OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Oxirgi sedanatut qissasi (hajviya)

Hamma uxlaganda Boyxo‘roz darvozani imkon qadar g‘ijirlatmasdan ochib, ko‘chaga chiqdi. Ikki hatlab yo‘lkadan, bir hatlab ariqcha ko‘prigidan o‘tdi. U yoq-bu yoqqa alanglab olib, tanasi bir yarim belbog‘li sedanatutga yaqin bordi, unga biqin tirab, kavagiga qo‘l suqdi. Qo‘ltig‘i kavak chetiga taqalganda, qo‘lini yana ozgina bo‘lsada ichkariroq tiqish umidida chap oyog‘ini itchoptirish shaklida ko‘tarib, qaychilanishga tushdi.
– He potapotingga azroil mingashgur, – deb g‘udrandi u. – Sen bo‘lmasang, shu g‘alvalar ham yo‘g‘idi.
O‘shanda 1986 yilning yozi edi. Boyxo‘roz palovni kuyovbo‘kish qilib yeb, tantanavor kekirishga shaylanganida, birov chaqirib qoldi. Chiqsa, do‘konchi yigit «Yava» mototsiklini sedanatutga tiyab, ko‘ylagining etagida qornini yelpib turibdi. Noyob mol kelsa, raisnikiga yuguradi, potapoti buzilsa, Boyxo‘roz kerak bo‘ladi.
Vaqt shomdan og‘ib qolganiga qaramay, timirskilab-timirskilab, tuzatib berdi – shunchaki chaqmoq kirlab, uchqun chiqarmay qo‘ygan ekan. Do‘konchi dimog‘ida suyuqroq rahmat aytib, xaltadan bitta vino sug‘urdi va: «Yuvaylik endi. Hidlagani uydan biron narsa opchiqing», deya qopqoqni ochmoqchi bo‘ldi.
– Shoshma, uka, – Boyxo‘roz «Chashma»ni uning qo‘lidan yulqiladi. – Hozirgina kekirdakkacha osh yedim. Shu topda ketmaydi.
Qirriq! Har safar ataylab shisha olib keladi. Xizmat haqiga pul bersa, endi daromadni bo‘lishaylik, deyolmaydi-da.
Mijoz jo‘nagach, Boyxo‘roz ariqchadan sakramoqchi bo‘lib burildi-yu, darvoza ortidagi so‘rida o‘tirgan xotinining ovozini eshitib, to‘xtab qoldi, qo‘lidagi shishaga paysallanib boqdi. Bir ko‘ylagi ichidan qo‘ltiqlab ko‘rdi, bir shimining orqa tomoniga qistirib ko‘rdi – yaqqol bilinib turaverdi. Ko‘zi sedanatutning kavagiga tushib, yengil tortdi, shishani o‘sha joyga tiqdi. Umrning o‘tishini qarang, oltmishinchi yillarda shu kavakka otasidan nosini berkitib yurardi. Ketmonining sopi to‘rt marta almashmay turib, xotindan vino yashirishga navbat kepturibdi-ku...
Mana, sakson yettinchi yilning saratoniyam o‘tib boryaptiki, hanuz shuni ololmay xunob. Tutning o‘zagi chirib, kavak chuqurlashib ketganini kim bilibdi deysiz.
Boyxo‘roz yengida peshanasidagi terni artdi. Ko‘prik tagidan «asrandi» piyolani olib, ariqchadan suv ichmoqchi bo‘lib turganda, qo‘shnisining ko‘cha qopqasi ochilib, burnini «qish-qish» qilganicha Ko‘kivoy chiqdi.
– Kayfing baland shekilli, enag‘ar, – deya yaqin kela boshladi u. – Xotin bilan yana orang buzildimi deyman-da? Derazadan ko‘rib yotibman, yarim soatdan beri shu tutni quchoqlaysan?
Bu iskovuch bir narsadan is olib, ataylab chiqqan. Ayniqsa, piyolani ko‘rgandan keyin ko‘zi olazarak tortdi, oydinda shundoq sezilib turibdi. Endi bundan qochib qutulish qiyin.
