OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Muqimov. Tarbiyasiz sigir (hajviya)

Magnitofonim buzilib qoldi, hovliga olib chiqib, tuzatmoqchi bo‘ldim. Lekin uyog‘ini kavlashtiraman, buyog‘ini burayman, sira-sira «tili chiqmaydi» isqotining! Bo‘g‘ilib, ustidan bolta solib yuboray dedim. Buning ustiga o‘tgan hafta sigir sotib olgan edim, biram jag‘i ochiq chiqdi, harom qotgur erta azondan ayyuhannos soladi:
— Mo-o!.. Mo-o!.. Mo-o!..
Buzoqcha ham onasiga jo‘r bo‘lib, asabimga tegadi:
— Mo‘-o‘!..— O‘l «hm-m!..» Dard «hm-m!..» — deyman ensam qotib. Keyin yangangizga yuzlanaman. — Ayasi, anavi ovozing o‘chgurlarga xashak-pashak tashlang!..
— Yangitdan tashladim-ku! — siltab javob qaytaradi yangangiz. — O‘zi siz ko‘r xaridorsiz! Bo‘lmasa, shu shallaqini olarmidingiz!..
— Obbo! — dedim xunobim oshib. — Qachon men...
— Xah, egiz tug‘adagan qo‘y oldim, deb, qo‘chqorchani yetaklab kelganingiz esingizdan chiqdimi?
— Qo‘ying eski gaplarni! Yaxshisi tomog‘ingga pichoq qadalgurlarga suv bering.
Yangangiz sigirning «nag‘masi»dan bezor bo‘lib, to‘lib turgan ekan, yana nimalarnidir sannadi. Biroq uning so‘zlari galdagi «nag‘ma» ichida ko‘milib ketdi, eshitolmadim. Keyin u paqirni ko‘tarib keldi. Sigir suvni ichib, birpas tilini yalab turdi. So‘ng boshladi.
— Mo—o, mo—o...
G‘ijinib borib, sigirga xashak tashladim.
 — Ma, ablah, zaharingga ye!
Yo tavba,chaynab turib «mo-o!» deydi-ya.
Bir mahal yon qo‘shnim Marasul buva devordan bo‘y cho‘zib, sigirni necha pulga olganimni so‘radi.
— Nafasi shiraligina ekan, xolangizning fikri ham shu, — deb qo‘ydi piching aralash.
Marasul buvaning kampiri anchadan beri betob edi yaramas sigir asabini bigizlayotgan ekan-da, deya xijolat tortib ketdim. «Nag‘ma»ning galdagi «seriya»si boshlangan hamon g‘azab bilan o‘rnimdan turib, panshaxa bilan ozroq «qashlagan» bo‘ldim. Sigir bunga parvo ham qilmadi. Noiloj arqon bilan tumshug‘idan tang‘ib tashladim. Buning ham foydasi bo‘lmadi. Burni orqali «nag‘ma»ni yanada kuchaytirdi.
Hm-m! Hm-m! Hm-m!..
Endi nima qildim-a? Og‘ilga qamab tashlay desam, so‘kichak bor, qurt bor! O‘ylay-o‘ylay ilojini topdim, ya’ni radiotexnikaga murojaat qildim. Sigirning boshi tepasiga kattakon radiokarnay, oxurga mikrofon bilan ovoz kuchaytirgich o‘rnatdim. Ularni bir-biriga moslab uladim. Sigirning tumshug‘idagi arqonni yechib oldim.
— Ana endi bo‘kiraver! — dedim va beriroqda tomosha qilib turdim.
Sigir birpas jim turdi. So‘ngra, moslamadan bexabar, tumshug‘i ostida turgan mikrofonga qarab qattiq bo‘kirdi. Bo‘kirdi-yu, ko‘zlari ola-kula bo‘lib chiqib ketdi. Sapchib, o‘zini u yon bu yonga tashladi. Keyin quloqlarini ko‘tarib, jim qoldi. «Begona» tovush manbaini qidirib atrofga javdiradi. Buzoqcha ham qo‘rqib ketgan ekan, onasiga boqib shikoyatomuz «mo‘-o‘», dedi. Sigir o‘zini oxirdagi nishxo‘rdga urdi lekin yemadi. Beixtiyor asta, mayingina qilib «Mo‘—o‘» dedi.
 — Endi «mulla» bo‘ldingmi?! — deyman. — Baqir-chi tag‘in, quloqning qadriga endi yetasan!
Shunaqa qilib, sigirimni tarbiyalab oldim. Ammo ishtahasi pastlab ketyapti. Kelasi yakshanba kuni sotib yuborsammi?

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.