OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Namozov. Gazetchilar (uch pardali komediya)

Ishtirok etuvchilar:

Turg‘unov, 43 yoshlarda;
Shoir, 42 yoshlarda;
Zokirov, 35 yoshda;
Faxriev, 42 yoshda;
Emin Lapasovich, 50 yoshda;
Jo‘raqulov, 52 yoshda;
Sanobar opa, 55 yoshda;
Lutfiya, 36 yoshda;
Xadicha xola, 52 yoshda
Zarifa va Ra’no
Va boshqalar...

Komediyadagi voqealar shu kunlarda bo‘lib o‘tadi.

Parda ortidan ovoz:

— Assalomu alaykum, hurmatli tomoshabinlar! Bugun, siz, azizlarga tesha tegmagan mavzu – gazetchilar hayotidan bo‘lgan-bo‘lmagan hangomalarni havola etmoqchimiz. Bu insonlar zahmatli mehnat qiladilar, boshqalar hayoti haqida, turfa kechinmalari borasida yozadilar. O‘zlari haqida esa juda kam yozadilar. Ha, ular ana shunday kamtar, kamsuqum, nodir insonlar hisoblanishadi. Vaholanki, eng ko‘p hangomalar o‘zlari bilan bo‘lib turadi. Xo‘sh, ularning hayoti qanday ekan? Buni bir gazeta tahririyatida ro‘y bergan voqealar asosida tomosha qilamiz.

Marhamat, ajabtovur va g‘aroyib sarguzashtlarga oshno bo‘ling!

Birinchi parda

Birinchi ko‘rinish

Oddiy tahririyat. Xona ko‘rinishidagi sahnada sakkizta stol, ayrimlarida kompyuter qo‘yilgan. Burchakda bitta divan va jurnal stoli, gazeta taxlamlari, ish hujjatlari qo‘yilgan stol ham bor. Bu xonaga kirish-chiqish eshigi yonida shkaf ham turibdi.

Xonada faqat Turg‘unov o‘tiribdi. U kompyuter monitoridan ko‘z uzmay, “sichqoncha”ni yurgizish bilan ovora. Qandaydir paq-puq ovozlar eshitiladi. Turg‘unov nigohini monitordan uzmay, ko‘zlari katta-katta ochilib ketadi. Avzoyi buzilib, “He, shu… huymat qiyay” deb, eshik tomonga qarab qo‘yadi. Shu payt boshqa stoldagi telefon jiringlab, Turg‘unov cho‘chib tushadi. Indamay o‘ynayveradi. Telefon ham tinmay jiringlayveradi. Turg‘unov og‘rinib turib, telefon apparatini stoliga olib keladi. Joyiga o‘tiradi va kompyuterdagi o‘yinini davom ettirgan holda go‘shakni oladi.

Turg‘unov:(og‘zini cho‘chchaytirib) Sayom, esitaman.

Telefondagi ovoz (keksa kampirning tovushi): — Alo‘, alo‘!

Turg‘unov: — Esitaman (shunday deb, tezda og‘zini yopib oladi).

Telefondagi ovoz: — Iya, tili chuchukmi, deyman... Bolam, bu tahririyatmi?

Turg‘unov:(og‘zini ochmay, bosh irg‘aydi) Ha, hm-m-m.

Telefondagi ovoz: — Bolam, bugun mening tug‘ilgan kunim edi. Ism-familiyam Rohatgul Yalg‘asheva...

Turg‘unov ikkinchi qo‘li bilan og‘zini yopib, yig‘lagudek bo‘ladi. Ko‘zlari yanada katta-katta ochilib, najot bilan eshik tomonga qaraydi.

Turg‘unov: — Gapiying, gapiysayis-chi (yana og‘zini yopib oladi).

Shu payt sahnaga Zokirov chiqib keladi-yu, Turg‘unov go‘shakni unga ko‘rsatib imlaydi. Zokirov avval yaxshilab kerishib esnaydi. Keyin bamaylixotir kelib, go‘shakni oladi. Turg‘unov esa og‘zini mahkam ushlaganicha sahnadan chiqib ketadi.

Telefondagi ovoz: — Alo‘, alo‘, puf-puf…

Zokirov: — Allo, kim bu meni so‘rayotgan? (shunday deb, kompyuterdagi o‘yinga ko‘zi tushadi-da, shartta kursiga o‘tirib oladi).

Telefondagi ovoz: — Bugun mening tavallud kunim edi. Ism-familiyam Rohatgul Yalg‘asheva.

Zokirov:(kompyuter monitoridagi o‘yindan zavqlanib) O, xolajon! Tabriklayman, tabriklayman!.. Ammo, ammo kechikdingiz! Bir-ikki kun oldin telefon qilmabsiz-da!.. Gazetamiz chiqib bo‘ldi, xola. Tabriknoma berolmaymiz. Kelasi yil telefon qiling.

Telefondagi ovoz: — Bilaman chiqqanini, donolik qilma. Shuning uchun tilpon qilyapman.

Zokirov:(o‘yindan to‘xtab) Tinchlikmi, xola?

Telefondagi ovoz: — Tug‘ilgan kunimda zo‘r ish qilding senlar. Shu bugun kayfiyatim buzilmasaydi, deb turgandim. Rasvo bo‘ldi. Rohatgul Yalg‘asheva deb gazitga hindistonlik artistning rasmini qo‘yibsizlar! Endi men qarindoshlarga, qudalarimga nima deyman? Peshonasida xoli bo‘lmasayam mayli edi, yoshligimdagi rasmim, derdim... Ko‘rganman, “Devdas”da chiqadigan qiz bu!

Zokirovning bir zum rangi oqargandek bo‘ladi.

Zokirov:(go‘shakni qo‘li bilan yopib, eslashga urinadi) Nima? Rasmlar almashib ketibdi? Kecha navbatchi emasmidim ishqilib?.. Hozir, hozir… (Chehrasi yorishadi) Yo‘q-yo‘q, oldingi hafta navbatchi bo‘lgan ekanman… Xayriyat. Xudoga shukr. (Go‘shakdan qo‘lini olib) Hozir, xola, sizga kerakli odamni chaqiraman (Zokirov shunday deb, simning narigi tomonidagi kampirning “alo‘-alo‘”laganiga qaramay, go‘shakni tashlaydi-da, sahnadan chiqib ketadi).

Sahnaga Turg‘unov chiqib kelib, joyini egallaydi. Kompyuterdagi o‘yinni davom ettiradi. Zokirov ham sahnaga qaytadi.

Zokirov:(Turg‘unovning tepasiga borib) E, darrov o‘tirib oldingizmi? Men ham ozgina o‘ynay.

Turg‘unov:(kompyuter monitoridan ko‘z uzmay) O‘yin qiziganida xalaqit berishmasa-da!

Zokirov: — Monopoliya qilib olgansiz! Nuqul o‘zingiz o‘ynaysiz.

Turg‘unov: — Pishiqsiz-a, nosimni tuflab kelguncha joyni egallab olibsiz.

Telefondagi ovoz: — Alo‘, alo‘…

Turg‘unov: (telefonga imo qilib) Kimni chaqirishdi?

Zokirov: — Gazetaga xato ketib qolibdi. Zarifani chaqirdim.

Turg‘unov: — Bechora!.. (Monitordan ko‘z uzmay) Eshitganmisiz, statistika bo‘yicha, eng avvalo, korrektorlarning telefon qo‘ng‘iroqlaridan yuragi zada bo‘lar ekan? Zarifa-ey! Qo‘rqib kiradi hozir! Rosa kapalagini uchirib yuborgandirsiz uni? Vahimaning uyasisiz-ku!

Zokirov:(o‘zining ish stoliga o‘tirib) “Devdas” ijodkorlari chaqiryapti, dedim. “Voy, enajon”, deb yubordi o‘ziyam. Ra’no esa hali kelmagan ekan… (Turg‘unovga norozi qarab) Qizg‘anchiq, faqat o‘zingiz o‘ynayverasiz!

Sahnaga rangi-quti o‘chgan Zarifa chiqib keladi.

Zarifa:(Zokirovga) Kim, dedingiz?

Turg‘unov:(Zarifaga qiyo ham boqmay) Assalomu alaykum… Chuqur-chuqur nafas oling, Zarifa! Xato qilmagan odam bormi bu dunyoda! Ammo (kulimsirab) xalqaro miqyosga chiqqanlaringni xayoliga keltirmagandim... (Zokirovga qarab, ko‘z qisib qo‘yadi) Hindistondan, shekilli? Nachora, gazetada xato ketdimi, tergov-surishtiruv ishlari korrektirlardan boshlanadi. O‘zingizni ruhan tayyorlang.

Zokirov esa qog‘ozlarni titkilash bilan ovora.

Telefondagi ovoz: — Alo‘, alo‘…

Zarifa go‘shakni qo‘rqa-pisa oladi, ammo gapirishga botinmay, indamay turadi. Bu paytda sahnaga birin-ketin Faxriev va Shoir chiqib kelishadi. Shoir kira solib, o‘ng qo‘lini dast ko‘taradi.

Shoir: — Tonggi sabo qushlaridan salom-assalom!

Turg‘unov: — O, shoirimiz keldi! Endi hamma joyni qofiya bosib ketadi.

Shoir: — Albatta! Bilsangiz, butun dunyo qofiyadan iborat!

Zokirov Shoirga “jim” ishorasini ko‘rsatib, Zarifaga ishora qiladi.

Zarifa:(go‘shakni qulog‘iga tutadi): Bismillohir rahmonir rohiym. Alyo... Assalomu alaykum!.. Hindiston! Namaste!.. Mitxun Chakraborti!

Telefondagi ovoz: — Vaalaykum assalom... Siz kimsiz?

Zarifa: — Men korrektirman, xola... Bismilloh... Korrektir...

Telefondagi ovoz: — Direktir, deysizmi?

Zarifa: — Yo‘q, korrektir. Ya’ni, maqola yozadigan yozuvchi, xola.

Shoir:(boshini chayqab) Voy, yolg‘onchi-ey!

Telefondagi ovoz: — Menga qarang... Ismingiz nima?

Zarifa: — Zar... Zari...

Zokirov:(baland ovozda tirjayib) Vir va Zara, xola.

Zarifa: — Ismim Zarifa, xola. Otam qo‘yganlar, hozir rahmatli bo‘lib ketganlar. Yaxshi odam edilar… Ismimni nima qilasiz? Mening aybim yo‘q, xola. O‘limdan xabarim bor, lekin…

Telefondagi ovoz: — Menga qarang, Zarifa qizim...

Zarifa:(qaltirab) Qaltirayapman, xola… E, qarayapman, xola.

Telefondagi ovoz: — “Devdas”dagi qizni qo‘yganlaring mayli, nega “munis onam” degan so‘zni gazetga “minus onam” deb yozasizlar?

Zarifa: — (holsizlanib qoladi): — Xol... xola... Harflar almashib ketgandir-da, xola. Qaysi bet...

Telefondagi ovoz: — Beti qursin xato qilganning!

Zarifa: — Qaysi sahifada chiqqan, demoqchi edim.

Telefondagi ovoz: — Hozir... Qirq sakkizinchi sahifada... Allo, eshityapsizmi? Qarang: “Hurmatli va minus onam Rohatoy Yalg‘asheva. Sizni tug‘ilgan kuningiz bilan tabriklayman. O‘g‘lingiz Pahlavon”... Bu nima sharmandalik?! Meni minusga chiqaribsizlar-ku!.. Pensiyagacha matematika fanidan dars bermaganimda ham go‘rga edi. Suratga qarab esa yig‘lagim keladi! Hindistonning artist qizi, ism-familiya esa meniki. O‘g‘lim nima ish qilishini bilasizmi?

Zarifa qo‘rqib ketadi. Xodimlarga najot ko‘zi bilan bir-bir qarab oladi.

Turg‘unov: — Agar o‘g‘li katta joyda ishlasa, uchi-i-i-b ketasiz, Zarifa. Samolyotda uchmaysiz, albatta! Hi-hi-hi!

Zarifa: — (go‘shakka) Bismilloh... O‘g‘lingiz nima ish qiladi?

Telefondagi ovoz: — O‘g‘lim — qassob. Agar bilib qolsa, borib hammangni so‘yadi.

Zarifaning oyog‘iga titroq kiradi. Xodimlarga yana bir bor qarab oladi. Xodimlarning ayrimlari ish bilan andarmon, ba’zilari achinish bilan unga boqishyapti. Sanobar opa va Lutfiya ham sahnaga chiqib kelishadi. Zarifaning telefonda gaplashayotganini ko‘rib, hamkasblar bilan bosh irg‘ab salomlashadilar.

Zarifa: — Aylanay sizdan, xolajon, bu texnik xato… Biz hammasini to‘g‘ri qo‘yganmiz, ammo kampyutir noto‘g‘ri chiqargan. Bilasiz-ku, hozirgi kampyutirlar viruslarga to‘lib ketgan. Ana senga virus, mana senga virus! Shunday viruslar chiqqanki, bizga bildirmay rasmlarning o‘rnini almashtirib qo‘yadi. “Munis” so‘zidagi harflar ham o‘z-o‘zidan almashib, “minus” bo‘lib qolgan.

Shoir:(ko‘zlari katta-katta ochilib) Ol-a!

Faxriev:(boshini chayqab) — Nich-ch-ch-ch-ego sebe, virus!

Zarifa:(qo‘liga ruchka olib) A-ha, ayting… Xo‘sh-xo‘sh (yoza boshlaydi), yaxshi, chiroyli raqamlar ekan, xolajon! Yozib oldim. Sizga, albatta, telefon qilaman, xolajon. O‘zimning xolajonim! O‘zim girgitton, o‘zim varrak bo‘lay sizga!

Zarifa go‘shakni ohista qo‘yar ekan, gazeta taxlami turgan stol tomon yuradi. Keyin qo‘rqa-pisa bir-bir varaqlay boshlaydi.

Turg‘unov:(Zarifaga taskin bergan bo‘lib) E, siqilmang, gazeta bo‘lgandan keyin xato ketadi-da! Haliyam bu kampir yaxshi ekan. O‘zi e’lonlarni bermaslik kerak, albatta xato ketadi. Umuman aytganda, tug‘ilgan odamlar haqidagi e’lonlardan emas, o‘lganlar haqidagi e’lonlardan qo‘rqish kerak. Avvalgi gazetada ishlaganimda suratli ta’ziya berganmiz. O‘sha kuni men navbatchi edim. Gazeta chiqqan kuni ta’ziyasi suratda berilgan odam ishxonaga tirik holda kirib kelsa bo‘ladimi! Naq bo‘g‘zimdan oldi! Yuragim bir yorilgan... “Men o‘lganim yo‘q, o‘lganim yo‘q”, deydi. Adashib, tirik odamni o‘ldiga chiqargan ekanmiz-da!

Shoir:(Turg‘unovga) Ol-a!

Turg‘unov: — Nega ishonmaysiz? Shunaqangi qo‘rqqanmanki!.. Tasavvur qiling, o‘lik kirib kelib, yoqangizdan siltab tursa! Bir oy isitmalab yotganman. Shundan buyon suratli ta’ziya deyishsa, butun vujudim qaqshaydi.

Zarifa ko‘zlari javdirab gazetaning ochilgan sahifasiga tikilib turar ekan, nimadir yodiga tushadimi, chehrasi yorisha boshlaydi. Ko‘rsatkich barmog‘ini ko‘zining yoniga olib borib, eslashga urinadi. Chehrasi yanada ochiladi va kutilmaganda raqsga tushib ketadi. “Dilxiroj” musiqasi, “Anjancha” qo‘shig‘i yangraydi. Zarifa shunaqangi xirom bilan o‘ynaydiki, boshqalar o‘rinlaridan turib, beixtiyor qarsak chala boshlaydilar. Hatto, raqsga sel bo‘lgan Shoir pul qistirish uchun cho‘ntagini kavlaydi, biroq ro‘molcha bilan avtobus chiptasidan bo‘lak hech vaqo chiqmaydi.

Zokirov:(musiqa ovozi pasaygach, quvnoq ohangda Zarifadan so‘raydi) Ha, opa, kampir adashgan ekanmi? O‘zim ham bilgandim-a!

Zarifa:(chor-atrofni unutgan, gir aylanib-gir aylanib raqs tushaveradi) Mukofotsiz qolmayman, ana shunaqa!

Turg‘unov:(tilining tagiga nos tashlab): — Isqilib bugunning kampiylari ana sunaqa adasib tuysin! Gazetamiz obyo‘si yokolmasin!

Zarifa: (raqs tushishdan to‘xtab): — Yo‘q, kampir adashmabdi, rostdan ham xato ketgan. Suratiyam “Devdas”dan. O‘zining rasmi esa “hind kinosi”da ketibdi.

Faxriev:(hayron bo‘lib) Iya, rasmi “hind kinosi” sahifasida ketsa, siz nega o‘ynayapsiz?

Zarifa:(tirjayib) Albatta-da! Chunki men o‘qigan sahifalar emas ekan.

Zarifa yana raqs tushib-tushib, xonadan chiqib ketadi.

Sanobar opa: — O‘zi kecha kim navbatchi bo‘lgan ekan?

Lutfiya: — Adashmasam, Elmurodov edi!

Shoir: — Ha-ya, Elmurodov!.. (Boshini qashlab) Tushunarli. Endi-i, uncha-muncha tahririyatda Elmurodovga o‘xshaganlar bo‘ladi. Allaqanday katta-katta ishlarga qo‘l urib yurishadi azamatlar. Bir-bir kelib, “shovqin-suronli” material tashlab ketishadi-yu, shu-shu, osmonga uchib chiqishadimi, yerga kirib ketishadimi, dom-darak bo‘lmaydi. Eng qizig‘i, aynan shunaqalarni gazetxon ham, Sirojiddin Sayyid yozganday, it ham, pishak ham, eshak ham so‘rab keladi. Kutib-kutib, ortga qaytadilar. Elmurodov, kim meni so‘rab kelsa, qaytib ketaversin, deb tayinlagan. O‘zim topib olaman, deydi.

Faxriev: — Sayyor muxbir-da!

Lutfiya: — Sayyor muxbir bo‘lsayam, xatosi uchun javob bersin. Elmurodovni topish kerak. Kerak bo‘lsa, Hindistonga “rozisk” berish kerak.

Shoir:(qo‘l siltab) E-e, Elmurodovni topguncha bu kampir o‘lib ketadi-yov!

Xonaga notanish kishi kirib keladi. Barchaga talmovsirab qarab, nigohi bilan kimnidir izlaydi.

Notanish kishi: — Assalomu alaykum, menga Elmurodov kerak edi.

Shoir: — Ana, aytdim-ku!.. (Notanish kishiga) Elmurodov yo‘q, u kishi — sayyor muxbir. Sayyor muxbir degani – sayyoh muxbir degani! Ikki oydan keyin xabar oling, navbatchiligida ushlab olishingiz mumkin.

Notanish kishi orqasiga qaytib, hozirgina kirib kelgan eshigini ochmay, shkaf eshigini ochgancha ichiga kirib ketadi. Shoir sakrab turib boradi-da, uni qo‘lidan tortib qoladi.

Shoir: — Birodar, kirgan eshigingizni bilmaysizmi? (Ko‘rsatib) Mana, eshik. Bu esa shkafning eshigi! (Notanish kishi xijolat tortib, xona eshigidan chiqib ketadi).

Sanobar opa: — Tavba, shu shkafni boshqa joyga ko‘chirsa bo‘lmaydimi? Kim kelsa, ichiga bir kirib-chiqadi.

Shoir: (Tirjayib) Qo‘yavering. Bir xil hayotdan ko‘ra shunisi qiziq.

Lutfiya: — Bir xil hayot emish! Axir, sumka-pumka, kiyimlarimiz turadi, birortasi cho‘ntaklarimizini qoqishtirib chiqmasin tag‘in.

Xonaga kotiba kiradi.

Kotiba: — Xo‘sh, hamma bormi? O‘n daqiqadan keyin majlis bo‘ladi. Shu yerda.

Zokirov: — Iya, majlislar zali-chi?

Kotiba:(eshikka qarab olib, pastroq ovozda) Majlislar zalida muassisning xotini dugonalari bilan gashtak o‘tkazyapti (shunday deb chiqib ketadi).

Faxriev:(bosh qashlab) Yana majlis... Obuna masalasi bo‘lsa kerak.

Shoir:(gazeta taxlamini varaqlab) O‘zi nimalar chiqdi gazetamizda? So‘rab qolishsa, uyalib qolmaylik tag‘in. (Zokirov ham u bilan birga gazetaga ko‘z yugurtira boshlaydir).

Bu orada nosini tupurib kelgan Turg‘unovga ergashib Zarifa ham birga xonaga kiradi. Boshqalar o‘z ishi bilan andarmon. Turg‘unov ish joyiga o‘tirib, bo‘sh kursini Zarifaga surib qo‘yadi. Zarifa ham o‘tiradi.

Turg‘unov:(kompyuterda ishlay boshlab) Xo‘sh, menda nima gapingiz bor?

Zarifa: — Ra’no bechoraga qiyin bo‘ldi (yolg‘ondakam achinib). Kampir bosh muharrirga ham telefon qilganga o‘xshaydi. Hozir majlisda shu masala ko‘tarilsa kerak?

Turg‘unov lom-mim demaydi. Zarifa Turg‘unovning stoli ustidagi maqolalarga ko‘z yugurtirgan bo‘ladi.

Zarifa: — Hikmatilla aka, yomon bo‘libdi-ya?

Turg‘unov: — Nima yomon bo‘libdi?

Zarifa: — Xato ketgani-da!

Turg‘unov: — E, ish bo‘lgandan keyin xato bo‘ladi-da!

Zarifa: — Baribir yomon-da! Kampir bechora kasal bo‘lib qolgandir.

Turg‘unov: — Yomon, albatta. Yaxshiroq qarasalaring bo‘lmaydimi?