Boyxo‘roz bor sirini to‘kib soldi, katta umidvorlik bilan uning og‘ziga tikilib, maslahat kutdi. Ko‘kivoy esa, farazbozlik qilib o‘tirmay, amaliyotni tanladi, to‘g‘ri borib, tutning kavagiga bilak kiritdi. Ko‘p titkilandi, uzoq urindi. Urinishi shunchalar uzoqqa cho‘zildiki, «ana oldik, mana topdik» bilan sakson sakkizinchi yilda yashay boshlaganlarini ancha kechikib eshitishdi.
Qishning oxiriga borib, ikkalasi ham nihoyatda holdan toydi. Boyxo‘roz uch qator kiyimning yengini ilma-teshik qilib, kuni qaynotasining choponiga qoldi. Ko‘kivoy avvaliga juda ozib ketdi, keyin qattiq shamollab, kasalxonaga tushdi. Isitmada alahsirab, olamdagi tut ekuvchi jami mamlakatlar-u, pillaga ko‘z tikib turuvchi barcha korxonalarni jild yangi so‘kishlar ishlatib bo‘ralay ketdi. O‘sha davrda SSSRning ipakchilikdagi obro‘yi baland edi. Shuni hisobga olib, fikrlashi izdan chiqa boshlagan Ko‘kivoyni jinnixonaga ko‘chirmoqni lozim topishdi...
Ko‘kivoy jismoniy va ruhiy jihatdan sog‘ayib qaytar ekan, uyiga kirishdan oldin sedanatutga yaqin borib, ichiga toshcha tashlab ko‘rdi. Shisha jarangi eshitilgach, ko‘ngli tinchib, bola-chaqasining og‘ushiga talpindi. Kasalxonada yotgan vaqtida bir reja tuzib qo‘ygan edi, Boyxo‘roz bilan ko‘rishgan zahoti shuni muhokama etishga tutindi. Boyxo‘roz o‘ylanib qolganini ko‘rib, zardasi qaynadi:
– Paskashliging qo‘zimasin endi. Shu O‘tangayam bir ho‘plam quysak quyibmiz-da. Enag‘ar juda usta, goh otyolini jizzaq qilib, bedana tutadi, goh qarmog‘ini miltiqdek yelkalab, baliqchilikka jo‘naydi. Mana ko‘rasan, birinchi sirtmoq tashlashdayoq shishani ilintiradi.
Shundan keyin hamma ko‘rgilik O‘tanning boshiga ko‘chdi. Tashlagan sirtmog‘i doim kavakning biron-bir tirnog‘iga ilashaverdi, o‘n ikkita qarmog‘idan birortasida butun ip qolmadi. Yog‘ingarchilik avj olib, qirovli kunlar yaqinlashgan sayin Ko‘kivoyning bezovtaligi orta bordi. Ish xuddi u o‘ylagandek bo‘ldi – darakchi qor uchqunlashi bilan Boyxo‘roz: «Ish tamom, o‘rtoqlar, navro‘zgacha dam olamiz», deb «magazin»ini yopdi.
Sakson to‘qqizinchi yilning Navro‘zi oqshomida uchovlon yana sedanatutning tagiga to‘planishdi.
– Chilla ichi kallamga bir fikr keluvdi, – deya uchrashuvni ochdi O‘tan. – Gap shu – Boysin novchani sherik qilamiz, qo‘li biznikiga qaraganda bir yarim baravar uzun. Kavakdagi shisha nima, quduqqa tushgan paqirniyam oladi. Qalay, Boyxo‘roz, ma’qulmi?
– Ma’qulmas! Yarimtalik «Chashma»ga uch kishidan ortig‘i – ortiq!
Ko‘p nasiyadan oz naqdni afzal ko‘radigan Ko‘kivoy: «Yana o‘sha paskashliging qo‘ziyaptimi?» –deya gap boshlagan edi, Boyxo‘roz: «Kim paskash? Ikkalangniyam puling kuymagan-da, a?» – deb jerkib tashladi.
Ko‘kivoyning tepa sochi tikkaydi:
– Nima? Shuni deb qancha mehnat qildim, hov! Sog‘lig‘imni yo‘qotdim, hov?
