OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. «Hemma Malina» (hajviya)

Shaxmatilloning vos-vos kasali kuchayib bordi, goh Mo‘ltonoyning, goh Siroj baqqolning yoqasiga osilib, «qachon xotin oberasanlar», deya kuniga besh mahaldan yetti mahalgacha tiqilinch qiladigan odat chiqardi.
Yaqinginada uch guvohu bir mulla ishtirokida nikoh o‘qitib, er-xotin bo‘lib olgan bu ikki bandaning sovchilikka bormagan eshigi, qarg‘ish eshitib qaytmagan xonadoni qolmadi.
– He, xotinsiramay talog‘ing kesilgur, – deb qarg‘anardi Siroj baqqol. – Bunaqa yoshda biz eshak quvlashdan boshqani bilmasdik.
– O‘zimniyam boshim qotdi, – deya uf tortib qo‘yardi Mo‘ltonoy. – Hatto, Katon lo‘liyam saqichdek qizimni o‘sha isfiropkasiz jinniga beramanmi deb, meni mazaxladi.
– Qarindosh bo‘lib olsak, eskichadan savodni sal mustahkamlarmidik deb, G‘oyib qoriga qizidan gap ochsam, «Qachondan beri mullacha bo‘pqolding, Siroj shpana? Dinni do‘konga aylantirib, shariatni beburd qilganing uchun hali bu dunyodayam, u dunyodayam azob tortasan. Mo‘lton egribosarning nevarasi Shaxmat duvonani avliyoga yo‘yib mol orttirguncha, tezak yesang bo‘lmaydimi», dedi. Hasad qilyapti bachchag‘ar...
Kutilmaganda, kelin o‘z oyog‘i bilan keldi. Oldingi xotinini taloq qilgandan keyin uyidan loaqal bitta ro‘molcha ololmay chiqqan Siroj baqqol so‘rida otsiz qo‘qon arava yanglig‘ do‘nqayib yotar, kampiri tandir kavlayotganday ortiga o‘tib olib, uning choki so‘kilgan yakkayu yagona ishtonini yo‘rmash bilan band edi. Shu payt o‘n ikki cho‘ntakli shimga dokanusxa ko‘ylak kiygan rangpar qiz naycha tovonini «shiqir-shiqir» qilganicha hovlida paydo bo‘ldi. Siroj baqqol beixtiyor o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi bo‘lganida ketiga igna sanchilib, «dumbani yeding-ku, mochag‘ar», deya ingrab yubordi. Mo‘ltonoy tishida ipni uzdi-yu, qizga sinchiklabroq boqib, bir sapchib tushdi.
– Voy! Nima qilib yuribdi anavi?
Bu orada qiz so‘riga yaqinlashib, bir qo‘lini yelkasidagi sumka bog‘ichiga chirmab, ikkinchisini biqiniga tiraganicha tamannolanib to‘xtadi.
– Menga ko‘z tegdi. O‘zimni ko‘rsatmoqchiman. Qayoqda... haligi avliyo? 
– Shaxmatillo pirimni aytyapsizmi? – dabdabali ohangda so‘radi Mo‘ltonoy. – U kishi...
Qaerdaligini pirning o‘zi ma’lum qilib qo‘yaqoldi. Hujradan uning: «Qaysi maxluqqa ko‘z tegibdi», degan hangilloq tovushi eshitildi.
Mo‘ltonoy qizga kiravering degandek imo qildi. Keyin eriga sirli ko‘z qadadi.
– Tanidingizmi? Bultur qamoqqa tushgan poraxo‘r prakuro‘rning qizi shu. Shaharda buzilib ketib, o‘qishdan haydalganmish.
– Labidagi bo‘yoqni qarab qo‘y, – aftini burishtirdi Siroj baqqol. – Maymunni orqa tomonidan ko‘rganmisan?
Qiz ostonadan o‘tiboq, lolu hayron to‘xtab qoldi. Jag‘ini laylakchasiga ko‘tarib, qo‘llarini ko‘kragiga chog‘ishtirib olgan Shaxmatillo pardasi tushirilgan derazaga tikilganicha xona o‘rtasida ustundek qotib turardi. Hatto eshik yopilganidan keyin ham kiprik qoqib qo‘ymadi.
