OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Oshqovoqsiz satira (hajviya)

Butun boshli shaharda mijozimga o‘tiradigan yagona oshxona shu. Birinchidan, ochiq havoda ovqatlanaman, ikkinchidan, oshqovoq somsa faqat shu yerda yopiladi.
Voh-voh, oshqovoq degani jon-dilim. Aytishlaricha, bolaligimdayoq endigina xamaklayotgan kadini mammaga o‘xshatib so‘rganim-so‘rgan ekan...
Issiqqina oshqovoq somsalarni, odatdagidek, chetdagi uch oyoqli nogiron stolga yoyib, endigina emishni boshlamoqchi bo‘luvdimki, tepadan «Qag‘-g‘!» etgan tovush eshitildi. Mundoq qarasam, konvert changallagan bir qarg‘a boshimda shaqildoqdek aylanib turibdi. «Kisht!» dedim. Qarg‘a esa, qochish o‘rniga bexos pastga sho‘ng‘idi-yu, xatni stolga tashlab, somsalardan birini changallaganicha yana osmonga ko‘tarildi «Iloyim, kekirtagidan teshib chiqsin!» – deb qichqirdim yulib yutar «pochtachi»ning ortidan.
Konvertni olib ko‘rsam, ustiga: «Oshqovoqxona, chetdagi uch oyoqli stol, Mamatvali Shampanovga», deb yozilibdi.
E, chalasavod! «Shanbanov»ni «Shampanov» debdi. «Shanban»ning «Shanba»dan kelib chiqqaniniyam bilmaydi.
Somsadan bir tishlab qo‘yib, xatni ochdim. Sochiqdek keladigan qog‘ozda to‘rttagina so‘z: «Mamatvali plyus oshqovoq, minus satira, barobar – ahmoqona tirikchilik».
Na imzo bor, na xayr-ma’zur. Ammo, muallifi shundoqqina tirnog‘imning ustida turibdi – bu o‘sha pismiq satirachining ishi, o‘sha g‘ulg‘ulaboz yozgan buni. Asarlarini yanchiganimda ayrim kasbdoshlarim: «Bekorga ovora bo‘psan, sendaqalarning tanqidiga pinaginiyam buzmaydi u», deyishgandi. Mana, alam qipti-ku!
Shu desangiz, otam rahmatli askiyachi zotini soliqchidan ham yomon ko‘rardi, «xiringlashib o‘tirguncha, sigirga bir quchoq o‘t yulib bersang, ro‘zg‘orga yarim kosa, bozorga ikki kosa qatiq qo‘shiladi», derdi. Mengayam otamdan yuqqanmi, satirasiniyam, yumoriniyam ko‘rgani ko‘zim yo‘q. Bu yoqda vagon-vagon masalalar hal bo‘lmay yotibdi, hajvchilarni ko‘rsangiz, hanuz «xi-xi-xi, xo-xo-xo, xa-xa-xa».
Mana, bittasining yozgani: «Bu odam yostiqqa oyog‘ini emas, boshini qo‘yib uxlashi, sho‘rvadagi karamni avval qo‘lida olib, so‘ng qoshiqqa solishi bilan emas, qoshiqni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kosaga botirishi bilan boshqalardan keskin farq qilsa-da, hamon jinnixonada davolanyapti. Chunki, u mudom o‘sha savolni takrorlagani takrorlagan: «Kimyo zavo‘dining mo‘risini qachon sudga beramiz?!»
Buning nimasi kulgili? Yozuvchi bizga nima demoqchi? Mo‘rini «qora kursi»ga sudrashga urinayotgan odamning soppa-sog‘ligiga xalqni ishontirmoqchimi? Ishontirganda ham, shu kuladigan gapmi? Judayam odamlarni kuldirging kelgan bo‘lsa, ana, loaqal Baroq Isrofilga o‘xshab otarchilarni mazaxla, davlatga bir tiyinlik foyda keltirmaydigan saqichfurushlarni fosh qil. Zavo‘dning mo‘risiga balo bormi?
O‘zimga qolsa, bunaqa subitsiz janrga burun tiqib, ilmimni xor qilib yurmasdim. Nailoj, ustozning ra’yiga qarab...
Bir kuni ustoznikida o‘tirib qoldik. Orada desangiz, nozikkina idoraning nozikkina vakili ham bor. Ko‘rinishidan mushukday muloyim, ammo gaplari yo‘lto‘sarning mushtidek lo‘nda-lo‘nda.