– Men-chi? – ikkoviga galma-gal o‘qraydi O‘tan.– Qarmoqlarim butligida ro‘zg‘orimga haftada besh-o‘n qadoq baliq kirib turardi. Ikkalang meni gadoy qildilaring. Ming la’nat sen vahshiylarga!
– Nimaga meni qo‘shib gapirasan, qiyshiq? – jirilladi Ko‘kivoy. – Hamma mashmashani boshlagan anavi to‘ng‘iz-ku.
– Vey, jinnixonadan chiqqan! Kimni to‘ng‘iz deyapsan?
Shu kuyi uchalasi yuzko‘rmas bo‘lib tarqalishdi. Bu hol to‘qsoninchi yilning mayigacha – Boysin novchaning qizi erga uzatilguncha davom etdi. To‘yda, sharoit taqozosi bilan, uchalasi bir kapa ostida o‘tirib qolishdi. Ammo, biror marta ham piyola urishtirishmadi. O‘z to‘yida aljirab qolmaslik uchun hammadan kamroq ichgan Boysin novcha buni nazardan qochirmay, luqma tashladi:
– O‘tanvoy, qo‘shnichilik qilib, Ko‘kivoyga haliyam baliq-maliq chiqarib turibsanmi?
O‘tan indamay qovurma suviga non botirdi. Ko‘kivoyning afti burishdi:
– Baliq bu – ni xren, ni meyasa...
Boysin yana nimanidir so‘ramoqchi bo‘lgan edi, Boyxo‘roz uning og‘zini suvadi:
– Gapni ko‘paytirma, oshna. Keyin o‘zingga aytaman. Hm...
Bu araz-durazlar shishadoshlikka uning nomzodi kiritilganidan keyin boshlanganini bilib olgan Boysin novchi ertasiga uch ulfatni sedanatut ostiga zo‘rlab yig‘ib keldi. Yarashuv marosimi shishaga yaqin joyda o‘tayotgani bois ish uzoqqa cho‘zilmadi. Boysin to‘nining o‘ng yengidan qo‘lini chiqarib, kavakka tiqdi, yuzida tabassum balqidi. Bu yoqdagilar ham bir-biriga jovdirab, xushnud qosh uchirishdi, ko‘z qisishdi, mo‘ylov silashdi. Boyxo‘roz ko‘prik tagidan piyola olib, ariqchada chayqay boshladi. Boysin kavakdan qo‘l sug‘irayotganda, O‘tan cho‘ntagidan to‘rt-beshta turshak chiqardi, Ko‘kivoy xuddi shisha tushib ketadigandek, kavakdan pastroqqa ehtiyot shartdan hovuch tutdi.
Nihoyat Boysin novchaning qo‘li to‘lig‘icha tashqariga chiqdi. Kafti gadoynikidek bo‘m-bo‘sh edi. Boyxo‘rozning manglayidan sovuq ter yumaladi, Ko‘kivoyning mo‘ylovi so‘ljaydi, O‘tanning og‘zi battardan qiyshaydi.
– Yo bir, yo bir yarim santimetr yetmayapti, –deya hamon iljayganicha barmog‘ining uchini siladi Boysin. – Yana uch-to‘rt oy sabr qilasizlar.
– Sabr?!
– Uch-to‘rt oy?!
– N... n... nimaga?!
– Bir eshituvdim, – «ilmiylandi» Boysin. – Turnikka burushta osilib turadiganlar maymunqo‘l bo‘pketarkan.
Ko‘plashib turnik qurib berishdi. Boysin tirikchilikni yig‘ishtirib, tinimsiz mashq qilishni boshladi. To‘rt oygacha har haftada o‘lchab turishdi, qo‘li hadeganda o‘savermadi.
– Nima, bu sizlarga oshqovoqpalakmi, – deya ularga tanbeh berardi Boysin novcha. – Avval et ko‘nikadi, pay pishadi, tomirlar kengayadi, keyin birdaniga o‘sib beradi. Inson tanasi – mo‘‘jiza!
Bu mo‘‘jizani to‘qson birinchi yilning avgustigacha kutishdi. Oxiri hafsalalari pir bo‘ldi. Moskvadagi GKChP voqeasidan keyin «to‘garak» butunlay tarqab ketdi.