Zarifa: — Voy, mening sahifam emas, dedim-ku!

Turg‘unov: — Sizniki bo‘lmasa, hamkasbingizniki! Qarash kerak edi.

Zarifa: — O‘zingiz, ish bo‘lgandan keyin xato bo‘ladi-da, deyapsiz-ku! Shuni endi majlisda ko‘tarib chiqish shartmi?

Turg‘unov yana tilining tagiga nos tashlamoqchi bo‘ladi, biroq devordagi soatga qarab, nos xaltasini cho‘ntagiga solib qo‘yadi.

Zarifa: — Hikmatilla aka, nega indamaysiz?

Turg‘unov: — Majlisdan keyin chekarman, nima dedingiz?..

Zarifa: — Ha, shunday qila qoling... Majlis cho‘zilsa, o‘zingiz ham cho‘zilib qolishingiz mumkin… Men... bugungi xato haqida majlisda gapirishingiz shartmi, demoqchiman.

Turg‘unov: — Nima?.. Gapiraman demadim-ku! Tag‘in o‘sha urishqoq hamkasbingiz Ra’no labimni uzib olmasin! Bilasiz-ku, u hamma bilan janjallashib yuradi.

Zarifa nima deyishini bilmay qoladi. Gapni burish uchun stol ustidagi bir maqolaga qiziqqandek tutadi o‘zini. Ko‘zlarini katta-katta ochib o‘qiyotgandek bo‘ladi.

Zarifa: — Qiziq material ekan-ku, nega bermaysiz?

Turg‘unov:(kulimsirab qaraydi): Bu allaqachon chiqqan, Zarifa. O‘tgan sonni ko‘ring.

Zarifa: — Bilmasam... Ba’zi materiallar bo‘ladi-yu, har safar o‘qiganingda qandaydir yangilik tuyaverasan, to‘g‘rimi?

Turg‘unov: — Bilmasam, balki shunaqadir?

Zarifa: — Baribir kimdir aytishi kerak. Aytganday, anovi màqolani zo‘r yozgansiz.

Turg‘unov: — (hayron bo‘lib) Qaysi maqolani?

Zarifà:(nima deyarini bilmay qoladi) Bor edi-ku, nomi esimdan chiqdi. Aytganday, boyagi kampir sizni rosa maqtadi, haligi Yalg‘asheva-chi!

Turg‘unov: — Yo‘g‘-ey!.. Maqolalarimni o‘qigan ekanmi?! (Quvonib) Yaxshi!.. Siz o‘zingiz qaysi maqolamni aytyapsiz, Zarifa? Odamning ichini qizdirmang-da!

Zarifa: — Anuvi... anuvi... (nihoyat Zarifaning esiga tushdi) “Muzlagan qalbning erishi” maqolangizni aytyapman... Zo‘r yozgansiz!

Turg‘unov: — Ha (yuzida mamnunlik aks etib), uni aytyapsizmi, ancha bo‘ldi-ku chiqqaniga! (O‘rnidan turib, viqor bilan) “Muzlagan qalbning erishi”!

Zarifa: — Qachon o‘qisam, xuddi kecha o‘qigandek bo‘laman. Menga “Qor malikasi”ni eslatadi.

Turg‘unov: — (joyida o‘tirib va beg‘ubor jilmayib) Muxlislarim ham maqtashadi, Zarifa. Bitta-ikkitasi “Qor malikasi”dan ham zo‘r, degan.

Zarifa: — Ha, zo‘r-zo‘r! Kim bo‘libdi o‘sha Andirsin!.. Shu bugun ertalab ham qo‘ng‘iroq qilib aytganlar bo‘ldi. Muxlislaringiz juda ko‘p. Shunaqa materiallardan tez-tez beringlar, deyishdi.

Turg‘unov: — Rahmat... Haligi... Yalg‘asheva nima deb maqtadi, dedingiz?

Zarifa: — Kim?.. Ha, u kishimi?.. Aytdi, yuzidan nur yog‘ilib tursa kerak, dedi. Maqolangizni o‘qib, shuni his qilarkan.

Turg‘unov: — So‘ramadingizmi, “Muzlagan qalbning erishi”ni o‘qimaganmikan?

Zarifa: — So‘ramoqchi edim, Ra’no xalaqit berdi. Bilasiz-ku, faqat shunaqa qiladi. Ayniqsa, sizga nisbatan atayin qiladi.

Turg‘unov: (qoshlarini chimirib) Hm-m...

Xonaga Emin Lapasovich va Jo‘raqulov kirib kelishadi. Zarifa ularga salom berib, sahnadan chiqib ketadi. Shoir bilan Zokirov ish joylariga o‘tirishadi. Emin Lapasovich bilan Jo‘raqulov ham yonma-yon joylashishadi. Emin Lapasovich yana bir bor hamma bilan so‘rashib, Faxrievga qaraydi.

Emin Lapasovich: — Xush, qulog‘im sizda! Qay joylarda bo‘ldingiz, nelar bilan keldingiz?

Faxriev:(o‘rnidan turib, tavoze’ bilan so‘z boshlaydi) Xo‘jayin, obuna masalasida xizmat safariga chiqqanim bir hisobda yaxshi bo‘ldi. Bahonada armiyada birga xizmat qilgan safdoshlarimni ko‘rib keldim. (Barmoqlari bilan sanay boshlaydi) Sultonni ko‘rdim, Abdujalilni, Nusratni ko‘rdim. Ammo Jabborni topolmadim. Rossiyaga ish bilan ketgan, deyishdi. Shunga ko‘nglim sal g‘ash bo‘ldi, xo‘jayin. Bu safar, albatta, topaman. Xotiniga tayinlab keldim. Beshta bolasi bor ekan. Endi Jabborgayam qiyin. Ammo uyi yomon emas, yaxshigina tomshuvoq qilibdi bultur. Keyin ketvoribdi. Armiyada ham shunaqa edi: shartta yo‘qolib qolardi. Eh, Jabbor, Jabbor...

Boshqalar betoqat bo‘la boshlashadi. Shoir yonidagi Zokirovga nimadir deb piqillab kuladi.

Emin Lapasovich:(qoshlarini chimirib) Biz sizdan Jabborni so‘ramayapmiz, obunadan gapiring.

Faxriev: — Tashkilotlarga bordik, gaplashdik. Abdujalil pishiq-da, hammani avrab tashladi. Shunaqa so‘zamolki, qoyil qolaman. Labi labiga tegmay gapirib, hammani mahliyo qilib qo‘yadi. Eng qoyil qolarlisi, nima deb gapirmasin, ishontirish qobiliyati bor. Armiyada ham komandirlarning qulog‘iga lag‘mon cho‘zardi. Bir safar, deng, kaptyorkada o‘tirganimizda starshina kelib qoldi...

Emin Lapasovich:(tomoq qirib) Sizga obunadan gapiring, dedim.

Faxriev:(o‘ziga kelgandek tin olib, boshqacha ohangda so‘zlay boshladi) — Xo‘jayin, bilasizmi, har holda u yerlarda gazetimizni o‘qisharkan. Hojatxonaga kirganimda...

Emin Lapasovich: — Nima?!! (qoshlarini kerib, o‘rnidan turib ketadi).

Boshqalar: — Nim-m-m-a?!! (ular ham joylaridan turib ketadilar).

Faxriev:(shosha-pisha) Yo‘q, xo‘jayin, bizning gazetni emas, raqobatchilarimiznikini ko‘rdim. Xursand bo‘ldim.

Hamma yengil tortib, joyiga o‘tiradi. Emin Lapasovich ham tinchlangandek bo‘lib, davom eting, degandek Faxrievga qaraydi.

Faxriev: — Tushlik ham yaxshi bo‘ldi. Do‘stlarim qo‘yarda-qo‘ymay tandir olib berishdi. Yo‘q, desam ham ko‘nishmaydi-da! Archa hidi ufurib turadi. Shunaqangi maza qildimki...

Turg‘unov:(chidab turolmay) Bizgayam olib kelmadingizmi?!

Faxriev:(Turg‘unovga norozi qarab, keyin Emin Lapasovichga o‘girilganicha so‘zida davom etadi): — Xo‘jayin, shu desangiz, odamlar gazetamiz nomini hazm qilisholmayapti. “Ekspress-taym-nyus” qanaqa gazet”, deyishdi. Birovi, poezdmi, deydi. Boshqasi futbol bo‘lsa kerak, deydi.

 Zokirov:(o‘rnidan sapchib turib, yana o‘tiradi) Juda to‘g‘ri gap! Men ham shu fikrga qo‘shilaman. “Ekspress-taym-nyus”! Qaysi ahmoq topgan o‘zi-a bu nomni?

Emin Lapasovich:(zardasi qaynab) Kim topganini bilgingiz kelyaptimi? Muassis topgan, tushundingizmi? Sa-a-l o‘ylab gapirish kerak, o‘rtoq Zokirov.

Sanobar opa:(o‘tirgan joyidan Zokirovga qarab) Gazetamiz nomi juda chiroyli. Tavba, odamlar nima desa, ishxonaga ko‘tarib kelaverasizlarmi?.. Binoyiday nom, zamonaviy!.. Poezd emish! Qanaqa poezd? Ularga bahona kerak. Poezd deydi, futbol deydi, ishqilib obuna bo‘lmaydi!

Emin Lapasovich Faxrievga qarab, davom eting, degandek yana ishora qiladi.

Faxriev: — Tandirdan keyin somsa aytishdi azamatlar. Ichi to‘la go‘sht, desangiz! Men ovqatlanayotganda ham faqat obunadan gapirib turdim. Keyin bedana kabob keltirishdi. Mazza qilib yedim. Shuncha narsa qoringa siqqaniga hayronman.

Turg‘unov:(labini yalab, tamshanib) Tekin deb yeyavergansiz-da! (Shunday deb, avval boshqalarga, keyin Emin Lapasovichga xijolat bo‘lib qaraydi).

Emin Lapasovich: — Bilmadim, bu odam obuna uchun emas, ovqat yeyishga borganga o‘xshaydi. Qaysi viloyatga yubormaylik, harbiy xizmatdoshi chiqib qoladi. Ishni so‘rasak, gapni armiyaga, ovqatga buradi... Nechta bo‘ldi obuna, shundan gapiring!

Faxriev:(chaynaladi) — Xo‘jayin, odamlar bilan gaplashdik, olib borganlarimni qiziqish bilan o‘qishdi. Obuna bo‘lamiz, deyishdi. Haligi... skanvordlaring kam, deyishdi.

Shoir:(sapchib turadi) Aldamang, Faxriev! Endi siz skanvord tuzganingiz uchun gazetamizni boshdan-oyoq skanvordga aylantirib yuboramizmi?

Emin Lapasovich: — Juda to‘g‘ri gap. Bu Faxriev qaerga borsa, skanvordlaring kam, deyishadi. O‘n ikkita viloyatga borsangiz, o‘n ikkita skanvord qo‘shishimiz kerak ekan-da, a? Tushunmayapsizmi, bu — “Eksperss-taym-nyus”.

Faxriev:  — (soddalik bilan) Xo‘jayin, shu nima degani-a: ekspress-mekspres? Bir-ikkitasi so‘ragan edi, ochig‘i, javob berolmay qoldim. Inglizcha byulletenmi, deydi birovi.

Emin Lapasovich:(chaynalib) “Ekspress”, bu... bitta bekat o‘tkazib manzilga yetib olasiz, degani. Talabaligimizda shunaqa avtobuslar bo‘lardi. Tezkor degani-da qisqasi! Taymni... o‘zlaring tushunsalaring kerak har holda? Aslida “tayms” bo‘lishi kerakmidi... “Nyus” esa yangilik...

Jo‘raqulov:(baland va go‘ldiragan ovozda) Bu Faxriev deganimiz — g‘irt masxaraboz! Obunaga yuborsak, shashlik yeb keladi. Tirajni katta momomiz o‘ylaydimi! Tag‘in skanvorddan gapiradi. (Faxrievga xo‘mrayib qarab) Men sizni skanvord qilib qo‘yaman! (Boshqalarga qarab) Sizlarni ham!

Lutfiya: — Voy, biz nima qildik?

Jo‘raqulov:(Lutfiyaga) Gap qaytarmang menga. Darrov og‘zimdan olib, saqichdek qilib yoqamga yopishtirasizlar. “Parkent qizlari” degan jumlani “Parket qizlari” deb yozgan siz emasmi?

Lutfiya: — Voy, bitta xatoga shunchami?

Jo‘raqulov: — Gap qaytarmang, dedim! Ko‘zmi yo po‘stakning teshigimi? (Shoirni ko‘rsatib) Mana bu shoir esa Pushkinning o‘lganini ikki ming sakkiz yuz o‘ttiz yettinchi yil, deb yozgan.

Shoir:(to‘ng‘illab) Eski gapni qo‘zg‘ashni qarang!

Jo‘raqulov: — Gap qaytarmang menga. Xayriyatki, Pushkin o‘lgan ekan. Agar tirik bo‘lganida bizni fuqarolik sudiga berardi.

Shoir: — Ol-a!

Jo‘raqulov: — Olalamang menga! Gazeta ishi o‘yinchoq emas, bilib qo‘ying. (Faxrievga o‘girilib) Manovi go‘shtxo‘r esa “ayol” degan so‘zning o‘rniga “alyo” deb yozgan. Telefon bilan xotin kishining farqiga bormaydi. (Emin Lapasovichga qarab) Xatosi uchun bularni do‘pposlash kerak aslida! Biri Pushkinni sharmanda qiladi, boshqasi...

Emin Lapasovich:(Jo‘raqulovga) Pushkinni qo‘ya turing, yangi hangoma chiqib qoldi. Gazetamizning bugungi sonida Yalg‘asheva degan onaxonning surati o‘rniga hind artistining rasmi chiqibdi. Shu onaxon qo‘ng‘iroq qilib, rosa yig‘ladi. Axir, sharmandalik-ku, bu! Zo‘rg‘a ovutdim. (Boshqalardan so‘raydi) Kim edi navbatchi?

Hamma:(baravariga) Elmurodov!

Jo‘raqulov: — Korrektirlarning ko‘zi qaerga yopishib qolgan ekan? Nuqul shunaqa g‘alati xatolar qilishadi.

Shoir:(tirjayib) G‘alati emas, kulgili, deng!

Jo‘raqulov: — Men sizni kulgili qilib qo‘yaman hozir!

Emin Lapasovich:(Jo‘raqulovga) To‘raqul Obloqulovich, bu xato bo‘yicha shaxsan o‘zingiz shug‘ullaning. Aybdorlarni toping. Buyruq ham tayyorlang. Haytovur, kampir yaxshi ekan. Meni tushundi. “O‘g‘lim bilmasa bo‘ldi”, deydi. Vaziyatdan chiqib ketishning yo‘lini topish kerak. (Shoirga) Balki siz chiroyli to‘rtlik yozib berarsiz? Sahifada chiroyli qilib bersak, unutilib ketardi.

Shoir:(bosh irg‘ab) Albatta, yozaman... Bir misrasi allaqachon kelib qoldi (ifodali o‘qiy boshlaydi), “Gul o‘zgadir, rayhon o‘zgadir, Yalg‘asheva xolam yaktodir”. (Tirjayib) Zakaznoy she’rga gonorar ham zo‘r bo‘lsa kerak, Emin Lapasovich?!

Emin Lapasovich Shoirga norozinamo qarab qo‘yadi.

Jo‘raqulov: — Aslida hammasiga mas’ul kotib aybdor. Hali mehnat ta’tilidan qaytsa, o‘zim ta’zirini beraman uni. Kompyuterchilar ham haddidan oshib, xatolar shu yaramaslar tufayli bo‘lyapti! Ertaga mabodo Hindistondan Xema Malinining eri Alibobo kelsa, nima deymiz? Sharmanda bo‘lamiz-ku! Odam degani ishga mas’uliyat bilan qarashi kerak. Shunday ishlaylikki, kechqurun... (hammaga qarab oladi) xotirjam uxlaylik.

Turg‘unov: — Maylimi, men ham gapirsam? (Shunday deb o‘rnidan turadi).

Boshqalar avval bir-birlariga, keyin Turg‘unovga ajablanib qaraydilar.

Emin Lapasovich: — Xo‘sh, nima gapingiz bor?

Turg‘unov:(tantanavor ovozda)  Muxlislar mening maqolamni maqtashibdi. Juda zo‘r deyishibdi. Ana, Zarifa aytdi.

Jo‘raqulov:(Turg‘unovga ko‘zini lo‘q qilib) Men muxlislar va Zarifa nima deganini bilmayman-u ammo gazetaning bu soniga siz navbatchi ekaningizni aniq bilaman.

Turg‘unov:(kayfiyati tushib, Jo‘raqulovga qaraydi) — Navbatchi? Nega men?.. Men... Men yaqinda  navbatchi bo‘lgandim-ku!

Jo‘raqulov: — Ikki oy bo‘ldi, Turg‘unip! Osmonga tikilmay, kun sanab yurish kerak, bildingizmi?! Sahifalarni diqqat bilan o‘qing, agar bu sonda xato ketsa, o‘zim oyog‘ingizdan osaman!

Shoir:(faylasuflarcha) Vaqt charxpalagi qanchalik tez aylanayotganini navbatchilikdan ham bilsa bo‘ladi.

Emin Lapasovich: — Darvoqe, esimga tushdi, bu sonimizga rasmli ta’ziyanoma bor...

Turg‘unov:(birdan) Yo‘-o‘-o‘-o‘-o‘-q-q!

Emin Lapasovich:(hayron bo‘ladi) Sizga nima bo‘ldi?

Turg‘unov: —  (yalina boshlaydi): — Jon Emin aka, iltimos, shu songa men navbatchilik qilmay! Uvolimga qolmang. Bir gal boshqa xodim navbatchilik qilib tursin, iltimos.

Jo‘raqulov:(jerkib) O‘zingizni artistlikka solib, qilpillamang bu yerda! Biz hammani teng ko‘ramiz. Ishxonada barcha bab-baravar! Rahbariyat aytdimi, bajarish kerak, vassalom!

Emin Lapasovich:(Turg‘unovga) To‘g‘ri! Agar navbatchilikni almashtirsak, birinchidan, yil oxirigacha tuzilgan jadval buziladi, ikkinchidan, bu muhitimizga ham ta’sir qiladi... Umuman, tinchlikmi o‘zi? Axir, birinchi marta navbatchilik qilishingiz emas-ku!

Shoir yonidagi Zokirovga allanimalar deb piqillab kula boshlaydi. Jo‘raqulov unga yovqarash qilgach, og‘zini yumib, jim bo‘ladi.

Turg‘unov: — Ehtimol, Sanobar opa navbatchilik qilib turar?

Sanobar opa: — Voy-voy-voy, nega men navbatchilik qilarkanman?! O‘ylab gapiryapsizmi? Sizni insofli odam desam, g‘irt xudbin ekansiz-ku! Uyalmaysizmi, ayol kishiga navbatchilikni yuklagani?

Turg‘unov: (Faxrievga o‘girilib) Unda Faxriev navbatchilik qilsin. Tandir yeb kelibdi-ku!

Faxriev: — Nim-ma?! O‘v, men obunani hal qilib keldim, bildingizmi? Galingiz keldimi, navbatchiligingizni qiling! Siz, Afandi latifasida aytilganday, tandirga Hindistonni qofiya qilmang!

Jo‘raqulov:(Turg‘unovga) Siz gapga tushunmaysiz, shekilli? Ko‘p gap eshakka yuk. Navbatchi bo‘lasiz, vassalom!

Turg‘unov:(bo‘ynini o‘ng tomonga qiyshaytirib, ko‘zlari namlanib) Mayli, roziman.

Jo‘raqulov: — “Mayli, roziman” emas, “xo‘p bo‘ladi”, deng. Biz sizga uylanishni taklif qilayotganimiz yo‘q, bildingizmi?!.

Turg‘unov:(ko‘z yoshini artib) Xo‘p bo‘ladi.

Emin Lapasovich:(o‘rnidan turadi) Boshqa gaplar bo‘lmasa, majlis tamom.

Shoir:(qo‘lini ko‘tarib) Menda bir iltimos bor.

Emin Lapasovich:(o‘tiradi) Eshitaman.

Shoir:(boshqalarga qarab olib) Baribir gazetamiz nomi g‘alati: “Ekpress-taym-nyus”! Agar imkoni bo‘lsa, muassis bilan shu masalada gaplashib olsak. Chiroyli, “vizivayushiy” qilib o‘zgartirsak, yaxshi bo‘larmidi!

Boshqalar: — To‘g‘ri-to‘g‘ri…

Emin Lapasovich avval Shoirga, keyin Jo‘raqulovga qaraydi. Jo‘raqulov Shoirga o‘giriladi, Shoir esa boshqalarga qaraydi, boshqalar esa Emin Lapasovichga qarashadi.

Emin Lapasovich:(o‘ylanib) To‘g‘risi, bu haqda o‘zim ham anchadan buyon o‘ylab yurgandim, ammo muassis nima derkan?.. Yaxshi, gaplashib ko‘ramiz. Balki, tahririyatga taklif qilarmiz… Boshqa gaplar bo‘lmasa, majlis tamom.

Emin Lapasovich va Jo‘raqulov chiqib ketishadi. Sanobar opa va Lutfiya “xayriyat” deb yelpina boshlashadi. Shoir qog‘ozga allanimalarni yoza boshlaydi. Zokirov esa yaxshilab kerishadi. Turg‘unov nos chekib olib, boshini changallab o‘tiradi.

