OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Namozov. Men — ko‘rinmas odam (qissadan parcha)

1

Hammasi oddiy kunlarning birida yuz berdi.
Aslida, oddiy kunlarning birida, deb ham bo‘lmaydi. Qishloqdan o‘rtog‘im Yo‘ldosh kelgandi. Meni qo‘yarda-qo‘ymay ishxonamdan olib chiqdi. “Aroq-paroq olib bermasang, hech bo‘lmasa suv-puv bilan mehmon qil”, deya sira qo‘ymadi. Noiloj rozi bo‘ldim. Oyda-yilda bir keladi, dilini ranjitmay, dedim. Axir, qishloqdoshlarim orasida meni yo‘qlaydigan odam faqat shu-da!
Ishxonadagilarning ko‘zini shamg‘alat qilib, sekingina ko‘chaga chiqib ketdik. Bunday olib qaraganda, hech kimning men bilan ishi yo‘q, onda-sonda kafedra mudiri so‘rab qolmasa, bu dargohda boshqa kimsa yo‘qlamaydiyam. Ustozim vafot etganidan buyon laboratoriya huvillab qolgan, maoshi haminqadar bu “shishaxona”da mudirlik qilishga tuzukroq nomzod ham yo‘q. Aniqrog‘i, institut rahbariyati bu borada hali o‘ylab ko‘rmagan.
Men har kuni kelib, avvalo bu yerni tartibga keltirar, keyin eshik-derazaga ko‘z-quloq bo‘lib, ustozimning ishini davom ettirardim. Zerikib ketganimda esa o‘zimcha allaqanday tajribalar o‘tkazib, kitoblardagi mashhur olimlarning ishlarini go‘yo sinovdan o‘tkazardim.
Cho‘ntagim har doimgidek bo‘shgina. Ammo nachora, mehmon amri vojib! Yo‘ldoshni shahar markazidagi gavjum kafelardan biriga boshladim. Kafe hovlisiga qo‘yilgan stol-stullardan birini egalladik. Ofitsiant qizlardan biriga ikkita sharbat buyurganimda hafsalasi pir bo‘lib, yozib oldi-da, norozi qiyofada bar tomon ketdi.
Yo‘ldosh meni ergashtirib kelganidan shod. “Eski laboratoriyangda o‘tirarding men bo‘lmasam”, deb qo‘ydi. U atrofga alang-jalang qarar ekan, xuddi tanishlarini ko‘rib qolayotgandek, allakimlarni nigohi bilan izlardi. Men esa xotirjam alfozda bu oshnaginamga sinchkov nazar tashlab o‘tiribman. Hali uni avtoshohbekatgacha kuzatib ham qo‘yishim kerak.
— Menga qara, xolang yaxshimi? — so‘radi Yo‘ldosh esiga tushib. — Qarib qolgandir? Ko‘rmaganimga ham ancha bo‘ldi.
— Yaxshi, — dedim, — ha, qarib qolgan.
Yo‘ldosh o‘zicha g‘amxo‘rlik qildi:
— Bi-ir qishloqqa olib bormaysanmi-a? Hadeb diqqinafas uyda o‘tiraveradimi? Sal yozilardi, bahri dili ochilardi. O‘tgan-ketgan qarindoshlarini eslardi, qabristonni ziyorat qilardi, birortasinikiga olib borardik.
— Kimnikiga olib borardik, Yo‘ldosh? — dedim men. — Qarindoshlar qolibdimi endi?.. Faqat men va xolam.
— Menikiga olib bor. Hech bo‘lmasa qishloqning havosini tuysin, to‘yib-to‘yib simirsin. Yoddan chiqarishgan, deb o‘ylama. Eslab turadiganlar ko‘p, oshna.
— Rahmat shunisigayam. Biror kun nasib qilib qolar. Ammo qishloqqa olib borsam, dardini yangilagan bo‘laman. Kasal bo‘lib qolsa-chi?! O‘zi qari odam. Yo‘l azobi ham bor.
Yo‘ldosh shoshilmay sharbatni simirarkan, hamon chor atrofga qarashni qo‘ymasdi. Bilaman, uning aytayotgan gaplari shunchaki yo‘liga! O‘ziniyam mingta tashvishi bor. To‘rt nafar bolani boqish oson, deysizmi! Onda-sonda ish bilan kelib, o‘zining aytishicha, ko‘nglini yozib ketadi.
Hartugul mana shu Yo‘ldoshning borligiyam yaxshi. Shaharga kelganida ba’zan yo‘qlab qo‘yadi.
— Bir jihatdan to‘g‘ri aytasan, — ma’qullagan bo‘ldi u. — Dardi yangilanadi, eziladi. Dardi yo‘q odam bormikan bu dunyoda, oshnajon?! Boshimdan nimalar o‘tganini bilasan. Buyog‘ini so‘rasang, xotin, bola-chaqa, uy-ro‘zg‘or — ish, ish, ish... Hademay bolalar ham katta bo‘lib qoladi. Keyin to‘y qilib berish kerak. Maktabi boshlanadi. Shu shahringga kelib, chigilni sal yozib ketaman-da, oshna! Ammo sening darding bo‘lmasa kerak! Oilang yo‘q, bola-chaqa tashvishi demaysan. Zeriksang, kino-pinoga kirasan. Do‘stlaring, tanishlaring bilan gaplashasan.
Yo‘ldoshning bu gapiga hech nima demadim. Aslida ustozim o‘lganidan beri o‘zimni yolg‘iz his qilardim. Do‘stlar, tanishlar qayoqda! Mendek bo‘sh, landovur laborant xodimining kimgayam keragi bor? Qovog‘i soliq kafedra mudiri ba’zida huzuriga chaqirib, ermakka ensamni qotirishi-yu, keyin cho‘ntagidan pul chiqarib, do‘konga yuborishini aytmasa, o‘zgalar telefon orqaliyam surishtirishmaydi! Ishdan qaytib, xolamning kun bo‘yi yig‘ilib qolgan hasratlarini tinglab o‘tiraman. Ota-onam haqidagi xotiralarini eshitib, o‘pkam to‘lib ketadi. Yig‘layman. Xolam titroq qo‘llari bilan boshimni silab, ovutarkan, o‘zi ham achchiq-achchiq ko‘zyoshi to‘kadi. Bu dunyoda ustozimdan so‘ng menga mehribonlik qiladigan inson faqat shu kishi! Xolaginam uylanish haqida gap ocharkan, ta’bimni xira qiladi.
“Menga ham atalgani bordir, xola, deyman. Ammo hozir emas...”
Sababini aytolmayman. Bu haqda o‘ylashning ham hojati yo‘q. Kichkina maoshim bilan uylanish u yoqda tursin, xolam ikkimiz turgan mana shu uyning to‘lovlarini to‘lash ham ba’zida og‘irlik qiladi...
— Anovi qizlar bizdan ko‘z uzishmayapti, — deb turtdi Yo‘ldosh yon tomonga imo qilib. — Chiroyliligini! Yondiraman, deydi! Qara o‘zing!
Achchig‘im chiqdi:
— Yo‘ldosh, endi qizlar deb kallani qotirma. Gurunglashamiz, dedingmi, bo‘ldi-da! Xayolingni bo‘lma. Hozir u qiz deysan, bu qiz deysan, kech qolganini bilmay qolasan. Men hali seni kuzatib, ishxonaga borishim kerak, yig‘ishtirmay kelganman.
— Kuzatishing shart emas, — yon tomondan ko‘zini uzmay gapirdi Yo‘ldosh. — Yana yarim soat o‘tiraylik. Jonon qizlar ekan. Yaxshisi, borib, ularni stolimizga taklif qil. Qo‘rqma, pulini o‘zim to‘layman.
Ensam qotdi:
— Qo‘ysang-chi, shu gaplarni! Oilang, bola-chaqang bor, qizlarni boshingga urasanmi?! Ichsang, icha qol. Turaylik...
— Oilaning nima daxli bor? — norozi tarzda menga bir qarab oldi Yo‘ldosh. — O‘zlari qarayapti, tanishgilari kelyapti. Indamay o‘tiraversak, hafsalalari pir bo‘lmaydimi? Qara, ana! Bir-birlariga nimadir deyishyapti. Bitta baqalog‘i sendan ko‘zini uzmayapti... Oshnajon, taklif qil. To‘rtta gurung-da! Shaharlik qizlar bilan gaplashmaganimga qancha bo‘ldi, bilasanmi?!. Yo‘q, dema... E, sen qachon aytganimga ko‘nganding! Yaxshisi, o‘zim taklif qilaman. Ketib qolma tag‘in.
Yo‘ldosh shart o‘rnidan turib, yon tarafga ketdi. Shuncha yildan buyon uning qizlarga suyagi yo‘qligini bilmagan ekanman. Hafsalam pir bo‘ldi. O‘zimga kelsak, bunaqa ishlarga tobim yo‘q. Bilmadim, bir maromdagi hayotga o‘rganib qolganmanmi, qizlar bilan tanishishni ortiqcha tashvish, deb hisoblayman. Ehtimol, muhabbat yoshidan o‘tgandirman? Yurak qurg‘ur shu kabi ishlarga dov bermas balki! Nima bo‘lganda ham bunday hissiyotlar, ehtiroslarga toqatim yo‘q edi. Mening o‘y-xayolim ustozimning ishini davom ettirishga qaratilgan, kelgusida buyuk kashfiyot qilish ishtiyoqim har qanday tuyg‘ulardan ustuvor edi. Sevgi-muhabbat deganlari men uchun ikkinchi darajali bo‘lishi shart, aks holda ishlarim chala qolishi hech gap emas. Axir, marraga ancha yaqin qolgan…
Yo‘ldosh ismimni aytib, meni chaqira boshladi. Sekin qaradim. Uchta qizning davrasiga o‘tirib olibdi. Ularni nimalardir deb kuldirardi. Menga “kel”, deb imo qildi. Indamay o‘tiraverdim. Oradan bir zum o‘tmay, u ro‘paramda paydo bo‘ldi:
— Ho‘v, qanaqa odamsan? Yursang-chi! Oshnangiz yovvoyimi, deyishyapti.
Battar jahlim chiqdi:
— Men ketdim, og‘ayni. Shaharga kelganingda yo‘qlab tur.
— To‘xta-to‘xta, — yelkamdan bosdi Yo‘ldosh. — Bo‘pti, o‘zlarini chaqiraman. Faqat ketib qolma, iltimos. Sharmanda qilma. Ayniqsa, bittasi seni rosa so‘rayapti. Yarim soat, yarim soatgina o‘tiramiz.
Qizlar davramizga qo‘shilishni rad etishadi, deb o‘ylagandim. Yo‘q, oradan yarim daqiqa o‘tmay, Yo‘ldosh uchalasini ham boshlab keldi. Men o‘rnimdan turib, ularni kutib olgan bo‘ldim.
— Yaxshimisiz? — deb so‘rashdi novcharog‘i.
Bosh irg‘ab qo‘ydim.
O‘tirdik. Yo‘ldosh tezda meni ular bilan tanishtirdi. Novchasining ismi Nuriya, ikkinchisi jikkakkina Farangiz, uchinchi qiz — to‘ladan kelgani Lobar ekan. Yo‘ldosh meni ularga alohida ta’riflab tanishtirdi. Joylashib o‘tirib, “yaxshigina” davra hosil qildik.
Men yigitlarga xos takallufni nasiya qilganimcha o‘tirdim.
— O‘rtog‘ingiz namuncha jiddiy? — dedi yonimdan joy olgan Lobar lo‘ppi yuzlarini shishirib. — Biz yoqmadik, shekilli?
