OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Ola-bula sharf (hajviya)

Oy tugab borayotgani uchun beshta jamoa xo‘jaligida ketma-ket tomosha qo‘ydik, bu – oltinchisi... Oxirgisi!
Ha, oxirgisi bo‘lmay qurib ketsin-a! Bunaqangi rasvo klubni umrimda endi ko‘rishim: derazalarning oynalari chalapachoq, sahna sovuq, hatto kiyinish xonasigayam pechka-mechka yoqib qo‘yishmabdi, xonandayu raqqosalarimizning tishi yoppasiga «chakira-chakir dangira»ga o‘ynab turibdi...
O‘zimga qo‘yib berishsa, bundaqangi qahratonda oyog‘imning tagiga buqa so‘yishsayam qishloq gastiroliga chiqmagan bo‘lardim. Kimsan – mashhur xonanda Ramazon Shabadaevman! Hozircha bozorim chaqqon. Mayda pul qistiriladigan to‘ylarga anchadan beri bormay qo‘yganman. Nachora? Bir tomonda filarmoniyamizda mablag‘ masalasi ishkal. Ikkinchi tomondan qarasak, «dehqonlarga madaniy xizmat» degan gaplar bor.
O‘chakishganday, sharfimniyam uyda unutib qoldiribman. Bu ahvolda tomog‘im muzlab, ovozim to‘g‘nab qolishi hech gapmas.
Tashqariga chiqib, klub mudirini topdim.
– Ho‘, aka, bizga bitta sharf kerak bo‘pqoldi, – dedim unga. – Agar tomoqni shamollatib qo‘ysam...
– E-e, nafasingizni issiq qiling, – deya so‘zimni bo‘ldi mudir. – Hamma sizni deb kelgan-a!
U, oynasi siniq derazalardan birining yoniga borib, ichkarida o‘tirganlarni sinchiklab kuzatarkan, o‘zicha g‘udrandi:
– Bu jo‘mardlar payti kelsa yaxobda cho‘milishadi. Bo‘yinni o‘rashni bilarmidi bular.
Hafsalam sovib, endigina izimga qaytmoqchi bo‘lganimda, mudirning «e, xayriyat», deganini eshitib, yana to‘xtab qoldim.
– Vey, Maray aka! – derazaga yaqin o‘tirgan shopmo‘ylov kishiga qarab shang‘illadi mudir. – To‘lan tumovni bu yoqqa chaqirvoring.
Sal o‘tmay, bo‘yniga ola-bula sharf o‘rab olgan badqovoq yigit ichkaridan g‘o‘dayganicha chiqib kelib, tajang qiyofada mudirga yuzlandi:
– Ha, ozgina ichsam, nima qipti? Traktirim ta’mirda hozir!
– Raisga chaqadi deb tashvish tortma, To‘lanvoy, – deb uni tinchlantirishga urindi mudir. – Gap shundaki, anavi bo‘yningdagi savil bizga kerak bo‘pqoldi.
To‘lan tumov ikkalamizga bir-bir o‘qrayib olib, sharfini bo‘yniga mahkamroq chandidi. So‘ng yo‘tal aralash dedi:
– Sharip... o‘huv, o‘huv... o‘zimgayam kerak!
– Qo‘rqma, birpasga olamiz xolos, – tushuntirdi mudir. – Mana, Ramazonjon og‘aynimiz hozir sahnaga chiqib, bizga yalla qilib beradi. Agar tomog‘i shamollab qolsa bormi...
– Meniki-chi? – xirilladi To‘lan tumov. – O‘huv, o‘huv... meni tomog‘im-chi?
Bu gapni eshitib, mudir aftini tirishtirdi:
– E-e, sen ashula aytarmiding, uka. Aytganingdayam, uni eshitadigan tentak yo‘q. Yech endi bo‘yningdagini.
To‘lan tumov sharfni yechayotib, qo‘lidagi soatga diqqat bilan qarab qo‘ydi.
– Mayli, beraman, – dedi u, sharfni mudirga itqitib.– Ammoleykin, yigirma minutdan keyin qaytib berishlaring kerak. Tomoshalaring tugaydimi, yo‘qmi, yigirma minutdan keyin uyga ketib, kino ko‘raman. Bugun televizo‘rda «Bobbi»ni qo‘yishadi... O‘huv, o‘huv... Tushunarlimi?
Mudir so‘zga og‘iz juftlab ulgurmay, To‘lan tumov shartta ortga burilib, yo‘tala-yo‘tala, yana ichkariga kirib ketdi.
– Gapiraveradi-da, – sharfni qo‘limga tutqazayotib ko‘nglimni tinchitgan bo‘ldi mudir. – Xijolat tortmang, Ramazonjon, bu ovsar og‘ziga kelganini sannayveradi.
O‘n minutchadan so‘ng menga navbat berishdi. Birinchi chiqishdayoq tomoshabinlarni o‘zimga eliktirib olish uchun qitiqni keltiradiganidan tanlab, raqqosaga suzilganimcha kuylay ketdim:

