OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Namozov. Azal kotiblari (qissa)

Boysun, umuman Surxon haqida bizning bolalik yillari bilganimiz, Amir Olimxon Buxorodan qochib ketayotib, bu yerda ma’lum muddat to‘xtagan. Xalq Olimxondan biron yorug‘lik ko‘rmagan bo‘lsa-da, uni hurmat bilan qarshilagan.  Keyin, biroz o‘kinib,  biroz parishonlanib, uning ortidan qarab qolgan... O‘shanda allakimlar yozgan kitoblardan biz bu yerdagi go‘zal tog‘lar, ular etagidagi yalangliklar, qumliklarda muttasil o‘q qarsillab, hammayoqni "bosmachi egallagani"ni o‘qiganmiz.. Payti kelib, uzoq sukut saqlagan va nihoyat, o‘z farzandlari qo‘liga  qalam olgan Surxon "tilga kirdi". Surxon hayotiga "boshqacha ko‘z bilan" qaragan dastlabki adib rahmatli Shukur Xolmirzaev edi. Shukur akaning ketidan Mengziyo Safarov, Zoyir Mamajonov, Fayzulla Qilich,  Erkin A’zam, Usmon Azim, Jamila Ergasheva, Nodir Normatlar maydonga chiqishdi.  Tog‘ay Murod o‘ziga xos shoirona nasr bilan tanildi. Bu kun jarayonni tugal o‘rganib, bemalol "Surxon adiblari" degan kitob tuzish mumkin.
E’tiboringizga havola qilinayotgan qissa muallifi el tanigan adiblarimiz izidan kelayotgan ijodkor. Hayotni ziyrak kuzata oladi. Hayotdagi muammolarni ancha chuqur biladi. Men Anvarjon bilan ko‘p so‘zlashib yurib, uning adabiy savodi yaxshiligiga ham qanoat hosil qilganman.  Birgina o‘kinchim, menga Anvar Namozov o‘z imkoniyati darajasidan kamroq "ter to‘kayotgan"dek tuyuladi. Shu boisdan, uning bu qissasini ko‘rib chiqib, suyundim.
Anvarjonga mashaqqatli adabiyot yo‘lida omad tilayman.

Omon MUXTOR,
O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi

1

Xoliyor ustiga choyshab yopilgan oyoqlarini qimirlatdi. Tep-tekis solingan choyshab tagida ular karavotning narigi uchigacha qimirlashi kerak edi-ku... Endi oyoqlarining, to‘g‘rirog‘i, oyog‘ining panjalari beshta, tovoni bitta. Endi hatto tizzasi ham bitta. Oyog‘i esa bir yarimta, undan ham kamroq.
Endi u chopib-chopib, sakrab-sakrab yurolmaydi. Bundan so‘ng bir juft poyabzal olmasa ham bo‘lar. Chordona qurib o‘tirolmaydi, oyoqlarini oliftalarcha chalishtirib ham... To‘ylarda o‘rtoqlari bilan hech qachon raqsga tusholmaydi... Xoliyor faqat qisinib-qimtinib yuradi. Birovdan kamday! Kamday emas, kam...
"Nogironman. Bir umrga nogiron! Nogiron va badbaxt! Hayotim o‘zgaradi. Barcha odamlarning menga munosabati, qarashlari ham boshqacha bo‘ladi. Qanday yashayman? Yoshligimning zavqi ketdi. Talaba bo‘lib o‘qish ham yo‘q. Ish topilsa  —  nogironbopi kerak! Alimov, "kelajagingiz porloq", degandi. Shumi aytgani yoki "bashorati"ning yarmimi bu? Menda kelajakning o‘zi yo‘q.
Nega bunday bo‘ldi? Dunyodan armon bilan o‘tamanmi? Atrofimdagi odamlarni, to‘g‘rirog‘i, ularning oyoqlarini ko‘rganimda, yaram tirnalavermaydimi? Tavba, endi qanday yashayman, qanday?"
Xoliyor ich-ichidan yig‘lar edi, ichidagi nolasi otilib yuzaga chiqdi: o‘kirib yubordi:
— Nima keragi bor yashashning? Birdaniga o‘lmaymanmi!
Hamxonalaridan biri darrov palatadan chiqib ketdi. Qolgan uch kishi indamay, so‘zlashga botinolmay eshik tomon qarab-qarab qo‘yishardi. Mahmud amaki degan keksa kishi tasalli bermoqchi edi, ovozi titrab chiqdi:
— Bola-am...
— Yo‘q, bobojon, qanday yashayin? Oyoqsiz... Bobojon, ayting. Bundan ko‘ra o‘lgan yaxshi edi-ku! O‘ylab ko‘ringlar, men nima qilishim kerak? Axir...
Palata eshigi shaxt bilan ochilib, ikki-uch hamshira bilan vrach Ravshanov kirib keldi.

* * *
Bola  —  yigit desa ham bo‘ladi  —  qizga tikildi. Uning qoshiga tegay-tegay deb turgan, peshonasini to‘sib turgan sochlariga termildi. Qiz ko‘zlarini yerdan uzmay, pastki labini tishladi. Qoshlaridagi o‘sma unga yarashmagan. Uyalibmi kulgan edi, ikki chakkasida kichkina kulgichlari paydo bo‘ldi.
— Ha?  —  dedi u boshini ko‘tarib, nihoyat yigitga savolomuz qararkan.
— Yo‘q, o‘zim.
Yigitning sochi orqaga taralgan. Qalin qoshlari ostidagi o‘tkir ko‘zlari ko‘pincha bir nuqtaga qadalib qoladi. Qimtingan lablari ustidagi murutchasi tim qora. Yuzidagi husunbuzarlar bo‘rtib-bo‘rtib chiqqan, hartugul oz ular. Qizning sezishicha, yigitning kayfiyati yo‘q edi.
Ha, Xoliyor bugun Norgulga nimadir deyishi kerak. Lekin aytolmayapti. Bolaligidan shu: bir gapni aytolmay o‘zicha mavrid kutadi. Hozir ham goh yerga qaraydi, goh qizga. Shu bugun aytolmay qolmasaydim, deb qo‘rqadi.
— Nimani o‘ylayapsiz?  —  deb so‘radi Norgul.  —  Bugun charchadingizmi ishdan? Hoy, akajon, xafasiz, shekilli?  —  qiz erkalangan bo‘ldi.
— Yo‘q, o‘zim.
Norgulni bugun Xoliyor ishxonasiga taklif qilgan edi. Hamma xodimlar ketdi, faqat Xoliyor qoldi. Farrosh xola kasal. Direktor kalitni Xoliyorga berib qayta-qayta tayinladi. Xoliyorning yarim soatlardan keyin uyiga qaytishiga ishondi.
Qorong‘i tushgach esa aytilgan vaqtda Norgul keldi. Xoliyor darrov katta eshikni ichkaridan qulflab, qizni xonasiga olib kirdi.
Norgul kursiga cho‘kkan holda paltosining tugmalarini yechib qo‘ygan, yelkasiga tushgan ro‘molining uchini ko‘rsatkich barmog‘iga o‘rab-o‘ramay ermak qilib o‘tirar edi.
— Uydagilarga nima dedingiz?
— Uydagilarning ishi yo‘q, dugonamning tug‘ilgan kuni, dedim,  —  javob qildi qiz. 
Tashqarida yomg‘ir boshlandi. Shitir-shitir ovoz eshitiladi.
Xoliyor o‘rnidan turib, Norgulning yoniga o‘tdi. Qo‘llarini qizning yelkasiga tashlagan edi, qiz qaramay, ularni ushladi.
Bu birinchi marta emas. Xoliyor ilk bor shu qizdan bo‘sa olgan. Qiziq, shu qizni o‘pgan!.. Darvoqe, Xoliyor shuning uchun chaqirganmidi? Muddao boshqa edi-ku!
Xoliyor asta qo‘lini bo‘shatdi-da, aylanib o‘tib, Norgulning qarshisiga cho‘kdi. Ehtimol, Norgul, bu xatti-harakatlardan cho‘chigandir?
— Turing, nega... bunday? Turing.
Yigit qizga qattiq tikilib, qo‘llarini uning tizzasiga qo‘ydi. Xoliyorning nazarida, qiz o‘zini jo‘rttaga seskangandek tutdi.
"Kutyapti", deb o‘yladi Xoliyor.
Endi Norgul ko‘zlarini yumib oldi.
Kutilmaganda Xoliyor o‘rnidan turdi. Stol ustidagi sharfini bo‘yniga o‘rab, telpagini boshiga qo‘ndirdi:
— Ketdikmi?  —  dedi u kinoya bilan.
Qiz hayron:
— Qayoqqa?  —  deb so‘radi.
— Uy-uyimizga, qaerga bo‘lardi?!  —  Xoliyor Norgulning jahli chiqishini istardi. U gapini tavvakaliga boshlamoqchi bo‘ldi.
— Nima uchun chaqirdingiz bu yerga?
— Bir gapni sizga aytish uchun!
— Ayting-da!
Xoliyor yerga qarab so‘zlay boshladi:
— Bilasizmi, men ilgari... yengiltak qizlar borligiga ishonmasdim. Sira! Lekin, qarangki, adashgan ekanman. Chet ellarda borligini-ku, yaqinda bildim. Bizdayam bor ekan,  —  Xoliyor qolgan so‘zlarni aytishga qiynaldi.  —  Bunday... Iltimos, endi bas qilaylik! Gap qo‘shmang.
Oraga sukut cho‘kdi. Azbaroyi xijolat bo‘lgan Xoliyorning yuzi duv etib qizarib ketdi. 
— Ixtiyoringiz,  —  dedi Norgul o‘rnidan turib.
Bu gapdan Xoliyor hayron qoldi:
— Siz... men bilan yurib-yurib tashlab ketdi, demang.
Qiz picha o‘ylanib turdi. Keyin... keyin indamay chiqdi-ketdi! Katta eshik sharaq-shuruqlab ochilganidan so‘ng oyoq tovushi tindi...
Xoliyor qancha o‘tirganini bilmaydi.
Xonasining chirog‘ini o‘chirib chiqdi. Eshiklarni qulfladi. Osmonga bir qarab oldi. Yomg‘ir qor bilan almashibdi. Kumush uchqunlar o‘ynab-o‘ynab tushayotganidan yigit qandaydir zavq tuydi.
Atrofni qor ko‘mayotgan bo‘lsa-da, asfalt yo‘lda erib ketyapti. Tungi chiroqlar nuri ostida bu ko‘chada birgina u ketib bormoqda. O‘tgan yili o‘qishdan yiqilib qaytgan, bugun esa hamma so‘zlarini bo‘lmasa-da, ozrog‘ini aytib olgan, hozir ana shu haqida o‘y surayotgan edi!
Tavba, Norgulga nasihatlar bermoqchi edi. Hammasi ichida qoldi. Har safargi, kamida ikki-uch soat kechadigan uchrashuvlari bugun Xoliyorning "tashabbusi" bilan tezgina tugadi. Uzil-kesil tugadi!
Ammo Xoliyor bugungisi boshqacha yo‘l bilan yakun topishini kutgandi. "Gap qo‘shmang" emish! Uf-f, ko‘p ishlari bitishga bitadi-yu faqat Xoliyor kutgan natija bilan emas-da! 
Xoliyorning bir odati bor: ba’zan hech kutilmaganda qiliqlari, kishini hayratga soluvchi so‘zlari, harakatlari bilan butun ishni bajaradi-qo‘yadi. Shunday paytda yoki gapini gapirayotganida o‘ziyam shu qilig‘idan hayron qoladi. Bu hech bir rejasiz, dabdurustdan amalga oshadi.
Maktabni bitirish arafasi edi. O‘shanda mayda-chuyda narsalarga ham depsinavergan ekan. Bobosining uyida nimaningdir ustida momosi bilan tortishib qoldi. Ikkalalari ham bir-biridan qolishmadi. Momosi "onangga o‘xshagan janjalkashsan", degani yomon ta’sir qildi. Xoliyor nohaqligini bilsayam ichidagini aytib yubordi.
— Yo‘qol,  —  dedi momosi,  —  ikkinchi kelsang, oyog‘ingni urib sindiraman.
— Yo‘qolsam yo‘qolaman,  —  Xoliyor zinadan yengilgina tushib, darvoza tomon yo‘l oldi. Birdan haligi "odati" qo‘zib, ortiga qaytdi-da, momosining oldiga keldi:  —  Hech qayoqqa yo‘qolmayman, kuchingiz yetsa, haydab chiqaring!
Momosi hayron bo‘lish-bo‘lmasligini ham bilmay, ichkariga kirib ketdi. Bularning dahanaki g‘avg‘osiga indamay tomoshabin bo‘lib turgan ammasi og‘zini yopib kulib yuborsa bo‘ladimi!..
Bugun esa shu qilig‘i qo‘l kelmay qoldi. Xoliyor bu qilig‘idan ba’zan xursand bo‘lsa, ba’zan jig‘ibiyroni chiqadi. Bugun shunday bo‘ldi.
O‘zi aslida Norgul bilan qanday tanishgan? Bunisi yaxshi esida yo‘q. Mahmuda tanishtirgan edi, shekilli? Birinchi kuniyoq Xoliyorni hayratga solgani Norgulning gapdonligi-yu, suykalishi bo‘ldi. Keyin-keyin kino, kechki uchrashuvlar  —  hammasi ikki oy ichida o‘tibdi-ketibdi. Norgul sal gapga arazlaydigan, kamgap  —  go‘yo endi Xoliyor uni... xotin qilib oladi. Bu orada Xoliyor qiz haqida ancha gap-so‘zlarni eshitdi. Ammo yurakdan chiqarib tashlash oson deysizmi! Sog‘inch. Kutish. Ehtiroslar... Ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar muhabbat!
Hammasi, ana, ikki oy ichida hal bo‘ldi. Endi xuddi avvalgiday hayot kechiradi, ji-i-mgina ishlab yuradi.
Norgul esa... bir hafta o‘tmay unga ro‘para bo‘ldi. 
Tushlikdan vaqtli qaytgan Xoliyor plakat qog‘ozga katta qilib allanima yozayotgan edi. Boshqa xodimlar hali ishga qaytmagan, korxona jimjit. Xoliyor bechora ovozi chiqsa, yozayotgani buziladigandek, sas chiqarmay ishlar edi.
Xona eshigining so‘roqsiz, bexos ochilishi uni cho‘chitib yubordi. 
— Bir gapim bor,  —  dedi Norgul jiddiy ohangda. 
Xoliyor ishidan bosh ko‘tarmay so‘radi:
— Qanday gap ekan?
Norgul indamay turaverdi. Ehtimol, u Xoliyorning "o‘tiring" deyishini kutayotgandir?
— Nima gap?  —  yana so‘radi Xoliyor Norgulga bir qarab olib. 
Keyin bildirmay qizga zimdan razm soldi.
Norgul izzat-nafsoniyati toptalgan ko‘yda g‘alati qaradi. Og‘zi bir tarafga qiyshayib ketganday tuyuldi. Yig‘lamoqchi, shekilli?
Dahshatli jimlik cho‘kdi. Xoliyorning qo‘llariga titroq kirdi. Nima deyishini bilmaydi. Urishib tashlay desa, tili kalimaga kelmaydi, ammo... tasalliyam berolmaydi. Uni sarosimalikdan qizning o‘zi xalos etdi. Norgul bir oz turdi-da, indamay chiqib ketdi.
Xoliyor kursiga o‘zini tashlab, xo‘rsindi. Shu on yuragi biram dukillayaptiki... Norgulga achindi  —  o‘zidan nafratlandi. Qiziq, yo vijdoni bir nima dedimi? Ajab, shuncha vaqt yurib, Norgulning mag‘rurligini bilmagan ekan. Yalinish u yoqda tursin, yig‘lamadiyam, qoyil!
Xoliyor ancha vaqtgacha iztirobga tushib o‘tirdi. 