— Yo‘g‘-ey, — kuldi Yo‘ldosh. — Shunchaki... afti shunaqa-da! Ammo ko‘ngli ochiq bola!.. Xo‘sh, qizlar, nima buyuradilar?
— Faqat muzqaymoq, — dedi Nuriya. — Sharbat jonga tegdi.
— Juda yaxshi, — Yo‘ldosh ofitsiant qizni kutmay, dik etib o‘rnidan turdi-da, o‘sha tomonga ketdi.
Qizlar nimalarnidir gapirib, o‘zaro chug‘urlasha boshlashdi. Men ularning suhbatiga ahamiyat bermay, sharbatimni icha boshladim.
— Bu kafega tez-tez kelib turamiz, — dedi Lobar.
Uning gapi menga qaratilganini anglab, “xo‘sh”, degandek tikildim.
Lobar so‘zida davom etdi:
— Sizlarni avval ko‘rmasdik, birinchi marta kelishlaring bo‘lsa kerak?
— Ha, — bosh irg‘adim men.
— Biz esa tez-tez kelib turamiz, — gapni ilib ketdi Farangiz. — Dugonalar ko‘rishib turmasak bo‘lmaydi-da! Har kimning gapi ichida yig‘ilib qoladi... Bu o‘rtog‘ingiz juda sho‘x ekan, bizga yoqdi. Yo‘ldosh edi ismi, shekilli! Siz esa ancha bosiq ekansiz. Lobar dugonamizga siz kabi og‘ir, bosiq kishilar yoqadi, Sarvar aka, — kulib yubordi u.
— Iya, nimalar deyapsan? — lablarini cho‘chchaytirdi Lobar.
— O‘zingni farishta qilib ko‘rsatma, xo‘pmi? Boyadan buyon ko‘z uzolmayapsan-ku, yolg‘onmi gapim? — dedi Nuriya, keyin menga kulimsirab qarar ekan, qo‘shib qo‘ydi: — Bu dugonamiz bir ko‘rishdayoq odamning qandayligini biladi.
Lobar ularning gapiga parvo qilmay, mendan so‘radi:
— Biror joyda ishlaysizmi?
— Ha, institutda, — qisqagina qilib javob berdim men.
— Ilmiy ish qilarkansiz-da? — so‘roqqa tutdi Farangiz.
Bosh irg‘ab qo‘ydim. Shu fursatda Yo‘ldoshni betoqat bo‘lib kutardim.
— Namuncha yaxshi! — ko‘zlari charaqlab ketdi Lobarning. — Men tadqiqot ishlariga shunaqangi qiziqamanki... Institutingizga taklif qilarsiz biror kun?
— Mayli, — dedim men ilmiy ishlar bilan qiziqadigan qizlar borligidan bir qadar quvonib. — Agar laboratoriyadagi shisha-pishalar hididan ko‘nglingiz aynimasa...
Nuriya burnini jiyirib so‘radi:
— Juda yomon bo‘ladimi-a? Siz qanday ishlaysiz unda?
Bu savolga patnisda beshta muzqaymoq ko‘tarib kelgan Yo‘ldosh javob berdi:
— O‘rganib qolgan bu! Ming yillardan buyon ishlaydi-da! Ammo laboratoriyasi juda antiqa! Maktab davrimizni esga soladi. Bolaligidayoq qandaydir kolba-molbalarga qiziqardi... Qizla-a-a-r, kelajagi porloq bu oshnamning!
Uchala dugona kulib yuborishdi. Gap gapga qovushdi. Men avvaliga uncha xushlamay o‘tirgan bo‘lsam-da, savollarga javob beraveribmi, sal ochildim. Lobar ancha samimiy ekan. Ko‘zlarini katta-katta ochib, nuqul meni suhbatga tortaveradi. O‘zi haqida deyarli gapirmaydi. Qiziqishlarim, chala qolgan tadqiqot ishim borasida so‘zlab berdim. Bu ishlarimni davom ettirajagimni aytdim.
Lobar ikkimizning subatimizga zimdan quloq solgan Yo‘ldosh “zo‘r-ku”, degandek menga ko‘z qisib qo‘ydi. Keyin uchalasining suhbati qizib, bizga uncha e’tibor bermay qo‘yishdi.
Lobar qandaydir kino to‘g‘risida so‘zlay ketdi. Men ko‘rmagan ekanman. Umuman, kino deganiga hushim yo‘q. Azaldan shunday. Ammo Lobar aytib bergan filmning voqealari qiziq ekan. Menga ham o‘sha diskni berishini, keyin fikr bildirishimni so‘radi. Xo‘p, deya qoldim. Shundan so‘ng Lobar klassik musiqalar haqida so‘z ochdi. O‘zimni qiziqqandek tutdim.
Mavridini kutib, Yo‘ldoshga, “turamiz”, degandek imo qildim.
— Siz shoshilyapsiz, chog‘i? — dedi Lobar buni payqab.
— Uzr, ishga borishim kerak, — javob berdim men o‘ng‘aysizlanib. — Sizlar o‘tiraveringlar. Bemalol.
— Voy, — yana ko‘zlarini katta-katta ochdi Lobar, — siz meni ishxonangizga taklif qilmoqchi edingiz-ku!
Nuriya uni ko‘rsatib, menga imo qildi:
— Endi bundan qutulolmaysiz! O‘sha laboratoriyangizni ko‘rmagunicha tinchimaydi.
Men yelkamni qisib Lobarga qaradim:
— Balki boshqa payt borarsiz? U yoq-bu yoqni sal-pal yig‘ishtirib...
Yo‘ldosh tars etib yelkamga urdi:
— E, qanaqa odamsan? Nima, uyingga taklif qilyapsanmi-a?
Unga norozinamo qarab qo‘ydim.
— Mayli, yuringlar, — dedim noiloj.
Lobar avval menga, keyin dugonalariga qaradi:
— Bular qolishadi, men o‘zim boraman.
— Ha-ha, biz boshqa kuni boramiz, — tasdiqladi Farangiz. — Lobarni “razvedka”ga yuboramiz-u, keyin taassurotlariga qarab, biror kun o‘zimiz ham tashrif buyuramiz.
Ular bilan xayrlashib, Lobar ikkimiz turdik. Yo‘ldosh, “telefon qilaman”, deb qo‘ydi.
Kafedan chiqqach, Lobarning chiroyli libosi-yu, mening odmi kiyinganim uchunmi, ayrimlar bizga boshqacha qaray boshlashdi. O‘zimni notavon sezib, ichimda Yo‘ldoshdan yanib qo‘ydim.
— Bu yoqqa, — dedi Lobar, ko‘chaning narigi tomonini ko‘rsatib.
Men hayron bo‘lib, uning ortidan ergashdim. Narigi tomonga o‘tdik. Lobar yo‘l chetidagi qip-qizil “Mersedes”ga yaqinlashdi-da, sumkasidan qora quticha chiqarib, tugmachasini bosdi. Mashina chiroyli ovoz chiqarib qo‘ydi.
— O‘tiring, — o‘ng tomondagi eshikni ko‘rsatdi Lobar, — menga manzilni aytsangiz bo‘ldi.
Mashinaga sekin o‘tirdim. O‘rindig‘i shunaqangi yumshoq ekanki, cho‘kib ketgandek bo‘ldim. Lobarga manzilni tushuntirdim.
“Mersedes” yengil vag‘illab, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Lobar uni chapdastlik bilan boshqarar ekan, katta ko‘chadagi mashinalar oqimiga olib kirdi.
Ochig‘i, yaqin orada yengil mashinaga o‘tirmagandim. Hozir esa xorijiy mashinaning eng oxirgi rusumdagisida ketyapman. Yuragim allanechuk orziqdi. Lobarga zimdan qarab, hayron bo‘ldim. Laboratoriyaga borib nima qilarkan bu? Rostdan ham qiziqarmikan? Mayli, borsin, ko‘rsin! Shisha, ximikatlarni ko‘rib, hafsalasi pir bo‘lgani qoladi. Boshqa nimayam qilardi? Axir, bunday boyvuchcha qizlar ilmiy ish bilan astoydil shug‘ullanisharmidi?! Ehtimol, qiziqib ham qolar, balki ilmiy ish ham qilar. O‘ziga ishonadigan qizga o‘xshaydi. Nima bo‘lsayam, o‘zi biladi!
— Siz ham mashina haydolasizmi? — so‘radi Lobar yo‘ldan ko‘zini uzmay.
— Yo‘q, — dedim.
— Haydashni xohlarmidingiz? Istasangiz, o‘zim o‘rgataman. Qiyin emas. Eng muhimi, mashq qilishda! Yo‘l qoidalarini o‘rganib olsangiz, oshig‘ingiz olchi!
Kulib qo‘ydim. Tavba, tanishganiga yarim soat bo‘lgani yo‘g‘-u menga mashina haydashni o‘rgatmoqchi! Bir gapi bordir-da! Balki meni repetitor-pepetitor, deb o‘ylayotgandir? Ilmiy ishga qiziqaman, deyotgandi, ilmoq tashlab ko‘rayotgandir, ehtimol! Tavba, hozirgi qizlarga hayronsan, so‘rab-surishtirmay darhol senga g‘amxo‘rlikni boshlab yuborishadi.
Indamay o‘tirganim uchunmi, yo‘l bo‘yi Lobarning o‘zi gapirib ketdi. Italiya, Frantsiyaga borganlarini so‘zladi. U yerning tabiati, odamlari haqida bayon qildi. Mashhur “Eyfel” minorasi tarixini gapirib berdi...
Institutga ham yetib keldik. Ming istihola bilan Lobarni laboratoriyaga boshladim. Bugun tushlikdan so‘ng u yerni tartibga keltirmagan edim. Hozir ko‘rsa, g‘irt talabaning o‘zi ekan, deb kulsa kerak.
Laboratoriyaga kirgach, Lobar “vu-u-y”, deb yubordi. Men miyig‘ida kulib qo‘ydim. Keyin ish stolimdagi lash-lushlarni sekingina yig‘ishtirib oldim. Lobar har bir jihozga hayrat bilan tikilar, menga savol alomati bilan qarar, men esa buyumlarga izoh berardim.
— Maylimi, bu yerga kelib tursam? — so‘radi keyin u. — Ruxsat berasizmi?
— Lobar, bilasizmi, — dedim chaynalib, — bu laboratoriyaga kirish uchun aslida maxsus ruxsatnoma kerak. Bilib qolishsa, meni haydab yuborishadi.
Lobar ko‘zlarida ishonch bilan javob qildi:
— Agar men uchun haydab yuboradigan bo‘lishsa, o‘zlariga juda qimmatga tushadi. Urinib ko‘rishsin...
Xullas, Lobar laboratoriyada anchagacha qolib ketdi. Azbaroyi qiziqqani uchun bir-ikkita kichikroq tajriba ko‘rsatib berdim. U yosh boladek chapak chalib yubordi.
Ketar chog‘ida esa meni uyimga kuzatib qo‘yajagini aytdi. Ishlarim borligini aytib, uzr so‘radim. Lobar qo‘limdan tortqilagancha mashinasi tomon sudradi.
Bu safar u “Mersedes”ni shu qadar tez haydadiki, ochig‘i, qo‘rqib ketdim. Yo‘lida uchragan mashinalarni gir aylanib o‘tar, gaz ustiga gaz bosardi.
— Sekinroq, — dedim men o‘rindiqqa zich yopishib.
Lobar qiyqirgancha gazni yanada bosdi. Mashina samolyot misoli uchardi. Yo‘limizdan ulkan avtoulov chiqib qoldi. Unga borib urilishimiz aniq edi. Men baqirishga ham ulgurmasligimni bilib, ko‘zlarimni chirt yumib oldim.
Lahza o‘tmay, tormozning kuchli g‘iyqillagani va Lobarning qichqirig‘ini eshitdim.

