da, keyin odatdagidek, allaqayoqlarga g‘oyib bo‘lishdi. Hammayoq birdan tinchidi-qoldi. Ammo birozdan so‘ng, pastda o‘n-o‘n beshtacha qarg‘alarning favqulodda to‘s-to‘poloni boshlandi. Ular o‘z birodarlaridan birini o‘rtaga olib, rosa cho‘qilayotgan edilar. Avval ko‘zlarimga ishonmadim. Nahotki, o‘z qavmdoshini o‘zlari o‘ldirayotgan bo‘lsalar? Uning gunohi nima? Yoki, bu zo‘rlikning ojizlik ustidan tantanasimi? Yo‘q, eshitganim bor. Aytishlaricha, bunday to‘dani sanitar qushlar, ham deyishadi. Sanitar qushlar oralarida kasal bo‘lib qolgan o‘z qavmlarini o‘zlari o‘ldiradi. Sababki, butun qavm o‘rtasida kasallik tarqab ketmasin. Bu aqida qanchalik to‘g‘ri bo‘lmasin, baribir, u bir qavm a’zosi-ku, u o‘z bi­rodari-ku, u ojizdir, notavondir, u ham yashashni istaydi, degan ola-quroq o‘ylar boshimda g‘uj aylanaveradi, aylanaveradi.
Bechora o‘rtaga olayotgan qushlardan ancha kichik ko‘rinsa ham, o‘z jonini saqlamoq uchun jonholatda qarshi turar, goh to‘dadan chiqib qochishga urinar, goh mayib bo‘lib qolgan ikkala qanotini zo‘rg‘a yerga sudrab uchishga chog‘lanar, ammo shafqatsiz to‘da uni hech qayoqqa qo‘yib yubormas, aksincha, o‘rtaga olib, battar patlarini yulqib-yulqib tortishar, abgor qilar edilar. U bo‘lsa, atrofdagi xazonlar ostiga o‘zini yashirishga urinar, olomon to‘da esa uyum-uyum xazonlarni atrofga telbavor sochar va o‘sha uyumlar ostidan uni topib olar, qolaversa, daraxt shoxlarida diqqat bilan, muttassil kuzatib turgan qolgan qarg‘alar vaqt o‘tkazmay, bechoraning ustiga mo‘ru malaxday yopirilib, yana cho‘qilashni davom ettirar, u esa boshqa qochadigan joy topolmay, oxir majolsiz va ilojsiz o‘zini ularga mutloq topshirib qo‘yishga majbur bo‘lardi. Qarangki, birozdan so‘ng, qarg‘alar har tomonga tarqalishdi. Ko‘pchiligi yana daraxtlar tepasida qo‘nim topdilar. Jabrdiyda esa, xazonlarga qorishib, qimir etmay yotardi. Ammo sal o‘tmay, unga qayta jon kirganday, bir-ikki silkindi-da, bedana yurish qilib, ikkala qanotini ham sudrab, duch kelgan tomonga qocha boshladi. Tepadan bu holatni kuzatib turgan o‘sha qarg‘alar yana balo-qazoday yopirildilar. Bu daf’a uzoq jang bo‘ldi. U kurashdan ham, qarshilik ko‘rsatishdan ham va yashashdan ham butunlay charchagan, umid uzgan edi. Quturgan to‘da ichida faqat uning qontalash va loyga qorishgan tanasigina ahyon-ahyon ko‘rinib qolar, abgor tanani yana to‘daning biror a’zosi zarb bilan tortib ketar, aksar hollarda esa ilojsiz tana quturgan to‘daning oyoqlari ostiga tushib qolardi.
Men uning oldiga qanday yetib keldim, buni bilmayman. Uchinchi qavatdan to pastki zinalarga tushib, ular oldiga yetib kelgunimga qadar bechoraning joni uzilib bo‘lgan edi. Qo‘limga duch kelgan narsani olib, jon achchig‘ida to‘dani haydagan, uni xalos etgan bo‘ldimu, lekin, baribir, kechikkan edim. Uning aft-angorini ko‘rib ham, tanib ham bo‘lmasdi. Boshi, tanasining yulinmagan joyi qolmagan. Atrofda esa bechoraning patlari to‘zib qolgan, yer go‘yo otlar ko‘pkari chopganday, qushlarning temirtak panjalari ostida rosa shudgorlangan. Mana shu shudgor ichida esa uning jajjigina jasadi tuproqqa qorishib yotardi. Ko‘zlari o‘yilgan, oyoqlari singan, qanotlari yoziq bir holatda...
Hayotda hali yashashi uchun jon holatda intilayotgan, hamon o‘zini u yoqdan bu yoqqa urib, azoblar qurshovida qolgan tanasini qutqazmoq azmida bo‘lgan qarg‘a bugun o‘z qavmdoshlari orasida yo‘q. Balki uning cho‘qilgan ko‘zlari dastlab, atrofga so‘nggi marta najot istab qararkan, favqulodda menga ko‘zi tushgan bo‘lsa ham ajabmas. “Meni bu yovuzlar qo‘lidan qutqaz", deya oxirgi marta iltijosi, umidi balki men bo‘lgandirman?
Men esa, uni taqdir hukmidan qutqazolmadim! Nima, o‘shanda qo‘rqqan edimmi? Nimadan? Kimdan? Yo‘q, undaymas, ulgurolmadim, xolos. Dastlab, nima bo‘layotganiga aqlim yetmay turdi... keyin esa...kech...