Boysin ulfatlari oldida o‘zini shuvityuz his etib, kechalari bilan o‘ylanib chiqardi. Faqat qiziquvchanlik emas, xijolatpazlik ham ba’zan zo‘r kashfiyotga sabab bo‘lishi mumkin. Boysin boshida charaqlagan yangi o‘ydan o‘ziga tasanno aytib, Cho‘yan aspalchining uyiga bordi. Uni sedanatut tagiga boshlab kelib, eski «hay’at»ni to‘pladi, fikrini bayon qildi, tahsinlar eshitib, duolar oldi.
Besh yuz grammlik «Chashma» besh kishiga roppa-rosa yuz grammdan taqsimlanishi xalqaro o‘lchovlarga ham mosligidan faxrlanishib, ishga kirishdilar. Cho‘yan uyidan mum keltirib, tunuka idishda eritib suyultirdi, kavakka quydi, so‘ng yetti-sakkizta uzun-uzun sim tiqdi.
– Buyam bir allomalik, – deb burun ko‘tardi Cho‘yan.– Hozir shishayam, simlaram qorayog‘ning ichida turibdi. Yaxshilab qotsin, keyin simni bir tortsak, vinoxon bag‘rimizda-da. Vig‘-g‘...
Ko‘kivoyning ishorasi bilan Boyxo‘roz ko‘prik tagidan piyolani sug‘irib, ariqchada chayqashga tushdi. O‘tan cho‘ntagidan turshak chiqardi, Boysin uning kaftiga egilib, gazakning changini pufladi.
Kavakdan o‘rlab turgan tutun to‘xtagandan keyin ham Cho‘yan shishani qutqarishga shoshilmadi, og‘ziga sigaret qistirib, erinchoqlik bilan tutatdi, qosh kerib, asta-sekin so‘rishga tutindi. Sigaretning boshiga yetib bo‘lib, panjalarini obdan uqaladi, simlarni eshib, uchini turmakladi, ortiqcha chiranmasdan bir-ikki bor tortib ko‘rdi. So‘ng oliftachilikni yig‘ishtirib, kuchanibroq siltadi. Oxiri, zo‘riqishi ortgani sayin, ixrashi ham balandlab bordi. Mahalladagi ayrim tarnovtomoqlarning bu beo‘xshov ovozdan xavfsirab ko‘chaga chiqishi ehtimoli tug‘ilganida, atrofdagilarning biri simga, biri Cho‘yanning etagiga yopishishdi. Baribir falokat yuz berdi – qorong‘ilik qa’ridan kutilmaganda velosipedli usta Qo‘shmoq balqidi, nimaligini surishtirib o‘tirmay, hasharga qo‘shildi. Eshilgan simga aynan shu yetmay turgandek «tars» etib uzildi, oltovlon olti joyga uchib, saqichyo‘lning changini tozalashdi. Cho‘yanning o‘rnidan turiboq birinchi aytgan gapi shu bo‘ldi:
– To‘la kafolat beraman, «Chashma» bus-butun. Kavakning tubi tepa qismidan kengroq bo‘lishi mumkinligini o‘ylamabmiz.
Gap nimadaligini shu ikki og‘iz so‘zdanoq anglab yetgan usta Qo‘shmoq yangi taklif bilan o‘rtaga chiqdi:
– O‘ttiz yildan beri elga sartaroshmiz, o‘zim o‘rgilaylar, ko‘pni ko‘rib qo‘ydik. Yaxshi maslahatga xo‘p denglar. Tutni imi-jimida arralaymiz, sekingina yonboshlatamiz... 
«Arralaymiz» degan so‘z Boyxo‘rozning qulog‘iga «arra qilamiz» tarzida eshitildi.
– Yo‘q! – dedi u. – Otamning arvohi o‘ksiydi. Bu – qishloqdagi oxirgi sedanatut, uni ehtiyot qil, deganidilar.
