OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Olovjon (hikoya)

Kunlar isib, talon-taroj mavsumi boshlangani munosabati bilan Qumursqalar podshosi saroyida katta ziyofat berilmoqda edi. Bazm avjga mingan chog‘da Yumaloqpolvon ismli lashkarboshi halloslaganicha shohning huzuriga kirib kelib, gap boshladi:
– Olg‘ir qo‘shinlarimiz saxiy odamlar qoqqan dasturxondan tushgan uvoqlarni o‘sha zahotiyoq qurshovga olishga muvaffaq bo‘lishgandi. Afsuski, ochko‘z Chumolilar kutilmaganda ustimizga yopirilishib, o‘ljamizni tortib olishdi.
– Senlar og‘izlaringni ochib turaverdinglarmi? – deya lashkarboshiga o‘dag‘ayladi shoh. – Shuncha askar bilan Chumolilarning quruq do‘qidan qo‘rqib o‘tirgan ekansan, bu kuningdan o‘lganing yaxshi, Yumaloqpolvon! Bugundan boshlab seni oddiy askarlikka tushiraman.
Shundan so‘ng, shoh atrofida o‘tirgan nozirlariga yuzlanib, kimni lashkarboshi qilib saylash haqida maslahat so‘radi. Hech kimdan durustroq fikr chiqmadi. Ochiqrog‘i, har bir nozir shohning o‘zi uni lashkarboshi qilib saylashidan umidvor bo‘lganicha pismayib turardi.
Shohning: “Shu xonada turganlarning qay birovi lashkarboshilikni zimmasiga olib, Chumolilarni yengsa, uni kenja qizimga kuyov qilaman”, degan gapini eshitib, tipirchilay boshlagan nozirlar, “Ammo, jangda yengilsa, achigan qatiqqa cho‘ktiraman”, degan qo‘shimchadan so‘ng yana shalpayishdi.
Ulardan biri sherigiga shivirladi:
– Jonni ehtiyot qilaveraylik, birodar. Bosh omon bo‘lsa, xotin topiladi.
Shoh atrofga bir alanglab qo‘yib, so‘radi:
– Xo‘sh, lashkarboshilikka ishqibozlar bormi?
– Bor! – qichqirdi kimdir eshikning yonidan.
Nozirlar tovush kelgan yoqqa o‘girilishdi, keyin ikki tomonga surilib, yo‘l bo‘shatishdi. Yoshgina, ko‘zlaridan jasorat yog‘ilib turgan Qumursqa dangal odimlaganicha taxt qarshisiga kelib, shohga ta’zim qildi.
– Zo‘ravon Chumolilarning ta’zirini, mana, men beraman! – ishonch bilan so‘z qotdi u.
– Kimsan o‘zing? – taajjublanib so‘radi shoh. – Buncha chiranmasang, zumrasha?
Bu zumrasha saroy oshpazining Temirtirnoq ismli yakkayu yolg‘iz o‘g‘li bo‘lib, jangari va dovyurakligi uchun hamma uni Olovjon der edi.
Olovjon shohning kenja qizini bir ko‘rishdayoq sevib qolgan, unga yetishish yo‘lida jonini berishga ham shay edi. Bundan tashqari, qo‘rs va surbet Chumolilarni u juda yomon ko‘rar, ularning qadim-qadimdan Qumursqalarga zo‘ravonlik qilib kelganliklari haqida keksalardan ko‘p hikoyatlar eshitgan, payti kelsa, boplab o‘ch olishni yuragiga tugib qo‘ygandi.
Olovjon shohga o‘zini tanitdi.
– Nima ham derdik, – yelkasini qisib qo‘ydi shoh. – Shu xonadagilarning har birovi lashkarboshilikni zimmaga olishi mumkin deb yuborgan ekanmiz, va’dada turishimizga to‘g‘ri keladi. Lekin, bilib qo‘y, bola, boshing garovda bo‘ladi-ya!
– Boshimning tashvishini tortmay qo‘ya qoling, – chapanichasiga qo‘l siltadi Olovjon. – Mabodo yengiladigan bo‘lsam, unda yaxshisi, jang maydonida o‘laman.
Odatda, Olovjon dadasiga yordam berib bo‘lgach, bo‘sh vaqtlarini kitob o‘qish bilan o‘tkazar, ayniqsa, Qumursqalar orasidan chiqqan lashkarboshilar haqidagi rivoyatlar unga judayam yoqar edi. Ba’zan miyasiga dam berish uchun xilvat joylarda kezib yurar, bunday chog‘larda buyuk lashkarboshi Kallabotir haqidagi qo‘shiqni ovozining boricha jo‘shib-jo‘shib kuylardi:

Bizlar mitti yaraldik,
Ammo qo‘rqoq emasmiz.
Do‘q urganda kuchlilar,
Shafqat qiling demasmiz,
Dadil bo‘ling, mittilar!