Ustoz meni azaldan yaxshi ko‘radi, boisi biron marta ko‘ziga tik boqqan emasman. Bu safar ham mehri tovlanib, mehmonga borimni boricha maqtashga tushdi: tanqidchiligimizning ertangi yulduzi, kallasi naq bilimning uyasi, eng muhimi – nihoyatda jasur, tabiatiga yoqmagan yoki siz bilan bizga o‘xshash bama’ni kitobxonning ixlosini qozonmagan asarlarni tap tortmay savalab tashlaydi, dedi. Shu yo‘sin, gapning qozonida adabiyotni qovuraverdik. Bir payt, «jaz» etib, kapgirga hajvchilik ilindi. Ustoz ko‘zimga ma’nodor boqqan edi, «bilasiz-ku, bunaqa shatmoq janrga azaldan toqatim yo‘q», dedim.
– Ijtimoiy taraqqiyotning hozirgi bosqichida biz universal bo‘lishimiz kerak, – dedi ustoz, burnining uchini o‘ynatib. – Aks holda siz... aytaylik, hatto biz ham chetga surilib qolishimiz mumkin.
Yuragim bir jizillab qo‘ydi.
Shundan keyin ustoz muqovasi rangparroq kitobni olib, ermakka varaqlagan bo‘ldi.
– Qarangki, mana shuyam satiramish, – dedi u kitobni menga uzatib. – O‘qib chiqdim... Hech nima tushunmadim... G‘irt topishmoq! Bir qishloqi bola poytaxtga kelibdi, na ish, na boshpana, na o‘zbekchilikni topolmay qaytib ketibdi.
– O‘! – deya sipo jilmaydi mehmon. – Shu zamonda-ya? Bizning jamiyatdami?
Ustoz uni ma’qullab, bosh qimirlatdi:
– Hamma gap shunda-da. Shu tipik hodisami?
– Kam bo‘lmanglar-e! – deya miyig‘ida kuldi mehmon. – Adabiyot shu darajaga tushgan bo‘lsa, adabiyotshunoslik oldinroq tugab bitgan ekan-da.
Labiga yopishib qolgan shaftoli po‘chog‘ini beozorgina chimdib olayotganimda, ustoz suzilgan tarzda picha jimib turdi, so‘ng po‘choqning og‘zidagi qoldig‘ini yelkamdan oshirib tuflab, so‘zga og‘iz juftladi:
– Bilaman, anchadan beri matbuotda ko‘rinolmay yuribsiz. Shu kitobni o‘qib, bir fikr bildirvoring... ko‘pchilikka aralashtirib bo‘lsayam... Bosilishiga o‘zim yordam beraman.
Mehmon o‘sha muloyim ohangda yana gap qistirdi:
– Bu yozuvchining ijodidan ancha uzoqman. Lekin, aytishlaricha, tili sal uzunroqmish. Bir hajviyasida hatto tanqidchilarniyam... a? Indamay qo‘yib bersa deyman... Uniyam kuragini ezib qo‘yadigan mardlar bordir?
Xullas, kuragini o‘zim ezib qo‘yaqoldim. Mana, endi tipirchilayapti. Shunaqada biram mazza qilaman-ey!
Umuman, nomi satirachi bo‘lsa, hammasining burnini g‘ishtga ishqalash kerak. Shularning dastidan tuppa-tuzuk xotinim ham aynidi-qoldi – hajviy kitobni ochvolib, qiqirlagani qiqirlagan. Bugun uyda qiqirlaydi, keyin ishxonada... keyin ko‘chada... Oxiri nima bo‘ladi, xudo biladi.
Bu yoqda tinchgina bir oilaga sovuqchilik tushirayotgani yetmaganidek, yana qarg‘adan imzosiz xat jo‘natishadi, peshanangga laqab yopishtirmoqchi bo‘lishadi – «plyus oshqovoq» deb...
– Ha, aytganday... ho‘ akaxon, oshqovoq somsadan qoldimi? Yana bitta uzing. Satirachilarning uchma ayg‘oqchisi to‘satdan rizqimni qiyib ketsa bo‘ladimi. Bu kasofatilarning qo‘lidan boshqa nimayam kelardi...
Oh, oh, oh, oshqovoqdan qolmaylik, oshqovoqdan!

1988 yil.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.