2

Bugun undan kamroq odam xabar oldi. Bugun shanba yoki yakshanba emas-da! 
Ammasi ketgach, har kungidek onasi ham kelib ketdi  —  otasi tush paytida xabar olarmish. Keyin opasi Xolida keldi. Ilgari nega xabar olmaganligini biladi. Qo‘rqadi  —  bu barcha qizlardagi xususiyat. Axir ukang shu alfozda yotsa-yu, sen unga qanday ro‘baro‘ bo‘lasan? Tabiiyki, opasi boshqa narsani bahona qildi:
— Ishxonamizni reviziya bosgan. Nuqul qog‘oz titkilash, qandaydir hujjatlarni axtarib topishni buyurishadi. O‘zing bilasan, bozor kunlari qizlarning ishi ko‘p bo‘ladi. Mana bugun amallab qochib kelyapman.
— Uydagilar qalay?  —  deb so‘radi Xoliyor. 
Xolida so‘zlayotganida, Xoliyor bir narsaga hayron bo‘ldi. Qiziq, opasi onasiga o‘xsharkan, ilgarilari e’tibor bermabdi. Opasining ba’zi fazilatlari ham onasinikiga o‘xshash. Mehribonligi, mehmonnavozligi, janjalkashligi...
Har kuni ertalab Xolida Xoliyordan ilgari ishga otlanardi. Hech qachon oyna oldida o‘zini tartibga solishni unutmasdi. Otasi yoki onasidan pul so‘rab olsa, tushlikka kelmasdi. Ishdan ba’zan vaqtida, ba’zan kechroq qaytar, tungi soat o‘nga bormay pinakka ketardi. Ba’zida esa yozuv mashinkasini ko‘tarib kelib, kechasi allamahalgacha "chiq-chiq"latib chiqardi. U Xoliyordan to‘rt yosh katta.
— Jamshid telefonda seni so‘ragan edi, Termizga ketgan, dedim,  —  so‘zladi Xolida.  —  Qanday aldaga¬nimni o‘zim ham bilmay qolibman, boshqa nimayam derdim?
— Ha, bilmagani yaxshi  —  deb qo‘ydi Xoliyor.
Jamshid bilan u maktabda o‘qib yurgan vaqtlaridanoq qalin do‘st edi. O‘ninchi sinfni bitirganlaridan keyin Jamshid, bir yil ishlab, sharoitni yaxshilab, yanagi yili boraman, deya o‘qishga ham ketolmadi. Xoliyor o‘qishdan yiqilib kelgunicha, keyin ham nonvoyxonada ishlab kelyapti. Bu bola keyingi paytlarda Xoliyordan sal uzoqlashgan. Ora-sirada faqat telefon bilan dardlashib turadilar.
Opasi ketgach, Xoliyor qo‘llarini boshining orqasiga qilib, otasining najotkor xabarini esladi. Rostmikan o‘sha gapi? Haligi odam ikki oyog‘i yasama bo‘lsayam, soppa-sog‘day sakrab-sakrab yurganmish, hatto mashinasini haydayotganmish. Ayniqsa, o‘zining to‘yida rosa o‘ynabdi...
Xoliyor anchagacha shu alfozda o‘y surib yotdi. So‘ng karavoti yonidagi qo‘ltiqtayoqni oldi. Palatada undan boshqa Rustam ismli sap-sariq yigit bo‘lib, yonboshlab qaysidir jurnalga ko‘z tikib yotardi.
Xoliyor unga bir qarab qo‘ygach, qo‘ltiqtayoqqa tiralib o‘rnidan turdi.
— Ha?  —  deb so‘radi Rustam jurnaldan bosh ko‘tarib.
— Yo‘q, o‘zim.
Xoliyor shoshilmay derazaga yaqinlashdi. Pastga qaradi. Ana, mo‘ylovli kishi bilagigacha doka bilan o‘ralgan o‘g‘lini yetaklab kelyapti, o‘tirgichlarda esa bemorlar kuz oftobining nuridan bahra olishyapti. U yoqdan-bu yoqqa o‘tayotgan kishilarga nazar tashlab qo‘yishadi. Nimani o‘ylashayotgan ekan? Hamma o‘z xayoli, tashvishi bilan.
Xoliyor derazadan uzoqlashib, karavotiga cho‘kdi. Qo‘ltiqtayoqlarini to‘mbaga sekin suyab qo‘ydi. Rustamga qaradi  —  qiziqib nimanidir o‘qiyapti. Keyin o‘rniga cho‘zilib, yana qo‘llarini boshining orqasiga oldi. Shiftdagi dog‘ga qaradi: odamning tasviriga o‘xshaydi, xuddi yon tarafdan qarab turganday. Tep-tekis shiftda bu ko‘lanka qanday paydo bo‘lgan, qiziq! Darrov ko‘zga tashlanmaydi, e’tiborli nigoh bilan payqash mumkin. Palatadagilardan hech biri payqamagan, shu o‘ringa yotib tikilsagina ko‘z tushadi. O‘rtada esa lampochka osilib turibdi. Kech bo‘lgach, u yoqiladi, Xoliyor qachon o‘chirilishini ham biladi. Palata osmonda oy bo‘lmasa, zim-ziyo, aksincha paytlar, boshqa karavotlarni ham, devor, eshikni ham ko‘z ilg‘ay oladi. Zaldan ba’zan qadam tovushlari, tibbiy anjomlarning shiqirlashi, eshiklarning ko‘ngilni g‘ash qiladigan g‘ijirlashlari eshitiladi. Hamshiralardan birovi palatalardan xabar oladi. Dori-darmonga-ku, dimoqqa uravergach, o‘rganib ham ketarkansan.
Xoliyor maza qilib kerishayotgan Rustamga qaradi. U jurnalni yostiqqa qo‘ygach, shippagini oyog‘iga ilib, o‘rnidan turdi.
— Bir aylanib kelay  —  dedi u kulib.
Eshik ohista ochilib-yopildi.

