OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Marayim g‘ijjak (hajviya)

Qara, Alivoy, qara – bir qo‘lida bo‘g‘cha, bir qo‘lida bola, yana uchtasi etagiga osilgan...
Shunaqa xotinlarni ko‘rsam, erkakligimdan suyunib, «ququg‘»lagim keladi, yaratganning himmatiga tinmay tasanno aytaman. Agar tangrim ozgina loyni ayasa bormi, hozir lippamga gugurt qistirib, ayvonda xamir qorayotgan bo‘lardim. Unda, to‘yingda kim g‘ijjak chalib berardi, uka?
O‘qish bitay dedimi o‘zi? To‘y ham yaqindir? Bir akalik gapimni eshit, odamning jinsi qanaqaligi mo‘ylovidanmas, ro‘zg‘oridagi obro‘yidan bilinadi. Oilada erkak bo‘lishni xohlasang, maslahat shu – xotining «g‘iring» desa, shapalog‘ing «diring» desin. Xotining tilini bir marta qimirlatguncha, sen oyoqni ikki-uch ishlatvor.
Qo‘rqma, Alivoy, qo‘rqma. Xotin zoti to‘pdan ham pishiq bo‘ladi, hammasiga chidaydi. Chidamasa, otasinikiga borib, to‘rtta singlisining orqasidan navbatga turadi. Ana, qo‘yvorgan xotinlarimdanam birortasi er topolmadi...
Nima? Nechchi marta uylangansiz, deysanmi? Obbo ukam-ey, meni bug‘oltir qilvorasan shekilli.
Xo‘-o‘-sh deganda... birinchisini hisobga olmasak ham bo‘ladi, g‘irt kolxozchi edi, hatto zagsdan o‘tmaganmiz. Qolganlarini sanasak, bittasi medik, bittasi redik, yana bittasi detik...
E, gapni bo‘lmay turgin! Shuniyam bilmaysanmi: medik – do‘xtir degani, redik degani – redaktsiya xodimi, detik – detsad, ya’ni bog‘chachi. Endi uqdingmi? Kallayam borakan-da!
Xo‘-o‘-sh deganda... Qaysi xotinga keluvdik? Medik, redik, detik... Ha, oxirgisi – xetik. Xetikda ishlardi...
Aljirama, Alivoy, aljirama. Xetik boshqa narsa, ho‘tik boshqa narsa. Toshkentda nimani o‘rganyapsan? Sendaqalarning boshida mudarrisning gavroni o‘ynab turmasa, yuzta fan do‘xtiri siyosatni ashula qilgandayam RSDRPni RSFSRdan ajratolmay o‘tib ketasan. Xetik ham bosh harflarda yoziladi: XETIK! Ya’ni «Xotinlar Etigini Tozalash Ilmiy Kengashi»!
Nega kulasan? Buyam ovchilar jamiyatiga o‘xshagan katta bir uyushma, raisi partiya a’zosi, alohida idora, beshta yengil mashina ajratilgan. Bu tashkilotda xotinlarning etigi qanaqa charmdanligi-yu, qanday rangdaligiga qarab, qachon, qaerda, qancha muddatda, qanaqa asboblar vositasida, qaysi usulda, eng muhimi – kimlarning javobgarligida tozalanishi yuzasidan ko‘rsatma tayyorlanadi. Hujjatlar Oliy Sovetda tasdiqlangandan keyin, Ministrlar Soveti mablag‘ beradi...
Nima deding, Alivoy? Shuyam savolmi, yaqinda o‘rta maxsus ma’lumotli oshpaz bo‘lasan-a. Etikni har kim bilganicha tozalasa, hukumat ag‘darilib ketadimi, deganing nimasi? Huddi shunaqa savolni o‘zingga bersam-chi? Mana, hamma o‘spirinlarga o‘xshab komsomolsan. O‘sha tashkiloting kelib senga biror marta chuchvara tugishganmi? Ularga chuchvara tugdirib bo‘psan, oshpazlikdan haydalishga toqating bormidi. «Bo‘pti, ko‘rsatma-po‘rsatma berib turinglar-u, ishimga aralashmanglar», deysan, a’zolik badalini to‘lab, osongina qutulasan.
Yana-chi? Yana qaerlarga a’zosan? Xo‘p, DOSAAF – bir, kitobsevar – ikki, suvga cho‘kkanlarni qutqarish – uch, NTO – to‘rt, «Paxtakor» jamiyati – besh...
Bo‘ldi, Alivoy, bo‘ldi, hamma tashkilotni sanash shartmas, shu yog‘ining nishonini taqsang ham, ko‘ylaging ilma-teshik bo‘pketadi.
Xo‘-o‘-sh deganda... O‘sha DOSAAF senga nimani o‘rgatadi o‘zi? G‘ani sartaroshning derazasini cho‘zmada otib sindirishnimi? Masalan, maktabdan paxtaga quvlashsa, el qatori traktorda bording. Yoki DOSAAFchilarni dalaga parasho‘tda tashlashdimi? Adashmasam, pashshani cho‘michda urib o‘ldirishniyam o‘zing o‘rgangansan.
Suvga cho‘kkanlarni qutqaradiganlarga kelsak, XETIKdan uning nimasi ortiq? XETIKda harqalay tozalashga etik-petik topilib turadi. Ish ko‘rsatishlaring uchun senlarga qaerdan daryo qazib beramiz endi? Qolavursa, qutqaruvchilardan bittasi sen bo‘lsang, bundan buyon ariqchadayam cho‘milmaganim bo‘lsin.
