OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Eh, la’nati ombor... (hajviya)

Hah, ho‘-o‘-o‘... E, jiyanlarim-a, urushni biz ko‘rdik, senlar ko‘rmagin.
To‘g‘ri, shaxsan men urushga borolmadim. Anavi Bolta puchuq o‘shanda kolxo‘zimizga rais edi, shu yo‘limni to‘sdi-da. Voyankamatga borib, senga askar zarur bo‘lsa, menga omborchi kerak, deb turvoldi.
Bo-o, mendan juda zo‘r askar chiqqan bo‘lardi, jiyanlar. Misol kerak bo‘lsa, aytayin: urush boshlangandan keyin, voyankamatdagilar bizni yig‘volib, Yozyovonni cho‘lida rosa mashq qildirishdi. Bir kuni tarafma-taraf turib, yolg‘ondan «urush-urush» o‘ynadik. Hoshim dallol tomondagilar bizga bostirib keladigan bo‘lishdi. Beshotarga paxtavonni bosdim-u, kaftimga tuflab, ako‘pda payt poylab yotaverdim – mo‘ltoni Hoshim dallol bilan eskitdan ozgina hisob-kitobim bor edi.
Bir payt qiyomat boshlandi-qo‘ydi: osmondan bo‘mba yog‘ilib, «pors-purs» portlab berdi. To‘rttala bolam ko‘zimning oldiga kelib, qator turvoldi, denglar. Komandurimiz «qo‘rqmanglar, og‘aynilar, bu bo‘mbalarning zarari yo‘q», deganini bilaman, bittasi menga yaqinroq joyga tushib, varanglab yorilib bersa bo‘ladimi. Boshimni chotimga tiqib, «buva-a-a» deb chunonam baqirdimki, atrofimdagilar birdaniga «ura-a-a» deganlaricha ako‘pdan ko‘tarilishdi. Es-hushimni yig‘ib olib, ularga ergashdim.
Oxiri ikki tarafdagilar aralashib ketib, bo‘ldi to‘polon, bo‘ldi to‘polon! Qana endi bu olatasirda Hoshim dallolni topib bo‘lsa. Yolg‘ondakam urush ba’zo‘r to‘xtatilib, g‘ijimlangan yoqalarni endigina tartibga solib turuvdikki, bizni tomondagi komandur «birinchi bo‘lib baqirgan kim», deb so‘rab qoldi. Sheriklarim meni ko‘rsatishdi. Boshliq iljayganicha oldimga kelib, «malades, Karimsher, urushdayam mana shunaqa boyavoy bo‘lsang, kamida yepreytur bo‘lib qaytasan», dedi.
Endi o‘sha kunlar esimga tushsa, attang qilaman: agar Bolta puchuq o‘rtaga tushmaganda, pashistni rosa jig‘ini ezib, allaqachon yepreytur bo‘lib ketmasmidim? Ana, Soli miskardek odam ham gerdayib yuribdi-da ordenlarini jaranglatib. Bironta majlis bo‘lsa, bizdan balandroqqa chiqib o‘tiradi. Urushda zenitchi bo‘lganman, deb maktab bolalarga ko‘pirib gapirgani-chi? Kolxo‘zga yordamga kelgan to‘rt qanotli samolyotlar do‘konchasining ustidan pastlabroq o‘tib qolsa, qo‘lidagi pechkaning karnayini do‘layib, osmonga yeb qo‘ygudek tikiladi. Buyam maqtanishning bir turi bo‘lsa kerak.
Nima deyapsan, jiyan? Rapiq sartaroshmi? To‘g‘ri, uyam urushga borgan, lokigin o‘sha yoqdayam sartaroshlik qilgan. Ishonmasang, Mo‘sa mo‘ylovdan so‘ra. Bir kuni u soqolini qirdirayotgan ekan, zambarakning o‘qi tepasidan shang‘illaganicha o‘tib qolibdi. Keyin mundoq qarasa, yonida sartarosh ham yo‘qmish, mo‘ylovining bir tomoni ham. Borib, komandurga arz qilsa, «burning omon qolganiga suyunmaysanmi, noshukur», deb Mo‘savoyning o‘zini so‘kib beribdi.
Pasko‘chadagi Olim polvon lapashanglik qilib, hatto asirlikdayam bo‘lgan. Pashist qorovulini o‘ldirib qochganini inobatga olib, keyinchalik qamoqdan qo‘yvorishgan. «O‘zi qanaqasiga qo‘lga tushuvding, e bandai g‘ofil», deb so‘rasam, «o‘qim tugab qoluvdi», deydi. Ana ziqnalikning oqibati. O‘qing tugagan ekan, yoningdagi sherigingga uchta so‘m qistirib, «shunga ozgina patron ber» desang bo‘lmasmidi?
He, attang-a, urushga o‘zim borolmadim. Bolta puchuq omborni pesh qilib turvoldi... Mensiz ish bitirolmasdi-da... Endi majlislarning to‘risi Rapiq sartaroshlarniki bo‘p ketdi. Hali bayram kelsa, bir quchoqdan mukofot ham olishadi...
E, jiyanlarim-a, urushiyam qurib ketsin, o‘sha... omboriyam. Shu la’nati omborni deb tengdoshlarim orasida ancha yakkalanib qolgandekman-a.

1983 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.