Faxriev:(Shoirning tepasiga keladi) Eshiting, Shoir. Mening ko‘p gapim ichimda qolib ketdi. Haligi... bedana kabobdan keyin ham o‘rnimizdan turganimiz yo‘q. Yaxna deb eshitganmisiz, shundan olib kelishdi. Qorinda, deng, joy qolmagan. Ko‘z och bo‘larkan-da, olib ketay, desam, noqulay. Yeyaveribman, yeyaveribman. Bir payt Mansur degan oshnamiz kelib qoldi. U bilan Podolskda xizmat qilganmiz. Rosa ulfat bola. Meni ariqqa olib tushdi. Ishonsangiz, suvda qorindagi yog‘lar eri-i-ib ketarkan. Shundoq suv yuzida ko‘rinib turibdi, tandir-kabob, bedana-kabobning moylari!..

Zokirov: (aftini burishtirib) E, ekologiyani ham buzib kelibsiz-da!

Faxriev:(Zokirovning gapiga parvo qilmay) Suvdan chiqqach, qorin ozroq bo‘shagandek bo‘ldi ishqilib. Chumchuq go‘shtiyam bo‘larkan. Lof bo‘lsayam, o‘ttiztasini yedim-ov!

Turg‘unov:(o‘rnidan turib) E, bash qiying (chiqib ketadi).

Shoir: (qog‘ozdan bosh ko‘tarib, Faxrievga qaraydi) Dunyoning go‘shtini yeb qaytibsiz o‘ziyam! Yana bir marta obunaga chiqib kelsangiz, osmonda chumchuq qolmaydi.

Zokirov:(bosh chayqab) Turg‘unov akamizga qiyin bo‘ldi. Siqilib ketdi. O‘zi boyagina rasmli ta’ziya haqida gapirib o‘tiruvdi.

Shoir: — Ha, qiyin. Mirg‘ani bo‘lganda ham bir navi edi.

Turg‘unov qaytib kiradi. Uning qovog‘i soliq. Avval Zokirovga, keyin Shoirga o‘qrayib qaraydi.

Turg‘unov: — Turg‘unovga qiyin bo‘ldi, deysizlar-u, navbatchilikni zimmalaringga olmaysizlar. Shunday og‘ir damda…

Zokirov: — E, darrov o‘pkalamang-da! Men, masalan, bir son oldin navbatchilik qilganman. Yana qaysi vijdon bilan navbatchilik qilayin?

Shoir: — Men... men... ha-ya, aytishdi-ku, to‘rtlik yozib bering, deb. Haligi... Elmurodovning orqasini tozalab yuramiz-da.

Turg‘unov: — To‘rtlikka qancha vaqt ketardi?!. Shartta yozib tashlab, navbatchilik qilavering!..

Shoir: — Nimalar deyapsiz? Bitta to‘rtlik uchun bir umr vaqt ketishi mumkin.

Lutfiyaning qo‘l telefoni jiringlab, ochib gaplashadi-da, tashqariga chiqib ketadi. Orqasidan Sanobar opa ham chiqadi.

Zokirov:(Faxrievga) Go‘shtdan gaplashguncha qassoblar haqida gapiring. Kuningni ko‘rsatadi, deganmish boyagi kampirning o‘g‘li!

Shoir: — Qaysi kampir?

Zokirov: — Rasmi noto‘g‘ri ketgan kampirni aytyapman! O‘g‘li qassob emish! Ishxonaga pichoq bilan kirib kelsa-ya!

Faxriev: — Qassoblar qon bilan ishlaydi, tez jazavaga tushadi.

Shoir: — Bu yerga kelishi mumkinmi?

Faxriev: — Agar qonsirab turgan bo‘lsa… (Turg‘unovga) Siz ehtiyot bo‘ling. Mabodo ta’ziyanomadagi odamning o‘g‘liyam qassob bo‘lsa...

Turg‘unov bu gapni eshitib, yana boshini changallab oladi.

Shoir: — E, yaxshi gaplardan gaplashaylik. Yalg‘asheva bahonasida she’riy misralar qalbimning tub-tubidan chiqishi kerak. Telefondan kampirning ovozini eshitganim hamono (ifodali gapirib) ilhom miyamni qitiqlab boshlagandi o‘zi, keyin kela boshladi to‘rtlikning so‘zi!

Turg‘unov:(qovog‘ini ochmay, eshikka qarab qo‘yib) Menga Jo‘raqulovning qo‘pol muomalasi alam qilyapti. Darrov, gap qaytarmang, deydi. Enasi shunday deb tuqqanmi, nima balo?! Qachongacha chidash mumkin bu odamga? Oyog‘ingdan osaman, deydi, tavba! Shartta nosimni chekib, yuziga po‘rillatib tuflagim keldi-ya!

Faxriev: — Meniyam tiriklay yedi. “Alyo” bilan “ayol”ni har safar gapiradi.

Turg‘unov: — Ertalab anovi Xachcha xola ranjituvdi. Biram qo‘pol shu xolayam. Endi esa Jo‘raqulov! O‘rinbosar bo‘lmay ketgur!

Shoir:(Turg‘unovga) Ko‘nglingizga olmang. Jo‘raqulovning qo‘polligiga ko‘nikib qolganmiz-ku! Yig‘ilishlarda menga ko‘zi tushsa, Pushkin boyaqishni, albatta, gapiradi. O‘zi xarakter degani — Jo‘raqulov, degani! Ishxonada ikkita qo‘pol odam bor, bilasizlar. Endi-i, har bir jamoada shunaqalar bo‘lishi kerak. Aks holda xodimlar taltayib ketishi mumkin. Haliyam Yalg‘asheva kampir yaxshi ekan. Sudga bersa, enamizni ko‘rardik.

Turg‘unov: — Eh, xato desa, yuragim zirillaydi-da! Men rasmlardan ko‘ra, ayniqsa, ism-familiyalar adashib ketishidan qo‘rqaman. Qarang, Faxriddin Nizom bilan Faxriddin Sodiq bor. Usmon Azim bilan Azim Suyunni bitta odam deb yurardim, keyin bilsam, boshqa-boshqa shoirlar ekan. Mengli Ollomurod bilan Baxtiyor Ollomurodniyam chalkashtirib qo‘yaman. Yuragim po‘killab turadi, mabodo shularning asari ketsa, adashtirib yubormaymanmi, deb. Keyin... yana bittasi bor edi-ku, Luqmon Ochil...

Shoir: — Qulman Ochil… Vohid Luqmon, u — boshqa.

Turg‘unov: — Men adashtirib yuboraman-da! Xayriyatki, bular bizga yozmaydi. Agar yozishganida, men allaqachon ishdan ketgan bo‘lardim.

Shoir: — O‘zi adashtirib chuv tusharkansiz-da!

Turg‘unov:(o‘ylanib) Ta’ziyanoma! Kim ekan o‘sha o‘lgan? Shu sonda o‘lmay tursa bo‘lardi! Tag‘in rasmiga balo bormi? O‘zi shu, gazetaga suratli ta’ziya chiqarishni kim o‘ylab topgan ekan-a? Bir balo bo‘ladi, aniq bo‘ladi...

Shoir: — Yaxshi niyat qiling. Erkak odam botanan ham, zohiran ham qo‘rqmasligi kerak.

Zokirov: — Yaxshilab o‘qisangiz, xato ketmaydi...

Faxriev: — Obbo, namuncha faqat ishdan gaplashasizlar? Yuringlar, tashqariga chiqib, kallani shamollatib kelaylik. Buyog‘i tushlik vaqtiyam bo‘ldi.

Shoir: — O! Faxrievdan ham yaxshi fikr chiqarkan. Turing, Turg‘unov, turing. (Zokirovga) Siz ham, Vosiljon. Tashqariga chiqib, daraxtlarga termilsak, ilhomimiz keladi.

Uchovlon chiqib ketishlari bilan Zarifa bilan saqich chaynayotgan Ra’no kirib keladi.

Ra’no:(o‘zini divanga tashlab) Uf-f, charchadim.

Zarifa:(gazetalar taxlami qo‘yilgan stol yonida turib ming‘irlaydi) Hali hech ish qilmay charchadingizmi?

Ra’no: — Nima?!

Zarifa: — Ish qiyin, deyman. Hartugul xatoni kavlashtirishmasa bo‘lgani! O‘sha kampir telefon qilib, gazetangni yoptiraman, hammangga jo‘ja ochtiraman, deyapti.

Ra’no:(labining bir chekkasi pir-pir ucha boshlaydi). Men yo‘qligim uchun hamma aybni bo‘ynimga ag‘darib qo‘yishgandir. O‘zi yo‘qning ko‘zi yo‘q-da!.. Muttahamlar!

Zarifa: — Men ham aytdim muttahamlarga. Siz Ra’noning tarafini olmang, deyishdi.

Ra’no: — Kim shunday dedi?

Zarifa: — Hamma aytdi! Meni sotib qo‘ymang-u, Turg‘unov ko‘proq aytdi.

Ra’no: — Men uning labini yirtib olaman.

Zarifa: — O‘ziyam shunaqa dedi.

Ra’no:(ko‘zlarini katta-katta ochib) A?

Zarifa: — Yo‘q, haligi... Matematik ekan-da kampir. Avval telefon qildi. Bugun tug‘ilgan kunim, dedi. “Tabriklaymiz-qutlaymiz” sahifasida chiqqan ekan! Ko‘zlaring olaygurlar, dedi. Yana, ko‘zlaring chaqchaymay ketkurlar, dedi!

Ra’no: — O‘zingizdan qo‘shmang.

Zarifa: — Voy, nega ishonmaysiz? Hamma eshitdi.

Ra’no: — Qanday xato ekan?

Zarifa: — E, siqilmang, arzimas xato!

Ra’no:(o‘rnidan turib, gazetalar taxlami turgan stolga yaqinlashadi va bugungi sonni bir-bir varaqlay boshlaydi) Men siqilganim yo‘q. Men osongina jon bermayman.

Zarifa:(ming‘irlab) Siz umuman jon bermaysiz.

Ra’no: — Nima?

Zarifa:(baland ovozda) Joningizga to‘zim bersin, deyapman.

Ra’no: (varaqlayotgan sahifalardan ko‘z uzmay) Hech nimaga tushunmayapman. Qani xato? X-o‘-o‘-sh… (o‘qiy boshlaydi) “Yuz yoshdayam pista chaqib yuring”… “Sevgilim, ko‘zlaringda o‘zimni ko‘ray”, “Sinfdoshlarning yuz yillik uchrashuvi bilan tabriklayman...” Buyoqda esa: “Xotinimni sevishimni butun jahon bilsin”, “Toy o‘g‘lim, oy o‘g‘lim, moy o‘g‘lim, ustingni loy qilma, o‘g‘lim...” Bu she’rni o‘zimizning shoirimiz yozib bergan bo‘lsa kerak!.. Xo‘-o‘-sh, “Tug‘ilgan kuning muboro, olib beray murabbo...” Mana bunisi nima edi: “Hurmatli minus onam...” (Yaxshiroq tikilib) Tavba, Ayshvariya Rayga o‘xshab ketarkan manovi... Bunisi nima edi: “Tug‘ilsang-da, ko‘p ichma, G‘ulom, chunki, qara, qo‘ling za rulyom...” Qani, Zarifa, men xatoni ko‘rmayapman… Iya, shoshmang-shoshmang!.. Voy-voy, bu… bu… kompyuterchining xatosi! (Shunday deb tezda sahnadan chiqib ketadi).

Zarifa Ra’noning orqasidan qarab turadi-da, tirjaygancha yana raqs boshlab yuboradi. “Dilxiroj” musiqasi yangrab, tabiiyki, spektaklni ko‘rishga kelgan tomoshabinlar qarsak chaladilar.

Musiqa tingach, Zarifa tomoshabinlarga qarab, shavq ila: “rahmat, muxlislarim!” deya chiqib ketadi.

Sahnaga Jo‘raqulov, Ra’no va kompyuterchi Ramziddin chiqib kelishadi. Ra’no Ramziddinni yengidan ushlab olgan. Ular gazetalar taxlami turgan stolga yaqin keladilar.

Ra’no:(Ramziddinni yengidan siltab) Mana shu qilgan, o‘zi aytsin. Necha marta aytdim, hoy, kech bo‘lyapti, gazetani yopish kerak, deb. Qani, qulog‘iga kirsa! Kompyuterida o‘ynab o‘tirdi, hozir-hozir, deb.

Ramziddin:(hayron) — Nimani?.. Nima gap o‘zi?

Jo‘raqulov:(qovog‘ini ochmay) Nima gap emish, gazetada xato ketgan. Xema Malinining rasmini boshqa sahifada bergansiz! “Tabriklaymiz-qutlaymiz” sahifasida chiqqan. O‘zim ko‘rdim, peshonasida choynakning qopqog‘idek xoli bor.

Ra’no: — Xema Malini emas, Ayshvariya Ray!

Jo‘raqulov: (jahli chiqib) Gap qaytarmang menga. Nima farqi bor! Hindistonlik artistmi, bo‘ldi-da! (Ramziddinga) Bu, nima, Ramziddinboy, ikki mamlakat madaniy hayotini nazar-pisand qilmaslikmi? Ertaga o‘sha Xema Malinining eri kelsa, nima deymiz, a?

Ra’no: — (qo‘rqib ketib) Yo‘g‘-ey, kelmasa kerak.

Jo‘raqulov: — Nega kelmas ekan? Bir paytlar Raj Kapur kelganida Xema Malinining eri kim bo‘libdi? Esimda, Bobomurod Hamdamovlar kutib olgan edi, “Helpesse”, deb kuylab. Agar da’vo arizasi bersa, moddiy va ma’naviy zararni cho‘ntagingizdan berasizmi? Ular so‘mda emas, rupiya-pupiyada olisharkan.

Ramziddin:(hech vaqoga tushunmay, talmovsirab) Men tushunmadim. Hind sahifasi meniki emas-ku! “Qutlaymiz” ham boshqaniki.

Jo‘raqulov:(o‘shqirib beradi) Sizniki bo‘lmasa, katta xolangiznikimi? Gap qaytarishni bilasizlar. Sizlarga bitta gap kam, ikkita gap ko‘p. Bir yarimta gapni men momomdan olamanmi?

Ramziddin: — Yo‘q, men...

Jo‘raqulov: — Obbo, yana gap qaytaradi. Kattalar gapirganda indamay turish kerak, deb o‘rgatishmaganmi ota-onangiz? Og‘zimdan olib, yoqamga yopishtirasiz!

Ramziddin tushuntirish uchun og‘iz juftlaydi, ammo Ra’no uni turtib, jim bo‘l, degandek imo qildi. Ramziddin boshini yelkalari orasiga qisib, bosh irg‘ab turadi.

Jo‘raqulov: — Ishga munosabatga hayron qolaman-ey! Bittasi, navbatchi bo‘lmayman, deb tixirlik qiladi, ikkinchisi nuqul shashlik yeganini gapiradi, yana bittasi “Parkent”ni “Parket” deb yozadi. Shunchasi kamday, endi mana bu Ramziddinboy, “aybim nima?” deb o‘tiribdi. Tartib bormi o‘zi, a? (Ramziddin Jo‘raqulovning og‘zidan sachrayotgan tupukdan kipriklarini pirpiratib, boshini u yon-bu yonga burib turadi) Kallangizni qimirlatmang menga. Mas’uliyat degan gaplar bormi o‘zi sizlarda? Yozing, tushuntirish xati yozing. Xema Malini nomigayam yozing. Ertaga mabodo kelib qolsa, ko‘rsatamiz. (Ra’noga qarab) Endi bitta tarjimon ham topishimiz kerakka o‘xshaydi. Hindchaga tarjima qilib qo‘ysin. Sherqo‘zi G‘ozievga aytamiz, o‘zicha kerilib yuradi-ku, hindchani bilaman, deb, isbotlasin! (Ramziddinga) O‘v, nega baqrayasiz, tushuntirish xati yozing, dedim. Bittasi bosh muharrirga, ikkinchisi Xema Kapurga, uchinchisi Hindiston Dumasiga!

Ra’no angrayib turgan Ramziddinni stolga o‘tqazadi-da, qo‘liga ruchka va uchta qog‘oz tutqazadi. Ramziddin yuzidagi tupuklarni artib, tushuntirish xati yoza boshlaydi. Ra’no uni turtib, matnni tushuntirib turadi.

Jo‘raqulov:(Ramziddin yozayotgan qog‘ozga ko‘z tashlab) “Tushintirish” emas, “tushuntirish” bo‘ladi. He, o‘qimagan! Tekis yozing, yuqoriga o‘rmalab ketyapsiz. Kompyuterda ishlab, qo‘lda yozishni ham esdan chiqargansizlar-da!.. “Tan olaman”, deb yozing… O‘zi sizlarni anovi Mirg‘ani erkalatib yuborgan. Mehnat ta’tili ham cho‘zilib ketdi uning. Mas’ul kotib-u, mas’uliyati yo‘q. Haqiqiy mas’ul kotib ta’tilsiz ishlashi kerak. Umuman, yosh bolaga ta’tilni kim qo‘yibdi! Ishga kelgani bilan ham bir ishni yolchitmaydi aslida. Shaxmat o‘ynagani-o‘ynagan. Onasi shaxmat o‘ynab tuqqan bo‘lsa kerak uni. Baribir menga yutqazadi. Qani yutib ko‘rsin-chi, naq pul mukofotini kesib tashlayman!

Ra’no:(Ramziddin yozib bo‘lgan tushuntirish xatlarini Jo‘raqulovga uzatadi) Mana, tan oldi. Aytdim-ku, mening aybim yo‘q, deb.

Ramziddin: — Ammo ikkala sahifani ham men vyorstka qilganim yo‘q, Sashaniki bo‘lsa kerak! U pivo ichgan ekan, kasal bo‘lib yotibdi.

Jo‘raqulov:(qog‘ozdan ko‘z uzib, Ra’noga qaraydi) Bir nima dedimi?

Ra’no: — Aybini og‘zaki ham tan olyapti.

Ramziddin:(qo‘rqib) Ha, ha, tan olaman.

Jo‘raqulov: — Sashami, Pashami, deganday bo‘ldingiz.

Ra’no:(shoshib) Kerak bo‘lsa, Sashayam tan oladi, deyapti.

Ramziddin: — Ha, tan olmay o‘libdimi!

Jo‘raqulov: — Tunov kuni o‘sha Sasha mening kompyuterimni ko‘rib berib, “eto nujno vikidivat”, deydi. Vey, hamma kompyuterchilar bir xil gapiradi-ya?! Hozir o‘zingni derazadan uloqtiraman, dedim... Siz bundan keyin xato qilmang. Dumlaringni likillatmay ishlanglar, tushunarlimi?

Ramziddin qo‘llari bilan yuzini to‘sib, bosh irg‘aydi. Jo‘raqulov qo‘lida tushuntirish xati bilan sahnadan chiqib ketadi. Ramziddin esa talmovsirab eshik tomonga emas, teskari tarafga qarab yuradi. Ra’no uni ushlab, ortiga qaytaradi-da, eshikni ko‘rsatadi. Ramziddin gandiraklab, shkafning eshigini ochib, ichiga kirmoqchi bo‘ladi. Ra’no yana uni ushlab, chiqish eshigini ko‘rsatadi. Ramziddin chiqib ketadi. Ra’no qiyqirib, raqs tushib yuboradi. Keyin u ham “Dilxiroj” sadosi ostida sahnadan chiqib ketadi.

Sahnaga Sanobar opa bilan Lutfiya kirib kelishadi. Ish joylarini egallaydilar.

Sanobar opa: — Shunaqa, deng? Ha, qiyin. Siz rashkini keltiring-da! Mana, men shu yoshga kirib, hozirgacha erimning rashkini keltiraveraman-keltiraveraman.

Lutfiya: — Voy, rosa urinib ko‘rdim, Sanobar opa. Foydasi yo‘q. Oldinlari meni har bir simyog‘ochdan ham rashk qilardi. Hozir esa, tirikmisan ham demaydi.

Sanobar opa: — Telefonini yaxshilab tekshirdingizmi?

Lutfiya: — Aytdim-ku, telefonining ichiga kirib, u yog‘idan-bu yog‘igacha aylanib chiqdim. Shubha qiladigan bittayam esimis yo‘q.

Sanobar opa: — Umuman qaramaydi, deng! Qizi-i-q!.. Bilasizmi, nima qiling: eringizning har bir gapiga tirjayib turavering. Chunki siz judayam jiddiysiz-da! Tabassum kayfiyatni ko‘taradi. (Zaldagi tomoshabinlarni ko‘rsatib) Mana shuncha odam ham kulish uchun kelishgan, to‘g‘rimi?

Lutfiya: — Sanobar opa, spektakldan chetga chiqmang.

Sanobar opa: — Ha-ya, lirik chekinish qilib yuboribman.

Sahnaga Shoir, Turg‘unov, Zokirov va Faxriev chiqib kelishadi. Ular ish stollarini egallaydilar.

Faxriev:(tishkavlagich bilan tishini kavlab) Qani edi, tushlikdan so‘ng mazza qilib uxlasang. Bolaligimda bir multfilmni sevib ko‘rardim. Qurbaqalar hayotidan olingan. Ikkita qurbaqa o‘tiradi, deng. Ular boshlari ustida aylanayotgan pashshalarni shartta-shartta ushlab yeyishadi. “Mana, qorin to‘ydi, endi uxlaymiz”, deyishadi. Shunday deb, pinakka ketishadi. Uyg‘ongach, “mana, uxladik, qorin och qoldi, endi to‘yg‘azamiz”, deb yana pashsha tutishga kirishadi. Keyin yana uxlashadi.

Turg‘unov: — Men navbatchilikni o‘ylasam, Faxriev qurbaqalarni o‘ylaydi.

Lutfiya:(ishdan bosh ko‘tarib, aftini bujmaytiradi) Voy-voy-ey, qayoqdagi gaplarni gapirasizlar!

Sahnaga kotiba chiqib kelib, qo‘lidagi purkagichdan hamma joyga sepa boshlaydi.

Kotiba: — Shaftolining hidi, zo‘r-a? Muassis kelarkan — majlis bo‘larkan! O‘zlaring chaqirtiribsizlar-ku!