2

Men hammasi tugadi, deb o‘ylagandim. Lobarning baland ovozda kulgani qulog‘imga chalinib, ko‘zlarimni ochdim.
U qah-qah urib kuldi.
— Hammasi joyida, hazillashdim, — deb yana mashinani yurg‘izdi.
Lobar ertasiga, indiniga, keyin ham laboratoriyaga keldi. Ammo “ilmiy ish”dan ko‘ra aynan men uchun tashrif buyurayotganini sezdim. U ish bilan andarmon bo‘lib turganimda menga tikilib turar, yalt etib qaraganimda ko‘zlarini olib qochardi.
Lobarning taklifi bilan bir-ikki marta sayrga ham chiqdik. Istirohat bog‘i, xiyobon bo‘ylab aylandik. Har safar xayrlashayotganimizda u meni gapga solib bildirmaygina qo‘limni uzoq ushlab turadigan bo‘ldi. Men esa sira mayl bildirmasdim. Bora-bora Lobar har qanday mavzuni muhabbatga buradigan, soatlab gapiradigan bo‘ldi.
Agar uni yengiltak qiz, desam, unaqaga o‘xshamaydi. Dunyoqarashi keng, fikrlari toza. Ammo mendan nima istaydi, bilolmasdim. Axir, ota-onasi Lobarni menga o‘xshaganlarga hech qachon uzatmaydi-ku! Bu haqda o‘ylashning o‘zi ham ortiqcha! Nima bo‘lganda ham yuragimni zabt etmasdan turib, uni o‘zimdan uzoqlashtirishim kerak.
Afsuski, kundalik bir xil hayotimga Lobar kirib kelib bo‘lgan, meni o‘ziga o‘rgatib qo‘ygan edi. Shunchaki yaqin do‘st, hamroh sifatida ham uni allanechuk qo‘msaydigan bo‘ldim. Lobar bilan kechqurunlari telefon orqali suhbatlasha boshladik. Uning qo‘ng‘irog‘ini kutardim. Ko‘proq Lobar gapirar, men jimgina tinglardim.
Bir kuni laboratoriyada allavaqtgacha qolib ketdik. Keyin Lobar meni uyga kuzatib qo‘yadigan bo‘ldi. Mashinasiga o‘tirdik. Jim ketdik. Bir payt Lobar mashinani xiyobon tomon burdi. Hayron bo‘lmadim.
Mashinasini to‘xtatgach, yarim soatcha uni eshitishimni iltimos qildi. Sekingina bosh irg‘adim.
Mashinadan tushib, xiyobondagi o‘rindiqlardan biriga o‘tirdik. Odam siyrak, bitta-ikkita yo‘lovchi o‘tib-qaytardi. Qorong‘i tusha boshlagandi.
Biz ancha vaqtgacha gaplashmay o‘tirdik. Noqulay bo‘ldi.
— Sarvar aka, men, men... — dedi Lobar ohista, — necha kundan buyon og‘zingizni poylayman. Bir so‘z chiqarmikan, deyman.
Mening javobim keskin bo‘ldi:
— Kutmang, Lobar. Mening o‘z rejalarim bor. Qolaversa, “teng tengi bilan...” deganlar.
— Iltimos, bunday demang, — Lobar shunday deb menga yaqinroq surildi-da, boshini ko‘ksimga qo‘ydi. — Insonning insonligi boylik bilan o‘lchanmaydi, axir! Hammasi o‘zimizga bog‘liq.
— Yo‘q, o‘zimizga emas, ota-onangizga bog‘liq, Lobar, — inkor qildim men. — Siz mening hayotim haqida bilasiz, ko‘rdingiz, eshitdingiz... Oddiy, bechoragina bo‘lsam... Meni boshingizga urasizmi?
— Nolimang, — shivirladi u. — Uydagilarni esa menga qo‘yib bering. Ularni o‘zim ko‘ndiraman. Siz yonimda bo‘lsangiz bas.
— Gap ko‘ndirishda emas. Men... men keyin ham ta’na qilishlarini istamayman. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, ota-onasiz, yetim o‘sgan bo‘lsam. Avvalo, shu haqda surishtirishadi. Xayriyat, xolam bor ekan. Shu kishining qo‘lida o‘sdim. Nolimayman, ammo orttirib qo‘ygan pulim yo‘q. Ishim ham tayinli emas.
— Siz hamma narsaga muhabbat ko‘zi bilan qarang, — sekin boshini ko‘tarib ko‘zlarimga tikildi Lobar. — Menga ham...
— Muhabbat ko‘zi bilan... — istehzoli kulib, uning so‘zlarini takrorladim men. — Bu shunchaki kitobiy so‘zlar, Lobar. Hayot boshqa, kitob va siz aytgan kino boshqa. O‘zingiz buni juda yaxshi bilasiz. Men sizning baxtingizga to‘g‘anoq bo‘lmoqchi emasman.
Lobar yana ko‘ksimga boshini qo‘ydi:
— Mening baxtim sizsiz, Sarvar aka. Nega shu yoshgacha uylanmagansiz, desam... balki meni kutgandirsiz? Taqdir bizni bekorga uchrashtirmadi-ku! Toleimiz birdir balki? Odam baxtdan o‘zini olib qochmaydi, Sarvar aka. Men... sizni ertagayoq dadam bilan tanishtiraman.
Kulib qo‘ydim:
— Ushlaganingizni qo‘ymas ekansiz-a, Lobar?.. Yo‘q. Men dadangiz bilan uchrashishni tasavvur ham qilolmayman.
— Nega? Kerak bo‘lsa, siz haqingizda aytganman ham. O‘zlari sezdi. “Kim u?” deb so‘radilar. Sekingina aytdim.
— Kambag‘al bolani boshingga urasanmi, deyishmadimi?
— Bizning oila unaqa emas, Sarvar aka.
Mavzuni burmoqchi bo‘ldim:
— Siz kelajagingizni qanday tasavvur qilasiz, Lobar?
Lobar bo‘sh kelmadi:
— Ishoning, men kelajagimni siz bilan tasavvur qiladigan bo‘lganman! O‘zingiz-chi? Faqat rostini ayting.
— Rostini aytaymi... Men o‘zimga o‘xshagan oddiygina qiz bilan topishsam kerak. Kichkina oilamiz bo‘ladi. Qandaydir jajji dunyoda yashaymiz. Boshqalar bilan ishi yo‘q, uncha-munchaga qo‘shilmaydigan, o‘z qobig‘ida yashaydigan kishilar bo‘lamiz.
Lobarga quloq tutdim. U hech nima demasdi. Ranjitib qo‘ydim, chog‘i! U xuddi yuragimning urishini eshitayotgandek, boshini ko‘ksimdan olmasdi. Yengil shabada esganida bir titrab qo‘ydi. Tanishgan paytlarimiz yodimga tushdi.
— Dugonalaringiz yaxshi yurishibdimi? — deb so‘radim.
— Yaxshi, — javob berdi Lobar. — O‘zingizning oshnangiz-chi? Yo‘ldosh aka?
— Qishloqqa ketgan bo‘lsa kerak. Dom-darak yo‘q. Telefon ham qilmadi. Uylangan u, bola-chaqasi bor.
— Bilaman. Xotinining ismi Mavjudami?
— Qayoqdan bilasiz?
— O‘zi sezdirib qo‘ydi. Sizga o‘xshab shaharda o‘smagan-da! Sodda! Bir necha marta bizga “Mavju”, deb murojaat qildi...
Men kulib qo‘ydim.
— Sarvar aka?
— Labbay.
— Ertaga ham shu yerga kelaylik, maylimi?
Javob bermadim. Ammo uni xafa qilishniyam istamasdim. Nazarimda, shaxsan men uchun hozirgi holatim Lobarga shunchaki ko‘nikkanim edi. Uni esa... bilmadim. Buncha qisqa fursatda sevib qolish... Bir boqishda muhabbat degan gaplar faqat mashhur ko‘rsatuvlarda bo‘ladi, deb bilaman. Ehtimol, Lobar avval menga o‘xshagan yigitni uchratmagandir-u, endi go‘yo shahzodasiga ro‘baro‘ bo‘lgandek tuyulayotgandir o‘ziga? Bunday bo‘lmasligi ham mumkin. Ehtimol, samimiy muhabbatdir? Biroq mendek muhabbat yoshidan o‘tganlar uchun nafaqat sevgini, balki bu sevgining umriboqiyligini, uning ertasini ham o‘ylash kerak emasmi? Darvoqe, muhabbat yoshi... Yana shu haqda o‘ylayapman... Nimalar deyapman? Bu tuyg‘u har qanday yoshda kirib kelavermaydimi aslida?
— Nega indamaysiz?
— Kech bo‘ldi, turaylik endi, — dedim. — Uydagilaringiz ham xavotirlanib o‘tirishgandir. Ertaga... bir gap bo‘lar. Ammo xafa bo‘lmang-u, men bu munosabatimizning ertasini ko‘rmayapman. Sira ko‘zim yetmayapti birga yashab ketishimizga. Shuning uchun munosabatlar chuqurlashmasdan... Ehtimol, siz muhabbat deb o‘ylagan narsa shunchaki do‘stlik rishtalari bog‘lanayotganidandir? Negadir juda shoshilayotgandaysiz, Lobar?
Lobar boshini ko‘tarib, sochlarini to‘g‘riladi. Menga norozi qarab qo‘ydi.
Mashina tomon yurdik. U lom-mim demas, ma’yus bo‘lib qolgan edi. Yana ranjitib qo‘ydim, chamamda. Mayli, shunisi ma’qul. Umidini uzsin. Ertaga men boyvachcha otasining qaramiga aylanib qolganimdan ko‘ra ikki o‘rtada Lobarning azob chekishini istamayman. Ustozimning ishlarini chala qoldirish xohishim ham yo‘q.
Mashinaga o‘tirmadim.
— Lobar, buyog‘iga o‘zim ketaman, ovora bo‘lmang.
Uning ko‘zida yosh yiltirab ko‘rindi:
— Mayli, Sarvar aka... O‘zingizni ehtiyot qiling, — shunday deb mashinasini haydab ketdi.
Men Lobarning ortidan uzoq vaqtgacha qarab qoldim. Qandaydir pushaymonlik bilan birga ajib yengillik ham tuydim o‘zimda.
Shu kuni kechasi bilan alahsirab chiqdim...
Ertasi kuni allanechuk bo‘lib yurdim. Lobarni ranjitganim ko‘z o‘ngimdan ketmasdi. Ammo shunday qilmasam ham bo‘lmaydi. Agar hozir qandaydir o‘tkinchi tuyg‘ularga andarmon bo‘lsam, hamma rejalarim qolib ketadi. Ustoz menga bu ishlar hal bo‘lgandan keyingina rasmiy ravishda e’lon qilishimni tayinlagan edi.
Lobar... menga bir martayam qo‘ng‘iroq qilmadi. “Men kutyapman”, degan so‘zlari yodimga tushib, uning qo‘ng‘irog‘ini o‘zim ham beixtiyor kutardim.
Ikkinchi kuni laboratoriyaga kirib kelganimda meni kafedra mudiri chaqirayotganini aytishdi. Hayron bo‘ldim. Ertalablari sira yo‘qlamasdi.
— Assalomu alaykum, — deb kirib bordim.
Domlaning men bilan ko‘rishgisi ham kelmadi. Uning avzoyi buzuq, qovog‘idan qor yog‘ardi. Xavotirga tushdim. Sekin mulozamat qilgandek bo‘ldim:
— Domla, chaqirtirgan ekansiz.
— Ha, chaqirtirdim. Chaqirtirsa kelmaysanda-a? Shunaqasan! Yo o‘zimiz borishimiz kerakmi oldingga?!.