* * *
Bu yerda nima uchun yotibdi? Yana qachongacha saqlashadi? Shuncha boshog‘riq yetmadimi? Agar bu yerda bo‘lmaganida hozir nimalar bilan shug‘ullanardi? Alimov bilan bahslashib, gurunglashib o‘tirarmidi?
— Madaniyat institutiga borishingiz kerak edi,  —  derdi Alimov kuyunchaklik bilan.  —  Sal shoshibsiz-da! Haliyam kech emas, madaniyat institutiga borsangiz, kirdim, deyavering. Bir marta chalib bersangiz, hech narsa so‘ramay qabul qilishadi.
Xoliyor kulib qo‘yadi.
— Tavba, o‘zingiz o‘rganganingizga ishongim kelmaydi,  —  davom etadi Alimov nimalarnidir qog‘ozga yozib.  —  Bilmadim, kamtarlik qilasizmi yo o‘zingizga ishonmaysizmi?!. Endi, nasib bo‘lsa, to‘g‘ri Toshkentga boravering. O‘zimiz yo‘llanma beramiz.
Ikkovlon qolib, ba’zan ishxonada tushlik qilishardi. Umuman, ancha inoq edilar. 
Alimov shifoxonaga ikki bor kelib ketdi. Birinchi kelganida, boshqalarday nasihat qildi, ko‘nglini ko‘tardi. Ikkinchi marta olma ko‘tarib kelib, o‘zi ham maza qilib yedi. Ishxonadan, o‘zidan gapirdi. Direktorni g‘iybat qilib, o‘rinbosarligidan pushaymonligini aytdi.
Alimov jussasi kichik odam, ko‘zlari kishiga ma’noli boqadi. O‘ziga e’tiborsiz. Direktor unga ko‘ylagining tugmasini qadashini yoki soqoli o‘sib ketganligini aytsa, xijolat tortadi-yu, keyin o‘zicha ming‘irlaydi. Gap eshitmaslik uchunmi, bir-ikki hafta o‘zini tartibga ham solib yuradi-yu, yana...
Xoliyor ishga qabul qilingach, Alimov uni tabriklagan edi:
— Respublikadagi diplomingiz kor qildi. O‘ziyam zo‘ridan ekan-da! Endi ikkovimiz bo‘lib bi-ir ishlarkanmiz-da! To‘garagingiz zo‘r. O‘quvchining sarasidan tanlab oling. O‘zingizdan ham zo‘r qilib tayyorlashga harakat qiling.
— Albatta-da!  —  javob berdi Xoliyor.
Boshqa xodimlar Xoliyorga kelib-ketishga ishlayot¬gandek tuyuldi. Bir-biri bilan gapi qovushmaydi ham. 
Mansur aka  —  dutor darsidan mashg‘ulot o‘tadi, o‘zi oriq, kamsuqum. Orif aka changdan, hamma familiyasi bilan aytib chaqiradigan Narziev yarim shtat pianino va yarim shtat rubobdan, Zokir aka doiradan, O‘ktam ismli istarasi issiq yigit g‘ijjakdan dars o‘tadi. Yana bir xola bor  —  farrosh bo‘lib ishlaydi.
Xuddi bu tashkilot yangi tuzilganday hammasi faqat o‘z ishi bilan band. Xoliyorga dastlab shunday tuyuldi. 
Ishni boshlaganidan bir haftalar keyin direktor Xoliyorni chaqirtirdi.
Xoliyor kursiga omonatgina cho‘kdi. Sirti yaltiroq stol ustidagi qog‘ozlarga ko‘z tashladi. Keyin joylashibroq o‘tirib, o‘ng qo‘lini stolga suyadi. Savol nazari bilan Abdurahimovga boqdi.
— Xo‘sh, ishlar durustmi?  —  so‘radi direktor bo‘yinbog‘ini to‘g‘rilab.  —  Ancha o‘rganib qoldingizmi?
— Ha, o‘rgandim,  —  Xoliyor tortinibroq javob berdi.
— Diplomni qachon olgan edingiz?
— To‘qqizinchi sinfda o‘qiyotganimda.
— O‘quvchilarni yiqqan bo‘lsangiz, ishni boshlang, Xoliyorjon. Sizga madaniyat uyidagilarni ishontirdim. Shunday qilingki, shogirdlaringiz tez o‘rganadigan bo‘lsin. Qanday yordam kerak bo‘lsa, tortinmay so‘rayvering.
Xoliyor uni tinglab o‘tirdi. Direktorning bilimi chuqur ekan, chet el musiqachilaridan, tarixiy voqealardan maroqlanib gapirdi. Yaxshi gapirdi, suhbatdoshini o‘ziga jalb qila olarkan.
Abdurahimovning sochlariga ko‘pchilikning havasi keladi. Har doim bir yonga, silliq taralgan. Qalin, qora qoshlari ostidagi mungli ko‘zlar odamga xotirjam boqadi. Ko‘ylagi, bo‘yinbog‘i, kostyumi ham ozoda.
"Sira jahli chiqmasa kerak", deb o‘yladi Xoliyor.
Abdurahimov Xoliyorni xonasidan kuzatib chiqarar ekan, ehtiyot yuzasidanmi yoki hazillashibmi so‘radi:
— To‘y-po‘ygayam chiqasizmi? 
— Yo‘g‘-e,  —  kuldi Xoliyor.
"Yaxshi odam ekan,  —  o‘yladi u Abdurahimov huzuridan chiqar ekan.  —  Sen kichik, sen katta demaydi. Hamma bilan bir xil munosabatda bo‘ladi. Tushunadigan odam".
Xoliyor xonasiga kirganida, Alimov shu yerda edi. O‘tgan yili bu xona afg‘on rubobi o‘qituvchisining kabineti bo‘lgan ekan, hozir u boshqa shaharga ko‘chib ketgan.
Alimov Xoliyorga nayni tutqazdi.
— Qani, bir og‘irrog‘idan chaling-chi!
Xoliyor xonasining uyoq-buyog‘ini tartibga keltirmoqchi edi. Ammo hozir hech nima deyolmadi. Malol kelayotgan bo‘lsa-da, kulimsirab Alimovdan nayni oldi.
Bir oz tozalagan bo‘lib, labiga yaqin olib bordi.
Xona uzra mayin kuy taraldi. Alimov iyagini oldinga cho‘zib, ko‘zlari yarim yumuq holda kuyni maroqlanib tingladi. Xoliyorning qo‘llari nay teshikchalari uzra ohista qimirlar, huzurbaxsh sado kishini allalar edi. Lekin Xoliyor xazin nay ohangi og‘ushida yurib borayotgandek holatdan har gal o‘zini ming yillik dard-hasratga cho‘mgandek ham sezar, mashhur bir g‘azal yodiga tushar edi:
"Azal kotiblari ushshoq baxtin qora yozmishlar..."
Bu g‘azalning ma’nosiga u ko‘p ham tushunavermas edi. Yosh, bedard ekanligidan eng og‘ir kuydan ham yengillik izlar va topardi. Kuy uning xayollarini allaqayoqlarga olib qochardi. Oydin kechada yolg‘iz o‘tiribsiz. Mayin esayotgan yengil shabadadan entikasiz. Yotib osmonga tikilasiz: behisob yulduzlar chaqnab turadi. G‘uborli to‘lin oy ko‘zingizga g‘alati ko‘rinadi. Muallaq turgani chindan ham g‘aroyib. Ko‘zingizni yumsangiz, daraxt barglarining ohista shitirlashini eshitasiz. Ovoz bir zum tinadi, mayin shabadada yana shitirlaydi. Ko‘zlaringizni ochib, yulduzlarga tikilasiz. Biri so‘nik, boshqasi yorqin yog‘du sochyapti. Beixtiyor bulbul xonishini eshitib qolasiz. Aytishlaricha, bulbul uxlab qolmay, atirgulning ochilishini ko‘ray deb kechasi bilan sayrab chiqar ekan. Lekin atirgulning ochilishi arafasida, tong chog‘i uxlab qolar emish...
Xoliyor kuyni tugatdi.
— Yashang,  —  dedi Alimov...

* * *
Xoliyorning ishlari durust ketdi. Ancha o‘quvchi yig‘ildi. Ko‘pchiligini ota-onasi, bobolari olib kelishar edi. Bundan to‘rt-besh kunlar ilgari tuman gazetasida Abdurahimovning "Marhamat" nomli maqolasi chop etilib, jumladan, unda yangi to‘garak ochilgani, o‘quvchilar endi nay san’atini ham o‘rganishi haqida aytilgan edi.
Bolalarini yetaklab kelgan ota-onalar Xoliyorning yoshiga qarab hayratlanar, ba’zi birovlar unga nayni chaldirib ko‘rardi. Alimov ularga Xoliyorni maqtaydi va o‘z vaqtida to‘lovlarni to‘lashni tayinlaydi.
Abdurahimov qayoqdandir o‘ntacha nay topib keldi. O‘quvchilar kundalik daftar tutishi, unda baholar vaqtida qo‘yilib borishi kerak ekan. Xoliyor buni eshitib, noqulay ahvolga tushdi. Axir kechagina o‘zi o‘quvchi bo‘lgan, kundaligiga baho qo‘ydirgan. Endi esa u baho qo‘yarmish.
"Endi sen ishlashing kerak,  —  dedi bir kuni xonasiga kirarkan hayajonlanib.  —  Qanchadan-qancha odam senga ishondi. Shunday qilish lozimki, ular rozi bo‘lsin".
O‘quvchilar bilan yaqin bo‘lish uchun ancha-muncha harakat kerak. Ularni qiziqtirish talab qilinadi. Tohir degan bola bor. Sen musiqa o‘rgataversang, nigohi derazada bo‘ladi. Uni bobosi olib kelgan edi. Ehtimol hali yoshligi uchun o‘zida qiziqish uyg‘otolmas. Naychilik pedagogikani ham o‘rganishga olib keldi.
Qaysidir bir yig‘ilishda uni redkollegiya a’zosi etib saylashdi. Shunday vaqtda har qanday o‘smir g‘alati ahvolga tushadi. O‘zini katta odamlar qatoriga qo‘shilganday his etadi. Aslidayam shunday-da! Ichida, albatta, bu ishonchni oqlayman, deb o‘ylaydi.
Qiziq, shu paytgacha e’tibor bermaganmikan? Ko‘cha-ko‘yda kichik bolalar uni ko‘rsa, salom beradi, kattalarning ko‘pi "siz"lab muomala qiladi.
— Sizlar ikkinchi maktab ostonasiga qadam qo‘yyapsizlar. Bu  —  hayot maktabi,  —  degan edi Xoliyorning maktabni bitirishi arafasida ilmiy bo‘lim mudiri Xudoyorov.  —  Bu katta maktab. Shuncha vaqt maktabimiz bag‘rida o‘qib ulg‘aydilaring, endi tarqalasizlar. Hali hayot sizlarga hayotligini ko‘rsatadi. Hayot haqida, yashash haqida teranroq o‘ylaydigan bo‘lasizlar. Sizlar esa, eng muhimi, oddiy qilib aytganda yaxshi odam bo‘linglar. Hayotda hech qachon qoqilmanglar.
Sinfdoshlar tarqalib ham ketdi. Hayot ularni har tarafga sochib yubordi. O‘n bir kishi institut, bilim yurtlariga o‘qishga kirdi. Qolganlar... yuribdi!
Xoliyor sinfdosh qizlardan Zamirani boshqalardan ko‘proq uchratadi. U bu tarafga qarab yuradi, Zamira boshqa tarafga. Ikkalasi ham indamasdan o‘tib ketadi, oltinchi sinfda yuzko‘rmas bo‘lib urishishgan edi.
Rustam bilan Qurbonga hozirdan harbiy qog‘oz chiqibdi. Hayot shu ekan.

