OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Maqtanchoq (hikoya)

Mardivoy haqida gap ketgudek bo‘lsa, “maqtanchoq” degan so‘zni ham albatta qo‘shib aytishadi. Odam, maqtanchoq bo‘lganga yarasha, sal botirroq bo‘lsa-ku, bir nav. Ammo, uchragan kimsaga osmondan kelib gapirsa-yu, o‘zi chumchuq “pir-r” etsa, yuragi “shir-r” etadiganlar sirasiga kirsa, ko‘pchilikka masxara bo‘lgani qolarkan.
Mardi-maqtanchoq uzoqdan ko‘rindi deguncha, ko‘chada turgan tengdoshlari “shuni bir vaqillatsak-chi”, deya o‘zaro piqirlab qo‘yishadi. U yaqin kelgach, kimdir ataylab o‘qrayib boqadi. Mardi maqtanchoq avvaliga bir seskanib tushadi, rangi oqaradi, so‘ng o‘zini o‘nglab, o‘qrayib turgan bolaga birdan chaqchayadi:
– Ha, vey, nimay-chun ko‘zingni olaytiryapsan? Sendan qo‘rqadigan o‘pka endi tug‘iladi. Tirkashning kuchukchasiyam menga bir irillab ko‘rganidi. Dumiga tosh bostirib qo‘ysam, yarim kun angillab yotdi. Bildingmi? Abbakirning xo‘rozi ustimga tashlanganida, po‘kaniga urib, shaytonlatib qo‘yganman. Bildingmi? Echkimiz meni suzmoqchi bo‘luvdi, ko‘ziga tuproq sochvordim. Bildingmi? Men bilan pachakilashma!
Tengdoshlari hiringlay boshlaganidan arazlangan Mardi-maqtanchoq o‘ng ko‘zini chala qisib, chap qoshini chimirgan ko‘yi, asta nari ketadi. Ariq bo‘yidagi nam qumlardan gumbazchalar yasab, “hammompish” o‘ynab o‘tirgan kichkintoylar tomonga yuradi. Gerdayganicha borib, gumbazchalarni bir-bir toptab o‘tadi.
– Bundan keyin men yurishim mumkin bo‘lgan joylarda o‘ynamanglar. Bildilaringmi? – deya ukasi tenggi jujuqlarga dimog‘ini shishiradi. – Yo‘limda qo‘ng‘iz uchrasa, naq chalpak qiptashlayman. Qancha-qancha chumolilarni g‘arch-g‘arch ezib o‘tganman. Oyog‘imning tagida o‘ralashgan mushuklarni hippa ushlab, ko‘ziga saqich yopishtirib qo‘yaman. Bildilaringmi? Meni ko‘rgandayoq, yo‘ldan qochishni o‘rganinglar.
Mardi-maqtanchoqning quruq po‘pisalariga ko‘nikib ketgan mittivoylar unga qarab ham qo‘yishmaydi. O‘zaro juvirlashib, qum gumbazchalarni boshqatdan qurishga kirishadilar.
– Bu surlarning beti charm bo‘pketibdi, – deya o‘zicha g‘udranadi Mardi-maqtanchoq. – Kattani hurmat qilib, qo‘rqibroq turishniyam bilishmaydi.
Uylariga biron-bir qarindoshi kelib qolsa, Mardi-maqtanchoqqa xudo beradi. Ora-sira “hing-hing”lab kulib, gapni ko‘paytirishga tushadi:
– Ko‘pchilikning yuragini opqo‘yganman. Bildingizmi? Qoramni ko‘rsa, hatto, suvaraklar tirqirab ketishadi. Hing-hing-hing. Ayniqsa, pashshalar mendan yomo-o-n qo‘rqishadi. Shu yilning o‘zida bir yarim milliontasini tinchitdim. Hing-hing-hing. Kecha qovog‘arilar murabbomga ko‘z olaytirganidi, sekin sochiqni oldim-u, bir urishda beshtasini sulaytirdim. Keyin iniga qaynoq suv sepib, qolganlariniyam jizza qipqo‘ydim. Hing-hing-hing. Zo‘rligimni endi bildingizmi?
Mardi-maqtanchoqni ko‘rsam, o‘zbeklar juda o‘xshatib to‘qigan maqollarining ba’zilari o‘z-o‘zidan esimga tushaveradi:
– Tentak o‘zini maqtaydi.
– Yomonning bir qilig‘i ortiq.
– Qo‘rqqan oldin musht ko‘tarar.
– Yaramasning kuchi yapaloqqa yetibdi.
... Agar ushbu hikoyamni o‘qib turgan bo‘lsangiz, hech ikkilanmay aytishim mumkinki, demak Siz kitoblardan aql o‘rganishga tashna, bilimga qiziquvchan, kelajakda taniqli kishi bo‘lishga qattiq bel bog‘lagan tirishqoq bolalardan birisiz. Hadeb ko‘cha changitib yuradigan o‘rtoqlaringizdan ko‘ra ancha kengroq fikrlash ham qo‘lingizdan keladi. Shunday ekan, birpas o‘ylab olib ayting-chi, yuqoridagi maqollarning qay bittasi Mardi-maqtanchoqning qaysi qiliqlariga ko‘proq mos tushadi?
Yaxshilab o‘ylang. Erinmang.

2007 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.