– Soy tagida cho‘galtosh, vohay bola,
Soydan o‘tolmay qoldim, vohay bola.
O‘yinchiga suykanib, vohay bola-ey,
Uyga ketolmay qoldim, vohay bola...

Tomoshabinlarning oh-voyi ichidan tanish yo‘talni ajratib olib, uchinchi qatordan menga xo‘mrayib turgan To‘lan tumovga zimdan sal ko‘z tashlab qo‘ydim. Ikkinchi qo‘shiqni tugatayotgan vaqtimda u menga qo‘lidagi soatni ko‘rsatib, sharfni yechishimga ishora qilgandek bo‘ldi. Men go‘yo hech nimani sezmagandek, bezrayib uchinchi qo‘shiqni boshladim:

– Olma oqib kelodi,
Behi qalqib kelodi.
Mani yorim shahardan 
Pista chaqib kelodi...

Zaldagilarning zavqi jo‘shib, yana qiy-chuvni boshlashdi.
– Ha, olasan, bola!
– O‘yinchingga voy dod!
– Hahe-e-y!
Bu hayqiriqlar qanchalar kuchli bo‘lmasin, ularning orasidan «ech endi sharipimni», degan xirilloq tovushni alohida ilg‘ab oldim.
To‘rtinchi qo‘shiqni ham eson-omon tugallab, qarsaklarni miriqib eshitib olish niyatida ozgina to‘xtalish qildim. To‘xtaldim-u, To‘lan tumovning: «Menga qara, vey, Shabadaev!» – deb dag‘dag‘a bilan olayganini ko‘rib, shosha-pisha beshinchi ashulani boshlab yubordim:

– Farg‘onani bog‘ida, Omongul,
O‘sma bilan xina bor, Omongul.
Ketma meni yig‘latib, Omongul,
Isfarada nima bor, Omongul...

Pastda shovqin-suron qaytadan avjga mindi.
– E, kam bo‘lma!
– Sharipimni cho‘z, vey!..
– Yashsha, xo‘roz!
– Vey! O‘huv, o‘huv... kinoni majaq qilding-ku!
Qarasam, ishlar chatoq, To‘lan tumov hali-veri bo‘sh keladiganga o‘xshamaydi. Yuz berishi mumkin bo‘lgan sharmandalikning oldini olish uchun keyingi qo‘shiqlarni bir-biriga e’lonsiz ulab ketaverdim. Qo‘shiqlarim jo‘shqinlashgani sayin, chapani tomoshabinlar ham tobora junbushga kelishayotgandi.
– Hahe-e-y!
– O‘huv... vey, Shabadaev... O‘huv, o‘huv...
– E, dard ko‘rma-e!
– O‘huv... bergin-da endi sharipimni!
– Yash-shavor, otao‘g‘il!
– Sharipimni ber deyapman, sharipimni! O‘huv...
O‘ninchi qo‘shiqdan keyin oldingi qatorda o‘tirganlardan biri sahnaga yaqin kelib, qo‘limga buklangan qog‘ozcha tutqazdi. Hoynahoy o‘sha mashhur «Hilillayor»ni talab qilishgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim ichimda. Lekin, qog‘ozni ochdim-u, boshimdan muz yog‘ilgandek, miyam zing‘illab ketdi – unda shunday so‘zlar yozilgandi: «Shabadaev! Qishloqilarga ortiqcha taltayishni yig‘ishtirib, izzatingni borida sharipimni qaytarib ber!..»

1985 yil.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.