– Insofni baxmalga o‘rab aytganda, «Chashma»ning urug‘iyam xirmonda sochilib yotgani yo‘q, yaxshilar, – deya tashabbuskorlikni qo‘ldan bermaslikka urindi usta Qo‘shmoq. – Men eng to‘g‘ri yo‘lni aytdim, bunaqada xo‘p deyish kerak. Qani, O‘tanvoy, g‘irr etib Tongotar sandiqchinikiga kirsinlar, olmosdek arrasi bor.
O‘tan quruq bo‘yi bilan ketib, quruq bo‘yi bilan qaytdi. Tongotar sandiqchi arra nega kerakligini so‘rabdi, Boyxo‘rozning tutini ag‘darmoqchi ekanligini bilib, «ketaver, orqangdan o‘zim olib boraman», debdi. Aytganiday, uzoqtirmasdan yetib keldi, lekin yonida qishloq pillachilari boshlig‘i Jonibek birpoy ham bor edi.
Mashmasha boshlandi. Ma’lumki, Tongotar har pilla mavsumida qurt boqadi. Boyxo‘rozning sedanatuti esa unga birkitilgan.
– Nima, ketingga xoda uryaptimi bu tut? – deya qo‘ltiqtayoq orasidan dag‘dag‘a qildi Jonibek.
Boyxo‘rozning ko‘zi chaqnadi:
– Ha, uryapti! Tut meniki-yu, bargiga sen xo‘jayinsan. Hech bo‘lmasa, mevasi pishguncha qo‘yib bermaysan. Kesaman! O‘tin qilaman!
– Unda, o‘zing qurt tut, barginiyam o‘zing kesvolasan.
– Bir oy qurt tutasan, bir yilgacha uying hojatxonadek sasib yotadi. Bergan puling jipiriqqa muqom qildirishgayam yetmaydi. Ja ahmoqni topvolib, a?
– Tut tugul, bitta novdasiga tegib ko‘rgin-chi!
Keyingi anjumanga Tongotar sandiqchini ham chaqirishib, shishadoshlikka yettinchi nomzod etib ro‘yxatga olinishi bilan qutlashdi. Jonibek birpoyga yo‘liqishni, sedanatutga hech qanday da’voim yo‘q deb aytishni topshirishdi. Tongotar o‘z ulushini ichishdan tashqari, bo‘sh shishani ham olib ketish sharti bilan rozilik berdi. Ammo, ishning bu tomoni pishsa-da, u tomoni xom chiqdi– Tongotar da’vosidan kechsayam, Jonibek: «Tut senga kerak bo‘lmasa, jamoa xo‘jaligimizning jahon bozoriga chiqishi uchun kerak», deb uni haydab solibdi.
Ish qadoqqa qadalib qolganiga qaramay, bo‘lajak «chashma»xo‘rlik tarafdorlari har tunda o‘z-o‘zidan sedanatut ostiga yig‘iladigan, goh quruq, goh bir choynak choy ustida gurunglashib o‘tiradigan bo‘lishdi. Suhbatda dam fermadagi, dam yaqin Sharqdagi dimiqliklardan gap ketar, birov bosh bug‘oltirning qudasi bilan orasi buzilganidan, birov Turkiyaning Yunonistonga munosabati iliqlashishi mumkinligidan so‘z ochar, Jonibek birpoyning surbetligidan tortib, ingliz qirolichasining sirli xulq-atvorigacha muhokama etilar edi. Xazonrezgiga borib, proletariat diktaturasi masalasida Marks katta xatoga yo‘l qo‘yganligini endigina taftishlay boshlaganlarida, usta Qo‘shmoq ommani siyosatdan chalg‘itdi.
– Yo‘lini topdim! Tutning tagiga salarka quyib quritish kerak. Tut qurisa, Jonibekning qonunlariyam ishdan chiqadi, o‘rgilaylar.
O‘tan e’tiroz bildirdi:
– Salarka quysak, hammayoq kuygandek qorayib qoladi. Jonibek xumboshmas, sezadi.
– Burnoq yili hovlimdagi nashvati ko‘chati birdan qurib qolsa bo‘ladimi, – deya hiringlab so‘zladi Tongotar. – Keyin bilsam, ikkita nevaram ayvondan tushiboq, uning tagiga choptirib yurisharkan...
