OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Boymamat Beshinchi (hikoya)

Boymamat o‘tgan yili bizdan bir sinf yuqorida o‘qirdi. Mana endi men bilan bitta partada o‘tiribdi. Matematikani yaxshi o‘zlashtirolmay, shu ahvolga tushibdi sho‘rlik. Beshinchi sinfda surunkasiga ikki yil o‘qiyotgani uchun sobiq sinfdoshlari uni “Boymamat Beshinchi” deb masxara qilishadi. Biz ham orqavarotdan uni shunday ataymiz, yuziga gapirsang, salom-aliksiz biqiningga sop qoladi.
Boymamat Beshinchi sinfimizda paydo bo‘lgach, bir-ikki haftagacha o‘zini ancha sipo ko‘rsatib yurdi. Keyin, dumi bosilgan ilon qo‘qqisdan sapchigandek, bizga birdaniga xuruj qilishga kirishdi. Oradan bir oy ham o‘tmay, sinfning xo‘jayini bo‘ldi-qoldi.
Bir kuni maktabga ertaroq kelib, olma yeb o‘tirgan edim, sinfga pishillaganicha Boymamat Beshinchi kirdi.
– G‘ajiyotganingni qattan o‘marding? – lavoq yuzini osiltirib tumtayganicha so‘radi u.
– Ertosh buvaning bog‘idan, – dedim men. – Ammo-lekin, o‘g‘irlaganim yo‘q, yaxshilikcha kirib so‘rasang, chol indamaydi.
– Yaxshilikcha kirib olma yeyishning qizig‘i bo‘larkanmi? – lunjini battardan shishirib tirjaydi u. – Bir ish qilsang, qahramonlarcha qilish kerak. Tushundingmi, tekinxo‘r?
Men “yo‘q” degan ma’noda bosh tebratdim. Boymamat Beshinchining xunobi oshib, meni zo‘r berib tergashga tushdi. Bu orada bitta-ikkitadan kelishib, sinf bolalarga to‘lib qoldi. Boshqalar ham uning so‘zlarini loqayd tinglayotganini ko‘rgan Boymamat Beshinchi endi barchaga tengdan o‘dag‘aylay ketdi.
– Sen zumrashalar “besh” baho olishni bilasanlar, xolos, – deya jahl bilan o‘shqirdi u. – Olmani to‘g‘rima-to‘g‘ri yeyish bor, qahramonlarcha yeyish bor. Shunga qolganda kallanglar ishlamay turibdi-ya.
U sinfdagilarga o‘qrayganicha picha jimib qoldi. So‘ng o‘qituvchi o‘tiradigan stolga ikkala mushtini tirab, kekkaygan tarzda dedi:
– Darsdan keyin ikki soat muhlat beraman. Bu ishga qizlarni aralashtirmaymiz, hamma o‘g‘il bolalar o‘z vaqtida bog‘ yoniga to‘planishsin. Qahramonlarcha olma yeyish qanaqa bo‘lishini ana o‘shanda ko‘rasanlar. Yana bitta gap – kimning uyida sakkizinchi kalish bo‘lsa, qo‘ltiqqa qistirib kelsin. Bizga qo‘shilmaganlarga “quyonxon” degan laqab qo‘yiladi.
“Quyonxon” bo‘lishga kimning toqati bor deysiz, barchamiz o‘z vaqtida aytilgan joyga yig‘ildik. Bor-yo‘g‘i olti kishigina sakkizinchi kalish topib kelibdi.
– Matematikadan nuqul “besh” oladiganlar mana bu tomonga o‘tsin-chi, – o‘ng qo‘lini yonga cho‘zdi Boymamat Beshinchi. – Men qo‘mondonman, buyrug‘imni o‘rnida bajarishlaring kerak.
“Ilg‘or matematiklar” yetti kishi ekanmiz. Qo‘mondonning o‘ng tomonida saf tortdik.
– Shu fandan ba’zan “to‘rt” oladiganlar bu tomonga tursin, – chap yonini ko‘rsatib buyurdi Boymamat Beshinchi.