3

Otasi uzoq o‘tirmadi. Boshidan do‘ppisini olib, sochini orqaga tuzatib, maslahat berdi, madad so‘zlar aytdi.
Har gal bilagidagi eski soatiga qarab qo‘yadi. O‘g‘lining boshini silaydi. Ko‘zini har nuqtaga tikib, "ko‘rdingmi", deganday so‘zini ma’qullab qo‘yadi.
Otasi ketganidan keyin Xoliyor o‘zini ancha yengil sezdi. 
Otalar har xil bo‘ladi-yu, vazifasi bir xil. O‘tgan ikki voqeadan keyingina Xoliyor otasi haqida ko‘proq o‘ylay boshladi.
O‘shanda qish tongi edi. Xoliyorning uyqusi o‘chib, ko‘zini ochganida, xonaning nimqorong‘iligiga hayron bo‘lib, yostiqdan boshini ko‘tardi. Stol ustidagi lampa yorug‘ida otasi nimanidir xafsala bilan yozib o‘tiribdi. Ustida uyda kiyadigan eski to‘n, qunishib olgan. Xoliyorga otasi shunchalik aftodahol ko‘rindiki, g‘alati bo‘lib ketdi.
— Dada, ha?  —  dedi beixtiyor.
Otasi  o‘girilib unga qaradi:
— Uxla, o‘g‘lim. Konspekt yozyapman.
O‘sha subhidam unutilmas bo‘lib qolgan. 
Bahor kuni edi. Xoliyor ishdan qaytib, hovliga kirdi. Qarasa, otasi yer ag‘daryapti. Taajjublisi, shundoqqina ayvonda onasi, ukalari choy ichib o‘tirishar, nimanidir gapirib, kulgini avjiga chiqarishardi.
Qiziq, avvaldan shunday edi, shekilli? Ota qattiq gapirmaydi. Tur, ishla, demaydi, koyimaydi. Hayot, yashash deb o‘zi harakat qiladi. Boz ustiga biror marta "uf" tortgan emas. Mo‘min-qobil ota; mo‘min, qobil o‘qituvchi; mo‘min-qobil odam.
Onasini unchalik ham mo‘min-qobil deb bo‘lmaydi. Bu oilaning farzandlari otadan emas, onadan ko‘proq ko‘rqadi. Onasining bo‘ynidagi doimiy munchoq uning shaddodligini "bezab" turganday. Mahalladagilarning ko‘pchiligi bu ayoldan hayiqadi. Xoliyor bolaligida maktabdan yig‘lab qaytsa, onasi darrov maktabga borib o‘g‘lini yig‘latgan o‘qituvchi yoki o‘quvchining dodini berib qaytgan.
Bir kuni kechki payt hovliga ukasi Aliyor yig‘lab kirdi. Ust-boshi chang, yuzi tirnalgan. Oshxonadan onasi chiqdi.
— Ha, kim urdi?
— Nurali,  —  dedi Aliyor ko‘z yoshini to‘xtata olmay.
— Yig‘lama, men ko‘ray qani o‘sha zo‘ravonni!
Xoliyor onasini to‘xtatmoqchi bo‘ldi:
— Ona, qo‘ying, yosh-da!
Darvoza tabaqasi tashqaridan yopildi. Qolgani nima bo‘lishi ma’lum: onasi haligi bolani uradi, keyin ota-onasining huzuriga olib boradi. Ularning ham kayfiyati buziladi. "Noqobil" farzandni uning ko‘z oldida urishadi ham. Ammo yomoni shuki, ba’zilar farzandlarini ayab katta janjal boshlab yuboradilar.
Xoliyor o‘quvchisining uyiga borganida, ish yuzasidan uning otasi bilan ancha gaplashdi. Ketar chog‘ida haligi kishi so‘rab qoldi:
— Sizni hech tanimadim-da! Kimlardansiz?
Xoliyor otasining nomini aytgan edi, u kishi tanimadi, onasi haqida gapirgandi, er-xotin miyig‘ida kulib qo‘yishdi. Xoliyor anchagina ko‘ngli g‘ash bo‘lib yurdi. Ko‘p so‘zlarni onasiga aytishga yuzi chidamas edi.
Darvoza ochilib, onasi kirdi. Xoliyor uning chimirilgan qoshlari ostidagi o‘tkir ko‘zlariga qarab, sekin so‘zladi:
— Nima keragi bor, ona? Janjalsiz ham hal etish mumkin-ku!
— Senga nima?  —  onasining shashti tushmagan shekilli, o‘shqirdi.  —  Ukam bormi, yo‘qmi demaysan?!
Xoliyorning o‘rnida Xolida bo‘lganida, hozir o‘t olib ketardi. Xoliyor indamadi.
Onasi esa xo‘rsinib oldiga keldi:
— Nima qilay, o‘g‘lim, bolamsizlar-da! Sizlar uchun jon kuydirmasam...
Xoliyor indamadi. Nigohini yerga oldi...

* * *
Ona boyaqish har kuni xabar oladi. O‘g‘lining qo‘lini kaftlari orasida tutib, dadil gapirishga harakat qiladi.
Xoliyorning bu yerga dastlabki kelgan kunlari edi. Oyog‘ini kesib tashlashgach, Xoliyor go‘yo jinni bo‘lib qolayozdi. Qo‘llarini karavotga bog‘lashga majbur bo‘lishdi. Hamma dalda beradi, vrach Ravshanov koyiydi. Onasi esa Xoliyordek yig‘laydi:
— O‘g‘ilginam, axir farzandimsan. Nahot menga rahming kelmasa, nahot meni o‘ylamasang?!. O‘zimni o‘ldiraman, debsan. Bu nima deganing? Mening qon-qon yig‘lashimni istaysanmi, ukalaringni-chi? Bu nimasi? Eshitgan odam nima deydi? Nahot shu qiynalish bo‘lsa? Shu azobning oldida yengilsang? Unaqada meni tamom qilasan-ku!
Rostdan ham shu ishga qo‘l urganida, nima bo‘lardi? Yig‘i-sig‘i, qarindosh-urug‘. Otasi, onasi... Eshitganlar... Keyin viloyat yoki markaziy gazetada shu haqda maqola chiqsa, uni irodasizlikda ayblashardi. Demak...