— Uzr, domla.
— Xullas, gap bunday: laboratoriyani topshirasan!
Baqrayib qoldim. Bu gap bilan u jonimni sug‘urib olgandek bo‘ldi.
— Domla, tinchlikmi?
— Sen nima deb o‘ylaganding? — ko‘zlarini lo‘q qildi u. — Bekordan-bekorga kelib-ketib, davlatning pulini yeb yotaman, deb o‘ylovmiding?
— Domla, biron ayb ish qildimmi? Ustoz o‘lganidan buyon hech kimni...
— Ustozingni gapirma, uka. Qo‘y, go‘rida tinch yotsin. Laboratoriya vaqtincha yopiladi, tushunding? Lo‘nda qilib aytganda, sening shtating qisqartiriladi. Axir, foydasi yo‘q shtatning nima keragi bor? Kecha kengashda shu haqda gap bo‘ldi.
— Kechirasiz, men bu laboratoriyada ancha yildan buyon ishlayapman. To‘g‘ri, ilmiy ishim to‘xtab turibdi. Ammo uni davom ettirish rejamda bor. Agar biror kishi mudir qilib qo‘yilsa...
— Menga qara, bu mutlaqo boshqa masala. Ammo sening shtating qisqargani rost. Yo buyruqni ko‘rsataymi?
Ertalabki noxush xabardan shalvirab qolgandim. Axir, institutni tugatganimdan buyon shu laboratoriyadaman. Ustoz menga bu yerni ko‘z qorachig‘idek asrashni bot-bot tayinlagan. Maoshi kam bo‘lsa ham, ikkinchi uyimdek bo‘lib qolgan. Ustozim vafot etmaganida ilmiy tadqiqotim tasdiqlanarmidi! Uning o‘limi shashtimni so‘ndirgan. Ammo vasiyatini har holda amalga oshiryapman. Endi nima qilaman? Qaerda ishlayman?
— Domla, agar vaqtincha yopiladigan bo‘lsa, bu yerga qatnab turarman balki?
— Iya, qanaqa odamsan, uka?! — tutaqib ketdi u. — Laboratoriya mudiri bo‘lmasa o‘zi nima bor senga bu yerda? Ilmiy ishingni bahona qilasan! Ilmiy rahbaring o‘lgan bo‘lsa!
— Xo‘p... Menga biror boshqa ish beriladimi? — so‘radim nochorlarcha.
— Uka, — ko‘zoynagi ustidan qaradi domla norozi qiyofada, — ana, gazeta to‘la e’lon: mingta ish bor. Bitta joyga zulukdek yopishib olmay, boshqa yumush ham qidiringlar-da!.. Tavba, bez bo‘lib ketgansanlar. Qorningning suvini qimirlatmaysan!..
Men unga ilinj bilan qarab turardim.
— Mayli... — dedi domla, rahmi kelgandek. — Xabar olib tur-chi, agar biror joy bo‘lsa, ko‘rarmiz, ammo va’da bermayman, bola! Endi, borgin, vaqtimni olma. Kalitni qorovulga topshir.
Kafedradan chiqar ekanman, marhum ustozimning norozi qiyofasi ko‘z oldimda namoyon bo‘ldi. Yanada iztirobga tushdim. Endi nima qilaman? Biror chorasini topishim kerak. Kengash... nahotki o‘sha kengashning laboratoriyadan boshqa tashvishi bo‘lmasa?!
Kafedra mudirining qo‘liga pul tutqazsam-chi? Rozi bo‘lar, balki?! Yo‘q, buyruq chiqqan, dedi-ku! Shtat qisqargan bo‘lsa, shtatsiz ishlayman, desammikan? Bu ham to‘g‘ri kelmaydi. Biror maxfiy ish qilyapti, degan xayolga borishi mumkin. Tadqiqot ishi haqida bilganida esa o‘ziniki qilib olishdan ham toymaydi. Ustoz hech kimga bildirmasligimni qayta-qayta takrorlardi.
Boshim g‘uvillab ketdi. Men xuddi qorovul ortimdan kelib, tortib oladigandek, kalitni mahkam ushlab olgandim.
To‘xta, qorovul bilan kelishsam-chi? “Kechqurunlari kelib turaman, ozgina chala ishim qolgan”, desammikan? U ham biror narsadan umidvor bo‘ladi. Ammo har kech kelaversam, xavotirga tushib qolishi ham mumkin. Qolaversa, ertalablari o‘rin almashadigan qorovullarning qaysi biri bilan kelishardim?.. Bittasi bo‘lmasa boshqasi baribir aytib qo‘yadi. Keyin laboratoriyani muhrlab tashlashsa, hammasi tamom! Bu telba kafedra mudiri meni qamatib yuborishdan ham toymaydi. O‘zi yeb yuborgan narsalarini ham bo‘ynimga ag‘darishi hech gap emas. Birovning taqdiri, kelajagi bilan nima ishi bor?..
Men laboratoriyaga kirib, uzoq o‘tirdim. Boshimga og‘riq kirdi. Rosa siqildim. Menga tegishli eng qadrli narsani olib qo‘yishyapti, axir! Tashqariga chiqib, biroz aylanay, desam, xuddi laboratoriyaga qulf solishadigandek tuyuladi. Ishqilib kutilmagan ko‘ngilsizlik! Balki Lobarni ranjitganim uchun shunaqa bo‘layotgandir?
Ustozimning suratiga tikilib, u bilan g‘oyibona suhbatlashgandek bo‘ldim. Ustoz mudom, har qanday eng og‘ir, chigal vaziyatda ham bittagina bo‘lsa-da, chora topish mumkin, derdi. Ana shu haqda bosh qotirdim.
Yo‘q, hech qanday chora ko‘rinmadi. Men hali g‘o‘r, xom ekanman. Shundoq ustozning shogirdi bo‘lib ham haligacha yo‘limni topolmadim. Axir, qancha-qancha shogirdlari uchirma bo‘lib ketishgan. Men esa ustozning ishini tugatolmayapman! Sanoqli kunlar qolgandir, ammo o‘sha sana ham bo‘y ko‘rsatgisi kelmayapti.
Men ashqol-dashqolni bitta-bitta olib ketib, uyda ishlashim ham mumkin. Ammo ular kattagina yuk mashinasiga jo bo‘ladi. Bu juda xavfli. Birinchidan, shuncha jihozni olib chiqib ketib bo‘lmaydi. Ikkinchidan, ularga zig‘ircha zahmat yetsa, hamma ishni boshidan boshlash kerak. Uchinchidan, talay jihozlarni bir xonadan iborat uyimga olib ketgan taqdirimda ham ishimga xolam xalaqit beradi. Bu tadqiqotni yakka o‘zim amalga oshirishim lozim.
Har kech kelib, birinchi qavatdagi deraza orqali oshib o‘tib, sekin laboratoriyamga ko‘tarilish haqida o‘yladim. Nazarimda, eng qulay chora shu! Qorovullar o‘tiradigan joy ancha uzoqda. Agar qulflangan derazalar ichkaridan ochib qo‘yilsa, buni hech kim sezmaydiyam. Keyin ohistagina kirib kelaveraman. Laboratoriyada chiroqni yoqmay, sham bilan ishlab turarman. Eng asosiysi, tadqiqotni tugatish-ku! Faqat nihoyatda ehtiyot bo‘lish kerak.
Men laboratoriyadan chiqib, birinchi qavatga tushdim. Ko‘cha tomondagi derazalarni bildirmaygina ko‘zdan kechirdim. U yoq-bu yoqqa qarab, uchta deraza qulfini ochib qo‘ydim. Yuragim gurs-gurs urar, axir umrimda birinchi marta noqonuniy ishga qo‘l urayotgan edim. Ustozning ishini ro‘yobga chiqarsam, meni kechirishar!
Shu payt qo‘qqisdan telefonim jiringlab, oyoqlarimgacha titrab ketdim. Xuddi meni poylab, qo‘ng‘iroq qilishayotgandek edi. Telefon ekraniga qaradim. Lobarning raqamini ko‘rib sal xotirjam bo‘ldim! Odatda, u institutga to‘ppa-to‘g‘ri kirib kelaverardi. Faqat kechalari qo‘ng‘iroq qilardi. Balki kelishga istihola qilib, telefon orqali gaplashmoqchidir?
Telefonimning qo‘ng‘iroqlarni rad etish tugmachasini bosdim. Biroz o‘tib, yana jiringladi. Nima gapi bor ekan shu payt? Yana o‘sha tugmachani bosdim.
Telefonni o‘chirib tashlasammikan?
Yana jiringladi. Jahlim chiqib, yashil tugmachasini bosdim. Ammo telefondan boshqa qizning ovozi keldi:
— Allo, allo, Sarvar aka, sizmisiz? Men Dilbarman, Lobarning singlisi.
— Kim?.. Ha, eshitaman, — dedim xavotirga tushib.
Telefondan piq-piq yig‘lagan ovoz eshitildi:
— Lobar... Lobar opam tomirini kesib qo‘ydi. U o‘lim to‘shagida. Hozir sizni so‘rayapti.

3

Men shifoxonaga yetib borgunimcha bo‘larim bo‘ldi. Keyin esa Dilbar aytgan palata eshigini ochishga jur’at qilolmay qoldim. Xuddiki hozir kirsam, Lobarning joni uziladigandek! Go‘yo meni kutib yotibdi-yu, ko‘zi tushgach, xotirjam ko‘yi hayotdan ko‘z yumadigandek...
Nima bo‘lganda ham ichkariga kirishim kerak edi.
Eshikni taqillatib ochdim. Lobar to‘shakda bemajol yotar, singlisi tik turib ko‘z yoshi to‘kardi. Dilbar meni ko‘rib, salom berdi.
— Uxlab qoldi, — dedi keyin ko‘z yoshlarini artib. — Endi nima bo‘ladi?
Men hech nima deya olmadim. Bilagiga osma ukollar ulangan Lobarning ahvolini ko‘rib rahmim keldi. Rangi qordek oppoq edi uning. O‘zimga nisbatan nafrat hissini tuydim.
— Odamovi bo‘lib qoldi, — dedi Dilbar. — Faqat sizni gapiradi. Avvallari sira bunday emasdi... Hali dadam bilmaydilar. Bilsalar, sizni tinch qo‘ymaydilar, Sarvar aka.
Lobar alahsirab allanimalar dedi. Yaqinroq bordim.
— O‘tiring, — kursi surib qo‘ydi Dilbar.
— Men bunchalikka borishini bilmagandim, — dedim tilga kirib. — Meni kechiringlar... Do‘xtirlar nima deyishyapti?
Dilbar xo‘rsinib javob berdi:
— Sal xotirjam qilishdi. Hozir bunga tinchlik kerak ekan...
Men palatadan sekin chiqib, foyeda turdim. Ichimda faqat Lobarning tuzalib ketishini iltijo qilardim. Keyin bo‘lim shifokoriga uchrashdim. Xavf ortda qolganini aytdi. “Shunchaki depressiya natijasidagi ish, telba qiz-da bu”, deb qo‘ydi sekingina.
Palata oldiga qaytdim. Lobarga achinish bilan birga bu qilmishidan jahlim ham chiqayotgandi. Boyning qizi! O‘zinikini qildirib o‘rgangan. Endi buyog‘i nima bo‘ladi? Po‘pisa yo‘li bilan menga tegib ham olar! Keyin bir umr ota-onasining ko‘ziga balodek ko‘rinib yuramanmi? Ishlarim-chi? Bo‘lajak qaynotam yordam berishi mumkindir, shu zaylda ularga tobe bo‘lib yashashimga to‘g‘ri keladimi keyin?