– Bu yurtga ka-a-tta avliyo kerak edi. Baayni yarim kechada oftob chiqqandek, men tug‘ildim.
– Bravo! – iljayganicha chapak urdi qiz. – Izzumitelno!
– O‘zbekcha gapir, iflos! – hamon niliy pardaga tikilganicha sokin, ammo qat’iy ohangda do‘rilladi pir.– Kimsan? Isming nima?
– Hemma Malina, – hindcha qarashmalandi qiz.
– Xotin so‘rab, falakka tunu kun sajda qildim, alqazo, iltijoyim mustajo bo‘ldi.
O‘ylab qo‘ygan rejasi o‘z-o‘zidan amalga osha boshlaganini sezib quvongan Malina gapni maqsadga yaqinroq burdi:
– Xo‘sh, kelin yoqdimi?
– «Xo‘sh» demasdan gapir, megajin! – hanuz unga boqmasdan so‘zladi pir. – Oldingda yangi avliyo turibdi! Shaxmatillo! Oyog‘imni o‘pmoqchi bo‘lsang, emaklab kel.
«O‘vv!» deb qo‘ydi o‘zicha Malina. So‘ng, eshikning zinjirini solib, yelkasidagi sumkani chetga otdi, burnini masxaraomuz jiyirganicha emaklab borib, Shaxmatilloning popukdor bog‘ichli ishtoni yaqinida to‘xtadi.
– Oyoq yuvilganmi o‘zi? Qaeridan o‘pay?
– O‘paver! – dedi pir. – Hamma joyim tabarruk.
Malina uning tizzasiga asta lab bosdi, oyog‘idan quchoqladi...
Sal o‘tmay, hujradan pirning «Hayhot!» degan hayqirig‘i eshitildi. Mo‘ltonoy mushukdek pisib borib, derazadan quloq soldi. Eshikni itarib ko‘rib, ichkaridan zinjir ilinganini payqagach, «Voy-dod, musulmonlar!» – deb boshini changalladi.
– Turing, mahallani chaqiring! – deya so‘riga yaqinlasha boshladi u. – Bolamni yo‘ldan ozdiryapti anavi.
Siroj baqqol uni jerkib tashladi:
– Xap! Og‘zingni yum! O‘zing-ku ana shu molfahmga xotin topolmay, ko‘chama-ko‘cha ramazon aytib yuruvding. Tangri karam ko‘rsatib, bir kajravni jo‘natgan ekan, devonai Bohovaddinga yetti tanga ko‘tarmaysanmi!
O‘sha «Hayhot!» degan hayqiriqdan so‘ng kechki payt ham, yarim tunda ham, ertasi ertalab ham hujradan tiq etgan ovoz eshitilmadi. Faqat, tushlikka yaqin Shaxmatillo yarador askardek eshik kesakisiga tirmashib, bazo‘r tashqariga chiqdi, devorga suyanganicha o‘tirib qoldi.
Tuni bilan mijja qoqmagan chol-kampir uni ikki qo‘ltig‘idan tirab kelib, so‘riga yotqizishdi.
– Ko‘zingni och, qorijonim, senga nima bo‘ldi? – deya Mo‘ltonoy ko‘ziga yosh oldi.
– He... boring! – jahl qilib ingilladi Shaxmatillo.
Mo‘ltonoy ro‘molining uchida ko‘zini artib, sekin o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
– Hozir... Tuxum pishirib kelaman, qorijonim.
Kampir kegach, Siroj baqqol «bemor»ga biqin solib shivirladi:
– O‘zimiz qoldik, pirim. Erkakcha gapiraversinlar.
– Kiriboq oyog‘imga tirmashdi, – hansirab gap boshladi Shaxmatillo, – Pirlarning pirisiz, dedi. To‘g‘ri topdi megajin!.. Boldirimdan, tizzamdan o‘pdi... Keyin... uf... bilibmi-bilmaymi, ishtonbog‘imga osilgan edi...
– Ie, ishtonbog‘ning popugi qani?
– O‘sha iblisda... uf... chiroyli ekan, deb qirqib oldi. Ana, kirib ko‘ring, ko‘ylagining burmasiga taqib o‘tiribdi.
– Yo rabbano.