* * *
Bugun Jamshid keldi. Nafas olishga yuragi dov bermaganday bir oz qotib qoldi. O‘pkasi to‘lib, do‘stiga yaqinlashdi.
Ikkalasining ham ko‘zi yoshga to‘ldi.
— O‘tir,  —  dedi Xoliyor og‘ir xo‘rsinib. Zo‘rg‘a gapirar edi.
Jamshid karavot yonidagi kursiga o‘rnashdi. Tiliga gap kelmadi chog‘i, qo‘lidagiga ishora qildi:
— Qaerga qo‘ysam bo‘ladi?
Xoliyor to‘mba tomon imo qildi. Jamshid to‘mbani ochdi. Ichida bo‘sh o‘rin yo‘q ekan, to‘mba ustiga qo‘ydi. Og‘zini ocholmagani uchunmi, palataga razm soldi.
Xonada boshqa hech kim yo‘q, karavotdagi o‘rinlarning ayrimlari yig‘ishtirilmagan, bir karavot ustida eskiroq kostyum yotardi.
— Ishlaring ketyaptimi?  —  so‘radi Xoliyor gap ochish uchun.
— Yaxshi. Shu, oldingiday.
Jamshidning nigohi Xoliyor o‘ralib yotgan choyshab uzra suzar ekan, darrov ko‘zini boshqa yerga oldi. U nimadir demoqchi edi.
— Jo‘rajon,  —  astoydil gapirdi Jamshid.  —  Qara, xonada hech kim qolmapti. Ular tashqarida aylanib yurishibdi. Sen ham chiq. Nima qilasan bu yerda siqilib? Aylan, ko‘ngling yoziladi.
— Bu yerga kelganlar faqat maslahat berishadi,  —  dedi Xoliyor hammasiga Jamshid aybdordek zaharxanda bilan.
Jamshid nima deyishini bilmay qoldi. Tezgina Xoliyorga qarab olarkan, o‘tirgan o‘rnidan sal qo‘zg‘alib qo‘ydi.
— Senga bitta kitob olib keldim,  —  dedi u bir oz sukutdan so‘ng.  —  Zerikib yotguncha bir o‘qib chiq. Esingdami, Xudoyorov, "kitob  —  bizning do‘stimiz", der edi.  —  Jamshidning yuzida yengil tabassum paydo bo‘ldi.  —  Sen o‘qiyver, men olib kelaveraman. Amakimning tomi ustida yaxshi kitoblar bor ekan. 
Xoliyor kulib qo‘ydi. Keyin samimiyat bilan Jamshidga qaradi. O‘ziga astoydil so‘zlayotgan do‘stiga hazil qildi:
— Mayli, sen yetkazib bersang bo‘ldi. Faqat charchab qolasan-da!
— Qiziqsan-a, nima, men qari boboymi charchab? Qanaqa kitob kerak? She’rga o‘xshaydiganimi yoki romanga o‘xshaganimi, nimadir deydi-ku, o‘shami?
Xoliyor yana kulib qo‘ydi. Hozir u yengil tortgan edi.
— Bolalardan xat olyapsanmi?  —  so‘radi u.
— Olib turibman, kam. O‘zim yozishga erinaman-da! Lekin bir o‘tirib yozsam, uch-to‘rtta xat yozaman... Hayronman, nima uchun menga "povestka" chiqmayapti? Amakim, "sharoiti to‘g‘ri kelmaydi" degan, shekilli.
Xuddi shu payt palata eshigi ochildi. Xonaga yelkasiga oq xalat tashlagan keksaroq kishi kirdi. Kira solib Xoliyorga ko‘zi tushar ekan, tashvishli bir ohangda u tomon yurdi:
— Xoliyorjon, yaxshimisiz, soppa-sog‘ bo‘lib ketdingizmi? Hech qiynalmayapsizmi? Bu yerda yaxshi qarashayaptimi?
Xoliyor hayron edi. Bu kishi Xoliyorlar o‘qigan maktabning keksa o‘qituvchilaridan. Lekin biror marta bularga dars o‘tmagan.
— O‘tiring, muallim,  —  Jamshid turib kursini unga yaqinroq surdi.
— Somsa, qovurilgan go‘sht olib kelgandim,  —  dedi u qo‘lidagi qog‘ozga o‘ralgan narsalarni Jamshidga tutib.
Jamshid ularni deraza tokchasiga qo‘ydi.
Xoliyor o‘zini qay ahvolda tutishni bilmas, bu kimsaning  nima maqsadda kelganiga tushunolmay, xijolat chekib, Jamshiddek taajjubda edi.
— Xoliyorjon, ancha ozib ketibsiz,  —  dedi u.  —  Ko‘p o‘ylayvermang-da! Odam har qanday qiyinchilikka duch keladi, yengish kerak. Hali hammasi yaxshi bo‘lib ketadi, bu kunlar, umuman, esingizdan chiqib ketadi. Oldin ko‘zlaringiz qanday edi-ya, shundoq porlab turardi, to‘g‘rimi?  —  u Jamshidga qarab oldi.  —  Endi bo‘lsa... O‘zingiz sog‘-salomat bo‘lsangiz bo‘ldi, eng muhimi, salomatlik.
Jamshid qo‘shni karavotga o‘tirib, ko‘zini bir nuqtaga tikib, uning so‘zlarini ma’qullayapti.
— Men ham bugun eshitib qolib, qattiq achindim,  —  davom etdi Omonov.  —  Lekin kishi hadeb o‘ylayvergani bilan hech ish chiqmaydi. Iloji boricha buyog‘ini yaxshilashga harakat qilish kerak. Eng muhimi, yana aytaman, salomatlik! Bugun, o‘zi, hozir darsim bor edi, bitta o‘qituvchiga topshirib kelyapman. Xoliyorjon, agar biror narsa kerak bo‘lsa, aytaveringlar, sizlarga yordam qilmasak, kimga yordam beramiz? Bir-ikkita sobiq o‘quvchilarim yaxshi, yog‘li joyda ishlashadi. Ahadjonni taniysiz-a, aptekada ishlaydigan, o‘shanga hozir uchradim. Aytdimki, agar dori-pori kerak bo‘lib qolsa, topib berasan, dedim. "Xo‘p, ma’lim", dedi. Yaxshi bola o‘ziyam.
Xoliyor bu gap-so‘zlar asnosida Omonovning har zamonda uning oyog‘i tomonga qarab qo‘yayotganini sezmaganga oldi.
Omonov negadir ro‘zg‘or, bola-chaqadan so‘zlab ketdi. Xotinining kasalligi-yu, to‘qqiz bolasining hali go‘dakligini, ertadan-kechgacha shu bola-chaqa deb ishlashini, yashashi nochorligini, hatto "Xudo ko‘rsatmasin, o‘lib qolsa, kim oilasiga qarashini, ularning xor bo‘lishi"ni ham aytib o‘tdi. Omonov xonaga Rustam kirib kelganini ham sezmadi.
Xoliyor uning nimadir demoqchi bo‘lib gapni aylantirayotganini sezdi. Lekin qanday maqsadda kelgan  —  taajjub! Otasi bilan kasbdosh bo‘lishi bilan birga, ular boshqa-boshqa maktabda ishlashadi, bir-birlarini tanimaydilar. Bir oz qattiqqo‘l bu domla qanday qilib Xoliyorni eslab qoldi ekan?
Omonov ketar chog‘ida Xoliyorning qo‘lini beozor siqdi. Xiyla jim qoldi-yu, bir nimani eslagandek yuzi boshqacha tus oldi, ko‘zlari javdirab ketdi.
— Xo‘p, Xoliyorjon men boray, kelib turaman,  —  deya astagina chiqib ketdi. 
Palata jimjit bo‘lib qoldi.
— Kim bu?  —  so‘radi Rustam.
— Maktabimizdan, o‘qituvchi.
— Obro‘ katta-ku!
Xoliyor indamadi. Uvishib qolgan chap qo‘lini o‘ng qo‘li bilan ishqalay boshladi.
Jamshid o‘rnidan turdi. G‘ijimlangan shimini to‘g‘riladi. So‘ng Xoliyorga qaradi:
— Jo‘rajon, endi menga javob bersang. "Darrov kelaman", degandim. Ish-da!
— Ketasanmi?  —  Xoliyor ohista gapirdi.  —  Kelib tur, rahmat... 
— Sen ham ko‘p o‘ylab yotavermay dadil bo‘l. Bo‘pti, xayr.
Jamshid ham ketdi.
Xoliyor to‘mba ustiga qo‘l cho‘zib, gazetaga o‘ralgan kitobni oldi. Gazetani ocharkan, muqovasidagi ko‘pchilikka tanish yozuvga ko‘zi tushdi: "Chin inson qissasi".
Hafsalasi pir bo‘lgandek, kitobni yana gazetaga o‘rab, joyiga qo‘ydi.
Birozdan keyin Rustamga sal teskari o‘tirib, ustidagi choyshabini ochdi. Shimining pochasini ko‘tarib, oyog‘iga tikildi, keyin bunisiga. To‘mtoq qilib tikilgan chandiqlar ko‘nglini behuzur qildi. O‘ziyam oyog‘i kir bo‘lib ketibdi, faqat spirt bilan artilgan joylari toza... 
Xoliyor shu holda ancha o‘tirdi. Boshqa hamxonalari kirgach, shimining pochasini tushirib, choyshabni yopdi...
Kechga yaqin esa yana bir kutilmagan voqea bo‘ldi. Sho‘x hamshira qo‘lidagi bejirimgina qilib bog‘langan tugunda nimadir ko‘tarib, to‘g‘ri Xoliyorning qarshisiga keldi:
— Biram chiroyli qizki, biram go‘zalki, havasim kelib ketdi. "Mana shuni o‘z qo‘liga berib qo‘ying, opajon", dedi. O‘zi kirishga uyaldi. Shuncha kishi, qanday kirsin? Mana, marhamat!
Xoliyor tugunni qanday oldi, bilmaydi. Hali Omonov haqidagi jumboq yechilmasdan turib, endi bunisimi?
Mahmud amaki kulib dedi:
— Aldamayapsizmi? Xoliyorni uyaltirmang-da!
— Ishonmayapsizlarmi, derazadan qarab turinglar, o‘tib ketadi. Keling, o‘zim ko‘rsataman.
Rustam ham, Mahmud amaki ham, boshqalar ham derazaga yopirilishdi.
Xoliyor esa noqulay bo‘lgani uchun joyidan jilmadi. Uning labida o‘z-o‘zidan tabassum paydo bo‘layotgan edi.
— Ana-ana,  —  dedi hamshira.  —  Hozir bu tarafga qarasa kerak. Ana, qaradi!
— Uyalib ketdi-ku!  —  dedi Rustam.
— Ibiy,    shuncha odam qarayapti-yu uyalmaydimi? Endi shoshilishini qarang, hoy qochmang, kelinposhsha! Buyoqda kuyov chimildiqni o‘ylayaptilar-ku!
Hamma kulib yubordi...