Xo‘sh, nima qilibdi, dedim men boshqa xayolga borib. Axir, boshimga omad qushi qo‘ngani emasmi bu? O‘zi nega Lobarni rad etdim? Ishim to‘xtab qolishidan cho‘chidimmi? Hammasi o‘zimga bog‘liq-ku! Kerak bo‘lsa, o‘sha telba kafedra mudirining kursisini ham egallashim mumkin-ku endi! Laboratoriya o‘zimning qo‘limda bo‘ladi. Ishimni davom ettiraveraman. To‘g‘ri, ustozim, mana shu ishni amalga oshirmaguncha boshqa tashvishlarga andarmon bo‘lma, qancha cho‘zilsa, shuncha ziyon ko‘rasan, degan. U o‘sha vaqt, o‘sha paytdagi sharoitdan kelib chiqib aytgan-da! Boyning kuyovi bo‘lsam, ishni ham tezlashtirardim. Institutdagilar, kengash a’zolarini yalintiraman hali!
Bu o‘ylardan so‘ng o‘zimni bir qadar qudratli his qildim.
Palata oldiga to‘rt nafar yigit kelib, ulardan biri ichkariga kirib ketdi. Lobar, akam bor, degandek bo‘luvdi, balki mana shudir? Agar bor gapni eshitsa, meni tinch qo‘ymasa kerak. Ishqilib Lobar uyg‘ongan bo‘lsin. To‘xta, balki u ham endi meni kechirmas?!
Palata eshigi shaxd bilan ochildi. Boyagi yigit chiqib, to‘ppa-to‘g‘ri mening qarshimga keldi. Qoshlarini chimirib, biroz yuzimga qarab turdi. Ko‘zlari sovuq edi uning.
— Sarvar degani senmi? — deb so‘radi keyin.
Men o‘zimni dadil tutishb, javob berdim:
— Ha, menman. O‘zim ham hozir eshitdim...
Kutilmaganda qornimga musht kelib tushdi. Bukchayib qolgandim, tepkiyam yedim.
— Bu yerda janjallashmanglar, — degan ovoz eshitildi ayol kishining. — Bu yer shifoxona! Ko‘chada gaplashinglar.
Zo‘rg‘a qaddimni rostladim. Boyagi yigit menga yaqin kelib, o‘dag‘ayladi:
— Yur, pastga! Tez bo‘l!
Shunday deb bir sherigi bilan o‘zi oldinda ketdi. Qolgan ikkala yigit qarshimga kelib, “marhamat” degandek kutib turishdi. Men ust-boshimni tuzatib, ular hamrohligida sekin zinalardan pastga tushdim. Hozirgina yegan tepkidan o‘zimga kelolmayotgandim.
Yigitlarning imosi bilan ulkan qop-qora “Jip” tomon yurdik. Old o‘rindiqlarda boyagi ikkalasi o‘tirardi. Biz orqaga o‘tirdik. Meni o‘rtaga oldilar. Qayoqqa olib borishmoqchi? Nima qilishadi? Ko‘zlarini shamg‘alat qilib qochib qolsam bo‘larkan. Endi kech, nima bo‘lsa, peshanamdan!..
Yo‘l bo‘yi hech kim lom-mim demadi. Ancha yurdik. Qandaydir bino yonida to‘xtagandagina mashinadan tushdik. Meni ichkariga olib kirdilar. Birinchi qavatdan pastga — yerto‘laga olib tushishdi. Sport zali ekan. Boshqa hech kim yo‘q.
Men to‘rt nafar yigit qurshovida turardim.
— Agar singlimga bir gap bo‘lsa, joningni sug‘urib olaman, tushundingmi? — dedi naq tumshug‘im oldiga kelib boyagi zo‘ravon.
U yana qornimga musht soldi. Ingrab yubordim. Keyin sheriklariga buyurdi:
— Nega qarab turibsanlar? Qani, aqlini kiritib qo‘yinglar-chi! Faqat yuziga tegmanglar, Lobar chaqirib qolishi mumkin.
Uchala yigit biri qo‘yib, biri meni ura ketishdi. Har birining mushti toshdek. Sira ayashmadi. Qornim, biqinim, oyoqlarim zirqirab ketdi. Boshimning orqasi bilan devorga urilib, gangib ketdim. Keyin g‘ujanak bo‘lib yotib oldim. Endi tepishga tushdilar. Dodlab yubordim. Lobarning akasi sochimdan changallab ushlab, boshimni o‘ziga qaratdi:
— O‘zi nima bo‘lgan, gapir?! Nega u dori ichadi? Sendan so‘rayapman, o‘v-v!
— Hech... hech nima bo‘lgani yo‘q, — javob berdim men zo‘rg‘a. — Ishonmasangiz, singlingizning o‘zidan so‘rang... Urmanglar, aka...
— Sen o‘zi qaysi go‘rdan paydo bo‘lding?! — endi biqinimga musht tushirdi u. — Ablah, boshqa qiz quriganmidi senga?!.
Uzoq kaltaklashdi. Hushimdan ketib qolibman...
Yuzimga suv sepilgach, o‘zimga keldim. A’zoi badanim qaqshardi.
— Ko‘zingni och! Telefoning jiringladi. Lobarning raqami. Ma, ol, tezda qo‘ng‘iroq qil unga!
Yotgan joyimdan qaddimni ko‘tarib, devorga suyangancha zo‘rg‘a o‘tirdim.
— Tez bo‘l, dedim senga!
Lobarning telefon raqamini terdim.
— Qayoqqa ketib qoldingiz? — deb so‘radi telefon orqali Dilbar. — Lobar uyg‘ondi, kelganingizni aytdim. Ahvoli yaxshi... Aytganday, akam sizga hech nima demadimi?
— Yo‘q, hech nima demadi... Hozir borib qolaman...
Meni sport zaldagi yuvinish xonasiga olib o‘tishdi. Muzdek suvga yuz-qo‘limni yuvdim. Gavdamni u yoq-bu yoqqa burib, biqinimdagi og‘rigan joylarni bosib ko‘rdim. Sal o‘zimga kelgandek edim.
Qancha vaqt yotganman, bilmayman. Boshqa kaltaklashmasa kerak, hoynahoy.
— Yur, oynaga tikilmay, — buyurdi men bilan kirgan yigitlardan biri. — Agar Lobarga churq etsang, bu safar ayab o‘tirmaymiz!
Biz binodan tashqariga chiqib, yana “Jip”ga o‘tirdik. Men yo‘l bo‘yi o‘zimni bardam tutishga urindim. Hozir eng muhimi, Lobarning sog‘lig‘i! Akasi bilan keyin hisoblashaveraman...
Palataga kirganimdan so‘ng hamshira bilan Dilbar chiqib ketishdi. Lobarning o‘pkasi to‘lib, yig‘lab yubordi. U mendan, men undan kechirim so‘radik. Kayfiyatini ko‘tarishga harakat qildim. Ancha o‘ziga kelib, rangiga rang kirgandek bo‘ldi. Ishlarim haqida so‘radi. “Hammasi joyida”, dedim. Kalitni qorovulga bermay ketib qolganim esimga tushdi. Bugun topshirarman, ammo avval bu kalitdan ikkita nusxa yasatib qo‘yaman.
Lobar mening oldimda o‘zini aybdor sanar, goh kulsa, goh ma’yus bo‘lib qolardi. Endi meni butkul o‘ziniki qilib olgandek qo‘limni sira qo‘yvormasdi. Ikki kun ichida uyga javob berishlarini aytdi.
— Endi bora qolay, — dedim xayrlashib. — Kechqurun kelaman.
Lobar o‘rnidan qo‘zg‘algan bo‘ldi:
— Hozir Dilbarga yoki akamga aytaman, eltib qo‘yishadi.
— Kerakmas, Lobar, — unamadim men, — ular sizning yoningizdan jilmasin. Ana shunda bexavotir bo‘laman.
Bu gapim Lobarga yoqib, chehrasi yanada ochildi.
Men palatadan chiqib, ishxonaga ketdim. Institutga yaqin joyda kalit yasaydigan ustaxona bor. O‘sha joyga kirib, laboratoriya kalitidan ikkita yasatib oldim.
Tezda ishga kirishmasam bo‘lmaydi. Ertaga nimalar ro‘y berishi noma’lum bunaqada! Har daqiqa g‘animat. Endi har kecha tunda kelib ishlashga majburman. Tongga yaqin uyga qaytaman. Kuni bilan dam olaman, uxlayman. Xolamga mehnat ta’tiliga chiqdim, deb qo‘ya qolaman. Ahyon-ahyonda Lobar bilan ham uchrashib turarman.
Yasama kalitlarni laboratoriya eshigiga solib ishlatib ko‘rdim. Risoladagidek tushdi! Keyin ichkariga kirib, hamma joyni qaytadan tartibga keltirdim. Laboratoriyadan chiqar ekanman, allanechuk bo‘ldim. Nima bo‘lganda ham endi bu dargohda rasman ishlamayman. Tadqiqotni to‘xtatmayman, albatta. O‘g‘rincha kelib-ketaveraman.
Men o‘zimni ranjigan holda ko‘rsatib, laboratoriyaning asl kalitini bugungi qorovul — Samad amakiga topshirdim. U hayron bo‘ldi. Shtatim qisqarganini aytdim. Agar eshikni muhrlashmoqchi bo‘lsa, meni chaqirishini iltimos qildim.
— Obbo, kambag‘alni tuyaning ustida ham it qoparkan-da, — dedi Samad amaki menga bir piyola choy uzatib. — Endi nima qilasan, uka?
— Sevimli domlamiz, e’lonlar bo‘yicha ish top, dedi. Ko‘ramiz-da!
— Ishqilib kelib tur, ukajon, bizlarni unutma.
— O‘rganib qolgandim, bu yerga, Samad aka. Sira ketgim kelmayapti. Qorovullikka bo‘lsayam ishga olishsa rozi edim.
— E, hozir qorovullikka ish topish ham qiyin, — bosh chayqadi u. — Uka, menga qara, bu, biznes-miznes qilsang bo‘lmaydimi-a? Yosh bo‘lsang, yaxshigina biliming bor!
Men gapni o‘zimga tegishli mavzuga burdim:
— Samad aka, o‘zi ishlaring og‘ir emasmi?
— Uka, ko‘rasan-ku, mudrab o‘tiramiz. Domla o‘tib-qaytganida hushyor tursak bo‘ldi-da! Biz bilan boshqa kimniyam ishi bo‘lardi! Ishimiz, asosan, kunduzi! Hamma ketgach, kuni bilan mildirab pishgan sho‘rvachani ichib, mana shu televizorga ko‘z tikamiz. Keyin uyqu bosadi. Axir, biz ham odam, uxlashimiz kerak. Yoki qorovul odam emas, deb yozib qo‘yilganmi biror joyda?! Ba’zida domla tayinlaydi, obxod qilinglar, deb. Kunduzi bir aylanib chiqqanimiz bir oyga yetadi. E, umr o‘tyapti-da ana shunday...
Men qorovulning dardini eshitib bo‘lgach, chiqib ketdim. Uyga bormay, uzoq vaqt tentirab yurdim. Agar hozir borsam, xolam xavotirlanib qoladi. Mehnat ta’tili haqida bugun aytib, ertadan uyda qolaman. Darvoqe, endi Lobar xususida ham bildirmasam bo‘lmaydi. Quvonib qolsa kerak har holda.
Qo‘ltig‘imda domlam qoldirgan daftar bo‘lib, ichidagilarni yana o‘qib chiqishim zarur edi. Men kutubxonaga kirdim. Stollardan birini egallab, joylashib o‘tirdim. Butun diqqat-e’tiborimni daftardagi yozishma va chizmalarga qaratdim. “Takrorlash, faqat takrorlash kerak”, derdi marhum ustozim...