Barcha o‘zining ish stolidagi qog‘ozlarni tartibga keltira boshlaydi. Sochlarini tarab, ust-boshlarini to‘g‘irlaydilar.

Zokirov: (Kotibaga) Majlislar zali-chi?

Kotiba:(eshikka qarab qo‘yib) Muassisning xotini gashtak o‘tkazyapti, degandim-ku, bir-ikkita dugonasi uxlab qolibdi (shunday deb sahnadan chiqib ketadi).

Sanobar opa: — Muassisga nima bor ekan? Bitta-ikkita muammomizni hal qilib berarmidi!

Shoir: — Uchrashib turish kerak-da, opa. Diydor g‘animat, deydilar.

Faxriev: — O‘zlaring chaqirtirdilaring-ku, gazeta nomini o‘zgartiramiz, deb.

Zokirov: — To‘g‘ri, allaqachon o‘zgartirish kerak edi.

Shoir: — Eng muhimi, muassisning kayfiyatini buzmasak bo‘lgani. Aks holda “ishdan bo‘shataman”lab qoladi.

Sahnaga tez-tez qadamlar bilan past bo‘yli Muassis, ortidan Emin Lapasovich va Jo‘raqulovlar chiqib kelishadi. Muassisning ikkala qo‘lida ham “sotka”.

Xodimlar:(baravariga o‘rinlaridan turib) As-sa-lo-mu  a-lay-kum!

Muassis bosh irg‘ab, Emin Lapasovich ko‘rsatgan stolni egallaydi. Xodimlar joylariga o‘tiradilar. Emin Lapasovich va Jo‘raqulov Muassisning yonidan joy oladilar. Barchaning yuzida tabassum, nigohlari Muassisga qaratilgan.

Muassis: (Emin Lapasovichga aftini sal burishtirib qaraydi) Nima gap? Tezroq… Shart-shurt gapiramiz, chiqib ketamiz. Vremya netu!

Emin Lapasovich: — Shu, gazeta nomini o‘zgartirsak degandik, domla. Uchib ketadigan bir nom qo‘ysak.

Muassis:(tushunmaydi, qovog‘ini soladi) Qanday... uchib ketadigan?

Emin Lapasovich: — Bozorda uchib ketadigan!

Muassis: (chehrasi yorishib) Ha, bozor, deng. Bozor yaxshi. U yerda pul aylanadi… (Keyin o‘ylanib turib, shartta o‘rnidan turadi va u yoqdan-bu yoqqa yura boshlaydi. Hammaning nigohi uning harakatiga qaratilgan) “Ekspress-taym-nyus”... Hm-m-m… bu nomni men o‘ylab topganman-ku! Kak, o‘zgartiramiz?

Emin Lapasovich:(tomoq qirib) To‘g‘ri, siz o‘ylab topgansiz. Sal boshqacharoq qo‘ysakmi, deb jamoa bilan fikrlashgan edik.

Muassisning qo‘l telefonidan chiroyli ohang chiqadi. Sahnaga bir zumgina Zarifa va Ra’no paydo bo‘lib, bir chekkada raqs tusha boshlaydilar. Sanobar opa va Lutfiyaning “ket” ishorasi bilan sahnadan chiqib ketadilar.

Muassis:(qo‘l telefonini qulog‘iga tutib) Allo, da... Skolko kotneyner? Kam-ku! Darmoedi! Vabshe kam! Kutinglar, boraman. (Telefonini o‘chirib, yana u yoqdan-bu yoqqa yura boshlaydi. Hatto, eshikkacha borib keladi). Tak-tak-tak… (Birdan to‘xtab) Men gazeta nomini o‘zgartirish emas, unga qo‘shimcha so‘z qo‘shish tarafdoriman. Agar kimda-kim fikrimga qarshi chiqsa, shartta ishdan bo‘shataman.

Hech kim lom-mim demaydi. Hamma bir-biriga zimdan qarab oladi. Biroz o‘tib, Shoir o‘rnidan turadi.

Shoir: — Qo‘shimcha so‘z qo‘shish kerak ekan, menda bir fikr bor: (dona-dona qilib) “Ekspress-taym-nyus-bahor-epkinlari”, desak, qalay bo‘larkan?

Muassis: (o‘ylab turib, bosh chayqaydi) Yo‘q, cho‘zilib ketadi! I vo vtorix, “epkinlari” chto takoe?

Shoir yelkasini qisib, boshqalarga qaraydi. Ular ham Shoirga ola qarab qo‘yishadi. Zokirov uni yengidan tortib, joyiga o‘tqazadi. Takliflar ayta boshlanadi.

Lutfiya: — “Ekspress-taym-nyus-latofat”. (Muassis bosh chayqaydi).

Sanobar opa: — “Ekspress-taym-nyus-kep-qoling”. (Muassis yana bosh chayqaydi).

Turg‘unov: — “Ekspress-taym-nyus-muzlagan-qalbning-erishi”!

Muassis:(aftini burishtirib) Xolodilnik ne poydyot!

Faxriev: — “Ekspress-taym-nyus-skanvordlar-dodasi”... (Muassis qadamini to‘xtatmay, bosh chayqaydi).

Jo‘raqulov: — Bugun mas’uliyatni targ‘ib-tashviq qilishimiz kerak. Shuni hisobga olib, “Ekspress-taym-nyus-mas’uliyatni-unutma-hargiz”, deb qo‘ysak, qalay bo‘larkan?.. Poeticheski (Muassis qo‘li bilan “yo‘q” ishorasini qiladi).

Emin Lapasovich ham nimadir aytmoqchi bo‘ladi, ammo Muassis joyida to‘xtab, ko‘rsatkich barmog‘ini ko‘taradi-da, taklifini aytadi.

Muassis:(baland ovozda) Eng zo‘r nomni o‘zim topdim: “Ekspress-taym-nyus-MAMONT”!

Xodimlar yig‘lashni ham, kulishni ham bilmay qoladilar. Shoir boshini xam qilib, o‘zini kulgidan to‘xtata olmaydi. Zokirov uni turta boshlaydi. Lutfiya og‘zini ro‘molcha bilan yopib olgan. Faxriev Muassisga qaragancha baqrayib qolgan. Shoirning hanuz yelkalari silkinib ovozsiz kuladi. Muassis esa Emin Lapasovich va Jo‘raqulov o‘tirgan stolga yaqinlashib, ularga tikilib turadi. Jo‘raqulov nima qilarini bilmay, stolning tortmalarini ochib titkilay boshlaydi.

Emin Lapasovich:(tutilib) “Eks... ekspress-taym-nyus-MAMONT”?!. Mamontning nima aloqasi bor, domla?

Muassis:(yana yura boshlaydi) Mamont — kattakon degani-da! Ulkan, eng zo‘r gazeta! Gromadnыy, ponimaete?.. Demak, kelishildi. Agar kim bu taklifga qarshi chiqsa (hammaga bir-bir qarab oladi), ishdan bo‘shataman (shunday deb eshik tomon yuradi. Emin Lapasovich bilan Jo‘raqulov ham tura solib, uning ortidan ergashadilar. Muassis shoshganidan shkaf eshigini ochib, ichiga qadam tashlaydi. Emin Lapasovich uni ushlab qolib, chiqish eshigini ko‘rsatadi. Keyin uchovlon chiqib ketadilar).

Zokirov: (hamon boshini quyi solib kulayotgan Shoirning yelkasiga bir uradi) Bo‘ldi qilsangiz-chi!

Shoir:(hamon kulimsirab) O‘zi shundoq ham yevropacha nom bilan gazetani odamlarga o‘qitolmay yotibmiz-u, “mamont” deydi! Qanaqa tushunmaydigan odam-a, bu muassis? Huv bir gal ham Amerikagami, Angliyagami borib-kelib, hoshsha-kalom “bir kunda ikki yuz varaqlik ikkita sonini chiqaramiz, u yerda shunaqa qilisharkan”, degani eslaringdami? Kapalaklarimiz uchib ketuvdi. Hartugul oshnalari bu fikridan qaytargandi o‘shanda.

Faxriev: — Endi nima qilamiz? Yomg‘irdan qutulib, do‘lga!

Zokirov: — Emin Lapasovich o‘zi gaplashadi, ko‘rasizlar.

Shoir:(miriqib kulib) “Ekspress-taym-nyus-mamont”! Xo-xo-xo!..

Turg‘unov: — Barakat topkurlar, ishni qachon boshlaymiz? Navbatchilikda men nimani o‘qiyman?..

Sahna qorong‘ilashadi.

* * *

Sahna yorug‘lashib, faqat Turg‘unovni ko‘ramiz. U o‘zining ish stolida gazeta sahifalarini o‘qib o‘tiribdi.

Polyuvgich ko‘targan Xadicha xola yaqinlashadi. Polyuvgichga latta o‘rab, polni yuva boshlaydi. Xadicha xola Turg‘unovning stoliga yaqinlashganida unga olayib qaraydi.

Xadicha xola: — Tuvakda o‘tirgan bolaga o‘xshamay tur o‘rningdan, tagingni tozalab olay. Mening vaqtim yo‘q. Hali sut-qatig‘imni sotishim kerak.

Turg‘unov: (qog‘ozdan ko‘z uzmay) Qo‘ysangiz-chi, Xachcha xola! Shu navbatchiligimda chalg‘itmay turing! Boring-boring, xalaqit bermang.

Xadicha xola:(jahl bilan polyuvgichni Turg‘unovning boshi uzra ko‘taradi) Tur, dedim. Hozir mana shu bilan bir tushiraman, kallang qoq ikkiga bo‘linadi.

Turg‘unov:(o‘rnidan turadi) Xo‘p-xo‘p... Darrov qo‘pollashasiz-a!

Xadicha xola:(polni yuva boshlaydi) Sening navbatchiliging deb kutib o‘tiramanmi? (Turg‘unovga qarab olib) Menga qovoq-tumshuq qilma! Jo‘rnolist bo‘lsang, o‘zingga!

Turg‘unov chiqib ketadi. Sahnaga bir o‘spirin yigit kirib, iymanibgina salom beradi. Xadicha xola unga bir qarab qo‘yadi-da, ishini qilaveradi.

Yigitcha: (yig‘lamsirab) Kechirasiz, siz sevgi bo‘limida ishlamaysizmi mabodo?

Xadicha xola:(unga olayib qarab) Ha, namuncha ertalabdan obidiydangni oqizasan? Otang urdimi, nima balo?

Yigit:(uh tortib) Iltimos, menga yordam bering. Bir qizga xat yozishim kerak.

Xadicha xola:(to‘ng‘illab) Men sekritarka emas, farroshman. O‘zing yozsang bo‘lmaydimi¸ qo‘ling singanmi? Momong tengi odamga ish buyurasan?! Tirmizak!

Yigitcha:(muomaladan ranjib) Bilmaysizmi, sevgi bo‘limidagilar qachon kelisharkan?

Xadicha xola: — O‘v, bola, qulog‘ing tom bitgan, shekilli-a? Men farroshman, bular qachon kelishini aytadigan folbin emasman. Obidiydangni oqizma-ey, polni rasvo qilasan!

Yigitcha ko‘z yoshini artib, bir chekkadagi kursiga o‘tiradi. Xadicha xola ishini tugatib, chiqib ketadi. Eshik tirqishidan poylab turgan Turg‘unov xo‘mraygancha qaytib kelib, ish stoliga o‘tiradi.

Yigitcha: — Kechirasiz, amaki, siz sevgi bo‘limida ishlamaysizmi?

Turg‘unov:(bosh chayqab) Uka, bizda sevgi degan bo‘lim yo‘q.

Yigitcha: — Nega?.. Axir har sonda berasizlar-ku, sevishganlarning xatini.

Turg‘unov: — U boshqa bo‘lim: “Turmush zinapoyalarida”. Sanobar opa degani boshqaradi. Ozroq kutsangiz, kelib qoladi.

Zarifa kirib, qo‘lidagi qog‘ozlarni Turg‘unovga ko‘rsatadi. Birin-ketin Shoir, Faxriev, Zokirovlar kirib kelishadi. Turg‘unov bilan so‘rashadilar. Zarifa chiqib ketadi. Sanobar opa va Lutfiya ham kirib kelishadi. Salomlashib, o‘z joylarini egallaydilar.

Shoir:(Turg‘unovga tirjayib) Qalay endi, Turg‘unov? O‘rganib qoldingizmi navbatchilikka?

Turg‘unov unga xo‘mrayib, hech nima demaydi.

Shoir: — Namuncha?! Hademay imzo cheksangiz, o‘tadi-ketadi-da! Faqat ta’ziyanomaga ehtiyot bo‘ling!

Turg‘unov:(boshini ko‘tarib) Yaramni tirnamang, xo‘pmi?

Faxriev:(yoyilib kulib) Nega yarangiz tirnaladi? Ta’ziyanomadagi odam qarindoshingizmi yo?

Turg‘unov: — Aynan shu bugunga kelib, Ra’noning bolasi kasal bo‘lib qolibdi. Buning ustiga Jo‘raqulov qaysidir tadbirga ketgan. Zarifaga, siz ham o‘qing, desam, mening sahifam emas, deydi bez bo‘lib. Hamma balo mening gardanimda! Negadir Yalg‘asheva momoning qassob o‘g‘li haqidagi gapi quloqlarim ostidan ketmayapti. O‘lmay o‘lgir, boshqa xodimning navbatchiligigacha o‘lmay tursa bo‘lardi.

Shoir miriqib kuladi. Faqat Zokirovgina Turg‘unovga achinib qaraydi. Hamma o‘z ishi bilan andarmon bo‘ladi. Bir chekkada o‘tirgan yigitcha esa kimga murojaat qilishni bilolmay, indamay o‘tiraveradi. Xadicha xola bo‘sh paqir ko‘tarib kiradi-da, eshik yonidagi shkafni ochib, paqirni o‘sha yerga qo‘yadi. Keyin yigitchaning yonidan o‘tib ketayotib shartta to‘xtaydi.

Xadicha xola:(yigitchaga) Iya, nega ammamning echkisiga o‘xshab indamay turibsan? Hamma kelib bo‘ldi. Og‘zingni ochib o‘tiraverasanmi? (Sanobar opani ko‘rsatib) Mana bu Sanobarga uchrash! (Xadicha xola ming‘irlab yo‘lida davom etadi). Bugungi bolalar namuncha lallaymasa! Ketiga bir tepsang-da, kalishing bilan!..

Yigitcha:(Sanobar opaning oldiga boradi). Assalomu alaykum, xola. Men bir qizni sevib qoldim.

Sanobar opa: — Nima qilay shunga? Suyunchi beraymi?

Shoir:(eshitib qolib) O, ukam, sevish, bu – juda yaxshi! (Turg‘unovga o‘girilib) Navbatchilik emas, sevgi-muhabbat tirnasin yarangizni!

Sanobar opa:(Shoirga norozi qarab) Namuncha ko‘p gapirmasangiz?

Turg‘unov:(ming‘irlab) Ertalabdan buyon og‘zi tinmaydi. Hali o‘zining navbatchiligi kelsin, ko‘ramiz.

Shoir:(viqor bilan) Sevgi haqida qancha ko‘p gapirsa, shuncha oz!

Yigitcha Sanobar opaga nimalardir deb gapira boshlaydi. Sanobar opa yaxshi eshitmay, unga tomon engashadi. Shoir esa shiftga tikilib, o‘ylanib qoladi.

Sahnaga Zarifa kirib keladi. Qo‘lidagi qog‘ozlarni Turg‘unovga ko‘rsatadi. Turg‘unov qog‘ozlarni naq tumshug‘i tagiga keltirib o‘qiydi. Ayniqsa, bitta sahifaga o‘rnidan turib, yaxshilab tikiladi. Ruchkasi bilan bitta-bittalab belgilab qaraydi. Faxriev bilan Zokirov uni imlab, bir-birlariga nimadir deb kuladilar. Zarifa chiqib ketgach, Turg‘unov chuqur xo‘rsinadi.

Turg‘unov:(Chap ko‘ksini ushlab) Xuddi bir balo bo‘ladiganday... O‘lay agar, bir balo bo‘ladi.

Shoir:(nigohini shiftdan olib) Obbo! Yurakdan ham bergan ekan-ku! (Tirjayib) Bir boshga – bir o‘lim-da!

Sanobar opa:(yigitchaga) Uka, uyalmaysizmi? Shu gapni shu yerga olib kelib o‘tiribsizmi? Turing-ey! Boring.

Lutfiya:(ishdan bosh ko‘tarib) Nima gap, opa? Sizga gap otyaptimi yo?

Sanobar opa: — E, “bir bir qizni sevaman”, deb piq-piq yig‘layapti. “Ana shu yig‘lashimni butun O‘zbekiston bilsin”, deydi. Yana nima emish: “agar menga tegsa, butun umr oyoqlarini o‘pib o‘taman, deb yozing” emish!.. “Ozodbek Nazarbekov, “oyog‘ingni quchib yig‘layman”, deydi-ku, men ham sevgimni shunday bayon etsam nima qilibdi”, emish! Ayol bo‘la turib, mening oriyatim qo‘zib ketdi-ya! Boya Xachcha xola to‘g‘ri aytgan ekan, qanaqa bola bular, sevgi-sevgi deb hamma narsadan ham kechvoradi.

Yigitcha o‘rnidan turadi. Gandiraklab shkafning eshigini ochadi-da, kirib ketadi. U yerdan paqirning tang‘ir-tung‘iri eshitilib, qaytib chiqadi-da, tezda eshikdan chiqib ketadi.

Shoir:(Turg‘unov, Faxriev va Zokirovga) Turinglar joylaringdan. Hali uzoqqa ketib qolmagandir, g‘urursizligi uchun shu bolani xumordan chiqquncha bir uramiz.

Faxriev: — Iya, Shoir, o‘zingizni bosing.

Shoir:(ifodali o‘qib) Axir, sevgi emasdir g‘ururing sotmoq.

Zokirov:(bosh irg‘ab) To‘ppa-to‘g‘ri!

Xonanda Ozodbek Nazarbekovning “Oyog‘ingni quchib yig‘lagim keldi” qo‘shig‘i sadosi ostida sahna qorong‘ilashadi...

* * *

Sahna yorishib, xodimlarni tinchgina ishlab o‘tirgan holda ko‘ramiz. Faqat Zokirovning joyi bo‘sh. Turg‘unov boshqacha kiyingan – chiroyli kostyum-shimda, bo‘ynida galstuk. Sochlari silliq taralgan. U xotirjam ko‘rinsa-da, gazetalar taxlami quyilgan stol chekkasidagi telefonga xavotir bilan qarab-qarab qo‘yadi.

Faxriev:(ishdan boshini ko‘tarib, Turg‘unovga qaraydi) E, qoyil! Navbatchilikdan qutulganim – men uchun bayram, deng! Bi-i-ir shashlik olib, yuvmaysizmi?

Turg‘unov: — Faqat navbatchilikdan qutulganim mayli, haligi nekrologdan ham qutuldim. (Yana telefon tomonga hadik bilan qarab qo‘yadi).

Faxriev:(oldidagi qog‘ozlarga nimalarnidir yozib) Shu skanvordlar ham jonga tegdi. Goh kataklar to‘g‘ri kelmaydi, goh harflarni sig‘dirolmayman. (Shoirga qaraydi) Shoir, to‘rtta harfdan iborat so‘z aytib yuboring, oxiri “u” bo‘lsin. “Bug‘u” dedim, to‘g‘ri kelmadi, “uyqu”yam to‘g‘ri kelmadi. “Tuyg‘u” desam, beshta harf!

Shoir talmovsirab o‘tiradi. Faxrievning gapiga parvoyam qilmaydi.

Faxriev: — Eshitmayapti, shekilli? Shoir, sizga gapiryapman?!!

Shoir:(o‘ziga kelib) Vosilni so‘rayapsizmi? Boshqarmadan material qilib kelaman, degandi-ku!

Faxriev: — E, qanaqa Vosil? To‘rtta harfdan iborat so‘z ayting, dedim. Oxiri “u” bo‘lsin.

Shoir: — Nega?

Faxriev:(oldidagi qog‘ozlarga ishora qilib) Skanvordga so‘z topolmayapman, dedim-ku!

Shoir:(Xiyol o‘ylanib) Inju!

Faxriev: — O, yashang! (Yoza boshlaydi) In-ju!.. Nima degani bu? Anovi Jo‘raqulov shaytonlab so‘rab qolsa, javob topolmay qolmay tag‘in.

Shoir: — Nima?

Faxriev: — Obbo? Inju nima degani, deb so‘rayapman?

Shoir: — Dur, marvarid, degani!

Faxriev: — O, yana bir marta yashang, Shoir!

Shu payt telefon jiringlab, hammadan avval Shoir o‘rnidan turadi-da, borib go‘shakni oladi. Turg‘unov qo‘llarini qovushtirib, yelkasini qisgan ko‘yi unga ilinj bilan qarab turadi.

Shoir: — Alyo, nima? (Go‘shakni qulog‘iga mahkam bosadi). Eshitilmayapti, qattiqroq gapiring... A?.. Navbatchini?.. Nima qilasiz?..

Turg‘unov qaltiray boshlaydi. Og‘zini kappa-kappa ochadi, chuqur-chuqur nafas oladi. Qo‘lini stolga qo‘yib o‘tirgani bois stol ham qimirlayveradi.

Shoir:(go‘shakka) Baqirmang, nega baqirasiz?!. Hozir chaqiraman. (Shunday deb, Turg‘unovga qaraydi). Ushlang go‘shakni, navbatchi kim edi, deb so‘rashyapti...

Turg‘unov:(zo‘rg‘a o‘rnidan turadi) Kim... kim? Ki-i-i-i-i-m?

Shoir: — Bilmasa-a-a-a-a-a-m!.. Ovozi past kelyapti, o‘zingiz qarang! (Shunday deb joyiga o‘tiradi).