– Endi shu qoluvdi, – deb to‘ng‘illadi Boyxo‘roz. – Umuman... hech ko‘zim qiymayapti. Birinchidan, bu sedanatut qishloqda bittayu bitta. Ikkinchidan, otamdan bir esdalik. Uchinchidan, shuni soyasida endigina besh-o‘nta musulmonning boshi qovushayotganda...
–– E, tur-e! – qo‘l siltadi Boysin novcha. – Siyosatni g‘alvirlashga berilib, sholg‘omni quritib qo‘yishimga sal qoldi.
Davrada g‘ala-g‘ovur ko‘tarildi. Janjal kuchaymasligi uchun Ko‘kivoy shoshilinch taklif kiritdi, ovozga qo‘yildi, ko‘pchilik tomondan ma’qullandi. Shundan so‘ng mahallaning uyushgan bir qismi bo‘shalish uchun kechalari ataylab sedanatut yoniga keladigan bo‘lishdi. Boyxo‘rozning xotini ariqchadan suv olishga chiqqanida goh shu atrofda g‘alati hid paydo bo‘lganidan, goh sedanatut tevaragidagi ajriqlar barvaqt qovjiray boshlaganidan, keyinchalik esa, tomir ustidagi qorlarda sarg‘ish dog‘lar ko‘payayotganidan taajjublanib yurdi...
To‘qson ikkinchi yilning marti, omon-omonlikning ilk bahori yetti musallasparvarga hech qanday quvonch keltirmadi. Qishloqdagi sedanatut go‘yo ularga qasdlashgandek, odatdagidan ertaroq kurtak chiqardi.
Ayniqsa, Boysin juda to‘liqib ketdi:
– E, o‘sha Jonibegingni popkasidagi qonuniga uray. O‘zingni tutingga o‘zing xo‘jayinlik qilishga haqqing bor, Boyxo‘roz. Jonibek, ja nari borsa, yuz so‘m ishtarop solar. Xo‘sh, yetti kishi shuni to‘lolmaymizmi? Kesamiz tutni, vasallom!
Chiqimning daragini eshitib, usta Qo‘shmoqning yuzi gezardi. Yana bir oz qo‘yib berishsa, yuz so‘mga yuz shishadan oshiq vino olish mumkinligi kallaga urilib, balki bir-birlarini miriqib mazaxlashgan bo‘lardi. Biroq, Cho‘yan aspalchining: «O‘tgan yili moshinamiz bitta tutni urib sindirganida, buni tasodifga yo‘yib, uch yuz so‘m jarimadan zo‘rg‘a qutulib ketuvdik», degan gapi barchaning fikrini battar to‘zg‘itdi.
– Ana-a! – Ko‘kivoy chapak urdi. – Hovuzga endi qopqoq topdik. Sotvoldi bilan kelishamiz. Bilmaganga olib, tut enag‘arni traktirida qittak turtkilab o‘tadi...
Sotvoldi shovvoz yigit emasmi, noz qilib o‘tirmadi. Traktorim ta’mirdan chiqqan kuni bizga bayram, tutga aza, dedi. 
Traktorning tuzalishini kutib, hammaning ko‘zi to‘rt bo‘lib yurdi. Tongotar sandiqchi enasiga yil oshi bergan kuni ulfatlar avval bir-biridan, keyin boshqalardan Sotvoldini surishtirib charchashdi.
Bir mahal loyga belanganicha jamoa xo‘jaligi raisining haydovchisi kelib qoldi. Mashinasi rais-pais bilan birga zovurga ag‘anabdi. Erkaklar yordamga chopishdi. Yetib borishgach, birinchi navbatda, suyanchiqlar orasiga qisilib qolgan xo‘jayinni ko‘plashib tashqariga sug‘irishdi. Mashinani nima qilishni bilmay turganlarida, bo‘yog‘i qurimagan traktorni vozillatib Sotvoldi yetib keldi. Yonida ko‘zini yiltillatib Jonibek birpoy o‘tirar edi. U Boyxo‘rozga qarab negadir muloyim tirjaydi, bosh qimirlatib, quyuq salomlashgan bo‘ldi. Odatda basharasidan zahar tomib turadigan pillaboshining bu xushomadlari Boyxo‘rozni hayratga soldi.
