OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Eng iste’dodli o‘lik (hajviya)

Kollej tomoshoxonasi «Chap-chup chayna» firmasining xayriya tadbirida, ya’ni talabalarga bittadan tekin saqich tarqatilgan unutilmas kunda ham bu qadar kallabozor bo‘lmagandi. Ichkariga vaqtida yorib kirolmagan o‘spirinlar o‘rindiq chetidagi yo‘lkalarda bog‘langan poyadek zichlanib turishar, ko‘zga ora-sira chalinayotgan qizlar bezovtalanib g‘imirlashar, ulardan birining qo‘lidagi yalang‘och novdalarni ko‘rgan kishi, bu sobiq guldasta ekanligini ilk qarashdayoq fahmlab olmog‘i mushkul edi.
Sahna esa, bekatdagi tirband olomon oldiga kelib to‘xtayotgan kirachi avtobusdek deyarli bo‘m-bo‘sh bo‘lib, ixcham stol ortida faqat ikki kimsa o‘tirar, ulardan biri – bugungi tiqil-suqilning sababchisi Mirg‘ob Murdaev avtobus haydovchisiga, ikkinchisi – sumkachasini bot-bot titkilab qo‘yayotgan kollej direktori Bella Qoramullaevna chiptachi ayolga o‘xshab ko‘rinayotgandi.
Bella Qoramullaevna sumkachasidan ro‘molcha olib, terlagan manglayiga bosdi. So‘ng, yo‘lkira yig‘ishtirishga shaylangan kepatada o‘rnidan turib, odatda aksariyati oychiptadan foydalanuvchi talabalar to‘piga sovuq ko‘z yugurtirdi. Lekin, kutilmaganda, lablaridan iliqlik ufurib, so‘zni muloyim tarzda boshladi:
– Sevgili talabalar! Yana ozgina minutlardan keyin sizlarga kino qo‘yib beriladi. Bunda Djalaliddin Manguberdievning askarlari mongollarni qanday quvlaganini ko‘rib, hayajonlanamiz. Tomoshadan avval bugungi mehmonimiz, shu kartinada quduq yonidagi o‘lik rolini o‘ynagan Mirgap Murdaevichga so‘z beraman…
Burgut tamg‘ali kamzul kiyib, kepkasining ayvonini quloqqa burib bostirgan, mo‘ylovidagi taram-taram oq tuklar sochidagi tim qoralikning soxtaligidan dalolat berib turgan Mirg‘ob Murdaev chapaklar to‘xtashini kutib, barmoqlarida stolni chirmandalagan kuyi, bino shipini shoshmasdan ko‘zdan kechirib chiqdi. Bir muddat nimalarnidir mulohazaladi. Oxiri tomoshabinlarga qiyalab, sarg‘aygan tishlari orasidan gap uchirdi:
– Ha! Kino bu – san’atlashtirilgan tegirmon! Undan butun chiqdim men!
Bella Qoramullaevna miyig‘ida kulib, qo‘shimcha qildi:
– Slava allaxu…
Mirg‘ob Murdaevning «san’atlashtirilgan tegirmon»dan bus-butun chiqqaniga talay asoslar bor edi. Birinchidan, u maxsus malakali aktyor emas, yaqindayam Xadradagi avtomat gaz-suv do‘konida tangasotar bo‘lib ishlardi. Sherigi bilan yarimtalikni maydalashga stakan topolmay turgan yordamchi operatorning hojatini chiqardi-yu, yoshi ellikdan o‘tib, kino olamida chalqanchasiga paydo bo‘ldi-qoldi. Paydo bo‘liboq, yarq etib chaqnadi. Ikkinchidan, rejissyor dastlabki sinovlarsiz, hech ikkilanmasdan unga rol berganligi iste’dodining tug‘ma ekanligidan bir nishona edi. Uchinchidan, o‘ta mas’uliyatli rolini shunchalar qoyillatib uddaladiki, natijada, uning ishtirokidagi ko‘rinishlarni qayta suratga olishga biron marta ham zarurat tug‘ilmadi. Vaholanki, kir yuvib o‘tirgan juvon mo‘g‘ul askarining boshiga sopoltog‘ora bilan soladigan parchani olti bor dubl qilishga to‘g‘ri keldi. Oltinchi tolqontuydidan keyin Chingizxonni pardozchidan ajratolmay qolgan jangarvachchani «Tez yordam»ga tiqib, kasalxonaga itob qilishdi.