Turg‘unov gandiraklab o‘rnidan turadi. Qo‘llari qaltirab go‘shakni oladi, qulog‘iga tutadi

Turg‘unov: — Al... al... al... A? Eshitilmayapti... Ha, men, men... men edim. Nima?.. Qanaqa rasm? Tirik odam?.. Al… al… Kimni o‘ldirasiz?.. Al... al...

Turg‘unovning qo‘lidan go‘shak tushib ketadi. O‘zi gandiraklab joyida uch marta aylanadi. Boshqalar qo‘rqib, qarab turadilar. Lutfiya o‘rnidan turib ketib, Sanobar opaning pinjiga tiqiladi. Faxriev ruchkasining uchini chaynay boshlaydi. Shoir xuddi himoyalangandek ikki qo‘lini musht qilgan holda turadi. Turg‘unov gandiraklab borib, divanga yetmay, qulab tushadi.

Lutfiya:(dodlab yuboradi) Voy-dod! Turg‘unov o‘ldi!..

Qiy-chuv bo‘lib ketadi. Faxriev qo‘rqa-pisa Turg‘unovga avval qo‘lini tekkizib ko‘radi, keyin esa uni sudrab, divanga yotqizadi. Shoir nima qilarini bilmay, sakrab-sakrab qo‘yadi. Eshik tomonga tez-tez qaraydi. Sanobar opa Turg‘unovning yuziga suv sepish bilan ovora, Lutfiya esa gazeta o‘rami bilan uni yelpiy boshlaydi. Sahnaga yugurib chiqqan Zarifa ham Turg‘unovni bu ahvolda ko‘rib, qo‘rqib ketadi. Qo‘rqa-pisa divanga yaqinlashadi. Vag‘ir-vug‘ur ovozlar!

Zarifa: — Voy, bu kishining yotishini!

SanoBar:(Shoirga) Nega go‘shakni Turg‘unovga berdingiz?

Birdan sukut cho‘kib, hamma Shoirga qaraydi. Shunday jimlik hukm suradiki, pashshaning g‘o‘ng‘illagan ovozi eshitiladi. Shoir nigohlarga chiday olmay, talmovsirab qoladi. Bir Turg‘unovga, bir boshqalarga qaraydi.

Shoir:(tutilib) Nav... Navbatchini so‘radi, berdim-da! Berdim! Berdim!..

Sanobar opa va Lutfiya jonsiz yotgan Turg‘unovga qarab-qarab, yig‘lay boshlaydilar.

Faxriev:(Shoirni so‘roqqa tutadi) Siz o‘zingizni bosing, Shoir. Savollarimga shoshilmay javob bering, ayting-chi, kim edi qo‘ng‘iroq qilgan? A?.. Faqat hayajonlammang. Ovoz toni qanaqa edi?

Sanobar opa va Lutfiya yig‘idan to‘xtab, Shoirga qaraydilar.

Shoir:(yuz-ko‘zini artib) Men ovozining tonini qaerdan bilaman! Go‘shakni ko‘targanimda do‘q urdi, navbatchini chaqirib ber, dedi, chaqirdim. Bor gap shu!

Sanobar opa:(Shoirga yaqinroq kelib, unga tikilib qaraydi) Unda nega qaltirayapsiz? Ko‘z qorachiqlaringiz uyimdagi scho‘tchikka o‘xshab namuncha g‘irillab aylanmasa?!

Shoir:(yig‘lagudek bo‘lib) Ie, opa, tinch qo‘yasizmi? (Keyin hammaga bir-biri qarab oladi). Baqraymanglar menga (o‘ng qo‘lining ikkinchi va uchinchi barmoqlarini ko‘rsatib), ko‘zlaringga qo‘limni tiqib olaman!.. Umuman... nega menga yopishib oldilaring?

Faxriev:(Shoirga rahmi kelib) Birodarlar, kaminaning anglashicha, Shoir aybdor emas! Navbatchini chaqir desa, men ham, boshqalar ham chaqirib berardik, to‘g‘rimi? Turg‘unovniyam peshonasiga yozilgan ekan, nachora! Shoir pricho‘m?! Turg‘unovning qismatiga gazetaning shu soniga navbatchi bo‘lish, shunday xato ketishi va o‘lishi yozilgan ekan, vassalom! Xoliq Xursandov yozganiday, “o‘lding-o‘chding”!

Zarifa: — Gap o‘rtamizda qolsin-u, agar Ra’no ishga chiqqanida Hikmatilla aka o‘lmasligi aniq edi.. Men “Tez yordam”ni chaqiraman (shunday deb tezda sahnadan chiqib ketadi).

Lutfiya:(ko‘z yoshlarini artib) Balki o‘lmagandir? Aniqlash kerak. Ekspertizaga telefon qilaylik... Menimcha, Turg‘unov o‘lmagan. Erkaklardan birortasi yuragiga qulog‘ini tutib ko‘rsin! Axir hech gapdan hech gap yo‘q, ko‘mib yuboravermaymiz-ku!.. Shoir, bo‘ling, Turg‘unovning ko‘ksiga qulog‘ingizni qo‘yib ko‘ring...

Shoir:(alam bilan) Nega men qulog‘imni qo‘yishim kerak? Mana, Faxriev tekshirib ko‘rsin.

Faxriev:(achchiqlanib) Iya, tavba!

Lutfiya:(Shoirga) Hammasiga siz aybdorsiz. Turg‘unovga telefon go‘shagini siz berdingiz. Hammamiz ko‘rdik, hammamiz guvohmiz bunga! Suddayam shunday deymiz.

Shoir:(jig‘ibiyron bo‘lib) Sudda?!. Hoy, inson, navbatchini so‘rashdi, go‘shakni berdim. O‘rnimda boshqa odam bo‘lganida ham shunday qilardi.

Lutfiya:(bosh chayqaydi) Yo‘q, bunday qilmasdi. Shaxsan men Turg‘unovning ekstrenniy holatini, xavotirlanganini, qo‘rqayotganini, nasmert o‘lishini bila turib, uni telefonga chaqirmagan bo‘lardim.

Shoir:(baqirib yuboradi) Bo‘lmasa enangni chaqirarmiding?!

Lutfiya:(ko‘zlarini katta-katta ochib) Voy, shoir bo‘lmay ket, sen nega meni sensiraysan, nega onamni qo‘shasan? (U Shoirga yaqinlashib, yoqasiga yopishadi. Yana qiy-chuv bo‘lib ketadi. Faxriev bilan Sanobar opa Lutfiyani zo‘rg‘a ajratadilar. Zarifa qaytib kirib, bir chekkada ularni tirjayib tomosha qilib turadi).

Shoir:(viqor bilan) Yalmog‘izlar hujum aylaganda ham, o‘zimni albat himoya qilgum!

Sanobar opa:(qichqirib) Bas qilinglar! Turg‘unovga hurmat shumi?

Lutfiya tinchiydi. Keyin Turg‘unovning atrofini o‘rab olishadi. Zarifa ham jiddiy tortib, ular safiga qo‘shiladi. Bir, ikki... besh... o‘n soniyalik sukut...

Faxriev: — Qarab turaveramizmi? Ish ham qolib ketdi. Men skanvordlarni tekshirib chiqaman, degandim.

Sanobar opa: — Namuncha ish-ish deb siqilmasangiz! “Tez yordam”dan kelishlari kerak. Balki gazetani bitta son chiqarmay, dam olarmiz.

Shoir:(Turg‘unovga termilib) Turg‘unov yaxshi odam edi… (Ifodali o‘qiy boshlaydi) Qofiyalar kela boshlayapti. Alvido, ey, do‘st, alvido, vido, rido, nido, radio!

Faxriev: — Ammo biz bu masalani shunchaki tashlab qo‘ymasligimiz kerak. Navbatchilikka kim majburlagan bo‘lsa, o‘shani javobgar qilishimiz kerak.

Shoir:(qiyqirib yuboradi) To‘ppa-to‘g‘ri! (Ifodali o‘qib) Bor ekansiz-u birodar, qayoqda edingiz shu paytga qadar? Bitta topib gapirasiz-da, keyin meni kuldirasiz-da! Gaplaringizdan o‘zim o‘lay, keling, peshonangizdan bitta o‘pay.

Faxriev: — Kim majburlagandi o‘zi navbatchilikka?

Hech kim lom-mim demaydi. Yana sukut cho‘kadi.

Shoir: — Nega indamaysizlar, bir odam o‘lib ketaveradi-yu og‘zimizga suv olib turaveramizmi? (Ovozini pastlatib). Bu o‘rinbosar Jo‘raqulov hammamizni bitta-bitta o‘ldiradi, mana, ko‘rasizlar! Yaxshisi, Turg‘unovning o‘limida Jo‘raqulovni ayblab, bosh muharrir nomiga ta’ziyanoma topshiramiz, e, tfu, bildirishnoma topshiramiz.

Faxriev:(eshik tomonga qarab qo‘yib) Bu fikringiz yaxshi, ammo o‘sha bildirishnomaga kim birinchi bo‘lib imzo qo‘yadi? O‘zingizmi? Keyin Jo‘raqulov sizni qovurib yeydi!

Shoir:(talmovsirab) Nega endi men? Nima bo‘lsa, Shoir, Shoir ekan-da!

Faxriev: — Axir tashabbus sizdan chiqyapti-ku! Bizni balo o‘qiga duchor qilib, o‘zingiz ortimizda turmoqchimisiz?

Sanobar opa: — Umuman aytganda, Shoirning gapida jon bor. Bildirishnoma yozish kerak. Biroq Faxrievning ham gapi to‘g‘ri, birinchi bo‘lib imzo chekishga hech kim jur’at etolmaydi. Bu borada menda bir taklif bor!

To‘rtovlon:(baravariga) X-o‘-sh?

Sanobar opa: — Eng yaxshi yo‘li — qur’a tashlash! Anna shunda hech kim bir-biridan ranjimaydi.

Shoir: — O, yashang, opaginam, yashang. Gaplaringiz bahor havosidek musaffo, yuraklarda limmo-lim sabo!

Lutfiya:(Shoirning gapini kesib) — Shu payt she’r o‘qishga balo bormi? Qur’a tashlasak, tashlay qolaylik.

Zarifa: — Ammo men qo‘shilmayman. Faqat qarab turaman, korrektorman-ku!

G‘ala-g‘ovur bo‘ladi.

Sanobar opa: — Bir raqamini hech kimga yozmaymiz!

Faxriev: — To‘g‘ri! Yuz raqami bir bo‘la qolsin.

Shoir: — Ha, yuzdan boshlaymiz.

Zarifa: — Qanday? Yuz, ikki yuz, uch yuzmi?

Sanobar opa: — Yo‘g‘-ey! Yuz, bir yuz bir, bir yuz ikki...

Faxriev: — Ishga kelmaganlar, otpuskadagilar-chi, ular qutulib qolaveradimi?

Sanobar opa: — Kelganidan keyin qur’a tashlaymiz.

Lutfiya: — To‘ppa-to‘g‘ri, balki yuz raqami o‘shalarga tushar?!

Zarifa: — Tezlashtiringlar.

Shoir: — Shoshmanglar, men hayajonlanib ketyapman.

Lutfiya: — Vaqtni o‘tkazmaylik, dedik-ku!

Sanobar opa: — Shoir, siz ikkita oldingiz, bittasini qo‘ying joyiga. Yoki Faxrievga bering.

Faxriev: — Yo‘q, men o‘zim olaman. Shoirniki bexosiyat.

Sanobar opa: — Obbo, bo‘pti, olavering.

Faxriev: — Mana, oldim, yaxshi kunlarga buyursin, demaysizmi?

Shoir: — E, yedingiz-da, indamay olavermaysizmi?

Lutfiya: — Voy, jonim! Men mana bunisini olaman.

Sanobar opa: — Obbo, tezroq bo‘linglar...

Sahnaga tirjayib Zokirov chiqib keladi. U dastlab hamma xodimlar g‘uj bo‘lib turganiga ko‘zi tushib hayron bo‘ladi. Turg‘unovning yotgani Zokirovga ko‘rinmaydi. U vag‘ir-vug‘ur ovozlarni eshitib, o‘sha tomonga talpinadi.

Zokirov: — Assalomu alaykum, hormanglar!

Lutfiya: — Salom... Keling-keling!

Zokirjv:(hamon kulib) Ha, yana Xitoy mollarimi? O‘tgan safar xotinim qo‘shnilarga pullab, ancha foyda qildi... Savdogar opamiz ko‘rinmayapti?..

Faxriev: — E, qanaqa savdogar opa? Turg‘unov o‘lgan ekan, shunga...

Zokirov:(qo‘rqib ketadi) Nima?!. Turg‘unov o‘ldimi? Rostdan ham o‘ldimi?

G‘ala-g‘ovur tinib, endi avval Turg‘unovga, keyin Zokirovga jiddiy e’tibor beradilar.

Zokirov: — Nega indamaysizlar? Turg‘unov nega o‘ladi?

Lutfiya:(yig‘lab yuborib, Turg‘unov yotgan divanni ko‘rsatadi) Ha, o‘ldi, mana, qarang. Bir ahmoq telefon qiluvdi, o‘lib qoldi. Endi na o‘sha odam kelyapti, na “tez yordam”!

Zokirov hamkasblarini u yoqqa-bu yoqqa surib, yuztuban yotgan Turg‘unovga tikiladi. Ko‘zlariga yosh quyilib keladi.

Zokirov:(baqirib) Nega o‘ladi, nega?

Faxriev: — Namuncha dodlaysiz?! Shunchalik g‘amxo‘rmisiz, bilmagan ekanman.

Lutfiya:(bidirlab) Hammasi Shoirni deb bo‘ldi! Turg‘unovga telefon go‘shagini berib o‘tiribdi-da!..

Zokirov Faxrievning orqasiga yashirinmoqchi bo‘layotgan Shoirga g‘azab bilan tikiladi. Nimadir demoqchi bo‘ladi.

Shoir:(orqaga tisarilib) Buyam meni balogardon qilmoqchi!

Zokirov:(Shoirni ko‘rsatkich barmog‘i bilan ko‘rsatib) Mana shu, mana shu (shunday deb Turg‘unovning yoniga yiqiladi).

Ayollar:(chuvillab yuboradilar) Voy-dod, Zokirov ham o‘ldi!..

Faxriev Zokirovni divanning bu tomoniga yotqizib qo‘yadi. Sanobar opa tizzasiga shapatilab-shapatilab yig‘laydi. Lutfiya o‘zini yelpiy boshlaydi. Zarifa qaltirab qolgan. Faxriev goh divanning u yog‘iga, goh bu yog‘iga o‘tadi. Shoir qo‘rqib ketib, bir chekkada turadi.

Lutfiya:(Zarifaga) Men chiday olmayman. Zarifa, xonangizga o‘taylik.

Sanobar opa: — Men ham... Bir kunda ikkita o‘lik! Bu qanday gap-a?

Zarifa, Lutfiya va Sanobar opa chiqib ketadilar.

Sahnaga do‘xtir bir yordamchisi bilan kirib keladi. Ular hayron bo‘lib, divanda cho‘zilib yotgan Turg‘unov va Zokirovga qarashadi.

Do‘xtir:(Turg‘unovni ko‘rsatib) Xo‘sh, nima qildi bunga?

Faxriev: — Kimdir telefon qilib, allambalo degan edi, tap etib hushidan ketib qoldi.

Do‘xtir: — (bosh qashlab) Qizi-i-q (Zokirovni ko‘rsatib) Bunisi-chi?

Faxriev: — Bumi? Manovini yotganini ko‘rib, buyam yiqildi.

Do‘xtir yordamchisi: — Tavba!.. (do‘xtirga) Nima qilamiz? Hozir morg yopiq. Dyadya Styopa kalitni yo‘qotgan.

Do‘xtir:(Turg‘unov va Zokirovdan ko‘z uzmay) Shifoxonaga olib ketamiz. Avval yaxshilab tekshirib ko‘raylik-chi! (Faxrievga) Bu ishxonada qo‘l-oyoqni yuvadigan xona bormi?

Faxriev: — Bor, bor, yuringlar (shunday deb o‘zi shkaf yonida turib, ularga chiqish eshigini ko‘rsatadi). Men kattalarga ham xabar qilay.

Do‘xtir, yordamchisi va Faxriev sahnadan chiqib ketishadi. Ular chiqib ketgan zahoti Shoir Zokirovning ustiga engashib, uning qulog‘iga shivirlay boshlaydi.

Shoir: — Vosiljon, birodar, shu gap shu yerda qoladi-ya? (Eshik tomonga qarab qo‘yadi) Hech kim bilmasin, iltimos. O‘zi shundoq ham xodimlar meni ayblashyapti. Bunaqa bo‘lishini qayoqdan bilay? Galvars Turg‘unov hazilni ko‘taradi, deb o‘ylabman-da! Shuychalik ham qo‘rqoq bo‘ladimi?! Go‘shakni boshqa kishi olsayam o‘xshamasdi-da! Siz ham juda oshirvordingiz. Do‘q urmay, sekinroq gapirish kerak edi. Qaltirab turganini nafasidan sezmadingizmi?!. (Yana eshik tarafga qarab qo‘ydi) To‘g‘ri, bu fikr mendan chiqdi, ammo Turg‘unov o‘zini tashlab yuborishini qaerdan bilay? Bir hazillashaylik, debman-da, men devona!.. Iltimos, Vosiljon, meni sotib qo‘ymang. Hoy, eshityapsizmi? Agar Turg‘unov o‘lmay, o‘ziga kelsa, bir amallab ko‘ndiramiz... Hali ikkalangizgayamm go‘zal she’rlar bitgum. Jamoa bilmasa bas, endi chiqmasin sas...

Do‘xtir sahnaga qaytib chiqib, Shoirga ajablanib qaraydi.

Do‘xtir:(Shoirga) Tushunmadim, siz bularga alla aytyapsizmi?

Shoir:(shoshib qolib) Yo‘q, o‘zim... Haligi iskustvinniy dixaniya!.. Parvo qilmang... Bir ilhom kelib qoldi-da!.. She’r o‘qib bermoqdaman, o‘zimdan o‘tganini bilmoqdaman.

Do‘xtir:(Turg‘unov va Zokirovning tomir urishini tekshirib) Ha, ha, ijod, deng.

Shoir: — O‘zi nima bo‘libdi, do‘xtirjon, yuragim taka-puka, xavotirda jon.

Do‘xtir: — Fobiya.

Shoir: — Chatoq-ku!.. Attang!.. Gazetada ishlab, hammamiz amfibiya bo‘lib ketdik o‘ziyam.

Faxriev kirib, angrayib turadi.

Do‘xtir:(yordamchisiga) Zambil qani?

Do‘xtir yordamchisi:(shivirlab) Oblzdravdan so‘rashuvdi, haligi katta xo‘jayinnikiga besh moshin g‘isht kelgan ekan...

Do‘xtir: — Bo‘ldi-bo‘ldi, tushunarli... (Turg‘unovning ikki qo‘lidan ushlab) Qani ko‘tardik, raz, dva, vzyoli! (Shoir va Faxrievga Zokirovni ko‘rsatib) Sizlar bunisini ko‘taringlar.

Faxriev Turg‘unovni oyog‘idan, Shoir esa uni qo‘llaridan ushlab ko‘tarib olishadi. Do‘xtir yordamchisi Zokirovni ko‘targan ko‘yi shkafning eshigini oyog‘i bilan ochmoqchi bo‘ladi.

Faxriev:(hansirab) Yo‘q, mana bunisidan chiqing, unisi shkaf!.. Voy-bo‘y, oyog‘i namuncha og‘ir bo‘lmasa! Tag‘in paypog‘iyam yuvilmagan. Biram sassiq!.. Eh, oyoqlar!..

Chiqib ketadilar

Yana xonanda Ozodbek Nazarbekovning qo‘shig‘i yangraydi:

“Oyog‘ingni quchib yig‘lagim keldi-i-i-i...”

Sahnaga Emin Lapasovich va Jo‘raqulov chiqishadi. Ko‘rinishlari xomush.

Jo‘raqulov: — So‘radim, Emin Lapasovich. Kuchli depressiya ekan. Qattiq qo‘rquvdan, deyishdi. Nomini yozib olgan edim... Oxiri “...fiya”midi, “miya”midi, stolning ustida qolib ketibdi. “Infuzoriya tufelka” deganday bo‘lishdi. Qancha vaqt yotishlari hali aniq emas ekan... Tavba, uchalasi xuddi sunnat qilingan yosh boladay yotibdi.

Emmin Lapasovich: — Ikkalasi-ku, ishxonada hushidan ketibdi. Shoir-chi, Shoir nega hushidan ketibdi? Shunchalik hamdard ekanmi ularga?

Jo‘raqulov: — E, uning dardi boshqa! Palataga kirgan hamshira Shoirning bir paytlar sevib qolgan qizi ekan. Birinchi muhabbati bo‘lsa kerak. Haligi nima edi, “Kecha oqshom yotganda-a-a-a-a, oy bo‘zarib yotganda, xira yulduz miltirab...” Shoirning ana shu hamshiraga ko‘zi tushibdi-yu, shartta do‘xtirning ustiga o‘zini tashlavoribdi. Endi do‘xtirga bir balo bo‘lmasa go‘rga edi!

Emin Lapasovich: — Bir kunda shuncha g‘avg‘o, shuncha tashvish! Birdaniga uch kishining yo‘qligi bilinadi. (O‘ylanib) Men tushunolmayapman. Kim telefon qilgan bo‘lishi mumkin? Turg‘unov, “al, al, al” deganmish.

Jo‘raqulov: — “Al” degan bo‘lsa, Alla Pugachyovadir-da!

Emin Lapasovich: — Yo‘q, “al, al...”

Jo‘raqulov: — Alisher Fayz bo‘lsa kerak? Mabodo skanvordga noto‘g‘ri berilgan bo‘lsa...