Agar telefonim jiringlamaganida kutubxonada anchagacha qolib ketgan bo‘lardim. Qandaydir notanish telefon raqami! Attang, o‘chirib qo‘ymagan ekanman. Kim bo‘ldi bu? Bo‘lajak “qarindoshlar”dir balki? Lobarning mushtumzo‘r akasimi yoki chaqimchi singlisimikan?!
— Allo, eshitaman, — dedim pichirlab.
— Bugun kechqurun dadam bilan gaplashaman, — degan ovoz keldi. — Sen tayyor bo‘lib tur. Darhol chaqirtirsa kerak. Singlimga aytib qo‘yma. Tushundingmi?
— Xo‘p, — dedim yuragim orqaga tortib.
Kallamda bori ham chiqib ketgandek bo‘ldi. Nima deydi otasi? Lobarning aytishiga qaraganda, juda qahri qattiq odam! “Lekin bizga mehribon”, degan edi. O‘zimcha uni ko‘z oldimga keltirishga urindim. Qo‘ng‘iz ham bolasini oppog‘im, deydi. U ham meni ayblasa kerak. Ona sutimni og‘zimdan keltirmasa edi hali!
Xo‘p, gaplashib ham oldi, deylik. Keyin-chi? Baribir Lobarning aytganini qilishadi. U esa mendan ayrilmoqchi emas. Qisqasi, to‘y! Chetdan olib qaraganda, hammasi risoladagidek, hatto undan ham zo‘r! Axir, boyvuchcha qizga uylanishni istagan yigitlar kammi dunyoda? Shundaylarning orzusiga, mana, men yetay deb turibman-ku!.. Ammo, baribir yuragim qandaydir g‘ash edi. Oldinda faqat ko‘ngilsizliklar kutib turgandek tuyulardi. Mayli, Lobardan foydalanib tadqiqotni tugatarman, ilmiy ishimni ham yoqlarman. Lekin... baribir... ko‘ngildagi turmush bo‘lmaydi bu! Bilmadim, odamzodning noshukrligidir, ehtimol yoki boshqacha izohlanar, ishqilib, sira ko‘nglim ilimasdi.
Men Lobarning huzuriga bordim. Yakka o‘zi ekan. Rosa quvonib ketdi. O‘lganimning kunidan tirjayib o‘tirdim. Ishlarim borasida, xolam haqida so‘radi. Qanchalik harakat qilmay, kayfiyatim noxushligini sezdi. Buni o‘zining qilmishi bilan bog‘ladi. Men esa charchaganimni aytdim. Bor mahoratimni ishga solib, kayfiyatini chog‘lashga harakat qildim. Keyin ohista og‘ushimga oldim.
— Bugun otangiz bilan uchrashmoqchiman, — dedim quloqlariga shivirlab, — sizning qo‘lingizni so‘rayman. Maylimi?
Lobar o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Keyin meni quchoqlab, ikki yuzimdan o‘pib oldi.
Anchagacha gaplashib o‘tirdik. Sinchiklab yuziga termildim. Nazarimda, Lobar mendan nimanidir yashirayotgandek. Yo rostdan ham shunaqa, yoki men o‘zim har narsadan shubhalanadigan bo‘lganman.
— To‘yni kichikroq qilib o‘tkazamiz, — dedim men. — Bilasiz, biz tomondan faqat xolam...
— Mayli, — rozi bo‘ldi boshini egib Lobar.
Kech tushib qolgan edi. Uyga ketdim. Ovqat ustida xolam bilan ancha vaqtgacha gaplashib o‘tirdik. Lobar haqida so‘z ochdim. Xolam quloqlariga ishonmadi. Uzoq duo qildi.
Soat o‘n birlarda xolam uyquga ketdi. Yana bir soatcha Lobarning akasi telefon qilishini kutib o‘tirdim. Hech qanday qo‘ng‘iroq bo‘lmadi. Ustozning daftarini qo‘ltig‘imga qistirgancha ko‘chaga chiqib ketdim. Uydan ishxonagacha ikki bekat masofa bor. Qorovul ham uxlab qolgandir! Men sportchilarga xos tarzda ko‘cha bo‘ylab yugurib ketdim.
Institutga yetgach, yon-atrofga ko‘z yugurtirib, o‘zim chamalagan derazalarga yaqinlashdim. Bir sakrab tokchasiga chiqdim. Sekin itardim. Ochildi. Lip etib, o‘zimni ichkariga urdim. Keyin deraza tutqichidan tortib, yopib qo‘ydim. Yuragimni hovuchlab, ikkinchi qavatga ko‘tarildim. Sharpa misoli yurar ekanman, yarim kun mobaynida sog‘inib qolgan laboratoriyamning eshigiga yetdim. Yonimdan kalit chiqarib, sekingina ochdim. Ichkariga ohista kirdim. Keyin qorong‘i xonaga o‘zimni urdim. Eshikni ichkaridan qulflagandan keyingina xiyla yengil tortdim.
Qo‘ynimdan sham chiqarib yoqqach, tezda tajribaga sho‘ng‘idim.
Kunduziga nisbatan kechasi ishlash yaxshi ekan. Osoyishtalik qo‘ynida fikrlar ancha tiniqlashadi. Quvvat oshadi.
Uzoq ishladim. Tadqiqot mohiyatini ham tobora chuqur anglab borardim. Ustozim bejiz bu ishni yakka o‘zim olib borishimni tayinlamagan.
Asosiy suyuqlikning bir qismini tayyorlab, navbatdagi ish jarayoniga kirishdim. Ishimdan tobora kuch ola boshlagandim.
Shu payt cho‘ntagimdagi telefonim titray boshladi. Uyg‘otuvchi soatga moslab qo‘yganman. Nahotki, ketish vaqtim bo‘lgan bo‘lsa?
Cho‘ntagimdagi telefonni chiqarib qaradim. Yo‘q, hali soat ikki, qo‘ng‘iroq qilayotgan odam esa Lobarning akasi edi. Kayfiyatim buzildi.
— Eshitaman, — dedim o‘zimni uyqusiraganga solib.
— Men Zamiriddinman, Lobarning akasi, — dedi u. — Tez kel, dadam seni kutyaptilar.
— Kech-ku, ertaga borsam bo‘lmaydimi?
— Ko‘p vaysama! Manzilni yozib ol.
Noiloj yozib oldim.
Laboratoriyadagi ishlarimni saranjomlab, sekin eshikni ochdim. Boshimni chiqarib, u yoq-bu yoqqa mo‘ralagach, tashqariga chiqdim. Keyin eshikni yopib, yaxshilab qulfladim. Ohista qadamlar bilan birinchi qavatga tushgach, o‘sha deraza orqali ko‘chaga chiqdim.
Zamiriddin aytgan manzil ancha uzoqda. Yo‘lovchi mashina to‘xtatmasam bo‘lmaydi. Eskiroq “Jiguli” duch keldi. Ancha savdolashgach, o‘tirdim. Yo‘l bo‘yi Zamiriddindan yozg‘irib ketdim...

4
 
Men ulkan inshoot qarshisida turardim. Tushunmadim, bu xorij tashkilotimi yoki shaxsiy uymi?..
Darvoza oldida bugun meni kaltaklagan yigitlardan biri turardi.
— Marhamat, sizni kutishyapti, — dedi u darichani ochar ekan, mulozamat ko‘rsatib.
Sal dadillandim. Ichkariga odimlagach, boshqa yigitga duch keldim. U men bilan salomlashib, yo‘l boshladi. Qiyosiga ta’rifi yo‘q hovlini kesib o‘tib, ichkari xonaga kirdik. Meni boshlab kelgan yigit bir eshikdan kirib ketdi. Qaytib chiqqach, eshikni ochiq qoldirib dedi:
— Kiring, kutishyapti.
Men sekin qadam tashladim. Ichkariga kirgach, yop-yorug‘ xonadan ko‘zlarim qamashib ketdi. Eng qimmat jihozlar, to‘shalgan gilam, bahaybat qandilni ko‘rib, hayajonga tushdim.
Xonada Zamiriddin bilan tepakal kishi o‘tirgan ekan. Otasi bo‘lsa kerak. Xuddi uniki kabi ko‘zlari sovuq.
Bo‘sag‘ada turib, salom berdim. Alik ham olishmadi.
— Shu bolami? — so‘radi tepakal Zamiriddindan nopisand tarzda. — Uzoqdan o‘xshar ekan. Ayt, yaqinroq kelsin!
Qo‘rqa-pisa uch-to‘rt qadam tashladim. Nihoyat tepakal menga qarab murojaat qildi:
— Men bolalarimni qanchalik yaxshi ko‘rishimni bilmaysan, shekilli? Qizim senga nima yomonlik qildi? U tomirini kesgani uchun jazoingni bermoqchi edim aslida! Zamiriddin qo‘ymadi.
Mening ovozim shikasta chiqdi:
— Kechiring.
— Sen qizimga uylanmoqchi ekansan, shundaymi?
Sekin bosh irg‘adim.
— Nima ish qilasan o‘zi?
— Institutda ishlardim...
— Darrov bo‘shadingmi? Ish topib beradi, deb o‘ylagansan, to‘g‘rimi?.. To‘yni qachon qilmoqchisan?
Bu savolni kutmaganim uchun jim qoldim.
— To‘yni o‘zimiz qilamiz, uch kunning ichida, — e’lon qildi tepakal hanuz nopisand ohangda. — Sening baxting nimada, bilasanmi? Qizim oldingi eriga o‘xshatgani uchun seni yoqtirib qolgan.
Men shalvirab qoldim. Bu odam nimalar deyapti? Lobar nahotki...
— Hali bilmasmiding? Axir, senga qanday qilib aytsin? Qizim tarbiyali, oqsuyaklardan bo‘lsa! Nima deb o‘ylovding, Zabirboy bekordan-bekorga qizini senga o‘xshagan yalangoyoqlarga uzatadimi?.. Yaxshi bola edi, ammo bosar-tusarini bilmay qoldi. Giyohvandlik tufayli o‘ldi-ketdi. Sen ham ertaga o‘zingdan ketib qolsang, hayotdan ko‘z yumishing hech gap emas. Men sendan hech nimani yashirmadim, bor gapni aytdim. Aldaganim yo‘q. Endi sen gapir! Menga gapning bo‘larini ayt. “Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin”, deydilar. To‘ydan keyingi rejalaring qanday?
Men Zabirboyning qarshisida g‘ururim toptalayotganini yaqqol his qildim. Yuragim yomon og‘ridi. Shunchalik ham kamsitish bo‘ladimi? Boplab so‘kib tashlagim keldi. Mayli, urib, suyaklarimni sindirib tashlashsin, mayib qilsinlar, ammo bularning oldida nega tilim qisiq bo‘lishi kerak? Mening aybim nima? “Nega buncha yerga urasan? Qizing ham, o‘zing ham, hammang baloga uchragin”, desammikan? Bilaman, tinch qo‘ymaydi, o‘ldirib yuborishdan ham toymaydi. Keyin xolamga ham shafqat qilishmasa kerak. Yana... laboratoriyadagi ishim-chi? Tag‘in o‘sha ish! Nahotki, men ustozimning vasiyati deb mana shu odamlarga mute bo‘lsam?! Bu ne hol?..
— Nega indamaysan? — deb so‘radi Zamiriddin. — Dadam kuttirib qo‘yganlarni yomon ko‘radi.
— Sizlar nima desangiz shu, — dedim tishimni tishimga bosib.
Ota-bola bir-biriga qarab olishdi. Zabirboy g‘olibona kulimsirab, battar achchig‘imni chiqardi. U mol-davlati bilan g‘olib, men esa nochor, noilojligimdan mag‘lub edim.