* * *
Xoliyor nima uchun do‘kondan bir quti sigareta oldi, bu haqda o‘ylagani yo‘q. Aslida kecha oqshom Alimovning telefon orqali shipshib aytgan gapini eshitganidan buyon ta’bi tirriq edi. Ishga kechikib kelgani yetmaganday, o‘quvchilarga ham javob berib yubordi. Keyin u yer-bu yerni qarab gugurt topdi. Ermak qilib sigaretni yondirdi-yu, gugurtni cho‘ntagiga soldi. Keyin tutatgan sigaretini chekdi. Og‘zidan pag‘a-pag‘a tutun chiqarib chekaverdi.
Shu payt eshik ochilib, direktor bosh suqdi. Kursida yoyilib oliftalarcha oyog‘ini chalishtirib o‘tirgan Xoliyorga ko‘zi tushdi. Hayratlanib xonaning shiftlariga ko‘z yugurtirdi:
— Bu nima tutun?
Xoliyor beparvo javob berdi:
— Eshikni yoping, xalaqit bermang. Yoping endi, iltimos!
Direktor eshikni taraqlatib yopib ketar ekan, nimalar degani eshitilmay qoldi.
Xoliyor to‘ng‘illab qo‘ydi:
— E, shu ishinggayam!..
Direktor-da, o‘zicha! Kecha Xoliyor yo‘qligida uni majlisda yomonlabdi. Koshki o‘zi bir ishni do‘ndirayotgan bo‘lsa! "Ishni tashlab qo‘ygan", debdi. Mard bo‘lsang, oldimda gapir!
— Tag‘in undan o‘rnak olmoqchi bo‘libman-a! Nimasidan? Farrosh xola bilan gap-so‘z bo‘lganidanmi?.. Olsang, ishingni olasan, jonimni emas. Xotining yig‘lab kelganida meni uchratib qolib, arzu hol qilganini hali hech kimga aytganim yo‘q...
Anchadan keyin eshik taqillab, bir o‘quvchi iljayib kirdi. Xoliyor indamay qarab turdi. O‘quvchi sekin salom berib, yon taraflarga alanglay boshladi.
— Boraver, bugun javob,  —  Xoliyor unga qovog‘ini uyib qaradi.
O‘quvchi chiqib ketdi. Xoliyor uni yomon ko‘radi. "Katta bo‘lsang, xushomadgo‘y bo‘lasan", deydi. U bo‘lsa iljayib turaveradi. Hozir eshik taqillaydi, keyin ochiladi. Agar taqqillamay ochilsa, Alimov kirib keladi. Shu odam ham jonga tegdi-da!..
Eshik ohista taqilladi.
— Kiring!
Hech kim ochmadi-yu, bir ozdan so‘ng yana taqilladi.
Xoliyor erinib borib, eshikni ochdi.
Ochdi-yu, hushini yig‘ib oldi. Qarshisida salgina tortinib Norgul turardi.
— Kechirasiz, salom.
— Salom,  —  Xoliyor nima deyarini bilmay, ham hayratlanib, ham tundligidan xijolat tortib qoldi.
— Sizga bir ish bilan keluvdim,  —  Norgulning chehrasida tabassum o‘ynadi.  —  Sizni, yaxshi chizadi, deb eshitdim. Yordam qilasizmi?
Xoliyor shundagina uning qo‘lidagi plakat va qalamlarga qaradi.
— Singlimga maktabdan bervorishibdi. "Men chizolmayman", desam ham ko‘nmaydi. Majbur bo‘lib oldingizga keldim.
— Ha, haligi... nimani chizish kerak?
— O‘rtasiga qorbobo, qorqiz bilan. Keyin archa, quyonmi-ayiqmi, birorta hayvon. Plakatning ostiga  —  uzunasiga bayram tabrigi!  —  Norgul yana jilmaydi.  —  Qiyin emasmi, ishqilib?
— Qiyin emas-u, keyin sizga yoqadimi?
— Yoqadi. Mahmuda sizni zo‘r chizadi, dedi-ku!
Yon tarafdagi xona eshigi ochilib, Alimov chiqdi-yu, bularga ko‘zi tushdi. Keyin biroz garangsirab turib, yana xonasiga qaytib kirdi.
— Bayramgacha vaqt ko‘p, qachon tayyor bo‘lsin?  —  so‘radi Xoliyor.
— Qachon vaqt topsangiz, chizasiz-da! Keyin Mahmudaga aytsangiz, kelib, olib ketaman.
— Yaxshi.
— Rahmat. Bo‘pti, men boray.
— Ketasizmi?  —  Xoliyor nima deyishini bilmay aytgani shu bo‘ldi.
Keyin Norgulni eshikkacha kuzatib borib, orqasidan qarab qoldi.
Xonasiga qaytib kirarkan, qo‘lidagi plakat va qalamlarni stol ustiga qo‘ydi. Keyin joyiga o‘tib o‘tirib, xayol surib ketdi. Qiziq, o‘zi keldi-ya? Birinchi marta shunday yakka o‘zi bilan yuzma-yuz gaplashdi. Mahmudadan berib yuborsayam bo‘lardi-ku!.. 
Xoliyor kulimsiradi: ko‘ngli bor.
Bu qizni Xoliyor o‘z ko‘chasida Mahmuda bilan ko‘rgan. Negadir yoqib qoldi. Mahmudadan surishtirdi. O‘zi bilan bir-ikki marta ko‘rishdi.
"Xonaga taklif qilishing mumkin edi-ku, odamgarchilik yuzasidan!" Xoliyorning kallasiga bu fikr birdaniga kelib qoldi...
Keyinchalik Norgul bu xonaga tez-tez taklif etiladigan bo‘ldi.

* * *
Yulduzli oqshom. Atrofda loy sovuqdan qotib qolgan.
— Sovuqda bekor chiqdik-da!  —  dedi Xoliyor sal norozilanib.
— Uyda zerikib ketdim,  —  ohista dedi Norgul.  —  Issiqroq kiyinmabsiz-da?! Sovqotyapsiz-a?
— Yo‘g‘-e,  —  Xoliyor xijolatli kuldi. Aslida oyog‘i panjalari yaxlar, badanining titrog‘ini bilintirmaslikka urinardi.
— Nimani o‘ylayapsiz?  —  asta-asta yurib borisharkan so‘radi Norgul.
— Nimani desam ekan, hozir o‘ylay-chi! Ha... to‘g‘risini aytaymi?
— To‘g‘risini-da!
— To‘g‘risini aytsam, issiqqina pechkadan boshqasini o‘ylay olmayapman,  —  Xoliyor kulib yubordi.
— Men, meni o‘ylayapsizmi, debman  —  Norgul gina qilganday bo‘ldi.  —  Sovqotyapsiz, desam, "yo‘q" deysiz?
Xoliyor gapni burmoqchi bo‘ldi:
— Aytganday, ishxonamizdagi Alimov yangi mashina olgan edi. Bugun ikkalamiz aylandik. Yangi deb biram sekin haydaydi-ey, nafasim qisilib ketdi. Odamlar piyoda yurib o‘tib ketyapti. "Tezroq haydang", desam, "jimgina o‘tiring, bo‘lmasa mashinadan tushirib qoldiraman", deydi. O‘ziyam mashina olish uchun rosa qarzga botdi-da!
— Alimov yomon odam bo‘lsa kerak,  —  dedi Norgul.
Xoliyor hayron bo‘ldi:
— Nega?
— Bilmasam, menga ko‘zi tushsa, qovog‘ini uyib oladi, ichida nimadir deb so‘kkanday bo‘ladi.
— O‘zi shunaqa odam,  —  deb qo‘ydi Xoliyor.
Aslida Alimov bunaqa emas. Unga Norgul yoqmaydi, xolos. "Xafa bo‘lmang-u, bezbet qizlarni yoqtirmayman", deydi.
— Norgul, siz o‘z taqdiringizni o‘zgartirishingiz mumkinmi?
Norgul to‘xtadi:
— Nima, taqdirim sizga yoqmaydimi?
— Yo‘q, siz tushunmadingiz. Masalan, men ishga boraman-kelaman. Yana, yana boraman-kelaman. Bir xil ishlayveraman. Jonga tegmasligi uchun taqdirga bo‘ysunish kerakmi yoki kerak emasmi? Masalan, taqdirimni o‘zgartirishim mumkinku-a?
— Kelajakda zo‘r olim chiqadi sizdan  —  hazillashdi Norgul.  —  Hech kimdan eshitmagan gaplarimni aytyapsiz. Qiyin savollar berasiz, javob berolmay qolaman. O‘zingiz aytganday, maktabni tashlaganman-ku!
Xoliyor sovuqda yelkalarini qisib, qunishib borar ekan, shu gapini eslab qo‘ydi.
— Bu uy kimniki?  —  deya so‘radi Norgul bir uyning orqasidagi ko‘chadan o‘tishar ekan.
Xoliyor chap yoniga qaradi:
— Bir traktorchi bor, o‘shaniki.
Xoliyor shu tobda uyga tezroq borgisi kelar, sovuq uni yanada iskanjaga olgan edi. Rostdan ham issiqqina kiyinib olmabdi-ya! 
Hozirgi uchrashuvni Norgul belgiladi. Hatto, shuncha uzoq uylaridan Xoliyorlarning ko‘chasiga kelibdi. Shu topda ko‘rmasa bo‘lmasmish! Xoliyor uchrashuvdan xursand bo‘lsa ham, hozir...
Ikkovlon asta-sekin yurib, hamon suhbat qurib borishar edi.
— Siz ilgari biror yigitni yaxshi ko‘rganmisiz?  —  deb so‘radi Xoliyor.
— Yo‘q,  —  hozirjavoblik qildi Norgul.
— Qiz yigitni yaxshi ko‘rishi mumkinmi, yigit yaxshi ko‘rmasayam?
— Bilmadim,  —  dedi Norgul.  —  Bo‘lishi mumkin.
Xoliyor hozir bir voqeani eslagan edi. Hozir shuni ichida saqlolmasligini his etdi.
— Meni bir sinfdoshim yaxshi ko‘rardi,  —  dedi u so‘zlarini yolg‘on deb o‘ylasin, degan maqsad bilan atayin boshqacha ohangda.  —  O, yaxshi ko‘rishini bilsangiz edi. Men esa bila turib kuydirar edim. Yoqtirmasdim-da! Umuman, hozirgacha ba’zan hayron bo‘laman, nima desak bo‘ladi, dunyoda unaqa sevish bo‘lmasa kerak.
— Kim ekan-u?
Norgul ishonqiramay so‘ragan edi. Xoliyor gapni yolg‘on aralash ohangda boshlab, bundan Norgulni xabardor qilgisi kelmadi. Lekin ichidagi kechinmalarini biror hamsuhbatiga ma’lum qilmasa bo‘lmaydi. Ammo endi indamadi.
— Hozir ham yaxshi ko‘radimi?  —  bu gal savolini boshqacha tusda berdi Norgul.
— Ehtimol.
— Bechora qizga rahmingiz kelmayaptimi? Agar... Agar hozir ham yaxshi ko‘rib ko‘rsin-chi, dabdalasini chiqaraman,  —  dag‘dag‘a qildi Norgul.
Xoliyor ikki qizning o‘zini deb olishuvini ko‘z oldiga keltirarkan, kulib qo‘ydi. Ichida esa beixtiyor: "allaqachon meni o‘zingniki qilib olibsan-ku!" deb o‘yladi.
Biroz yurishgach, osmonga qarab qizdan so‘radi:
— Norgul, siz birorta yulduz tanlaganmisiz?
Norgul bir ozdan keyin kulib, "ha" dedi.
— Qaysi biri?
— Hozir yonimda yurayotgani-da!
Yana kuldilar.
Norgul Xoliyorning ko‘ziga judayam boshqacha ko‘rinib ketdi. Unga samimiyat bilan tikildi. Qorong‘uda yuzi aniq ko‘rinmasa-da, ko‘zlari porlab turibdi.
Xoliyorning oyog‘i ostida yupqa muz qisirladi  —  yaxlagan bir ko‘lmakni bosib olibdi. "Hech qaysi sevishganlar shunday vaqtda uchrashmasalar kerak", deb o‘yladi u kulimsirab.
Yaqin oradan bir eshak g‘alati uzuq-uzuq hangragan edi, yana kulib yuborishdi.
— Ertaga quyosh charaqlaydi, ko‘rasiz,  —  dedi Xoliyor quvonch bilan.  —  Yulduzlarni qarang.
— Qani edi! 
— Ertalab ishga borib, oldin nayimni maza qilib chalaman, kayfiyatni zo‘r qilaman,  —  deb Xoliyor qo‘shib qo‘ydi.  —  Tushlikda six kabob yeymiz.
— Ho, maqtanchoq, sizlar kabob yesalaring, bizlar undan ham zo‘r narsa yeymiz.
— Nima yeysizlar?
— Aytmayman, aytsam, borib yeb qo‘yasiz.
— Bilaman.
— Xo‘sh, nima?
— Aytsam, borib yeb qo‘yasiz,  —  kulib yubordi Xoliyor.
Yo‘lda kattaroq ko‘lmak uchradi, uni aylanib o‘tdilar. Norgul kichikroq bir toshni yerdan "uzib" olib, ko‘lmakka otdi. Keng yoyilgan muz qatlamining o‘rtasi teshik bo‘lib qoldi.
— Muqbil toshotar ekansiz-ku!
— Kim, kim?
— Ertakdagi qahramonni eshitganmisiz?
— Yo‘q.
— O‘qimay ketgandan keyin shu-da!  —  kesatdi Xoliyor nogoh.
Xoliyor Norgulning o‘qimaganidan ba’zan g‘ashlanardi. Shuning uchun Norgulga eslatib qo‘yaveradi. Norgul buni bilsa ham o‘zini himoya qilmoqchi bo‘lar, ammo Xoliyor hazil gaplari bilanoq ustun kelardi.
Norgul yashaydigan mahallaga yetib kelishdi. Shuncha yo‘lni asta-sekin, piyoda yurib kelganlarini ko‘z oldiga keltirib, Xoliyor o‘ziga qoyil qoldi. Cho‘ntagidan qo‘lini chiqarib, nafasi bilan ularni isitdi.
U Norgulni shu yerda kuzatadi. Bir zum boshqa narsalarni unutadi. Qizning ko‘zlariga tikiladi, qoshlariga boqadi. Shunday lahzalarda uni sevishini, dil so‘zlarini aytmoqchi bo‘ladi-yu, negadir aytolmaydi. Qandaydir yuksak so‘zlar! Bu so‘zlarni ko‘zlari orqali ifodalamoqchiday, qizning ko‘zlariga tashnalik bilan tikiladi.
Norgul yerga qarab so‘zlandi:
— Ertaga chiqolasizmi?
— Ha, endi astoydil taklif qilsalar, bir iloj qilarmiz...
Lekin Norgul Xoliyorning so‘zini eshitmay, tezda chap tarafiga qaradi. Seskanib ketib, Xoliyorning orqasiga o‘tdi. Atrofni mungli bir nido qoplab olgan edi.
Xoliyorning ko‘z o‘ngida charsillab, lovillab najotsiz mushuk yonar edi. Alanga ichidagi jonivor ularning yonidan yugurib o‘tolmay, joyida pitirlay boshladi.
Xoliyor bunaqa dahshatni ko‘rmagan edi, badani jimirlab ketdi.
Mushuk bor harakati bilan tipirchilar, ovozi asta-sekin so‘nib borardi. Kuchli alanga yorug‘ida uning tirnoq, panjalari, ko‘zlari aniq ko‘rinib ketdi. 
Norgul Xoliyorning orqasida turib, yig‘lar, nuqul "ketaylik-ketaylik", derdi. Xoliyor esa qotib qolgan, mushukka yordam berolmasligiga ham qanoat hosil qilgan. Jonivorning etlari yonib, ko‘mirga aylangan suyaklarigacha ko‘rinib ketdi. Harakatlari susayib, ovozi pixillab qoldi. Ayniqsa tumshug‘ining oldini panjalari bilan uzoq siladi, tirnoqlarini ishga solib tirnadi. Ux, ko‘zlarining gavhari ham oqdi, shekilli!
Xoliyor bor kuchini to‘plab, olovdan uzoqlashishga harakat qildi. Norgul to‘xtamay yig‘lar, bu esa Xoliyorni battar ezardi. Bir oz yurdilar.
— Sho‘rlik hayvon!  —  Xoliyor tishlarini g‘ijirlatdi.
— Odamlar nega shunday-a?  —  dedi Norgul zo‘rg‘a nafas olib.
— Odamlar qilmagandir?  —  Xoliyor hayron bo‘ldi.
Norgul bir ozdan keyin javob berdi:
— Odamlar qiladi-da!
Xoliyor xo‘rsinib qo‘ydi...
Keyinchalik Norguldan eshitdi. Bir-biriga baxil ikki qo‘shni. Guzar kishilarining taxminicha, ular o‘sha kuni rosa urishishibdi. Natijada biri alamini raqibining mushugidan olibdi. Mushuk qo‘shnisiniki bo‘lib, somonxonada bolalagan ekan. "Yondirganimdan keyin to‘g‘ri somonxonaga boradi", deb o‘ylab, qo‘shnisini xonavayron qilmoqchi bo‘libdi...
Odamlar nega shunday-a?