* * *

Eshik asta ochilib, yengil qadam tovushlari xayolimni bo‘ldi.
– Assalomu alaykum, yaxshimisiz? – dedi navbatchi hamshira. So‘ng qo‘shib qo‘ydi: – Mana bu kechki dorilaringiz, ichishingiz mumkin.
Men deraza oldidan qaytganimda u allaqachon ketib bo‘lgan edi.
Qirralari yemirilib, eshik zulfi, oshiq-mo­shiq­laridan xiyol ajrab, bir yonga og‘ib qolgan va ancha rangi unniqib bo‘lgan tumbochka ustidagi kaftdekkina qog‘oz parchasida ikki dona dori yotardi: biri peretsitam, ikkinchisi esa tsennarizin. Hapdorilardan birini, garchi ko‘nglim tusamay, ichdim-da, qaytib simlari deyarli polga tegay-tegay, deb qolgan karavotga cho‘kdim.
Aytgancha, hozir qushlar qaerlarda ekan? Ajabo, ular ham odam bolasiday ertalab uyidan chiqib ketadilar-da, yana kechqurun kun botish arafasida tanish qo‘nog‘iga qaytib keladilar. Boz ustiga, o‘z yo‘llaridan adashmay kelishadi. Axir boshqa qo‘noqqa borib qolishlari ham mumkin-ku? Ularning shovqin-suroni-yu, chug‘ur-chug‘urlarida ham qandaydir ma’no mujassam.
Qiziq, ana pastda besh-oltitacha qarg‘a bir qarg‘ani ilk bor uchirma qilmoq uchun kuymalanishmoqda chog‘i. U qanotlarini keng yozmoq bo‘ladi-da, uch-to‘rt gaz yuqoriga nari uchib ko‘radi. Yonidagilari u qo‘ngan joygacha yugurgilab borishadi-da, go‘yo bir nimalar deyotganday “qag‘-qag‘”, “qag‘-qag‘” deya bir-birlariga yopirilib, uni “gurra” o‘rtaga olishadi. Bu gal u ancha joygacha uchib bordi. Qavmdoshlar esa uni izma-iz ta’qib etmoqdan o‘zlarini tiymasdilar. Shu alfozda qushlar galasi ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi. Eng qizig‘i bumas, eng qizig‘i, qushcha o‘z qavmlari tomonidan nobud qilingan o‘sha qushga juda-juda o‘xshab ketardi. Ko‘rsangiz, uni siz ham ikkilanmay, o‘sha qushcha o‘lmay qolgan ekan-da, deyishingiz tayin edi. Rangi ham, tusi ham, qanotlari ham bir xil... Ammo jussasi o‘sha qushga qaraganda kichikroq, xolos! Chindan ham u qaytib kelgan bo‘lsa-ya? Negadir uning o‘lmay qolishini juda-juda istayman. Uning o‘lmasligi uchun qo‘limdan nima kelsa, shuni qilardim!
O‘ylab qolasan kishi, nahotki, insoniy xislatlarga xos bo‘lgan bundayin a’mol qushlarga ham xos bo‘lsa? Inson bolasi hali anglab yetmagan o‘zga bir xilqat ham bor ekanki, men tushunmagan narsani qushlar tushunsa? Qushlarchalik aqlim yetmasa? Ertadan kechgacha vag‘ir-vug‘ur qilishib qo‘noqlaridan chiqib ketishlari, yana kechqurun vag‘ir-vug‘ur bilan qaytib kelishlarining ma’nosi nima? To‘g‘ri, olam – mukammal. Biz tushungan narsani ular bilmaydilar, ular tushungan narsani biz bilmaymiz. Hali biz bilmagan yoki to‘la anglab yetmagan qancha-qancha siru sinoatlar bor ekanki, ularning poyu-poyoniga yetib bo‘lsa? Qushlarning bir-birlariga nechog‘lik birodar, bir qavm yoki birodarkushligi orasidagi farq qanchalik yaqin bo‘lmasin, biz odamlar orasidagi yaxshilik va yomonlik, havas va hasad, mehr-oqibat va birodarkushlik orasidagi farq ham unchalik katta emas. Nega shunday?
Oqshom sukunati yana butun kasalxona bo‘ylab asta-sekin yoyila boshladi. Eng baland joylarda, quyoshni ilk bora qarshi oladigan azim teraklarning uchlarida osilib qolgan so‘nggi qizillik ham tamom yo‘qoldi. Sokin oqshom halovatidan bahra olishni istagan ayrim bemorlar birin-ketin yo‘laklar uzra uzun-qisqa bo‘lib ko‘rina boshladilar. Ular beparvo qushlar qo‘noqlari ostidan o‘tib yo‘lakka chiqadilar. Nari borsa, qushlarga bir qarab qo‘yadilar, xolos! Zotan, bu sukunat uzoqqa cho‘zilmadi. Har galgiday, osmonu falakdan qushlar galasi paydo bo‘ladi-da, yana butun kasalxona bo‘ylab chag‘ur-chug‘ur qo‘nadi. Yana men yotgan kasalxona korpusiga bo‘ylashay-bo‘ylashay deb qolgan daraxtlar, ko‘z oldimda no‘noq musavvirning qop-qora bo‘yoqlar bilan chaplangan ilk asari kabi ajib manzara kasb eta boshlaydi.
Dilim oqshom rutubati kabi yana xufton tortadi.
Men deraza oldidan nari ketman...
O‘z qavmlari orasida omonlik va atrofdan najot istab, quturgan to‘daga qarshilik ko‘rsatayotgan hamda so‘nggi damlarda jon taslim qilayotgan o‘sha qushcha ko‘z oldimdan hech nari ketmaydi. U hayotga kelib nima ko‘rdi? Nahotki uni o‘ldirish shunchalik kerak bo‘lsa? O‘zi, nega u qushlar qavmi orasiga sig‘madi?
Yechimi topilmas jumboqlar asiriga aylanib ohist­a o‘rnimga cho‘zilaman...

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 10-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.