Zamiriddin bitta-bitta qadam tashlab kelib, qarshimda to‘xtadi.
— Sen ham endi kun ko‘rarkansan-da, uka! Bugunning bolasi! Agar singlimni baxtli qilsang, bir umr tilla ichida burkanib yashaysan. Bo‘pti, boraver. Kerak bo‘lsang, o‘zim seni topaman... E, menga qara, pul-muling bormi yo beraymi?..
Men Zabirboyning uyidan chiqqanimda ichim bo‘m-bo‘sh, huvillab qolgan edi. Telefonimni mahkam qisdim. Lobarga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘ldim. Bor alamimni undan olmoqchi edim. Titrayotgan barmoqlarim bilan tanish raqamlarni terdim. Telefoni o‘chirilgan ekan. Alamim kelib, o‘pkam to‘ldi. Ha, ayni damda shu qadar ojiz, notavon edim.
Tongga qadar ko‘chadan-ko‘chaga piyoda o‘tib-o‘tib, uyga ham yetib keldim. Uyqusizlik, jismoniy toliqish, ruhiy tushkunlik meni haddan ziyod holdan toydirgan edi. Uyga kirgach, telefonimni o‘chirdim-u, gursillatib o‘zimni to‘shakka tashladim. Achishayotgan ko‘zlarimni yumdim. Shu bilan qotibman...

Oyog‘imning tomiri tortishib og‘riganidan so‘nggina uyg‘onib ketdim. Xolam necha bor uyg‘otibdi, turmabman. Oyog‘imning tomirini uqalar ekanman, Zabirboyning gaplari qulog‘imga eshitilib ketdi.
Lobarning huzuriga borib, yuziga tupurib qaytsammikan? Keyin xolamni olib qishloqqa ketardim. Ishimni ham o‘sha yerda davom ettirarman. Ammo kimning uyiga joylashishimiz mumkin? Yo‘ldoshnikigami? Bola-chaqasi, kattagina oilasi bilan yashayotgan uyiga?! Keyin bir kelganimda bu uyni sotib ketsam bo‘ladi... Yo‘q, Lobar bilan ham, otasi bilan ham o‘ynashib bo‘lmaydi. Zabirboy qo‘lidan keladigan har qanday qabihlikka tayyor odamga o‘xshaydi. O‘g‘liyam haddini bilmaydi.
Tushlik ovqat tayyorladim. O‘zimni chalg‘itishga urindim. Dasturxon ustida xolam ikkimiz gangir-gungir suhbatlashib o‘tirdik. “Uch kun ichida to‘y”, dedim, Zabirboyning so‘zlarini takrorlab. Xolam angrayib qoldi. Nachora, aldadim: “hamma ishni tezlashtirib, sizni bir xursand qilay, degandim, xola”. O‘zimga-o‘zim esa shunday dedim: “to‘ygacha o‘sha Lobarniyam, boshqasiniyam ko‘rmayman...”
Tushdan keyin yana uyqu bosdi. Uxlaganim ma’qul. Kechqurun laboratoriyaga borib ishlashim kerak...

Rosa uxlabman. Qovoqlarim shishib ketibdi.
Yarim tunda yana laboratoriyaga yo‘l oldim. Ichkariga kirgach, uzoq vaqtgacha stol ustidagi ustozning suratiga tikilib o‘tirdim. Mening zimmamga shuncha qiyinchilik, azoblarni tashlab ketgandek tuyuldi. Shu ish bo‘lmaganida... Ha, mayli, tezlashtirish kerak.
Men tonggi soat to‘rtlargacha qolib ketdim. Deraza orqali ko‘chaga chiqib yugurib ketarkanman, ruhim ancha tetik edi...
Kunduzi Lobar qo‘ng‘iroq qilib qoldi.
— To‘yimiz haqida nega aytmadingiz? — dedi o‘pkalab.
— Xuddi sizdek ish tutdim-da, — deya javob berdim men. — Avvalgi eringiz haqida nega aytmagandingiz?
Lobar jim bo‘lib qoldi. Gapirishini kutib, men ham sabr qilib turdim.
— Qanday qilib aytaman, Sarvar aka? — dedi keyin.
Men go‘yo rashk qilgandek so‘radim:
— Uni sevarmidingiz, Lobar? Boshqacha edimi?
— Nima bo‘lganda ham birinchi erim edi, — ma’yus so‘zladi Lobar. — Sinfdosh bo‘lganmiz.
— Farzandlar...
— Yo‘q... Bitta o‘g‘il tug‘ilgandi, umri qisqa ekan... Sarvar aka, endi oldimga kelmaysizmi?
Men o‘zimni xushchaqchaq tutishga harakat qildim:
— Bu nima deganingiz? Yo hozirdan mendan bezib qoldingizmi?
U jonlanib qoldi:
— Kelasizmi? Qachon?
— Bugun kechga yaqin o‘taman.
— Hozir ishlaringiz bormi?
— Ha, bor.
— Sarvar aka, meni kechiring.
— Hammasi joyida. Kechqurun ko‘rishamiz, xayr, — deb telefonni o‘chirdim...
Kechqurun Lobarning oldiga borib, yana bir sirdan voqif bo‘ldim: uning onasi vafot etgan ekan. “Farishta misoli edilar”, dedi Lobar mijjalari yoshga to‘lib. Otasi farzandlarini deb boshqa uylanmabdi.
Zabirboy biz uchun uy olib qo‘ygan emish. To‘ydan keyin vaqtincha ota hovlida yashaysanlar, debdi. Bo‘lajak kuyovining or-nomusi bilan ishi yo‘q. Chunki kuyovto‘raning hovlisi, jilla qursa, ikki-uch xonali uyi yo‘q-da, deb o‘yladim men! G‘ashim keldi.
Xolam haqida gaplashdik. “Hech qachon yolg‘izlatib qo‘ymaymiz, uyimizning to‘ri shu kishiniki bo‘ladi”, dedi Lobar. Keyin to‘y o‘tkaziladigan restoran, artistlardan so‘z ochdi. Men to‘yga uch-to‘rt nafar qo‘shnimni aytadigan bo‘ldim. Institutdagilarni taklif qilgim kelmadi. Hasadlari qo‘zib, yorilib o‘lishmasin tag‘in.
To‘ygacha zo‘r berib laboratoriyada ishlashim kerak. Keyin kamida bir haftacha kelolmasligim mumkin. Hali Zabirboy moyli joydan ish ham topib beradi menga. Yoki qo‘li ostida yurarman, mute bo‘lib.
Ikki kun erta tonggacha bor kuchimni berib ishladim. Menga faqat mana shu yumush taskin berar, shaxsiy hayotimda nelar yuz berayotgani bilan hushim yo‘q edi.
Kunduzi Lobar bilan do‘konma-do‘kon aylanib, kiyim-kechak xarid qilardik. U menga qo‘yarda-qo‘ymay boshdan-oyoq ust-bosh olib berdi.
Ishlar poyoniga yetay deb qolgani uchun bo‘lsa kerak, to‘y kuni ertalabgacha laboratoriyada qolib ketibman. Endi derazadan ko‘chaga oshib tushish xavfli edi. Qorovulga bildirmaygina chiqib keta oldim harqalay! Ko‘zlarim achishib og‘rir, boshim g‘uvillardi. Karaxt edim. Uyda mizg‘ib olaman, devdim, bo‘lmadi. Qo‘ni-qo‘shni ayollar ivirsib yurishardi. Bechora xolaginam shu kungacha yiqqan uch-to‘rt sepini paypaslab ushlab, shodon o‘tirardi.
Erkak qo‘shnilar bilan kichkina dasturxon tuzab, bir-ikki shishani bo‘shatdik. Menga baxt tilashdi. Aroq boshimni yanada sarxush qilgandi. Mudray boshladim. “To‘ydan keyin uxlaysan”, deb kulgi qildilar. Ohorli kiyimlarimni kiydirishdi.
Soat o‘n ikkilarda pastga tushib turdik. Lobar aytganidek, oppoq limuzin va uch-to‘rtta mashina keldi. Bu avtomobillarda borib Lobarni olamiz-u, shahar bo‘ylab aylanamiz. Kechga yaqin to‘y o‘tkaziladigan restoranga o‘tamiz...
Qisqasi, to‘yimiz qanday o‘tganini bilmayman. Nuriya, Farangizlar imo qilib, Lobarning meni turtib-turtib qo‘yganlari esimda...
Ko‘zimni ochganimda harir choyshablar to‘shalgan divan ustida yotardim. Bir zum o‘zimga kelolmay qoldim. Ulkan xonada hech kim ko‘rinmasdi. Sakrab turdim.
— Lobar, — dedim ovoz chiqarib.
Eshik taqillab ochilgach, keksaroq ayol kirdi. Salom berdi. Lobarning birinchi qavatda xolam bilan choy ichib o‘tirganini aytdi.
Men yuvinib-taranib, pastga tushdim. Xolam bilan quchoqlashib ko‘rishdim. Kelinlik libosidagi Lobar kulib dedi:
— To‘ydan avval yer ag‘darib chiqqansiz, shekilli, kecha namuncha mudradingiz?
— Charchabman, Lobar, to‘yning o‘y-xayoli ham ezib qo‘yadi-da!
— Bolam, yaxshi dam oldingmi? — so‘radi xolam. — Mana, kelin bilan ancha suhbatlashdik, dardlashdik.
Lobarga qarab qo‘ydim. Unga birinchi eri haqida xolamga aytmasligini tayinlagan \dim.
— Hammasi joyida, — dedi shivirlagancha menga suykalib. — Qorningiz ham ochdir, oling, yeng.
Darhaqiqat, qornim och edi. Yaxshilab nonushta qildim. Shundan so‘ng Lobar meni bu uydagi har bir xonaga olib kirib, birma-bir ko‘rsatib chiqdi. Qaynotam bilan birinchi suhbat kechgan xona ham e’tibordan qolmadi. Keyin Lobar bir vaqtlar maqtagan filmlarni tomosha qildik.
— Asal oyini qaysi xorijiy davlatda o‘tkazishni xohlaydilar? — deb so‘radi Lobar entikib.
Unga chiroyligina javob qildim:
— Lobarxon, siz xolamni e’zozlab tursangiz, shuning o‘zi asal oyiga o‘tadi.
— Voy, bormaymizmi? — lablarini cho‘chchaytirdi u.
— Mening ozgina ishim qolgan, — deya javob berdim. — Shuni tugatib olay. Keyin ko‘rarmiz.
Lobar qoshlarini chimirib qo‘ydi. Uning yonog‘idan o‘pib dedim:
— Eng muhimi, endi birgamiz-ku!..
Kechqurun ovqatni Lobar ikkimizga alohida olib kirishdi. Men xolamni qo‘yarda-qo‘ymay, yetaklab chiqdim. Birga ovqatlandik. Shu asnoda laboratoriyadagi ishimni ham o‘ylab ichim siqilar, sarosimada edim. Lobarga aytsammikan? Muammo yechilardi. Axir, nima bo‘lganda ham endi u xotinim-ku!..
Yo‘q, menimcha, hali erta. Bir-ikki kun o‘tsin-chi!..
Uch kundan so‘ng qaynotam meni huzuriga chaqirtirdi. Bu safar uning qoshida mag‘rur turaman, deb o‘ylagandim. Yo‘q, salobati bosdi. Ish haqida gaplashdik. Meni qaysidir korxonasiga bosh direktor qilajagini aytdi. Nima deyishni bilmasdim. Ammo keyingi gapidan esa jahlim chiqib ketdi.
— Xolang shuncha mehmon bo‘lgani yetar, — dedi Zabirboy. — Endi unga javob beramiz.