Eng dahshatli yovlar ham
Yengolmaydi mardlarni.
Kallabotir ortidan 
Mahkam tuting saflarni,
Dadil bo‘ling, mittilar!

Shohning kenja qizi Zarrabonu kunlardan bir kuni kanizaklari bilan sayr qilib yurib, yaqin oradan sho‘xchan qo‘shiq taralayotganini eshitib qoldi va yoqimli ovozga mahliyo bo‘lganicha o‘z-o‘zidan o‘sha tomonga yura boshladi. U butun vujudi bilan qo‘shiq kuylayotgan chiroyli yosh qumursqaga panadan uzoq termilib turdi. Shu kundan boshlab saroy oshpazining o‘g‘li tez-tez uning tushlariga kiradigan bo‘ldi.
Zarrabonu bugun juda baxtiyor edi. U o‘z sevgilisining lashkarboshi bo‘lganini eshitib, behad quvonib ketdi. Olovjonning boshi garovda ekanligidan xabardor bo‘lsa-da, bundan uncha xavotirlanmas, uning jangdan g‘olib bo‘lib qaytishiga astoydil ishonib turardi.
Eng mashhur sarkardalar kuchli dushmanni hiyla va tadbirkorlik bilan mag‘lub etganligini Olovjon yaxshi bilardi. Shu tufayli o‘z lashkarini Chumolilar mamlakati chegarasiga yaqin olib borgach, yovni tuzoqqa qanday ilintirishni o‘ylay boshladi. Oxiri ajoyib bir reja tuzdi. Avvaliga, u har o‘n mingta jangchiga boshliq etib tayinlangan sardorlarni qarorgohiga to‘plab, ularga o‘z rejasi haqida gapirib bermoqchi bo‘ldi, so‘ng darrovda bu fikridan qaytdi.
“Yaxshisi, qilinadigan ish to‘g‘risida ularga yakka-yakka buyruq burib turaman, – o‘zicha o‘yladi Olovjon. – Toki birortasi ham qanday maqsadni ko‘zlayotganimni to‘liq anglab yetmasin”.
Ha, Olovjon juda aqlli edi. U to‘g‘ri yo‘l tutdi. Chunki niyatini ko‘pchilikka elburutdan aytib qo‘ysa, bironta sotqin chiqqan taqdirda ishning buzilishi hech gap emasdi. Axir, sardorlarning deyarli hammasi zodagonlardan bo‘lib, bunday qumursqalardan har narsani kutish mumkin edi.
Ertasi kuni Olovjon o‘z askarlarining to‘rtdan bir qismini jangga yuborar ekan, bu to‘da sardoriga Chumolilar bilan shunchaki to‘qnashgan bo‘lib, keyin, dushmanni ortlaridan ergashtirgancha o‘z qarorgohlari sari chekinishni buyurdi.
– Biz bu yerda halqa shaklidagi murabbo devorli qo‘rg‘on qurib qo‘yamiz, – dedi Olovjon. – Siz chekinayotgan askarlaringizni shu xalqaning ochiq qoldirilgan qismidan ichkariga boshlab kirasiz-da, olg‘a boraverasiz. Qo‘rg‘on darvozasining qarama-qarshi tomonidagi murabbo-devor ustiga ajriq poyasi tashlab qo‘yilgan bo‘ladi. Barcha askarlar undan o‘tib bo‘lishgach, ajriq poyasini ko‘plashib tashqariga tortib olasizlar.
– Hech narsaga tushunmayapman, – taajjublandi to‘da sardori. – Bundan nima foyda bor? Chumolilar qo‘rg‘onning ichkarisiga kirishadi-yu, bizni quvib yetisholmagach, orqaga qaytib yana o‘sha darvozadan tashqariga chiqib ketishaveradi-da. Menimcha, ajriq poyasini tortib olmaganimiz ma’qul. Chumolilar bu tor ko‘prikdan birin-ketin o‘tishga majbur bo‘lishadi. Biz esa pastda ko‘pchilik bo‘lvolib, ularni bitta-bittadan qirib tashlaymiz.
“Mana, zodagonlarning ahvoli, – deya ko‘nglidan o‘tkazdi Olovjon. – Shunday oddiy narsaga aqli yetmay turibdi-yu, yana o‘zini katta tutib, menga nasihat qilmoqchi”.
– Siz aytganlarimni indamay bajaravering! – qovog‘ini solib, sardorni jerkib berdi yosh lashkarboshi. – Hozircha bu yerda men qo‘mondonman. Qolaversa, mening boshim garovda turibdi.