4

Bugun Xoliyor hamxonalarining, "pastga tushib aylanaylik", degan taklifiga rozilik bildirgandek bo‘ldi-yu, keyin rad etdi. Pastdagi odamlar ko‘rmaslikka olsayam, baribir xijolat tortadi. Xonada Mahmud amaki bilan ancha gurunglashib o‘tirdilar.
— Bugun dadangiz bir gapni aytib qo‘ying degandilar,  —  g‘udrandi Mahmud amaki gap orasida.  —  Sizga ilgari bir aytgan ekanlar. "O‘zim aytolmayman", dedilar. Nima desam bo‘ladi, haligi, sizga bir nima kelgan ekan.
Xoliyor yodiga tushgandek so‘radi:
— Qachon kepti?
— Bir hafta oldin, dedilar, shekilli,  —  Mahmud amaki gapni burish uchunmi, sukut saqlamay so‘zlay boshladi:  —  Otangiz juda yaxshi odam-da! Oldilarida gurunglashib o‘tirsam, deyman. Yaxshi-yaxshi gaplardan aytadilar.
Xoliyor deraza tarafga tikilib o‘tirib, u kishining so‘zini tingladi. Derazaning ochiq darichasidan nam havoning hidi kelardi. Kechasi yomg‘ir yog‘ibdi. Kamroq yog‘gan bo‘lsa-da, daraxt barlaridagi nam hali ham ketmay, yaproqlarni chiroyli ko‘rsatib turibdi. Xoliyorlarning uyida avvallari bir gul bo‘lardi. Otasi uni oshxonada avaylab o‘stirardi. Yomg‘ir yog‘sa, shu gulning barglaridan tomchilab suv tomardi. Otasi, "ko‘rdingmi, yig‘layapti", derdi xo‘rsinib.
Hozir shularni eslab, ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketdi. Esiz, o‘sha davr, bolalik! Eng ajoyib davr. G‘am-tashvishing ham, alamli kunlaring ham bo‘lmaydi. Birov xafa qilgan taqdirdayam bittagina yig‘lab chiqarib yuborasan. Katta bo‘laverdingmi, hammasi boshlanaveradi.
Xoliyor otasining o‘sha gul oldidagi suhbatini aniq eslar, bolaligini entikib qo‘msar edi... 
Harqalay hozir tetik. O‘tgan kuni Rustam oyna tutib turdi, u soqolini oldi. O‘ziyam rosa o‘sgan ekan. Keyin Rustam bilan kulishib, xonada quvishmachoq o‘ynashdi, ikkalasi derazani ochib, pastdagi o‘tib-ketib yurgan qizlarga gap otdi.
Bugun bo‘lsa Xoliyor ilk marta yo‘lakka chiqdi, faqat pastga tushmadi.
Kundan-kunga kitoblarda yozilganidek, "ruhi tetiklashib boryapti".
Tunov kungi notanish qiz yana kelib ketibdi. Kim ekan u? Hamshira yuzini eslab qolish uchun bir oz gapga solibdi, ismini so‘rasa, aytmasmish. Xoliyor Norgulning yuz tuzilishini aytgan edi, u emas ekan. Kim bo‘lishi mumkin: "nozikkina, uyatchan, qorako‘z, qoraqosh qiz, biram chiroyli". Xoliyor u qoldirgan maktubni atayin ochmadi. Hozircha sirli bo‘la qolsin! Keyin hafsalang pir bo‘lguncha shunisi ma’qul!
Kim bo‘lsayam, shunchaki kelayotgandir-da ko‘rishga. Xayol boshqa joyga to‘zib ketdi. Nogiron kimsa qaysi begonaga kerak? Lekin muhimi, otasi yasama oyoq olib kelibdi. Uni kiyib, shimining pochasini tushirib qo‘ysa, kim qarayapti?
Xoliyorning ko‘nglidagi umid uchqunlari uni bir oz bo‘lsa-da xursand qilardi.
* * * 
Inson dunyoda alamli ahvolga tushmasin ekan, yana nohaq yengilsa, xo‘rlansa. Qasd yomon! Oldimda bo‘lsa-yu, bo‘g‘ib tashlasam, o‘ldirib yengil tortsam, deysan.
Alimov bilan ishdan chiqib ketayotgan edi. Kichik yo‘lakda, qarshisidan qop-qora bir yigit to‘g‘ri yurib kelardi. Xoliyor ilgari ham uni bir-ikki ko‘rgan bo‘lsa-da, tanimasdi. Hozir nimadir bo‘lishini ko‘ngli aniq sezdi, ko‘ngil sezar ekan.
U to‘g‘ri kelar ekan, Xoliyor ham boraverdi. Nima, unga yo‘l berishi kerakmi? Yoshi kattaroq bo‘lsa ekan. Shunda ular bir-biriga qattiq turtilib o‘tdi.
— O‘v, ko‘rmisan, tentak?  —  degan jarangli, xunuk ovoz boshqalarning diqqatini ham jalb etdi. 
Xoliyor indamay ketishi mumkin emas edi, hech qachon!
— O‘zing ko‘rmisan?!  —  dedi bamaylixotir, ammo yuzi bir oz qizarganini sezdi.
Shunda birdaniga qorniga tepki tushdi, birinchi tepki! Musht urmoqchi edi, Xoliyor boshini chetga oldi. Bir-ikki kishi yugurib kelib, ularni darrov ajratdi. Xoliyor endi ketmoqchi edi, u odamlardan yulqinib, orqasiga, boshiga musht tushirdi. Har qancha or-nomus bo‘lmasin, Xoliyor gardanini ushlab qoldi.
— O‘ldiraman sen ko‘rni,  —  derdi raqibi yulqinib.
Odamlar, militsiya kelmasidan tarqalinglar, deyishar, Alimov bo‘lsa sarosimada edi.
— Hali ko‘rishamiz,  —  dedi Xoliyor Alimovdan qo‘lini ajratib olar ekan.
Ertasiga...
Xoliyor u bilan bab-baravar yoqalashdi. Lekin O‘rol uni kattaroq tosh bilan urishini qaydan bilsin! Qon oqib ko‘zini yumyapti, boshi zirqirab og‘riyapti. Badaniga mushtlar yog‘ilyapti. Gurs, gurs!
Keyin qachon "uxlab" qolganligini bilmaydi. Lablari tuproq, qon, kiyimlar aftodahol. Shu ahvolda uyiga qanday boradi?
Xoliyorga alam qilardi: demak, O‘rol xumoridan chiqqunicha urgan, to‘yib tepgan, keyin bamaylixotir jo‘nagan. Bu ojiz inson esa... Ishqilib yuz-ko‘zida biror jarohat izi qolmasin. Chap ko‘zi shishgan shekilli, ochib bo‘lmayapti, bunaqa achishmasdi.
Xoliyor shunchalik dard va g‘azabda ediki, raqibini hozir o‘ldirishdan ham toymasdi.
Bu yerga qachon kelishdi o‘zi? O‘ralning o‘zi boshlab keldi-ya? Xo‘p, mayli, erta bor, indin bor.
...Xoliyor O‘rolni yana ikki kundan keyin ko‘rdi. Hozirgacha o‘ylaydi: "nahot qo‘rqqan bo‘lsam?"
Yo‘q, qo‘qqisdan chiqib qolgani uchun cho‘chidi, xolos.
O‘zi ham naq muyulishda sakrab chiqsa bo‘ladimi?
Unda... nega gapirolmadi? So‘zlar shunday bo‘g‘zida qolaverdi. U bo‘lsa, "ertaga seni shu yerda shu paytda kutaman", degach, g‘oyib bo‘ldi.
Ertasiga kelib kutdi, kutaverdi. Qorong‘u tushdi. Kelmasa bir umr bo‘lsayam kutardi. Shu yerdan hech gap bo‘lmasdan ketsa, o‘zini haqiqiy qo‘rqoq hisoblardi. Uning poylab turganini esa bilmaydi. Bir payt orqa tarafdan nimadir shitir etdi. Burilib qarashga ulgurmay turib...
Qayda qolding, adolat? Insof, sen qaerdasan? Hozirgacha alam qiladi. Nahot nomardlik qilganlar yengaveradilar?!
— Dadajon, men uning baribir ismini aytmayman, aytolmayman.
— Tushun, Xoliyor, u jazolanishi kerak. Nimaga muncha qiynaysan?  —  otasi "uh" tortadi.
— Bolaginam, senga nima bo‘ldi? Tinchgina yuruvding-ku! Kim shu maraz, ayt, qo‘rqmagin! Bu yoqda militsiya ham xunob,  —  deb onasi yig‘laydi.
— Qo‘rqoqlik qilsam, aytardim,  —  Xoliyor devor tomonga o‘girilib oladi.
O‘shanda Xoliyorga dunyo tor ko‘rinib ketdi. Xuddi keyingi hayoti to‘xtab qoladigandek, buyog‘ini tasavvur ham qila olmasdi. Qo‘ni-qo‘shni bilibdi. "Falonchining o‘g‘lini bir bola kaltaklabdi"! Bilishmaydiki, Xoliyor kutib turganida, orqadan kelib tayoq bilan urganini. Qay biriga tushuntirasan?
Qasd yomon ekan. Kallangda charx urib, g‘azabingni qo‘zitadi. 
Xoliyor "yo‘q, yo‘q" deya qichqirmoqchi bo‘lar, ammo o‘zini bosardi. U ko‘cha-ko‘yda qanday yurishini o‘ylardi. Bu basharasini qanday yashirib yuradi? Ichidagi jarohat  —  nomarddan intiqom ololmagani-chi?!
Shundan keyin O‘rol, umuman, ko‘rinmay qoldi. Xoliyorning dilini kemirgan alam olov bo‘lib qoldi...