“O‘rtacha matematiklar” chap tomonga tizilishdi.
– Mana endi, qolganlardan zarbdor guruh tuzamiz, – tushuntirdi qo‘mondon. – Bu azamatlar bog‘ning ichiga kirishib, alohida qahramonlik ko‘rsatishadi, olmani o‘zlariyam yeyishadi, bizgayam olib chiqishadi.
Shundan so‘ng Boymamat Beshinchi boshqalarga ish taqsimlashga kirishdi. “O‘rtacha matematiklar”ning vazifasi devor tagida egilib turishdan iborat bo‘lib, zarbdor guruh a’zolari ularning yelkasiga oyoq qo‘yib, ichkariga oshib tushishlari lozim edi. “Ilg‘or matematiklar”dan esa sakkizinchi kalishlilar to‘dasi tuzildi. Biz ilg‘orlar yetti nafar kalishlar esa olti juft edi. Shu sababli men vaziyatdan foydalanib qolishga tirishib, qo‘mondonga dedim:
– Menga kalish yetmayapti, zarbdor guruhga qo‘shilsam maylimi?
– Olma o‘g‘irlash senga “iks-igrek” emas, – mazaxladi Boymamat Beshinchi. – Sen “o‘chakishuvchi” bo‘lasan.
Men anqayganimcha uning ko‘ziga tikildim. “O‘chakishuvchi” qanaqasi bo‘ldi yana?
– Darvozaning oldiga borib, Qoplonning g‘ashiga tegasan, – ko‘rsatkich barmog‘ini menga bigiz qildi qo‘mondon. – It sen bilan ovora bo‘lib, bog‘ning bu chekkasidagi to‘palondan bexabar qoladi. Iti akillayvergandan keyin, Ertosh buva ham o‘sha tomonga boradi, chalg‘iydi.
Xullas, it bilan o‘chakishadigan bo‘ldim. Sakkizinchi kalishlilarga esa tuproq ko‘chani to‘zg‘itib yugurish topshirildi. Quyuq chang ichida devordan oshayotganlar ko‘zga chalinmasmish.
– Agar Qoplon baribir sizlarni payqab qolib quvadigan bo‘lsa, u ablahni xomroq olmalar bilan ayamay bo‘mbardirufka qilinglar, – zarbdor guruh a’zolariga dalda berdi qo‘mondon. – Qanchalik qopog‘on bo‘lmasin, itniyam joni bor.
O‘sha kuni men Boymamat Beshinchi faqat matematikani emas, balki bu fanni yaxshi o‘zlashtiruvchilarni ham mensimasligini anglab yetdim. Bog‘ni ishg‘ol qilishdek “qahramonona” ishda ilg‘or va o‘rtacha matematiklar zimmasiga past darajali yumushlar yuklangani shundan darak berib turardi. Bu menga juda alam qildi. Xo‘sh, undan qanday qilib o‘ch olish mumkin? Ortiqcharoq bir gap qilsang, biqiningga musht tushadi, indamay yuraversang...
Oxiri yo‘li topildi. Sakkizinchi kalishlilar, ya’ni “ilg‘or matematiklar” maslahatni bir joyga qo‘yib, Boymamat Beshinchini otalig‘imizga oladigan bo‘ldik. Ko‘ngliga yo‘l topish uchun iloji boricha o‘zimizni unga yaqin tuta boshladik. Barcha injiqliklariga ham, qo‘polliklariga ham chidadik. Bora-bora inoqlashib ketdik. Bitta qishloqda yashab, bitta tilda gaplashganingdan keyin shunday qilish kerak-da.
Hozir u matematikani hurmat qiladigan bo‘lib qoldi. Bu fandan “uch” olgan kuni qovoq-tumshug‘i osilib, chinakamiga ranjiydi ham. Qisqasi, o‘zi sezmagan holda Boymamat Beshinchi ham sakkizinchi kalishlilar to‘dasiga qo‘shilib qoldi.
Shanaqa, endi u ham o‘zimiznikilardan.

1973 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.