To‘da sardori “qani ko‘ramiz-da, qo‘lingdan nima ish kelarkin, tirrancha”, degandek labini jiyirib qo‘yib, indamay nari ketdi.
Shundan so‘ng Olovjon boshqa sardorlarni to‘plab, ularga boshqacha buyruq berdi:
– Barcha jangchilar og‘izlarida murabbo tashib keltirib, shu joyga shirali qo‘rg‘on qursinlar. Qo‘rg‘onning kunbotar tomonida kichik darvoza qoldirilsin.
Sardorlar gap nimada ekanligini tushunmay, bir-birlari bilan ko‘z urishtirib olishdi. Faqat Nayzapolvon ismli keksa sardorgina yosh lashkarboshi juda puxta hiyla o‘ylab topganini darhol tushundi va Olovjonning zehniga qoyil qolib, unga zimdan jilmayib qo‘ydi.
Murabbodan tiklanayotgan qo‘rg‘on kechga yaqin bitkazib bo‘lindi. Ko‘p o‘tmay, ortga chekinayotgan Qumursqalarning dastlabki qismlari uzoqdan ko‘zga chalindi. Olovjon sardorlarga yangi ko‘rsatma berdi:
– Bu yerdagi askarlarning hammasi og‘izlariga qaytadan murabbo solib olishib, qo‘rg‘on darvozasining ikki tarafida pistirmada turishsin.
Sardorlar bu buyruqni mingboshilarga, mingboshilar yuzboshilarga, yuzboshilar o‘nboshilarga, o‘nboshilar askarlarga yetkazib, hamma harakatga tushdi. Askarlar shu qadar intizomli ediki, bunga chidab turish qanchalar qiyin bo‘lmasin, og‘izlaridagi tap-tayyor murabboni birovga sezdirmay yutib qo‘yishni xayolga ham keltirishmayotgandi.
Chekinayotgan Qumursqalar o‘z boshliqlari ortidan qo‘rg‘on ichiga kira boshladilar. Son jihatdan bir necha marta ustun bo‘lgan Chumolilar ularni mazaxlab-mazaxlab, quvishda davom etishdi. Eng oxirgi Chumoli darvozadan o‘tib bo‘lgach, Olovjon pistirmada turgan jangchilarni ishga soldi. Ular og‘izlaridagi murabbolarni birin-ketin to‘kib, qo‘rg‘on darvozasini bir zumda berkitib tashlashdi. Chekinayotgan qumursqalar esa qo‘rg‘onning yopishqoq devori ustiga qo‘yilgan ajriq poyasidan o‘tib, uni tashqariga tortib olishdi-yu, Chumolilar mamlakatining qo‘shini qopqonga ilindi.
Agar hafsala qilsa, biron-bir omadli Qumursqa bu devordan eson-omon o‘tib olishi mumkindek edi, ammo vazni ancha og‘ir bo‘lgan Chumolilar birinchi urinishdayoq shirali devorga oyoqlari bilan yopishib qolar, oz-moz teparoqqa chiqa olganlar murabboga butunlay qorishib ketishga mahkum edi.
Shu tariqa, Olovjon o‘zining donoligi, ishbilgichligi tufayli, deyarli jang qilmasdan turib, Chumolilarning qudratli qo‘shinini tor-mor etdi.
Qumursqalar mamlakatida bu g‘alaba bayramga aylandi. Shu bayram ichida Olovjon bilan Zarrabonuning to‘yi ham bo‘ldi. Hayot-mamot jangida yosh lashkarboshining o‘ta bilimdonlik ko‘rsatganiga chin yurakdan tan bergan Nayzapolvon ismli o‘sha sardor kuyovlik kiyimidagi Olovjonning yoniga kelib, asta so‘radi:
– Kechirasiz-u, hali yosh bo‘la turib, shunday ajoyib harbiy hiyla topa olganingizga hanuz ishongim kelmaydi. Siz – oddiy oshpazning o‘g‘li bunday ustamonlikni kimdan o‘rgana qoldingiz?
– Aqlli o‘rtoqlarimdan, – deb javob qildi Olovjon. – Men o‘qigan kitoblarimdan juda ko‘p narsalar o‘rgandim, shu boisdan ularni haqiqiy do‘stlarim deb bilaman. Do‘stlarsiz esa, hech qanday yutuqqa erishib bo‘lmaydi.
... Tokchamizda turgan murabboli piyolani qumursqa bosganini ko‘rdim-u, qachonlardir dadam aytib bergan mana shu ertak tuyqus yodimga tushdi.

1982 yil

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.