* * *
Osmonni qop-qora bulut o‘ragan. Atrofni zulmat egallab, osmonning o‘zi pasayib qolgandek ko‘rinadi.
Xoliyor bugun ilk daf’a pastga tushdi. Shifoxona xovlisida hech kim ko‘rinmas, yomg‘ir daragini eshitib, bemorlar palatalarga kirib olgan edi.
Baland daraxtlar ostidagi o‘rindiqlar ustiga damo-dam xazonlar yog‘ilib, ustini to‘ldiryapti. Qurib qolgan yaproqlar yomg‘ir yog‘ishini bilib quvongandek, aylanib-aylanib yerga tushadi.
"Haqiqatdan oltin kuz,  —  o‘yladi Xoliyor negadir kulimsirab.  —  Bu sariq yaproqlar oltin fasl deb ta’riflashga majbur etadi. Daraxtlarning shivirlashi esa nimadir aytayotgandek. Yo yaproqlar bilan xayirlashayotganmikan? Axir hademay navbatdagi fasl keladi. Uning ham nomi bor: kumush qish. "Kumush" ham bejiz emas. Tabiat mo‘’jizasi!"
Xoliyor bu shifoxonada yotib, xohlab-xohlamay o‘tgan kunlarini ko‘z o‘ngidan o‘tkazgan edi.  Ko‘p  narsani anglab olgandek bo‘ldi. 
"Qanday yashashim o‘zimga bog‘liq. Tushkunlikka bandi bo‘lib, aziyat chekkuncha xotirjam xushchaqchaq hayot kechirsa bo‘ladi-ku!" 
Bu yerga qanday tushganini ham eslaydi. Keyingi paytlarda chap oyog‘i og‘rishini undan bo‘lak hech kim bilmasdi. Bir kuni ishdan zo‘rg‘a oqsab kelib, o‘zini to‘shakka tashladi. Yotib dam olmoqchi bo‘ldi. Uy ichi salqin bo‘lsa-da, uyqusi kelmadi. Onasi ham "boshim og‘riyapti", deb  yotibdi. Dadasi, opasi ishda, ukalari ko‘chada o‘ynab yuribdi. 
Xoliyor gazetalarni varaqlab, o‘qib, uxlab qolibdi. Bir payt uyg‘onib, qo‘rqib ketdi:
— Ona, ona,  —  dedi.
— Hm-m,  —  onasi  ingrab qo‘ydi.
— Ona, oyog‘im og‘riyapti. Qarang, qarang, shishib  ketibdi,  —  Xoliyor yosh boladay dir-dir titrardi.
Onasining ko‘zi tushib, kapalagi uchdi. U yoqqa-bu yokqa yugurishdi. Dadasi, momosi keldi.
— Qorason bo‘lmasin tag‘in!  —  dedi kampir. 
Vrachlar ham qo‘rqib ketganidan so‘ng Xoliyor yanada vahimaga tushdi...
Yaqinda onasi shifokorlar bilan gaplashgan ekan, "uch-to‘rt yillar oldin boshlangan, yaraning usti bitib, ichi davolanmay, endi qo‘zg‘algan", deyishibdi.
Onasining nimalar qilgani aniq. Maktabga borib, to‘ppa-to‘g‘ri Omonovga uchrashgan. "Seni prokurorga beraman, sen aybdorsan", degan. Mana, endi Omonov kichkinagina bo‘lib har kuni keladi, ammo maqsadini bayon etolmaydi.
O‘shanda domlasi chindan ham davr asoratimi, qullik nishonasimi, noto‘g‘ri ish qilgandi. "Paxtaga chiqqan o‘lmaydi, hech bo‘lmasa tushgacha yurasan, bu yara ertagacha yaxshi bo‘lib ketadi", dedi. Rostdan ham oyog‘idagi o‘sha yara bitib ketdi... 
Xoliyor Omonovga hech nima deya olmaydi. O‘tgan ishni eslashning nima hojati bor? Bir-birini tinch qo‘ysa bo‘lgani.
Bu yog‘i esa... qanaqa ko‘rgiliklar bor ekan?
Gangrena  —  oyoq o‘limi! Bir insonning hayotini shu qadar o‘zgartirib  yubordi-ya!
Saodat, ha, bir vaqtlar Xoliyorni sevib qolgan Saodat bugun Xoliyorni yo‘qlab qolgan. Ular yaqin orada yuzma-yuz kelmagan bo‘lsalar-da, qiz yozgan maktub hammasini ayon qilgan edi. Ayyor qiz, fotiha to‘yi qaytganidan keyin yana Xoliyorni yo‘qlab qoldimikan? Vaqtida Norgulga aytib, bir qadar sog‘ingani ana shu sinfdoshi edi. Hayotini o‘shanga bog‘lasinmi? Yo‘q-yo‘q, keyin... bir umrlik azob, ta’na, malomatlar...
Darvoqe, Norgul! Ishqilib Xoliyorning bugungi ahvoli haqida eshitmagan bo‘lsin! Quvonmasayam "uni muhabbat ko‘r qildi", deb aytadi...
Xoliyorga oshna nay sadosi goh-goh xayolida yangrab, yana o‘sha necha yuz yillik g‘azal yodiga tushaveradi:
"... ushshoq baxtin qora yozmishlar"
Endi nima bo‘ladi-a? Nahot taqdir shu bo‘lsa? Bu ko‘yga tushish manglayiga avvaldan yozilgan edimi? Nahot, turishi, yurishi, xatti-harakatlarini taqdiri belgilab qo‘ygan? Nahot, taqdirdan ustun kelib bo‘lmasa? Yo‘q, buyog‘iga o‘zi ustunlik qiladi. Yaxshi yashaydi faqat!
Xoliyor osmonga g‘olibona boqdi. Keyin asta o‘rnidan turdi.
Daraxtlardagi qolgan xazonlarni yoqimli shitirlatib yomg‘ir yog‘a boshlagan edi...

* * *
Kimga to‘y, kimga aza!..
— Bu hafta moshin bozoriga chiqaman,  —  dedi Ravshanov somsani maza qilib yerkan.  —  "Jiguli"ni almashtirmasam bo‘lmaydi... Tuzugidan olayin-da menam.
— Puling yetmaydi, jo‘ra.
— Haligilar olib kelgan qo‘yni sotdim. Biroz jamg‘armam bor. Yana yetmasa qo‘sharsan?
Oraga jimlik cho‘kdi...
— Bu yomg‘ir qachon tinadi-ya?  —  dedi Zohirov tashqariga razm solarkan.  —  Menga qara, aytganday, boyagi bola nima bo‘ldi? Chiqdimi?
— Yo‘q, oyog‘ining tepa qismiyam chiriyapti...  —  Ravshanov issiqqina choydan ho‘plab, baroq qoshlarini chimirganicha oshnasiga tirjaydi:  —  Sen gapni burma, ayt, qancha qo‘sholasan?..

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.