Xayr-ehson degan narsa savobgarchilikka qilinadi. Ammo, «Paxtakor» jamiyatiga tanga yig‘ib topshirganlar u dunyoga kamida to‘rt qop gunohni orqalab jo‘naydi. O‘sha jamiyating qishloqqa stadion qurish u yoqda tursin, indamasang, ustingdagi maykaniyam yechib ketsa kerak. Senlar bergan pulga nuqul atrofdan futbolchi sotvolishyapti. Demak, bu jamiyatingdan ko‘ra bizga XETIK foydaliroq, tozalangan etiklar harholda o‘zimizniki.
Luqmon moliyachi degan bir baloi ofat bor, tomorqangga ekin eksang-ekmasang, bir xil soliq solaveradi. Kitobsevar jamiyatingni shunga o‘xshataman – qovog‘ing shishib ketganini ko‘rsayam, rosa kitob o‘qibsan, haqini cho‘z, deydi. Ko‘zimni ari chaqqan, desang ishonmaydi.
XETIKdan kulishni-ku bilasan, o‘zing NTOga a’zo bo‘lib, ilmiy-texnikani qancha taraqqiy ettirvording? To‘g‘ri, tan olaman, bu tashkilotda huquqing katta, fanlar akademiyasining ro‘yxatda yo‘q akademigisan. Ya’ni aytmoqchimanki, birov yangi ixtiro ko‘tarib kelsa, akademik ham xatosini topib qaytaraveradi, sen ham. Lekin bundan menga, yo bo‘lmasa, yangi kelin ayangga qanday naf bor?
Ie, hali eshitmaganmiding? Kechagina uylandim-ku, uka.
Ha endi, to‘g‘ri, karnay-surnay chalmadik, sozanda shogirdlargayam bildirmadik. Bildirsak, mahalladagi bitta odamga to‘rtta ashulachi bo‘bketardi. Teng-tushlaring nevarato‘yi qiptursa, chimildiqqa «yor-yor» bilan kirishga uyalarkansan.
Xullas, uylandik, Alivoy. Ammo, xex-xe, bu yog‘i sal qiziqroq chiqdi. O‘zimdayam ayb bor – ahmoq bo‘lmasam, qalliq topishni mahallaga yaqinda ko‘chib kelgan Mirhol bangiga ishonarmidim? «Xotinimning kenja singlisi tushgan qishloqda bir beva ayol bor ekan», desa, «besh marta uylanganimni eshitganlar shaytonlab qolyapti, unga tag-zotimni tushuntirib o‘tirmay, ishni imi-jimida bitir», deb etagiga yopishibman. Mayli, u tarafni biz ham ortiqcha surishtirmaymiz, dedim. Ichimda bo‘lsa qaltirab: «Ishqilib, qariganimda kirchimoli uchrasin, medigimga o‘xshab shimimni qo‘lqopda yuvmasin, redigimga o‘xshab qog‘oz-qalamni ko‘rpagayam ko‘tarib kirmasin, detigimga o‘xshab haftada yetti kun kasha yedirmasin, xetigimga o‘xshab sho‘rvaniyam naychada so‘rib ichmasin», deb turibman. Mundoq qaraganda, Alivoy, xotinning eng ma’quli – ketmonchisi ekan. Daladan kelsayoq, unga o‘zing brigadir, o‘zing tabelchi.
Xo‘-o‘-sh deganda... gapning qisqasi, kecha ikki erkak, uch ayol jamlanib, katta to‘y qildik. Tashqida zo‘r bazm uyushtirdik: o‘zim g‘ijjakda «Ko‘cha bog‘i ikkinchi»ni ezdim, pochcham patnisni chirmanda qildi, ammam o‘yinga tushdi. Mirhol bangi unga bir so‘mlik qistirib, mendan uch so‘m undirvoldi-ya. Tovlamachiligini bo‘yniga qo‘yib bir uray desang, guvoh kam.
Qosh qorayganda ikkala yanga chiqib kelib, akangni ichkariga imlashdi. Ostonada cho‘zilib yotgan mushukda poyabzalimni cho‘tkalab, sekin kelinning yoniga kirsam, ro‘molni paranji qilib o‘tiribdi.
– Ansambl bilan gastirolda yuraverib, ro‘zg‘ordan uzoqlashib ketuvdik, – deb gap boshladim men. – Mana endi kolxo‘z klubida to‘garak tuzdik, doim biqiningizda bo‘lamiz, – dedim. Keyin qiziqishda: «Gapim to‘mtaqroq chiqqan bo‘lsa uzr, ayollar bilan ko‘p gaplashmaganman, bu birinchi uylanishim», devoribman. Kelin ayang ro‘molini teparoq surib, qiqir-qiqir kulishga tushdi. Unga suqlanibroq qarab: «Kechiradilar-u, o‘zlarini qaerdadir ko‘rganga o‘xshayapmiz», dedim. U battar kuldi. Keyin yelkamga shapatilab: «E, odam bo‘lmay keting, tanimadingizmi, qo‘yvorgan birinchi xotiningizman», dedi...
Kulma, Alivoy, kulma. Gap xotiradamas, gap erkakchilikda. Doim uydan sahar chiqib, ulfatchilikdan bemahalda qaytardik. Shu xotinimni kunduzi bir marta qo‘shnining ma’rakasida ko‘ruvdim. Yana oradan shuncha yil o‘tdi...
Ha, Alivoy, taqdir mana shunaqa narsa. Agar peshanangga yozilgan bo‘lsa, hatto tupurgan nosing og‘zingga qaytib kelishi hech gap emas ekan. Bunga endi ishondim, uka.

1989 yil.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.