Emin Lapasovich: — Lug‘atni ko‘rib chiqishimiz kerak. “Al”, “al”...

Jo‘raqulov: — Agar Al-Kapone, desak, u o‘lib ketgan.

Emin Lapasovich: — Kim edi u?

Jo‘raqulov: — E, bitta gangster!.. Al-Pachino deganiyam bor. Jahon kinoyulduzi. Balki gazetimizga ishqi tushib, o‘sha telefon qilgandir-u, Turg‘unov esa tushunmay hushidan ketib qolgandir?

Sahnadan chiqib keta boshlaydilar.

Jo‘raqulov: — Al, al, al... Balki arab shayxlaridan birortasidir, Emin Lapasovich? Ajab emas, neft kompaniyasi scho‘timizga millionlab dollar o‘tkazsa!

Emin Lapasovich: — Obbo!.. Arabiston chegaralarini buzib o‘tib ketasiz ham bunaqada...

Ikkinchi parda

Ikkinchi ko‘rinish

Shifoxona palatasi. Uch kishi uchta karavotda boshigacha choyshab bilan o‘ralgan holda yotibdi. Og‘ir, xazin musiqa yangraydi.

Birdaniga o‘rtadagi karavotda yotgan odamning choyshabi ochiladi-da, Turg‘unov boshini ko‘taradi. U hayron bo‘lib, avval shiftga tikiladi, keyin ikki yoniga qarab, battar ajablanadi. Pichirlab nimalardir deydi. O‘zining bilaklarini, lunjini chimchilab ko‘radi. Tashqariga quloq tutadi. “Ship-ship” qadam tovushlarini, yo‘tal, aksirishlarni eshitib, hayron bo‘ladi. Keyin yana ikki yoniga o‘girilib, sekin karavotdan tushadi. O‘ng tomondagi karavotda yotgan odamning choyshabini sekin ochib mo‘ralaydi. Ko‘zlarini katta-katta ochib, o‘sha karavotdagi Zokirovga qaraydi.

Turg‘unov: — Iya, Vosiljon-ku?! Nima bo‘ldi ekan? (Chap tomondagi karavotga nigoh tashlab) Bunisi kim? (Sekin o‘sha tomonga qadam tashlaydi, ammo joyida to‘xtaydi) Jo‘raqulov bo‘lsa-ya! (Qo‘l siltab) E, Jo‘raqulovni jin ham urmaydi.

Zokirov:(uyqusirab) O‘sha, hammasini o‘sha qilgan, o‘sha!

Turg‘unov joyida to‘xtaydi. Sekin ortiga o‘giriladi. Keyin qo‘rqa-pisa Zokirovga yaqinlashadi.

Turg‘unov: — Vosiljon, turing, qorin ochqab ketdi. O‘zi nega bu yerda yotibmiz? Anovi kim?

Zokirov kutilmaganda baqirib uyg‘onib ketadi. Turg‘unov ham dodlagancha ortiga tisarilib qochadi-da, ikkinchi karavotda yotgan odamga uriladi.

Zokirov:(qaddini rostlab) Siz?.. Meni kechiring, iltimos, kechiring.

Turg‘unov:(qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib) Assalomu alaykum... Yo‘q, ayb menda. Shiringina uxlab yotgandingiz, sizni qo‘rqitib yubordim.

Zokirov: — Yo‘q, men sizni qo‘rqitdim. Sizga bir gapni aytishim kerak.

Sahnaga bosh vrach bilan hamshira chiqib kelishadi. Bosh hakimning avzoyi buzuq. Hamshira ko‘rinishidan behalovat.

Bosh vrach: — Tinchlik bormi, sizlarning dastingizdan? Nega baqirasizlar? Qanaqa odamsizlar-a?

Turg‘unov:(angrayib) Biz nima qildik? O‘zi hozirgina uyg‘ongan bo‘lsak?

Bosh vrach: — Sizlar behush bo‘lganda ham baqirasizlar, hushlaringga kelganda ham baqirasizlar! Ovozlaring operatsiya xonasigacha yetib boryapti. Ana, bir do‘xtirimiz qo‘rqib ketib, skalpelni bemorning dumbasiga tiqib oldi.

Turg‘unov: — Yo‘g‘-ey, shaxsan men hushimdan ketgan paytda gapirmayman.

Bosh vrach:(jig‘ibiyron bo‘lib) Biz aldamaymiz, bildingizmi, Gippokrat qasamini ichganmiz. Kimo‘zarga baqir-chaqir qildilaring. (Uchinchi karavotda yotgan bemorni ko‘rsatib) Ayniqsa, manovi odam butun boshli dostonlarni dodlab aytdi.

Turg‘unov:(qquvonib ketadi) Ie, ie, demak, bu odam o‘zimizning Shoir ekan-da!.. Ko‘ryapsizmi, biz naqadar ahilmiz – hushdan ketsak, hammamiz baravariga hushdan ketamiz!

Bosh arach: — E, bor-ey! (Hshunday deb hamshira bilan chiqqib ketadi. HHamshira keta-ketguncha uchinchi karavotdan ko‘z uzmaydi).

Turg‘unov:(kulimsirab) O‘lay agar, tushunmayapman. (Uchinchi karavotga yaqin kelib, choyshabni ochadi). Ha, Shoir, xuddi o‘zi!.. Men-ku, mayli, siz bilan Shoir nega yotibsizlar bu yerda?

Zokirov:(karavotdan oyog‘ini osiltirib) Men sizga hammasini bir boshdan aytib beraman. Xullas, o‘sha kuni...

Turg‘unov: — Qaysi kuni?

Zokirov: — Bilmasam! Hushimizdan ketgan kunni aytyapman! Xullas, telefon qilgan...

Shoir:(uyqusirab baqiradi) Mohim, ohim, nedir gunohim...

Turg‘unov: — Vey, bu rostdan ham baqiryapti. Hozir anovi nervinniy do‘xtir kelib, yana ming‘irlaydi.

Zokirov: — Qo‘yavering! Meni eshiting. Aytmasam, ko‘nglim tinchimaydi. Xullas, meni ko‘ndirishga...

Shoir:(baqiradi) Mohim, ohim, qatqalog‘im.

Turg‘unov:(betoqat bo‘lib) Nega bo‘g‘izlangan qo‘yday bo‘kiradi bu? Axir, operatsiya bo‘lyapti, deyishdi!

Zokirov: — Hikmatilla aka, eshitasizmi-yo‘qmi? Birovni ranjitish hech gap emas ekan. Keyin siqilib yurasan, odam. Ahvolim...

Turg‘unov: — Vosiljon, yaxshisi, Shoirning og‘ziga latta-putta tiqib qo‘yaylik. Keyin xumordan chiqquncha gapiraverasiz... Bo‘ling. Men oyog‘idan ushlab turaman, (sochiq uzatadi) siz qo‘lini mahkam bosib, og‘ziga manovi sochiqni tiqasiz!

Zokirov: — Yo‘q, avval meni eshiting, o‘sha kuni...

Shoir:(yana baqiradi) Mohim, ohim, o‘zingiz misoli kulohim...

Turg‘unov: — Bo‘ling, dedim-ku!.. (Shoirga yaqinlashib) Tavba, kulohim nima degani ekan?

Zokirov noiloj karavotdan tushib, Shoirga bosh tomondan yaqinlashadi. Turg‘unov o‘zini Shoirning oyoqlari ustiga tashlaydi va Zokirovga imo qiladi. Zokirov Shoirning qo‘llariga yopishadi, ammo sochiq tushib ketadi.

Shu payt hamshira kirib keladi va angraygan ko‘yi ularning harakatini kuzatib turadi. Shoir nimadir demoqchi bo‘lib ovoz chaqirganida Zokirov uning og‘zini yopib oladi.

Hamshira:(baqirib) Voy-dod! Bo‘g‘ishyapti! Bo‘g‘izlashyapti! Odam o‘ldirishyapti!

Turg‘unov:(elkasi osha hamshiraga qarab) Yo‘q, singlim, o‘ldirmoqchi emasmiz.

Sahnaga yana bosh vrach va ikkita do‘xtir kirib kelishadi. Bosh vrachning qovog‘i solingan, ikkala do‘xtir Turg‘unov bilan Zokirovga angrayib qaraydi. Turg‘unov va Zokirov qadlarini rostlaydilar.

Bosh vrach: — Yana nima to‘polon?

Hamshira: — Bular anuv kishini o‘ldirmoqchi bo‘lishdi!

Zokirov:(Shoirni ko‘rsatib) Bu odamni o‘ldirsayam kam!

Hamshira: — Ana-ana!.. Men muhabbatimni o‘ldirishlariga qarab turolmayman (hamshira shunday deb yuborib, xijolatomuz yerga qaraydi).

Turg‘unov:(avval Zokirovga, keyin bosh vrachga qaraydi) Yo‘g‘-ey, nega o‘ldirarkanmiz? Vosiljon hazillashyapti.

Bosh vrach:(yonidagi birinchi do‘xtirga) Siz milisaxonaga qo‘ng‘iroq qiling. Bularni olib ketishsin.

Zokirov: — Militsiya kelgunicha men (Turg‘unovni ko‘rsatib) bu odamga bir gapni aytib olay.

Shoir:(yotgan joyida ikkala qo‘lini yuqoriga ko‘tarib) Mohim, voh-vohim, oh, jonim...

Hamshira uyalgan kabi oyog‘i bilan yer chiza boshlaydi.

Bosh hakim:(Shoirga qarab) Qanaqa odam-a?

Ikkinchi do‘xtir: — Lunatik bo‘lsa kerak.

Zokirov: — Hikmatilla aka, mayli, bularning oldida bo‘lsayam aytaman. Shunday qilib...

Shu payt Shoir birdaniga boshini ko‘taradi. Hammaga bir-bir qaraydi. Ko‘zlarini ishqalaydi. Hamshira Shoirga qarab tirjayadi, Shoir esa Zokirovga qarab tirjayadi.

Birinchi do‘xtir:(bosh vrachga) Batalonni ham chaqiraymi?

Shoir:(tezda karavotdan tushib, avval Turg‘unovni, keyin Zokirovni quchoqlab oladi) Naqadar yaxshi insonsizlar, Turg‘unov, Vosiljon!

Zokirov Shoirning quchog‘idan chiqmoqchi bo‘ladi. Shoir uni sira qo‘yib yubormaydi.

Bosh vrach: —  Bu odam sizni o‘ldirmoqchi bo‘libdi, o‘ldirsayam kam, debdi.

Shoir: — Juda to‘g‘ri aytibdi. Meni davno o‘ldirish kerak edi. Bu mening tug‘ishgan ukam, do‘xtir bova! (Turg‘unovni ko‘rsatib) Bunisi esa amakimning o‘g‘li!

Bosh vrach va ikki do‘xtir qo‘l siltab chiqib ketishadi. Hamshira ham biroz qarab turib, u ham ketadi.

Turg‘unov:(Shoirga ko‘z qisib) Bu hamshira tushmagur bilan qachon tanisha qoldingiz? Ja sizning tarafingizni olyapti.

Shoir: — Muhabbat, muhabbat, yondiradi muhabbat…

Zokirov: — Muhabbatni qo‘ying, haqiqatdan gapiring. Men baribir aytaman!

Shoir: — Nimani aytasiz?

Zokirov: — O‘sha kuni telefon…

Shoir: — Hoy-hoy, ukam, dedim-a! Xohlasangiz, mayli, akam ham, deyman.

Zokirov: — Haqiqat egiladi, bukiladi, lekin...

Turg‘unov:(diqqat bo‘lib) Qanaqa haqiqat? Meni ishdan bo‘shatishgandir-da, a, ochig‘ini aytaveringlar!

Zokirov: — Haqiqat shuki...

Shoir: — (gapni ilib ketadi) Turg‘unov, balki nos chekkingiz kelayotgandir?

Turg‘unov:(yon-verini titkilab) Aytganday, nosim qani? Xalta-paltasi bilan yo‘q.

Zokirov: —  Nosni nima qilasiz? Siz katta sirdan bexabarsiz! Eshiting-da!

Turg‘unov:(karavot tagini, yostiq ostini ko‘ra boshlaydi) Hozir nosimni topay, keyin eshitaman.

Sahnaga qo‘lidagi qog‘ozxalta bilan Faxriev chiqib keladi.

Faxriev: — Assalomu alaykum! (Samimiy kulib) Jamoat jam, bitta Faxriev kam-ku!

Faxriev bilan quchoqlashib ko‘rishadilar. Shoir bir zum ham Zokirovning yonidan jilmaydi. Ikki ko‘zi – Zokirovda!

Faxriev: — E, qoyil sizlarga! Ishdan qochishning zo‘r bahonasini topibsizlar! Kelishishga kelishibsizlar, menga aytsalaring ham bo‘lardi. Ko‘zimni chirt yumib yiqilib yotaverardim men ham. (Yuqoriga, yon-atrofga qarab) Mazza – mazza, sizlarga mazza! Oyoqni uzatib yotibsizlar! Lekin-chi, stsenariyni qotirdilaring. Birvarakayiga uch kishi-ya! Armiyada Misha degani bo‘lardi...

Shoir: — Armiyadan emas, ishxonadan gapiring.

Faxriev: — Jo‘raqulov qonimni simirib bo‘ldi. Jo‘raqulov emas, Asabni Yediqulov ekan! Menga maqola yozasan, deydi. Umrimda yozmagan bo‘lsam! O‘zi skanvordni zo‘rg‘a eplayman-u maqolani qanday yozaman, dedim. Tushunmaydi. Tepamda turib olgan. Aytganday, Mirg‘anini chaqirib olishdi.

Shoir:(qo‘llarini bir-biriga ishqab) O-ho, Mirg‘ani keldimi? Ana endi shaxmat o‘ynab, xumorimdan chiqadigan bo‘ldim. Sen go‘zalsan, ey shaxmat, qora-oqing qavat-qavat.

Zokirov:(jiddiy ravishda) Janoblar, men bir aybimga iqror bo‘lishim kerak. Ichimda qolib ketsa, o‘zimni bir umrga kechirmayman.

Faxriev:(hayron) Qanaqa ayb?

Shoir:(shosha-pisha) Vosiljon ukoldan qo‘rqishini aytyapti. Vey, men ham qo‘rqaman.

Faxriev:(qog‘ozxaltadagi yeguliklarni tumba ustiga olib qo‘ya boshlaydi) E, ukolni qo‘ying. Qorinni o‘ylasangiz-chi! Haligi “O‘tgan kunlar”da Homidning jo‘ralari aytadi-ku, to‘rt kunlik dunyo – kayfu safo, deb, xo-xo-xo! Qani, olinglar-chi! Men o‘zim ham tuzukrok yeganim yo‘q. Jo‘raqulov nima kavshasam, ko‘zini baqraytirib o‘tiradi.

Zokirov:(Turg‘unovga) Hikmatilla aka, haqiqatni eshitmaysizmi?

Shoir: — Qo‘ysangiz-chi, yana boshlayapsizmi?

Zokirov: — Turg‘unov baribir haqiqatni bilishi kerak.

Turg‘unov:(non chaynay boshlaydi) Ana shu-da, sizlar. Nimanidir yashiryapsizlar. To‘g‘risini aytaveringlar, meni ishdan bo‘shatishdimi-a?

Faxriev:(hayron bo‘lib) Nega bo‘shatishadi? Ishxonada odam yetmay yotibdi-yu shundoq ham.

Turg‘unov: (g‘ururlanib) Demak, mening o‘rnim baribir bilinar ekan-da!

Faxriev: — Unchalik emas.

Shoir: — Nega bilinmasin? Albatta, bilinadi. (Zokirovga qaraydi) Yuring, Turg‘unovga nos topib kelaylik.

Zokirov:(bosh chayqaydi) O‘zingiz bora qoling.

Shoir: — Yo‘q, sizdan bir qadam ham ajralmayman.

Turg‘unov:(sekin Faxrievni bir chekkaga tortadi) Bularga nima bo‘lgan? Biri gapiraman desa, ikkinchisi gapni ilib ketadi. O‘zi Shoirga bir gap bo‘lgan. Biram mehribon-ey! Zokirov bilan tug‘ishgan aka-uka chiqib qoldi. Men esa amakivachchasi ekanman. Buyog‘ini so‘rasangiz, allaqachon hamshiraning yuragidan uribdi paqillatib. “Yondiradi muhabbat”, deydi. Hamshira qurmag‘ur ham biram yaltoqlanadi. Yer chizaverib, polni teshib yubordi... Bu Shoirimiz ja-a xotinboz ekan, bilmay yuraveribmiz.

Faxriev:(Shoirga qarab oladi) Xotiniga yetkazaymi?

Turg‘unov: — Xotiniga yetkazish qochmaydi. Men tipirchilab qolganiga hayron bo‘lyapman-da!

Faxriev: — Aytganday, o‘sha kuni sizga kim telefon qildi? Emin Lapasovichga “Al, al”, deb qulab tushdi, dedim. Kim edi o‘sha eshak?

Shoir:(orqa tomondan kelib Turg‘unovning yelkasiga qoqadi) Yuring, birorta choldan nos olib beraman.

Turg‘unov: — O‘zingiz bora qoling, iltimos. Juda savob ish qilgan bo‘lardingiz. Men, to‘g‘risi, anovi glav vrachdan qo‘rqyapman. Qaltiroq tutib baqiradi. Yoki, mana, Faxriev bilan bora qoling.

Shoir:(sal engashib, Turg‘unovning qulog‘iga shivirlaydi) Faxrievni emas, Zokirovni ko‘ndirib bering. Shu odamni bir aylantirib kelmasam, kallasi aynib qopti.

Faxriev:(baralla) Buyog‘ini so‘rasalaring, Emin Lapasovichning o‘ziyam maqola yozib yotibdi. Material yo‘q-da! Bilasizlarmi, nima uchun sizlarning oldingizga keldim?

Shoir:(ifodali tarzda) Sog‘inch yetaklagay palata tomon!

Faxriev: — Qanaqa sog‘inch? Meni navbatchilikka tiqishmoqchi edi, Jo‘raqulovning ko‘zini shamg‘alat qilib qochdim. Stolning ustiga qog‘oz qoldirdim, “uchala hamkasbimizning mazasi qochib qolibdi”, deb. Bekatgacha lo‘killab chopibman, Jo‘raqulov orqamdan quvlayotgandek tuyuldi-da! O‘ttiz yettinchi avtobusni kutib turganimda bir tanishimni ko‘rib qoldim. Shu desangiz, kimligini, ismini eslolmayman-da! U bechora bola-chaqam ham, qozon-tovog‘im ham qolmay mendan so‘rab yotibdi. Gapni aylantirib turaverdim. Rosa laqilladi. To‘rtta o‘ttiz yetti kelib-ketdi. Nihoyat kallamdagi xotira daftarimni titkilab-titkilab esladim: G‘ulom! Ha-ha, G‘ulom! Institutda bizdan ikki kurs quyida o‘qirdi. Hayronman, o‘shanda buncha ko‘p gapirmasdi. O‘zi institut bo‘yicha talabalar ko‘p gapirmagan bizda. Faqat domlalar gapirishgan. Kursimizda yetmish to‘rt kishi bo‘lsa, G‘ulom...

Shoir: — Siz ham o‘sha G‘ulomdan qolishmaysiz.

Faxriev: — Xullas, beshinchi bo‘lib kelgan o‘ttiz yettinchi avtobusga chiqdim.

Turg‘unov: — (kulib) O‘sha avtobusning g‘ildiraklarigacha aytib bering.

Faxriev: — Siz piching qilmang. Biz, jurnalistlar har bir ikir-chikirni hisobga olishimiz kerak. Qolaversa, tinglay bilish ham fazilat, degan ekan mashoyixlardan biri. Maktabda o‘qiganimizda kimyo fanidan kiradigan o‘qituvchimiz bo‘lardi. U kishining o‘g‘li...

Zokirov: — Ishxona shunday qiyin ahvolda ekan, borishimiz kerak.

Shoir: — To‘ppa-to‘g‘ri. Yotaveramizmi, bu yerda yalpayib?

Turg‘unov: — Nima qipti! Shu bahonada dam olamiz.

Shoir: — Buyam to‘g‘ri. Pishirib qo‘yibdimi ishxonada? Bir qadrimizni bildiraylik.

Zokirov: — Ishxona – pirxona, deydilar. Og‘ir kunlarda asqotmasak, qachon yolchiymiz?

Turg‘unov: — Qo‘ysangiz-chi, kitobiy so‘zlarni! Shaxsan mening bu ishdan yuragim bezillab qolgan. Ko‘rdingiz-ku, nimalar bo‘lganini! Bir kishining ta’ziyasi deb uchalamizning ma’rakamizni o‘tkazishlariga sal qopti. Gazeta, gazeta! Bitta sonini chiqarasan, keyin ikkinchi soni kelib turadi. Yana material yig‘, topshir! Keyin uchinchisi! Xato ketmasin, deb yuragingni hovuchlab turasan. Bitta xato chiqsa, o‘nta gazetxon telefon qiladi. “O‘l, savodsizlar”, deydi. Halovat yo‘q. Tushlaringga kirib chiqadi.

Faxriev: — Navbatchilikni aytmaysizmi! Hijjalab, harfma-harf o‘qish kerak. Ruchkani shunday mahkam ushlab o‘qiymanki, qo‘lim akashak bo‘lib qoladi. Bir qo‘shnimiz bor. Boyvachcha! Shu ustimdan kuladi, gazetchi, deb. O‘zi bir pulga qimmat. Ukrainalik Taras degan xizmatdoshim bor edi. Har safar gimnastyorkasini...

Zokirov: — Shunday deysizlar-u, mening hamma charchog‘im gazetamizning yangi sonini qo‘limga olganimdayoq chiqib ketadi. Boshqacha taassurotlar cho‘lg‘ab oladi.