– Bilgandek kelding, Sotvoldi, – dedi rais. – Tort moshinani.
O‘chakishgandek, traktorda ham, mashinada ham simarqon yo‘q ekan, Sotvoldi «hozir topib kelaman», deb garajga ketdi. To simarqon topib kelinib, mashina tortib chiqarilguncha rais ustki kiyimini quritib ulgurdi.
Xo‘jayinni kuzatishgach, barcha «Chashma»chi tengdan Sotvoldini qurshadi.
– Tut kaput! – dedi Sotvoldi.
– Anavi nima qilib yuribdi? – bezovtalanib, Jonibek tarafga ishora qildi Cho‘yan aspalchi.
– Tutning qarsillab yiqilganini eshitib, uyidan chiqdi-yu, peshanangda ko‘rgilik borakan, bola, deganicha yoqamdan bo‘g‘di. Iloj qolmadi, gap nimadaligini aytib, sherikchilikni shama qildim. Xayriyat, shashtidan tushdi.
Bir traktorda to‘qqiz kishi bo‘lib, Boyxo‘roznikiga jo‘nashdi. Kelib qarashsa, sedanatutning to‘nkasi boru, tanasi yo‘q. Boyxo‘roz shoshib hovliga kirdi, xotinidan tutni surishtirdi. U kamzulining cho‘ntagidan o‘ntacha bir so‘mlikni chiqarib ko‘rsatdi.
– Hurmat kulolga o‘tinga sotvordim. Ho‘kizida sudrab ketdi.
– Uyda yo‘qligimdan foydalanib, seni juda arzonga laqillatibdi-ku, – tish qayrab g‘ingshidi Boyxo‘roz.
Traktor Hurmat kulolning darvozasi yonida to‘xtashi bilan hamma ichkariga yopirildi. Tashqiga kiriboq, karaxt holda turib qolishdi. Tut allaqachon g‘o‘lalab tashlanibdi, g‘o‘lalardan biri xumdon ostidagi kattakon yero‘choqda guvillab yonib yotardi.
– Bu o‘sha! – deya barmoqda o‘choq ichini ko‘rsatdi Cho‘yan aspalchi. – Tutning pastki qismi yonyapti, saqichning hiydini sezyapsizlarmi?
Boyxo‘roz ketmon, Ko‘kivoy kurak, Boysin novcha beshlik, Sotvoldi xodacha topib, g‘o‘lani tortqilay boshlashdi. Hurmat ichkaridan hay-haylaganicha chiqib kelib, yaqinrog‘ida turgan Tongotar sandiqchiga tupugini to‘zg‘itdi:
– Nima qilyapsizlar? O‘t pasaysa, xumdondagi idishlar buraq bo‘ladi-ya!
Qo‘ltiqtayog‘ini to‘qillatib, tashqiga eng keyinda kirgan Jonibek birpoy Hurmat kulolning qarshilik ko‘rsatishga astoydil kirishganidan tutoqib, usta Qo‘shmoqqa shang‘illadi:
– To‘qqiz kishiga yetgan narsa, o‘n kishigayam yetadi. Hurmatni sheriklikka tortmaysanmi!
Qisqa tushuntiruvdan so‘ng Hurmat qarshilikni to‘xtatib, yugurganicha hovlidan changak topib chiqdi, bir sanchib yulqishda g‘o‘lani o‘choqdan sug‘urdi. G‘o‘la hamon guvillab yonardi. O‘tan pizillab borib, childirab turgan artizonning tagidagi paqirni ko‘tarib keldi.
– To‘xta, eshakkalla! – qichqirdi Jonibek birpoy. – Shisha qizib yotibdi, suv sepma!
O‘tan to‘palonda bu tovushni eshitmadi.
Suv sepilgach, g‘o‘ladan birin-ketin uch xil ovoz taraldi: «Ja-a-z! Vis-s-s... Gumbirax-x!!!»
Hamma o‘zini yerga tashladi, har kim o‘zining boshini burkadi.

1992 yil.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.