– Bugunoq chillayosun qiling. Ahvolim og‘ir.
Siroj baqqol o‘gay nevarasining iyagiga yengil shapillatib, erkalatgan bo‘ldi:
– «Xotin, xotin», deb, Go‘ro‘g‘lidek na’ra tortingiz. Holingiz shu ekan-u...
Shaxmatillo tilini sangillatib beholgina yo‘talgach, peshanasida ter yiltillab, so‘zga og‘iz juftladi:
– Shaytoni layin ekan... uf... Kofircha qiliqlar qildi...
Bir choynak choy, mis kosada jazillab turgan qovurdoq ko‘tarib, Mo‘ltonoy keldi. Dasturxon tuzalgunga qadar Shaxmatillo inqillaganicha hovli etagiga borib, tahorat olib qaytdi. So‘ng, yonboshlab tamaddilanishga tutindi. Chol-kampir kechasi gapni pishitib olishgan edi. Siroj baqqol mo‘ylovini qimirlatib imo qilgach, Mo‘ltonoy qiroat bilan gap boshladi:
– Endi-i jamoat jamligida to‘yni maslahatlashadigan bo‘lsak...
Shaxmatilloning kekirtagida nimadir «hiq» etdi, chaynagan luqmasi tomog‘iga tiralib qoldi. Shoshilinch ravishda choy ho‘plab, luqmani yutib olgach, buvisiga o‘qrayib: «Qanaqa to‘y?»– deb so‘radi.
– Bir bandaning pokdamon qizini hidlab qo‘ydingiz, pirim, – kesatdi Siroj baqqol.
– Pokdamonmish! – Shaxmatilloning zardasi qaynadi.– G‘irt jinni-ku! Tasbehimni marjon qilib, bo‘yniga ildi. Shipga osilgan sumakni olib, ichiga tamaki tiqib chekdi. Bunisiyam mayli... o‘g‘il tug‘ib beraman, deydi. Otini Meshka qo‘yarmish. Bekorlarni aytibsan, Raprapidin Ayshia’loxon to‘ra qo‘yamiz, dedim. Yo‘q, Meshka, deydi. Yo‘qotinglar buni.
– Boshni qonunning sirtmog‘iga tiqmasinlar, hov, – tanbeh berdi Siroj baqqol. – Ustingizdan milisaga arz qilib borsa... Keyin tergov-qistov deganlariday...
Buni eshitib, Shaxmatilloning tanasida asta-sekin qaltiroq boshlandi, ko‘zi g‘ildirashga tushdi. Oxiri, gerdayganicha chordona qurib, qo‘llarini yana ko‘kragiga chog‘ishtirdi, jununligi boshqatdan qo‘zidi.
– Milisa degani olloning nazaridan qolgan oddiy hushtakbozdir. Tergovchining Munkar-Nakir emasligini qo‘lida haybatlili gurzi yo‘qligidan ham bilmoq mumkin. Men-chi? Men Shaxmatillo avliyodurman! Qani, ikkoving oyog‘imga qarab emakla!
Mo‘ltonoy darhol alyumin qoshiqni olib, qovurdoqdan bo‘shagan mis kosaga jon-jahdi bilan urishga tutindi. Darang‘-durung‘ ovoz asabiga aks ta’sir ko‘rsatib, Shaxmatillo birdan o‘ziga keldi, qaytadan yonboshlamoqchi bo‘lib turganda, ichkaridan kelinning g‘ijjakdek tovushi yangradi. «Shaxma-a-tchik! Shaxma-a-tchik! Te-e-zda bu yoqqa kiring».
– Ha, nolangdan akang! – beixtiyor chapanilanib javob qildi Shaxmatillo. Keyin chol-kampirga boqib iljaydi.– Qorong‘i xonada qo‘rqyapti qizaloq. Yurakdan bor-da.
Shunday deya, endi salmoqlanib odimlaganicha hujraga qarab yurdi.
To‘y ham to‘rt kishi tarvuz so‘yib yegandek imi-jimida o‘tdi. Shundan keyin kelinning qilig‘i kundan-kun sovuqlashib bordi. Goh magnitofon qo‘yib, erini salla-choponda «tantsa» tushirsa, goh zamonaviy kiyintirib, kinoga yetaklaydi. Shaxmatillo boshida ko‘ndalang shlyapa bilan allamahalda mast-alast qaytib keladi. Ertasiga boshi og‘rib, mijozlarga aynab-aljirashga tushadi.