Shoir: — Ha, buyam bor. Eng katta lazzat, qoniqish shu bo‘lsa kerak.

Turg‘unov o‘ylanib qoladi.

Faxriev: — Sizlarga faqat pafos, ko‘tarinki gaplar bo‘lsa! Osmonga uchib ketmay bundoq yerga tushinglar. Real ko‘z bilan qaraganda, eng qiyin ish kimniki – bizniki! Masalan, men skanvord tuzayotib, bitta harf ustida bir kun bosh qotirishimga to‘g‘ri keladi. Gazetxon esa o‘sha sahifani shunchaki varaqlab o‘tkazib yuborishi mumkin. Alam qiladi-da!

Shoir: — Siz o‘quvchiga yoqadigan sahifa qiling, yangiliklarga qo‘l uring. Bir xil narsa hammaning joniga tegadi-da! Faqat siz emas, hammamiz shunday qilishimiz kerak. Gazetxon qancha rohatlansa, biz ham shuni idrok etamiz.

Turg‘unov: — Shunaqa deysiz-u, o‘sha gazetxonning rohatlanishi qiyin-da! Mana, uch kishi hushidan ketib ham o‘sha gazetxoningiz rohatlanganmi-yo‘qmi, qayoqdan bilasiz?!

Zokirov:(Shoirga qarab qo‘yadi) Ammo bizning hushimizdan ketganimizga gazetxon aybdor emas-ku!

Turg‘unov: — Kim aybdor bo‘lmasa? Men haligacha o‘shanda menga kim qo‘ng‘iroq qilganini bilolmayapman. Ishxonaga kelgandir, deb o‘ylagandim. Shunaqangi o‘dag‘ayladiki...

Shoir:(shartta gapga qo‘shilib) Qo‘yinglar, shu yerda ishdan gaplashmaylik.

Faxriev: — Shu yerda gaplashmasak, boshqa qaerda gaplashamiz?

Shoir: — Ishxonaga borganda gaplashamiz.

Turg‘unov: — Men... men ishxonada ishdan nolib gapirishga, to‘g‘risi... uyalsam kerak.

Faxriev:(kulib yuboradi) Nega uyalasiz, kimdan uyalasiz? Lutfiya bilan Sanobar opadanmi? Balki Xachcha xoladandir?

Turg‘unov: — Yo‘q, ishxonaning o‘zidan uyalaman.

Faxriev:(miriqib kulib) Sizga bir gap bo‘ldimi?! (Zokirovga qarab) Ishxonadan uyalarmish!

Zokirov:(Turg‘unovga) Hozirgina ishdan nolidingiz-ku! Yoki bu yerda uyalmaysizmi?

Turg‘unov: — Endi-i-i, bir dardi hol qildim-da! Ishidan nolimaydigan odam bo‘lmasa kerak bu dunyoda.

Shoir: — Ha, nolishga noliymiz-u, aslida bizni ish boqadi. Gazetachilik esa alohida tahsinga sazovor ish. Ism-familiyang chiqqanini ko‘rishning o‘zi zavq bag‘ishlaydi.

Turg‘unov:(Zokirovga) Nima desam ekan, boyagi gaplarimdan uyalmasam ham, xuddi ishimga nisbatan xiyonat qilayotgandek sezdim o‘zimni.

Faxriev: — To‘xtanglar-to‘xtanglar. Ja g‘alati gaplarni gapiryapsizlar! Men ham ishni yaxshi ko‘rishim uchun bu yerga kelib yotib olishim kerak ekan-da!

Shoir: — E, siz bu yerda bir umr yotsangiz ham o‘zgarmaysiz.

Faxriev:(xo‘mrayib) Nega o‘zgarmas ekanman? Men ham gazetamizni yaxshi ko‘raman. Xizmat safarlariga chiqqanimda aynan gazetada ishlaganim uchun meni hurmat-izzat bilan kutib olishadi. Do‘stlarim ham xuddi shunday. Ulardan bir pog‘ona baland turishimni yaqqol his qilaman. Gerdayib yurishim shundan-da! Boshqa odamlar ham hurmat qiladi.

Zokirov: — Qo‘rqadi, demoqchimisiz?

Faxriev: — Nega qo‘rqar ekan? Nima deyin, qo‘rqadi emas, hurmat qiladi. Aybi borlar esa qo‘rqadi.

Shoir: — Boyvachcha qo‘shnim masxara qiladi, dedingiz-ku!

Faxriev: — O‘rni kelganda aytdim-da! O‘shanda u mast edi. Ertasi kuni o‘ziga kelib, mendan rosa kechirim so‘ragan. Qo‘rqdi-da! Keyin meni qo‘yarda-qo‘ymay ziyofatga olib bordi. Uylanmagan otning go‘shtidan qilingan qazi-qarta, qip-qizil pishloq, yana bodom, yong‘oq mag‘zi deysizmi, banan, kokosmi, hammasidan bor. Haligidan ham bor, xohlasam, oqi, xohlasam, qizili! Men bo‘sh kelmay, gerdayib o‘tiraverdim.

Shoir: — O‘zi tomog‘ingiz taqillab turgandir aslida. Lekin-chi, boplabsiz!

Faxriev: — Shundan buyon qo‘li ko‘ksida. (Pixillab kulib) Men esa bor-yo‘g‘i skanvord tuzaman. Zato domimiz toza-orasta, daydi-paydilar kelmaydi. Jekdagilar ham bilib muomala qiladi.

Turg‘unov: — Mashhur bo‘lib ketganman, deng!

Faxriev: — Gazetada ishlaymiz-da! O‘zi oldindan izzat-obro‘ olishni yaxshi ko‘raman. Harbiy xizmat davrimda...

Shoir: — Obbo, bu yana o‘tlab ketdi. Ishga muhabbat haqida gapirayotgandik.

Turg‘unov: — Ishga muhabbat deymiz-u, shu Jo‘raqulovlar ham ishni sevarmikan?

Shoir: — Albatta, sevadi. Faqat uning muhabbati boshqacha, ya’ni do‘q-po‘pisali muhabbat. Nima bo‘lgandayam hammamiz ishimizni sevar ekanmiz.

Zokirov: (o‘rnidan turib ketadi) Uh, gazetamizni sog‘inib ketdim. (Faxrievga) Menga qarang, bu yerga kelganimizga qancha bo‘ldi o‘zi?

Faxriev: — Ming yil! Ming yil!!! Buni ishxonada qolib ishlagan odam biladi. E, manovilardan olsalaring-chi! O‘n uch ming sakkiz yuz so‘mim ketdi... Xotindan yashirgan pulim.

Uchinchi parda

Birinchi ko‘rinish

Sanobar opa bilan Lutfiya ishlab o‘tirishibdi. Sahnaga Emin Lapasovich va Jo‘raqulov chiqib kelishadi.

Emin Lapasovich: — Elmurodov masalasini jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Bittasi qo‘ng‘iroq qilib, boshimni qotirib, miyamning qatig‘ini chiqarvordi. “Manqurtning qurtlashi” maqolasidagi manqurt menman”, deydi uyalmay. Yarim soat shuni isbotlamoqchi bo‘ldi. “Sudga beraman”, deydi. Men, “siz manqurt emassiz”, deyman, u esa, “yo‘q, men manqurtman”, deydi.

Jo‘raqulov: — E, hozir odamlar pul uchun kalamush bo‘lishgayam rozi.

Emin Lapasovich: — Buyog‘ini eshiting. “Agar rostdan ham manqurt bo‘lsangiz, spravka olib keling”, dedim. O‘chdi-qoldi.

Jo‘ràqulov: — O‘zi Elmurodov haddidan oshdi. Futbol haqidagi xato bo‘yicha gaplashdim. “Zafarobod” bilan “Safarobod” o‘yini beshu nol tarzida berilgan. Vaholanki, “Safarobod” yutgan. Natija beshu yetti bo‘lgan.

Emin Lapasovich: — Bilaman, xo‘sh?

Jo‘raqulov: — Anqov Elmurodov yarim kechasigacha faqat birinchi taymni ko‘rib, uyqusi kelibdi-da, telefon orqali ishxonaga o‘sha natijani aytib, shartta uxlabdi. Gazetimizda “Zafarobod” yutgan deb yozilgan. Bitta futbol muxlisi qo‘ng‘iroq qilgach, gazetani qarasam, ish ravso! Shartta Elmurodovga sim qoqdim. Uxlab yotgan ekan, xotini uyg‘otdi. Shunday-shunday dedim. “Safarobod” yutishi mumkin emas”, deydi ablah! “Qanday qilib ikkinchi taymda yettita gol uradi, axir pista chaqib o‘ynashayotgandi-ku” emish! Gapini qarang! Yana nima deydi, deng: “Siz mabodo yanglishib “Manchester”ning o‘yinini aytmayapsizmi?” deydi. Yonimda bo‘lganida-ku, quloq-chakkasiga solardim. Endi gazetada izoh berishimizga to‘g‘ri keladi. Aybimizni bo‘ynimizga olmaymiz, albatta. Odatdagidek, “texnik xato”, deb yozamiz-da! “Birinchi taym yozilgan edi, umumiy hisob falon-pismadon bo‘lgan”, deymiz... Xema Kapur bo‘yicha ham surishtiruv olib bordim, Emin Lapasovich. Buyruq matnini kotibaga berdim. Ko‘rib, ma’qul bo‘lsa, imzo chekarsiz. Bitta-ikkitasiga qat’iy chora ko‘rishimiz kerak. Ramziddin degan kompyuterchi bola bor, o‘sha qilgan ekan hammasini. Tushuntirish xatini men aytganimdan... e, men o‘ylaganimdan ham ziyoda qilib yozib berdi. “Munis” so‘zini “minus” deb yozgan ham o‘sha ekan. Xayriyat “plyus” deb yozmabsan”, dedim.

Sahnaga kotiba chiqib keladi

Kotiba: — Emin Lapasovich, bu yerdaekansiz. Bir kishi kelgan, yozuvchimam, deyapti.

Kotiba so‘zini tugatar-tugatmas, o‘rta yoshlardagi bir erkak chiqib keladi. Eiin Lapasovich bilan qo‘shqo‘llab so‘rashadi. Jo‘raqulov bilan kotiba bu yerni tark etishadi.

Yozuvchi: — Men yozuvchi Shoyoqub Noryoqub bo‘laman. Men gazetangizning har bir sonini o‘qib boraman. Mening har bir asarim shedevr. Gap shundaki, men nasrda modern usulida ishlayman. Bu deganim — doim yangilik  qilaman. Axir, nasrda ham kimdir modern qilishi kerak-ku! Ayniqsa, shu kunlarda bunga nihoyatda e’tibor qaratib kelyapman. Yangilik qilmoqchiman. Modern degani ilhom parilarini rosa qitiqlar ekan o‘ziyam. Masalan, siz mendan “ahvollaringiz qalay?” deb so‘rang... So‘rang... Bo‘ling.

Emin Lapasovich: — Ahvollaringiz qalay?

Yozuvchi: — Yaxsha-yaxsha.

EmShn Lapasovich: — Nima?!

Yozuvchi: — “Yaxsha” deganim — “yaxshi”, deganim. Nasrdagi modern ana shu!

Sanobar opa bilan Lutfiya piq-piq kula boshlaydilar.

Emin Lapasovich: — Nega endi (ta’kidlab) “YaXShA”?

Yozuvchi: — Yangilik qilmoqchiman, deyapman-ku!.. She’riyatda qancha-qancha yangiliklar bo‘lib yotibdi, masalan, Ikrom Otamurod “kangul’ deb yozadi, bilsangiz kerak? “Ko‘ngil” — “kangul” bo‘lganda, “yaxshi” — “yaxsha” bo‘lsa, nima qilibdi, a, nima dedingiz?

Emin Lapasovich:(ensasi qotib) Hamma asarlaringiz shunaqa yozilganmi?

Yozuvchi: — Ha-da, masalan, “narsa” — “nursa”, “koptok” — “kiptak”, “ruchka” — “rachka”, “osmon” — “asmaun”.

Emin Lapasovich: — Yaxsha-yaxsha, hozircha yetadi. Mabodo kitobingiz chiqsa, oxirida bu so‘zlarning izohini ham berasiz-da-a? Demak, izohlarning o‘ziga yana bitta kitob kerak bo‘ladi.

Yozuvchi: — Izohlarni bersammi, deb ham o‘yladim. Bu gapingizdan keyin xulosam bo‘yicha berishim kerak ekan... Xo‘-o‘-sh, kitobimni qachon chiqarasizlar?

Emin Lapasovich: — Qanaqa kitob? Biz kitob emas, gazeta chiqaramiz.

Yozuvchi:(hayron bo‘lib qaraydi) Kitob ham chiqarsangiz ham bo‘lmaydimi?

Emin Lapasovich: — Yo‘q, gazetani zo‘rg‘a chiqarib yotibmiz-ku!

Yozuvchi: — Chakka-chakka bo‘ldi. Darvoqe, gazetangiz nomi g‘alati, uni “modern” qilib bersam bo‘larkan, nima dedingiz?

Emin Lapasovich: — Yo‘q, shundoq ham modern nom, qolaversa, bu ishni muassis eplaydi. Xush kelibdilar (shunday deb yozuvchini eshikkacha kuzatib, o‘zi ham chiqib ketadi).

Faxriev keladi. Qo‘lida qog‘oz.

Faxriev:(jig‘ibiyron bo‘lib) Kompyuterchi bo‘lmay ket! Skanvord nimaligini tushunmaydi.

Sanobar opa: — E, ular odammas!

Faxriev: — Bitta katak ustida anuvi Sasha bilan bir soat tortishdim. “Zachem yesho adin katak?” deydi. Qanaqa tushunmaydigan bola bu?! Faqat Mirg‘aniga quloq soladi hammasi.

Sahnada Mirg‘ani paydo bo‘ladi.

Mirg‘ani:(Faxrievga) Ha, aka, meni gapiryapsizmi?

Faxriev: — Sashangizni aytaman-da! Men terlab-pishib ketdim, u esa tushunmaydi.

Emin Lapasovich ko‘zoynak taqqan jikkakkina yigit bilan sahnaga chiqib keladi.

Emin Lapasovich: — Alibek Sindorovich yubordi, deng? Maqolani bering-chi!

Yigit:(kostyumining ichki cho‘ntagidan qog‘oz olib uzatadi) Marhamat.

Emin Lapasovich:(beshta sahifadan iborat maqolani ag‘darib ko‘rib, afti burishib ketadi) Juda g‘alati-ku! Sarlavha namuncha uzun?! Mayli, qisqartiramiz.

Yigit:(bosh chayqab) Yo‘q, qisqartirmang, ma’nosi buzilib ketadi.

Emin Lapasovich:(Maqolaning oxirgi sahifasini ochib) Ikkita familiya? Alibek Sindorovich bilan siz bo‘lsangiz kerak-da muallif?! Ilmiy rahbaringiz, shekilli? Ma’qul. Biz uncha tushunavermaymiz, maqola nima haqida o‘zi?

Yigit: — Funktsional geometrik figuralarning ko‘pburchakli trapetsiyasi yuzasi proportsiyasi va markaziy simmetriya nisbatining parallelogrammasi aylana vatari, diametrning xossalari hamda skalyar ko‘paytmasi koordinatalari...

Emin Lapasovich:(bosh irg‘ab) Tushunarli-tushunarli.

Mirg‘ani bilan Faxriev bu yigitga angrayib qarashadi.

Yigit: — Gipotenuza va to‘g‘ri burchakli perpendikulyar uchburchak radiusi katetlari bissektrisasi konsentrik aylana hamda proportsional kesmalar...

Emin Lapasovich: — Bo‘ldi, uka, juda zo‘r (yigitga qo‘l uzatadi, keyin uni eshik tomon sudraydi). Alibek Sindorovichga mening qizg‘in salomimni yetkazing... Zo‘r maqola ekan, rosa o‘qishli bo‘ladi, deyishdi, deng! Chiqaramiz, chiqaramiz!

Yigit: — Xo‘p... Kvadrat bo‘lmagan romb perimetri va to‘g‘ri to‘rtburchak diagonallari...

Emin Lapasovich: — Ukajon, chiqaramiz, dedik-ku, yaxshi boring (yigitni zo‘rg‘a eshikdan chiqarib yuboradi).

Bahaybat gavdasi bilan Jo‘raqulov kirib keladi.

Mirg‘ani: — Emin Lapasovich, hamma Turg‘unov-murg‘unov bilan bo‘lib qoldi. Ish-chi? Bir satr ham material yo‘q. Avvallari maketga qaysi materialni qo‘yishni bilmasdim. Endi esa maket Gobi sahrosiga o‘xshab huvillab yotibdi. Huvillaganidan skvoznyak bo‘lib ketdi.

Faxriev:(shosha-pisha) Skanvord qo‘ying, hozirning o‘zida ellikta tayyorlab beraman.

Emin Lapasovich:(stulga cho‘kib) Mirg‘ani to‘g‘ri aytyapti. Biz ishni mutlaqo tashlab qo‘ydik. Xo‘sh, kimning bisotida nima bo‘lsa, to‘kib solsin.

Sanobar opa: (talmovsirab) Tilla taqinchoqlarimizni beramizmi?

Jo‘raqulov:(jerkib beradi) E, taqinchog‘g‘ingizni boshimizga uramizmi? Gazetaga nima berasiz, shundan gapiring. Bu uchta azamat kasalxonadan hali-beri qqaytadiganga o‘o‘xshamaydi. Faxriev borib, ularni olib kelish o‘o‘rniga qqup-qquruq  qqaytib keldi.

Faxriev: — Men o‘sha yerda qolib ketmaganimga shukr qiling.

Jo‘raqulov: — Gap qaytarmang menga!

Lutfiya: — Yaxshisi, men boraman. Mabodo Shoir o‘lmagan bo‘lsa, o‘zim o‘ldirib kelaman... Hazillashdim. O‘sha tomonda ishim bor edi. Xolam qizini chiqaryapti. Hozir esimga tushdi. Shu bahonada birorta maqola yozib kelaman. “Palaxmon toshining otilishi” yoki “Chiqqan qizning qattiq chinqirig‘i” degan. Bunday materiallarni ayollar rosa yopishib o‘qishadi. O‘tgan yili “Chimildiqdagi quvishmachoq” nomli maqolam rosa shov-shuv bo‘lgan edi. Uning g‘oyasi tog‘amning qizini uzatishayotganida o‘ng miya sharimda tug‘ilgan.

Sanobar opa: — Voy, meniyam materiallarim yaxshi. “Ovsinimning kundoshi” degan maqolamni qaynonam rosa maqtagan. “Qayinsingil — zahar-zaqqum singil”, “Er bo‘lsang, pul topib kel”, “Dubayga ketgan turnalar” materiallarim rosa o‘qimishli!

Lutfiya: — O‘qimishli emas, o‘qishli, deng. Meniyam juda ko‘p materiallarim chiqdi. “Ikkinchi xotin — kobra ilon” nomli maqolamni xotinlar tugul ilonlar ham o‘qigan.

Mirg‘ani: — E, eski maqolalarni boshimizga uramizmi? Bu songa material yo‘q, deyapman. Kobra-mobra, deysizlar, tavba!

Jo‘raqulov: — Avvalo, biz bu yerga keks-peks yeyishga kelganimiz yo‘q, e-e, jin ursin, Ergash Karimovning miniatyurasiga o‘tib ketibman, Lutfiya bilan Sanobar opaning ijodiy kechasini o‘tkazgani kelganimiz yo‘q. Kobra ilon bo‘ladimi, anakondami, tovuqmi, zudlik bilan material kerak... Turg‘unovlar bilan keyin alohida gaplashamiz. Men ularga kasalxonada yotishni ko‘rsatib qo‘yaman hali. Faxriev, siz o‘lik bo‘lsa, o‘ligini, tirik bo‘lsa, tirigini olib kelishingiz kerak edi ularning... Mas’uliyat his qilishmaydi! Ja pismiq-da! Tulkidek ayyor, dizertir, shoqollar, ondatralar! Oldin materialini berib, keyin hushlaridan ketishsayam mayli edi... Emin Lapasovich, sizga material berib ketishdi, shekilli? Haligi jipiriq keldi-ku, ko‘zoynak taqqan, olim-polim bo‘lsa kerak. Ko‘proq yozgan, shekilli? To‘rtinchi betga urvoramiz!

Emin Lapasovich: — Ha. Geometriyaning bir balo-bir balosi...

Mirg‘ani: — Uch kishining o‘rni qanchalik bilinyapti-ya! Bunaqada kuchanib tug‘ib ham material yetkazolmaymiz.

Emin Lapasovich: — Ha, kamayib qoldik. Gazetamizning bu sonini chiqarishimiz og‘ir bo‘ladi. Ulgurishimiz kerak.

Faxriev:(qo‘lini ko‘tarib) Menda bir taklif bor.

Emin Lapasovich: — Xo‘sh?

Faxriev: — Bi-i-i-r  tog‘ sayriga chiqaylik. Ko‘p emas, uch kunga!

Jo‘raqulov Faxrievni so‘kmoqchi bo‘ladi-yu, Emin Lapasovichga qarab indamaydi. Faxriev “nima qipti”, degandek, yelkasini qisgancha, barchaga bir-biriga qarab oladi.

Emin Lapasovich:(Jo‘raqulovga) Haligi Elmurodovning materiali yo‘qmi?

Jo‘raqulov: — Bor. “Manqurtning qurtlashi-2”.

Emin Lapasovich: — Obbo!

Jo‘raqulov:(Faxrievga) Sizda haligi qalloblar, muttahamlar, o‘g‘ri-kazzoblar haqidagi material bordir?

Faxriev: — Yo‘q! Menda jinoiy materiallar nima qiladi?

Jo‘raqulov: — Unda nima bor?