— Bu nima deganingiz?! — o‘rnimdan turib ketdim men. — Meni shuncha vaqt katta qilgan insonni nega…
— O‘v, bola, — ovozini bir parda ko‘tardi qaynotam, — mening qizim sen bilan yashashi yetmaganday, bir nogiron xotinni ham boqsinmi? Qariyalar uyiga olib borib qo‘y!
Men o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Ehtimol, tutaqib ketmaganimda hammasi boshqacha tugarmidi:
— O‘sha nogiron ayol sizdan ming karra ulug‘, bildingizmi? Menga kelsak, qizingiz o‘zini o‘ldirmasligi uchun kelganman bu xonadonga, — keyin eshik tomonga qarab baqirdim: — Lobar, bu yoqqa kel, otangning gapini eshit.
Ko‘zlari qahr-g‘azabga to‘lgan qaynotam menga yaqin keldi-da, kutilmaganda qulog‘im tagiga tarsaki tushirdi. Keyin yoqamdan ushlab o‘ziga mahkam tortdi.
— Bu uyda mendan ovozini baland ko‘taradiganlar bo‘lishi mumkin emas, — dedi u dona-dona qilib. — Sichqonning o‘lgisi kelsa, mushuk bilan o‘ynasharkan. Men seni ilk bor ko‘rganimdayoq yoqtirmagandim. Birinchi bo‘lib xolangni, keyin o‘zingni yo‘q qilaman.
Men yoqamni Zabirboyning qo‘lidan bo‘shatmoqchi bo‘ldim, ammo qo‘yib yubormadi.
Xonaga Lobar otilib kirdi. Bizni bu ahvolda ko‘rib, ko‘zlari qinidan chiqib ketdi. Men bor qahr-g‘azabimni unga sochmoqchi bo‘ldim. Otasining alamini undan olish uchun qo‘llarim musht bo‘lib tugildi. Ammo...
Kutilmaganda Lobar avval otasiga, so‘ng menga qarab tirjaydi, so‘ng qah-qah otib kula boshladi.
Shunda kechagina xolam menga aytgan gap yodimga tushdi: “xotining kasal emishmi, bolam?”
Qiy-chuv bo‘lib ketdi. Lobar goh kulib, goh yig‘lar, hamma joyni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlab, ortidan kirganlardan hech kimning gapiga quloq solmasdi. U bir payt otasining yuziga chang solganicha, “onamni topib bering”, deb baqirdi. Men nima qilarimni bilmas, dovdirab qolgan edim.
Yugurib kirgan yoshroq qiz uning bilagini mahkam ushlab qilgan ukolidan so‘nggina Lobar bo‘shashib uyquga ketdi. Men boshimdan qattiq zarba yeganimni ham eslayman...
Nimqorong‘i uyda ko‘zlarimni ochdim. Yaxshigina kaltaklashgan, shekilli, a’zoi badanim og‘rirdi. Negadir qo‘l-oyog‘im bog‘lanmagan edi.
— Bolam, o‘zingga keldingmi? — degan ovoz eshitildi.
Quvonib ketdim:
— Xola, sizmisiz? Biz qaerga kelib qoldik?
— Yo‘q, xolang emasman...
Chiroq yoqilgach, o‘rnimdan zo‘rg‘a turdim. Xolamning ovoziga o‘xshatganim Lobarlarning uyidagi xizmatchi ayol — Zumrad ayaning tovushi ekan.
— Seni o‘ldirmoqchi edilar, baxting bor ekan, — dedi u. — To‘rt oy muqaddam o‘g‘lim Zabirboyning tansoqchiligiga ishga olingandi. Sen o‘limga mahkum eding. O‘g‘lim qutqarib qoldi.
— Xolam qaerda? — so‘radim darhol.
— Xolangning qaerdaligi noma’lum. Xotining jinnixonadaligi esa aniq. Kamida ikki-uch oy davolashsa kerak. E, sen ko‘p gaplarni bilmaysan, bolam. Aslida Lobar ruhiy kasal. Bilasanmi, nima uchun?! Zabirboy xotinini o‘ldirmoqchi bo‘lganida u ko‘rib qolgan. O‘shanda ko‘z oldida ro‘y bergan voqealar juda qattiq ta’sir qilgan. Har zamonda qo‘zib turadi. Bu haqda Zabirboyning xonadonidagilar va bizdan boshqa hech kim bilmaydi
Zumrad ayaning gaplariga ishongim kelmasdi. Axir, Zabirboy azbaroyi qizini o‘ylab ham meni tinch qo‘yishi kerak edi-ku! Lobar o‘z joniga qasd qilib, bir o‘limdan qaytgan bo‘lsa...
Jin ursin, hozir bu gaplarning mavridi emas.
— Men xolamni topishim kerak, — dedim eshik tomon yurib.
— Shoshma, bolam.
— Nega shoshmas ekanman? Axir, xolamni o‘ldirib qo‘yishlari mumkin. Yo‘limni to‘smang.
— Menga qara, nima qilmoqchisan, qayoqqa bormoqchisan? Zabirboyning oldigami? U bilan bas kelib bo‘larmidi? O‘g‘limga tayinlaganman, biror xabar keltirar. Shoshma. Agar tegishli idoralarga arz qilaman, deb o‘ylasang, bundan foyda yo‘q. Foyda bo‘lganda ham Zabirboy o‘g‘limni o‘ldirib yuboradi. Unday qilma, jon bolam.
— Menga qarang, — dedim, — o‘g‘lingiz nega meni qutqarib qoldi o‘zi?
— Ishonmayapsan-a, — boshini sarak-sarak qildi Zumrad aya, — mayli, o‘zing bilasan. Aslida gap senda emas, xolangda. Uch kun ichida u kishi shunchalik ko‘nglimdan joy oldiki, tug‘ishgan opamdek yaxshi ko‘rib qoldim. Umrim bino bo‘lib bunday ko‘ngli pok insonni uchratmagan edim. Seni bolalikdan katta qilgani, hamma-hammasini aytib berdi. Ishqilib hozir qaerda bo‘lsayam sog‘ bo‘lsin.
— Qaerda bo‘lishi mumkin? — dedim yurak-bag‘rim ezilib. “Tirikmikan”, deyishga tilim bormadi.
Zumrad aya ko‘nglimdagi uqib, javob berdi:
— Qaerdaligini bilmadim, ammo har holda tirik bo‘lishi kerak. Chunki Zabirboy ayollarni o‘ldirishdan qo‘rqib qolgan. Seni esa o‘ldirishga buyruq bergan. O‘g‘lim, “Sarvarni o‘zim tinchitdim”, degan.
Men cho‘ntagimga qo‘l soldim. Laboratoriya kaliti turgan ekan. Devordagi soatga ko‘z tashladim: tonggi beshu yigirma. Zumrad ayadan qarzga pul olib, u bilan xayrlashdim. O‘g‘liga hech gap bo‘lmasligini uqtirdim. Ortimdan javrab qoldi.
Ko‘chaga chiqdim. Hozir qaerda ekanligimni ham bilmasdim. Birinchi duch kelgan mashinaga qo‘l ko‘tarib, institut manzilini tushuntirdim.
Haydovchi yosh ekan, gazni bosdi. Yigirma daqiqacha yurdik. Men yo‘l bo‘yi o‘ylagan yagona rejam haqida bosh qotirardim. Ha, boshqa chorasi yo‘q. Eng avvalo, men uchun ham ota, ham ona o‘rnini bosgan xolamni topishim zarur. Keyin Zabirboydan qaqshatqich o‘ch olaman. Menga faqat mana shu laboratoriya, aniqrog‘i, ustozimning ishi yordam berishi mumkin.
Manzilga yetgach, pulini to‘lab, mashinaning ketishini kutib turdim. So‘ng atrofga alanglab, tanish derazaga yaqinlashdim...
Men yetti daqiqada laboratoriya ichida edim. Ammo naqadar katta jur’at, matonat bilan, jiddiy qaror chiqarib kelgan bo‘lsam, shunchalik vahima, his-hayajonga tushib qoldim. Vujudim qalt-qalt titrardi. Xolamning hayoti, uni qutqarish haqida o‘ylasam-da, hozir qo‘l urajak ishim nihoyatda dahshatli ekanini his qilib, yuragim qinidan chiqib ketayozgandi. Men o‘z ixtiyorim bilan bu tajribaning ilk “qurboni” bo‘laman. Ammo meni mazkur tajribaning muvaffaqiyatsiz chiqishi emas, keyingi bir umrlik hayotim tashvishga solardi. Naqadar qo‘rqinchli! Boshqalar uchungina bo‘lmay, o‘zim uchun ham dahshatli bu!
Axir, men ko‘rinmas odamga aylanaman! Chetdan qaraganda mo‘‘jizadir, ammo ko‘rinmas odamga aylangan kishining o‘ziga-chi? Ko‘zgu orqali ham bir umrga o‘zingni ko‘ra olmaslik... Yo‘q-yo‘q, ustoz menga buni vasiyat qilmagandi. Bu ixtiro, bu kashfiyot odamzodning ravnaqi, tamaddun rivojiga hissa qo‘shishi kerak, derdi. Men esa undan shaxsiy manfaatim yo‘lida foydalanmoqchiman. Aslo unday bo‘lmaydi...
Uzoq o‘ylanib o‘tirdim. Arosat yo‘lida edim. Goh ustozning suratiga termilib fikrimni bir nuqtaga jamlasam, goh xolamning go‘yo yordam so‘rab chaqirgani qulog‘imga chalinib, tezda bu fikrim o‘zgarardi. Shu tariqa butun dunyo va mening mitti olamim o‘rtasidagi qarama-qarshilik kuchayib borardi. Axir, meni hech kim ko‘rmaydi. Men faqat xolam bilan yashashim mumkin, xolos. Ko‘rinmas odamga aylanganimni u kishi bilmaydi ham. Sababi, xolamning ko‘zlari ojiz...
Quyosh ancha ko‘tarilgan, laboratoriya ichi yorishib ketgan edi. Men hozirgina o‘zim tayyorlab bo‘lgan mana shu suyuqlikni sipqorsam kifoya: ko‘rinmas odamga aylanaman!.. Aslida uni tegishli idoralarga topshirib, tahlildan o‘tkazishlarini kutishim kerak. Afsuski, bu juda ko‘p vaqtni oladi.
Kutilmaganda eshik orqasidan qadam tovushlari va do‘q-po‘pisa ovozlari keldi. Kimlardir eshikni ochishni buyurar, kafedra mudiri va qorovul ichkarida hech kim yo‘qligini tushuntirardi. Eshikka yaqin borib, tashqaridagi ovozga quloq tutdim.
— Menga baribir, — dedi o‘dag‘aylagan ovoz egasi, — agar besh daqiqa ichida eshikni ochmasangiz, sindirib kiramiz. Biz Sarvar Naimovga tegishli har qanday buyumni olib chiqishimiz kerak, tushundingizmi? Dalolatnoma tuzasizmi, boshqa ish qilasizmi, sizning ishingiz!
Tuyqus kallamga urdi: Zabirboyning odamlari! O‘ylab o‘tirishning vaqti emas endi. Agar hozir eshikni ochib meni ichkarida ko‘rishsa, o‘zimga qo‘shib, bu yerdagi hamma ashqol-dashqollarni ham olib chiqadilar. Ana shunda jonim omonat qolishi mayli, ustoz ikkimizning shuncha yillik mehnatimiz ham kuyib kulga aylanadi.
Eshikka kalit solingani eshitildi. Men shosha-pisha boyagi shishachaning qopqog‘ini ochmoqchi bo‘ldim. Ammo qo‘lim titraganidan shishacha stol ustidan tushib ketdi...

(“Men – ko‘rinmas odam”, “Yangi asr avlodi”, 2009 yil)

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.