Bularniyam chetga surib turaylik, ikki haftalik kelinga tug‘ilgan kunini nishonlash ep bo‘ptimi? Poygakdagi keng uy yosh-yalangga to‘lib, bayramdagi maro‘jnaxonaga o‘xshab qoldi. Pirning uch oylik daromadi qulog‘ini ushlab ketdi.
Bir kuni chol-kampir so‘rida shularni eslab, hasratlashib o‘tirgan edi, kelin ichkaridan chaqchayganicha chiqib kelib, Mo‘ltonoyga zahrini sochdi:
– Ho‘, pistak kampir, yana fisqu fasodmi?
Bundan jahli chiqqan Siroj baqqol g‘ijinganicha: «Menga qara, vey, Hemma!..» deya o‘dag‘aylashni boshlagan ediki, kelin: «Soqolingni tishla-e!» deb burnini jiyirdi.
– Noshukurlar! – deya qo‘llarini biqiniga tiradi so‘ng.– Shaxmatchikni g‘ajib yotibsanlar. Indamasam, meniyam yamlaysanlar. Mana! Shimildiriq senlarga! Daromadni bundan bu yog‘iga o‘zim hisob-kitob qilaman.
– Bekorginani aytibsan! – o‘rnidan turib ketdi Mo‘ltonoy. – Bolamga tuvak tutgan joying bormi?
Siroj baqqol ham so‘ridan tushib, qarchig‘aydek ko‘krak kerdi.
– Uni ilmu irfonga men sudraganman. Qolaversa, buvisiga uylandim.
– Qo‘rqmanglar, – beparvo javob qildi Malina, – sizlargayam choychaqa tegib turadi.
– Nima?! – Siroj baqqolning ko‘zlari olaydi. Keyin kampirning tirsagidan tutib, hujra tarafga sudradi. – Yur, xotin. Bu anjirfurushdan yaxshilik chiqmaydi. O‘g‘lingga ayt, vaqtida taloq qilsin.
Ular hujraga kirishlari bilanoq, ichkarida g‘ala-g‘ovur boshlandi. Dastavval Mo‘ltonoyning nolasi yangradi:
– Peshanang qursin, bolam. Kelib-kelib, kuning shu karvonsaroyga qoldimi?
– Tezda javobini bering, pirim, – endi Siroj baqqol kuyunishga tushdi. – Biz uni kelin desak, kassirlikka o‘rnashib olgan shpiyon ekan.
– Bunga senmas, puling kerak. Bor shudingdan ayrilib, oxiri xarob bo‘lasan.
– Hech bo‘lmasa, arra qilaylik, demaydi. Noinsof!
– Vahimalar to‘xtatilsin, – bosiq ohangda ovoz qildi Shaxmatillo. – Biz kelishib qo‘yganmiz. Pul to‘plab, jinguli degan moshin olamiz. Uni xotinim haydaydi, men yoniga o‘tirib, saylu bayramlarga boraman.
– Aqlingni yeb qo‘yibsan!
– Kalla joyidami, pirim?
– Bas!!! – birdan ayyuhannos tortdi Shaxmatillo. – Bas! Bas-s-s...
«Yana qo‘zidi, – deya chimirilganicha o‘ylab qo‘ydi Malina, – hozir eski diydiyosini boshlaydi».
Darhaqiqat shunday bo‘ldi. Shaxmatilloning tovushi dabdabali tus olib, endi jaranglab eshitildi:
– Kalla joyidami, degan kim? Tilingga kuydirgi chiqmasdan burun javob ber. Qarshingda avliyolarning avliyosi turibdi – Shaxmatillo! Anqayma ikkalang! Tiz cho‘k! Emaklab kelib, oyoqni yala! Ishtonboqqa osilmasdan yala!
Hemma Malina labiga sigaret qistirdi. Uni mischaqmoqda yoqib, surur bilan so‘rdi-da, tutunini xonadan tez chiqib kelayotgan Mo‘ltonoyning yuziga pufladi.

1987 yil.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.