Faxriev:(stoli ustidagi qog‘ozlarni titkilab) Marhamat, vengercha boshqotirma, sudoku, ko‘ndalang skanvordlar bor. Yangicha skanvord bu! Ravshan Namozovning qo‘shig‘ini eshitganmisiz: “O‘zim ko‘ndolang bo‘lay”, deb aytgan. Ana shu qo‘shiqchi bir tanishimning hamsoyasi bo‘ladi. Ammo necha marta borsam ham sira ko‘zim tushmagan. Uzoqdan ham ko‘ra olmadim... Yuringlar, hozir hammamiz borib ko‘rib kelamiz!

Jo‘raqulov:(qo‘lini musht qilib) Bu Faxriev qanday odam-a? O‘zi anovi uchalasining o‘rniga mana shu hushidan ketishi kerak edi. Kasalxonaga borib ham muammoni hal qilib kelmadi. Qaytaga poyqadami yoqmay, keladigan xodimlarimizni ham kelmaydigan qilib kelgan.

Faxriev:(eshik tomonga qarab, o‘ng qo‘lini baland ko‘taradi) Eh-he-hey, ana!.. Poyqadamim yoqmagan emish!

Turg‘unov yugurib chiqadi.

Turg‘unov:(baqirib kulgancha) Assalomu alaykum! (Emin Lapasovich va Jo‘raqulovni ko‘rib, joyida to‘xtaydi).

Turg‘unovning orqasidan Shoir ham yugura solib chiqadi. U ham tirjaygan.

Shoir: — Men ham keldim (qo‘lini qulog‘iga olib borib), jing-jing! Uchib keldim, shamoldek yeldim! (Shoir ham aft-angori o‘zgarib, joyida qoladi).

Zokirov ham sahnaga chiqadi. Hech kimga qaramay, o‘ynab ketadi.

Zokirov: — Nega jimsizlar, yo bizning kelganimiz yoqmadimi? (Birdaniga Emin Lapasovichga ko‘zi tushib, yarim raqs holatida qotib qoladi).

Jimlik cho‘kadi. Shoir bilan Turg‘unov boshini xam qilib turishadi. Zokirov sekin ularning yonidan joy oladi.

Mirg‘ani:(chapak chalib yuboradi) Yashasin! Hozirning o‘zida uchta maqola tayyor degani bu! Shoir, shaxmat... (Keyin u ham jim bo‘lib qoladi).

Emin Lapasovich bir-bir bosib, Turg‘unov, Shoir va Zokirovning oldiga keladi. Ular g‘uj bo‘lib, hanuz boshlarini xam qilib turadilar. Kutilmaganda Emin Lapasovich ularni baravariga quchoqlab oladi. Sanobar opa va Lutfiya yig‘lab yuborishadi. Turg‘unov bilan Shoirning ham yig‘isi eshitiladi. Faxriev ham yig‘laydi. Mirg‘ani hammaga qarab hayron. Jo‘raqulov yelkalari silkinib, cho‘ntagidan ro‘molcha chiqaradi-da, ko‘zyoshlarini artadi.

Sahnaga qorong‘ilik cho‘kadi. Musiqa yangraydi: “Yig‘lama-a-a, qiz, to‘y seniki...”

* * *

Sahna yorug‘lashganda Turg‘unovni kompyuter o‘ynab o‘tirgan holda ko‘ramiz.

Xadicha xola sahnaga chiqib, uni ko‘radi-da, hayron bo‘ladi.

Xadicha xola: — Iya, tuppa-tuzuk ekansan-ku!

Turg‘unov:(kompyuterdan bosh ko‘tarib) Ashshayomu ayaykum. Bitta men emash, Shoyiy bilan Shokiyif ham tuppa-tushuk.

Xadicha xola: — Ular ham hushidan ketganmidi? Senlarni ot tepganmi, nima balo?!

Turg‘unov:(yayrab kuladi) Sunaqa bo‘lsha keyak. Mening navbatchiligim qimmatga tushdi hammaga.

Xadicha xola: — E, senlarni baloyam urmaydi (qo‘l siltab, ishga unnab, keyin chiqib ketadi).

Zokirov bilan Shoir sahnaga chiqib kelishadi. Salomlashadilar. Turg‘unov ularni ko‘rib tirjayadi.

Turg‘unov:(nosini tupurib kelib) Baribir sizlarning bir gaplaring bor. Haliyam egizaklarga o‘xshab ajrashmayapsizlar!

Zokirov:(Shoirni ko‘rsatib) Mana bu kishi-da! Iloji bo‘lsa, hojatxonagayam birga borsa!

Shoir:(Turg‘unovga) Yana vaqtli kelibsiz? Navbatchi bo‘lmang mabodo?

Zokirov:(Shoirga) Kayfiyatni buzmang-da darrov!

Turg‘unov: — Mayli, navbatchi bo‘lsam ham mayli. Endi o‘lik-tirikdan qo‘rqmayman. O‘zim bir o‘lib-tirildim-ku!

Shoir: — Sizga qo‘shilib, biz ham o‘lib-tirildik. Ko‘rdingizmi, sizni yolg‘izlatib qo‘ymaymiz.

Sahnaga Sanobar opa bilan Lutfiya chiqib kelishadi. Salomlashib, joylariga o‘tirishadi. Ulardan so‘ng eshik qattiq taqillab, sahnaga Pahlavon chiqib keladi. Qo‘lida g‘ijimlangan gazeta. U to‘ppa-to‘g‘ri Lutfiyaning tepasiga boradi. Lutfiya qo‘rqib ketadi.

Pahlavon: — O‘v, meni Pahlavon deyishadi. Men kushxonada ishlayman (qo‘lidagi gazetani ko‘rsatib) Mana bu sharmandalikni ko‘ryapsizmi? Nima haqqingiz bor? Sizning ishingizmi bu?

Lutfiya:(qo‘rqqanidan Turg‘unovni ko‘rsatib yuboradi) Yo‘q, mana bu kishining ishi!

Pahlavon:(Turg‘unovning ustiga bostirib boradi) O‘v, odam, nega onamning rasmi o‘rniga boshqa rasmni chiqarding? Savoding bormi sening?

Turg‘unov: (o‘rnidan turib, qaltiraganicha Lutfiyaga norozi qaraydi) Mening ishim emas, non ursin!

Pahlavon: — Bahona qilma, xo‘pmi? (Qo‘lini biqinidagi pichoq qiniga olib boradi) Hozir qovurg‘alaringni topolmay qolasan (Lutfiyaga ham norozi qaraydi).

Lutfiya:(Turg‘unovga) Navbatchi siz-ku, axir!

Turg‘unov: — Men yangi songa navbatchiman. Eskisidan xabarim yo‘q, aka.

Shoir:(Pahlavonga) To‘g‘ri aytyapti. Siz qizishmang. Biz onangiz bilan gaplashdik, kechirim so‘radik. Bu songa chiroyli qilib she’riy tuzatish beradigan bo‘ldik. O‘zim chiroyli muvashshah yozaman. Shunday misralar bilan beramizki, pichog‘ingiz o‘z-o‘zidan o‘ynab ketadi. (Kursi surib) Siz mana bu yerga o‘tiring.

Pahlavon: — O‘tirmayman, kerak bo‘lsa, senlarni o‘tqizaman. Sharmanda qildilaring. (Qo‘lidagi gazetaga imo qiladi) Bitta klientga go‘sht o‘rab berayotib qarasam, onamning familiyasi yozilgan. Rasmi esa Jo‘xi Shavla!

Zokirov: — Tuhmat qilmang, Juxi Chavla emas, Ayshvariya Ray, deng

Pahlavon: — Xato qilgan qo‘llaringni chopib tashlash kerak. Qaysi kalla bilan rasmni almashtirib qo‘ygansizlar?! Qarindoshlar ko‘rib qolishsa, nima degan odam bo‘ldik?

Shoir:(tirjayib) Qarindoshlaringiz ko‘rmaydi, negaki gazetimiz tirajimiz ozgina.

Pahlavon: — Kim qildi buni, topib beringlar! O‘sha savodsizni o‘zim sudrab, kushxonaga olib ketaman. Gazit chiqarmay ketkurlar! (Yana qo‘lini pichoq solingan qiniga olib boradi) Toping beringlar, deyapman!

Faxriev:(Pahlavonga tikilib turib, baqiradi) Iya!.. Iya!.. Hoy, Palka, o‘zingmisan? (Yaqinlasha boshlaydi) Ha, xuddi o‘zi!

Pahlavon:(hovuridan tushib, hayron bo‘ladi) Sen kimsan?.. Laqabimni qaerdan bilasan?

Faxriev: — E, ovsar Palka, tanimadingmi? Menga yaxshilab qara!

Pahlavon:(Faxrievga yaxshilab razm solib, bag‘rini ochadi) Iya, Paxriyip, senmi? Iya, iya! (Quchoqlashib ko‘rishadi) Sen bu yerda nima qilyapsan? Yo seniyam onangning rasmini almashtirishganmi?

Faxriev: — Men shu yerda ishlayman, Palka! Endi, qimir-qimir-da! Ishlaring yaxshimi? Qaerlarda yo‘qolib ketding? Institutni tashlab ketuvding, qassoblik qilayotgan ekansan-da! Eh, Palka, Palka-ey!..

Pahlavon: — Shunaqa bo‘lib qoldi. Aytganday, sening laqabing nima edi?

Faxriev: — Mening laqabim ham, ism-familiyam ham Faxriev.

Shoir: (Pahlavonga tirjayib) Eslab ko‘ring, balki laqabi bo‘lgandir?

Pahlavon: (Faxrievga Shoirni ko‘rsatib) Shu odam ja ko‘p gapirarkan-da!

Faxriev: (qo‘l siltab) Ha, endi Shoir-da bu! Bizning magnitafonimiz! (Pahlavonni eshik tomon sudraydi) Yur, bu yoqqa!

Pahlavon: — Qayoqqa? (Qo‘lidagi gazetaga imo qilib) Mana buni hal qilib olayin.

Faxriev: — E, bu masala allaqachon hal bo‘lgan, og‘ayni. Keyingi sonda chiqadi. Senga o‘zim olib borib beraman... Bilasanmi, yaqinda kimni ko‘rdim — Egamberdi bilan Turdini!

Pahlavon: — Nima?! Qachon ko‘rding?

Faxriev va Pahlavon chiqib keta boshlashadi. Pahlavon tirjayib shkafning eshigini ochadi-da, ichiga kirib ketadi. Faxriev uni chiqarib oladi.

Faxriev:(kulimsirab) Chiq, bu yoqqa, Palkajon! Qassobxonam, deb o‘yladingmi, mana-ku, eshik!

Pahlavon: (shkafdan chiqib) G‘alati ishxonada ishlarkansan!

Shoir: — G‘alati emas, kulgili, deng!

Pahlavon Shoirga xo‘mrayib qarab, Faxriev bilan chiqib ketadi.

Turg‘unov: (og‘ir tin olib, Lutfiyaga qaraydi) Menda qasdingiz borligini bilmagan ekanman.

Lutfiya: — Voy, kechiring, birinchi bo‘lib sizga ko‘zim tushdi-da!

Turg‘unov: — Ana shunaqa: doim tayoq mening boshimda sinadi. Navbatchi bo‘ladigan ham men, birovning birinchi bo‘lib ko‘zi tushadigan ham men, qassob kushxonaga olib ketmoqchi bo‘lgan ham men!

Shoir: — E, shukr qiling. (Kulimsirab Zokirovga) Palka dedimi laqabini? O‘zining laqabi ajabtovur-u tag‘in bizning ishxonani g‘alati, deydi.

Sanobar opa: — Yaxshiyam Faxriev bor ekan. Aks holda bu qassob hammamizni olib ketardi kushxonasiga! (Lutfiyaga qarab) Yuring, tushlikka somsa olib kelaylik. Hademay tugab qoladi.

Sanobar opa va Lutfiya chiqib ketishadi.

Zokirov: — Endi yeng shimarib ishga kirishmasak bo‘lmaydi. O‘zimizni ko‘rsataylik. Kecha Emin Lapasovichning oldida uyalib qoldim.

Turg‘unov: (kompyuterdan nigohini olib, Zokirovga qaraydi) Bilasizlarmi, men kecha rostdan ham yig‘ladim. Bilmadim, Emin Lapasovichga ham, o‘zimga ham rahmim keldi.

Shoir: — Bu nima deganingiz? Men ham yig‘ladim. Ko‘z yoshlarim oqdi sel bo‘lib. Kechqurun xotinimga birinchi muhabbatim haqida gapirib berdim.

Faxriev qaytib keladi. Darrov ularga qarab tirjayadi.

Faxriev: — Assalomu alaykum!.. Yana nima kengash?

Turg‘unov:(Shoirga) Mohim, ohim... Yana nima edi... qatqalog‘immidi?.. Ishonmayman, xotiningizga aytmagansiz!

Shoir: — Aytdim, rost.

Turg‘unov: — Qo‘ynimda bir yor, ko‘nglimda bir yor bo‘libdi-da!

Faxriev: — Nimani aytibdi? Kimga? Yana nimani boshlayapsizlar?

Turg‘unov: — Shoir o‘zining xotiniga kasalxonadagi sevgilisi haqida gapirib beribdi.

Faxriev: — Bo‘lmagan gap! (Shoirga tikilib) Ko‘zingiz ko‘karganida ishonishim mumkin edi.

Shoir:(qo‘llarini bir-biriga ishqab) Bilasizlarmi, ana shunday rukn tashkil qilish kerak: hamma o‘zining birinchi muhabbatini yozsin. Nima dedingiz?

Turg‘unov:(bosh chayqaydi) Yo‘q, to‘g‘ri kelmaydi. Odamlarning uyida g‘avg‘o boshlanadi. Hech kim yozmaydiyam. Masalan, mening birinchi muhabbatim esimdan chiqib ketgan. Sizniki-chi, Vosiljon?

Zokirov: — Menikimi?.. (Xomush tortib) E-he, necha yillar o‘tsa-da, kechagidek esimda. Yurardik qo‘l ushlashib. Kinoga kirardik. Keyin nomard otasi uni boshqa yigitga bervordi.

Shoir: — Ana, ko‘ryapsizmi? Naqadar alamli muhabbat tarixi! Yuraklar pitirlab ketadi. Bunaqalar ozmi?!. Tahririyatdagilarning o‘zini titkilasak, yilning oxirigacha yetadigan maqolalar tayyorlaymiz. Masalan, Jo‘raqulov bor, Xachcha xolayam bor...

Faxriev: — Mening muhabbatim armiyada qolib ketgan. Tanyusha edi ismi. Jon deb menga ergashib kelardi-yu to‘g‘risi, men otamdan qo‘rqdim. Tanyushaga qo‘shib meniyam ortimga quvib solardi otam.

Turg‘unov: — To‘xtang-to‘xtang, men o‘zimnikini esladim. Semiz qiz edi. Nuqul shirmoy non olib berardim. Chaqaloqligida bo‘lasi qulog‘ini tishlab qo‘ygan ekan, keyin ma’lum bo‘ldi, o‘shanga tegdi. Xohlasang-xohlamasang, xotirangni titkilab o‘zi chiqarkan bu muhabbat! Semiz bo‘lsayam birinchi sevgilim edi!

Hamma o‘ylanib qoladi. Zokirov xo‘rsinib, qo‘llari bilan boshini changallaydi. Faxriev ko‘zlarini yumib olgan. Turg‘unov shiftga tikilib qolgan. Shoir esa ularni birma-bir kuzatib, goh o‘tiradi, goh turadi. Keyin eshikning oldiga borib, yaxshilab qaraydi. Eshikni zichlab yopadi. Yana joyiga qaytadi. Eshik tomonga yana bir bor qarab qo‘yadi.

Shoir: — Eshitinglar, bunday qilamiz (uchovlon ham o‘girilib, unga tikilishadi), Jo‘raqulovni Xachcha xolaga uylantiramiz!

Turg‘unov ham, Zokirov ham bir sapchib tushishadi. Faxrievning og‘zi lang ochilib qoladi. Turg‘unov darhol kompyuterga yopishadi. Zokirov esa quloqlarini berkitib, quv-quv yo‘talishga tushadi.

Shoir:(hayron bo‘ladi) Nega indamaysizlar? Ikkalasi bir-biriga uzukka ko‘z qo‘yganday-ku! Buyam qo‘pol, uyam... Jo‘raqulovning xotini o‘lganiga yuz yil bo‘ldi. Xachcha xola esa erini urib o‘ldirgan, deb eshitganman.

Turg‘unov:(chidab turolmay) Ikkita pilus yoki ikkita minus bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi.

Shoir:(jonlanib qolib) Juda to‘g‘ri keladi-da!.. Turg‘unov, bu haqda Jo‘raqulovga siz aytasiz!

Turg‘unov: (baqirib) Yo‘q-yo‘q, hech qachon. Jahlimni chiqarmang, aks holda yana hushimdan ketib qolaman.

Shoir: — Qo‘ysangiz-chi! Yaxshi niyat qiling (shunday deb Zokirovga imo qiladi) Xachcha xolaga esa, mana, Vosiljon aytadi.

Zokirov:(tutaqib ketadi) Siz tinch yurasizmi-yo‘qmi? Nega bizni baloga yo‘liqtirasiz? Jahlimni chiqarsangiz, haligi gaplarni Turg‘unovga aytib beraman. Ana shunda Turg‘unov ham, men ham emas, siz hushingizdan ketib qolasiz.

Shoir: — Baraka topkur, men o‘zimni emas, birovlarning baxtini o‘ylayman. Axir bizdan nima qoladi: yaxshilik. Ikki yoshni qovushtirsak, e-e, ikki qariyani, demoqchi edim...

Turg‘unov: — Yaxshilik emish! O‘sha yaxshilikni siz qiling. Jo‘raqulovga ham, Xachcha xolaga ham o‘zingiz ayting.

Shoir: — Yaxshi, sizlar qo‘rqayotgan bo‘lsangizlar, mana, Faxriev aytadi.

Faxriev: — Nim-ma?!! Ishdan bo‘shab ketsam, ketamanki, bu gapni ikki dunyoda ham ularga aytmayman. Sizlarning shaykangizga qo‘shilmaganim bo‘lsin! Qitmirlar!

Shoir: — Mendan taklif chiqdi, amaliyot sizlardan-da!

Zokirov: — Siz vabshi jahlimni chiqaryapsiz!

Shoir: — Mayli, mayli, Jo‘raqulovga men aytaman, Xachcha xola — sizlarniki!

Turg‘unov:(cho‘zib) Men bu yerda y-o‘-q-m-a-n. (Pichirlab) Qoyil, Shoirning kallasi ishlaydi.

Shoir: — Menga qaranglar, agar Jo‘raqulovni uylantirsak, qulog‘imiz ancha tinchiydi. Xachcha xola bilan andarmon bo‘lardi-da! Navbatchilikni ham ikkalasi galma-galdan qilaverardi. Er-xotin – qo‘sh ho‘kiz!

Turg‘unov: — Bir tomondan to‘g‘ri...

Shoir:(qiyqirib yuboradi) Ana-ana, demak, siz rozisiz, yashang! Jo‘raqulovgayam o‘zingiz aytasiz. Endi, bu ish shoshilinch emas, hozir ayollar kelishsin, yana maslahatlashamiz. Men sizlarga garantiya beraman, agar mana shu ikkita pilus o‘zaro umr rishtasini bog‘lasa, ancha bosilib qoladi...

Musiqa chalinib, to‘rtovlonning gaplari eshitilmaydi. Birin-ketin Sanobar opa bilan Lutfiya kirib kelishadi. Shoir ularga nimadir deydi, ular angrayib qolishadi, bosh chayqashadi. Lutfiya yelpina boshlaydi, Sanobar opa qo‘rqib, eshikka qaraydi. Faxriev ham nimalardir deydi. Zokirov qo‘llarini paxsa qilib gapiradi. Shoir ularning har biriga nimalarnidir tushuntiradi... Nihoyat musiqa pasayadi.

Zokirov: — Bilaman, ammo faqat u kishi Jo‘raqulovga ayta oladi-da! Aks holda ish chappasiga ketsa, Jo‘raqulov bizni devorga qapishtirib qo‘yishi hech gap emas.

Lutfiya: — Ha, to‘g‘ri, Xachcha xolayam polcho‘pi bilan urishi mumkin.

Faxriev: — Xo‘p-xo‘p, to‘yni qaerda o‘tkazamiz?

Sanobar opa: — Voy, to‘ygacha hali gap ko‘p.

Shoir: — Nega unaqa deysiz, opa? Ish pishsa, buyog‘i zing‘illab ketadi!

Lutfiya: — Turg‘unov, siz nega kulasiz?

Turg‘unov:(o‘zini kulgidan to‘xtatmay) Kulmay bo‘ladimi! Axir, ikkalasini kelin-kuyov sifatida tasavvur qilib ko‘ryapman-da!

Hammalari kuladilar.

Faxriev: — To‘yni “Interkontinental”da o‘tkazamiz. Haligacha bormaganman, bir ko‘ray-chi!

Sanobar opa: — Voy, u yer qimmatlik qilsa kerak.

Zokirov: — Muassis ko‘taradi-da xarajatni, o‘ldimi!

Faxriev: — Shoir, siz vadavang qilib nikoh she’rini yozavering!.. Obbo, bu Turg‘unov yana nega kulyapti?

Turg‘unov:(to‘xtamay kulib) To‘ydà kelin-kuyovning qarindoshlari kelsa, hammasi xo‘mraygan kallalar bo‘lsa kerak, deb kulyapman.

Yana barcha kuladi.

Faxriev: — To‘yga haligi Yalg‘asheva momoniyam aytamizmi?

Shoir: — Aytamiz-aytamiz. Ayshvariya Rayniyam aytamiz, vo-ho-ho!..

Miriqib-miriqib kuladilar.

Sahna ortidan ovoz:

— Xullas, tahririyatda yana bir hangoma yetilib kelmoqda... Bu endi boshqa sarguzasht.

V a s s a l o m !

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.