OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Dardingni stadionda ayt (hajviya)

Hakamning asabini egovlash uchun endigina hushtak chalmoqchi bo‘pturganimda, stadiondagi e’lonchi boshini tandirga tiqib olgandek, karnayni g‘o‘ng‘illatib gap boshladi. U raqiblar jamoasini tanishtirib kelib, «beshinchi raqamda – Kamol Kapponov» desa bo‘ladimi? Shu zahoti sochim hurpaydi.
Gap shundaki, ishxonamizdayam Kamol Kapponov degan o‘laksa bor. Bo‘lim mudirimiz bo‘ladi. Yigirma yildan beri ikkalamiz it-mushukmiz.
Xullas, ismi sharifi e’lon qilingan paytdan boshlab, beshinchi raqamli o‘yinchini o‘lgudek yomon ko‘rib qoldim.
– Xap senimi, Kamol Kapponov! – deya musht do‘layib baqirdim men. – O‘rgildim o‘sha turxatingdan!
Baqirdim-u, huddi bo‘lim mudirimizni ko‘pchilikning ichida haqorat qilgandek, ko‘nglim yashnab ketdi.
– Ho‘, Kapponov! – o‘yinning ilk daqiqasidayoq ikkinchi bor bahri-dilim ochilib qichqirdim men. – Kekkayishni senga kim qo‘yibdi? He, so‘tak!
Shunda, yonimdagi suratdor ko‘ylakli o‘spirin menga o‘grilib: «Namuncha Kapponovga yopishib oldingiz, aka, u bechoraga hali to‘p tekkani yo‘q-ku», deb qoldi.
– Kamol Kapponovning kimligini bilasanmi o‘zing?– boshqalar ham eshitsin deb, tevarakka alanglaganimcha, jo‘rttaga baland tovushda gapirdim men. – Judayam ablah u! Pismayib turib, orqadan oyoqni chaladi!
Bu gapni eshitib, atrofda o‘tirganlar beshinchi raqamli o‘yinchi tomonga ola-kula qarab qo‘yishdi.
Shu mahal qanot hujumchimiz Isroil Shokirov to‘p bilan oldinga intildi. Stadionda «haya-haya» boshlandi. «Hayda, xo‘roz!», «Tep gumbillatib!» degan qiyqiriqlar eshitildi. Isroil jarima maydoniga yaqinlashib qolgan vaqtda Kapponov balo-qazodek yetib kelib, uning oyog‘i ostiga tashlandi-yu, yiqilayotib, to‘pni yon chiziqdan tashqariga tepib yubordi. Bu men uchun ayni muddao bo‘ldi. Yon-verimdagilarni bo‘lim mudirimizning shamoyiliga aylangan beshinchi raqamli o‘yinchiga qarshi qayrashni avj oldirdim.
– Ablahligiga endi ishondilaringmi? Ana sizlarga Kamol Kapponov! Agar Isroil epchilik qilmaganida, boldiri cho‘rt singan bo‘lardi.
Biqinimda o‘tirgan suratdor ko‘ylakli o‘spirin qo‘lini og‘ziga karnay qilib, g‘ijinganicha chiyilladi:
– Ko‘zingga qarab o‘yna, Kapponov!
Yana u yer-bu yerdan «O‘pkangni bosvol, Kapponov!», «Qara, Kapponov, orqangdagi no‘miring tushib qoldi», degan pisandalar taraldi. Men bo‘lim mudirimizning o‘dag‘aylovchi basharasini ko‘z oldimga keltirib, «Sendan qo‘rqadigan ahmoq yo‘q, Kamol Kapponov!» – deb na’ra tortdim.
Isroil – jamoamizning Pelesi. Uning to‘p urmasdan o‘yindan chiqib ketganini hali hech kim ko‘rmagan. Agar yigirmayu bir hisobida yutqazgan bo‘lsak, bilingki, o‘sha bitta to‘pni shu qoravoy urgan bo‘ladi. Bombardirni qo‘riqlash Kapponovga topshirilgan bo‘lsa kerak, erkatoy hujumchimizga sira kun bermay qo‘ydi. Bir gal undan to‘pni tortib olayotib, yelkasidan salgina turtib yubordi. Bo‘lim mudirimiz ham meni nohaq turtkilagani turtkilagan.
– Dod Kapponovdan! – deb shovqin ko‘tardim men. – Bu zo‘ravonni tergab qo‘yadigan odam topiladimi, yo‘qmi?
Stadionda hushtakbozlik boshlandi. Soddadil Isroil o‘ziga nisbatan qo‘pollik ishlatilganini shundagina sezib, hakamga ho‘mrayganicha yerga bir tuflab qo‘ydi.
Qulaydan-qulay sharoit yuzaga kelganidan foydalanib, ichimda ko‘pdan beri to‘planib yotgan bor zardobni stadionga to‘kishda davom etdim.
– Muncha kuyukasan, uka! – xo‘rligim kelib, Isroilga nido qildim men. – Dunyoda haqiqat bor deb o‘ylovdingmi? Haqiqat bo‘lsa, Kamol Kapponovga o‘xshaganlar bizni tepalab yurarmidi?!
Bu oh-vohlarimga javoban, turli tribunalardan «Kapponovni haydash kerak», «Bu o‘yinda hakam bormi o‘zi», «Kapponov! Isroilni tinch qo‘y, maraz», degan xitoblar yangradi. Mening nazarimda, minglab azamat yigit bo‘lim mudirimizni po‘staksudrash qilishga shay turgandek ko‘rindi. Ana endi ko‘nglim tog‘dek ko‘tarilmasinmi!
Tarafdorlarim soniya sayin ko‘payib borib, birinchi taym oxirlab qolgan chog‘da butun bir stadion Kapponovning ashaddiy dushmaniga aylandi. To‘rt tomondan uni tahqirlovchi so‘zlar jaranglay boshladi. Bu hol hakamga ham ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymadi, u yo‘q narsadan ayb topib, muzturxat bo‘lim mudirimizning dastidan baloga qolgan futbolchi Kapponovga sariq qog‘ozcha ko‘rsatdi.
Yonimdagi suratdor ko‘ylakli o‘spirin bundan o‘zida yo‘q hursand bo‘lib, kaftlarini bir-biriga ishqalagan asno: «Qalaysan endi, Kapponov?» – deb chiyilladi. Hakamning sha’niga guldiros qarsaklar yog‘ildi. Narigi tribunadan: «Bas endi! Kapponovning dumi tugilsin!»– degan da’vat eshitilgan damda, nihoyat qat’iy talab bilan chiqish payti kelganligini angladim.
– G‘alamislarga oramizda o‘rin yo‘q! – deb hayqirdim men. – Yo‘qolsin Kamol Kapponov!!!
Shu mahal «baribir niyatingga yetolmaysan, iblis», degan hirqiroq tovush chalindi qulog‘imga. Mundoq qarasam, orqadagi qatorda gezarganicha bo‘lim mudirimiz Kamol Kapponov o‘tiribdi.

1977 yil.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.