– Eng muhimi, – deya barmog‘ini tepadagi mog‘or qandilga bigizladi Mirg‘ob Murdaev, – men suratga tushgan kino hozir jahon ekranlarida shataloqlab yuribdi. Shundan kelib chiqib, bahoyimni o‘zingiz beravering.
Talabalarda savol ko‘payib, Mirg‘ob Murdaevning javoblari cho‘zilgan sayin, tomoshaxonadagi havo soniyama-soniya achqimtirlanib boraverdi. Bella Qoramul-laevna o‘zini gazli krematoriyda o‘tirgandek his etib, ko‘ngli oza boshladi. Ayollarga xos iskovuchlik bilan qayta-qayta hidlab ko‘rgach, bu badbo‘ylik pastdagi yuzlab poyabzallar ichidan o‘rlayotganini anglab yetdi-yu, kimyo dorilfununining sobiq laboranti sifatida, fanga hali unchalar ma’lum bo‘lmagan mazkur gazning formulasini miyada hijjalashga urindi. Afsuski, eng oddiysi– umumyotoqdagi mo‘rchalarga issiq suv tarqatuvchi qozon hanuz ta’mirdan chiqmaganligi uning esiga ham kelmadi.
Mirg‘ob Murdaev bu lahzada talabalardan birining: «Suratga tushishda qanday qiyinchiliklar bo‘ldi?» – degan savoliga chuqur «uf» tortish bilan qisman javob qaytarib, iztirobli xotiralar aks eta boshlagan ko‘zlarini yana shipga qadab turardi.
– Qiyinchilik bu – aktyorning ulfati! – suratga tushish maydonida qulog‘iga chalingan gaplardan birini qaytadan savdoga tashladi u. – Masalan, men kinoda to‘rt marta ko‘rinib, ekranni yigirma bir sekund band qilaman. Ochig‘ini aytsam, mana shu yigirma bir sekund balki umrimni yigirma bir yilga qisqartirgandir. Rolim qanchalar xatarli ekanligini birpasdan keyin kinoni ko‘rib bilvolarsiz. Egnimga xorazmshoh askarining sovutini kiydirishib, quduqning yoniga chalqancha cho‘ziltirib qo‘yishdi. Birinchi ko‘rinishimda, mo‘g‘ul chavandozlari ustimdan pala-partish ot choptirib o‘tishadi. Bu dahshatni chalayumuq ko‘zlarim bilan ilg‘ab, yuragim kekirdakka tiqilgan bo‘lsayam, miq etib qo‘ymadim. Ikkinchi ko‘rinishimda, endi meni mo‘g‘ul piyodalari tepalab o‘tishga tushadi. O‘sha piyodalardan ayrimlari s’yomkadan sal oldin bo‘kkudek araq ichib o‘tirishganini ko‘rganim uchun, jonimni hovuchlab yotdim. Bunisigayam chidadim…
Mirg‘ob Murdaev «Saraton» qutisidan filtrsiz sigaretni sug‘irayotib, «Ha! Hammaga suyukli bo‘lish osonmas, buning uchun og‘ir yo‘llarni bosib o‘tish kerak», deb po‘ng‘illadi. Namiqqan gugurtning ikkita cho‘pi pand bergach, mo‘ylovi ostidagi tamakini uchinchi urinishda nihoyat cho‘g‘lantirib, tutunni taltanglab pufladi.
