OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Namozov. “Pigurniya kataniya” (hajviya)

To‘ra bobo televizorda ko‘rsatilayotgan olimpiadaga tikilib o‘tirib, fe’li aynidi-qoldi. U urchiq yigirayotgan kampiriga o‘girildi:
— Tur joyingdan. Menga anovi g‘ildiraklarni topib ber!
— Nimani? — so‘radi Hamida buvi. — Qanaq g‘ildirak? Jimgina o‘tirsangiz bo‘lmaydimi, a?
— Nabiralarning g‘ildiraklari bo‘lardi, esingdami? Tur!
Kampir televizorga nazar tashladi-yu, tushundi: ekranda bir yigit bilan qiz muz ustida chirpirak bo‘lib aylangancha konki uchishardi. Choliga yovqarash qildi-da, ishini davom ettiraverdi.
— Tur, dedim senga! — do‘q urdi To‘ra bobo.
— Ey, chol, — bobillab berdi Halima buvi, — qariganda esingizni yeb qo‘yibsiz. Jimgina o‘tiring, dedim sizga. G‘ildiraklarga balo bormi?
— Menga qara, kampir, — dedi To‘ra bobo, — hozir Po‘latjon bilan kelin yo‘q, nevaralar ham maktabda. Ikkovimiz bi-i-r figurnaya kataniya qilaylik.
Bu gap bahona bo‘lib, kampirning biram jag‘i ochildi-ey! Cholni naq tentakdan olib, tentakka soldi. To‘ra boboga qolsa, kampirini bir urib, ovozini o‘chirardi-yu, ammo, to‘g‘risi, oldingi kuchi yo‘q. Kampir biladi, shu bois og‘ziga kelganini vaysayveradi.
— Tavba, to‘g‘ri yo‘lda yurolmay qolgan-u, pigurniya kataniya qilarmish. Odam yomon qarisa, qo‘rqqulik ekan-da, a? Bo‘lmasa, tuppa-tuzuk nos chekib o‘tirgan chol ham ayniydimi? Bu tilbizirda har baloni ko‘rsataveradi. O‘zbekka pigurniya kataniyaga balo bormi?
— Menga qara, sen qo‘rqma, — dedi To‘ra bobo, o‘zini dadil ko‘rsatib. — Men qo‘lingdan mahkam ushlayman. Hovlida uch marta uchamiz, vassalom.
— Men hali sizga o‘xshab kallam aynigani yo‘q. Tavba, qo‘ni-qo‘shni devordan ko‘rib qolsa, nima deydi? Bu chol jinni bo‘p qopti, demaydimi? Qip-qizil jinnilik-ku!
Chol kampiri tomonga xezlandi:
— E, tilingni...
— Yaqinlashmang! Mana shu urchuq bilan peshonangizga bitta uraman, qoq ikkiga bo‘linasiz, — dedi kampir vajohat bilan.
To‘ra bobo orqaga tislandi-yu, derazadan tashqariga qaradi.
— Hech bo‘lmasa, g‘ildiraklarni topib ber!
— Sizga kerakmi, o‘zingiz toping!
To‘ra bobo nima qilarini bilmay, televizorga tikildi. Muz ustidagi yigit bilan qiz tomoshasini tugatgan, tavoze’ ila ta’zim qilishardi. Keyin boshqa yigit chiqdi. Juda mohir ekan. Muz ustida tug‘ilgan-ov! Konkida rosa uchib, shartta to‘xtadi. Boshini oyog‘iga tekkizdi-da, joyida yigirma besh martalar aylandi. Keyin yana qaddini rostlab, muz uzra uchib ketdi.
Chol battar entikdi. Uchishni bir umr orzu qilgan, axir! Konkida bo‘lmasayam, g‘ildirakda uchishga nima yetsin! Mazza! Bitta-bittalab qadam tashlamaysan. O‘zi “zuv” etkazib hojatxonaga eltib qo‘yib, keyin qaytarib olib keladi. Agar qor erib ketmaganida, chol hovliga chiqib, kalishda bo‘lsayam muz yo‘lakda uchardi.
  To‘ra bobo hassasini do‘qillatib, hovliga chiqdi. Oshxona, so‘ng molxonani rosa qidirdi. Topolmadi. Nevaralari kelishini kutib, ulardan sekin so‘rab olishni o‘yladi, biroq uyaldi. Uchadigan bo‘lsa, ular yo‘g‘ida uchgani ma’qul.
Nihoyat, roliklar topildi. Boloxonada ekan. Chol ularni avaylabgina olib tushib, oyoqlariga mahkam bog‘ladi. Keyin o‘rnidan turmoqchi edi, madori yetmadi. “Kampi-i-i-r”, deb chaqirgan edi, ichkaridan “o‘-o‘-o‘-l” degan tovush keldi. To‘ra bobo hassasiga tayanib, zo‘rg‘a qaddini rostladi. Keyin oyoqlarini sekin harakatlantirdi. Kutilmaganda o‘ng oyog‘i oldinga ketib qoldi. Chotida nimadir “qirs” etgandek bo‘ldi. “O‘ldim, – deb o‘yladi To‘ra bobo, – ammo kampirga sezdirmasligim kerak”. Hartugul To‘ra bobo hassasini yerga mahkam tirab, falokatni bartaraf etgandi. Keyin chap oyog‘i siljib ketdi. Yana nimadir “qirs” etdi. “Endi aniq o‘ldim”, – qo‘rqib ketdi To‘ra bobo. Muvozanatni ushlab qoldi. Televizordagi boyagi yigitga o‘xshab sekin odimlagan edi, ildam k-e-e-e-tdi. “Men uchyapman, — qiyqirdi chol. — Kerak bo‘lsa, devordan oshib o‘taman!”
To‘ra bobo o‘z kuchiga ishondimi, hassasini yon tomonga uloqtirdi. Keyin esa uchishda davom etar ekan, tuyqus o‘ylab qoldi: “Ie, qanday qilib to‘xtataman?” Shundan so‘ng baqirishga ham ulgurmay, to‘ppa-to‘g‘ri somonxonaga kirib ketdi.
Halima buvi anchadan so‘ng hovliga chiqdi. Cholini izlab, darvoza tomonga yurdi. Bir chekkada yotgan hassaga ko‘zi tushdi. Avval yon-atrofga, so‘ng osmonga qaradi: “Qurmag‘ur uchaman, devdi, rostdan ham uchdimikan?..”
Somon uyumiga kirib ketgan To‘ra bobo esa miq etolmas, ovozi ham chiqmasdi. “Ishqilib molga somon beraman, deb orqamga shoxani tiqib olishmasin”, deya qo‘rqardi u...
Kechqurun dasturxon boshida Po‘latjon bilan xotini o‘zlarini kulgidan zo‘rg‘a ushlab o‘tirishdi. Televizorda chang‘ida uchish musobaqasi ko‘rsatilardi. Jajji Tal’atjon pultni qo‘liga oldi.
— Tegma, shunga tursin, — dedi To‘ra bobo. — Uchishini qara!
Halima buvi gapni ilib ketdi:
— Ha, tegma, shunga tursin! Bobong olimpiyoda ko‘rishi kerak. Bobong uchmoqchi! Kunduzi uchgani yetmadi-da! Yanayam baland uchmoqchi, ha! Bobong samalo‘t bo‘lmoqchi!
To‘ra bobo kampiriga tumtayib qaradi. Po‘latjon esa kulaverib, yonboshiga ag‘darilib tushdi.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.