OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Chakalakzor afsonasi (hajviya)

Chakalakzor sultoni Fil ertak kitobni varaqlab o‘tirib, qadimgi hukmdorlar saroyida o‘qtin-o‘qtin mushoiralar o‘tkazib turilgani, she’rxonlik bahsida g‘olib chiqqan shoirlar taqdirlab borilgani haqidagi joyiga beixtiyor ko‘zi tushib qoldi.
«Nahotki, menga tobe bo‘lgan jonivorlar ichida she’r yozishni uddalaydiganlar topilmasa? – deya o‘ziga-o‘zi savol berdi sulton. – Mabodo shoirlar bo‘lsa-yu, men mushoira o‘tkazib turmasam, unda hukmdorligim qayoqda qoldi?»
Baqiroq jarchilar butun chakalakzorni kezib, sultonning mushoira o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonini e’lon qilib kelgach, oradan ko‘p o‘tmay saroyga shoir sig‘may ketdi. Buncha mehmonga ziyofat berish juda qimmatga tushishidan tashvishlangan Fil: «Har toifadagi hayvondan bittadan eng zo‘r shoir qolsin-u, boshqalari ketaversin!» – deb amr qildi. Lekin «men o‘zgalardan pastroq yozaman», deydigan bironta shoir topilmadi, hammalari qimirlamay turaverdilar. Oxiri qur’a tashlashga to‘g‘ri keldi. Qur’ada omadi chopgan shoirlarni ichkariga taklif etib, qolganlarni tarqatib yubordilar.
Quyuq ziyofat tortilib, hamma baholi qudrat ovqatlanib bo‘lgach, sulton har kimning obro‘yiga qarab navbat berishini diliga tugib, yon-veriga asta ko‘z tashladi.
– Adashmasam, sen boshqalardan ancha badnafsroqsan,– dedi u nihoyat Bo‘riga qarab. – Mushoirani o‘zing boshlay qol!
Bo‘ri Filga sipolik bilan ta’zim qilgach, tishlarini irjaytirib she’r o‘qishga tushdi:

– Qo‘y juda ham ko‘p ma’rasa,
Tilginasin tiyish kerak.
Tilginasin tiyish uchun
Uni shartta yeyish kerak.

Tevarak-atrofdagilar: «E, qoyil!», «Yaxshi yozilibdi!» – deya javray ketishdi. Bo‘ri joyiga borib o‘tirgach, navbat Ayiqqa berildi.
Ayiq bo‘kirib o‘qiy boshladi:

– Asalari uxlaganda, bo‘-bo‘,
Asalini o‘g‘irlayman, bo‘-bo‘.
Asalimga birov tegsa, bo‘-bo‘,
Surobini to‘g‘rilayman, bo‘-bo‘-bo‘!

«Chakkimas!», «Tuzuk harholda!», «Asalingni kim olardi!»– degan tovushlar eshitildi.
O‘rtada Sirtlon paydo bo‘ldi. U mo‘ylovini qimirlatib, bir oz chaynalib turgach, ming‘irlab o‘qiy ketdi:

– Mushoira bo‘lgan joyda, jo‘ralar,
To‘planib she’r o‘qish yaxshi,
Menimcha.
Chakalakda yolg‘iz yurib, jo‘ralar,
Kuchsizlarni bo‘g‘ish yaxshi,
Menimcha.

Sirtlonning sha’niga ham poyma-poy maqtovlar aytilgach, Tulki joyidan turib, yugurib borganicha Filning oyog‘ini o‘pdi. Keyin ko‘zlarini yumib olib, yoddan o‘qishga tushdi:

– Ba’zi ahmoq hayvonlar bor,
Kavshar ko‘ngli tortganini.
Men-chi, toqat qilib yurib,
Yeyman shohdan ortganini.
Filning mamnun jilmayib qo‘yganini ko‘rib, atrofda o‘tirganlar bir-birlariga gap bermay, Tulkini maqtay ketdilar.
Ziyofat paytida hammadan chaqqonroq harakat qilib, qornini allaqachon qappaytirib olgan Shoqol ko‘zlarini suzib sultonga ta’zim bajo keltirdi. So‘ng uning chiyilloq tovushi butun xonani tutib ketdi:

– Men Shoqolman, bilib qo‘ying,
Menga hazil ketmaydi.
Hazil qilsa hatto oshnam,
Uyiga sog‘ yetmaydi,
Menga hazil ketmaydi!

«He, quruq bo‘lmay o‘l!», «Do‘qingdan o‘rgildim!»– deya o‘zaro shivirlab qo‘yishdi atrofdagilar.
Navbat yosh Quyonga keldi. U qaerda o‘tirganini unutib qo‘ygandek shaxdam odimlagancha o‘rtaga chiqib, yozgan she’rini baralla o‘qishga kirishdi:

– Atrofimda yirtqichlar ko‘p,
Goh xavfsirab uxlamayman. 
Lekin, meni tinch qo‘ying, deb
Zo‘rlarga hech yig‘lamayman.

Fil «Hm!» deb xartumini peshanasiga tiradi. Hamma birdan indamay qoldi.
– «Zo‘rlar» deyish bilan kimlarga sha’ma qilyapsan o‘zing? – Sultonga ma’nodor qarab qo‘yib, Quyonni so‘roqqa tutdi Tulki. – Yanglishmasam, sen faqat Bo‘rini nazarda tutayotgan bo‘lmasang kerak?
– Kim qanday tushunsa tushunaversin, – dadil javob berdi Quyon.
– Tilingni sug‘urib olmayin tag‘in! – deya o‘tirgan joyidan g‘ijinib xitob qildi Bo‘ri.
Shoqolning ko‘zlari sovuq chaqnadi:
– Bunaqa hazil ketmaydi bizga!
Filning buyrug‘i bilan yasovullar Quyonni ushlab, derazadan tashqariga uloqtirdilar. Uni bundan keyin o‘tkaziladigan mushoiralarga qatnashtirmaydigan bo‘lishdi.
Chakalakzor sultoni mushoiraning bosh hakami sifatida eng zo‘r she’rni Tulki yozgan deb topdi va uni mukofotlash to‘g‘risida farmon berdi...

1981 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.