– Uchinchi ko‘rinishimda, – deya «jabrnoma»sini davom ettirdi u, – xorazmliklar otgan olovli lo‘pchik kallamdan yarim qarich nariga tushib, lovullab ketadi. Mis dubulg‘am qizigandan-qizib, sochlarimning jizg‘anaklanib sasishi yonimdagi o‘liklarni bezovta qilsa qildiki, men baribir tirikligimni sezdirmadim. To‘rtinchi ko‘rinishimda, yarador mo‘g‘ulning qo‘lidan tushgan nayza shundoqqina chotimning orasiga sanchildi. Ho‘-o‘! Tasavvur qiling, naqadar xavfli bu!
Mirg‘ob Murdaev havoning dimiqligidan tobora lohaslanib borayotgan Bella Qoramullaevnaga tamtamlanib yuzlandi-da, «naqadar xavfli» degan so‘zga tirjayib ilova qistirdi:
– Ayniqsa, erkak uchun…
Pastda olqishlar yangragani bois, uning keyingi qochirig‘i uncha eshitilmadi. O‘rindiqda o‘tirganlarning qarsagiga yo‘lkada qo‘l qimirlatolmay zich turganlarning qisqa-cho‘ziq hushtaklari qo‘shilib, erkin harakatga imkon qolmagan joyda albatta hushtakbozlik paydo bo‘lishligi yana bir karra isbotini topdi.
Birinchi qatorda o‘tirgan xomsemiz o‘spirinning: «Akaginam! Bu kino ko‘pgina mukofotlar olgan deyishadi. Sizgayam biror narsa tegdimi?» – degan kesatiqnamo savoli Mirg‘ob Murdaevni picha mulzamlantirib qo‘ydi. Chala chekilgan sigaretni kuldonga astoydil mijiqlayotib, o‘zini puxtaroq javob berishga hozirlab oldi.
– Gaping to‘g‘ri, uka, – xomsemiz o‘spiringa qosh irg‘itib nazar tashladi u. – Men o‘ynagan bu kino tezda mashhur bo‘lib, ko‘plab ijodkorlarga «Eng iste’dodli rejissyor», «Eng iste’dodli aktyor», «Eng iste’dodli bastakor» singari mukofotlarni olib berdi. Kaminaga kelsak…
Mirg‘ob Murdaev labini burishtirib, yelka qisdi. Jarangli ovozi birdan so‘niqdi:
– Hozircha «Eng iste’dodli o‘lik» degan mukofotning yo‘qligidan faqat afsuslanish mumkin…
Burniga ro‘molcha bosib o‘tirgan Bella Qoramullaevna uchrashuv qahramonining shashti keskin pasayganidan foydalanib, darhol yig‘inning jilovini changalladi.
– Bravo! – dedi u o‘rnidan turayotib. – Zo‘r gap aytdingiz, Mirgap Murdaevich. San’atda bundan keyin o‘liklarniyam yaxshiroq qadrlashimiz kerak… Rahmat sizga…
Bella Qoramullaevna endi «sevgili talabalar» uchun kino namoyish etilishini e’lon qilib, mehmonni sahnadan pastga, birinchi qatordagi ikkita bo‘sh stul tomonga yetakladi. Yo‘lkadagilar orasida tiqilib turgan qizning uloqtirgan novdalari oldingi qatordagilar mehmonga tutqazgan gullarning ustiga kelib tushdi.
Ajdodlarimizning jangovar o‘tmishidan hikoya qiluvchi tasmalar namoyish etila boshlandi. Ammo, jahon ekranlarida «shataloqlab yurgan» dovruqdor filmdagi voqealar talabalarni unchalik qiziqtirmayotgandek tuyular, ular o‘zaro «visir-visir» qilishib, nuqul ekranning ostki qismiga jovdirab-jovdirab tikilishayotgandi. Barcha, jumladan, Bella Qoramullaevna ham, quduq yonidagi o‘lik qachon ko‘rinishini sabrsizlik bilan kutmoqda edi.

2000 yil.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.